Erta klimaks xavflimi?

Klimaks – fiziologik jarayon bo‘lib, ayol organizmining qarishi natijasida kelib chiqadi. Bu davrda organizmda gormonal fon o‘zgaradi. Grek tilidan tarjima qilinganda, “klimaks” “zinapoya” so‘zini anglatadi. Hozirgi davrda klimaks jarayonining yosharishi kuzatilmoqda. Hali 35-40 yoshdagi ayollarda ham bu holat kuzatilmoqda. Bu davrda boshlangan klimaks erta klimaks deyiladi. Klimaks kasallik bo‘lmasdan, balki tabiiy jarayondir.

klimaks

Klimaks – ayol umri davomidagi jinsiy tizim faoliyatining yoshga mos so‘nishi bilan ifodalanadigan jarayondir. Shuningdek, bu jarayonni menopauza deb ham atashadi.

Bu davrda ayollarning farzand ko‘rish qobiliyati cheklanadi, hayz siklining to‘liq tugashi yoki muntazam kuzatilmasligi bilan xarakterlanadi. Klimaks jarayoni, odatda 50 yoshlarda kelib chiqadi. Biroq, bu davr turli yoshda ham kelib chiqishi mumkin. Klimaks jarayoni ayrim ayollarda juda og‘ir o‘tadi. Ularda arterial qon bosimining ko‘tarilib yo tushib turishi, asabiychanlik kuzatiladi.

Klimaks nima uchun kelib chiqadi?

Odatda klimaks 40 yoshdan so‘ng boshlanadi. Bu yoshda ayol organizmida progesteron ishlab chiqarilishi kamayadi. 45 yoshdan so‘ng ayollarda estrogenlar ishlab chiqarilishi ham kamayadi. Natijada hayz sikli buziladi, keyinchalik batamom to‘xtaydi. Bu klimaks davri boshlanishidir.

Klimaks davri belgilari qanday?

Birdaniga qizib ketish – klimakterik davrdagi ayollarning yarmida kuzatiladigan holat. Bunda ayolarda birdaniga tanasining yuqori qismining qizib ketishi kuzatiladi. Bundan tashqari, yuzlarining va bo‘ynining qizarishi aniqlanadi. Odatda bu holat bir necha daqiqa davom etadi. Bu holat ayrim ayollarda umuman kuzatilmasligi mumkin, ba’zilarida sutkasiga 50 martadan ziyod kelib chiqadi.

Tananing birdaniga qizib ketishi, ko‘pincha, ayollarni kechasi bezovta qiladi. Natijada, ayollarining uyqusi buziladi. Uyquning buzilishi toliqishga, kayfiyatning tushishiga sabab bo‘ladi. Bu holatdan so‘ng terlash kuzatiladi. Terlash shu darajada kuchli bo‘ladiki, ayol peshanasini ham reza-reza ter bosadi. Liboslarida ham ter dog‘lari paydo bo‘ladi.

  • Uyqusizlik – ayol kechasi uzoq vaqt davomida uxlay olmaydi.
  • Bosh og‘riq – ayollarda doimiy ravishda bezovtalik, depressiya kuzatiladi. Shu tariqa bosh og‘riq kelib chiqadi. Bosh og‘riq asosan, boshning peshana, chakka sohalarida aniqlanadi.
  • Parishonxotirlik yoki xotiraning susayishi;
  • Emotsional holatning o‘zgarib turishi;
  • Kayfiyatning o‘zgarib turishi;
  • Asabiychanlik;
  • Surunkali charchoq;
  • Uyquchanlik;
  • Hayz siklining o‘zgarishi;
  • Ko‘p terlash.

Yuqoridagi belgilar kelib chiqqach, hayz sikli to‘liq to‘xtatishigacha bo‘lgan muddat bir necha yilni tashkil qiladi. Klimaks davrida ayollar asosiy e’tiborni kontratsepsiyaga qaratishlari lozim. Chunki bu davrda ayollarning jinsiy qobiliyati pasaysa ham tuxumdonlar o‘z faoliyatini saqlab qoladi. Bu davrda kutilmaganda ayollar homilador bo‘lib qolishlari mumkin. Chunki ayollar bu davrda hayz siklining to‘xtashini siklning muntazam bo‘lmasligiga yo‘yishadi. Natijada, aksariyat ayollar shu davrda homilador bo‘lib qolishlarini kechki muddatlarda payqashadi. Bu davrda ham ayollarda sog‘lom farzandni dunyoga keltirish imkoni mavjud.

Erta klimaks belgilari kuzatilsa…

Erta klimaksning ilk belgilari kuzatilishi bilan ayollar ginekolog, onkolog, endokrinolog ko‘rigidan o‘tishlari lozim. Shuningdek, qondagi gormonlar miqdori ham tekshirilishi kerak.

Erta klimaks jarayonini qanday aniqlash mumkin?

  • Ginekolog ko‘rigi;
  • Qonda gormonlar miqdorini aniqlash.

Erta klimaks nimasi bilan xavfli?

Erta klimaks og‘ir o‘tadi, uzoq davom etadi. Ularda terining erta qarishi, ajinlar, pigment dog‘lar paydo bo‘lishi, ko‘krak bezlari shakli o‘zgarishi, qorinning yonbosh sohalarida, qorinda, sonlarda, dumbalarda ortiqcha yog‘ qatlami paydo bo‘lishi kuzatiladi.

Shuningdek, ayollarda infarkt rivojlanish xavfi olti martaga oshadi. Ateroskleroz va yurak qon-tomir tizimi kasaliklariga moyillik kelib chiqadi. Aksariyat ayollarda bu davrda qandli diabet kasalligi aniqlanadi. Gormonlar almashinuvi buzilishi saraton kasalligiga, jumladan, ko‘krak bezi saratoni kasalligi kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, ayollar yiliga ikki marta ginekolog ko‘rigidan o‘tishlari va mammografiya tekshiruvi tavsiya etiladi. Bu davrda shuningdek, ayollarda osteoporoz kelib chiqish xavfi ham ortadi.

Ayollarga maslahat

  • Ovqatlanish ratsioniga dengiz mahsulotlari, mevalar, sut, pishloq, sabzavotlar, ko‘katlar, makaron va tarkibida uglevod saqlovchi mahsulotlar kiritilishi lozim;
  • Taomnomada shirinliklar, tuzlangan, dudlangan, yog‘li taomlar olib tashlanadi;
  • Toza havoda sayr qilish;
  • Klimaks davrining yengil o‘tishini ta’minlash uchun gormonoterapiyani qo‘llash maqsadga muvofiq.

Ha, har bir ayol organizmida kechayotgan o‘zgarishlarga e’tiborli bo‘lib shifokor maslahatiga tayangan holda davo muolajalarini olib borishlari kutilgan natijani beradi. Ulardan o‘z sog‘liqlariga bee’tibor bo‘lmasliklarini so‘rab qolamiz.

Mutaxassis: Iroda Karimova, akusher-ginekolog.

Manba: “Uchquduq” gazetasi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x