Bolalar dunyosida yashayotgan adib

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi TOʻXTABOYEV bilan suhbat

 

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, davlat mukofotlari laureati, bolalarning sevimli yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning asarlari nemis, italyan, frantsuz, ecton, latish, fin, chex singari dunyoning oʻttizdan ortiq tillariga tarjima qilingan. Teleromanlari asosida ekranlashtirilgan filmlar yosh tomoshabinlarning mehrini qozona oldi.

 

Siz bola ruhiyatini yaxshi oʻrgangan yozuvchisiz, asarlaringizda ularning dardi sizning dardingiz, quvonchi quvonchingiz ekanligi sezilib turadi. Siz bolalar dunyosidan oʻzingizni topa olgan yozuvchisiz…

– Bolalar yozuvchisi yosh bolaga oʻxshaydi. Mana, hozir ham oʻzimni boladay his qilyapman. Erkalik qilib, sizga bir maqtanay-da! Yosh doʻstlarimga atab yozgan asarlarim sabab mehrini qozondim. Ularning gʻaroyib olamidan oʻzimni topdim.

Mark Tven, Janni Rodarilar oʻz asarlarida ilmga intiluvchan, sargushatga qiziquvchan, qiyinchiliklardan qoʻrqmaydigan, tengqurlariga yordam beruvchi qahramon obrazini yaratishgan. Albatta, ular ham bolalar olamidan olib, badiiylashtirib yana bolalarning oʻziga asar holida qaytarishgan. Ana shunday asarlar oʻlmaydi, qayta-qayta nashr etiladi. 90 yoshli ukrinalik yozuvchi Grigoriy Tutunyukni shogirdlari bir burchakda yigʻlab oʻtirganini koʻrishgan. Keksayganda ham begʻuborligini saqlab qololgan adib, haqiqiy bolalar yozuvchisidir.

Menga bola yigʻlasa koʻzimga yosh quyilib kelishini koʻp aytishgan. Baʼzi yozuvchilar qahramonlarni xayolan qidiradi, yolgʻon toʻqimadan iborat sarguzashtga oʻralashib qoladi. Aslida, qahramonni hayotning oʻzidan qidirish kerak, ular har qanday fantaziyani yoʻlda qoldiradi. Masalan, shaxmatchi Islombek Sindarov besh yoshida butun dunyoni lol qoldirdi. Uning iqtidorini tasavvurda jonlantirib, fantaziya janriga xos, bolalarbop goʻzal asar yaratsa boʻladi. Deylik, oʻsmirlar oʻrtasida bir-biri bilan hisobli doʻstlashish, soʻkinib gaplashishdek qusurlar uchraydi, ayniqsa, kattalarni hurmat qilish kabi insoniy fazilatlar kamayib borayotgandek, ana shuning oʻzidan tarbiyaviy ahamiyatga molik asarlar paydo boʻladi. Bolalar yozuvchisi bolalar dunyosida yashashi kerak.

Shuningdek, “Men hammadan yaxshiman, eng yaxshi kiyimlarni men kiyishim kerak”, “Men darsda oldingi partada oʻtirishim shart”, “Meni hamma hurmat qilishi lozim”, deya oʻziga yuqori baho beradigan bolalar bor, ular bilan hamsuhbat boʻlib, ichki dunyosini oʻrganish, aniqrogʻi, xudbinlik kayfiyatining sabablarini bilish bolalar yozuvchisi uchun zarur. Ana shunda hayotiy asarlar yaratiladi.

Siz, bugun bolalar uchun namoyish etilayotgan multfilmlarga bir eʼtibor bering-a, qahramonlari ajdaholar, qaroqchilar, jodugarlar, nega shunday? Biz farzandlarimizning qalbini chetdan kirib kelayotgan tajovuzkor narsalardan ehtiyot qilib, oʻrniga ajdodlarimizdan yetib kelgan qadriyatlarni singdirishimiz kerak. Millatni millat qiladigan narsa – bu uning maʼnaviy qadriyatidir.

 

Boladagi ayrim illatlar oiladan yuqqan boʻlsa, siz tarbiya bilan toʻgʻri yoʻlga solsa boʻladi deb oʻylaysizmi?..

– Olimlarning aytishicha, ona qornidagi chaqaloqda oldin miya, keyin qalb shakllanar ekan. Qarang, avval ong, soʻng botiniy koʻz, undan soʻng boshqa aʼzolar shakllanadi. Keyin koʻrgan narsalari yoki eshitgan ertaklari orqali olamni anglay boshlaydi. Bolaning oʻzini anglashi va aqliy faoliyatida 3-5-7 yosh asosiy bosqich vazifasini oʻtaydi. Barcha tushunchalar, taassurotlar oʻsha yoshning ustiga quriladi. Oiladan oʻtadigan ayrim qusurlarni inkor etmayman. Salbiy xislatlar atrof-muhit, maktab va kattalar taʼsirida paydo boʻladi. Bari bir taʼlim va tarbiya koʻp narsani oʻzgartirishga qodir. Boladagi mehnatsevarlik yoki ijodiy qobiliyat taʼlim, tarbiya vositasida ragʻbatlantirilmasa rivojlanmay qoladi. Masʼuliyat boʻlmasa noyob isteʼdodlar soyada qolib ketishi mumkin. Isteʼdod tarbiyaga muhtoj.

Hazrat Navoiyda “El netib topgay menikim, men oʻzimni topmasam”, degan betakror satr bor, buni eslaganim, men bolaga oʻzini anglashiga yordam berish kerak demoqchiman. Bolani ruhan va jismonan tarbiyalashni Janubiy Koreya va Yaponiya yaxshi yoʻlga qoʻygan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev maktabgacha taʼlimni yangicha shaklda, keng miqyosda shakllantiraylik deyapti. Bu gendagi qobiliyatni ertaroq anglashga va rivojlantirishga yordam beradi. Oʻzim baʼzida koʻrib qolaman: “Men bugun hammadan yaxshi chizaman”, deb chopqillab bogʻchaga ketayotgan kichkintoylarni yoki “Men bugun, albatta, besh baho olaman”, deb shahdam qadamlar bilan maktabga ketayotgan oʻgʻil-qizlarni, shu damlarda beixtiyor oʻzimning bolaligim yodimga tushadi…

…Bolaligim urush avjiga chiqqan pallaga toʻgʻri kelgan. Onalar: “Ey Alloh, shu qishdan bolalarimni sogʻ-omon olib chiqarmikanman”, deb zorlanardi. Qish boʻlishiga qaramay, maktabga yupun kiyinib borardik. Qoʻlimizga yarimta non tegsa, bir burdasini yeb, bir burdasini singlimizga olib kelardik. Otam Ukrainaning Xerson viloyatiga quloq qilingach, onam oʻzidan 40 yosh katta, besh bolali cholga turmushga chiqqan. Ana shunday murakkab sharoitda mashaqqatli kunlarni boshdan kechirganman. Bolaligim azob-uqubat, xoʻrliklar ichida kechgan. Shunday boʻlsa-da, oʻzimdagi jismoniy va ruhiy holatni saqlay olganman. Yetimlik kishini tezroq chiniqtirarkan, kamolotga yetkazarkan…

Bugungi bolalar – Mustaqillik farzandlari. Tinch, osuda, farovon hayotda bilim olishmoqda. Bunga faqat shukr qilish kerak!

 

Asarlaringizdagi qahramonlar 13-17 yoshli bolalar. Bu paytda begʻuborlik bilan birga masʼuliyatli davr boshlanadi. Endi bola oʻz uyiga sigʻmaydi. Ota-onasi va muallimlar bergan taʼlimga qanoat qilmaydi, Hoshimjondek dunyoga chiqqisi, qahramonliklar koʻrsatgisi keladi…

– Ha, albatta, bu yoshda bolalar dunyoni egallagisi keladi. Ularda masʼuliyat paydo boʻladi. Endi u oʻzini boshqalarga koʻrsatgisi keladi. Isteʼdodini yuzaga chiqarishga intiladi. Dunyoni oʻrgana boshlaydi.

Bilasizmi, koʻchada biron bolaga duch kelsam kelib menga dardini aytadi, bundan sevinaman, yozganlarim behuda ketmabdi deb. Baʼzan esa mahalla-koʻy, maktab, qoʻni-qoʻshnilar orasida bezori, oʻgʻri, janjalkash deb nom chiqargan yosh doʻstlarim bilan suhbatlashganimda, ularning vujudida favqulodda qaynab yotgan isteʼdod borligini koʻraman. Bunday paytda qattiqqoʻllik bilan bosim oʻtkazish emas, bolaga qobiliyatini tashqariga chiqarish, oʻzini koʻrsatish uchun sharoit yaratib berish kerak. Gohida bu kuchni boshqarishga oʻzining kuchi yetmasligi mumkin. Bolaga har tomonlama mukammal tarbiya berish qiyin, albatta. Lekin, yaxshi taʼlim-tarbiya bilan odati yomon boladan elga munosib farzand yetishib chiqishi mumkin.

Said Ahmad domla: “Bolalar yozuvchisi bola haqida asar yozayotganda asari tugaguncha bola boʻlib turmasa, uni hech kim oʻqimaydi”, degandi. Chunki bolalik orzulari bir nuqtada turmaydi. Yozuvchi ular olamini yaxshi bilishi, oʻy-xayollari, simobdek beqaror hayotini sinchkovlik bilan oʻrganishi, oʻzi ham har narsaga qiziquvchan boʻlishi kerak.

 

Dunyo adabiyotida bolalar uchun yigirma toʻrt janrda asarlar yoziladi. Bu janrlarda ijod qilish Germaniya, Angliya va Janubiy Koreyada yaxshi rivojlangan. Bizda bolalar adabiyotida janr qashshoqligi tufayli ertak, tarjima asarlar, “Oʻzing boʻya” seriyasidagi yupqa kitobchalarni qayta-qayta nashr qilish ayrim nashriyotlarning asosiy daromad manbaiga aylanib qolmayaptimikan…

– Toʻgʻri, shu kunlarda bolalar adabiyoti, ayniqsa, nasriy asarlarga juda katta ehtiyoj sezayapti. Bu turda bolalar sevib oʻqiydigan asarlar yaratilmayapti. Aytganingizdek, kitob rastalarini takror bosiladigan ertaklar, “Oʻzing boʻya” seriyasidagi yupqa kitobchalar egallab olgani bor gap.

Men respublikamizning turli viloyatlarida ijodiy uchrashuvlarda boʻlaman, “Qani, bolalar, kim qanday kitob oʻqidi?” – deya savol beraman. Baʼzan biror oʻquvchidan sado chiqmay, zal sukunatga choʻmadi. Oʻqituvchisi yordamida zoʻrgʻa “Tohir va Zuhra”, “Zumrad va Qimmat”, “Uch ogʻayni botirlar”ni sanaydi. Ertaklarga ortiqcha ruju qoʻyib, bugungi kun bolalar hayotiga bagʻishlab kitob olib kelgan yozuvchini kamsitadigan noshirlar bor, ularga alamli soʻz aytgim keladi. Afsuski, aytolmayman. Aytsam, oʻzimning kitobimni ham chiqarmay qoʻyishadi.

Har yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida boʻladigan bolalar adabiyotining hisobot yigʻilishida qatnashaman, bolalarga atab yozilgan sheʼrlar, hikoyalar tilga olinadi. Bu asarlar mutaxassislar tomonidan tahlil qilinadi. Ammo, natija yoʻq.

Janr masalasiga kelsak, hartugul eʼtibor berilayapti. Hatto texnikaga oid asarlar adabiyot sifatida shakllanayapti. Bolalar shu paytgacha texnikaga oid bilimlarni faqat turli entsiklopediyalardan olardi. Texnika bilimi ham madaniyat. Bu intellektdagi rivojlanish omillaridan biri. Yevropa mamlakatlarida har bir bola uch sohani bilishi qaʼtiy qilingan. Birinchisi – oʻzining qiziqqan sohasi, ikkinchisi – texnika bilimi koʻnikmasi, uchinchisi – biror kasb-hunar egasi boʻlish. Bugungi yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, biz ham bolalar adabiyoti degan oʻziga xos olamni boyitishimiz kerak. Men bolalar uchun nafaqat texnikaga, balki oʻsimliklar, hayvonlar dunyosiga oid asarlar yaratilishi tarafdoriman.

 

Shu oʻrinda, Turgenevning: “Bitta daraxtni oʻrganish uchun barcha daraxtlarni quchoqlab chiqish shart emas. Bitta daraxtni oʻrganishning oʻzi kifoya”, degan gapi yodimga tushdi. Muxbir sifatida bugun oʻziga toʻq bitta oila farzandini qanday kitob oʻqiyotgani, qanday kinolarni koʻrayotgani, qanday musiqa tinglayotgani bilan qiziqdim. Baʼzi oilalarda kitobxonlik u yoqda tursin, bola oʻz xatosini anglab yetishi uchun hatto birorta oʻzbekona ibora yoki maqol ishlatilmas ekan. Siz bizning ota-onalarimiz shu qadar erinchoq deb oʻylaysizmi?

– Bunga bitta sababni koʻrsatish juda qiyin. Ammo Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev olib borayotgan bugungi iqtisodiy, siyosiy, maʼrifiy islohotlar jamiyatni birdan uygʻotib yubordi. Ota-onalarning bola oldidagi masʼuliyati oshirildi. Ayniqsa, boshlangʻich taʼlimgacha boʻlgan tarbiyaga alohida eʼtibor qaratilgani Yurtboshimizning “Ey ota, Ey ona, Ey murabbiy! Bola tarbiyasi uchun javobgarsan”, degan murojaati boʻldi. Xoʻsh, bugun necha foiz onalar farzandlariga xalq dostonlarini oʻqib berayapti? Allani qaysi ohangda aytayapti? Bu savolga hech kim javob berolmaydi. “Oʻzing boʻya” seriyasidagi yupqa kitobchalar hozirgi ota-onalarni erinchoq qilib qoʻydi. Farzandlarini kitobga qiziqtirish oʻrniga, televizor oldida dumalab katta boʻlishi uchun sharoit yaratib berayapti. Bolaning xotirasidan koʻp narsalar oʻchib ketishi mumkin. Ammo oʻqigan asar qahramonlari va uning qiliqlari unutilmaydi. Ota-onalar farzandini moddiy jihatdan taʼminlash bilan birga, maʼnaviy dunyosini boyitish haqida ham oʻylashi kerak.

 

Siz tabarruk yoshda ijodiy safarlarga chiqib turasiz, bu sizga ilhom beradimi?

– Ha, albatta. Respublikamizning turli viloyatlarida, xususan, Toshkent viloyatining Piskent, Boʻka, Bekobod va Zangiota tumanlarida boʻlganimda, yosh fermerlar bilan uchrashdim. Hatto kechasi bir fermerning chaylasida yotib qoldim. 87 gektar yeri bor ekan. 10 gektaridan urugʻlik chigit olarkan. Fermer paxta hosilga kirguncha necha marta chopiq qilinishiyu necha marta suv ichishini maroq bilan soʻzlab berdi. Ertasi kuni chorvadornikida mehmon boʻldim. Ukrainadan echki olib kelibdi. Kuniga 6 litr sut berarkan. Bundan taʼsirlanib yozgan “Yangi ohangda kuylayotgan viloyat” sarlavhali maqolam “Xalq soʻzi” gazetasida chop etildi.

Toʻgʻri, dalada mehnat qilayotgan yosh doʻstlarimning erishgan yutuqlaridan quvonsam, kamchiliklarini koʻrib koʻnglim toʻlmadi. Baʼzilari tadbirkorlik bilan shugʻullanaman deb davlatdan olgan kattagina mablagʻni arzimagan ishlarga sarflayotir. Olis hududlardagi unumdor va serhosil yerlar bekor yotganiga kuyindim. Bolalarning fantaziya, bilimi va mehnatsevarligini oshiradigan, qishloq hayotini yoritib beradigan toʻkis asarlar zarurligi koʻnglimdan kechdi.

 

Gazeta – axborot yetkazuvchi vosita. Bilmoqchi boʻlganim, jamiyatni tozalashda feletonning ahamiyati bormi? Siz adolatsevar feletonchisiz. Lekin, hadeb oʻgʻrilar, piyonistalar, poraxoʻrlar toʻgʻrisida yozaversang, yaxshi odamlar ham koʻzingga shubhali koʻrinadigan boʻlib qolarkan. Sizda ham shunday boʻlganmi?

– Gazeta axborot tashuvchi boʻlgani bilan unda katta gap aytmasang, katta jurnalist boʻlolmaysan. Toʻgʻri, feleton yozish kerak. Ammo, har sohaning oʻz mutaxassisi boʻlgani yaxshi. Feleton hayotga maftun, odamlardan goʻzal fazilatlar qidiradigan, zavq-shavq bilan tasvirlaydigan isteʼdodli yozuvchilarni yoʻldan toydirishi mumkin.

“Toshkent haqiqati”, “Qizil Oʻzbekiston” hozirgi (“Oʻzbekiston ovozi”) gazetalarida 14 yil feletonchi boʻlib ishladim. 300 dan ortiq feletonlarim T. Xudoyberdiyev, N. Karimov, N. Baranova, I. Toʻxtayev degan nomlar ostida bosildi.

Men oʻshanda adolatsizliklarga qarshi feletonlarim bilan kurashdim. Bir ustozim: “Feletonlaring bir kuni boshingga balo boʻladi. Yaxshisi sen roman yoz. Taʼsiri kuchli boʻladi”, degandi. Shu gapi taʼsir qilib, bolalar adabiyotiga oʻtib ketdim.

 

Adiba UMIROVA

“Hurriyat” muxbiri

 

uzhurriyat.uz

https://saviya.uz/hayot/suhbat/bolalar-dunyosida-yashayotgan-adib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x