Hayotbaxsh soʻz

Adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov bilan suhbat

 

Ibrohim aka, oʻzbek adabiyoti jahonning qadimiy va boy adabiyotlaridan biri hisoblanadi. Necha asrlardan buyon Parij, London, Oksford, Berlin singari oʻnlab shaharlarning nufuzli xalqaro kitob jamgʻarmalari va muzeylarida saqlanayotgan bebaho maʼnaviy boyliklarimizga bugun oʻzimiz egalik qilayapmiz. Endi oʻz adabiy merosimizni asrab-avaylash, ulardan kelgusi avlodni bahramand etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Keling, suhbatimizni azaldan dunyo eʼtiborini tortgan mumtoz adabiyotimiz, umuman, Sharq mamlakatlarining oʻziga xos ruhiy iqlimi haqida boshlasak…

– Olam doimiy harakatda: oʻsib oʻzgarishda, yangilanish va yasharishda, tugʻilish va quvonishda. Sharq bilan oʻarb oʻrtasiga – buni asl xalqimizning tilida kun botish va kun chiqish deb shoirona atab kelishgan – zarracha ham gʻov qoʻyib boʻlmaydi. Tabiatning oʻzida bunday gʻov va toʻgʻonning oʻzi yoʻq. Lekin Quyoshning Sharqdan chiqishi hammaga maʼlum. Quyosh yoʻliga hech qanday gʻov boʻlmaganidek, Yer yuzida ham oʻzaro foydali va ezgu bordi-keldilar doim davom etib kelgan, insoniyat bir-birini tanigan-bilgan, bir-biridan oʻrgangan, bir-biriga qarab qaddi-qomatini rostlagan.

Ayon haqiqat shuki, tarix, madaniyat avvalda Sharqda yaraldi. Quyosh nurlari oldin mashriq zaminlarga yoyilganidek. Odam soʻz aytishni, muloqotni, harf tanish, xat bitish, doston kuylashni Sharqda bildi. Keyin bu ulugʻ neʼmatlar asta-sekinlik bilan Kun botar yerlarga tarqaldi. Miloddan ilgarigi ming yilliklar mobaynida Kun chiqish yerlarida shaharlar, qalʼalar paydo boʻldi, odamlar qoʻrgʻonlarda istiqomat qildi, tiriklik neʼmatlarini faqat qurol kuchi va yordami bilan yaratish, saqlash, muhofaza qilish va ilgari siljitish, ibtidoiy darajadan madaniy darajaga oʻtish mumkinligini va bor narsalarni saqlash, avaylash zarurligini anglab yetdi. Ehromlar shuning uchun qurildi: Gilgamesh, Mahobhorata, Iliada-Odisseya, Alpomishlar shuning uchun yaratildi. Normanlar, saksonlar, slavyanlarning eposlari ancha keyinroq, gilgameshlardan ulush, rang-boʻy, maza olib dunyoga keldi. Meditsina Bobildan chiqib, Misrga va undan Yunonga oʻtdi: Al-Majistiy-Ptolemeylardan soʻng Ar-Roziy, Ibn Sinolarga oʻtdi. Ibn Sino aylanib Yevropaga, Italiya, Frantsiya, Germaniya, Ispaniyaga oʻtib, Avitsenna boʻldi, Al-jabr algebraga, usturlob Astronomiyaga aylandi. Tarixiy-madaniylik magʻrib zaminlarda madaniylik-zamonaviylik-amaliylik kasb etdi.oʻarb omochni mexanizatsiyalashtirdi. Pifagor, Galiley, Koperniklar chiqdi. Forobiyning “Fozillar shahri”ga muqobala va tabdilan “Quyosh shahri” yaratildi. Mashriq bilan Magʻribning ruhiy yaqinliklari cheksiz. Lekin Sharqni oʻarb, oʻarbni Sharq kashf etishi har zamonlarda har turli boʻldi. Salb yurishlarida oʻarb Sharqni qilich kuchi bilan oʻzlashtirishga urindi. Lekin yuz yilning nari-verisidan ortiqqa bormadi. Hozirda ham Sharqning qadim makonlari Shom, Iroq, Afgʻon yerlarida shunga oʻxshash harakatlar garchi boshqa maqsadlar bilan boʻlsa-da, davom etmoqda. Butun insoniyat koʻz oʻngida qiyomat qoyim – oxir zamon manzaralari zohir boʻlmoqda. Ilgari qitʼalardan qitʼalarga koʻchish, yangi qitʼalarni egallash ezgulik, madaniy alomat boʻlsa, endigi qochqinlik – koʻchishlar, aslo ezgulik, madaniy alomat boʻlmay qoldi. Terroristlarni, ekstremistlarni kim yoki kimlar qurol-yarogʻlar bilan taʼminlayapti, yashirin tarzda qoʻllayapti, – deganga oʻxshash omonsiz savollar hozirgi zamon afkor ommasida tobora qatʼiyat bilan oʻrtaga qoʻyilyapti. Terrorni terror bilan yoʻqotishga harakatlar butun zaminda boshi-keti koʻrinmaydigan ogʻir oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonda tinchlik-omonlik diyorining barpo etilishi yer yuzi xalqlari uchun har tomonlama ibratdir. Oʻzbekistonning bironta harbiy askari boshqa yerlarga yuborilmaydi va Oʻzbekiston boshqa harbiy ittifoqlarga hech qachon qoʻshilmaydi, Oʻzbekiston omonlik mamlakati boʻlib qoladi degan ulugʻ siyosat yuritilayotgani BMT uchun ibrat namunasidir. Sharqning oʻziga xos ruhi deganda, biz avvalo, mana shular nazarda tutilayotganligini anglaymiz. Sharqning ruhi bu avvalo omonlik ruhi. Taraqqiyotning asosi urushlar emas, faqat va faqat omonlik! Oʻzbek xalqi omonlik xalqi deyilayotganining maʼnosi shu qadar keng va taʼsirli. Omonlikni biz hozirgi dunyo tsivilizatsiyasining eng oliy mevasi va natijasi deb bilamiz. Omonlik va adolat kontseptsiyasi endilikda yer yuzi xalqlari uchun eng umidbaxsh va hayotbaxsh kontseptsiyadir. Sanʼat, adabiyot, madaniyat shunga xizmat qiladi. Bularning boshqa maʼnosi yoʻq va boshqa maʼnolari bor, deyilsa, bu faqat maʼnosizlik, xolos!

– Siz jahon adiblarining koʻplab mashhur asarlarini tarjima qilgansiz. Ayniqsa, bitta jumlaning oʻzi kitobda butun sahifani tashkil qiladigan Markesning “Buzrukning kuzi” yoki Jeyms Joysning “Uliss” romanlari mashaqqatli mehnatingiz evaziga ona tilimizda dunyo yuzini koʻrdi. Bu asarlarning ichiga kirib borganing sari Yevropa adabiyotining oʻziga xos xususiyatlari, nafosati va idrokini his etib boraveramiz. Ayting-chi, hozirgi kitobxonlar bunday murakkab asarlarni ommaviy ravishda qabul qilishiga ishonasizmi?

– Yuksak insonparvarlik va insoniy olijanoblik ruhida yozilgan asarlarni ularning shakli va uslubi murakkab, qiyin degan bahona bilan oʻqimaslik bu – andisha va mulohazakorlik bilan gapirganda ham, nari borsa, maʼnaviy yoki aqliy yalqovlikdan boshqa narsa emas. Maʼlumki, psixologiyada yalqov odam gʻayrat bilan ishlamaslik uchun juda-juda koʻp bahonalarni oʻylab topadi. Boshi-oxiri yoʻq vaj-korsonlarni toʻqib chiqaradi. Joys, Markes, Kafka singari adiblarning asarlarini oʻqish va uqish qiyin degan gaplarni doim chaynab yurishadi. Lekin keling, rosmana tan olib aytaylik, Navoiyni, Boburni, Forobiy, Sino, Beruniy, Xorazmiylarni oʻqish osonmi, qachon oson boʻlgan? Ammo shuni unutmaslik kerakki, har qanday oʻqish va oʻrganish odamdan aql va aql kosasi miyaning gʻayrat-shijoati, qunt-ixlosini talab qiladi. Bular boʻlmasa, inson oʻqish va oʻrganishda hech qanday natijalarga erisholmaydi. Yuz marta, ming martalab murakkab va qiyin degandan koʻra, bir marta yaxshilab oʻqib chiqish kifoya. Aqlli odam bunga vaqt ajrata oladi. Qiyin va murakkab deb ataladigan adiblarning qiyinligi va murakkabligi ulardagi aql, fikr, hissiyot jarayonlarining oʻta teranligi, zichligi va doim tanglikda ifodalanganligi bilan belgilanadi. Axir, qanday qilib Nitshening “Zardusht tavallosi” yoki “Inson, faqat insonga xos” degan asarlarini oʻqimay, ongimizga oʻzlashtirmay turib, qanday qilib Platon, Suqrot, Arastu va ulardan keyingi yangi platoniklarni, Dekartu Kantlarni, Sino falsafasini, Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”ini tushunamiz. Holbuki, bular hammasi bir-biri bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Bular va bulardan keyingilarda Magʻribu Mashriq, Shimolu Janub juda qattiq tutashib ketgan. Bular maʼnaviy ruhiy meridianlarimiz: birining eshigi orqali ikkinchisining, uchinchisining…eshiklari ochila boradi. Buni tushunmaganlar uzoqqa chopolmay ostonasining tagidan nari ketolmay, koʻlmakdagi tilla baliq boʻlib oʻtiraveradi. Atrofimizga qaraylik, achchiq boʻlsa ham, notoʻgʻrimi? Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfining eng yaxshi asarlari nima uchun yozildi? Anglamasak? Xulosa chiqarmasak? oʻafur oʻulom, Choʻlpon, Qodiriyning olamshumul gumanizmi qayerga boradi, nima qiladi? Anglamasak? Xulosa chiqarmasak? Oʻzimizga kundalik hamroh qilib olmasak? Holbuki, eng yuksak gumanizm, millatparvarlik shularda-ku, shularning eng gʻayratli izdoshlarida-ku?

– Maktabda savod chiqarishni oʻqish kitobdan boshlab, sabogʻini insho bilan yakunlashimiz bejiz emas. Matnni toʻgʻri oʻqish va uqish, talqin qilish ham bir sanʼat. Masalan, hazrat Navoiyning gʻazallarini qanday boʻlsa shundayligicha oʻarb tillariga oʻgirish noimkon koʻrinadi. Bundan koʻra asliyati qulay. Sizda ham shunday paytlar boʻlganmi? Umuman, adabiy til nuqtai nazaridan qaraganda, milliy tilimizning imkoniyatlari qay darajada, deb oʻylaysiz?

– Ona tilimizning qudrati va salohiyati Mirrixga va undan olisdagi yulduzlarga koʻtarilishimizga ham kifoya qiladi. Frantsuz tili oʻz-oʻzidan frantsuz tili deb nom chiqargan va mashhur boʻlgan emas. Uning mashhurligi va shoni ming yillardan beri bu tilda faol tarzda rang-barang asarlar yozilib kelayotganida, hamon har yili unda necha minglab kitoblar, yangi romanlar yozilayotganida va faol oʻqilayotganida. Agarda faol va tashnalik bilan oʻqilmaganda edi, unda bunchalik koʻp va xoʻb kitoblar yozilmasdi va teatrlarda qoʻyilmasdi va muxlislar yarim yillab chiptalarga navbat kutib turmasdi. Oʻzbek tilining frantsuz tilidan qolishadigan kam-kemtik joyi yoʻq. Grammatikani poyeziyadan ham ortiq koʻraman: matematika, fizika, informatika, astronomiya, geometriyadan ham ortiq menga oʻzbek grammatikasi. Har qanday soʻz, har qanday ifoda yaratsa imkoni bor. Navoiy shu tilda yozib, dunyo va milliy adabiyotda tengsiz ulugʻ oqim yaratgan. Bu tilda yaratiladigan afzalliklarni u oʻn sakkiz ming olamga barobar koʻrgan. Erkin Vohidov Gyotening olamga mashhur va badiiy jihatdan juda-juda murakkab “Faust” asarini shu tilda maqomi oliy darajada tarjima qildi-ya. Abdulla Oripov-chi? Dantening “Ilohiy komediya”sining “Doʻzax” qismini qanchalar mavzun va uygʻun oʻzbek tili bilan oʻgirmadimi va Italiya sheʼr shaklining goʻzal oʻzbekiy muqobillarini yaratmadimi! Tarixdan misollar keltiradigan boʻlsak, Qutb Xorazmiy degan ulugʻ shoirimiz Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin” dostonini eng baland fasih sheʼr uslubida oʻzbek tilimizga oʻgirib bermadimi yoki Sayfi Saroyi degan otashzabon donishmand shoirimiz Saʼdiy hazratlarining “Guliston”ini oʻzbek tilida muqobilini yaratmadimi? Keyingi XX asrda jahon adabiyotlaridan oʻzbek tiliga mashhuru manzur tarjimalar esa savodxon kitobxonlarimizga yaxshi tanish. Bular bari ona tili va adabiy tilimizning jahon tillari qatoridagi qudrati va keng imkoniyatlaridan yaxshi daraklar beradi. Fitrat 1919 yilda yozgan “Tilimiz” degan maqolasida oʻzbek tili dunyodagi eng boy va shoirona ifodaviy tillar qatorida turadi. Lekin agarda Xorazmiy, Forobiy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Beruniy va shular singari boshqa adibu mutafakkirlarimiz oʻz turkiy tillarida asarlarini yozganlarida, uning shuhrati bundan ming karra ortiq ortgan boʻlardi deb armon qilgan edilar. Tilda qancha koʻp asar yozilsa, u shunchalar charxlanadi, sayqallanadi, tilda qancha koʻp va har bir sohada qancha koʻp muloqot qilinsa, u shunchalar boyib, kengayib, chuqurlashib boradi. Tilda ibora va soʻz birligi qancha koʻp va rang-barang boʻlsa, bu tilning ifoda imkoniyatlari shunchalar qudratli tus oladi.

Kimki muz yurak boʻlsa,

Oʻylama eritmakni,

Ming quyosh yoqib qoʻysang,

Qilmagʻay asar zoye –

deya Erkin Vohidov kuyib yozgan edi. Shunday til ichida beparvo yurganlar, shunday til yonidan hissiz, shuursiz oʻtib borayotganlar bor. Til ularga asar qilmaydi yoki bu tilning ravnaqi ustida aslo qaygʻurmaydilar. Ona tilimizning ikki rahmsiz dushmani boʻladi: biri bosqinchi dushmanlar; ikkinchisi, shu tilga mansub beparvolar, yaʼni parvoyi palaklar. Dunyoda shunday parvosizlik tufayli xudoyim yaratgan necha tillar unutilib, yoʻqolib ketgan, necha tillar juda tor doiralarda cheklanib qolgan. Tilimiz soʻz yasash, yaratish shakllari behad boy til, soʻzlar yasashga, har qanday xorij tillari bilan raqobatga qobil til. Bu tilimizda Navoiy davrida yuzlab harbiy tushunchalar amalda edi. Hozir ularning aksari unutilgan, yaʼni qoʻllanishdan chiqqan, yaʼni boshqa tildan kirgan tushuncha va terminlarga oʻrin boʻshatib bergan. Bu mustamlakachilik zulmining natijasi. Ularni hozir tilimizga faol olib kirmasak va olib kirishning oqil yoʻllarini izlamasak, bu bizning beparvo masʼuliyatsizligimiz oqibati. Istiqlol tufayli qonun-qoidalarning oʻziga mos va xos milliy shakllari va uslublari yaratildi. Bu juda katta tarixiy-madaniy gʻalaba, oʻzbek tilining yangi zamonlardagi gʻalabasi. Yaxshi bilib qoʻyish kerak: muomala, muloqot, nutq madaniyati, yozma va ogʻzaki madaniyat avvalo – grammatikani yaxshi va chuqur bilishdan boshlanadi. Ona tilini bilmasa ham, yaxshi matematik boʻlishi mumkindir. Ammo u hech qachon matematikaning yaxshi sharhlovchisi va yana muhimi, matematikaga muhabbat uygʻotuvchi boʻlolmaydi. Shuning uchun tilning kimyosi ustida har bir yurtini, millatini, tarixini sevgan odam bosh qotirishga chorlangan. Biz oʻz-oʻzicha emas, tilimiz bilan birga oʻzgarib boramiz. Odam muhitidagi, ruhoniyatidagi, uhroviy, ladunniy dunyosidagi oʻzgarishlar tilga ham koʻchadi va unda oʻz aksini topadi. Bu shoyon jozibador jarayon. Kecha hech qachon “axborot uzatish”, “maʼnaviyat tamoyillari”, “madaniy qadriyatlar”, “muloqot amaliyoti”, “ijtimoiy-madaniy baholash”, “rasmiy-idoraviy til” va hokazo demaganmiz. Hozir bunday tamomila yangi iboralar yuzlarcha, balki minglarcha. Biz bu iboralarni matnlarda uchratganda yo eshitganimizda ular anglatadigan maʼnolarnigina tushunamiz. Umumiy til – koyne doirasida yangi kitobiy, ilmiy, maʼlum darajada sunʼiy boʻlib koʻrinadigan til jadal rivojlanyapti. Matbuot, televideniye, radio, teatr sahnalarida til ifoda oʻzgarishlari behad katta. Hozir biz Navoiy, Qodiriy, Oybek, oʻafur oʻulom tilida jonli muloqot qilayotganimiz yoʻq. Bular va ular kabilar adabiy tilimizning bebaho xazinalari. Biz jonli ogʻzaki tilda soʻzlashganimizda adabiy-madaniy merosimizni tashkil qilgan manbalarga ham dam-badam murojaat qilamiz. Tilda grammatika qabul qilgan normalardan ham uzoqlashishlar tez-tez uchrayotganiga duch kelamiz. Bu tabiiy tilimizning tinmasdan boyib kengayib borayotganligini koʻrsatadi. Bu tilda Joysni ham, Kafkani ham, Anna Axmatova, Yevgeniy Yevtushenkoni ham zavqlanib-zavqlanib tarjima qilish mumkin.

– Milliy adabiyotimiz ravnaqi yoʻlida olib borgan ilmiy tadqiqotlaringiz ham tahsinga loyiq. Lekin “Mening romanlarim” deb atagan mansuralaringiz adabiy jamoatchilik eʼtiborini tortdi. Erkin sheʼr janriga juda yaqin boʻlgan bu nasriy nazmlarni tartibga keltirib, oʻquvchilar hukmiga havola etishingizga nima turtki boʻldi?

– Ijodkor oʻz tabiati, koʻproq yuragiga mos fikr shaklini, yana ham toʻgʻrisi, ifoda shaklini qidiradi. Qanday qilsam men faqat oʻzimga xos, boshqa ijodkorlarni takrorlamaydigan tarzda gapiraman, fikr, muloqot yuritolaman, – deb birinchi navbatda qaygʻuradi. Oʻz fikr, ifoda tarzini qidiradi. Busiz u boshqalardan farqli, original ijodkor boʻlib yetisholmasligini anglaydi. Shuning uchun u birinchi navbatda oʻz ijodiy tilini topishga urinadi. Xurshid Doʻstmuhammad, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Abduqayum Yoʻldoshevning yozayotganlariga eʼtibor qiling. Til eʼtibori bilan ular juda ham rang-barang. Birontasi oʻtmishdagi bironta adibimizga oʻxshamaydi. Balki mavzularda oʻxshashliklar juda koʻpdir. Ammo ifoda uslublari gʻoyatda takrorlanmas. Shoyim Boʻtaning tili Qoʻchqor Norqobil yoki Sobir Oʻnar tilidan keskin ajralib, oʻz qiyofasi bilan koʻzga chalinadi. Har kim oʻz qalbiga yarasha usul topadi. Mansuralarda men fikr va eng muhimi, fikrning ifodaviy erkinligini sevib qolganman. Badiiy erkinlik deganda poyetik ifoda erkinligini tushunganman. Aqlim, koʻksimda fikr qanday hayajonli qobiqda uygʻonsa yoki tugʻilsa, shunday hayajoni bilinib turadigan tarzda qogʻozga tushirishga intilaman. Qogʻozga tushirganda, juda koʻp hayajonlar, xayol rang-barangliklari yoʻqoladi. Ijodkor shunday yoʻqotishlardan koʻp iztirob chekadi. Ammo uzuq-yuluqlikdan qutulolmaydi. Mansuralar fikrlardagi portlashlarning vayronalari. Ulugʻ arab shoiri Qays ibn al-Mulavvahdan “Oʻlganlar muhabbat azobidan qutuladilarmi?” – deb soʻraganlarida, u: “Men bormayman oldingga, sen ham meni chaqirmaysan. Qancha zamonlar oʻtti, Oʻlgan koʻzlarimdan oqmas endi koʻzyoshlar. Mening ruhoniy koʻzlarim esa yigʻlab yoturlar hamon”, deb javob bergan ekan. Mana shu mansuraviy fikr. Shoir oʻlgan koʻzning yigʻlab yotishini mislsiz tasvirlaydi. Koʻz oldingizga keltirasiz bu qurimas ishq bulogʻini. Mansuralarning fikr burilishlari, tovlanishlari bepoyonligi meni hayratga soladi.

– Kitob doʻkonlarini koʻp aylanaman. Baribir xalqimiz kitobxon. Xususan, sizda kitobga qiziqish va mehr qachon uygʻongan? Oʻqigan kitoblaringizni hech hisoblab chiqqanmisiz? Cir boʻlmasa, ayni paytda kitob javoningizda nechta kitob bor? Hammasini oʻqib chiqqanmisiz?

– Javonimdagi barcha kitoblarni sanamaganman: balki oʻn ming, balki yigirma ming bordir, ehtimol koʻproqdir. Talabalik yillarimda juda koʻp kitoblar sotib olardim. Shunchalar koʻpki, hali hammasini oʻqib ulgurmaganman. Yosh ulgʻaygan vaqtlarda vaqt koʻproq oʻzingga qolarkan: oʻtgan asrda oʻqiy olmagan kitoblarni endi birin-sirin oʻqiyapman. Oʻsha paytlarda oʻqimaganimga achinaman. Koʻp haqiqatlar ellik yil ilgari emas, mana, endi yuzini koʻrsatyapti. Ammo baribir kitob oʻqishga oʻtirgan ondan ham va kitob ichiga shoʻngʻigan ondan ham baxtliroq damni bilmayman.

– Umuman, yaxshi kitob oʻqiganda qanday holatga tushasiz?

– Bu savolingizga boyagi Mulavvahning bir shohona bayti bilan javob berib oʻtsam. Chunki xuddi mana shu tobda bu savollaringizga javoblarimni oʻylab oʻtirib, Qays ibn al-MULAVVAHni oʻqiyapman. Jigarsoʻzon shoir savolingizga mendan koʻra yaxshiroq javob aytadi deb oʻylayman, yaʼni: “Doimo yangidir mening gʻamlarim, Doimo yangidir muhabbatim ham”. Barchalariga koʻpdan-koʻp salomlarim va muhabbatimni yoʻllayman.

 

Adiba UMIROVA gurunglashdi.

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/hayotbaxsh-soz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x