Asta-sekin “globalizm” fenomeni haqidagi tasavvurlarimiz ham kengayib, tiniqlasha boshlayapti. Oddiy turmush va tafakkur tarzimizdan tortib ijtimoiy muomala va munosabatlarimizgacha, kundalik moddiy ehtiyojlarimiz va manfaatlarimizdan boshlab ichki va tashqi siyosiy-iqtisodiy munosabatlarimizgacha keng qamrovli, oʻta murakkab ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni oʻz ichiga oladigan globallashuv hodisasining asl maqsad va maromi, falsafiy mohiyatini anglay boshlaganimiz sayin tashvishli savollarimiz ham koʻpayaveradi: yangi davr chegarasida tarixiy borligʻimiz, milliy oʻzligimizning mahsuli boʻlmish Tamaddunimiz qay tomonga qarab rivojlanishi kerak? U rivojlanadimi yoki yoʻqolib ketish xavfi ham bormi?
Mutaxassislarning aniqlashlaricha, globallashuvning qudratli toʻlqinlari dunyodagi 2000 ga yaqin millat va elatlarning milliy tilini “yuvib ketishi” ehtimoli bor ekan. Maʼlumki, milliy til dunyodagi koʻpgina mamlakatlarning davlat tili ham hisoblanadi. Demak, agar milliy til “yuvilib” ketsa, “davlat tili” degan tushuncha ham oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketishi mumkin ekan-da?
Agar madaniyatlarni Yagona jahon tamadduniga aylantirish yoʻlidan boradigan boʻlsak, bu muammo oʻz yechimini topa oladimi? Agar bunga “ha” deb javob berilsa, millionlab qalbi uygʻoq insonlar “Qaysi jahon?”, “Qaysi tamaddun?” degan savollarga mantiqiy javob berilishini talab qilmaydilarmi? Agar “yoʻq” deb javob berilsa-chi?
Tarixga nazar soladigan boʻlsak, globallashuv yangi hodisa emasligi, balki insoniyatning koʻp asrlik tarixida unga oʻxshagan jarayonlar doimiy ravishda yuz berib turganiga amin boʻlamiz. Jumladan, Buyuk ipak yoʻli faoliyati, ellinizm, xristianlik va Islom madaniyatlarining bir necha mintaqalarga tarqalishi, garchi hozirgi globallashuvdan farqli ravishda muayyan hududlar va sohalar bilan cheklangan boʻlsa-da, oʻtmishda yuz bergan siyosiy, iqtisodiy va madaniy globallashuv unsurlarini oʻzida mujassam etgan edi. Shunga koʻra, oʻtmishda yuz bergan globallashuv tajribalaridan xulosa chiqargan holda, bugungi davr globallashuviga boʻlgan munosabat va yondashuvni toʻgʻri shakllantirish imkoni yuzaga keladi.
Globallashuv jarayonida til milliy madaniyat faktorining asosiy atributi sifatida maydonga chiqadi va global madaniyat faktori oʻrtaga tashlayotgan yoki taqozo qilayotgan global til yoʻliga qoʻyilgan ilk toʻsiqqa aylanadi.
XX asrning oxirgi choragidan boshlanib, hozirgi kunlarda ham davom etayotgan globallashuv jarayoni siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha sohalari kabi til sohasini ham qamrab olgan boʻlib, globallashuvning milliy tilga taʼsiri masalasi bugungi kundagi dolzarb muammolardan biriga aylanib bormoqda. Globallashuv oʻzining ijobiy va salbiy tomonlariga ega boʻlgan murakkab jarayon sifatida, barcha sohalarda boʻlgani kabi, til sohasida ham chuqur oʻylab koʻrilgan yondashuvni talab qiladi.
Globallashuvning til bilan bogʻliq jihatlarida ushbu jarayonning ana shu ikki tomoni – ijobiy va salbiy tomonlari koʻzga tashlanadi: globallashuv jarayoni muayyan til yoki tillarni mintaqaviy yoki xalqaro tilga yoki tillarga aylantirish orqali, bir tomondan, turli tillarda soʻzlashuvchi xalqlar oʻrtasida oʻzaro muomala koʻprigi yaratsa, ikkinchi tomondan mintaqaviy yoki xalqaro til yoki tillarning milliy tillarga taʼsiri, jumladan, milliy tilda chet tillari leksik va boshqa unsurlarining koʻpayishi, milliy tilning qoʻllanish doirasining qisqarishi va hatto milliy tilning butunlay yoʻqolib ketishi muammosini keltirib chiqaradi. Aytib oʻtish lozimki, mintaqaviy yoki xalqaro maqomga ega boʻlgan tillarning milliy tilga taʼsiri ikki yoʻl orqali: birinchidan – boshqa davlatlar va xalqlar bilan muayyan mintaqaviy yoki xalqaro til vositasida muloqot (oʻzaro tashriflar, uchrashuvlar, birgalikdagi yigʻinlar, qoʻshma dasturlar va loyihalar va boshqa qoʻshma tadbirlar koʻrinishida) qilish, ikkinchidan – bugungi axborot asrida bosma va elektron axborot manbalarida mintaqaviy yoki xalqaro tillardagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va boshqa turdagi axborotlardan foydalanish jarayonida yuz beradi. Shu oʻrinda mintaqaviy va xalqaro tilning har doim ham davlatlar va xalqlar oʻrtasidagi munosabatlarda yagona yoki asosiy aloqa tili boʻlolmasligini, bunday munosabatlarda tarjima vositasida milliy tillardan ham keng foydalanilayotganligini eslatib oʻtish lozim. Biroq, globallashuv jarayonidagi milliy til bilan bogʻliq muammolar faqatgina xalqaro yoki mintaqaviy tilning milliy tilga taʼsiridangina iborat emas. Axborot texnologiyalari katta surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan, turli tillardagi turli adabiyotlarni milliy tilga tarjima qilish hajmi oʻtgan davrlarga nisbatan keskin oshib borayotgan bugungi kunda tarjimaning ham milliy tilga boʻlgan taʼsirini unutmaslik lozim.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishib, jahonga yuz ochgan, turli davlatlar bilan keng miqyosli munosabatlar oʻrnatgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi va uzviy bir qismiga aylanib borayotgan, natijada esa globallashuv jarayonida bevosita ishtirok etayotgan bugungi kunda, birinchidan, oʻzbek tilining Oʻzbekiston Respublikasidagi davlat, millatlararo muomala, biznes, madaniyat va ilm-fan tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash, ikkinchidan, oʻzbek tiliga boshqa tillarning leksik va stilistik unsurlarining keng kirib kelishining oldini olish orqali ona tilimiz sofligini saqlash dolzarb masalalar jumlasiga kiradi.
Globallashuv jarayonida oʻzbek tiliga taʼsir oʻtkazishi mumkin boʻlgan tillar toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak, bugungi kunda sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda rus tili mintaqaviy til maqomini saqlab turganligi, ingliz tilining esa mazkur davlatlar uchun xalqaro til mavqeini toʻla egallab boʻlganligini eslatish lozim. Yaʼni bugungi kunda Oʻzbekiston va oʻzbek xalqi-ning boshqa davlatlar va xalqlar bilan munosabatlari – oʻzaro tashriflari, uchrashuvlari, birgalikdagi yigʻinlari, qoʻshma das-turlari va loyihalari hamda boshqa qoʻshma tadbirlari Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi hududida asosan, rus tilida, ushbu mintaqadan tashqarida esa asosan, ingliz tilida amalga oshmoqda. Biroq, yuqorida aytib oʻtilganidek, rus va ingliz tillari har doim ham mintaqa davlatlari va xalqlarining oʻzaro munosabatlarida yagona yoki asosiy aloqa tili boʻlib qolayotgani yoʻq. Bugungi kunda Oʻzbekistonning bir qator davlatlar, jumladan, Osiyo va Afrika mamlakatlari bilan aloqalarida milliy tilimiz – oʻzbek tili tarjima vositasida keng qoʻllanilmoqda. Shu oʻrinda eslatib oʻtish lozimki, globallashuv sharoitida davlatimizning boshqa davlatlar bilan munosabatlarida ona tilimizning qoʻllanilishi oʻsha davlatlar tillarini yaxshi biluvchi professional oʻzbek tarjimonlariga ega boʻlishimizga bogʻliq boʻlib qolmoqda.
Mamlakatimizning boshqa davlatlar va xalqlar bilan boʻlgan munosabatlarida boʻlgani kabi, mamlakatimiz aholisining xorijiy va xalqaro bosma hamda elektron axborot manbalaridagi turli siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va boshqa turdagi axborotlardan foydalanishida ham rus va ingliz tillarining salmogʻi katta ekanligi kuzatilmoqda. Shuning bilan birgalikda koʻplab Yevropa (frantsuz, nemis, italyan, ispan va hokazo.) va Osiyo (xitoy, yapon, koreys, turk, arab, fors, hind, urdu va hokazo.) tillaridan oʻzbek tiliga koʻplab badiiy va ilmiy tarjimalar amalga oshirilmoqda.
Ulugʻ maʼrifatparvarimiz Abdulla Avloniyning “Hifzi lison”, yaʼni “tilni saqlash” nomli maqolasi bor. Bu oʻrinda, tabiiyki, Avloniy birinchi nav-batda ona tili – milliy tilni saqlash muammosini nazarda tutgan. U bu haqda shunday yozadi: “Hifzi lison deb har bir millat oʻz ona tili va adabiyotini saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”. Demak, biz ingliz yoki boshqa jahon tillarini ing-liz yoki boshqa xalq vakiliga aylanib qolish uchun emas, balki milliy oʻzligimizni saqlash va pirovard natijada oʻzbek boʻlib qolishimiz uchun ham oʻrganishimiz kerak boʻladi. Zero, “bobolarimiz yetushgʻon va yaratgan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. Oʻz uyimizni qidirsak va axtarsak, yoʻqolganlarini ham topurmiz. “Yoʻqolsa yoʻqolsun, oʻzi boshimga tor edi”, deb Ovrupo qalpogʻini kiyib, kulgi boʻlmak zoʻr ayb va uyatdir. Haqiqatdan ham Yurtboshimiz taʼriflaganlaridek:”oʻzlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar oʻrtasidagi ruhiy-maʼnaviy bogʻliqlik til orqali namoyon boʻladi”.
Milliy til avlodlarni bir-biri bilan bogʻlab turadigan silsiladir, bu silsilani uzish oʻz ildiziga bolta urish bilan barobar hisoblanadi. Milliy til yoʻqlikka mahkum etildimi, millatning maʼnaviy poydevoriga darz ketadi, avlodlar oʻrtasidagi ruhiy-maʼnaviy robita yoʻqoladi. Xudoga ming qatla shukrki, oʻzbek tili kechagina tarix sahnasida paydo boʻlgan til emas. Bu tilning Mahmud Qoshgʻariy va Mahmud Zamaxshariy, Yusuf Xos Hojib va Xoja Ahmad Yassaviy, Hazrat Navoiy va Mirzo Bobur, Fitrat va Choʻlpon, Abdulla Avloniy va Abdulla Qodiriy… kabi yuzlab qubbalari va shohminorlari bor. Oxirgi ming yillikda bu tilda buyuk bir adabiyot, teran bir falsafa yaratildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng esa oʻzbek tilining nafaqat davlat tili sifatidagi maqomi mus-tahkamlandi, balki uning xalqaro miqyosdagi obroʻ va nufuzi ham oshdi. Buning barchasi ona tilimiz – davlat tilimiz hukumatimizning doimiy diqqat markazida boʻlib kelayotganidan darak beradi. Davlat tiliga qaratilayotgan eʼtibor turli qonun va qarorlar, Prezidentimizning nutqlari va asarlari, shuningdek, hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Ayniqsa, yaqinda Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish” toʻgʻrisidagi Farmoni davlatchiligimiz tarixi va xalqimizning maʼnaviy hayotida buyuk bir voqeaga aylandi va bu tarixiy hodisa nafaqat ilmiy va adabiy jamoatchilik, balki butun Oʻzbekiston xalqi tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi. Zero, bunday bir ulugʻ dargohning taʼsis etilishi tarixini ardoqlaydigan, oʻzligini hurmat qiladigan xalqning asriy orzu-armoni edi. Ishonchimiz komil: yaqin kelajakda ushbu ilmu urfon markazida soat sayin sayyoramizning uzoq goʻshalarigacha kirib borayotgan ona tilimiz – oʻzbek tili va adabiyotini yanada rivojlantirish, yuksaltirish, qoʻllanish doi-rasini kengaytirish va hozirgi globallashuv jarayonlarining kuchli toʻlqinlariga mardonavor bardosh bera olish imkoniyati tugʻiladi.
Oʻzbekiston aholisining xorijiy tillarni oʻrganishi, birinchidan, jahon xalqlari bilan iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalarning rivojlanishiga, ikkinchidan, xorijiy va xalqaro bosma hamda elektron axborot manbalaridagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va boshqa turdagi axborotlardan foydalanish imkoniyatining kengayishiga sabab boʻladi. Bundan tashqari globallashuv jarayonida muayyan tillarning milliy tilga taʼsiri natijasida milliy tilga nafaqat yangi soʻz va atamalar, balki milliy tildagi muqobillari beriladigan yangi tushunchalarning ham kirib kelishi, yaʼni milliy tilning yangi tushunchalar bilan ham boyishi yuz berishini, jumladan, oʻzbek tiliga kirib kelgan “siyosiy (iqtisodiy) sheriklik”, “qoʻshma korxona”, “uyali aloqa” kabi koʻplab yangi tushunchalar aynan globallashuv davri mahsullari ekanini unutmaslik lozim. Mamlakatimizda xorijiy tillarni bilish darajasi kundan-kunga oshib borayotgan bugungi davrda yurtdoshlarimizning ona tilimiz bilan bir qatorda xorijiy tillardagi turli, jumladan, iqtisodiy va ilmiy axborotlardan keng foydalanishlari oddiy holga aylanib bormoqda. Xorijiy tillarni bilish darajasining oshib borayotgani oʻzbek tilidagi manbalarning boshqa tillarga tarjima qilish hajmining ham oshib borishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa nafaqat xalqimizning jahon bilan yaqindan tanishishiga, balki yurtimiz va xalqimizning jahonga keng tanitilishiga ham olib kelmoqda. Bu borada hukumatimizning oʻquv yurtlarida xorijiy tillarni oʻrgatishni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlari muhim oʻrin tutmoqda.
Jaʼfar XOLMOʻMINOV,
falsafa fanlari nomzodi, OʻzDJTU dotsenti
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/globallashuv-jarayonida-milliy-til-faktori/