“Gumbazlarga yetar tufroqning boʻyi”

Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning sheʼriyati tabiat bilan uygʻun, muhabbatga limmo-lim, yurakda ildiz otib, Vatan tuprogʻida koʻkargan, yurt osmoniga tomon boʻy choʻzayotgan mevali daraxt, ehtimol oʻrik: mevasi bahordagi dovuchchaday yoshlarni tortadi, zardoluday saratonda dillarga orom beradi, danagi aqlimizni peshlaydi.

 

Milyon yilda meni yaratdi hayot,

Meni soʻrab, togʻlar qator choʻkdi tiz.

Nahot anglamaysan, bilmaysan nahot,

Axir, men bittaman, yagona, yolgʻiz?!

 

“Yolgʻiz” sheʼri – falsafiy sheʼr. Bir-ikki bandi inson haqida. Shoirning “men”i inson bilan birlashib, umuminsoniylik tuygʻusi ifodasi darajasiga kelgan.

Iqbol Mirzo sheʼrlarining ohangi ravon, qofiyasi toʻq, satrlar toʻkilib keladiki, shoir badiiy tasvir vositalarini qoʻllay deb fikrlamaydi, balki quyilib kelgan misralar qatidan badiiy sanʼatlar koʻz ochaveradi:

 

Dirillardi mendan qochib varraklar,

Varragimdan choʻchib uchgan laylaklar,

Hurkak-hurkak titrab tunda yuraklar,

Toʻlqin-toʻlqin tortar edi nolalar.

 

Birinchi satrda jonlantirish – tashxis bor, birinchi satrning oxiridagi “varraklar” ikkinchi satrning boshida aynan kelgani bois, radd ul ibtidoning tasbeʼ koʻrinishi, uchinchi-toʻrtinchi misradagi takror soʻzlar mukarrarni yuzaga keltirgan. Keyingi ikki misrada ham tavzeʼ – tovush takrori bor. Iqbol Mirzo – tuygʻularini manzaralarda ifodalaydigan musavvir shoir, bunga bolaligidayoq qalb koʻzida muhrlangan tabiat sabab:

 

Hoʻqandi latifda

Karnayguldan uchar bolari kuyi,

Rayhonlar tebranib chaladi gʻijjak.

Gumbazlarga yetar tufroqning boʻyi,

Sipohiy teraklar qoqmaydi mijja,

Dil uygʻoq.

 

Shoir sheʼrlarida tovushlar, soʻzlar oʻzlari hosil qilgan ohangda yayrab, raqs tushadi:

 

Shimoldan shoshqaloq shamollar kelur,

Halqumga xanjardek hilollar kelur,

Siynadan sitrilgan savollar kelur:

Rahmingiz kelmasmi?

Barcha satrlarda tavzeʼ – tovush takrori bor, har bandning toʻrtinchi misrasi esa, iboraning takroridan iborat. “Rahmingiz kelmasmi?” iborasi “Achinmaysizmi?” maʼnosini beradi. Shoir yorga oʻzidagi turli holatlarni izohlab, rahmsizligini taʼkidlaydi, lirik qahramonning “Boʻm-boʻsh bogʻlariga bahorlar keladi”, “Azoblar, anduhlar, alamlar keladi”, uning “tunlari tangadek toʻkilib ketadi”. Ammo yorda rahm yoʻq. Shoir koʻngilni tashbehlar bilan bezab, tabiatni jonlantirib turib, kutilmagan soʻz oʻyini bilan sheʼrxonni lol qoldiradi:

 

Rahmingiz kelmasa…

Oʻzingiz keling.

 

Ibora boʻlib kelgan toʻrtinchi misra oxirgi bandda erkin birikmaga aylanadi, rahm jonlantiriladi: oshiq oldiga yorning rahmi kelmasa, oʻzi kelsin. Odatda, soʻz oʻyini shakldosh soʻz, ibora, erkin birikma yordamida yuzaga keladi va u mahorat belgisidir. Shoir soʻz oʻyini qilar ekan, radd ul ajuz sanʼatini ham aynan “tovon” soʻzi yordamida yuzaga keltirgan, “tovon”ni shakldosh soʻz sifatida qoʻllab, tajnisni paydo qilgan:

 

Tovonimni qoʻmsab, qabarar tuproq,

Qolarman tuproqning tovonlariga.

 

Shoir “Yuzim qaro boʻlgusi” satrida ham ibora, ham erkin birikma boʻladigan “yuzim qaro”ni qoʻllab, soʻz oʻyini qilarkan, iyhom sanʼatini yuzaga keltirgan. Umuman, Iqbol Mirzoda kutilmagan soʻz oʻyinlari koʻp uchraydiki, bu shoir uslubidagi oʻziga xosliklardan biridir:

 

Dedim: “Qorasoch dilbar,

Dilimni tigʻ tilgusi.

Zulfga tegursam agar

Yuzim qaro boʻlgʻusi!”

 

Iqbol Mirzo sheʼrlari insonning shaxsiy dardlarini insoniyatning dardlariga qoʻsha olgan, insoniyatning dardlarini esa shaxsiy dardlariga aylantira olgan qalbdan toʻkilgan fikr va ohang vobastaligidan hosil boʻlgan. “Huzur”, “Koʻrinadi”, “Dard”, “Xudoga soldim”, “Muhabbat”, “Bugʻdoy soʻz”, “Dadam qabri”, “Singan odam”, “Bachkana kun” kabi sheʼrlar fikrimiz dalilidir.

Shoir “Qoʻqon shamoli”, “Aylanay”, “Mening dardim”, “Bunaqasi ketmaydi”, “Akalarimga”, “Dadamga”, “Dedi”, “Koʻzlarida” kabi sheʼrlarida folklorizmdan unumli foydalanadi. Goh folklorga xos ohang, obraz, motiv, janrni stilizatsiya qilsa, goh xalq qargʻish va olqishlarini qoʻllab, analitik folklorizmni yuzaga keltiradi va bugungi oʻzbek sheʼriyatida xalq ogʻzaki ijodidan bahramand ijodkorlardan biri sifatida koʻzga tashlanadi. Aksariyat shoirlardan farqli oʻlaroq, Iqbol Mirzo folklorizmi noziklik bilan soʻz oʻyinini hosil qilib, uning yordamida inson ruhiyati manzaralarini koʻrish imkonini beradi:

 

Qachonki, oʻzandan uziladi suv –

Uch kun toʻxtab qolsa, buziladi suv,

Yuragim ostida eziladi suv,

Koʻzimdan chiqolmay koʻzyosh ovora.

 

Kitobxon “Toʻxtagan suv buzilar” matali yordamida lirik qahramon yuragi ostidagi suv koʻzi tomon oqib chiqa olmay, toʻxtab qolganini anglaydi va undagi ruhiy azobni his qiladi.

Parallelizmni qoʻllash xalq qoʻshiqlariga xos. Shoir “Tillo uzukka tillo koʻz” boʻlolmasligini aytar ekan, unga parallel holda, “Qiz bolaga qiz bola Doʻst boʻlmaydi hech qachon” deb xulosa qiladi. Bu oʻrinda, tillo – qiz. Aslida, xalq yigitni tilloga, qizni uning koʻziga oʻxshatadi. Shoir xalq fikridan oʻziga xos tarzda foydalanadi. Koʻp oʻrinlarda xalqona xulosalar qatida xalqona hazilni ifodalagan shoir sheʼriyati magʻzi-magʻziga fargʻonacha yumor singdirilgan:

 

Xayolingni dugonang

Buzganini bilmaysan,

Yonginangda menga koʻz

Suzganini bilmaysan.

 

Iqbol Mirzo uchun sadoqat, doʻstlik – muhabbatning ishonchli qoʻriqchilari. “Gunoh” sheʼrida shoir itning hurishini ifodalar ekan, soʻz oʻyini qiladi. Odatda itning hurishi “hav-hav”, “vov-vov” kabi taqlid soʻzlar bilan beriladi. Shoir kam ishlatiladigan shaklni shakldosh soʻz sifatida qoʻllab, itning hurishi orqali xiyonat xavfini ifodalaydi, aslida ham it xavfni sezsa huradi:

 

Siniq oy sargʻayib kezarkan koʻkda,

Tomlarda shuʼlalar sharpasin ilgʻab,

Zanjirini siltab, ayqirdi koʻppak:

– Xavf!

– Xavf!

– Xavf!

 

Shoir uchun oʻzbekning ayoli – farishta, u tushida birinchi sevgilisini koʻrsa ham gunohkor.

Muhabbat – daryo, sohillari togʻ boʻlsa ham toʻlqinlar toshib, qirgʻoqlardan oshadi. Bu toshqin sheʼrga koʻchadi:

 

Men senga muhtojman, intiqman, zorman,

Bilmayman, bormanmi-yoʻqmi yodingda.

Agar aybdor boʻlsam, yolgʻiz aybdorman –

Xudoning oldida, sening oldingda.

 

Inson bir bor sevadi, qolganlari sevgiga havasan tugʻilgan tuygʻular: ular tugʻiladi va qachondir oʻladi. Ammo muhabbat oʻlmasdir. Iqbol Mirzoning muhabbat haqidagi armonli sheʼrlari shunday hisni uqtiradi.

 

Xayollar qoʻymaydi oʻz holimizga –

Loʻlivachchalardek yopishqoq kir-chir.

Qanotlar bogʻlovchi iqbolimizga

Hislar unutdilar bizlarni bir-bir.

 

Ijodkor qalbida ulugʻ bir ishq bor va bu ishqqa juft izlab tiriklik olamini kezadi. Undagi bu ilohiy ishq asli botinida borki, uni ishq haqidagi buyuk asarlar tasavvurlantirgan. Endi ham botinidagi, ham tasavvuridagi ishq uni koʻzlar daryosiga choʻktiradi, qalblar tubiga yoʻllab gavhar izlatadi. Har safar topdim deb oʻylab, suyunib ketadi-yu, soʻng, adashganini sezadi, yana, yana izlayveradi: Zulfiya, Guli, Yulduz…

 

Gulijonning koʻzidan

Ohular uyaladi.

Kiprigini koʻtarsa,

Osmonlar suyanadi.

 

Kitobxon ajablanar, ammo, chin sheʼrxon oʻrtanib ketadi: goʻzallikning ismi koʻp, oʻzi bitta. Muhabbatning ifodasi rangin. Oʻzi tanho. Shoir muhabbat zaminida ildiz otib, ishq arshiga yetgan qalb sadolarini sheʼrga koʻchiradi:

 

Bir lahza boʻlsa-da, yashadik birga,

Dildan tuproq ketdi, koʻzdan ketdi kir.

Men nechun shukrona aytmay taqdirga,

Men uni koʻrdim-ku, koʻrdim-ku, axir!

 

Iqbol Mirzoning “Bir lahza”, “Shunda”, “Senga barmogʻimni tegizmayman”, “Oʻpkalanib qaraysiz”, “Telba xayol” kabi sheʼrlari muhabbatdan tugʻilgan. Shoir koʻzlarga – koʻngil koʻzlariga termuladi, muhabbat axtaradi, topdim deb oʻylaydi, qalbi toshadi, sheʼr tugʻiladi:

Ehromlar ham bir kun turob boʻlar ekan,

Koinot ham toʻzgʻib, xarob boʻlar ekan,

Faqat sevgi mangu va sof boʻlar ekan,

Bilganimni endi senga bildirsaydim,

Koʻzlaringga termulsaydim, termulsaydim.

 

Chin sevgidan zorlangan, ozorlangan, orolangan shoir muhabbatning quyoshligini – unga yetib boʻlmasligini, koʻzyoshligini – uni tutib boʻlmasligini, ketishga urinayotgan nafas ekanligini anglaydi. Aslida, chin shoir uchun vafodor, bir umrli yor – oʻzining qalbi. Iqbol Mirzoning “Ey, dil…” sheʼrida bunga iqror bor:

 

Ey, dil, ne istaysiz yalangʻoch koʻkdan,

Anvor ummonida titraysiz dir-dir?!

Yerga bir boqsangiz – qishu yoz, koʻklam,

Kuzlar unutdilar bizlarni bir-bir.

 

Iqbol Mirzo sheʼriyati – uning oʻjar ruhiyatidan, bepayon koʻnglidan, zohiri va botini qorishib ketgan tafakkuridan, yaʼnikim, uch oʻlcham aro tugʻilgan ishq hosilasi. Tabiatga, insonga, iymonga, imkonga, osmonga, zamonga va shu kabilarga ishqi – shu ulugʻ ishqning farzandlari. Ayni damda, ular orasida ulugʻi – onaga, otaga, farzandga, yorga muhabbatdan-da ulugʻi – Vatan ishqi. Shoir anglaydi: insoniy muhabbatdan tugʻilgan ilohiy muhabbat, ehtimol, lahzalarda yuz ochar, ammo boqiy. Endi uning qaynoq qoni tiniqlashadi, tinadi:

 

Hilviroq kitobni zarb bilan yopdim,

Koʻhna boʻy urilib buzdi koʻnglimni.

Xazon toʻshagidan bir gavhar topdim,

Visol – muhabbatning goʻzal oʻlimi.

 

Bir holat haq: chin ijodkor qalbida zaminiy ishq ilohiy ishqqa, ilohiy ishq zaminiy ishqqa evrilaveradi. Ikki dard orasida sarson-sargardon chogʻlarida Vatan ishqidek ulugʻ dardga yoʻliqadi. Bu ogʻriqli dardlarga malham boʻlib istiqlol keldi. Shoir Vatanni, xalqni deb nafas olmak kunlariga yetdi. Oʻshanda ham u shodmonlikdan xotirjamlanmaydi, istiqlol boqiyligi, yurt ravnaqi uchun halovatdan kechish kerakligini anglaydi va anglatadi:

 

Boshing egib, taʼzim ayla, shukrona ayt,

Seni guldek erkalagan chaman uchun.

Osmonlarda yurgan boʻlsang, tuproqqa qayt,

Aytgil, doʻstim, nima qildik Vatan uchun?

 

Iqbol Mirzo sheʼrlarini oʻqib, suluv satrlardan hayratlanasan, qalban tabiatga qorishib ketganiga iqror boʻlasan: “Osmon kemshik tishin koʻrsatib kuldi, Oʻtlarga oʻranib qunush tortdi yer”; “Tubida toshlar dumalatib soylar oʻtdi”; “Qamishlarning boylamida naylar oʻtdi”; “Chayon oʻz juftiga tutadi shakar”; “Chaqmoq – sogʻinchlarning oydin gulimi”; “Izimdan sudralib kelaverar yoʻl”; “Daralarga qamab qoʻyib boʻronlarni”… Bunday satrlarni keltiraversang, sahifalar turnaqator boʻladi.

Iqbol Mirzo sheʼrlari hur ruhning parvozidan tugʻilgan, tabiat va jamiyatdagi uyqash hamda farqli, ziddiyatli munosabatlarni aks ettirgan, samimiy, diltortar sheʼrlardir.

 

Laylo ShARIPOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/gumbazlarga-yetar-tufroqning-boyi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x