Ezgulik ruhi

(Rus sheʼriyatidan namunalar)

 

Yaxshi sheʼr oʻqish bayram.

Yaxshi sheʼrni boshqa tilda oʻqisang, negadir shu zahotiyoq tarjima qilging keladi. Bu bayramga boshqalar ham sherik boʻlishini istasang kerak-da.

Shu sababdanmi, oʻqib yoqtirganim yaxshi sheʼrlardan baʼzilarini – hech qanday maqsadsiz – yoʻl-yoʻlakay – umrim boʻyi – tarjima qilgan ekanman.

Rus sheʼriyati, bir qarashda oʻzbek tiliga yetarli tarjima etilganday tuyuladi, ammo bu buyuk ummonning qamrovi juda katta – faqat oʻzbekchada oʻqiydigan sheʼrxon uchun ochilmagan qoʻriqlar juda koʻp. Bu qoʻriqlar isteʼdodli tarjimonlarini kutib turibdi. Tarjima oʻziga xos shoirlar musobaqasi ekanligini va oʻzbek tilidagi baʼzi tarjimalarning, yumshoq qilib aytganda, nomukammalligini hisobga olsak, “ochilgan” qoʻriqlarni ham qayta-qayta koʻp bor ochishimizga toʻgʻri keladi.

Endi sheʼrlarini tarjima etganim shoirlar haqida ikki ogʻiz soʻz.

Innokentiy Annenskiy rus “kumush asri” sheʼriyatini boshlab bergan shoir. Uning sheʼriyatidan sakkiz qatorli birgina sheʼr menga nihoyatda taʼsir qilgan va shu sabab, qachonlardir faqat shu sakkiz qator sheʼrni tarjima qilgan boʻlsam kerak.

Boris Pasternak – “kumush asr” davrining va, umuman, rus sheʼriyatining eng yuksak choʻqqilaridan – nihoyatda ulkan shoir. Uning magʻzi toʻq, tigʻiz tasvirli, bosiq hayajonli sheʼriyati qariyb bir asrdan buyon endigina yozilganday yuraklarni hayajonlantirib kelyapti. Sheʼrning endigina yozilganday yashashi katta sheʼriyatning eng muhim sifatidir. Shoir – Nobel mukofoti laureati. Bu mukofotni negadir yagona romani – “Doktor Jivago” uchun olgan. Aslida shoir Pasterak nosir Pasternakdan juda baland. Bunday kutilmagan holning yuz berishi sheʼr tarjimasining oʻziga xos qiyinchiliklari bilan bogʻliq boʻlgan boʻlsa kerak. Chunki sheʼr original yaratilgan tilga juda bogʻlangan va boshqa tilda uni tamoman qayta yaratishga toʻgʻri keladi. Tarjimondan esa shoirga teng isteʼdod talab qilinadi. Bu hol hamma vaqt roʻy beravermasligini hisobga olsak, nosir Pasternak dunyoga ertaroq koʻringan va isteʼdodliroq koʻringan boʻlishi mumkin…

Eduard Bagritskiy – rus poeziyasi “kumush davri”ning kenja avlodlaridan. Uning ijodi zavq-shavqli sururga yoʻgʻrilgan. Qisqa umri davrida oʻlmas sheʼrlar yozish bu shoirga nasib etdi. “Tarvuz” esa shoirning juda mashhur sheʼri.

Semyon Gudzenkoning navqiron yoshligi yigirmanchi asrdagi eng dahshatli urushda oʻtdi. Shoirning tarjimai holidagi bu dahshatli voqea ijodining asosiy mavzusi boʻldi. Quyida siz oʻqiydigan sheʼr oʻtgan asr rus poeziyasining har qanday antologiyasidan, jumladan, Yevgeniy Yevtushenko tuzgan mashhur bayozdan ham oʻrin olgan.

Sergey Orlovning yoshligi ham urushda oʻtgan. Uning ham eng yaxshi sheʼrlari – bu dahshatli xotiradan olovlangan yurak parchalari, urushning dahshatli fojealarining ogʻrigʻi.

Aleksandr Mejirovni hayotda koʻrganman. Jangchi shoir urush qoldirgan asorat tufayli tutilib-tutilib gapirar va sheʼr oʻqiyotganda, bu hol juda taʼsirli tus olardi. U juda katta, muhimi, halol sheʼriyat yaratdi. Adabiyotda halol ishladi.

Robert Rojdestvenskiy oltmishinchi yillarda shakllangan Yevgeniy Yevtushenko, Andrey Voznesenskiy va Bella Ahmadulinadan iborat mashhur “toʻrtlik”ning yoshi eng ulugʻi va yetakchisi. Bu “toʻrtlik” sheʼriyatning, oʻzbekchasiga aytsak, dovrugʻini doston qilgan. Yigirmanchi yillarga muqoyasa etilib, politexnika muzeyining zalida tashkil qilingan ushbu shoirlarning “Sheʼriyat kechalari” bu maskandan stadionlarga koʻchib chiqqaniga oʻzimiz ham guvohmiz. Rojdestvenskiy isteʼdodiga xos koʻtarinkilik, hayotbaxsh jasorat ufurib turgan ruh va bir qarashda bilinmaydigan oliy mahorat uni rus sheʼriyatidagi mustahkam oʻrnini belgilab bergan.

Inna Lisnyanskaya “ur-yiqit” xushomadgoʻyliklardan oʻzini chetga ololgan, adabiyotning tub va halol maqsadlarini teran anglagan hamda oʻzi ham shu yoʻsinda ijod etgan shoira. Shoʻrolarga yoqmagan ijodkorlarni badnom etish urfga kirgan zamonda, shoira bu qora ishlarga qarshi hamisha bosh koʻtargan, natijada, uzoq yillar uning sheʼrlari nashr etilmay, yozuv stolida qolib ketgan edi. Bu jasur ayolning ijodi bilan sheʼrxon faqat shoʻrolar tugashi arafasidagina tanisha boshladi. A. Soljenitsin mukofoti sohibasining sheʼrlari jasur, ozoda va halol.

Iosif Brodskiyning ilk sheʼrlariyoq rus adabiyotiga katta shoir kirib kelayotganidan dalolat berib turar edi. Unday-bunday shoirga burilib qarashi qiyin Anna Axmatova Brodskiyni tan oldi va qoʻllab-quvvatladi. Biroq, isteʼdodsiz qora guruhlarning nazarida, bu tan olishning oʻzidayoq qandaydir bir aksilshoʻrolik bor edikim, uni taʼqib qilmaslik mumkin emas edi. Shunday ham boʻldi. Shoirga toʻxtovsiz tazyiq oʻtkazildi, matbuotda ijodi masxaralandi, sheʼrlarini nashr etish toʻxtatildi va oxir-oqibat, uni ayblab, sud ham qilindi. Qamoq jazosiga hukm etildi. Xorijga haydab yuborildi… Brodskiy adabiyotga yangi nafas – yangi ritm, yangi ohang va oʻzgacha teran maʼno olib kirgan shoirlardan. Oʻzi aytganiday, “katta sheʼrlar”, menimcha, “hikoya-sheʼr”lar ham uning ixtirosi desak boʻladi. Iosif Brodskiy ham Nobel mukofoti laureati.

Aleksandr Yeryomenko taxminan mening tengdoshim. U bilan umumdoʻstlarimiz juda koʻp boʻlgan va bizni bir necha bor tanishtirishga harakat etishgan. Ammo mayda-chuyda tasodiflar tufayli bu ish koʻp marta amalga oshmadi. Yeremenko juda yosh – endi shuhrat topa boshlaganda vafot etdi. Sizga tavsiya etayotganim uning eng mashhur sheʼridir.

Tarjimon


 

Innokentiy ANNENSKIY

(1856–1909)

 

OLAMLAR ARO

 

Sayyoralar uchgan Olamlar aro

Bir yulduzning nomi tilimda takror…

Boʻlganim uchunmas Unga mubtalo,

Chekkanimdan oʻzga nurlardan ozor.

 

Yelkamdan bossa gar dunyo bilan bahs,

Undan oʻzgasining javobi bekor –

U bilan yoruqqa toʻlganimdanmas…

U bilan yorugʻ ham darkormas, darkor.

 

 

Boris PASTERNAK

(1890–1960)

 

KASALXONADA

 

Bekorchilar yoʻlkada jamdir –

Kimga ermak, kimgadir xatar…

Mashinaga joylandi zambil,

Kabinaga chiqdi sanitar.

 

Olomonu eshikxonalar

Angrayganlar koʻzidan qochib,

Fara bilan yoʻlni saralab,

Tunga kirdi “Tez yordam” shoshib…

 

Koʻchalaru odamlar xira

Lipilaydi moshin yoʻlida.

Qalqib-qalqib borar hamshira,

Nashatirli shisha qoʻlida.

 

Yomgʻir yogʻar – qabulxonada

Taraladi tarnovdan ovoz.

Qogʻozlarni zumda qoralab,

Toʻldirishar – rasmiyatga xos.

 

Shifoxona liq toʻla. Oxir

Unga poygak koʻrilar ravo.

Dori hidi atrofda anqir,

Derazadan urilar havo.

 

Parcha osmon, burda daraxtzor

Toʻrtburchak rom quchganda – jonli.

Koʻz tashlaydi xonaga bemor,

Koʻniktirmoq uchunmi ongni.

 

Doʻxtirlar bosh tebratishidan,

Savollardan anglaydi ayon –

Bu sinovning ogʻir ishidan

Endi omon chiqmogʻi gumon.

 

Tashqariga boqar minnatdor:

Shahar nuri bilan yorishib,

Rom ortida koʻrinar devor,

Yongʻingami goʻyo qorishib.

 

Shahar sochgan nurga choʻlgʻonib,

Qizarinib koʻrinar qopqa,

Zarang daraxt yelda toʻlgʻonib,

Unga taʼzim aylagan chogʻda.

 

“Parvardigor, qanday mukammal,

Sening koring, – oʻylaydi bemor,

Oʻrin-toʻshak, odamlar, ajal,

Tungi shahar, devor, toʻrt devor.

 

Uyqu dori elitgan chogʻda,

Yigʻlayapman beun, betahdid,

Egam, seni yaqqol koʻrmoqqa

Berayapti yoshim xalaqit.

 

Gʻira-shira chiroq shuʼlasi

Karavatga yuztuban qotdi.

Men oʻzimni va hayotimni

Tortigʻing deb oʻylashim totli!

 

Ketarkanman jon taslim aylab,

Isinaman kafting oʻtida.

Noyob uzuk kabi avaylab,

Sen joylaysan meni qutiga”.

 

NOBEL MUKOFOTI

 

Qayga boray? Oʻradi dushman.

Qaylardadir odamlaru erk.

Taʼqib tinmas – ortimdan tushgan,

Qutulmoqning barcha yoʻli berk.

 

Tim qora koʻl, qop-qora oʻrmon,

Qulab tushgan archa yoʻlimda.

Barcha yoʻlim kesilgan. Tamom.

Ixtiyorim ketgan qoʻlimdan.

 

Nima qildim? Etdimmi tahqir?

Qotilmanmi? Yovmanmi sizga?

Men dunyoni yigʻlatdim axir,

Yurtim husnin kuylatib soʻzda.

 

Ishonaman soʻng onimgacha,

Yetar yorugʻ kunlar shukuhi:

Razolatni yengar muqarrar,

Zafar quchar ezgulik ruhi.

 

HAMLET

 

Gʻovur tindi. Sahnaga chiqdim.

Tirab eshik toqiga manglay,

Tinglayapman moziyni, tokim

Nelar kechar asrimda – anglay.

 

Qorongʻulik menga oʻqtalgan,

Minglab durbin poylar betma-bet.

Egam, bunday taqdir azaldan,

Mumkin boʻlsa, meni ozod et.

 

O, naqadar niyating oʻjar!

Men bu rolga roziman, biroq

Hozir oʻzga tomosha kechar –

Bir bor tutgin rejangdan yiroq.

Ammo sahna zabti ziyoda,

Qoʻzgʻoladi oqibat zavol.

Bir oʻzimman. Dunyo – riyoda.

Yashash ogʻir umrni halol.

 

 

Eduard BAGRITSKIY

(1895–1934)

 

TARVUZ

 

Shamol quturmoqda.

Suzadi kema

Azov dengiziga achiqma-achchiq.

Tarvuzga qorongʻu tryum ham toʻla,

Tarvuzga koʻmilgan bandargoh liq-liq.

 

Endi tongga qadar ichmaymiz sharob,

Qarovulda endi esnamay,

Uch kechayu kunduz suzamiz shitob –

Yoyilgan yelkanlar hilpiraydi shay.

 

Oppoq sochli dengiz ayuhannos solib,

Chilparchin boʻlaru qaytar qoyadan.

Doʻmbiraday tarang tarvuzni olib,

Yurakning rasmini oʻyaman.

 

Shoʻr dengizga choʻkar sahro oftobi,

Toʻlqinlar hilolni chiqishar sudrab.

Shamol zoʻraymoqda!

Boʻron – shitobli!..

Ketdik!

Yelkaningni, kema, hilpirat!

 

Jingalak toʻlqinlar kengliklar aro,

Tryumda tarvuzlar, tryumda qaro…

 

Shamol hushtak chalar misoli botsman,

Bulutlar ustida bulutlar – tigʻiz.

Rul boʻyin egmaydi,

Gʻijirlar kema –

Yigʻishtirib qoʻydik yelkanlarni biz.

 

Toʻlqinlar aro uchib,

Yomgʻir aro – tavakkal!

Hushtakboz mavjdan choʻchib,

Paypaslab yuramiz yoʻl.

Hoʻngraydi har maqomda

Jami yelkan jiqqa hoʻl.

 

Biz telba belanchakda!

Bozorday qaynar dengiz,

Sayozlik sari sudrar.

U sayozli bagʻrida

Eng oxirgi yoʻlimiz!

 

Jingalak toʻlqinlar kengliklar aro,

Tryumda tarvuzlar, tryumda qaro…

 

Tugatmadim soʻngi sheʼrimni aytib,

Oʻliming nafasi yuzimda ammo.

Men qarta oʻynadim,

Yashadim daydib,

Dengiz olib kelar dahshatli sovgʻo.

Bu quvnoq umrimni boʻlmagay saqlab,

Rulni yulib ketdi toʻlqin – tengsiz zarb!

 

Choʻl oftobi yonar choʻng ummon uzra,

Sovuqni kesadi – nurlari qirmiz.

Kema gʻoyib boʻldi,

Toʻlqinda suzar –

Yurakning surati oʻyilgan tarvuz.

 

Qoyaga urilar oq sochli dengiz,

Baliqlar galasi sapchir osmonga.

Moʻjaz toʻlqinlarda qalqiydi tarvuz,

U suzib bormoqda sohil tomonga.

 

U oʻsha qirgʻoqda abadiy qolar…

Toʻfon yuvosh tortgan. Tinchidi dengiz.

Yuragim oʻyilgan tarvuzni olar

Qoʻliga sevgilim – goʻzal kazak qiz.

 

Hech kimning esiga hech kelmagaykim,

Uning qoʻlidagi mening yuragim.

 

 

Semyon GUDZENKO

 (1922–1953)

 

* * *

Oʻlimga borganda qoʻshiq kuylashar,

Ammo yigʻlash mumkin oʻlimni kutib.

Jangda eng dahshatli lahza – muqarrar

Hujumni kutmoqlik minuti.

 

Mana, chavaqlangan dala – bepoyon,

Mina toʻzonidan qor tani – qurum.

Portlash. Yonginamda doʻstim berar jon,

Demak, oʻtib ketdi yonimdan oʻlim.

 

Hozir kelajakdir menga ham navbat,

Oʻlim faqat menga choʻzmoqda qoʻlin.

Sovuq qirq birinchi, senga ming laʼnat,

Senga ham ming laʼnat, piyoda qoʻshin!

 

Goʻyo barcha mina menga intilar,

Goʻyo tanim magnit, oʻtmasidan sal…

Portlash. Leytenant bir qalqib yiqilar,

Yana oʻtib ketdi yonimdan ajal.

 

Bunday kutib boʻlmas oʻlimni, axir…

Joʻnar okoplardan yetaklab bizni,

Sovuqdan murdaday tosh qotgan qahr –

Shtikning zarbidan yirtilib boʻgʻzi.

 

Qisqa jang tugadi. Bir lahzalik jang.

Keyin aroq ichdik labimiz yaxlab.

Birovning qonini xanjarim bilan

Tirnogʻim tagidan tashladim kavlab.

 

 

Sergey ORLOV

(1921–1977)

 

* * *

Uni yer shariga etdilar dafn,

Bor-yoʻgʻi oddiy bir askar edi u.

Bor-yoʻgʻi u askar edi, doʻstlarim,

Na-da mansabi bor, na-da unvoni.

 

Endi maqbarasi kurrai olam,

Milyon asrlarning uchmoqlarida.

Somon yoʻllari ham nur sochar har dam,

Uni mahkam tutib quchoqlarida.

 

Qoʻngʻir qoyalardan bulutlar oqar,

Izgʻirin togʻlarga bosar toʻshini.

Zalvorli chaqmoqlar qaydadir chaqar,

Shamollar boshlaydi yugurishini.

 

Axir, allaqachon tugagan qirgʻin…

Askarni koʻtarib kelib doʻstlari

Shundoq Yer shariga etdilar dafn –

Xuddi maqbaraga qoʻyishgan kabi.

 

* * *

Qaro yerning tagida maʼdan,

Neni kutar muncha intizor?

Ozod qildi uni asirdan,

Uni konchi yoʻqdan qildi bor.

 

Eritdilar olov-otashda…

Horgʻin ishchi ogʻir poʻlatni,

Bolgʻaladi, soʻngra frontga

Joʻnatdilar snaryadni.

 

Portlash qanday dahshatli boʻldi!

Tanga botdi oskolka uchib…

Nahot, shuncha yoʻl bosib kelding,

Temir, meni oʻldirmoq uchun.

 

* * *

Moviy Volxov samolarida

Tonglar otib, qonga botadi:

Oʻq izlari havolarida,

Botqogʻida tanklar qotadi.

Balchiq, balchiq, balchiq toʻrt taraf,

Har qadaming ustida qirgʻin.

Buziladi mardonavor saf –

Jon beradi mening doʻstlarim.

 

Qora-qurum qorning ustidan

Polk oʻrmalar, izida qon, kul…

Gʻalabani sezadi yurak,

Aql bilan his qilmoq mushkul.

 

* * *

Qoʻshiqlarsiz muzlaydi olam.

Shamollar oʻynagan zaminda

Qoʻshiqqa ishonib yashaydi odam –

Oʻtga tolpinganday ayozli tunda.

 

Zaminda aslida qoʻshiq toʻqishmas,

Shunchaki oʻtadi rota shahardan

Shunchaki ayollar “uh” tortadi, bas,

Garmoshka jaranglab qoladi birdan.

 

Seskanib tushadi oqlibos qayin,

Deraza tagiga kelar yaqinroq.

Kimningdir yuragi portlaydi, keyin

Qoʻshiq kuylanadi zaminda yangroq.

 

Yomgʻir yigʻisiday, shafaqday yonib,

Xuddi chaqaloqday tugʻiladi u.

Ovora boʻlmangiz qoʻshiqni toʻqib,

Zaminda u mangu, hayotday mangu.

 

 

Aleksandr MEJIROV

(1923–2009)

 

PIYODA QOʻShINLAR HAQIDA

 

XOTIRA

 

Men dushmanga otgan oʻqlar

Qaytmagaydir ortiga.

Pulemyot chalgʻisidan

Yiqiladi oʻt-oʻlan.

Uxlayapman boshim qoʻyib

Sinyav botqoqligiga,

Oyoqlarim Nevaga va

Ladogaga tiralgan.

 

Soʻng uygʻonib tinch yoturman,

Tanni tark etmas charchoq.

Soʻnayotgan gulxan tafti

Uchib borar misli qush.

 

Oʻng biqinim muzlaganda,

Soʻlga aylanganim choq,

Sinyavo botqoqligi

Bilchillab ketar noxush.

Va oʻrnimdan sakrab turib,

Qadam tashlayman olgʻa,

Qulogʻimga hushtak chalar

Shashtdan qoʻzgʻolgan shamol.

Front gʻarbga qocha boshlar,

Chaqmoq naq Reyxstagda –

Men ikkinchi qadamimni

Olgʻa qoʻyganim zamon.

 

Oq bayroqlar osib olar

Dushman garnizonlari,

Qurollarin yerga tashlab,

Raqib koʻtaradi qoʻl.

Shundoq mening yelkamdagi

Koʻk dala pogonlari

Mayning mayda yomgʻirida

Qorayib boʻladi hoʻl.

 

Men-chi, yana yuguraman

Minalarga berib chap,

Dengizlarni hatlab, kechgum

Jangohlar daryosidan.

Men Pilzenda orom olgum

Pivo koʻpigin puflab,

Sigaretim kuli tushar

Berlin ostonasiga.

 

Ratsiyalar xirillaydi,

Bahor boradi yashnab.

Frontning chang yoʻllaridan

Changga qorishib tun-kun,

Men dushmandan “Soʻzsiz taslim

boʻl”, deb qilaman talab,

Bayroqlarin Gʻalabaning

Poyiga tashlash uchun.

 

Ammo tunda mudrarkanman,

Nedir tushar esimga,

Kipriklarim orasidan

Ayon koʻraman birdan:

Uxlayapman boshim qoʻyib

Sinyav botqoqligiga,

Oyoqlarim Nevaga va

Ladogaga tiralgan.

 

 

Robert ROJDESTVENSKIY

(1932–1994)

 

ASKAR ALYOSHAGA PLOVDIVDA

 

QOʻYILGAN HAYKAL

 

Bundan koʻrinadi

yiroq-yiroqlar

koʻkka singib ketgan

ufqlar osha.

Plovdiv qoshida

oʻylanib turar,

haykalga aylangan

askar Alyosha.

Alyosha, adashgan haykaltaroshlar,

sening qiyofangning

tasviri xato.

Ehtimol

sen haqda kamroq bilishar,

asling tasavvur ham

qilishmas hatto.

Axir bu tosh uyqu

senga xos emas,

mudom hamdam edi labingga kulgu.

Gʻamgusor turibsan,

tinmasdan birpas

soʻzlarding –

yasharding, xullas, sergʻulu.

Zalvorli, qoraygan

oʻrmon ustiga

tuman yiqiladi tushday oqarib.

Men yoʻlga chiqaman endi,

Alyosha,

men sendan

oʻn yilga

kattaman, qariyb.

Alyosha, dunyoga keldim men kechroq,

aslida

menda ham qalb mardonavor.

Koʻp narsani koʻrdim,

sen mendan koʻproq –

hatto

oʻlimni ham

uchratding bir bor.

Tinchgina uxlashga

haqlidir marhum,

Uzr.

Ammo senga

savolim talay.

Soʻragim keladi:

“Yomonmi oʻlim?”

biroq shivirlayman:

“Yashamoq qalay?”

Gʻalat tuyulmasin senga savolim,

Dilda bir tugun bor,

yuboray yozib.

Jon fido etganing hayotda, axir,

yashay olyapmanmi

senga munosib?

Ishongin!

Sen mening muallimimsan –

har bir qadamimga

qoʻyasan baho.

Alyosha, shu sinchkov nigohing bilan

ishimu rejamga

boqdim doimo.

Shu nigoh oldidan yillarim oʻtar,

kunlarim

unga tik boqib kelajak.

Ikki odam umrin,

ey, yelkam,

koʻtar,

guvilla koʻksimda, ikkita yurak.

Yolgʻonchi dunyodan

zarra qoʻrqmayman,

qalbimda nima bor –

askar qilar qayd…

Endi

Rossiyaga men qaytayapman,

Alyosha,

onangga nima deyin,

ayt?..

 

 

Inna LISNYANSKAYa

(1928)

 

* * *

Men haqimda oʻylama yomon,

Qahri qattiq, bevafo zamon.

Ochlik berding – mayli deganman,

Yoʻqlik berding – zayling deganman,

 

Ha, roziman,

Bariga tayyor, –

Ichga yutdim bor faryodimni.

Faqat ayla maqsading oshkor, –

Qaytar qurbon eʼtiqodimni.

 

Umrim uchun

Soʻradim nima? –

Faqat qalbni aytishga imkon…

Ne roʻy berdi? Sezding. Jimgina

Yerga qarab turibsan, zamon.

 

 

Iosif BRODSKIY

(1940–1996)

 

NATYURMORT

 

Onaizor dedikim:

– Oʻgʻlimmisan, tangrim yo?

Xochga parchin vujuding…

Uyga qanday ketay, oh?

 

Uyni oʻzimga ravo

Qanday koʻray? Ayt, bu dam

Oʻgʻlimmisan, tangrim yo,

Yoʻqmisan, yo bormisan?

 

Javob ayladi Iso:

– Oʻlikmanmi yo hayot,

Oʻgʻlingmanmi, tangring yo,

Senikiman, aziz zot.

 

QUTB TADQIQOTCHISI

 

Itlar yeb boʻlindi. Kundalikda ham

Qolmadi soʻzga joy. Fikrini yozdi

Hatto rafiqasin rasmiga. Raqam

Yasama xollarday chehrani bosdi.

Yozdi singlisining rasmiga soʻngra, –

Ayab oʻtirmadi – ilm sababi…

Tizidan qora et oʻrlar tepaga,

Varyete qizlarin paypogʻi kabi.

 

* * *

Qafasga yovvoyi hayvonday kirdim,

Jazavamdan jazo yondi barakda.

Sohilda yashadim, qartani urdim,

Kechda ovqatlandim oppoq frakda.

Boqdim muz choʻqqidan – yastandi olam.

Uch bor pichoq yedim, besh marta choʻkdim.

Kechdim meni boqqan mamlakatdan ham,

Meni unutganlar shahardan koʻpdir.

Xunlar sasi singgan dashtlarda kezdim,

Udum – lash-lushlarni kiydim bemiqdor.

Dalada ziroat ekishdan bezdim,

Ichdim – quruq suvdan oʻzga neki bor.

Tushimda konvoyning qargʻa qarogʻi,

Quvgʻinda nimalar koʻrmadi boshim.

Doddan boshqasini aytdi tomogʻim,

Endi shivirlayman. Qirqdadir yoshim.

Xoʻsh, nelar aytayin hayot haqida?

Ha, uzun… Kun koʻrdim gʻam bilan hamdam.

Biroq, to qolguncha tuproq tagida,

“Tashakur, tashakur” deganim-degan.

 

 

Aleksandr YERYOMYeNKO

(1950–1985)

 

* * *

Kelishganman, koʻzimda yolqin,

Ilon kabi donoman – ayon.

Men ayolni osmonga otdim –

Va meniki boʻldi u ayol.

 

May shishani qoʻlimda ushlab,

Restoranda kezinganim on,

Ruh tarayman jangchiga oʻxshab,

Kiyik kabi chaqqonman, chaqqon.

 

Shivir-shivir yetar ortimdan, –

Koʻrsatishar – barmoqlar bigiz:

“U ayolni osmonga otgan,

Oʻsha ayol osmonda hanuz”.

 

Men bu ishga iqrorman, iqror:

Biror joyga bordimmi – tamom –

Quchishadi takroru takror,

Pul berishar – maqtab bearmon.

 

Hali qancha boʻlar tortishuv, –

Koʻnglimda shu bahsni tuyganman:

Nechun soldim el ichra gʻulu,

Nima ichib, nima kiyganman.

 

Bir aybimni olay boʻynimga,

Shu sheʼrda ham aytayin bugun –

Uchmaganman fazo qoʻyniga,

Bu ham faqat chekkanim uchun.

 

Va albatta, yashab abadiy

Mehnat qilmoq umrim rejasi:

Shu beparvo avlodlar haqqi, –

Yoʻqolsin deb yolgʻon peshasi,

 

Bu dunyoda har bir kas borkim,

Mendek, rostni aytolsin halol:

“Men ayolni osmonga otdim –

Va meniki boʻldi u ayol”.

 

Rus tilidan Usmon AZIM tarjimalari

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6

https://saviya.uz/ijod/nazm/ezgulik-ruhi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x