Baxshili el – botir el

Baxshilar bashariyat kuychisi, ajdodlar merosini asrlar osha boyituvchi, oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining chinakam xazinabonlari, tugʻma sozanda, badihagoʻylik sanʼatining yorqin yulduzlari deya eʼtirof etilishlari bejiz emas. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli va Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Poʻlkan va Islom shoir, Umar baxshi va Qodir baxshilarning izdoshi boʻlgan Qahhor baxshi Rahimovning umr bekatlarida betakror kechinmalar “Hurriyat” muxlislarini ham befarq qoldirmasligi shubhasiz!

Baxshichilik sanʼatining peshqadam vakili, goʻzal Oʻzbekistonimizning buguni va ertasini, shaʼni-shukuhini avj pardalarda tarannum etayotgan qahramonimiz, bugungi kunda Oʻzbekiston baxshilarining sardori hamdir.

Qahhorbaxshi 1957-yil Qashqadaryo viloyatining, Dehqonobod tumanida tugʻilgan. Oʻzbekiston xalq baxshisi. Nufuzli YUNYeSKO tashkiloti oʻtkazgan xalqaro koʻrik-tanlov sovrindori, Markaziy Osiyo baxshi shoirlar, oqin va jirovlar koʻrik-tanlovining bir necha bor gʻolibi. Qahhor baxshining “Yodgor”, “Qoʻngʻirot”, “Ahmad Yassaviy” dostonlari, “Mangulik javohirlari” terma va sheʼriy toʻplami nashr etilgan.


 

BOLALIGIM-PODSHOLIGIM

– Men Qodirbaxshi Rahimov xonadonida dunyoga kelganman. Onamning aytishlaricha, roʻzgʻor ishlari bilan andarmon boʻlganlarida, beshikda yigʻlagan paytlarim otam doʻmbirasini chalib meni ovutarkanlar. Toʻrt yoshga yetganimda, otam togʻamiz Rajab shoirga aytib doʻmbira yasatib, keltirib berganlar. Oʻsha doʻmbira bilan to oʻsmir yoshimgacha katta-kichik davralarda termalar kuylab yurganman. Hozir ham oʻsha doʻmbirani otamdan xotira sifatida asrab olib qoʻyganman. Otam aytardilar: “ – Oʻgʻlim doʻmbirani shunchaki qoʻlga olib boʻlmaydi, ulugʻ aziz-avliyolarga sigʻinib, ustozlar haqqiga duolar qilib keyin doʻmbirani ushlash kerak. Ana shunda doʻmbira senga osmon darvozasining kalitini beradi”.

Shu oʻrinda bolaligimda ongimga oʻzining oltin muhrini bosib ketgan bir voqeani aytib oʻtmasam boʻlmaydi. Bilasizki, Dehqonobod tumani kengliklar, adirlar qirlardan iborat hudud. Yetti-sakkiz yoshlik paytimda qoʻzichoqlardan xabar olish uchun dashtga chiqsam, mendan ellik metrlar narida bir oppoq soqolli nuroniy bobo doʻmbira chalib, huzurbaxsh bir ovozda kuylayapti. Yaqinlashib borganim sayin ichimdagi qoʻrquv yoʻqolib, oʻz-oʻzimdan koʻnglim nurlanib bordim. Ohang sehridan mast boʻlib, nuroniy otaxonning qarshisiga qanday borib qolganimni oʻzim ham bilmayman. Koʻzimni ochganimda atrofimda hech kim yoʻq edi. Tushimmi yo oʻngimmi, deb hayron boʻlganman. Buni onamga aytganimda, oʻsha paytda bu haqda hech kimga aytmasligimni tayinlaganlar. Hali hanuz oʻsha nuroniy boboni tushlarimda koʻrib chiqaman.

Yaratganning qudratini yanada teranroq his qilaman desang, togʻlarga chiq deganlaridek, aslida ham, badihagoʻy baxshining ruhoniyati, maʼnaviy olami, muqaddas qadamjolardan kuch-quvvat oladi, yuksaladi.

 

YOSHLIK – BEBOSHLIK

– Yoshlikni mashoyixlar bekorga inson umrining bahoriga qiyoslashmas ekanlar. Men ham hayotimning bu davrida, dongʻi butun markaziy Osiyoni tutgan Qodirbaxshining zurriyodi-dilbandi boʻlib, bu faslning anvoyi iforlaridan, mushk-anbarlaridan baxtiyor, tamoman baxt-iqbol nashʼasining toza suvlaridan qonib-qonib yurganimda daʼfatan osmon boshimga qulab tushgan. Kutilmaganda bogʻimdagi chamanzorimni Abdulla Qodiriy taʼbiri bilan aytganda bir mahluq kelib payhon qilgan, charaqlab turgan quyoshimni qora bulut ilkis kelib toʻsganki… padaribuzrukvorimdan ayrilib qolganmiz.

Oʻsha mashʼum kun tongda otam toʻyga otlanayotganda Norxol momomiz tush koʻrganlar. Koʻrgan tushlaridan qoʻrqib otamni toʻyga bormaslikka harchand undasalar ham koʻndirolmaganlar. Otam toʻydan qaytayotganda avtohalokatga uchrab 49 yoshida halok boʻlganlar. Shu mudhish voqeadan bir hafta oldin qishlogʻimizda boʻlgan bir yigʻinda xuddi xayrlashganday qilib – Meni yoʻqlaydi ellarim, bukchayib borar bellarim, Qoʻl bilan topgan pullarim, Jigar kunimni bilmadim… deb terma aytdilar. Hamma hayron boʻlib qoldi, Qodirbaxshi nega bunday aytdi deb. Yana bir hodisa boʻlgan, Surxondaryoga toʻyga borayotganimizda Shodmonbaxshi bilan men mashinaning orqasida, oldida otam Qodirbaxshi ancha yoʻlgacha jim, xayol surib bordilar-da, bir mahal aytdilar: – Endi mening 60 yilligimni oʻzlaringiz oʻtkazasizlar-da, – deb. Biz deyarli baravar, nega unday deysiz, dedik. Otam esa begim oʻtsa bekcham bor, yurt egasiz qolmaydi, norim oʻlsa norcham bor, yukim yerda qolmaydi, dedilar. Biz hayron boʻlib yoqamizni ushladik… Donishmand otam tez orada chin dunyoga ketarini bilganmikin, deyman oʻylab-oʻylab.

Hayot esa oʻz yoʻlida, oʻz shamollari bilan davom etaverdi. Qodirbaxshi kuylagan soʻzlar saltanatining shogirdlari tilida, muxlislari dilida kundan-kunga, yildan-yilga qimmati, hikmati, oshib boraveradi.

 

YeTUKLIK BEKATI

Yeldek uchib ketayotgan vaqt, umrning tez surʼatlar bilan ilgarilab borishi, insonning yoshini ulgʻaytirishi bilan birga, tuygʻularini, qarashlarini ham charxlab, tarashlab boradi. Hayot, yashash haqidagi kechagi xulosalaringni, bugun boshqacharoq fikrlaysan, mulohaza qilasan.

Bugungi yoshlarga qarab turib havasim keladi. Qanday dorilomon, jannat zamonda, qanday farovon Vatanda yashayapmiz… Isteʼdod uchun, ijod uchun, oʻzingni, oʻzligingni namoyon qilmogʻing uchun barcha imkoniyatlar, sharoitlar yaratilgan Vatanda umr guzaronlikdan ham ortiqroq baxt bormi insonga?! Dunyo maydonlarida Oʻzbekning madhiyasi yangrayapti, Oʻzbekistonning bayrogʻi hilpirayapti, koʻrib, kuzatib turib yuraging hapriqib ketadi! Bizning yurtimizni dunyo taniyapti, dunyo tan olayapti. Beixtiyor tilingga soʻz quyilib keladi:

 

Istiqloldan kuylay quvnoq ohangda,

Koʻp oʻzgarish boʻldi har bir sohangda,

Qancha zamon oʻtsa hamki jahonda,

Bizning davrimizday davron boʻlmagan…

 

Vatanni gullatgan halqimga balli,

Dunyoga tanitgan taʼlimga balli,

Samarqand yulduzi bilimga balli,

Biz topgan yulduzga gumon boʻlmagan!

 

Qahhorbaxshi aytar terma dostonni,

Dilida ardoqlab Oʻzbekistonni

Jannat deb ardoqlar choʻlu-boʻstonni,

Jahonda bundayin doston boʻlmagan!

Bizning davrimizday davron boʻlmagan!

 

Ozoda BEKMURODOVA

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/baxshili-el-botir-el/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x