“Adabiyot — hayot darsligi…”

“Bir qozon oshning taʼmini bilish uchun hammasini yeb koʻrish shart emas, bir qoshiq oʻzi kifoya”, deganlaridek, adabiyotshunos Hakimjon Karimovning “Adabiyot nazariyasining ilmiy asoslari” (Hakimjon Karimov. Adabiyot nazariyasining ilmiy asoslari. Toshkent. “Yangi nashr” nashriyoti, 2010 yil. (Maqoladagi taʼkidlar bizniki – H. U.)) oʻquv qoʻllanmasining barcha qismlariga emas, balki birgina “Manzurlik (ommaviylik)” bobiga toʻxtashni lozim koʻrdik.

Bob sarlavhasidan ham koʻrinayaptiki, “manzurlik” va “ommaviylik” sinonim soʻzlardek tushunilayapti. Holbuki, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da taʼkidlanganidek, “manzurlik” deganda, “kishilarga maʼqul boʻladigan, yoqib tushadigan” maʼnolar anglashiladi. “Ommaviylik” esa “ommaga, koʻpchilikka xos, xalq orasida keng yoyilmoq” tushunchasini beradi. Demak, “manzurlik” va “ommaviylik”ni farqlash maʼqulroqqa oʻxshaydi. Birida, adabiyot mazmunining taʼsirdorlik xislati gavdalansa, ikkinchisida, adabiyot vazifasi (shakli)ning insonshunoslikdan keyingi ikkinchi tomoni anglashiladi.

Izzat Sultonning “Adabiyot nazariyasi” (Izzat Sulton. Adabiyot nazariyasi. Toshkent. “Oʻqituvchi” nashriyoti, 1980 yil) darsligidan ham maʼlumki, rus tanqidchisi V. G. Belinskiy “Adabiyot soʻzining umumiy maʼnosi” asarida adabiyotning hamma tomonidan tan olingan ommaviylik xususiyatini alohida qayd etgan.

“V. G. Belinskiy taʼrificha, “adabiyot doimo ommaviylikka suyanadi, oʻz tasdigʻini jamiyat fikridan oladi”, u “faqat bilimdonlarning… yoki mumtoz havaskorlarning… kichik doirasi eʼtiboridan emas, balki butun xalqdan, eng kamida – xalqning maʼrifatli sinflarining eʼtiboridan madad oladi. Adabiyot butun jamiyatning mulkidir”. (9-bet.) Bu maqolada V. G. Belinskiy “ommaviylik” terminini omma ongini inʼikos eta biluvchilik maʼnosida ishlatadi. Izzat Sulton bu maʼno “keng oʻquvchilar auditoriyasiga moʻljallanganlikni ham oʻz ichiga qamrab olishini taʼkid eta”di. (124-bet.)

Hakimjon Karimov Izzat Sultonning ommaviylikka oid mulohazalarini siqiq tarzda qayta bayon qilar ekan, uning asosli fikrlarini rad etolmaydi. Lekin, tomdan tarasha tushganday, “ommaviylikka berilgan taʼrif sakta” (aslida, “sakta” soʻzi sheʼrda vazn jihatidan toʻmtoqlik, yetishsizlikni bildiradi) degan xulosaga keladi. Va, shu ishonchning taʼsirida Izzat Sultonni nooʻrin ayblay boshlaydi: “Domla Navoiy fikriga berilib ketganidanmi, yoki davrning qarashlari taʼsiridanmi (albatta, shunday boʻlsa kerak) bir oz hushyorlikni unutib, quyidagi mantiqqa zid fikrni ham yozib yuboradi: “Navoiy xuddi Pushkin kabi oʻz asarlarining kelajak avlodlar tomonidan qadrlanishini oʻz “Xamsa”sida orzu qiladi. Bu fakt ham ommaviylikka intilish – klassik adabiyot vakillarini faqat oʻz zamondoshlari uchungina emas, kelajak avlodlar uchun asar yozish vazifasiga koʻtarilganligini koʻrsatadi”.

“Demak, Izzat Sultonovning fikricha, oʻz ona tilida, keng ommani koʻzlab yozsa, ommaviy boʻladi. Ommaviylikning asosiy xususiyati shundan iborat… Lekin bu fikrlarga qoʻshilib boʻlmaydi”. (58-bet).

Izzat Sultonning yuqoridagi fikrida na Navoiyning, na davrning qarashlari taʼsiri bor. Hushyorlikni yoʻqotish ham, mantiqqa zidlik ham yoʻq. Balki, sanʼatkorning ommaviylikka intilishining isbotini koʻrsatuvchi fakt mavjud. U zamondoshlargagina emas, kelajak avlodlarga ham (ularning yoshi, jinsi, kasbi, ijtimoiy mavqeiga qaramasdan) tegishli ekanini, ularda ham qiziqish uygʻotishini, foyda yetkazishini, adabiy meros boʻlib qolishini taʼkidlovchi mantiqiy dalildir.

Adabiyotning ommaviylik xususiyati cheksiz, uni bir taʼrifga sigʻdirib boʻlmaydi. Shu bois ham ustoz Izzat Sulton unga taʼrif berishni lozim koʻrmagan.

Negadir, Hakimjon Karimov Izzat Sulton mulohazalarini oʻziga moslab izohlaydi: “oʻz ona tilida, keng ommani koʻzlab yozsa, ommaviy boʻladi. Ommaviylikning asosiy xususiyati shundan iborat” emish.

Holbuki, Izzat Sulton: “Adabiyotning ommaviylik xarakteri, yaʼni, adabiy asarlarni keng auditoriyaga moʻljallab yozish ehtiyoji xalqlar tarixida ajoyib bir hodisani – xalq tilida badiiy adabiyot uchun kurash harakatini keltirib chiqarish”ini (122-bet) taʼkidlaydi. Va, shu oʻrinda, bu fikrning isbotini keltiradi: “Dante italyanlarning lotin tilida (italyan xalqi uchun begona, kam tushunarli boʻlgan tilda) badiiy asarlar yaratishiga qarshi chiqib, ona tilida yozgan buyuk asarlari bilan jahon adabiyotini ham boyitadi”. (122-bet.) Ayni paytda: “Fors tili poetik asarlar yaratish mumkin boʻlgan birdan-bir til sifatida hukmron boʻlib turgan bir paytda, turkiy shoirlarning, shu jumladan, Alisher Navoiyning turkiyda” (qadim oʻzbek tilida) yetuk badiiy asarlar yaratishlari jahon adabiyoti xazinasini boyitishga olib kelganligini taʼkidlaydi. Buning asosiy sababi deb, Izzat Sulton “yozuvchi oʻz xalqining hayotida maydonga kelgan juda muhim sotsial, psixologik va axloqiy masalalarni yoritganda va yozuvchi tasvirining markazida turgan narsa – odam boʻlgani tufayli, asar mazmuni dunyodagi hamma kishilarni qiziqtiradigan umumiy masalalarni qamrab olishi”ni (107-bet), ularning yetuk badiiy ijrosini tushunadi.

Shu oʻrinda, Rasul Hamzatovning otasi Hamzat Sadasa bilan qilgan (otasining haq ekanligiga koʻp bor imon keltirgan) suhbatini eslash foydadan xoli emas:

“ – Oʻgʻlim, sen unchalik haq emassan. Sening uslubing va yoʻnalishing, sening feʼl-atvoring va axloqing sheʼrlaringda ikkinchi darajali boʻlishi kerak. Birinchi oʻringa esa, xalqingning feʼl-atvori va axloqi chiqishi shart. Avvalo, sen avarsan, togʻliksan, keyin Rasul Hamzatovsan. Misralaringda shunday ifoda qoʻllagansanki, hech bir togʻlik hayotda fikrini shunday ifodalamaydi. Agar sening sheʼriy misralaring togʻliklar ruhiga, feʼl-atvoriga begona boʻlsa, sening yoʻnalishing – yoʻnalishligicha qolib ketadi. Yozganlaring ehtimol chiroyli koʻrinar, qoʻgʻirchoqlardan ham chiroyli koʻrinar. Oʻzing yaxshi bilasan: agar bulut boʻlmasa, qor qayoqdan yogʻadi? Agar Dogʻiston va avar xalqi boʻlmasa, Rasul Hamzatov dunyoga kelarmidi? Xalqimizning asrlar sinovidan oʻtgan urf-odatlari boʻlmasa, shakllanarmidi?!” (Rasul Hamzatov. Mening Dogʻistonim. Toshkent. “tafakkur” nashriyoti, 2011 yil, 159-bet.)

Demakki, shoirni shoir, yozuvchini yozuvchi qiladigan narsa – xalq va uning hayoti: tarixi, ruhiyati, oʻzligi. Shu bois ham yoziladigan asarlarning barchasi xalq hayotidan oziqlanadi va xalqning barcha vakillari uchun “hayotiy darslik” tarzida bitiladi. Oʻtkir Hoshimov aytganidek, “Badiiy ijod shunday daraxtki, shoxida umuminsoniy mevalar yetiladi, ildizi esa milliy zaminda yotadi”.

Ha, sanʼatkor ijodida, uning chinakam asarida milliylik va umuminsoniylik bir vujuddan oziqlanadi. Milliylik qanchalik chuqur va yorqin ifodalansa, unda umuminsoniy xislatlar shunchalik ulugʻ va taʼsirchan qudrat kasb etadi: million-millionlarni insoniylik yoʻlida hamkorlikka chorlaydi, qalblar va onglarni birlashtirib ezgulikka, komillikka yetaklaydi.

Toʻgʻri, har qanday asarning taqdiri yozuvchining badiiy mahorati darajasiga bogʻliq. Bu fikrni Izzat Sulton ham darsligida toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Hakimjon Karimov esa, adabiyotning vazifalarini adabiyotning oʻziga xoslik xususiyatlari bilan aralashtirib yuboradi. Natijada, gʻalizroq mulohazalar yuritadi.

“Basharti, badiiy asar barchaga tushunadigan va saviyasiga moslab yozilsa, u oʻzining goʻzalligi, jozibadorligini yoʻqotadi. Chunki adabiyotni anglash xos kishilarning ishidir. Badiiy asardagi voqealarning qiziqarliligi emas, balki uning mohiyatini anglash, qahramonlari taqdiri, qismatidan maʼlum xulosa yasab, oʻzini saodat yoʻliga boshlashi, odam va olamning sir-asrorini anglashi xos kishilarga xos xususiyatdir. Oddiy omma adabiyotning bu iqtidorini hech qachon idrok etmaydi. Hatto hozirgi kunda ham “Navoiy” romani u yoqda tursin, “Oʻtgan kunlar” romani haqidagi tushunchasi Kumushning fojiasiga achinishu uning qotili Zaynabni qoralash, deb biladigan odamlarning soni juda koʻp. Hatto romanni oʻqimagan odamlar ham koʻplab topiladi…” (59-bet.)

Bu, endi, adabiyotni judayam joʻn tushunishning oqibati. XXI asrda, Oʻzbekistonda hamma savodxonlikka erishgan paytda, “oddiy omma adabiyotning iqtidorini hech qachon idrok etmaydi”, uni “anglash xos kishining ishi”, deb aytilsa, ajablanganingdan nima deyishni bilmas ekansan.

Axir: “Adabiyot fikr, tuygʻularimizdagi toʻlqinlarni soʻzlar, gaplar yordami bilan tasvir qilib, boshqalarda ham xuddi shu toʻlqinlarni yaratmoq” (Fitrat) emasmi?

Axir: “Asli, yozuvchilik aytmoqchi boʻlgan fikrni hammaga baravar anglata bilishda, oraga anglashilmovchilik solmaslik”da (Abdulla Qodiriy) emasmi?

Axir, badiiylik deganda, hayotni jonli va taʼsirli qilib qaytadan yaratish sanʼati, hayot hodisalari ustidan chiqargan “hukmi”, shu “hukm” ruhida tarbiyalash tushunilmaydimi?

Axir, kitobxonning, Hakimjon Karimov aytganidek, “Kumushning fojiasiga achinishu uning qotili Zaynabni qoralash”ga iqtidori yetsa, oʻzini ezgulikka toblagani shu boʻlmaydimi? Xuddi shu tushunchadagi “odamlarning soni juda koʻp” ekan, demak, “Oʻtgan kunlar” ommaviylik talablariga mos asar-da. Asar oʻquvchini hayajonga sola bilsa, hissiyotini larzaga keltirsa, ruhini tozalagan sanalmaydimi? Axir, “asar barcha tushunadigan va (oʻz davrining kitobxonlari – H. U.) saviyasiga moʻljallab yozilsagina jozibadorligini, goʻzalligini yoʻqotadi”, deyishni badiiy ijod qonuniyati rad etadi-ku! A. Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” va “Oʻtgan kunlar” tanqidi ustida baʼzi mulohazalar”idagi Yevropada moda boʻlgan, murakkab usulda yozishni talab qiluvchilarga bergan javobida, “xalqimizning saviyasini eʼtiborga olib” yozish lozim, degan sabogʻi hammaga maʼlum-ku! Shu asosda yaratilgan “Oʻtgan kunlar” XXI asrda ham oʻzining birinchi oʻrnini, taʼsirini, goʻzalligini, ommaviyligini yoʻqotmay kelayotgani haqiqat-ku!..

Hakimjon Karimov yuqoridagi fikrini: “Menga marhum isteʼdodli adabiyotshunos olim Taʼlat Solihov mashhur matematik olim, akademikning: “Taʼlatjon, sizlarga maza-da, bosh qotirmaysizlar, hamma oʻqiydigan narsani oʻqiysizlar-da, gapirib berasizlar”, deganini kuyinib gapirgan”ligi (59-bet) bilan dalillamoqchi boʻladi.

Matematik olimning fikricha, tayyor asarni oʻqib, mazmunini soʻzlab berish oson, bu vazifani har bir tinglovchi oʻzining ilgʻashiga bogʻliq tarzda bajarishi mumkin. Ha, bu toʻgʻri gap.

Lekin asar isteʼdodi bordan tugʻilishi, yurak qoni bilan yozilishi jarayoni gʻoyatda masʼuliyatli va nozik ekanligini hamma toʻliq anglab yetmaydi. Ayni paytda, oʻsha asar qaʼriga yashiringan maʼnoni, uning jozibasini, umrboqiylik sirlarini adabiyotshunos tahlil va tadqiq qila biladi. Hatto, minglab soʻzlar orasidan shoir tanlagan bitta soʻzning magʻzini “chaqish” orqali sanʼat va olamning koʻplab sirlarini ochib bera biladi.

Bu ishni bajarish boshqa sohaning akademigi qoʻlidan kelmasligi aksiomadir. Darvoqe, koʻp yillar Oʻzbekiston Davlat kinematografiya komitetida rais boʻlib ishlagan, akademik Aziz Qayumovning: “Latif Fayziyev yaratgan filmlarning hammasini birma-bir tahlil etish uchun oʻzimni boshqa kinoshunoslar bilan baravarman deb oʻylamayman, tomoshabin sifatida va shu sohada ishlagan odam sifatida fikr bildira olishim mumkin” (Raʼno Ibrohimova. Muloqot baxti. Toshkent. “Fan” nashriyoti. 2010 yil, 112-bet.) deyishlari ham mulohazalarimizga isbotdir.

Shunday boʻlgach, siz keltirgan “hangoma” koʻcha-koʻyning gapidek boʻlib, adabiyotning va adabiyotshunoslikning “dunyosi”ga daxldor boʻlolmaydi. “Holva degan bilan ogʻiz choʻchimaydi”, degan maqol bekorga aytilmaganligini xotirga keltiradi, xolos.

Bizningcha, har qanday asarning gʻoyaviy-badiiy qimmatini aniqlaganda, uning qaysi davrda yaratilganligini, tarixiy voqelik va ijtimoiy tuzum bilan aloqadorligini unutmaslik zarur. Chunki har qanday badiiy asarda oʻz davri odamlari va voqeligining, jamiyatining, siyosatining, bosh haqiqatining “tamgʻa”si boʻladi.

Shuningdek, har qanday qoidani ham, tushunchani ham mutlaqlashtirish, (oʻzgarmas, eskirmas) deyish unchalik toʻgʻriga oʻxshamaydi. Qadimgi yunon adabiyoti ham, garchi “butun insoniyatning mulki” boʻlsa-da, oʻtmishga aylandi… Maʼlumki, adabiyot bugun buyuk oʻzgarishlarni boshidan kechirmoqda, Istiqlol davri talablariga monand adabiyotga aylanmoqda. Lekin hammavaqt ham yozuvchining inson va uning qalbini kashf etish mahoratini oʻrganish, uning sirlarini ochish – foydadan xoli emas. Uning yozganlarini “chiqit”ga chiqarishdan koʻra, tanqidiy yondashib, oʻziga xos badiiy mahorati “magʻzi”ni oʻrgangan foydaliroqdir.

Hakimjon Karimov “Adabiyot nazariyasining ilmiy asoslari” oʻquv qoʻllanmasining uchinchi bobini shunday yakunlaydi: “Qolaversa, Izzat Sulton taʼkidlaganidek, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Navoiy asarlari oddiy ommani nazarda tutib yozilmagan, balki xos kishilar, yaʼni, dostonlarida, sheʼrlarida nazarda tutgan gʻoyani anglaydigan, ular zamiridagi mohiyatni idrok etishga qodir va ularni boshqalarga yetkazish iqtidoriga ega kishilarni nazarda tutib yozilgan. Adabiyotni anglash oddiy ommaning emas, xos kishilarning ishidir. Adabiyot bunday kishilarni saodatga yetaklaydi, ularni komil qiladi. Shundan badiiy asarni ommaviy deyishlikning oʻzi mantiqqa zid. Masalan, Navoiy sheʼriyati hech qachon ommaviy boʻlmagan, hozir ham ommaviy emas. Chunki oddiy omma bu yoqda tursin, adabiyot mutaxassislarining barchasi ham uning sheʼriyatining magʻzini chaqa oladi, deyishlik dushvor. Chaqa olganlarni esa sheʼri oʻziga sehrlab oladi. Negaki, u fikrlar umonidir. (“umon” soʻzining maʼnosi yoʻq; “ummon” (dengiz) boʻlsa kerak – H. U.) Shu nuqtai nazardan “Adabiyot nazariyasi”dagi ommaviylik atamasini ommaviylik deb emas, balki manzurlik deb, unga quyidagicha taʼrif bergan maʼqul. Yaʼni har qanday millatdagi, toifadagi odamni komillik sari qadam tashlashga koʻmak beradigan, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishga yoʻnaltirilgan hayotbaxsh, umumbashariy gʻoyalar bilan yoʻgʻrilganligi, voqealari va qahramonlarining oʻylari xatti-harakatlari, his-tuygʻulari, ehtiroslari jozibali boʻlib, insoniy, tabiiy, hayotiy boʻlgani uchun millionlab odam va olam sirlarini anglash uchun kishilarga manzur boʻlishlik. Manzurlik deganda shunday iqtidorga ega asarni tushunmoq lozim”. (60-61 betlar.) Oʻz fikr va mulohazalarini yetarli isbotlay olmagani bois, Hakimjon Karimov nazariyotchi olim Izzat Sultonni yordamga chorlaydi, u kishi aytgan “ommaviylik” haqidagi mulohazalarning teskarisini yoqlagandek qilib – (“Izzat Sulton taʼkidlaganidek”) “badiiy asarni ommaviy deyishlikning oʻzi mantiqqa zid”, degan fikrni oʻquvchiga singdirmoqchi boʻladi. Izzat Sultonga “ilmiy mantiqqa amal qilmaydigan olim” tamgʻasini yopishtirishga koʻr-koʻrona harakat qiladi. Goʻyo “oʻzimdan boshqa odam Izzat Sultonning “Adabiyot nazariya”sini bilmaydi”, degan oʻy-mulohazadan kelib chiqqan tadqiqotchiga oʻxshab ish koʻradi. Bu tanqidiy etikaga tamoman xilofdir.

“Navoiy sheʼriyatini ommaviy emas… uning magʻzini adabiyot mutaxassislarining hammasi ham chaqa olmaydi… u fikrlar ummoni”, degan mulohazalarga kelsak, bu yerda adabiyot bilan adabiyot haqidagi ilmni farqlamaslik yaqqol koʻzga tashlanadi. Adabiyotning vazifasi – badiiylikka asoslanib, odamlarning hislarini qoʻzgʻatish, “tuygʻularimizdagi toʻlqinlarni” uygʻotmoq orqali hayajonlantirish, qalbni harakatga keltirish orqali uni komillikka yetaklash ekan, bundan (Navoiy sheʼriyatidan) hech kim bebahra qolmaydi. Navoiy asarlarini chuqur va ilmiy anglash, uning ipidan-ignasigacha magʻzini chaqish, zamonamizga aloqadorligi va tushunishning qiyinligi sabablarini ochish ommaning emas, adabiyotshunoslarning, navoiyshunoslarning vazifasidir.

Nihoyat, “manzurlik” atamasiga berilgan taʼrif, bizningcha, taʼrif qonun-qoidalariga unchalik mos kelmaganday taassurot qoldirdi.

Birinchidan, “manzurlik”ka berilgan taʼrif “pishmagan”ligi sababli, uning nuqsi uslubiy gʻalizlikda ham, imlo xatolarda ham koʻpchilikka yaqqol koʻrinib turibdi. Uning tahlilidan chekinishni maʼqul koʻrdik.

Ikkinchidan, “manzurlik” va “ommaviylik” atamalarining bir-biridan katta farq qilishini, bir maʼno va uning nozik ohanglarini ifoda qiladigan ikkita soʻzning boʻlmasligini yuqorida eslatgan edik. Shunga va yuqoridagi mulohazalarimizga tayangan holda “manzurlik” atamasini bunday holida adabiyot nazariyasiga bogʻlashning ilmiy asosini koʻrmadik, foydadan koʻra, koʻproq chalgʻitishini, adabiyotning ommaviyligiga raxna solishini isbotlashga intildik. Chunki “ommaviyliksiz “adabiyot” soʻzi maʼnosiz tovush, qalbsiz vujuddir”. “Ommaviylik, badiiy asarlarning jamiyat uchun hammabopligi maʼnosida, adabiyot tirikligining eng asosiy belgilaridan birini tashkil qiladi”. V. G. Belinskiy qayd etgan mazkur haqiqatlarni rad etishga ehtiyoj yoʻq.

Shu bois, ushbu mulohazamiz asnosida baʼzi xulosa va saboqlar ham chiqardik:

  1. “Adabiyot nazariyasining ilmiy asoslari”ni oʻrgatish chuqur bilimlar asosiga qurilishi kerak. Uning nashrida jiddiy masʼuliyatni unutmasdan, “Yetti oʻlchab bir kes”gan maʼqul.
  2. Oʻzingdan oldin yaratilgan ilmiy va nazariy baquvvat asarlarga tayanish, tayanganda ham ehtirom va hurmatni yoʻqotmasdan baholash lozim. Izzat Sultonovning “Adabiyot nazariyasi” darsligi bugungacha muhim qimmatga doxil boʻlib, bir necha avlod nazariyotchilari uchun ilmda namuna ekanligini mardona tan olib, uni isbotlanmagan ayb va nuqsonlardan, zoʻraki chiranishlardan baland tutish ahamiyatga molikdir. Shuning uchun ham oʻtgan ulugʻ olimlarni, ustozlarni ardoqlash, eʼzozlash oʻzlikni anglashning bir qirrasidir, degan hikmatomuz fikr bor.
  3. Filologiya fanlari doktori, professor Hakimjon Karimovning mazkur qoʻllanmasi “Yangi nashr” nashriyotida 2010 yilda chop etilgan. “Manzurlik (ommaviylik)” nomli uchinchi bobida “Adabiyotlar” koʻrsatilar ekan, unda Izzat Sultonning “Adabiyot nazariyasi” (Toshkent. “Oʻqituvchi” nashriyoti. 2005 yil) darsligi ham qayd etiladi. Bu darslik 1980 yilda ham chop etilgan. Biroq, muallif bu darslikka, uning soʻnggi nashriga suyanmasdan, “Adabiyot nazariyasi” (1-tom. Toshkent. “Fan” nashriyoti. 1978)dagi “Adabiyotning spetsifikasi” maqolasiga munosabat bildiradi. Holbuki, ilmda eng soʻnggi nashrdagi adabiyotga tayanish lozimligi aksiomadir.
  4. “Filologiya fakulteti magistrlariga va adabiyotshunoslik masalalari bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarga moʻljallangan” mazkur oʻquv qoʻllanmaning bir bobi misolidagi chalkashliklar shuncha boʻlsa, uni taqrizchilar, muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari sezishmaganmikan? Balki ular toʻgʻri va asosli maslahatlar berishganda, magistrlar va adabiyotshunoslik ixlosmandlariga adabiyotimizning nazariyasi ilmiy asoslarini chalkashliklardan, xatoliklardan, gʻalizliklardan saqlagan holda, foydali boʻlgan qoʻllanmaga aylantira olishardi.

Oʻylaymizki, muallif aytilgan xolis mulohazalarimizni toʻgʻri qabul qiladi va oʻquv qoʻllanmaning qayta nashrida uning puxta, pishiq, ilmiy-nazariy jihatdan chuqur va asosli boʻlishiga jiddiy eʼtibor qaratadi.

 

Hotam UMUROV,

filologiya fanlari doktori,

professor

 

“Sharq yulduzi”, 2012–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adabiyot-hayot-darsligi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x