Dilimga bogʻlanib qolding

 * * *

 

Qalbimda oʻstirdim daraxtlarni,

Yodladim bargining hollarigacha.

Zaminin bahor deb, dunyoni kuz deb,

Quchdim yozlariyu qorlarigacha.

 

Koʻzimni nimadir avaylab oʻpdi,

Shamol boʻsasida yondi kipriklar.

Ikki olamlarni tutashtirguday

Yuragimga undan bunyod koʻpriklar.

 

Bobomni koʻraman togʻiga qarab,

Momomning kaftiga oʻxshar hayoti.

Uyqumga koʻchgani sira tushlarmas –

Daladan dil tergan qushlarin yodi.

 

Boshoqqa boylanib oʻsar umrlar,

Yulgʻunday shoxlanib, rostlanar dehqon.

Xohlasa, tandirday gullaydi tuproq,

Xohlasa, yomgʻirday toʻkilar osmon.

 

Bundayin sirni kim oʻrgatar ekan,

Nurlar toʻshab borar quyosh yuziga.

Qaniydi, koʻnglimdan oʻtgan Vatanning

Vatani boʻlolsam bitta iziga?!

Qaniydi?!

 

* * *

 

Borliq shovillaydi tun boʻyi,

Choʻchib tushdi shamol – darbadar.

Hislarini toʻkdi majnuntol

Toʻlgan paymonasi barobar.

 

Ufqlarga bagʻrin tutdi oy,

Yulduzlar-da botdi toʻshiga.

Qushlar, ehhe, qoʻndi bearmon

Yaproqlarning dilbar tushiga.

 

Oʻksinmadi, kulmadi zamin,

Lahzalari sinoatli tinch.

Figʻon chekdi maysalarining

Yuragiga aylangan sogʻinch.

 

Borliq shovilladi tun boʻyi,

Choʻchib tushdi koʻnglim – darbadar.

Toʻkilmoqlik qoʻshigʻin tinglab,

Hayratlandi to tongga qadar.

 

* * *

 

Bir goʻzal kuylarni kuylagim kelar,

Nigohlari soʻlim, ohangi sokin.

Lek, singib qoʻygandir menga shamollar,

Yuragimda shovqin, ruhimda shovqin.

 

Bunday ilhaq kuylar kimlarning sasi,

Hayot qaysi dildan chalayapti bong?

Haddidan oʻtolmay, kunlarimgamas

Tushlarimga shoshib kirayapti tong.

 

Men ham shoshayapman toqatu toqsiz,

Qadamim tezlatar koʻzimdagi yosh.

Faqat ketmasa-da, bogʻimdan bahor,

Faqat toshmasa-da, botgani quyosh.

 

* * *

 

Boshim qoʻyib ertak tinglayman

Oymomaning tizzalariga.

Yulduzlardan nari jilmayman

Va koʻnikib ketgum bariga.

 

Shamollarga qoʻshilib uchib

Daraxtlarni uygʻotaman men.

Yo mezondek kuzakni quchib

Bahorimni yoʻqotaman men.

 

* * *

 

Holimga yondashib oʻtadi kunlar,

Ziyoga toʻldirib koshonasini.

Osmon Sharqu Gʻarbning koʻksini kesib,

Qoplayverar ufqning peshonasini.

 

Qushlar – tabiatning erkalariga

Yuragini tutib qolar daraxtlar.

Ariqning boʻyida mizgʻigan shamol

Eng soʻnggi maysani bir-bir varaqlar.

 

Bunda har ne sokin, har ne osoyish,

Bemalol yarashar inmoq ham kuymoq.

Nedandir bir ilinj axtarar xazon,

Nechundir ruhimni boʻgʻadi qiynoq?

 

Shoshilib boʻzlaydi kechikkan yomgʻir,

Kuzgi chorbogʻlarga aylanar armon.

Toʻrt fasl toʻzgʻigan bardoshing bilan

Dilimga bogʻlanib qolding, dunyojon!

 

Baxtiniso MAHMUDOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–11

https://saviya.uz/ijod/nazm/dilimga-boglanib-qolding/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x