Bolalarcha begʻubor sheʼriyat

Bolalar adabiyoti oʻzining begʻuborligi, sofligi bilan adabiyotning boshqa turlaridan ajralib turadi. Unda ijodkor bolalarcha fikrlaydi, bolalarcha oʻylaydi, tabiatni, borliqni bolalarcha idrok etadi. Bolalar adabiyoti xuddi musaffo osmonga oʻxshaydi. U barcha pok narsalarni oʻz bagʻriga sigʻdira oladi.

Betakror isteʼdod sohibi, bugungi oʻzbek adabiyotining yorqin vakili Anvar Obidjon bolalar adabiyotidek begʻubor osmonning porloq yulduziga oʻxshaydi goʻyo. Uning “Oʻgʻirlangan pahlavon”, “Bahromning hikoyalari”, “Masxaraboz bola”, “Olovjon va uning doʻstlari”, “Dahshatli Meshpolvon” kabi kitoblari allaqachon bolalar yostiqlarining ostiga qoʻyib, sevib oʻqiydigan asarlarga aylangan desak, aslo adashmagan boʻlamiz. Bugungi oʻzbek bolalar adabiyoti katta bir daraxt boʻlsa, Anvar Obidjonning ijodi unga suv quyib, jon bagʻishlab turguvchi ulkan irmoqdir. Ustoz shoirning sheʼrlarida bolalarcha samimiyat, oʻynoqilik, topqirlik kabi xususiyatlar yaqqol koʻzga tashlanadi.

Shoir qaysi mavzuda qalam tebratmasin, tarbiyani hech qachon unutmaydi. Xalqimizda “Bola boshidan” degan naql bor. Sababi bolaning yoshlikda olgan bilimi toshga oʻyilgandek saqlanib qoladi. Aynan shuning uchun ham bolalar tarbiyasida bolalar adabiyotining oʻrni beqiyosdir. Zero, agar poydevor mustahkam boʻlmasa, bino qancha baland boʻlmasin, bir kuni, albatta, qulab tushadi. Bola tarbiyasida esa ahamiyatsiz narsaning oʻzi yoʻq. Buni yaxshi anglagan shoir deyarli har bir asarida bolalarga tarbiyaviy bilim berishga harakat qiladi.

Uning “Masxaraboz bola”nomli quyidagi sheʼriga bir eʼtibor qiling-a:

 

Katta qizil burunli

Qiziqchiman, bilasiz.

Aybingizni gapirsam,

Xafa boʻlmay kulasiz,

Vax-xax-xa!

 

Gapirishdan qoʻrqqanlar

Olsin mening oʻrnimni.

Qarzga berib turaman

Katta qizil burnimni,

Vax-xax-xa!

 

Ushbu sheʼr bolalar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. U masxarabozning harakatlari odamlarning kamchiliklari ustidan kulishini koʻrsatsa-da, odamlar bundan hushyor tortish oʻrniga kulib oʻtirishlarini aytib, ayni kichik hajviya orqali katta ibrat darsini oʻtadi.

Shoir sheʼrlarida shunday obrazlar topadiki, unga lol qolmaslikning aslo iloji yoʻq:

 

Yangi gaplar sotaman,

Eski gaplar ham.

Bolajonlar, kepqoling,

Qoldi juda kam.

Surishtirmang narxini,

Arzondan arzon.

Xoʻrozqandga – rost xabar,

Pishloqqa – yolgʻon.

Almashaman yangisin

Kepaksiz unga.

Eski gapni – puch yongʻoq

Yoki sovunga.

Bugun tongda eshitdim

Eng yangi xabar:

Yeb qoʻyganmish tushida

Burgutni Kaptar…

 

 

Bu kabi samimiy, bolalarcha oʻynoqilikka yoʻgʻrilgan misralarni yana ancha davom ettirishimiz mumkin. Chunki Anvar Obidjonning ijodi bitmas-tuganmas chashmaga oʻxshaydi. U qaynab toshaveradi, toshaveradi. Albatta, bu chashmaning zilol suvlari bolalarning murgʻak yurakchalarini yaxshilik, mehr-oqibat, halollik, vatanparvarlik, ezgulik bilan sugʻoraveradi.

Qudrat Hikmat, Zafar Diyor, Poʻlat Moʻmin, Quddus Muhammadiy, Ilyos Muslim kabi ijodkorlar oʻzbek bolalar adabiyotida ulkan bir isteʼdod maktabini yaratib ketganlar. Bugungi kunda Anvar Obidjon ana shu ulugʻ maktabning mustahkam ustuniga aylangan desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

 

Zulfira NUMONOVA,

talaba (ToshDOʻTAU)

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bolalarcha-begubor-sheriyat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x