Fikr va zikr

(til haqida mulohazalar)

 

***

Tilning gʻaribligi – tafakkurning qashshoqligidan.

 

***

Tiling boʻlmasa, gapirib nima qilasan?

 

***

Yo rabbiy! Oʻz tilida fikrlay olmaydigan kishilar, oʻz tilida yoza olmaydigan “yozuvchilar”, oʻz tilida oʻqiy olmaydigan oʻquvchilar, oʻz tilida ilm yarata olmaydigan olimlar, oʻz tilida vaʼz oʻqiy olmaydigan voizlar, oʻz tilida kuylay olmaydigan xonandalar paydo boʻldi… Sanʼatkorlarimiz, notiqlarimiz, ahli hunarmand, ahli fuqaro, ahli hukamo va ahli fuzalo – oʻz tilida “bir nima” deya olmasa…

 

***

Axloqsiz va battol odamlarga beriladigan har xil tanbeh, xayfsan, jazo choralari sirasiga ularni bir xilda fikrlash, sidirgʻa, kitobiy soʻzlashga majbur qilishni ham kiritish kerak, deb oʻylayman. Bu eng ogʻir jazolardan biri boʻlar edi!

Chamasi, tilni buzganligi uchun jarima tayin etish kerak. Ana oʻshanda hozir turnaqator boʻlib bosilib chiqayotgan yuzlab kitoblar, risolalar taqqa toʻxtaydi. Odamlarning qulogʻi tinadi. Qogʻoz tejaladi…

 

***

Alam qiladigan joyi shundaki, mening “qavmlarim” – tarjimonlar ham tilni bulgʻashda tobora jazavalari tutib, xuruj qilmoqdalar. Tarjimani sanʼat deymiz. Unday boʻlsa, nima uchun “tarjima tili” deganda hammaning peshonasi tirishadi?..

 

***

Oʻzbek tili haqida yozuvchi kishi yozuvchi boʻlishi kerak. Bu bilan til haqida… roman yozilsin, demoqchi emasman. Demoqchimanki, oʻzbek tili haqida oʻzbek tilida yozish zarur. Toki bizning yozganlarimizni “tarjima” qilishga toʻgʻri kelmasin.

 

***

Oʻz tilida xirgoyi qilish nimaligini bilmaydigan, oʻz tilida oʻz dilbandiga alla aytolmaydigan, oʻz tilida duoyi xayr, duoyi bad aytolmaydigan, munojot, nido qilolmaydigan va hatto oʻz tilida… tush koʻrolmaydigan bir talay odamlar paydo boʻldi!

 

***

Men soʻzshunos professordan koʻra didli muharrirni afzal koʻraman. Chunki professor – koʻp, yaxshi muharrir esa –… Hozir Oʻzbekistonda zoʻr muharrir kim? Qani, nomma-nom ayting-chi?..

 

***

Begona tilning grammatikasi avaxtasiga tushgan fikr oʻzining har qanday maʼnosidan mahrum boʻlibgina qolmaydi, balki oʻquvchini kalom tuygʻusidan bezdiradi, soʻzning taʼsirchanlik, safarbarlik kuchini qirqadi… Soʻz oʻzining soʻzligidan mahrum boʻlib, his-tuygʻusiz shartli tamgʻaga aylanadi.

 

***

Koʻp tilshunos olimlarimizning bisoti – tili sanoqli atamalar majmuasidan iborat. Shu bisotdan tashqarida ular – yoʻq.

 

***

Bu ilmiy kitobni insoniy tilga “oʻgirilsa”, butun maʼnosi va taʼsiri yoʻqoladi. Ilm boʻlmay qoladi. Vassalom.

 

***

Oʻzbek tili, oʻz lugʻaviy tarkibi tarafidan ham, poytaxt Toshkentni eslatadigan boʻlib qoldi. Qanday yaxshi!..

Biz bola tarbiyasi, didni oʻstirish, oʻsayotgan niholga shakl berish, tabiatni muhofaza qilish, oʻrmon, koʻl, dengizlarni asrash haqida (kechikib boʻlsa ham!) oʻylay boshladik. Yirtqichlar, baliqlar, kapalaklar, chuvalchanglar, shilliqqurtlarni halokatdan qutqazish haqida qonunlar bor. Nega endi tilning sofligi, begʻuborligi, pokizaligi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik yoʻq. Axir, til – ruhiy gʻizo, insonning insonligi, uning mohiyati-ku!

 

***

Tilimiz ham, oʻz tarkibiga koʻra, “Paxtakor” komandasiga oʻxshab qolgan.

 

***

Axir, tabiatga qarang-a! Daryo “shovullaydi”. Jilgʻalar “shildirab” oqadi. Shabada – “gʻir-gʻir”. Qushlarning “chugʻur-chugʻuri” ham jonga rohat. Biz ularning “tilini”, “shevasini” tushunmaganimiz boisidangina buni – “chugʻur-chugʻur” deb aytamiz. Aslida esa ularning ana shu “chugʻurida” bir dunyo ohanrabo ohang va maʼno bor! Biz oʻzimizning kundalik tashvishimiz bilan band, ularni eshitmaymiz, ilgʻamaymiz, farqlamaymiz, xolos. Chunki oʻzimiz oʻzimizning kundalik sidirgʻa “chugʻurimizdan” ortmaymiz. Turfa tabiat, shalola, gullar atri, parrandayu darrandalarga yoʻl boʻlsin!

Odamlarni hech qachon rosmana kitobiy tilda gapirishga undash kerak emas. Busiz ham hammayoqda – “sidirgʻavozlik”. Har kim oʻz tilida “chugʻurlashsin”. Bir xil qiroat, jonni oʻrtaguvchi bir xil “toat-ibodat” jonga tegdi… Juda! Majlisda, darsda, uyda, hatto toʻy-hasham, maʼrakada – chuchmal gaplar, yolgʻon-yashiq uydirmalar… Qachongacha!

 

Gʻaybulloh as-Salom

 

“Ijod olami”, 2018/6

https://saviya.uz/ijod/nasr/fikr-va-zikr/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x