BUXORODA 1910-YIL YANVAR VOQEALARI — Buxorodagi qonli fojia (9—11 yanv.). Shaharning shia mazhabidagi aholisi 9 yanv. kuni Oʻgʻlon darvozasi yaqinidagi sarbozxonada oʻzlarining motam marosimlari — «shaxseyvaxsey» (q. Ashuro) oʻtkazayotganliklarida sunniy mazhabidagi mullavachchalar ularning bu holidan kuladilar. Bundan gʻazablangan shialar bir mullavachchani oʻldiradilar va uchtasini qamattiradilar. Sunniylarning vakillari amirning Arkiga kelib qushbegi Ostonaquldan gunohkorlarni jazolash va qamalganlarni ozod qilishni talab qiladilar. Qushbegi yigʻilganlarni haydab yuboradi. Shundan soʻng aholi Registon maydoniga toʻplanib yana oʻz talablarini qoʻyadi. Oʻzi shialardan boʻlgan qushbegi yigʻilganlarga qarshi sarbozlarni yuboradi va ikki oʻrtada jang boshlanadi. Bozorda ham sunniylar b-n shialar oʻrtasida janjal koʻtariladi. Sunniylar qoʻlga tushgan narsalar bilan qurollangan edi. Xiyobon madrasasi atrofida shialarning hujumi toʻgʻrisida xabar keladi, yigʻilgan olomon oʻsha tomon yoʻl oladi. Sarbozlar olomonning yoʻlini toʻsadi. Sodir boʻlgan jangda sunniylardan 240 kishi oʻldirilgan. Shundan soʻng sunniylar butun shaharga tarqalib, duch kelgan shialarni qira boshlaganlar. Bu xunrezlik 10 va 11 yanv. kunlari davom etadi. Qushbegi Rossiyaning siyosiy agentligiga yordam soʻrab murojaat qiladi. 11 yanv. da Samarqand va Kattaqoʻrgʻondan polkovnik Panov rahbarligida oʻqchi rota, kazaklar sotnyasi 4 pulemyot bilan keladi. Fojia haqidagi xabar Rossiya poytaxtigacha boradi, P. A. Stolipinning buyrugʻi b-n xunrezlikni oldini olish uchun I Turkiston armiyasi korpusi shtabining boshligʻi generalmayor Liliyental yetib keladi. Karmanada yashayotgan amir Abdulahad Buxoroga oʻzi kelishga jurʼat qilolmay oʻgʻli (taxt vorisi) Said Olimxonni joʻnatadi. Sunniy xalq qushbegi Ostonaqulni, Said Olim va Mirob Olim toʻqsobalarni hamda xalqqa jabrzulm oʻtkazgan bir qator shia amaldorlarini vazifasidan chetlashtirish, bundan soʻng ularni davlat ishlariga aralashtirmaslikni talab qiladi. Bu talablar qondiriladi.
Shaharda osoyishtalik hukm sura boshlaydi, 15 yanv. da sunniy va shia mazhablari vakillarining yarashish uchrashuvi tashkil etiladi, shundan soʻng rus qoʻshinlari shahardan olib chiqiladi.
Bu xunrezlikda shahar hunarmandlari, ishchilar, mayda savdogarlar, mullavachchalar, ruhoniylar va b. qatnashadi. Xunrezlik haqidagi xabar amirlik tumanlaridagi aholini ham junbishga soladi. Yanv. fojialarida umumiy hisoblarga qaraganda mingdan ortiq kishi halok boʻlgan. Bu xunrezlik amirlik va mustamlakachi Rossiya maʼmurlarini vahimaga solib qoʻygan.
Ad.: Ayniy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Tuxtametov T. G., RusskoBuxarskiye otnosheniya v konse 19 nachale 20 v.. T., 1966.
Toshpoʻlat Rahmonov.