Qissalarda qalb aksi

 (2010 yil qissalarini oʻqib)

 

Har qanday hodisa ikki jihati – son-miqdori va sifati salmogʻi bilan eʼtiborni tortadi. Qissachilikka ham shu nuqtai nazardan qaralsa, 2010 yil janr uchun son-miqdor jihatidan har qachongidan barakali boʻlgani, sifat-salmogʻiga koʻra ham unda muayyan yutuqlarga erishilgani koʻzga tashlanadi. “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida 16 ta qissa eʼlon qilingani, bu avvalgi yillarga qiyoslanganda katta koʻrsatkich ekani, davlat va xususiy nashriyotlarda, “sariq matbuot” deyiladigan bozori chaqqon ommabop gazetalarda “qissa” degan bitiklar uzluksiz bosilgani qissachilikning oʻz oʻzanida toʻlib-toshib oqqanidan dalolat beradi.

Adabiyotda, har qanday janrning mavqei, maqomi unda inson obrazining gavdalantirilishi bilan belgilanadi. Oʻtgan davrda qissalarda inson haqida, uning murakkab maʼnaviy-ruhiy olami, qalbidagi turfa xil oʻzgarishlar toʻgʻrisida yangicha qarashlar oʻz ifodasini topdi va ular badiiy salmoqdor asar sifatida eʼtibor qozondi. Xurshid Doʻstmuhammadning “Kuza…”, “Men – sensiz, sen – mensiz”, Nosirjon Joʻrayevning “Noyabr kuyi”, Abdunabi Abdiyevning “Muallaq odam”ida voqelikka va inson dunyosiga oʻziga xos yondashilgani, uning qalbini taftish, tahlil etish diqqat markaziga qoʻyilgani qissachilikda yangilikka intilish jarayoni davom etayotganidan dalolat beradi. Qamchibek Kenjaning “Toshqin”, Sobir Oʻnarning “Bibisora”, Abduqayum Yoʻldoshning “Toʻy”, Bahodir Abdurazzoqning “U”, Gʻafur Shermuhammadning “Barakasini bersin…” asarlari esa, bu janrda hayot hodisalarini anʼanaviy uslubda koʻrsatish yanada teranlashayotganini koʻrsatadi. Mavzusi, qahramon obrazini gavdalantirish uslubi bir-biridan tubdan farq qiladigan ushbu qissalarning barchasida bir jihat – hayot hodisalariga essega xos yondashuv seziladi. Ayni jihat ularni oʻzaro birlashtirib turadi. Endilikda, essega xos xususiyatlar adabiyotning boshqa janrlariga ham keng kirib borayotgani aniq seziladi. Roman ham, adabiyotshunoslik ham borgan sari esselashmoqda. “Kuza…”, “Men – sensiz, sen – mensiz”, “Noyabr kuyi”, “Muallaq odam” singari qissalarning avvalgi qissalardan farqi shundaki, ularda personajlar “ansambil”i yoʻq. Oʻtgan zamon qissalarida bosh qahramon baʼzan boshqa personajlar orasida koʻrinmay qolardi. Inson olamini oʻziga xos badiiy aks ettirish jihatidan “yarq” etib ajralib turadigan hozirgi qissalarda fikr uygʻotadigan, hayot haqida oʻylashga, inson qalbini tushunishga undaydigan mushohadalar oʻrtaga tashlanadi. Masalan, “Kuza…” da: “Qiziq-da, hamma hammani kuzatadi, demak, hamma tomonidan kuzatiladi! Shu toʻgʻrimi?.. Hozir odamzod shu tamoyil izmida yashayveradi, shu maqsadda, yaʼni, birovlarni kuzatishga qaratilgan ming bir xil hiyla-nayranglarni oʻylab topadi, aql bovar qilmas asbob-uskunalarni ixtiro qilaveradi”, deyiladi. (“Sharq yulduzi” jurnali, 2010 yil, 1-son, 28-bet). Bugungi qissalarda hayot haqida, odamlar toʻgʻrisida ana shunday yangicha kuzatishlar koʻrinadi. Bunday teran mulohazalar asarlarning qadrini oshiradi. Chunki sanʼat asarlarining ahamiyati, avvalo, ularning kishilarda his-tuygʻu uygʻotishi, fikrlashga undashi bilan belgilanadi. “Kuza…” ni oʻqigan har bir odam feʼl-atvorimizga singib ketgan, tushovday bizni ushlab turgan, xalqimizning hayot tarziga xos muammolar toʻgʻrisida oʻylanib qoladi. Chunki asarning “Hamma hammani kuzatuv ostida tutishi bir hisobda yaxshi va tabiiy boʻlsa, ikkinchi hisobda oʻzini muttasil oʻzgalarning nazari ostida his qilish odamning erkini, ixtiyorini boʻgʻadi… Oʻsha amma-togʻachiliklar, amaki-xolachiliklar insonni asosiy ishidan, yumushidan chalgʻitadi, maydalashtirib yuboradi, biz esa bularning bariga odamgarchilik, qarindosh-urugʻchilik deb chiroyli nom qoʻyib olganmiz” kabi oʻrinlari har birimizni bezovta qiladigan, tashvishga qoʻyadigan, muammolarga aynan mos keladi. Abduqayum Yoʻldosh “Toʻy” qissasida har birimizning tarjimai holimizda boʻrtib turadigan shu muammoning muhim bir qirrasiga eʼtibor qaratadi. U mazkur asarida toʻyda ishtirok etayotganlarning qiyofasi, xatti-harakati, gap-soʻzlarini sodda va aniq ifodalaydi. Asarda personajlardan biri tilidan Mahmudxoʻja Behbudiyning “Bizni inqirozga va tahlikaga va jahannamga yumalatatoʻrgʻon toʻy, azo ismidagi ikki qattol dushman” soʻzlarini keltiradi va oradan yuz yil oʻtgan boʻlsa-da, millatparvar ulugʻ allomaning bu fikri bugungi kunimizga ham tegishli ekanini toʻyning gʻaroyib mashmashalari fonida koʻrsatadi. Qissada kishilar ongiga oʻrnashib qolgan dabdababozlik, shuhratparastlik oqibatida kelib chiqayotgan isrofgarchiliklar adabiyotimizdagi anʼanaviy asarlarga xos uslubda ifodalanadi. Muallif qahramonlarning nutqi, xatti-harakati, bir-biriga munosabatini bayon etish orqali ularning maʼnaviyati gʻaribligi, dunyoqarashi nihoyatda tor, achinarli ekaniga eʼtibor qaratadi. “Toʻy”da kishilarimiz maʼnaviy majruhligi tufayli dabdababozlik, isrofgarchilik shariatga ham, dunyoviy qonunlarga ham toʻgʻri kelmasligini tushunmay kelishayotgani, odamgarchilik tushunchasi mutlaqo notoʻgʻri talqin etilayotgani ochib beriladi. Abduqayum Yoʻldosh qahramonlarining gap-soʻzini pardozlab, yumshatib oʻtirmasdan, oʻz ohangida keltirib, ularning hayotiy qiyofasini gavdalantirishga erishadi.

Inson tabiatdagi, jumladan, millatdoshlarimiz feʼl-atvoridagi juda koʻp illatlar ildizi kishilarimizda oʻz-oʻzini kuzatish va tahlil qilish yetishmasligiga borib taqaladi. Bu koʻpchiligimizning maʼnaviy karaxtligimiz, hayotga joʻn, yuzaki qarashimizni bildiradi. “Noyabr kuyi” qissasi qahramoni oʻzining va boshqalarning hafsalasiz umrguzaronlik qilayotgani, koʻpchilikning koʻnglida ezgulikka intilish, bir-biriga yaxshilik sogʻinish hissi soʻnib borayotganidan iztirob chekadi. Nosirjon Joʻrayevning ushbu qissasi bu jihatdan Xurshid Doʻstmuhammadning “Men – sensiz, sen – mensiz”iga yaqin turadi. Abduqayum Yoʻldoshning “Toʻy”, Sobir Oʻnarning “Bibisora”, Qamchibek Kenjaning “Toshqin”, Bahodir Abdurazzoqning “U”, Gʻafur Shermuhammadning “Barakasini bersin” qissalari muayyan syujetga asoslansa, “Noyabr kuyi”, “Men – sensiz, sen – mensiz” qissalarida boshlanish va yakunga ega voqealar tizimi sezilmaydi. Nosirjon Joʻrayev va Xurshid Doʻstmuhammadning ushbu qissalari muallif oʻy-kechinmalari, dil izhori boʻlib tuyuladi. Oʻquvchi har ikkala qissada asosiy qahramon muallif, degan xayolga boradi. Mazkur qissalarda matnning bir shaxs tilida berilgani ham shunday taassurot tugʻdiradi.

“Men – sensiz, sen – mensiz”, “Noyabr kuyi” qissalari qahramonlari oʻzini yolgʻiz, kimsasiz his qiladi, botinidagi besaranjomlikdan qiynaladi, ichki tushkunligi sabablarini topmoqchi boʻladi. Oʻzini ichki taftish qilib norozilanadi. Hech kim bilan dildan dardlasholmagani uchun iztirobga tushadi. “Nega biz koʻchada, ishxonada yoki mehmondorchilikda oʻzimizni sipo, bamaʼani tutamiz-u, uyimizda sal narsaga baqir-chaqir qiladigan, jizzaki, hovliqma boʻlib qolamiz? Yetti yot ayollarning hurmatini joyiga qoʻyib, olqish olamiz-u, onamizni siltab-siltab tashlaymiz. Ishxonada biror sabab bilan tushlik bir-ikki soatga choʻzilsa chidaymiz-u, choy vaqtida qaynamagani uchun uydagilarni izillatamiz. Bu odamlikka xos tushunchalar, odatlarmi – nima bu?” deb kuyinadi. (“Yoshlik” jurnali 2010 yil, 9-son. 26-bet). Asarlardagi bu xil oʻrinlar har birimizni shu paytgacha eʼtibor bermay kelayotgan hodisalarimiz toʻgʻrisida oʻylantiradi. Badiiy asarlarning ahamiyati ham ularni kishilarni mushohadaga undashi, oʻz-oʻzi bilan bahs-munozara qildirishi bilan belgilanadi. Kishi boshqalar bilan oshkora ziddiyatga borganida koʻpincha oʻzini – haqli, oʻzgalarni – aybdor, deb biladi. U bu paytda hodisalarning zohirini koʻradi. Oʻz-oʻzi bilan munozaraga kirishganida esa hodisalarning ming bir parda ortidagi jihatlarini ilgʻaydi. Shuning uchun oʻziga uzluksiz savol beradi. Savollarga javob topganida oʻziga ishonchi ortadi. “Men – sensiz, sen – mensiz”, “Kuza…”, “Noyabr kuyi” qissalarida qahramonlarning ichki dunyosidagi dolgʻalar ifodalanadi. Qahramonlar voqelikka teran nazar tashlaydigan zehnli inson sifatida oʻz-oʻziga savol berib, ruhiy olamidan oʻzini izlashga, botinini anglashga kirishadi. Bu savollar, aslida, hayotga, odamlarga qaratiladi. “Noyabr kuyi”da: “… Eslab koʻring, qachon ota-onangiz bilan yozilib, chin dildan gaplashgansiz? Qachon opangiz yoki akangiz qarshisida qimtinmay dardlashgansiz?” deyiladi. Oʻz-oʻziga va boshqalarga shu xildagi ogʻriqli savollar berayotgan taftishchi asosiy qahramon sanalgan bu qissalarda muhabbat masalasiga oʻziga xos yondashiladi. “Men – sensiz, sen – mensiz”, “Noyabr kuyi” mohiyat eʼtibori bilan muhabbat mavzusidagi asarlar sanaladi. Lekin mazkur qissalarda bu koʻhna mavzu yangicha tarzda talqin etilib, yangi uslubda yoritiladi. Bu farq ushbu qissalar Odil Yoqubovning “Muqaddas”, “Qanot juft boʻladi”, “Billur qandillar”, Pirimqul Qodirovning “Erk”, Oʻtkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” asarlari bilan qiyoslanganda yaqqol seziladi. “Men – sensiz, sen – mensiz”, “Noyabr kuyi”da avvalgi asarlarga xos anʼanaviy sevgi uchburchagi – oshiqlar toʻqnashuvi kuzatilmaydi. Mazkur qissalarning dardmand qahramonlari muhabbatning musaffo gʻami girdobida qolib, oʻzining ezgu-istaklari, qalbidagi majhullik sabablari toʻgʻrisida oʻylanadi. Oʻz-oʻziga koʻproq shu maqsadda savol beradi.

Kishida savol berish istagi oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Oʻz-oʻzini soʻroq qilish holati juda koʻp omillar bilan bogʻliq holda yuzaga keladi. Shu boisdan, bunday paytda har kim ham mushkul ahvolga tushadi. Eng yaxshi asarlarda koʻproq ana shu ruhiy holat, qalbdagi sirli, sehrli jarayonga eʼtibor qaratiladi. Albatta, yaxshi asarlar nimagadir izoh berish niyatida yozilmaydi. Yaxshi asarlar hamisha ijodkor qalbidagi his-tuygʻular, uni bezovta qilayotgan kechinmalar ifodasi boʻlib dunyoga keladi…

Oʻtgan yilning yaxshi qissalari sirasiga Bahodir Abdurazzoqning “U” qissasini ham kiritish mumkin. Tarixiy mavzudagi ushbu asar qiziqarli syujeti, voqealarni oʻziga xos uslubda badiiy tasvir etishi, qahramonlar holatini ishonarli ifodalashi bilan diqqatni tortadi. Qissa qahramoni mashhur tarixiy shaxs emas. Bosh qahramon Nurgeldi – Beshim oqsoqolning quli. Beshim oqsoqol qizi Jilva begimni Buxoro amiriga uzatadi. U “kelinni sepi deya oʻn aravani sandigʻu sandiqchalar bilan toʻldirib, jiyani Mengli boshchiligida qirq yigit va yana shuncha qulni karvonga qoʻshib joʻnatdi. Nurgeldi shu qullar safida Jilva begimning xos gʻulomi sifatida edi”, deyiladi. (“Yoshlik” jurnali 2010 yil, 6-son. 19-bet). Qissada Jilva begim va xos gʻulom Nurgeldining boshidan kechirganlari taʼsirchan tasvirlanadi. Oʻquvchi koʻz oʻngidan takabbur, oʻziga bino qoʻygan Jilva begim va itoatgoʻy, ayni chogʻda, yovqur Nurgeldining kimsasiz qum sahrosida hayot uchun kurashi, tortgan mashaqqatlari bir-bir oʻtadi. Asarda sahro tabiati, uning jizgʻanak qiladigan saratoni, muzlatadigan qahratoni, Nurgeldi, Jilva begimning tirik qolish yoʻlida tortgan azob-uqubatlari, taqdir sinovlariga dosh bergan qul va xoʻjayin qizi bir-biriga qadrdon, hamdardga aylanishi, sahro uch qishu uch yoz oʻz bagʻrida avaylagan sevishganlarga odamlar shafqatsizlik qilgani badiiy tasvirlanadi. “U”da gʻayrioddiy hodisalar qalamga olinadi: tashnalikdan holdan toygan Nurgeldini it quduqqa boshlab keladi, kutilmaganda bir chol yoʻliqib, Nurgeldiga kashkulidan bujmayib ketgan olma chiqarib beradi va farzand koʻrganingizda ismini Sotun qoʻyasiz deb aytadi. Chindan ham oʻgʻil farzandli boʻlishib, unga Sotun deb ism qoʻyishadi, Sotun uch yoshga toʻlib, yura boshlagach, qumtepalar orasidan bilakdek ilon tutib keltirib, ilonning ayri tilini ushlamoqchi boʻlib oʻynay boshlaydi. Buni koʻrgan Jilva begim qoʻrqqanidan tildan qoladi. Dramatik voqealarga asoslangan oʻtkir syujetli mazkur qissada hodisalar: “Nurgeldi suv solishga yaroqli idish qidirib, ancha ovora boʻldi. Qumga koʻmilib yotgan toshbaqaning kosasini topib olganida kun ancha koʻtarilib, sahroni qizdira boshlagan edi. Yigit shosha-pisha yoʻnilmagan tosh qalangan quduq devoriga tirmashib, tubiga tushib oldi. Quduq sahro shamoli natijasida qumga koʻmilganidan tubi ancha sayoz, balchiq orasida toshbaqaning kosasi zoʻrgʻa botadigan suv bor edi. Nurgeldi sabrsizlik bilan shu qoʻlansa suvga labini bosdi. Bir oz nafsi orom olgach, uni shu yerga boshlab kelgan it esiga tushib, kosani toʻldirib, suv oldi-da, yuqoriga koʻtarildi. It suvni shapillatib ichar ekan, baʼzi-baʼzida yigitga yaltoqlanib, dumini likillatib qoʻyardi. Nurgeldi ikkinchi bor quduqqa tushib, kosani toʻldirib chiqdi va begim tomonga yoʻl oldi”, tarzida ifodalanadi. Sahroda qolgan qahramonlarning holati: “Ular oftobning shunday mayin va maʼsum boʻlib turishini xohlashar, tongi sarin shabadaning ham oʻzlariga yoʻldosh boʻlib qolishini istashar, biroq halizamon mayin nurlarning qilichdek keskirlashishini, shabadaning garmselga aylanishini bilib tursalar-da bu tong abadiyatga qadar choʻzilishiga ishongilari kelardi. Quyosh daqiqa sayin koʻtarilib borar ekan, avvalo, qovjiragan shoxlarda endi marjondek ilinib shabnam tomchilari havoda erib, yoʻq boʻlayotganidan muzdek tomchilar oyoqlarini seskantirmay qoʻyganidan keyingina ularning qalblarini toʻlqinlantirgan tong chekinganini his qilib, havoyi tuygʻular oʻrnini quyosh tikka kelganida panalaydigan joy topish tashvishi egallab oldi”, deb tasvirlanadi. Bahodir Abdurazzoq voqelikni shu tarzda eng yaxshi realistik asarlarga xos uslubda koʻrsatib beradi. Qissadagi voqealar mohir musavvir chizgan manzaradek oʻquvchi koʻz oʻngida aniq namoyon boʻladi. Oʻquvchi Nurgeldi va Jilva begimning ruhiy holatini, qalbidagi ziddiyatli kechinmalarni aniq his qiladi. Shu boisdan “U” qissasi qiziqish bilan oʻqiladi. Sobir Oʻnarning “Bibisora” qissasida esa voqealar soʻzlashuv uslubiga yaqin shirali tilda bayon etiladi. Muallif voqealarni naql qilishda kundalik muloqot tilini adabiy tilga jalb etishga erishadi. U qissada adolatsizlikka qarshi dadil kurashadigan, xudo jazosini bersin, deb zoʻravonlardan choʻchib yashashga oʻrganganlarning aqidasini hazm qilolmaydigan, qalbi begʻubor tuygʻularga toʻla bolaning hayotiy obrazini gavdalantiradi. Gʻafur Shermuhammadning “Barakasini bersin…” qissasi “Shum bola” (Gʻafur Gʻulom), “Suvarak” (Neʼmat Aminov) hajviy asarlarini yodga soladi. “Barakasini bersin…”da voqealar begʻubor, mayin yumor bilan naql qilinadi. Asardagi muallif tilida bayon etilgan oʻrinlar ham, qahramonlar dialogi ham kulgi uygʻotadi. Gʻafur Shermuhammad asarida mahalliy koloritni ifodalashga intiladi va muayyan darajada bunga erishadi. Lekin qissada muallif tilidan: “Chuchuk momo yoshligida gajak zulflari oyning oʻrogʻini eslatadigan ikki oʻrim sochlari taqimini oʻpgan, xumor koʻzlari yurakni kuydirguvchi oppoq quyruqdekkina juvon edi”, deyilishi oʻrinsiz tuyuladi. (“Yoshlik” jurnali 2010 yil, 12-son. 9-bet). Asarda milliy, mahalliy koloritni ifodalashga shevaga xos soʻzlar, iboralarni qoʻllash asosidagina erishib boʻlmaydi. Agar shunday boʻlganda milliy, mahalliy kolorit yaratish joʻn narsa boʻlib qolardi.

Azaldan aksariyat asarlar uchun xos boʻlib kelgan yana shunday kamchiliklardan biri – syujetni juda oddiy va joʻn tarzda qurish bugungi qissachilikda ham davom etmoqda. Bir-biriga shunchaki bogʻlangan voqealar bayonidan iborat bu tur asarlarda hayot hodisalari jiddiy tahlil etilmaydi, ularga aniq munosabat bildirilmaydi. Tijorat maqsadida bitilgan, xususiy gazetalar savdosiga moʻljallab bitilgan ayni narsalar adabiyotning bugungi jamiyatdagi oʻrni, ahamiyatiga “soya” solib turadi. Tabiiy, “soya”lar har doim boʻladi. Ammo ular kitobxonlarni hayot haqida oʻylantiradigan, “inson” deb atalmish murakkab xilqatning sirli-sehrli, gʻaroyib qalb olami bilan tanishtiradigan asl asarlar qadrini hech qachon pasaytirolmaydi.

 

Abdulla ULUGʻOV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi”, 2011–4

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qissalarda-qalb-aksi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x