BUXORO BOSQINI

BUXORO BOSQINI, Buxoro operatsiyasi — qizil armiyaning Buxoro xonligintl tugatish va uning hududida shoʻrolar hokimiyatini barpo etish maqsadida uyushtirgan bosqini (1920-y. 28 avg. — 2 sent.). Bolsheviklar xalqaro huquq normalarini qoʻpol ravishda buzib, 1920-y. fev. da Xiva xonligini bosib olganlaridan soʻng Buxoro amirligi sari yuzlandilar. 1920-y. may oyi boshlarida Moskvaga kelgan Turkkomissiya aʼzolari Sh. Eliava va Ya. Rudzutak RSFSR tashqi ishlar vaziri G. V. Chicheringa «Turkkomissiya ertagayoq Buxoro amirligining mustaqilligini bekor qilish toʻgʻrisida qaror chiqaradi» degan bayonotini topshirdi. 1920-y. 22-mayda (RKPb) MK byurosi Buxoroga hujum qilish toʻgʻrisidagi Turkkomissiya aʼzolarining ushbu fikrini maʼqulladi. Turkiston qoʻshinlarining qoʻmondoni M. V. Frunze Buxoro amirligiga qarshi harbiy harakatlarni tezlashtirishni soʻrab 1920-y. 31-iyulda V. I. Leninga telegramma joʻnatgan. RSFSR qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni S. S. Kamenev bu telegrammaga «Qulay fursatda boshlashga ruxsat beriladi» deb qisqa javob yuborgan. 1920-y. 12 avg. da M. Frunze amirlikni tugatish maqsadida Samarqand-Buxoro (guruhifronti)ni tuzish haqida buyruq bergan. Shu tariqa amirlik chegaralariga 7 ming piyoda, 2,5 ming otliq askar, 5 ogʻir toʻp, 35 yengil toʻp, 206 zambarak, 5 broneavtomobil, 5 bronepoyezd va 11 aeroplan shay holatga keltirib qoʻyilgan. Amir Olimxon ixtiyorida 15 ming sarboz, 55 eski toʻp va 12 pulemyot bor edi, xolos. Harbiy kuchlar nisbatiga koʻra Turkiston fronti zamonaviy qurollarga ega edi. 16—18 avg. da Chorjoʻyda Buxoro kommunistlarining 4syezdi boʻlib, u amirga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Bolsheviklarning makkorona rejalari amalga osha boshlagan. Tarixda «yalpi qoʻzgʻolon» deb atalgan harakat 1920-y. 23 avg. da Beshim Sardor boshchiligidagi yollanma turkman otliqlarining Chorjoʻy yaqinidagi Saqor bozorni ishgʻol qilishi b-n boshlandi. Beshim Sardor va Chorjoʻy kommunistlari darhol Eski Chorjoʻyni ishgʻol qilganlar, yuzdan ortiq amaldorlar qamoqqa olingan. Chorjoʻy bekligi xazinasi qoʻlga kiritilib, bu boyliklar darhol Chorjoʻy revkomi va yangi hukumat qoʻliga utgan. Ilgaridan kelishuvga koʻra shu kuni Chorjoʻy revkomi «Butun Buxoro xalqi nomidan» Turkiston frontiga yordam soʻrab murojaat qilgan, vaholanki Buxoro xalqi syezd qaroridan ham, Beshim Sardor isyonidan ham bexabar edi. Buxoro taqdiri qizil qoʻshin ixtiyoriga topshirilgandi. M. Frunze «yordam» toʻgrisidagi murojaatni olgach, qoʻshinlarini 4 ta zarbdor guruh (Samarqand, Kattaqoʻrgʻon, Chorjoʻy va Kogon)ga boʻlgan. Samarqand guruhi 29—30 avg. da ShahrisabzKitob yoʻnalishi boʻylab harakat qilib Qarshi va Gʻuzorni egallashi, Kattaqoʻrgʻon guruhi esa shu kunlari Xatirchi, Ziyovuddin va Karmanani olishi, Chorjoʻy guruhi boʻlsa eski Chorjoʻyni egallab, Amudaryoning Afgʻoniston bilan chegaralarini nazorat qilishi, Forob va Qorakoʻlni egallab, qoʻshimcha buyruqni kutib turishi lozim edi. Asosiy vazifa Kogon guruhi zimmasiga yuklandi. U eski Buxoroni egallashi, Olimxonni asir olishi va Arkdagi xazinani egallashi kerak edi. 1920-y. 29 avg. dan boshlab eski Buxoro ham havodan, ham yerdan qattiq bombardimon qilingan. Buxoroning Qarshi darvozasigacha kelgan t. y. da turgan bronepoyezd va Samarqand, Shayx Jalol, Namozgoh darvozalari yaqinida joylashtirilgan toʻplardan 1—2 sent. kunlari shaharga 12 ming snaryad tashlangan. 11 ta aeʻroplan esa shahar ustida 3 kun bomba yogʻdirgan. Bir necha mln. dona patron sarflangan. Shahar hatto kimyoviy snaryadlardan oʻqqa tutilgan. Shaharning Qarshi va Samarqand darvozalari tagiga 800 kg dan ortiq porox koʻmilib portlatilgan. Qulab tushgan darvozalardan kizillar shaharga bostirib kirganlar. Koʻcha janglari boshlanib ketgan. Amir Olimxon shahar obidalari va aholini omon saqlash maqsadida shaharni tashlab chiqib ketgan. Shoʻro aeroplanlari uni qidirib topish bahonasida shahar atrofidagi qishloqlarni, tarixiy obidalardan Sitorai Mohi Xosank bombardimon kilishgan. 2 sent. da qizillar Arkni egallab uning ustiga oʻzlarining bayroqlarini tikkanlar. Shafqatsiz oʻq yomgʻiri va bombardimon natijasida shahar obidalarining 1/5 qismi vayron etilib, minglab begunoh odamlar nobud boʻlgan. Oʻsha davr voqealarining bevosita shohidi boʻlgan mahalliy tarixchi Muhammad Ali Baljuvoniy oʻzining «Tarixi Nofeiy» («Foydali tarix») asarida qizil askarlar tomonidan qilingan Buxoro bosqini oqibatlarini quyidagicha tasvirlaydi: «Buxoroni bosib olish natijasida 34 guzar, 3 mingdan ortiq doʻkon, 20 ta saroy, 29 ta masjid yonib xarob boʻldi. Minorai kalonga ham zarar yetib, Olimxon va Mir Arab madrasalari yonib ketdi… Hazrati Imom darvozasidan Guzari Nazargacha, Kofirobod, Oʻgʻlon darvozasi, Masjidi kalon, Zindondan Toʻqumdoʻziy hammomigacha, minora ostidan to Soʻzangaron dahasi, Gul bozor, Lattafurushlar rastasi, Registondan to Puli oshiqonning boshigacha batamom yonib ketdi. Qarshi darvozasi ham yonib ketdi… Shaharda 3 mingga yaqin hovli yonib kul boʻldi. Buxoro sh. qariyb 20 kun yongandi. Buxoroning shu darajada xarob boʻlganini hech bir tarix koʻrmagan edi». Buxoroliklar bu kunlarni «kichik qiyomat» deb aytishgan. Shaharga kirgan qizillar Arkdagi amir xazinasini, Buxoro qozikaloni, qushbegi va b. amaldorlarining boyligini musodara qilganlar. Askarlar va qoʻshin rahbarlari katta boylik orttirganlar. Turkiston inqilobiyharbiy byuro «uchligi»ning aʼzosi A. Mashiskiyning 1920-y. sent. da Leninga yozgan maʼlumotnomasida shahar markazi yakson qilinganligi, Registon va Ark yondirilgani, Ark yertoʻlalaridagi va omborxonalaridagi boyliklar — oltin, kumush, brilliantlar talangani, bunda qizil armiya bevosita qatnashgani haqida xabar bergan. Sent. oylarining boshida amirlik xazinasi va b. boyliklar ortilgan 2 eshelon yuk Toshkent orkali Moskvaga yoʻl oldi. Qariyb 15 sent. gacha davom etgan Buxoro talovini guvohi boʻlgan Turkkomissiya vakili G. Safarov oʻz xotirasida: «Buxoroga kelgan qizil qoʻshinlar eng avvalo talonchilik bilan shugullandilar. Ular hammani va hamma narsani taladilar. Umuman qizillar Buxoroni talash uchun kelgan edilar», deb yozgandi. Buxorodan soʻng qizillar amirlik tarkibidagi 27 beklikni ham birinketin egallashgan va bu bilan Buxoro xonligita barham berganlar, uning hududida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgan. Qizil askar nayzalari ostida qilich va oʻt bilan «Buxoro inqilobi» amalga oshirilib, sobiq yosh buxorolik jadidlardan iborat Buxoro Xalq Nozirlar Shoʻrosi (raisi Fayzulla Xoʻjayev) tashkil topdi.

Ad.: Oʻzbekistonning yangi tarixi. 2kitob. Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida, T., 2000; Turkistan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Oʻzbekiston tarixi (19171991), T., 2000; Buxoro Sharq durdonasi (uzbek, fransuz, ingliz, rus tillarida), T., 1997.

Umar Rashidov, Qahramon Rajabov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x