Yoniq qalb munaqqidi

“Ozod Sharafiddinov hayotida ham, ijodida ham oʻzining xalqona soʻzi, iroda va matonati bilan yurtdoshlarimizga, avvalambor, yoshlarimizga ibrat boʻlayotgan tom maʼnodagi maʼrifatparvar insondir”. 

Islom KARIMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti


 

Atoqli munaqqid Ozod Sharafiddinov adabiyotshunoslik maydoniga oʻtgan asrning elliginchi yillarida kirib keldi. Bu xususda, ulugʻ yozuvchi Abdulla Qahhorning ushbu soʻzlarini eslash joizdir: “Ozod Sharafiddinov adabiyot ilmiga, aniqroq qilib aytganda, adabiy tanqidchilikka yonib kirdi va hozirgacha mana shu fazilatni saqlab qoldi”. Darhaqiqat, Ozod Sharafiddinov umrining oxiriga qadar ushbu eʼtiqodida sobit turib: adabiyotga, ijodga, haqiqatga sadoqat ila xizmat qildi.

 

“Zamon, qalb, poeziya”

 

Ozod Sharafiddinov “Zamon, qalb, poeziya”dan to “Ijodni anglash baxti”ga qadar yigirmadan ortiq kitoblar yozdi. Oʻzbek adabiy tanqidchiligida oʻziga xos maktab yaratdi.

Munaqqid totalitar tuzum davrida, elliginchi yillarda filologiya fanlari doktori Umarali Normatov qayd etganidek, “ustozi Abdulla Qahhordan ruhlanib adabiyotdagi xalturaga, oʻrtamiyonachilikka qarshi mardona kurash olib bordi. 40-50-yillarda keng tarqalgan oʻta siyosatlashgan, nuqul mustabid tuzum mafkurasi targʻibotiga qaratilgan quruq ritorika, vaʼzxonlikdan iborat sheʼriyatning astar-avrasini chiqarib tashladi. Ulardan koʻplab misollar keltirib: “Sheʼrmi shu asarlar, poeziya bormi ularda”, degan keskin savolni qoʻyadi va teran ilmiy tahlil, rad etish mumkin boʻlmagan dalil va mantiq asosida, “yoʻq”, deya javob bera oladi. 50-yillar sharoitida bunday fikrni aytish mislsiz jasorat edi”. Haqiqatan ham Ozod Sharaffiddinov “Zamon, qalb, poeziya” kitobida eng nomdor shoirlarning sheʼrlaridan misollar keltirib, ularning kamchiliklarini xolisona isbotlab bergan.

Munaqqid: “Poeziya nima? Uning mohiyati nimadan iborat, chinakam sanʼat, chinakam poeziya, chinakam isteʼdod qanday boʻlishi kerak?” degan savollarga oʻtgan asrning oltmishinchi yillaridayoq javob bergan edi. “Chinakam sanʼat, poeziya hamisha sanʼatkorning voqelikka yangicha munosabatidan, yangicha qarashidan, yangicha fikrlashidan boshlanadi… Chinakam shoir, birinchi navbatda, mutafakkirdir, hayot haqida fikrlovchi, uning ustidan hukm chiqaruvchi faylasufdir.

Chinakam poeziya esa hammavaqt his-tuygʻuga aylanib ketadigan fikrdan yoki fikrga aylangan his-tuygʻudan iboratdir”.

Munaqqid sheʼriyatga munosabatida jahon adabiyotining eng yuksak mezonlari asosida yondashdi. Chinakam poeziya bilan nazmbozlikni bir-biridan farq qilish kerakligini, poeziya-talantdan boshlanishini, talant esa hayotning hech kim koʻrmagan tomonlarini koʻra olish qobiliyati ekanligini har jihatdan asoslab berdi.

“Zamon, qalb, poeziya” kitobiga kirgan “Poeziyaning bagʻri keng”, “Chamanzorda gullar koʻpaysin” maqolalarida, lirik qahramon muammosi haqidagi bahsu munozaralarga oydinlik kiritdi. Sheʼriyatimizda ovozlar, sozlar har xil jaranglashini, har bir shoir oʻz ovozi va soziga ega boʻlishi kerakligini Mirtemirning xalqona, Asqad Muxtorning intellektual sheʼriyati misolida asoslab berdi. “Zamon, qalb, poeziya” nihoyasida munaqqid: “Men faqat poeziyamizning ijobiy tendensiyalarini va ularning oʻsishiga xalaqit berayotgan ayrim hodisalarni tahlil qildim”, deb yozgan edi.

Tabiiyki, Ozod Sharafiddinovning ayrim nomdor shoirlar haqidagi tanqidiy mulohozalari koʻplarga yoqmadi. Buning oqibatida, munaqqid malomatlarga ham duchor boʻldi. Ammo oʻz eʼtiqodidan qaytmadi. Eng muhimi, Ozod Sharafiddinov oltmishinchi yillarda kirib kelgan isteʼdodli yoshlarni himoyasi ostiga oldi. Abdulla Oripovning ilk sheʼrlariga “Oq yoʻl” tiladi. “Hayot bilan hamnafas” maqolasida Erkin Vohidov sheʼriyatini tahlil qildi. Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasiga taqriz yozdi. Shu asnoda, munaqqid adabiy jarayonning qaynoq nafasi bilan yashadi.

Bugunga kelib zamon, davr oʻzgardi. Adabiyotga qarash ham oʻzgardi. Koʻpgina ijodkorlarning shoʻro davrida yaratgan asarlari endilikda, adabiy tamoyillarga toʻgʻri kelmay qoldi. Ammo Ozod Sharafiddinovning aksariyat maqola va kitoblari bugungi kunda ham oʻz kuchini yoʻqotgan emas. Masalan: “Birinchi moʻjiza” kitobidagi Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov ijodi haqidagi portretlari bugungi adabiyot uchun ham muhim manbadir.

Ozod Sharafiddinov “Zamon, qalb, poeziya”dan keyin yaratilgan “Adabiy etyudlar” (1968), “Isteʼdod jilolari” (1976), “Talant – xalq mulki” (1979), “Adabiyot – hayot darsligi” (1980), “Hayot bilan hamnafas” (1983), “Goʻzallik izlab” (1985), “Abdulla Qahhor” (1988), “Haqiqatga sadoqat” (1989) kitoblariga qadar adabiyotshunos, munaqqid sifatida oʻz estetik prinsiplariga sodiq qoldi.

 

“Istiqlol fidoyilari”

 

1991 yil sentyabrining ilk tongi millat kitobiga zarhal harflar bilan yozildi. Millatning asriy orzulari ushaldi. Barcha millat farzandlari singari Ozod Sharafiddinov ham mustaqillikni quchoq ochib kutib oldi. Mustaqillik barcha ijodkorlar singari munaqqidga ham cheksiz imkoniyatlar eshigini ochdi. Munaqqid birinchi galda, koʻnglidagi eng buyuk armoni – millat istiqloli yoʻlida shahid ketgan, nohaq qatagʻonga uchragan adiblarning muborak nomlarini oqlab, asarlarini xalqqa qaytarishdek masʼuliyatli vazifani oʻz zimmasiga oldi.

1969 yilda Choʻlpon, Fitratlar qatorida nohaq qatagʻon qilingan shoirlar sheʼrlaridan jamlangan “Tirik satrlar” kitobi bevosita Ozod Sharafiddinov rahbarligida nashr etildi. Ammo bu kitobning boshiga qiyin kunlar tushdi. Bu haqda munaqqid “Tirik satrlar”ning qiyin qismati” maqolasida mufassal fikr yuritgan.

Ozod Sharafiddinov mustaqillikning ilk kunlaridan istiqlol fidoyilari haqida turkum maqola va risolalar yozdi. Ayniqsa, Choʻlpon ijodi munaqqid ijodining markazida boʻldi. 1991 yilda nashr etilgan “Choʻlpon” risolasida shoirning hayoti va ijodiy merosi ilk bor monografik yoʻsinda oʻrganildi. “Istiqlol fidoyilari” kitobida Turkiston istiqloli fidoyilari: Mustafo Choʻqayev, Otajon Hoshimov hayoti, ijodi, taqdiri haqida hikoya qilinadi. Choʻlponning adabiy-tanqidiy qarashlari keng tahlil nazaridan oʻtkaziladi.

Choʻlponni anglash borasida mulohaza yuritib, munaqqid shunday fikrni keltiradi: “Choʻlponni anglash – soʻz sanʼatining botiniy qonuniyatlarini teran anglash, ularning shoir ijodida qanday zohir topishini anglashdir. Choʻlponni anglash – uning umumbashariy gʻoyalarini, uning yuksak insoniy tuygʻularini yurakka singdirib olishdir. Choʻlponni anglash-Vatanni, koʻhna Turkistonimizni Choʻlpon koʻzi bilan koʻrib, Choʻlpon yuragi bilan seva bilmoqdir”.

Ozod Sharafiddinovning oʻzbek professonal adabiy tanqidchiligiga tamal toshini qoʻygan Otajon Hoshimov haqidagi maqolasi ham xarakterlidir. Maqolada munaqqidning hayoti, ijodi, taqdiri qalamga olingan. Moskva, Sankt-Peterburg shaharlarining nufuzli oliy dargohlarida tahsil olgan, Osfald kabi sharqshunos olimlar nazariga tushgan Otajon Hoshimov 20-yillarning oʻrtalarida adabiyotga kirib kelgan, 30-yillardayoq ilmiy jamoatchilik eʼtiboriga tushgan edi.

Otajon Hoshimov hayoti va ijodining murakkab, ziddiyatli tomonlari, ilk adabiy-tanqidiy maqolalari, Oʻzbekiston adabiyoti, madaniyatini yuksaltirishdagi xizmatlari Ozod Sharafiddinov tomonidan keng qamrovli tahlil qilinadi. Munaqqid Otajon Hoshimovning “Dialektika va dialektika usulida oʻylash”, “Adabiy meros va Chigʻatoy adabiyoti” maqolalarini, folklor boʻyicha tadqiqotlarini zukkolik bilan tahlil nazaridan oʻtkazadi.

 

“Ijodni anglash baxti”

 

Ushbu kitobni yangi oʻzbek adabiyotining yarim asrlik manzarasi deb izohlash mumkin. Kitobga yozgan soʻzboshisida Umarali Normatov haqli ravishda taʼkidlaganidek, “… Ozod Sharafiddinovning soʻnggi yillarda yaratilgan adabiy-tanqidiy asarlari, suhbat va badialari (adabiy-tanqidchilik asarlari) mustaqillik davri milliy adabiyotimizda, maʼnaviy hayotimizda jiddiy hodisa boʻldi, deyish uchun toʻla asos beradi…”

Darhaqiqat, istiqlol Ozod Sharafiddinovga ijod imkoniyatlarini keng ochdi. Yillar davomida qalbida oʻylab, yozishga undagan ogʻriqli nuqtalarini bayon qilishga imkoniyat berdi. Shu saʼy-harakatlarning natijasi oʻlaroq yuzaga kelgan – “Ijodni anglash baxti”ning ilk rukni – “Istiqlol nurlarida evrilayotgan adabiyot”da yangi milliy adabiyotimizga tamal toshini qoʻygan – Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Hamza ijodining yangi qirralari qalamga olinadi. Jadid adabiyotining oʻziga xos xususiyatlari belgilab beriladi.

Ozod Sharafiddinovning ijod va ijodkorning adabiyot hamda jamiyat oldidagi burchi toʻgʻrisidagi qirralari, ayniqsa, suhbat-maqolalarida yorqin ifodalangan. Ustoz istiqloldan keyingi yillarda juda koʻp adabiyotshunoslar, yozuvchilar, jurnalistlar bilan adabiy hayot haqida qilgan suhbatlarida hozirgi adabiy jarayondagi muammoli masalalarni qalamga oldi. “Istiqlol adabiyoti eng ilgʻor adabiyotdir…”, “Boqiy moʻjiza”, “Isteʼdod bilan uchrashish bayram” kabi muloqotlarida yuksak badiiy asarlar yaratish uchun ijod erkinligi va, eng muhimi, yuksak isteʼdod birlashgandagina, biror natijaga erishish mumkinligi taʼkidlanadi.

Mustaqillik davrida adabiyotda ijobiy qahramon, yaʼni, zamonamiz qahramonini yaratish masalasi qoʻyildi. Munaqqid adabiyotning ijtimoiy funksiyasi haqida gapirar ekan, qahramon masalasiga ham oʻz munosabatini bildirib oʻtgan: “Adabiyotning asosiy predmeti – inson. Bu jihatdan adabiyot dunyodagi eng demokratik hodisalardan boʻlmogʻi kerak. Unga shoh ham, gado ham, yosh ham, qari ham, cholu kampir ham, buyuk sarkardayu oddiy askar ham, davlat arbobi va talaba ham, dunyodagi mashhur aktrisayu turli sabablar bilan tanini sotib tirikchilik qiladigan fohisha ham baribir… Xullas, adabiyotda inson yoxud qahramon muammosini samarali hal qilmoq uchun, birinchi navbatda, falsafiy planda inson konsepsiyasini mukammal ishlab chiqmoq kerak…” Haqiqatan, istiqloldan keyingi yillarda yaratilgan badiiyat namunalarida insonning murakkab ruhiy olamini kashf etish tamoyillari koʻzga tashlanayotir. Bu hodisalarni Erkin Aʼzam, Omon Muxtor, Nazar Eshonqul, Ulugʻbek Hamdam kabi adiblar nasrida: Usmon Azim, Ikrom Otamurod, Bahrom Roʻzimuhammad, Faxriyor kabi shoirlar sheʼriyatida kuzatish mumkin.

Ozod Sharafiddinov nazaridan, adabiyotda yilt etgan hodisa-da, chetda qolmas edi. Ayniqsa, adabiy tanqidchilik bobida aytilgan fikrlar bugungi tanqid uchun nihoyatda muhimdir. Noziktaʼb adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov oʻrinli taʼkidlaganidek, “Ozod Sharafiddinov – tugʻma tanqidchi edi”. Ozod Sharafiddinovning tanqidchilik kasbi haqidagi maqolasi 1976 yilda yozilgan. Vaholanki, maqola bugungi kunda ham tanqidchi boʻlaman, degan ijodkor uchun maʼlum darajada dastur vazifasini oʻtaydi. Tanqidchi qanday boʻlishi kerak, degan savolga munaqqid shunday javob beradi: “Tanqidchi boʻlishni istagan odam adabiyotni butun vujudi bilan sevishi, unga sidqidildan fidoyilik bilan xizmat qilishi lozim. Chinakam soʻz sanʼati tanqidchi uchun olamdagi eng muqaddas, eng qutlugʻ narsa boʻlmogʻi darkor!… Tanqidchining adabiyotga muhabbati uning adabiyot yutuqlaridan quvona bilishida, adabiyot uchun iftixor tuygʻusida, uning qusurlaridan iztirobida, adabiy asarga ehtiromli munosabatida, sanʼatkorga nisbatan ichki izzat-ikromida namoyon boʻladi…” Ozod Sharafiddinov tanqidchi uchun nihoyatda zarur boʻlgan uch element – estetik tuygʻu, fikrlash qobiliyati, soʻz sanʼatiga nisbatan ehtirosni alohida taʼkidlab, bularsiz tanqidchi talanti tarbiya topmasligini asoslab beradi.

Ozod Sharafiddinov munaqqidlik faoliyati davomida haqli ravishda qahramonga aylandi. Nafaqat ijodi bilan, balki amaliy faoliyati bilan ham. Adabiy hayotimizning biror nuqtasida yilt etgan isteʼdod boʻlsa Ozod Sharafiddinovning nazaridan chetda qolmadi. Buni bugungi kunda tanqidchiligimiz qiyofasini belgilab berayotgan – Umarali Normatov, Ibrohim Gʻafurov, Ibrohim Haqqulov, Dilmurod Quronov, Ahmad Otaboyev, Bahodir Karim, Rahmon Qoʻchqor kabi tanqidchilar haqidagi fikrlari tasdiqlab turibdi.

Ozod Sharafiddinov “Adabiy tanqid va yangi tafakkur” maqolasida mustaqillikning adabiy tanqidga bergan imkoniyatlaridan toʻlqinlanib soʻz yuritadi: “Mustaqillik adabiyot kabi adabiy tanqidda ham eski qoliplar va iskanjalarni uloqtirib tashlab, erkin ijod qilishga imkon yaratdi”.

Hozirgi adabiy jarayonda modernizm, absurd adabiyoti bilan bogʻliq bahslar davom etmoqda. Bu haqda Ozod Sharafiddinovning “Modernizm – joʻn hodisa emas…” maqolasini alohida taʼkidlash joiz. Ayrim adabiyotshunoslarning mazkur masalaga biryoqlama munosabat bildirganini eʼtiborga olsak, Ozod Sharafiddinovning bu muammoga xolisona yondashganini maqola sarlavhasidan-da anglaymiz. Munaqqid nazarida adabiyotdagi barcha oqim va yoʻnalishlar yashashga haqli. Qachonki, u oʻzining adabiyot oldidagi, jamiyat va xalq oldidagi vazifasini unutmasa. Har bir davrning oʻz modern ijodkorlari boʻladi. Masalan, Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Oybek ham oʻz davri uchun modern ijodkorlar boʻlishgani maʼlum. Hozirgi milliy adabiyotimizda tobora nashʼu namo topib borayotgan modern adabiyotining kelajagiga katta umid bogʻlagan munaqqid suhbatni: “Yashasin erkinlik, yoʻqolsin qoliplar”, deb xulosalaydi.

“Ijodni anglash baxti” kitobida Ozod Sharafiddinovning ustozlari – Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad haqidagi etyudlari kitobxonlar uchun qimmatli maʼlumotlar beradi. Eng muhimi, ulugʻ adiblar hayoti va ijodining oʻquvchiga nomaʼlum boʻlgan jihatlari yorqin, yumorga boy, obrazli tilda ifoda etiladi.

Yuqoridagi mulohazalardan chiqadigan xulosa shuki, Ozod Sharafiddinovning hayot va ijod yoʻli, nafaqat, adabiyot ostonasiga qadam qoʻyayotgan har bir ijodkor uchun, balki, har bir insonning maʼnaviy kamoloti uchun ibratli yoʻl hisoblanishi, shubhasiz.

 

Normat YOʻLDOSHYeV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yoniq-qalb-munaqqidi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x