Suvratlangan ruhiyat manzaralari

Isteʼdodi sabab ijodkor hech kimning xayoliga kelmaydigan joydan goʻzallik topib, hayratga tushadi va oʻz ruhiyatini muvozanatdan chiqargan holatni boshqalarga ham tuydirib, oʻrtoqlashgisi keladi. Koʻngildan chiqib, qogʻozga toʻkilgan hayrat mevalari oʻzga koʻngillarga ham hayajon soladi. Yozganlari koʻngil kishisi ekanini ayon qilib turgan shoir Abdunabi Boyqoʻzining sheʼrlaridan samimiyat, jonfidolik toʻkilayotganday boʻladi. Soʻz odamlari bor shodligu qaygʻulari, iztirobu quvonchlari, kechinma-yu oʻylarini soʻzga ishonadilar.

Abdunabi Boyqoʻzi ijodining katta qismini qamrab olgan “Choʻli irogʻim” kitobida oʻqirman ruhiyatini muvozanatdan chiqarib, koʻngliga huzur bagʻishlaydigan sheʼriy bitiklar koʻp. Qofiyali har qanday tizma sheʼr boʻlavermagani kabi har qanday sheʼr ham oʻquvchiga taʼsir qilavermaydi. Koʻngildan chiqqan satrlargina kishi koʻnglida iz qoldiradi. Muallifning koʻngil izhori boʻlmish moʻjazgina “Neki yozdim” sheʼrida shoir ijodining kredosi ifodalangan deyish mumkin:

 

Neki yozdim,

Koʻnglimni yozdim,

Koʻngillarni koʻnglimga yozdim.

Kel, koʻnglingni oʻqi koʻnglimdan,

Neki boʻlsa koʻngildan yozdim.

 

Oʻzgalar koʻnglini koʻngliga joylab olgan shoirning koʻnglidan toʻkilgan satrlarda sheʼrxonning koʻngil manzarasi ham aks etadi. Shoir koʻnglida oʻz tuygʻulari aksini koʻrish oʻqirmanni unga yaqinlashtiradi. Belgiliki, ijodkorning poetik mahorati nimani yozganida emas, balki qanday yozganida namoyon boʻladi. Oʻn besh soʻzdan iborat besh qator sheʼrda olti bor qoʻllangan “koʻngil” soʻzi oʻqirman koʻngliga urmasligiga shoirning qayralgan tasvir mahorati sabab.

Abdunabi Boyqoʻzining “Hech yoʻq” sheʼrida dunyo poeziyasida aytilaverib, qirpiti chiqqan holat tasvirlangan. Chin shoirgina eski hayotiy vaziyatdan yangi poetik maʼno chiqara oladi. Abdunabi bunga tasvirda odatiy mantiqni biroz buzish orqali erishgan:

 

Qandayin tushingga kirdim, bilmadim,

Nahot baxt gulining boʻlsa armoni.

Demak, tushlaringga bejiz kirmadim,

Demak, senga hanuz zorman, armonim.

 

Ilk bandning uchinchi va toʻrtinchi qatorlarida aks etgan holat dunyodagi boshqa barcha sevginomalarda oʻzgacharoq xulosaga kelishga sabab boʻlardi: maʼshuqa oshiqni tush koʻrgan boʻlsa, demak u buni oʻylagan. Bu mazmundagi har qanday tushning joʻyali taʼbiri ham shu aslida. Lekin ushbu sheʼrning lirik qahramoni bu holatdan: “Demak, senga hanuz zorman, armonim” tarzidagi teskari xulosaga keladi. Oshiqning maʼshuqa tushiga kirishi boshqa barcha oshiqlar koʻnglidan oʻtadigan universal izohning aksi boʻladigan yoʻsinda tushuntiriladi. Va bu izoh kutilmaganligi bilan sheʼrxonni ishontiradi.

Abdunabi Boyqoʻzining koʻpchilik sheʼrlari yaxlit butunlikdan iborat. Ularni boʻlaklarga ajratib boʻlmaydi. Chunki ularda nafaqat soʻz, balki har bir tovush muayyan badiiy vazifa bajaradi. Hatto, takrorlarning ham yelkasiga estetik yuk ortilganidan teginilsa, sheʼrga zaxa yetib qoladi. Bu yaxlitlik sheʼr asosida yotgan fikr va tuygʻuning birbutunligidan paydo boʻladi. Shoirning koʻp bitiklari soʻnggida alohida ajratib yozilgan bir satr boʻladiki, muallif sheʼrdagi butun poetik va mantiqiy yukni ana shu misraga jo qilishga erishadi. “Oh tortsam” sheʼrida aftodahol oshiq:

 

Maylimi?.. Xayolan ismingdan boʻsalar olsam,

Xayolan qoshingda tursam mungranib?

Maylimi, soʻzingdan tuysam rohatlar,

Baxmal ohanglardan yayrasam yona.

Yoʻq dema, yoʻq dema, yoʻq dema, dilbar,

Dilimda dil bor deb qilma bahona,

 

deya befarq sanamga xayolan boʻlsa-da yaqinlashishni iltijo qiladi. Yorning jonbaxsh soʻzi, nafaqat soʻz, balki uning baxmal ohanglari ham jonini yayratishini taʼkidlar ekan, dilbardan dilida oʻzga dil borligini bahona qilmaslikni oʻtinadi. Sheʼrning lirik qahramoni shunchalar fidoyiki, xayol surish uchun ham suygulisidan ruxsat soʻraydi. Shoirning maʼshuqa ismidan xayolan boʻsa olishga ruxsat soʻrashi tasviri kishini oʻyga toldiradi. Lablardan, qosh-koʻzlardan, jismu tandan boʻsa olish istagi sheʼriyatda koʻp bor aks etgan, lekin ismdan va yana xayolan boʻsa olishga ruxsat soʻrashdek nafis oʻtinch faqat shu sheʼr qahramoniga xosdir.

Sheʼrning yakunlovchi bandida shoirning qahri qattiq dilbardan oʻtinchi biroz yozgʻirish shakliga kirganday boʻladi:

 

Dilbarim, dil bari faqat sendami?

Yo faqat mendami tamomi zorlik?

Tikilsam, chiroying qolarmi kamib?

Ozayib qolarmi menda nisorlik?

 

Istak bilan imkonning, intilish bilan unga javobning nomuvofiqligi oshiqni oʻrtaydi. Shu bois dil deganning bari dilbardami, zorlikning bari birgina mendami yoʻsinida ozorlanishga jurʼat qiladi. Tuygʻuning oʻta yirikligi bilan talabning gʻoyat kichikligi oʻrtasidagi mantiqiy tazod sheʼrga oʻzgacha joziba bagʻishlaydi. Toʻrtlik bandlardan iborat sheʼr yakunida “Maylimi, goho oh tortib yuborsam?” satrining alohida ozoda satr sifatida kelishi bilan shoir xokisorligi haddi aʼlosiga olib chiqiladi. U suyuklisini ohi bilan ham ozorlashni istamaydi. Holbuki, oh tortganda dardi bir oz yengillashgan boʻlardi, ammo bu borada ham ixtiyori oʻzida emasligini oʻta nozik ifodalaydi.

“Tun, azizim…” sheʼrida Tun va Shoir timsollari tasvirlangan. Oddiy odam kunni orzulaydi. Shoir esa dil rozlarini Tunga aytish uchun Quyoshning “erib bitishi”ni uzoq kutadi:

 

Quyosh shomda erib bitdi,

Ikkov tanho qoldik yana, Tun.

Dil rozlarin toʻshamoq uchun

Seni uzoq, umrzoq kutdim.

 

Sheʼrning keyingi bandida nafaqat atrof olamni, balki shoirning borligʻini ham qamrab olgan Tundan qilingan nafisdan nafis oʻtinch shunday aks etadi: “Shivirlagil dudoqlarimga”. Demak, Tun – Shoirning ilhom parisi. Uning koʻngliga tuygʻu, lablariga soʻz soladi. Soʻz esa Shoirning koʻnglidagi dardlarini, ogʻriqlarini qogʻozga toʻkadi. Shu bois shoir Tundan ajralgisi kelmay, uni ogʻushiga olib, koʻngil puchmoqlariga yashirgisi keladi:

 

Tun, azizim, ogʻushimga kir,

Shivirlagil dudoqlarimga.

Soʻng, oʻzingni koʻnglimga yashir,

Va… aylangil dildogʻlarimga.

 

Kel, oʻzingni koʻnglimga yashir…

 

Koʻpchilik sheʼrlarida Abdunabi Boyqoʻzining soʻzni nozik his qilib, juda mahorat bilan qoʻllay olishi namoyon boʻladi. Chunonchi, “Koʻnglim” sheʼrida shoir soʻzning nafaqat maʼno tovlanishlari, balki tovush jilvalaridanda gʻoyat ustalik bilan foydalanadi. Har qanday takror – badiiyatning kelishib boʻlmas gʻanimi. Lekin ustalik bilan amalga oshirilsa, hatto, takror ham tasvirning betakrorligiga xizmat qilarkan. Toʻqqiz qatorli sheʼrda “koʻngil” soʻzi oʻn bor qaytarilgan boʻlishiga qaramay, oʻrinli qoʻllanilgani sabab oʻqirmanning gʻashiga tegmaydigina emas, balki uni hayratga soladi. Chunki muallif har bir “koʻngil”ga alohida maʼno, alohida badiiy vazifa yuklay bilgan. Bu sheʼrda ikki qahramon: oshiq Koʻngil va maʼshuq Koʻngil bor. Lekin sheʼrdagi poetik vaziyat taqozosi bilan bu koʻngillar “oʻksib ol boʻlgan”, “qaddi dol boʻlgan” oʻz koʻngillariga ham ega boʻlib ikkilanadigina emas, balki oʻnlaniblar ketadi. Muhimi, koʻngillarning bu xil “oʻzidan koʻpayishlari” oʻqirman koʻngliga urmaydi. Negaki bu yerda shunchaki soʻzlar qaytarigʻi emas, balki shoir ruhiyatidagi tovlanishlarni ifodalovchi sheʼriy sanʼat yuz koʻrsatgan:

 

Oʻksib-oʻksib koʻngil koʻngli ol boʻlgan,

Koʻngling ololmadim, oʻksima, koʻnglim.

Koʻngil koʻchasida qaddi dol boʻlgan

Zoru zor koʻngilman koʻnglingda, gulim.

 

Shoir tasvirning serqatlam boʻlishiga erishadi: u oʻksitilaverganidan ol boʻlgan, yaʼni qizariblar ketgan koʻnglining koʻnglini ololmaganidan xijolat. Muallifning mahorati shundaki, tasvir koʻpqatlamligiga yangi soʻzlar kiritish hisobiga emas, balki “koʻngil” soʻzining takrori orqali erishadi. Bir soʻz takrori ham oshiq, ham yorning ruhiy holatlaridagi betakror turfalikni aks ettirishga xizmat qiladi. Koʻproq mumtoz poetikaga xos “istigʻno”, “noz-karashma”li bu sheʼrning jozibali va ohangdor chiqishida takrir sanʼati katta oʻrin tutadi. Takrirdan mumtoz adabiyotimiz vakillari koʻp foydalanishgan. Jumladan, Mashrabning: “Man ayturman: “Koʻngul uzgil!” Bu koʻnglum koʻngul uzmaydur, Koʻngul ayturki: “Ey nodon, koʻngul uzsam, uzilgaymu?!” satrlari bu sanʼatning goʻzal namunasi sanaladi.

Sheʼrning keyingi bandida umumiy ruh oʻzgarmagani holda soʻz oʻyini davom ettirilgan. Ikkinchi bandning dastlabki ikki misrasida “zor” soʻzi xuddi oldingi banddagi “koʻngil” yangligʻ besh bor qaytariladi. Oshiq Koʻngil maʼshuq Koʻngilga murojaat qilar ekan, oʻz darajasini “zoru zoring” deya ifodalaydi. Yaʼni oshiq Koʻngilning maʼshuq Koʻngil diydoru visoliga ehtiyojmandlikning darajasi “zor” soʻzini ikki marta takrorlash (“zoru zor”) orqali bildiriladi. Ayni zamonda bu takror bilan maʼno kuchaytirilishiga ham erishilgan. Birinchi misrada uchinchi bor qoʻllanilgan “zor” soʻzi oldidan “xor” soʻzini keltirish orqali oshiqning oʻtinchi ifoda etilib, ham uning muhabbatini xoru zor qilmaslik soʻralgan, ham oshiq “zor”ligi darajasini ikki baravar kuchaytirishga erishilgan. Shu bandning ikkinchi misrasdagi birinchi “zor” soʻzi – oshiq Koʻngilning sifatlovchisi. Ikkinchi “zor”ga esa oshiq koʻngilni “zor qilma”slik yuklanmoqda. Bu bandda “ol” soʻzi ham turli maʼnolarda uch bora qoʻllanilib, ifodaning kuchayishiga xizmat qildirilgan:

 

Gulim, zoru zoring xoru zor qilma,

Ol, ul zor koʻnglini, ol-u, zor qilma.

Olu ol uzorinda lolalar undi,

Lolalar bagʻrini volazor qilma.

 

Bandning uchinchi misrasida “zor” “uzor”ga aylandi. Uzor, yaʼni yuz goʻzallikdan “olu ol” boʻlib qizillikda lolazorni eslatadi. Oshiq yor uzorida lolalar unishi sabab koʻnglida ochilgan umid chechakzorining “volazor”ga aylanmasligini oʻtinadi. Muallif ushbu sheʼrni “Koʻngling ololmadim, oʻksima koʻnglim” shaklidagi ozoda misra bilan tugallaydi. Zero, bu olamda koʻngilni oʻksitmaslikdan buyukroq aʼmol yoʻqki, yuqoridagi misralar ana shu niyatga xizmat qildirilgan edi.

Koʻngildan chiqarib koʻngilga yozgani uchun Abdunabi Boyqoʻzining tabiat manzaralariga bagʻishlangan bitiklari ham oʻquvchini emrantiradi. “Qish kuni” sheʼrida shoirning ziyrak nazari payqagan manzara va tasvir beixtiyor diqqatni tortadi:

 

Oq qayinning ozgʻin shoxiga,

Yastanib yotib oldi qor.

Gul ham toʻydi bulbul ohiga,

Uxlar, boshda oq angor roʻmol.

 

Bu satrlar oʻqirman koʻz oldida qishning poetik manzarasini namoyon qiladi. Ogʻoch shoxining “ozgʻin”ligi, unda qorning “yastanib yotish” tasviri sheʼrxon tuygʻularini uygʻotadi. Gullarning boshidagi oq roʻmol, ayniqsa, ularning bulbul honishlariga toʻygani tasviri koʻngilga xush keladi. Keyingi banddagi: “Ehtirosdan lof urgan qushlar, Mashqi toʻngan. Mudrar qaydadir. Choyshablarda koʻradi tushlar Lolaqizgʻaldoqlarni adir” tarzidagi diltortar tasvir tuygʻularni junbushga keltiradi. Qushlarning lof urishi, ular bilan birga shaxslantirilgan adirning oq choyshabga oʻralib olib, koʻklam kelsa bagʻrida gurkirab ochilguvchi lolaqizgʻaldoqlarni tush koʻrishi ifodasi oʻqirmanni hayratga soladi.

Sheʼrning keyingi bandidagi daslabki ikki misrada xuddi lolaqizgʻaldoqlarini sogʻingan adir singari bahorgi yalpiz boʻylarini sogʻingan qumariq obrazi kishi diqqatini tortadi: “Suvdan qolgan qumariq yana Yotar yalpiz boʻylarin qoʻmsab”. Qishloq hayotini ichdan bilgan odamning nazarigina bunday nozik holatni ilgʻab olib, undan goʻzallik topadi. Sheʼrda tasvirga tortilgan barcha narsalar jonlantirilibgina qolmay, shaxslantiriladi ham. Natijada tasvir oʻzgacha tarovat kasb etib, sheʼrxonga yaqinlashadi. Shu bandning keyingi qatorlari oʻzgacha ohori bilan koʻngilni rom etadi:

 

Shamol tomning manglayin silar.

Oqqor sochin toʻzgʻitar tarab.

 

Odatda soch taralganda, tartibga solinib, silliqlashadi. Tomning oqqor sochi shamol tarogʻidan toʻzgʻishi tasviri esa ham kutilmaganligi, ham haqqoniyligi bilan yodda qoladi. Bu tasvir – juda ziyrak shoirona nazarning natijasi. Zero, shamolning ishi toʻzgʻitish, betartiblik yaratish.

Sheʼrda “hilvir soch” deb atalgan majnuntol novdalarini izgʻirin shamolning istagan koʻyiga solib tortqilashi shundoqqina oʻqirman koʻz oldiga keltirib qoʻyiladi. “Moʻrilardan purkar ohini, Tuyqus sochi oqargan uylar…” yoʻsinidagi kutilmagan tugallovchi tasvir sheʼrxonni hayratga soladi. Qishda har bir uyning tomi oppoq qor bilan qoplanishi va moʻrilardan tutun chiqishiday oddiy hodisadan shoir gʻoyat inja tasvir yuzaga keltiradi: tuyqus sochi oqarganidan gʻamsiqqan uylar ohlarini moʻridan purkaydi! Bu poetik ifoda shoirning ziyrak nazari va yetuk ifoda imkoniyatiga egaligidan dalolat beradi.

Abdunabi Boyqoʻzining “Onajon”, “Onam yashagan uylar”, “Onam qabri” sheʼrlari hamda “Jannati onam” dostonida onani qoʻmsash tuygʻulari samimiy ifoda etilgan. Shoirning ona yodiga bagʻishlab bitilgan sheʼrlarida uning bagʻridan yiroqdagi oʻgʻilning adoqsiz armonlari oʻzbekcha yoʻsinda aks etadi:

 

Sen yashagan hovlilarga borolmayman, onajon,

Borsam, yayrab borligingday kirolmayman, onajon.

Sen baxsh etgan bu bagʻirning bagʻrida toshlar sindi,

U toshlarga boshim urib, yorolmayman, onajon.

 

Bu eski tuygʻularning ifodasini oʻzbekcha deganimning boisi bizdan boshqa koʻpgina millatlarda onaga ham barcha odam qatori amaliyotchi koʻzi bilan qaraladi. Yaʼni, uning ham banda sifatida oʻlimga mahkum ekani farzandlar nazarida turadi. Ammo biz oʻzbeklarda onaga hech yitmas qadriyat, aslo qulamas qoʻrgʻon, mangu yashaydigan farishta tarzida qarash ustuvorlik qiladi. Va onaning oʻlimi hamisha ulkan fojia tarzida qabul qilinadi. Sheʼrda bola ona uchun bagʻir boʻlsa, bu bagʻirga qancha toshlar urilib singani, endi bu toshlarning sinigʻiga onasiz boshni urib yorish imkonsizligi ulkan armon bilan taʼkidlanadi.

Sheʼriyatga xos qiziq jihat shundaki, unda aks etgan dard umumiy boʻlgani holda ifoda hamisha tom xususiy boʻlgandagina oʻqigan yoki eshitganlarga taʼsir koʻrsatadi. Hammaga maʼlum gap ham hech kimnikiga oʻxshamagan yoʻsinda ifodalansa, sheʼr jozibali boʻladi. Bir sheʼrida shoir yozadi:

 

Poyingizga bosh qoʻyay deb borsam, ona,

Ukalarim tosh qoʻyibdi qabringizga.

Nima ham dey…

Bu ham bir ramz –

Haykal boʻpti… sabringizga.

 

Umuman, oʻzbekning, ayniqsa, ayol va onaning eng ulkan boyligi hech qachon tugamaydigan sabr ekani maʼlum. Shu sabab ona yotgan qabrga qoʻyilgan haykal, aslida sabrga qoʻyilgan haykal boʻlib chiqadi. Ifodaning injaligi sheʼrga oʻzgacha joziba baxsh etadi.

Sheʼriyatning sonet deb atalguvchi oʻn toʻrt qatorlik bir turi bor. Unda ming yillar oldin ishlab chiqilgan qoliplarga qatʼiy amal qilish talab etiladi. “Sonetlar gulchambari” esa usiz ham mushkul boʻlgan ana shunday sonetning oʻn beshtasi qoʻshiluvidan yuzaga keladi. Adabiyotshunoslikka doir lugʻatlarda aytilishicha: “Sonetlar gulchambari oʻn toʻrtta sonetdan tarkib topgan turkum boʻlib, har bir sonet oʻzidan oldingi sonetning oxirgi misrasi bilan boshlanadi, oʻn toʻrtta sonetning birinchi misralaridan esa oʻn beshinchi sonet – magistral tarkib topadi. Magistral turkumning gʻoyaviy-kompozitsion asosi boʻlib, odatda, u boshqalaridan avval yoziladi. Bu jihatdan qaralsa, magistralning har bir misrasi tartib boʻyicha qolgan oʻn toʻrt sonetning birinchi misrasi boʻlib keladi”.

Abdunabining “Jannati onam” dostoni sonetlar gulchambari shamoyilida bitilgan. Unda onasining jannatiy sifatlari toʻgʻrisida oʻyga choʻmgan oʻzbek oʻgʻloni tuygʻulari aks etgan. Onasidan ayrilgan shoir holati birinchi sonetda: “Sheʼr ham yozolmayman, goh soʻz yoqmaydi, Goho oʻz soʻzimga yoqmayman oʻzim”, – tarzida ifoda etiladi.

Keyingi sonetlardagi “Joni chiqarda ham dedi bosh bolam”, “Ortimda qol deding, qoldim vovaylo”, ayniqsa, “Jussasi chiviqday mushtipar uchun Oʻn bir ummat tugʻmoq aytmoqqa oson. Aytmoqqa osondir shuncha jujuqni, Toʻymay toʻydirmogʻu, kiymay kiydirmoq” misralari oʻqirmanning naq yuragiga yetib boridan yoʻsinda bitilgani bilan eʼtiborga loyiqdir. Dostonning yakunlovchi sonetidagi:

 

Assalom, xoksor, ey mungligʻ mozor,

Onamning boʻylarin simirgan zamin.

Sen endi onamsan, senda onam bor,

Onamni onamga topshirdim… Omin!

 

tarzidagi yoniq satrlari ifoda qudrati bilan oʻzbek sheʼriyatining imkoniyatlarini koʻrsatadigan yuksak darajadagi bitiklardir.

Abdunabi Boyqoʻzining toʻrtliklari muallif koʻngil holati va oʻylarining qisqa ifodasidir. Shoir toʻrtliklarida oʻz koʻngliga qayta-qayta murojaat qiladi. U koʻnglini faqat oʻzining emas, balki Ollohning ham daxlsiz mulki sifatida doimo pok saqlashga, gʻuborlardan asrashga intiladi. Bu intilish bir toʻrtlikda shunday namoyon boʻladi:

 

Koʻnglim, ne qilsam seni shod qildim,

Zor boʻlganim zorlikda yod qildim.

Har neki xarobot toshimdadir,

Oʻz ichimda oʻzimni obod qildim.

 

Ushbu toʻrtlikda bir umr koʻngliga xiyonat qilmay, unga zugʻum oʻtkazmay, oʻzini fido etish orqali koʻnglini obod qilib yashagan koʻngil kishisining koʻngil izhori taʼsirli aks etgan.

Abdunabi Boyqoʻzi – yangi sheʼriy janrlar yaratishga ishqiboz shoir. Imkon boricha originallikka intiladigan ijodkor milliy poeziyamiz tarixida koʻrilmagan ikki, uch, toʻrt va besh soʻzdan iborat sheʼr janrlarini yaratdi. Shoir oʻzining kashfiyoti boʻlmish besh soʻzdan iborat sheʼrlarni “beshnavolar”, toʻrt soʻzdan iborat bitiklarini “choryorlar”, uch soʻzdan iborat sheʼrlarni “uch ogʻaynilar”, ikki soʻzdan iborat yaratiqlarini “irmoqchalar”, boshqa tillardan qilgan tarjima sheʼrlarni esa “mehmon misralar” deb atadi.

Abdunabi Boyqoʻzining astoydil izlanuvchan shoir ekani oʻzbek sheʼriyati uchun tom yangi hodisa boʻlmish “beshnavolar”ida, ayniqsa, ochiq koʻrinadi. Beshnavo – har bir satri birgina soʻzdan iborat boʻlgan besh qatorlik sheʼr. Chorak asrdirki, Abdunabi shu xil sheʼrlar yozib yuradi. Maʼlumki, globallashuv davri dunyo poeziyasida qisqalikka intilish kuchaygan. Chunki sheʼr qancha ixcham boʻlsa, unda shoirning nuqtai nazari kamroq ifodalanib, oʻqirmanda uni fikran davom ettirish imkoni koʻproq boʻladi. Kitobdagi hikmatnamo beshnavolarda shoirning hayotdan chiqargan saboqlari aks etgan. Ularning ayrimlari bora-bora elning ruhi, tili va tafakkuriga singishib, xalq hikmatlariga aylanib ketsa ham, ajabmas. Shoir qalamidan taralgan shunday beshnavolar borki, ular maqol yukini tashiydi:

 

Ostonangdan

Oʻtganning

Hammasiyam

Mehmon

Emas.

 

Abdunabi Boyqoʻzi ayrim beshnavolarda ijodga doir qarashlarini aks ettirgan:

 

Bir

Sheryurak

Sheʼrlar

Yozishim

Kerak.

 

Bu beshnavoda shoirning oʻz sheʼrlarida yirik haqiqatlarni aytish, zamonasoz satrlar tizmaslik, sheryurak inson sifatida oʻzligi aks etgan asarlar yaratish istagi aks etadi. Bir beshnavoda shoir oʻz sheʼriga:

 

Sheʼrim,

Kelsang,

Kelajaging

Bilan

Kel,

 

– deya murojaat qiladi. Bu beshnavoda soʻz odamining oliy tilagi ifoda etilgan deyish mumkin. Har qanday odamning shon-shuhratga intilishi tabiiy hol. Buning yomon joyi ham yoʻq. Lekin hamma gap unga qanday erishishda.

 

Muhabbatning

Koʻchalariga

Devonavor

Kirgiz,

Xudoyim

 

beshnavosi sheʼrxon koʻnglini emrantiradi. Maʼlumki, muhabbatning koʻchalari doim azobli-iztirobli. Hijroni ogʻir, visoli esa gʻoyat kamyob. Oshiq buni juda yaxshi biladi. Bila turib, muhabbat koʻchalariga devonavor kirgizishni soʻrash iltijoning taʼsir darajasini ne miqdor oshiradi.

Abdunabining har bir soʻzi bir qatorga aylantirilgan sheʼrlari muallifning chuqur ichki ehtiyoji mahsulidir. Negaki, bunday bitiklarda har bir soʻzning ifoda imkoniyatlari namoyon boʻlibgina qolmay, ular oʻqirmanni sheʼrning isteʼmolchisigina emas, balki badiiy tasvir jarayonining ishtirokchisiga ham aylantiradi. Sheʼr qancha qisqa boʻlsa, unda aytilmasdan ishora qilingan narsa shuncha koʻp boʻladi. Bunda sheʼrxonga matndan turli-tuman kashfiyotlar qilish imkoniyati beriladi.

Shu bois bugungi sheʼrxon shunchaki oʻqirmangina emas, ijodkor ham hisoblanadi. Koʻnglidan chiqarib koʻngillarga yozgani uchun shoir Abdunabi Boyqoʻzining sheʼrxonnida ijodkorga aylantirgan sheʼriy bitiklari oʻqirmanlar koʻnglidan chuqur joy oladi.

 

Qozoqboy YOʻLDOSH

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–11

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/suvratlangan-ruhiyat-manzaralari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x