GUL

GUL (flos) — yopiq urugʻli oʻsimliklar (q. Gulli oʻsimliklar)ning generativ (jinsiy urchish) organi. Gul oʻsishi cheklangan, shaqli oʻzgargan novda hisoblanadi Gul gulband, kosachabarglar, tojbarglar, changchilar va urugʻchidan tashkil topgan. Kosachabarglar — G. ning sirtida — birinchi qatorda joylashadi bargchalardan iborat. Kosachabarglar, odatda, yashil, oʻsimlik turiga qarab soni har xil boʻladi. Baʼzi oʻsimliklarda (marmarak, rayhon, noʻxat va b.) kosachabarglar bir-biri bilan qoʻshilib, birikkan bargli tutash kosacha, boshqalarida (turp, shaftoli, oʻrik va b.) birikmasdan, ayrikosacha hosil qiladi. Gultoj barglar — kosachabarglardan ichki qavatga joylashgan gulbarglardan iborat. Rangi har xil. Tojbarglar ham tutash (pechak, karnaygul, kartoshka va b. gulida) va ayritoj (oʻsma, ayiqtovon, naʼmatak va b. gulida) boʻladi. Changchilar Gulning chang (mikrospora) hosil qiluvchi qismi. Ular uchinchi qavatni tashkil qiladi. Urugʻchi Gulning urugʻkurtak (makrospora) hosil qiluvchi qismi boʻlib, markazda joylashgan. Kosachabarglar bilan tojbarglar gulqoʻrgʻon deyiladi. Kosachabarglar bilan tojbarglarga aniq ajralgan gulqoʻrgʻon (oʻrik, olcha, sholgʻom va b. gulida) murakkab, bunday ajralmay, rangi bir xil boʻlgan gulqoʻrgʻon oddiy gulqoʻrgon deyiladi. Tojbarglarga oʻxshash, ochiq rangli oddiy gulqoʻrgʻon gultojsimon (lola, piyoz gulida), kosachaga oʻxshash yashili esa (lavlagi, shoʻra, otquloq va b. gulida) kosachasimon gulqoʻrgʻon deb yuritiladi. Hasharotlar vositasida changlanadigan Gullar gulqoʻrgʻoni yaxshi rivojlangan, shamol yordamida changlanadigan Gul larniki esa uncha rivojlanmagan yoki butunlay yoʻqolib ketgan. Gulqoʻrgʻonsiz yoki faqat urugʻchi va changchilardan iborat gullar (tol, terak, yongʻoq kabilarning guli) yalangʻoch yoki gulqoʻrgʻonsiz Gullar deyiladi. Gulning barma qismlari oʻrindiqqa joylashgan. Oʻrindiq keng va yassi (ayiqtovon, malina), konussimon yoki choʻziqroq (yerchoy) yoki, aksincha, botiq (raʼno, naʼmatak va b.) boʻladi. Har bir Gulda gulband bor. Baʼzan gulband deyarli rivojlanmay, Gul toʻpgul oʻqidan oʻsib chiqadi (mas, tizimgul, sebarga guli). Bunday Gullar bandsiz yoki oʻtroq G. lar deyiladi. Gulda urugʻchilar va changchilar boʻlsa, ikki jinsli (behi, lolaqiz-gʻaldoq, piyoz va b.), faqat bittasi boʻlsa (yongʻoq, makkajoʻxori, tol, qayin va b.), ayrim jinsli yoki bir jinsli Gul deyiladi. Bir jinsli Gul faqat urugʻchilardan iborat boʻlsa — urugʻchili (makkajoʻxori soʻtasi), faqat changchilardan iborat boʻlsa (makkajoʻxori roʻvagi, yongʻoq kuchalasi va b.) — changchili Gul deyiladi. Gul markazidan ikki va undan koʻp chiziq oʻtkazilganda teng simmetrik qismlarga boʻlinsa, toʻgʻri — aktinomorf (olma, oʻrik, naʼmatak va b.), faqat bitta chiziq bilan simmetrik qismlarga boʻlinsa, qiyshiq — zigomorf Gul (rayhon, yalpiz, itogʻiz, jambil va b.) deyiladi. Gul larda nasldan-naslga oʻtadigan doimiy belgilar (G. qismlarning shaqli, rangi, katta-kichikligi, bir-biriga nisbatan tutgan oʻrni va soni) gʻoyat xilma-xil. Oʻsimliklarning urugʻdoshligi va evolyutsiyasini aniqlashda Gul larning ahamiyati katta. Gul shamol yoki hasharotlar vositasida changlanadi. Gul changlanishga turlicha moslashgan. Mac, hasharotlar yordamida changlanadigan oʻsimliklarning Guli yirik, hidli, xilma-xil rangda boʻlib, nektar bezlari shira (nektar) ajratadi. Nektar bezlari Gulning ichki qismida boʻlib, hasharotlar shira olishga qoʻnganda tanasiga changni yopishtirib olib tarqatadi. Koʻp oʻsimliklar (mas, yongʻoq, terak, kanop, makkajoʻxori va b. gʻalladoshlar) shamol vositasida changlanadi. Ularning Guli mayda, koʻrimsiz, rangsiz va hidsiz, changlari quruq va yengil boʻladi.

Ad.: Xoliqov S., Pratov Oʻ., Oʻsimliklar anixushgichi, T., 1970; Mavlonov O., Qosimov A., Siddiqov J., Biologiya (maʼlumotnoma), T., 1999.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x