“Guldan jozib edi bizning onamiz…”

* * *

 

Onam! Sening issiq, aziz joningni,

Zarradek chogʻimdan boshlab bilaman,

Oʻzim ham zarra-yu, lekin qoningni

Yangilab jismingdan oʻzni uzganman.

 

Sen gul juvon hali mendan bexabar,

Bulutday goʻdaklar tortdi havasing,

Endi men sen desam qaynoq, muattar

Hovrin his qilaman iliq nafasing…

 

 

ONAM BOGʻI

 

Kechagina borliq edi moviy qor,

Sevgidayin kun taftidan eridi.

Esda:

Biz yosh, qor bahordan serviqor,

Tanimizda ming bir oftob bor edi.

 

Hamma goʻzal:

Yoshi oʻtgan onam ham

Xushboʻy edi xiyol soʻliq gul misol,

U bilganni pari bilmas bir olam,

Unga kelib yechilardi barcha fol.

 

Nafasidan nafas olib oʻsdik biz:

Farzandlaru, gulu kitob hamrohi.

Guldan jozib edi bizning onamiz,

Bir jahon baxt bagʻishlardi nigohi…

 

Onam bogʻi orzusimon turfa rang,

Loqayd, bachki bezaklarga edi yot.

Bor mavjudot raqibi-la qilib jang

Oʻstirdi bogʻ, oʻgʻil va qiz – zurriyod.

 

Shu eram bogʻ zamonaning zayli-la

El oʻtguvchi ravon yoʻlga aylandi.

Onam!

Sizning umr hayot mayli-la

Mening jismu jahonimga joylandi…

 

Necha ajdod kechgan bogʻdan yoʻl qoldi,

U yoʻllarda Sizu mendan yoʻqdir iz!

Sizni Menu,

Meni Onalik oldi,

Ayol zoti ketmas hayotdan izsiz…

 

Zulfiya

https://saviya.uz/ijod/nazm/guldan-jozib-edi-bizning-onamiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x