Dostoyevskiyning “Iblislar” romani

1867 yilning aprelidan to 1871 yilning iyuligacha Dostoyevskiy rafiqasi A. G. Dostoyevskaya bilan xorijda, Yevropada yashadi. 1867–1868 yillarda “Telba”, 1870–1871 yillarda “Iblislar” romani yaratildi. Bu paytga kelib Dostoyevskiyning “Kambagʻal kishilar”, “Oq tunlar”, “Oʻlik uydan maktublar”, “Xoʻrlanganlar va haqoratlanganlar”, “Jinoyat va jazo” singari asarlari keng tanilgan edi. “Telba” va “Iblislar” romanlari yozilgan yillarda Rossiya va Yevropada oʻsha davrlarda mavjud tuzumlarga qarshi boʻlgan turli-tuman maxfiy jamiyatlar tuzilgan va ularning harakatlari tobora kuchayib borardi. Rossiyada petrashevchilar va undan picha keyinroq tuzilgan nechayevchilar harakatlari shunda maxfiy jamiyatlar qatorida turar va ular maʼlum darajada xalqaro “Internatsional” bilan bogʻlangan, sotsialistik gʻoyalarni oʻzlariga qurol va dasturulamal qilib olgandilar. Rossiyada shu zamonlar “gʻarbparastlar” hamda “slavyanparastlar” – dvor-yan ziyolilar, raznochinetslar, ayniqsa, talabalar, universitetlar va seminariyalar yoshlari oʻrtasida gʻoyaviy-mafkuraviy kurashlar, bahslar, mujodalalar avj olgandi. XIX asrning 1860–1870 yillarida Dostoyevs-kiy “rus fikri, tafakkuri orqali dunyoga yangilanish kiradi”, deb xayol qilardi. Bunga yana yuz yil kerak, deb bashorat qilgandi. Oʻsha paytlar rus jamiyatini qayta qurish masalalari juda keng muhokama qilinardi. Mana shu oʻta qizgʻin va hatto oʻta tahlikali vaziyat “Iblislar”da oʻz ifodasi va dostoyevskiycha talqinini topdi. Xufiya isyonchi Nechayev tomonidan 1869 yilda talaba Ivanovning oʻldirilishi “Iblislar”ga fabula sifatida xizmat qildi. Roman boshdan-oyoq, zamonaviy dolzarb va oʻta ogʻriqli mavzular, masalalar asosiga qurildi. Dostoyevskiy oʻsha zamon voqeligini keng qamrab olgan fikrlar, dunyoqarashlar, nuqtai nazarlar, gʻoyalar, mafkuralarni butun oʻtkirligi bilan ifodalashni maqsad qilib qoʻydi.

Dostoyevskiyning 1876 yilga daxldor “Kundaliklar”ida zamon bahsu munozaralari ichida “quturgan orzular” degan ibora uchraydi. Uning asarlari va jumladan, “Iblislar” romani shunday “quturgan orzular” bilan toʻlib-toshib yotadi. Bu gʻoya va mafkura jazavalari – “quturgan orzular” – davrning havosida oʻzi obʼyektiv mavjudmidi va ular davr atmosferasidan toʻgʻridan-toʻgʻri Dostoyevskiy qahramonlariga oʻtdimi yo qahramonlarning oʻzlari tabiatan shunday orzular va shunday oʻta jangari mayllar bilan dunyoga kelganmidilar va ularning “quturgan orzulari”, soʻng jamiyatlar va hayot ijtimoiy muhiti, qurilishlariga koʻchganmidi – bu gʻoyatda murakkab masala. Biz ular bir-birlariga koʻchib oʻtgan va bir-birlari bilan oʻzaro chambarchas, ajralmas aloqada boʻlgan deb tasavvur va taxmin qilolamiz. Dostoyevskiy yana oʻsha “Kundaliklar”ida hech kim oʻz qarashlaridan, eʼtiqodlaridan uyalishi kerak emas, deydi. Haqiqatan, uning “Iblislar”dagi barcha katta-kichik qahramonlari oʻz qarashlari, maslaklaridan aslo uyalmaydilar, balki maslak uchun jon-jahdlari bilan kurashadilar va bu yoʻlda hech narsadan toymaydilar. Gʻoyalar uchun kurashda ular kuchli iroda, qudratli ehtiroslar sohiblari kabi namoyon boʻladilar. Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” asaridagi Pechorin “men yuragimda hech qayoqqa sigʻdirib boʻlmas bir kuch-qudratni sezaman”, degandi. “Iblislar”ning qahramonlari oʻsha Pechorin, oʻsha Rudin, oʻsha Bazarov, oʻsha Raxmetovlarning – nigilistlarning otalari va rahnamolarining izdoshlari. Maykov degan shoir “Iblislar”ni oʻqib, bular Turgenevning qarib qolgandagi qahramonlari deb lutf qilgan ekan. Dostoyevskiy oʻz qahramonlari dunyosiga xos fitna, nizo, tuganmas isyonlarni dam juda oʻtkir hajv va kinoya, dam inson yuraklarini oʻrtaydigan izhorlar bilan ochib boradi. Biz iblislarni koʻrmaganmiz. Lekin faqat iblislardagina shunday isyon alangalari gurillab turishi mumkin. Yosh nigilistlar Stavrogin, Petr Verxovenskiy, Shatov, Kirillovlarda ehtiros haq uchunmi, nohaq uchunmi, juda baland oʻrlab boradi va goʻyoki butun dunyoni jizgʻanak qilib kuydirib tashlaydigandek tuyuladi. “Iblislar”ning 140 yildan beri yashab kelayotgan rang-barang tanqidchilari uning voqealari va qahramonlarini tahlil qilganda, har birlari oʻz xulosalarini chiqarganda, xuddi kelishib olganday, bir boshdan “qiyomat” degan soʻzni ishlatadilar va qiyomatga qiyosan talqinlar aytadilar. Rostdan ham, bular tom maʼnodagi qiyomat odamlari, qiyomat qahramonlaridir. Ammo romanda faqat nigilistlardagina emas, boshqa barcha qahramonlar tabiati, mayllari, intilishlarida iblisning isyoniga taalluqli alanga dam-badam koʻtarilib turadi. Dostoyevskiy oʻsha davrda inqilobiy oʻzgarishlar tarafdori boʻlgan yoshlarning obrazlarini chizadi. Ularni oʻsha zamonning otashin nigilistlari qiyofasida tasvirlaydi. Bu nigilistlar – nigilist degan tushunchaning toʻla maʼnosida – mavjud borliq, tuzumlar, din, xudo, falsafani toʻla-toʻkis inkor etuvchilar – faqat shugina emas – inqilobiy tarzda rad etuvchilarning hammasi oʻziga xos ogʻir bir gʻoyaning yuki, uning chidab boʻlmas zalvori ostida tipirchilab yotadi. Bu kabi maʼyus qaygʻuli isyonchilarni Nitshe oʻz falsafasini tushuntirganda dekadentlar deb atagandi. Bizningcha, nigilistlar oʻz evolyusiyalarida dekadansga koʻtarilgan edilar. Dunyoning barcha tushkunligi ularning maqʼad[1]iga joylashib olgandi. Bu dekadent-nigilistlarning ogʻir fikrlar yuki ostidagi harakatlari, intilishlari, nuqtai nazarlari, shiddatkorliklari – bari-bari chidab boʻlmas konvulsiyalar – larzali titroqlarni eslatadi. Ularning gʻoyalari – ularning tuganmas ogʻrigʻi, tuganmas fojiasiga aylangan. Ular ham misoli Raskolnikov yo “Oʻlik uydan maktublar”ning qahramonlari kabi gʻoyalarning mubtalosi, tuganmas, oxiri boʻlmagan mubtalolik. Ajab-ajab, bu gʻoyalar katta ijtimoiy adolatli maqsadlarni shakl-lantira olmaganda, bundan butunlay ojiz qolganda, – ong ogʻrigʻiga, kasal ong, bemor ong, dardli ongga doʻnadi. Ogʻriq ong ularni faqat bir natijaga – oʻta ogʻir falokat, oʻta ogʻir fojialarga olib boradi. Hech kim dunyoda ogʻriq, ongning fojialarini bu qadar umumolamiy daraja va miqyosda koʻrsatmagan, umuminson fojia miqyosida bunchalar oʻta taʼsirchan, chigal, murakkab qilib ifodalab, haqiqatini ochib berolmagan. Bu nuqtai nazardan, gʻoyalarning vayronalarga aylana borishini yorqin tasvirlashda dunyoning yangi tarixida Dostoyevskiy hamon birinchilikni qoʻldan bermay keladi.

Bu asar yaratilgandan beri u sof rus hodisasi, Yevropa hodisasi, umumjahon hodisasi kabi oʻqiladigan va anglanadigan boʻldi. Toʻla ishonch bilan aytish mumkinki, bu gʻoya ogʻriqlari va ular changalida oʻrtanayotgan, toʻlgʻanayotgan, yangidan-yangi umumjahon konvulsiyalarini uygʻotayotgan inson ogʻriqlari ekanligi ayon boʻla bormoqda. Afrika, Amerika, Osiyo zaminlarida tinmay, kunda, kun ora roʻy berayotgan fojialar – ogʻriq ong yengilmas, chalkashtiruvchi iblis kabi insoniyatni eng teran, eng sirli hujayralariga joylashib olayotganligini koʻrsatdi. Dostoyevskiy tengsiz kinoyasi, hajvi, mislsiz psixiatrligi, tengsiz tasvir dahosi bu ogʻriqning nimaligini ochib, odamlarni undan sergaklantiradi. “Iblislar”ning oʻlmas maʼrifati mana shunda.

Yoʻq, bu maxsus rus ogʻrigʻi, rus kasali emas, bu kasal oʻsha paytda ham, hozir ham keng yoyilgan. Dostoyevskiy faqat bu ong ogʻrigʻini uning rus oʻchogʻiga qarab tasvirlagan va jahon uchun shafqatsiz xulosa chiqargan. Bu xulosa tirik haqiqat va tirik haqiqat kabi harakatda. Maxsus “Rus xaloskor gʻoyasi”, favqulodda “xaloskor gʻoya” yoʻq. U gʻoyalar allaqachonlar aytilgan va insoniyat ongidan oʻrin olgan.

Oʻzbek oʻquvchisi bu olamshumul badiiy dahr asar yozilgandan bir yuz qirq yil oʻtib, uni oʻz ona tilida oʻqimoqda. Mangu barhayot tiriklik titroqlari nimaligini anglamoqda. Xarakterlar, qismatlar, gʻoyalar jasorati va jasoratsizligi manzaralariga hayrat barmogʻini tishlab, nigoh tashlamoqda. Umid shulki, Dostoyevskiy bilan muloqot xayrli, hayajonli, hikmatli boʻlajak.

 

Ibrohim GʻAFUROV


 

[1] Umurtqa oʻzagi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/dostoyevskiyning-iblislar-romani/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x