Bolalarda angina – halqumda joylashgan (koʻpincha tanglaydagi) limfa bezlarining oʻtkir infeksion-allergik yalligʻlanish kasalligi. Bolalarda anginada yuqori tana harorati, aniq namoyon boʻlgan intoksikatsiya belgilari, yutinganda ogʻriq his etish, jagʻ osti va boʻyin limfa tugunlarining kattalashishi va bodomchasimon bezda yiringli qoplama hosil boʻlishi bilan kechadi. Kasallik diagnostikasi bolalar LORi tomonidan fizikal koʻruv, faringoskopiya, yutqindan olingan surtma tekshiruvi, qon IFA analizi yordamida qoʻyiladi. Bolalarda angina davosida patogenetik davo (antibiotiklar, virusga qarshi preparatlar), simptomatik davo (tana haroratini tushiruvchi vositalar) va mahalliy davo (aerozol, tomoqni chayish va dorivor oʻsimliklar bilan davolash) yordamida olib boriladi.
Angina (oʻtkir tonzillit) – infeksion-allergik kasallik boʻlib, halqumda joylashgan bodomchasimon bezlarning yalligʻlanishi bilan xarakterlanadi. Bolalar orasida ushbu kasallik OʻRVI kasalliklaridan keyingi oʻrinda turadi. Shu sababli kasallik bolalar otolaringologiyasi va pediatriya sohasida koʻp tarqalganligi va yuqumliligi bilan ajralib turadi. Bolalarda anginaning xavfliligi, erta (otit, paratonzillit, yutqin yon va orqa absesslari) va kechki (revmatizm, revmatoid artrit, glomerulonefrit va boshqalar) asoratlar kelib chiqishi bilan tushuntiriladi.
Bolalarda angina kelib chiqish sabablari va kasallik patogenezi
Koʻp hollarda angina kelib chiqishiga sabab bakteriya yoki virusli infeksiya boʻladi. 80-85 % holatlarda qoʻzgʻatuvchi sifatida β-gemolitik stafilokkok A guruhidagi bakteriya, 10 % holatlarda tillarang stafilokokk, kam holatlarda – pnevmokokk, gemofil tayoqcha, viruslar (enterovirus, adenovirus, gerpes-virus va boshqalar), mikoplazma, xlamidiya, zamburugʻlar va aralash infeksiya sabab boʻladi. Odatda 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda angina kelib chiqishiga viruslar sabab boʻlsa, 5 yosh va undan katta bolalarda angina qoʻzgʻatuvchisi bakteriya hisoblanadi. Streptokokklar chaqiruvchi angina bilan koʻpincha 5-10 yosh oraligʻidagi bolalar kasallanadi. Baʼzi hollarda angina kelib chiqishida shartli patogen qoʻzgʻatuvchilar ham muhim rol oʻynaydi (ogʻiz boʻshligʻida yashovchi bakteriyalar).
Bodomchasimon bezga infeksiya koʻpincha bir yoʻl bilan tushadi – ekzogen yaʼni havo-tomchi, maishiy-kontakt, enteral yoʻllar orqali. Travmatik angina burun-halqum yoʻlida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyin kelib chiqadi (masalan, bolalarda adenotomiya amaliyotidan keyin). Endogen autoinfeksiya surunkali tonzillit xuruj qilishi, tish kariyesi, sinusit, gastroenterit natijasida yuzaga chiqadi.
Bolalarda angina kelib chiqishida xavf omillariga bolalarda uchraydigan diatez (limfatik-giperplastik), sovuq qotish natijasida mahalliy va umumiy immunitetning susayishi, avitaminoz va boshqalar kiradi.
Bolalarda angina rivojlanishi asosida allergik–giperergik reaksiya yotadi. Bodomchasimon bezda nopatogen flora, patogen mikroflora va oqsil almashinuvi mahsulotlari toʻplanadi, bu omillar organizmda sensibilizatsiyaga sabab boʻladi. Ushbu jarayonga endogen yoki ekzogen infeksiya aralashishi bolalarda angina kelib chiqishiga olib keladi. Qoʻzgʻatuvchilar bodomchasimon bezga mahalliy taʼsir koʻrsatadi, yaʼni bezda limfa toʻqimalar toʻplanib qoladi, yiringli jarayon boshlanadi, lakunalarda yiring yigʻiladi, epiteliy nekrozi va ayrim hollarda bez toʻqimalari nekrozi ham roʻy beradi.
Bolalarda angina turlari
Bolalarda bodomchasimon bez yalligʻlanish sababiga koʻra: birlamchi, ikkilamchi va spetsifik angina turlariga boʻlinadi. Birlamchi angina bodomchasimon bezning oʻzida infeksiya taʼsirida patologiya kelib chiqsa, ikkilamchi yoki simptomatik angina boshqa kasalliklar asorati sifatida yuzaga chiqadi, masalan skarlatina, qizamiq, difteriya, mononukleoz va boshqalar. Bolalarda spetsifik angina kelib chiqishiga sabab – ayrim guruh infeksiyalar, yaʼni gonoreya, mikoplazma, xlamidioz, kandidoz va boshqalar boʻlishi mumkin.
Bolalarda angina kechishiga koʻra:
- oʻtkir;
- qaytalanuvchi;
- surunkali koʻrinishlarga boʻlinadi.
Bodomchasimon bezdagi oʻzgarishlarga qarab bolalarda anginaning quyidagi shakllari farqlanadi:
- Kataral;
- Follikulyar;
- Lakunar;
- Fibrinoz;
- Flegmonoz;
- Gangrenoz.
Katar angina – bolalarda bodomchasimon bezning biroz kattalashgani va giperemiya holati kuzatiladi. Bunda yiringli qoplamalar boʻlmaydi. Bez epiteliysining qadoqlashishi hisobiga yupqa oqish qoplama hosil boʻlishi mumkin. Mikroskopik tekshiruvda epiteliy limfotsitlar va neytrofillarning quyuq infiltratsiyasi aniqlanadi.
Follikulyar angina – bolalarda bodomchasimon bez epiteliy yalligʻlanish jarayoni qavatidan chuqurlashgan, yiringli follikulalar bilan qoplanadi (oʻlchami 3 mm gacha boʻlishi mumkin va “yulduzli osmon tasvirini” eslatadi). Bez parenximasida morfologik oʻzgarishlar (toʻlaqonlik, giperemiya) aniq koʻrinadi. Yiringli follikulalarda leykotsitar infiltratsiyaga kechadi va nekroz boshlanishi belgilari aniqlanadi.
Lakunar angina – bodomchasimon bezda chiziqli sargʻish rangdagi yiringli qoplama hosil boʻlishi bilan xarakterlanadi. Bezning yuzasi aniq koʻrinadigan darajada giperemiyalashgan va shishgan boʻladi. Lakunalardagi yiringli qoplamalar birlashishi va katta hajmdagi yiringli oʻchoq hosil qilishi mumkin. Mikroskopik tekshiruvda epiteliyning parchalanishi, shilliq qavatning leykotsitar infiltratsiyasi, kichik qon tomirlar trombozi kuzatiladi.
Fibrinoz angina – bodomchasimon bezda oqish rangli, yarim shaffof plyonkasimon qoplama bilan qoplanib qoladi.
Flegmonoz angina – bolalarda kam uchraydi. Bodomchasimon bezda yiring tarqalgan holda boʻlishi va unda absess (koʻpincha bir taraflama) hosil boʻlishi bilan kechadi.
Gangrenoz angina – bodomchasimon bez epiteliysi va parenximasida yarali-nekrotik oʻchoq hosil boʻlishi bilan xarakterlanadi. Halqum koʻruvida bodomchasimon bezda oqish-kulrang qoplama (oʻzida koʻplab bakteriyalar, leykotsitlar, nekrozga uchragan toʻqima va fibrin saqlaydi) aniqlanadi. Qoplama koʻchiriladigan boʻlsa, uning oʻrnida chegaralari notekis yara hosil boʻladi. Nekrotik jarayonning tarqalib ketishi bez toʻqimalarining parchalanishi va uning oʻrnida chandiq hosil boʻlishi bilan asoratlanadi. Nekrotik angina koʻpincha oʻtkir leykoz, difteriya (boʻgʻma), skarlatina bilan kasallangan bolalarda kuzatiladi.
Angina belgilari
Angina bolalarda kattalarga nisbatan ogʻirroq koʻrinishda kechadi: tana harorati koʻtariladi, aniq namoyon boʻlgan intoksikatsiya belgilari, tez asoratlanishi bilan oʻziga xosdir. Ayniqsa bolalarda anginaning bir shaklidan keyingi shakliga oʻtib ketishi ham uchrab turadi (kataral follikulyarga, follikulyar lacunar koʻrinishiga oʻtib ketadi). Ammo, koʻp hollarda jarayon avj olmaydi.
Bolalarda kataral angina oʻtkir boshlanishi, tomoq achishishi, quruqlashishi va ogʻriq hissi paydo boʻlishi, yutinganda ogʻriq kuchayishi bilan xarakterlanadi. Tana harorati 38-39 oC gacha koʻtarilishi mumkin, bolalar bosh ogʻrigʻi va holsizlikka shikoyat qiladi. Til quruq, oq karash bilan qoplangan, mahalliy limfa tugunlari aytarli darajada kattalashmagan va biroz ogʻriqli boʻlishi mumkin. Kataral angina odatda 5-7 kun davom etadi.
Bolalarda follikulyar angina aniq namoyon boʻlgan intoksikatsiya belgilari bilan kechadi: holsizlik, apatiya, ishtahaning yoʻqolishi, artralgiya, bosh ogʻrigʻi kabi. Tana harorati yuqori koʻrsatkichlarga koʻtarilishi, qayt qilish, hushning yoʻqolishi va talvasalar ham yuz berishi mumkin. Tomoq soxasida kuchli ogʻriq, quloq soxasiga ham tarqaladi, bola ovqat yeyishdan bosh tortadi. Sollikulyar angina belgilari bolalarda 2 sutka davom etadi, 3-4-kunlarda bola ahvoli yaxshilashadi (bez yuzasi tozalansa), ammo yutingandagi ogʻriq yana 2-3 sutka bezovta qilib turishi mumkin. Bolaning sogʻayib ketishi 7-10 kun ichida roʻy beradi.
Bolalarda lakunlar angina ham intoksikatsiya belgilari bilan kechadi. Bodomchasimon bez infiltratsiyasi va shishi hisobiga bola ogʻzini zoʻrgʻa ochadi, uning ovozi boʻgʻiqlashadi. Bolalar tomoq soxasida kuchli ogʻriq va ogʻizda yoqimsiz taʼm sezishga shikoyat qiladi. Mahalliy limfa tugunlari kattalashgan va bola boshini harakatlantirganda ogʻriqli boʻladi. Lacunar anginaning bolalarda kechish muddati 10-14 kunni tashkil etadi.
Bolalarda virusli angina respirator simptomlar (rinit, yoʻtal), stomatit, konyuktivit va ich ketishi bilan kechadi.
Streptokokklar chaqirgan anginaning eng koʻp uchraydigan asoratlariga – revmatik endokardit, nospetsifik poliartrit, glomerulonefrit, yutqin absesslari kiradi. Gerpetik angina bolalarda seroz meningit bilan asoratlanishi mumkin.
Bolalarda angina diagnostikasi.
Bolalarda tana harorati koʻtarilsa va tomoqda ogʻriq paydo boʻlsa pediatr yoki bolalar otolaringologiga murojaat qilish kerak. Anginaga xos boʻlgan belgilar shifokor tomonidan tomoq shilliq qavatlari va bodomchasimon bez koʻruvi, hamda mahalliy limfa tugunlari palpatsiyasi yordamida aniqlanadi.
Umumiy qon analizida – neytrofil leykotsitoz, tayoqchasimon yadrolilar chapga siljishi, ECHT oshishi aniqlanadi. Yutqindan olingan surtma tekshiruvida angina keltirib chiqargan qoʻzgʻatuvchini aniqlash mumkin. Zaruriyat tugʻilganda serologik tekshiruv (IFA) oʻtkazilishi mumkin: mikoplazma, kandida, xlamidiya, gerpes virusi va boshqalarga qarshi antitelo aniqlanadi.
Faringoskopiya tekshiruvida bodomchasimon bez infiltratsiyasi, giperemiyalashganligi, qoplama hosil boʻlganligiga asoslanib anginaning turi aniqlanadi. Angina holatida yiringli qoplama shpatel yordamida oson koʻchadi, qonli iz qoldirmaydi (difteriya (boʻgʻma) dan farqli jihati shunda).
Bolalarda angina davosi
Yengil va oʻrta ogʻir darajadagi angina holatlari ambulator sharoitda davolanadi. Kasallikning ogʻir koʻrinishlarida bolalar kasalxona infeksion boʻlimlarda davolanishlari mumkin.
Bolalarda angina davosida yotoq tartibiga rioya etish, bemorni alohidalash, buyumlardan individual foydalanish (idishlar, sochiq va boshqalar), ovqatlanish tartibiga rioya etish va koʻp suyuqlik ichishga eʼtibor qaratish kerak.
Bolalarda bakterial anginada qoʻzgʻatuvchi sezgirligiga asoslangan holda – antibiotiklar buyuriladi. Antibiotiklar bilan birgalikda antigistamin preparatlar, B guruh vitaminlari va askorbin kislota, hamda immunomodulyatorlar ham qoʻllaniladi.
Angina davosida eng muhim muolaja: mahalliy qoʻllaniladigan antiseptik vositalar (nitrofural, miramistin, furatsilin) va dorivor oʻsimliklar eritmalari (kalendula, romashka, shalfey), halqumga aerozol vositalar sepishdan foydalanish samarali usullar hisoblanadi.
Virusli anginada bolalarga virusga qarshi preparatlar va mahalliy qoʻllaniladigan interferon vositalari buyuriladi.
Yutqin atrofi absesslari kelib chiqsa – ular jarrohlik yoʻli bilan ochiladi va antiseptik vositalar bilan yuviladi. Agar angina bolalarda qaytalanuvchi xususiyatga ega boʻlsa – tonzillektomiya amaliyoti bajariladi.
Bolalarda anginaning oqibati va profilaktikasi
Bolalarda steptokokkli angina oʻtib ketadigan boʻlsa – EKG, umumiy siydik va qon tahlili, zaruriy holatlarda bolalar revmatologi, nefrologi va immunologi tekshiruvlari talab etiladi. Oʻz vaqtida aniqlangan va davo muolajalari oʻtkazilgan holda kasallik oqibati ijobiydir, aks hollarda kasallik surunkali shakliga oʻtib ketishi, mahalliy va umumiy asoratlar yuzaga chiqish mumkin.
Bolalarda angina profilaktikasi – bemor bolalar bilan kontaktda boʻlmaslik, umumiy organizm qarshiligini oshirish, yiringli oʻchoqlarni sanatsiya qilish (yiringni ochib, ichini tozalash), vitaminlarga boy boʻlgan mahsulotlar isteʼmol qilish kabi chora tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
Bolangizni parvarishlashda ishonchli va foydali maʼlumotlar zarurmi? Marhamat, “Lalu — Onalar maktabi” mobil ilovasini hoziroq bepul yuklab oling.
Ilova orqali chaqaloq va bola rivojlanish kalendari, farzandingizni toʻgʻri parvarishlash boʻyicha koʻrsatmalar, bolalarda koʻp kuzatiladigan kasalliklar haqida maʼlumotlar olishingiz, emlash taqvimi va vazn/uzunlik kabi koʻrsatkichlarini nazorat qilib borishingiz mumkin.