Goʻzallikning turfa ranglari

(Bir hikoya atrofidagi oʻylar)

 

Dostoyevskiyning “Goʻzallik dunyoni qutqaradi”, degan gapi keng tarqalgan va uning vazifasi nimadan iborat ekanligi barchaga tushunarli. Biroq dunyoni qutqarishga qodir ana shu goʻzallikni kim yaratadi? U nimaning evaziga dunyoga keladi? Yaralgan goʻzallikni kim qadrlaydi va asrab qoladi? Unga kim yoki nima kuch bagʻishlaydi? Dunyoni qutqarishga xizmat qiladigan, goʻzallikning qadrini belgilaydigan bu savollar koʻpincha hech kimning xayoliga kelmaydi. Aslida, goʻzallikni yaratuvchi ham, asrab qoluvchi ham, qadriga yetuvchi ham, aksincha, uni barbod qiluvchi ham insonning oʻzidir. Goʻzallikning paydo boʻlishi, yashab qolishi, dunyoni jaholat va norasolikdan qutqarish uchun kurashi, nechogʻliq qiyin va ogʻir kechsa, uning yoʻqolishi yoki qadrsizlanishi shunchalik oson va tez roʻy beradi. Chunki goʻzallik nihoyatda nozik va yupqa boʻladi. Uning yoʻqolishi esa tabiatning ham, jamiyatning ham inqirozga uchrashiga olib keladi.

Bunday xilma-xil savollar va mulohazalar menda isteʼdodli yozuvchi Abduqayum Yoʻldoshevning “Alvido, goʻzallik…” deb atalgan navbatdagi kitobidan joy olgan, shu nomdagi hikoyani oʻqigandan keyin paydo boʻldi. Chunki unda adib goʻzallikning barqarorligini, kuch-qudratini emas, aksincha, ojizligini, oʻzi tushib qolgan muhitga moslashishga majbur boʻlganligini va bu hodisaning mudhish oqibatlarga olib kelishini oʻkinch bilan hikoya qiladi. Asarda tasvirlanishicha, ismi jismiga mos goʻzal Oysuluv taqdir taqozosiga koʻra, uzoq togʻlik qishloqdan “choʻlning qoq kindigiga joylashgan” ovulga kelin boʻlib tushadi. Oysuluv nihoyatda chiroyli, ayni chogʻda, tili shirin va odobli edi. Ayniqsa, Omon traktorchining: “Ey, ammo-lekin bir qoshiq suv bilan yutib yuborsa boʻlarkan-da!” degan qishloqcha taʼrifidan soʻng, uni koʻrishga ishqibozlar tagʻin ham koʻpayadi. “Hatto, aytishlaricha, baʼzi odamlar ishgayam toʻgʻri yoʻl qolib, Marvarid momoning uyi yonidan oʻtib qaytadigan boʻlishibdi”. Biroq bu qishloqdagilar goʻzallikdan hayratga tushgani bilan (chunki bu yerda hech kim unchalik goʻzal emasdi-da) uni qadrlashdan yiroq edilar. Goʻzallik bu qishloqni allaqachon tark etgan, odamlar undan mahrum boʻlgandilar.

Bu hodisa yozuvchi tomonidan tabiat va inson koʻrinishlarini parallel ravishda tasvirlash orqali yanada chuqurlashtiriladi. Goʻzallik, avvalo, makon bilan bogʻliqdir. Qayerning tabiati goʻzal boʻlsa, oʻsha yerning odamlari ham chiroyli boʻladi. Garchi batafsil tasvirlanmasa-da, Oysuluv togʻdagi qishloqda tugʻilib, tabiatning soʻlim quchogʻida voyaga yetganligi tufayli chiroyli, nazokatli va koʻngli toza qiz. U kelin boʻlib tushgan qishloq esa sizot suvlari yer sathiga koʻtarilib, shoʻrlay boshlagan, hosildorlik kamaygan, ilgari “gurkirab oʻsib turgan daraxtlar asta-sekin soʻla boshlagan” edi. Bu koʻrinish qishloq aholisining qiyofasiga ham taʼsir etgan. Bu yerning erkaklari dagʻal, qoʻpol, faqat ichishu janjallashishni bilishadi. Ayollari esa shallaqi, qoʻrs, qargʻish bilan kun oʻtkazadilar. Ular: “Choʻl shamolida rosa qoraygan (shunchaki emas – Y. S.), lablari, qoʻllari taram-taram yorilib ketgan (bir ozgina emas – Y. S.), faqat koʻz oqigina yiltirab koʻrinib” turadigan darajada “chiroyli” boʻlsalar, Oysuluv, aksincha, “Atlas koʻylak-lozim kiygan, yaltirab turgan sochi taqimini oʻpadigan, oppoq yuzli, kipriklari uzun-uzun, jismi nozikkina” edi.

Bu farq ularning tashqi koʻrinishigagina xos boʻlmay, ichki olamiga ham daxldordir. Shaddod, odamning yuziga tik qarab, ters javob beradigan, ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqadigan qishloq ayollariga zid oʻlaroq, Oysuluv uyatchan, birov gapirganda, “erga qaragancha iymanib” turadi. U eriga ham, boshqalarga ham har doim “erdan boshini koʻtarmasdan” muomala qiladi. Eri Muslim kamsitib, haqorat qilib gapirganda ham, qishloq ayollarining piching gaplarini eshitsa ham indamaydi. Juda jonidan oʻtganda, bir chetga chiqib yum-yum yigʻlab oladi, xolos. Gap qaytarish uning uchun uyat. Shu boisdan, qishloq “ayollarining shangʻi ovozda bir-birini mensimay gaplashishlari, hatto behayo soʻzlarni bemalol aytib tashlashlarini koʻrib kalovlanar, bunday mahallari kiprik qoqmay ayollarga qarab qolar, ammo miq etib ogʻiz ochmasdi”. Oysuluv ona qishlogʻining goʻzal tabiatidan ilhomlanib, sheʼr yozishga ham odatlangan edi. Ammo bu yerda uni na eri, na boshqa xotinlar tushunmaydi. Aksincha, bundan ogoh boʻlgan ayollar uni mazax qiladilar. Natijada, Oysuluv sheʼr daftarlarini tutantiriqqa berib qutiladi.

Endi, ayting-chi, johillik va qoʻpollik hukmron boʻlgan muhitda goʻzallik nima qila oladi? Qaniydi, yonida shunday goʻzalga uylanish baxtidan masrur boʻlgan eri Muslim tursa! Afsuski, na eri, na boshqa bironta odam Oysuluvdagi goʻzallikni qadrlamadi (hikoyachi-qahramon bundan mustasno.)

Mana shu yerda yozuvchi Abduqayum Yoʻldoshevning: “Biz Dostoyevskiyga ergashib “Dunyoni goʻzallik qutqaradi”, deb takrorlaymiz. Goʻzallikni esa muhabbat yaratadi. Shunday ekan, ishq-muhabbatsiz dunyoni anglab boʻladimi? Bu olamni, odamni adabiyotsiz, sanʼatsiz ham anglab boʻladi degani emasmi?” (“Yoshlik” jurnali. 2011yil. 8-son) degan fikri hikoyaning mohiyatini anglab yetishimizga yordam beradi. Hikoyadan maʼlum boʻlishicha, harbiy xizmatdan qaytgandan keyinoq, onasi – Marvarid momoning topganiga uylangan Muslim bilan Oysuluv oʻrtasida muhabbatdan asar ham yoʻq. Ular taqdirga tan berib turmush qurishgan, shunchaki er-xotin, xolos. Muslim uchun Oysuluv goʻzallik maʼbudasi emas, shunchaki xotin (u yanada qoʻpolroq qilib “kampir” deb ataydi), xizmatkor. Shu bois, uni mutlaqo mensimaydi, dagʻal muomala qiladi, soʻkadi. Bu qiligʻidan oʻzi faxrlanadi ham. Chunki uning nazarida er shunaqa boʻlishi kerak. Muslim faqat ichishni, gap sotishni biladi. Uning uchun dalada ham, uyda ham xotini Oysuluv ishlashi kerak. Ketmon chopgan ham, oʻt oʻrgan ham, mol-holga qaragan ham, uy ishlarini qilgan ham shu Oysuluv.

Oqibat shu boʻldiki, muhit oʻz iskanjasiga adashib tushib qolgan bu goʻzallikni yemira boshladi. Hikoyachining aytishicha: “Oradan bir hafta oʻtar-oʻtmas Oysuluv yanganing yuz-qoʻllari qorayib ketdi, lablari poʻrsillab yorildi”. Oradan bir yilga yaqin vaqt oʻtgach esa, “qop-qoragina, dogʻ bosgan mushtday yuzini ajin toʻrlatgan, sochlari toʻzib ketgan, eski xalat kiygan” baqiroq va shallaqi ayolga aylandi-qoldi.

Oʻylanib qolaman. Mabodo, yozuvchi “Dunyoni goʻzallik qutqaradi” degan aqidaga amal qilib, Oysuluvni isyonkor, kurashchan obraz sifatida tasvirlasa boʻlmasmidi? Aytaylik, dalada qishloq ayollari oʻrtasida chiroyli boʻlish toʻgʻrisida suhbatlar uyushtirib, pardoz-andozni oʻrgatsa, sheʼrlaridan oʻqib berib, ularning koʻnglini ovlasa boʻlardi-ku! Mabodo, niyatiga erisha olmasa, isyon koʻtarib, qishlogʻiga ketib qolishi mumkin edi-ku! Shunda, oʻsha ovulda hech yoʻq bitta odamning (erkakmi, ayolmi – baribir) koʻzini ochib ketarmidi?..

Ha, adabiyotning imkoniyatlari keng… Biroq chinakam sanʼatkor oʻquvchi yoki munaqqidning xohish-istagiga qarab qalam tebratmaydi. U holda oʻzining gʻoyaviy niyatiga yetolmaydi, oʻzligini boy beradi. Mabodo, Abduqayum Yoʻldoshev men aytgandek yoʻl tutganida hikoya emas, shunchaki bir maqola yoki ocherk yozgan boʻlardi. Vaholanki, muallifning gʻoyaviy niyati biz oʻylagandan butunlay boshqacha va u katta estetik hamda mantiqiy kuchga egadir. Menimcha, Oysuluvning oʻz goʻzalligini qurbon qilishi baquvvat milliy ildiziga borib taqaladi. Bu ildizlarning mohiyati hikoyachi – men nutqidagi ayrim chizgilarda, soʻzlarning matnostiga yashiringan mazmunida seziladi. Dastlab shunga eʼtibor berish lozimki, Oysuluvning uyatchanligi, tortinchoqligi, birov gapirganda qizarishi, xijolat chekishi, erining yuziga tik qaray olmasligi (endi hikoyada tasvirlanmagan boʻlsa-da, uning qaynonasi – Marvarid momo oldidagi holatini bir tasavvur qiling. – Y. S.) qiz oilasida qanday tarbiya olganligini isbotlaydi. Musulmon ayollariga yoshligidan er – xudoning yerdagi soyasi, deb uqtirilgan. Demak, uning ota-onasi qiz ongiga islomiy ruhda taqdirga tan berish, oilaga sadoqat, “tosh boʻlsa kemirib, suv kelsa simirib” sabr-toqat bilan yashash psixologiyasini singdira olishgan. Shuning uchun ham Oysuluv lom-mim demasdan: dagʻallik, qoʻpollik va johillik hukm surgan sharoitga moslashishga majbur boʻladi. Vaholanki, bu muhitga tabiat ham dosh berolmadi. Yozuvchi hikoya boshida shoʻr bosgan qishloqdagi daraxtlarning soʻla boshlaganini taʼkidlagan boʻlsa, oxirida daraxtlar qurib qolganligiga ishora qiladi. (“Men chekkaroqqa, qurib qolgan daraxt yoniga oʻtdim”.) Har holda Oysuluv qurib qolmadi, qovjirab boʻlsa-da, yashashga kuch topdi!

Darvoqe, yashashga ishtiyoq kitobdan joy olgan barcha asarlarning tub mohiyatiga tegishlidir. Abduqayum Yoʻldoshev hamma narsadan, hatto, oʻlim, ayriliq, dagʻallik singari hodisalardan ham goʻzallikka xos ranglarni qidiradi. Masalan, qizi Oliyaning vafotidan soʻng uy-joyi uka-singillari va oʻynashi Isroil oʻrtasida talash boʻlganidan, dili ranjigan Soliha kampirning hujrasiga kelib, toat-ibodat qilgach, xudodan oʻziga oʻlim tilashi va niyati mustajob boʻlgani, odamning qadri mol-mulk oldida ikki pul boʻlganligiga qarshi isyonning goʻzal koʻrinishi emasmi?! Yoki yetti yashar qizchasi oldida xoʻrlanib, kaltak yegan Noʻmonjonning “bezori”ligi odamlar ishonchsizligi hamda mensimasligiga qarshi goʻzal isyon emasmi? Ehtimol, ekstrasens Erjigitning (“Yurakdagi iz” qissasi) qilmishidan pushaymon boʻlib, oʻzini oʻlimga mahkum etishi, barbod boʻlgan goʻzallik oldidagi tazarrusidir?

Yozuvchi asarlaridagi personajlarni ham goʻzallikka munosabatiga qarab bir necha guruhga ajratish mumkin. Masalan, adibning birgina “Muammo bormi?” sarlavhali hikoyasining oʻzida goʻzallikka munosabat bildiruvchi va uni qabul qiluvchi odamlarning toʻrt xil toifasini uchratamiz. “Kompyuter dasturchilari tanlovida yutib, Yevropa mamlakatlaridan biriga sayohat yoʻllanmasiga ega boʻlgan” Ikrom nuqtai nazari orqali dastlab tashqi va ichki goʻzallik manzaralari ifodalanadi. Chet elda: “… Hammayoq yam-yashil. Yoʻllar oynaday tekis. Chang, gʻubor koʻrinmaydi”. Tabiatidagi bu goʻzallikka yarasha yana: “Bu mamlakatda bir-birlariga mutlaqo begona odamlar koʻcha-koʻyda, doʻkonda, istirohat bogʻlarida, ish joylarida, qoʻyingki, hamma-hamma joyda bir-birlariga tabassum bilan qarashar, bir-birlariga mehribonlik bilan muomala” qilishar ekan. Ammo, Ikrom yana shuni sezdiki, bu tashqi goʻzallik bari sunʼiy, soxta, tabassumlari chin yurakdan emas, “goʻyo odamlar yuzlariga tabassumdan niqob osib olishgandek” tuyiladi. Lekin soxta boʻlsa-da, bunday munosabatni oʻz hamyurtlarida koʻrmagani uchun, baribir, Ikromga yoqdi va yurtiga qaytgach, hammaga – tanishmi, notanishmi – jilmayib, tabassum bilan qarashni odat qildi. Afsuski, bu tabassumi uchun olgan javobi haqorat va kamsitish boʻldi. Bittagina tabassum bilan qarab, xuddi chet elda eshitganidek: “Muammo bormi?” deb soʻragan ayol esa oʻgʻri boʻlib chiqdi.

Bugina emas, balki toʻplamga kiritilgan oʻn yetti hikoyaning har biri oʻquvchini mushohadaga undaydi va, tabiiy, axloqiy, maʼnaviy, madaniy goʻzalligini shaxsiy manfaati yoʻlida qurbon qiladigan, kerak boʻlsa, undan jirkanishgacha boruvchi tabaqalarning asl qiyofasini fosh qiladi. Yozuvchi “Alvido, goʻzallik…” hikoyasida shoʻrolar davrida koʻp yillar hukmronlik qilib, insonni haqiqiy goʻzallikdan mahrum etgan: “Goʻzallikning manbai mehnatdadir”, degan aqidaga ham tuzatish kiritadi. Oʻzi uchun emas, koʻpchilik uchun jamoa xoʻjaligida qilingan majburiy mehnat Oysuluvdek nozik va maʼsuma ayol goʻzalligini barbod qildi. Goʻzallik qadrlangan joyida azizdir. U qoʻllab-quvvatlansa, unib-oʻsishi, yashnashi uchun sharoit yaratib berilsagina kamolga yetadi. Muallifning asari soʻngida hikoyachi tilidan: “Oysuluv yangani kim, kimlar shu koʻyga soldi? Nahot, nahot, endi bir insonning umri shu bilan oʻtib ketsa?..” deya qilgan nidosi bizni oʻylashga undab, koʻnglimizni bezovta qiladi.

 

Yoʻldosh SOLIJONOV,

filologiya fanlari doktori

 

“Sharq yulduzi”, 2012–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/gozallikning-turfa-ranglari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x