Bayronning “Don Juan” asari

“Don Juan” asari buyuk ingliz shoiri, ozodlik va erkning otashin kuychisi, isyonkor qalb sohibi Jorj Noel Gordon Bayron (1788–1824) ijodining yuksak choʻqqisi, jahon adabiyotining shoh asarlaridan biri hisoblanadi. “Bekorchi paytlar” deb nomlangan ilk sheʼriy toʻplami bilanoq hurriyat tashnasi, adolat homiysi, mustaqillik jarchisi va ozodlik jangchisi sifatida maydonga chiqqan Bayron nafaqat soʻzda, balki amalda ham zulmning har qanday koʻrinishiga, zoʻravonlikka, adolatsizlikka, istibdodga, mustamlakachilik siyosatiga qarshi umr boʻyi kurashdi. U xoʻrlangan, ezilgan, adolatxoh insonlar – istibdod qurbonlari tarafida turib, zamon illatlari va hukmfarmo sinf kirdikorini ayovsiz fosh etdi. Oʻz vatani Angliyani “xalqlar turmasining posboni” deb atadi, uning zoʻravonlik siyosatini qoʻllab-quvvatlagan munofiq, safsataboz deputatlaru sotqin matbuot vakillarini, johil nozirlaru maddoh va riyokor shoirlarni, urushparast hukmronlarni hajv oʻtida qovurdi. Belinskiy uni bejiz XIX asr Prometeyi deb atamagan. Bayron qalbidagi erksevar otash va tafakkuridagi isyonkor olov alangasi nafaqat oʻz zamondoshlari ongini, balki keyingi avlodlar shuurini ham oʻz nuri bilan yoritishga qodir boʻldi.

Uning katta-kichik barcha asarlari erk ruhi bilan, ozodlik ruhi bilan fayziyob. Bu ruh “Don Juan”da ayniqsa boʻrtib koʻrinadi. “Don Juan” – Bayron nomini olamga tanitgan asar. Shoir bu asarini umrining soʻnggi besh yilida yozdi. “Don Juan” u bosib oʻtgan ijodiy yoʻlning soʻnggi manzili, shoirning maʼnaviy-ruhiy, gʻoyaviy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy qarashlari mukammal ifoda topgan tiniq bir koʻzgudir. Afsuski, muallifning bevaqt oʻlimi tufayli asar chala qoldi. Unda voqealar garchi XVSh asrga koʻchirib tasvirlansa-da, u oʻz davrida zamon illatlarini keskin fosh etgan asar sifatida katta shov-shuvga sabab boʻldi.

Asar voqealari quyidagicha rivojlanadi: bosh qahramon Juan yosh, chiroyli ispan yigiti. Oʻn olti yoshida onasining dugonasi – goʻzal Yuliyani sevib qoladi. Ular pinhona uchrashib yuradilar va kunlardan bir kun sir ochiladi: xonimning eri ularni oʻz yotogʻida ushlab oladi. Yuliya rohibalikka mahkum etiladi. Juanning onasi esa oʻgʻlini Kadisga joʻnatadi. “Kadisga badargʻa qilmoqdan murod: darbadar bu oʻgʻlon uch yilcha xolis, begona yurtlardan izlasin imdod. Yursin gunohlardan sal nari, olis…”

Biroq Juan Kadisga yetib borolmaydi. U tushgan kema halokatga uchraydi, taqdir taqozosi bilan omon qolgan Juanni toʻlqin Yunonistonning bir orolchasiga eltib tashlaydi. Qaroqchi Lambroning qizi Hayde uni behush holda sohildan topib oladi va bir gʻorda otasidan yashirincha parvarish qiladi. Qiz otasining qaroqchilikka ketganidan foydalanib, uni uyiga olib keladi va hayotini u bilan bogʻlaydi. Toʻy bazmi ustiga kelib qolgan qaroqchi Juanni Turkiya qulbozoriga eltib sotadi. Hayde ayriliq azobida vafot etadi. Juanni esa turk sultonining xotinlaridan biri Gulbeka qulbozorda koʻrib, sevib qoladi va sotib oladi. Unga qiz libosini kiygizib, haram qizlari ichida sultondan yashirincha saqlaydi. Ammo haram qizi Dudu bilan bir toʻshakda yotgan Juanning siri ochilib qoladi va Gulbeka sulton uni oʻlimga hukm etadi. Ammo Juan qochishga muvaffaq boʻlib, oʻlimdan qutulib qoladi va Ismoil qalʼasini qamal qilib turgan Suvorov qoʻshinlariga kelib qoʻshiladi. Jangda jasorat koʻrsatib, “Vladimir” nishoniga sazovor boʻladi. Yekaterinaga sarkarda axborotnomasini yetakazish uchun chopar sifatida Peterburgga yuboriladi. Bu yerda Juan Yekaterina xobgohining eng suyukli shinavandalaridan biriga aylanadi. Ammo koʻp oʻtmay salomatligi yomonlashadi, hakimlar, u havo oʻzgartirishi kerak, degan fikrga keladilar va Yekaterina uni Angliyaga elchi qilib joʻnatadi. Shu tariqa Juan Angliya aʼyonlari davrasiga qoʻshiladi. Asar xuddi shu oʻrinda uziladi. Beshafqat oʻlim Bayronni oʻylagan niyatini toʻla amalga oshirish imkonidan mahrum etadi. Holbuki, Juan, shoir rejasiga koʻra, Ovrupo sayohatini farang inqilobida ishtirok etish bilan tugatishi kerak edi. Bayron Juanni dunyoning turli yurtlarida kezdirib, uni turfa sarguzashtlarga roʻbaroʻ qilar ekan, shu orqali jahonning hamma joyida hukm surayotgan zulm va istibdodni, zoʻrlik va zoʻravonlikni, riyo, fahsh va xunrezlikni koʻrsatishni maqsad qiladi…

 

Sulaymon RAHMON

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bayronning-don-juan-asari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x