DORI CHANGITISH

DORI CHANGITISH — oʻsimlik zarar kunandalari va kasalliklariga, shuningdek, begona oʻtlarga qarshi kukunsimon pestitsid(dust)larni sepish; maxsus changlatgichlar bilan sepiladi. Dori changitish vaqtida preparat zarrachalari shamol taʼsirida vaznga qarab har xil uzoqlikka tarqaladi. Zarrachalarning ishlov beradigan yuzaga tushish vaqti ularning kattaligi va ogʻirligiga bogʻliq; dust zarrachalarining kattaligi yer apparatlari uchun 15—25 mkm boʻlishi kerak. Dori changitish asosan ertalab va kechqurun, faqat havo salqin vaqtlarda kunduzi oʻtkaziladi, chunki barglarning nam sathi dustlar zarrachalarini yaxshiroq ushlab qoladi. Changitish muddati q. x. ekinlari zararkunandalarining va kasallik qoʻzgʻatuvchilarining biologik xususiyatlari hamda iqlim sharoitiga qarab belgilanadi. Dori changitishni shamol tezligi 2 m/s boʻlganda oʻtkazish lozim. Baʼzan preparatlarning fizik xususiyatlari tarkibiga 3—5% mineral moylar qoʻshib yaxshilanadi (bonifikatsiya). Baʼzi pestitsidlarning changlagichlardagi harakati natijasida zarrachalar elektr zaryadlanadi, bundan preparatlarning yopishqoqligi va barg sathida ushlanishi ortadi. Bundan tashqari, sertuk, burishgan, gorizontal joylashgan va nam barglarda changsimon preparatlar koʻproqushlanib qoladi. Dori changitishning afzalligi oddiyligidadir, kamchiliklari — shamol taʼsirida pestitsidlarning katta maydonlarga tarqalib ketishi, preparat sarf normasining yuqoriligi, dustlar samaradorligining pastligi. Shu sababli q. x. da Dori changitish oʻrniga pestitsidlarni qoʻllashning purkash usuli keng qoʻllanilmoqda. Lekin chigirtkalar makonida ularning rivojlanishiga qarshi kurashda Dori changitish asosiy usul hisoblanadi. Gʻoʻza maydonlarida paydo boʻlgan oʻrgimchakkana oʻchoklariga oltingugurt changitiladi. Dori changitish oʻtkazishda pestitsidlardan zaharlanishning oldini olish uchun ehtiyotkorlik choralariga amal qilish kerak (q. Xavfsizlik texnikasi). Shomil Xoʻjayev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x