BIRLASHGAN ARAB AMIRLIKLARI

BIRLASHGAN ARAB AMIRLIKLARI (Al-Imora alArabiyya al-Muttahida) , BAA — Arabiston ya. o. ning sharqidagi davlat, 7 amirlik — Abu-Dabi, Dubay, Sharja, Ajman, Umm ul-Qayvayn, Al-Fujayra va Raʼs ul-Xaymadan iborat federatsiya. Fors va Ummon qoʻltiqlari sohilida joylashgan. Tub joy aholisi — arablar; aholining 70—75% boshqa arab mamlakatlari, Hindiston, Pokiston, Eron, Bangladesh, Shri Lanka kabilardan kelganlar. Davlat tiliarab tili. Mayd. 83,6 ming km2, aholisi 2,7 mln. kishi (1999). Aholining 77,8% shaharlarda yashaydi. Poytaxti — AbuDabi sh. Davlat dini — islom.

Davlat tuzumi. Amaldagi konstitutsiya 1996-y. da qabul qilingan. Hokimiyatning oliy organi — amirliklarning shayxlaridan iborat Oliy kengash. U oʻz ichidan 5 y. muddatga davlat boshligʻi — prezidentni saylaydi. Ijroiya hokimiyatini bosh vazir boshchiligidagi Vazirlar Kengashi amalga oshiradi. Mamlakatda parlamentga oʻxshash maslahat organi — Federal millat kengashi mavjud, u mamlakat qabilalari va uruglari, savdo-sanoat doiralari va ziyolilarning nufuzli vakillaridan iborat. Uning barcha qarorlari Oliy kengash va prezident uchun tavsiya tusida boʻladi.

Tabiati. Dengiz qirgʻogi kam parchalangan. Sohilda shoʻrxok botqoqyoki balchiqli yerlar koʻp. BAA hududining aksariyati — dasht tekislik, faqat sharqida 1127 m gacha balandlikka koʻtariladigan toshloq plato bor. Yer osti mukammal oʻrganilmagan. Neft, birmuncha mis va qoʻrgʻoshin rudalari, oltingugurt, qizil temir oksidi (oxra) konlari topilgan. Iqlimi — tropik, quruq. Yanv. da oʻrtacha harorat 20° atrofida, iyulda 30° dan 35° gacha, baʼzan 50° gacha. Yiliga 150 mm gacha yogʻin yogʻadi. Doimiy oqadigan daryolari yoʻq, vodiylar koʻp. Asosan dasht oʻsimliklari oʻsadi, vohalarda mevali daraxtlar, xurmo, tamariks, akatsiya va b. uchraydi.

Tarixi. Qadim zamonlarda BAA hududida tarixan Mesopotamiya davlatlari bilan aloqador somiy qabilalar yashagan. Mil. av. 1-ming yillikning oxirlarida arablar oʻrnashib qolgan. 7-a. dan bir qancha amirliklardan iborat bu hudud Arab xalifaligi, 14-a. dan esa Hoʻrmuz davlati tarkibiga kirgan. 16—17-a. larda u qisman portugal mustamlakachilar hokimiyati ostida boʻlgan. 18-a. dan uning kemalarda savdosotiq qilish bilan shugʻullanuvchi aholisi inglizlarning Ost-Indiya kompaniyasiga qarshi kurashdi. Shuning uchun inglizlar bu yerni «qaroqchilar sohili» deb ataganlar. 1820, 1835, 1839, 1853, 1892-y. larda ingliz Ost-Indiya kompaniyasi mahalliy amirliklarning hukmdorlari b-n bitimlar imzoladi, bora-bora bu hudud inglizlar izmiga oʻtib qoldi. 20-a. ning 20-y. larida amirliklarda inglizlarga qarshi harakat boshlandi. 2-jahon urushi y. larida bu hududdan Buyuk Britaniya va AQSH harbiyhavo kuchlarining bazasi sifatida foydalanildi. Urush tugagach, Buyuk Britaniya bu joydagi taʼsirini saqlab qolishga intilib, 9 amirlikdan iborat (Bahrayn va Qatarni ham qoʻshib) oʻziga boʻysunuvchi federatsiya tuzmoqchi boʻldi. Biroq milliy ozodlik harakatining tazyiqi ostida 1971-y. da bu yerdan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketishga majbur boʻldi. 1971-y. 2 dek. da 6 amirlik (Abu-Dabi, Ajman, Dubay, Umm ulQayvayn, Al-Fujayra, Sharja) suveren federativ davlat — BAA tashkil etilganini eʼlon qildi.

1972-y. 10 fev. da Raʼs ul-Xayma amirligi ham federatsiyaga qoʻshildi. 1971-y. dan BAA — BMT aʼzosi. OʻzR bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-y. okt. da oʻrnatgan. Milliy bayrami — 2 dek. — Mustaqillik kuni (1971).

Xoʻjaligi. Iqtisodiyotning asosi — neft qazib chiqarish. Aniqlangan neft zaxiralari — 7 mlrd. t dan ortiq, bu butun dunyodagi neft zahiralarining 10% ni tashkil qiladi. Neft konlarining aksariyati AbuDabida joylashgan. Dubayda ham neft qazib olinadi. BAAda tabiiy gaz konlari ham bor. Aniqlangan zaxiralari—5,7 trillion kub metr. Asosiy gaz konlari Sharja amirligida.

1993-y. oʻrtalaridan boshlab kuniga oʻrta hisobda 2,16 mln. barrel neft qazib olinmoqda. 1994-y. da salkam 125 mln. tonnaga yaqin neft olindi. 1995-y. da neft va neft mahsulotlarini chetga chiqarish natijasida 12,7 mlrd. AQSH dollari mikdorida daromad olindi. Neft va gaz yalpi milliy mahsulotining salkam 50% ini tashkil qiladi. Oz mikdorda mis, qoʻrgʻoshin, tuz, oxra, oltingugurt ham qazib olinadi. Neftni qayta ishlash, neft kimyosi, gazni suyultirish, metall buyumlar, alkogolsiz ichimliklar, plastmassa quvurlar, baliq konserva z-dlari, yogʻochsozlik, tamaki fkalari, dengiz suvini chuchuklashtirish qurilmasi va b. bor. Hunarmandchilik (gilamdoʻzlik, toʻquvchilik, pichoqsozlik, asl metallardan buyumlar tayyorlash va sh. k.) rivojlangan. 9 sement z-di yiliga salkam 5 mln. tonna mahsulot, Dubaydagi «Dubal» kompaniyasi yiliga 240 ming t alyuminiy ishlab chiqaradi. Shu yerdagi dunyoda eng katta kemasozlik korxonasida 1 mln. tonnagacha boʻlgan hajmdagi supertankerlar taʼmirlanadi. Dubayning Jabel Ali porti atrofida Erkin iktisodiy zona barpo etilgan boʻlib, bu yerda 100% gacha xorijliklar egaligidagi korxonalar tashkil etilishiga yoʻl qoʻyiladi. Bu zonada mablagʻ sarflovchilarga hech qanday soliq solinmaydi, ularga eng zamonaviy infrastruktura (koʻmakchi tarmoqlar) xizmat koʻrsatadi. BAA, avvalo Dubay, oltin savdosining jahon markazlaridan biridir. Har yili mamlakat orqali 170—175 t oltin oʻtadi, shundan qariyb 40 t si BAAda qoladi. BAAda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad taxm. 2250 AQSH dollarini tashkil etadi. Ushbu koʻrsatkich boʻyicha u Fors qoʻltigʻi mamlakatlari orasida birinchi va dunyoda 12-oʻrinda turadi. Neftdan tushgan daromadning hammasidan mamlakatda foydalanishning imkon yoʻqdigi sababli, uning anchagina qismi Gʻarbdagi investitsiya loyixalari va moliya tuzilmalariga qoʻyiladi. BAAning xorijdagi 23 mlrd. AQSH dollari mikdoridagi mablagi yiliga 3,5 mlrd. dollar daromad keltirmoqda. Aholining koʻpchiligi q. x. da band. Mamlakat maydonining 8% da dehqonchilik qilinadi. Irrigatsiya qurilishiga katta eʼtibor beriladi. Vohalarda xurmo, uzum, mevalar, shuningdek gʻalla, tamaki va paxta yetishtiriladi. Koʻchmanchi chorvachilik ustun. Qoramol va tuya boqiladi. Dengiz boʻyida baliq ovlanadi va marvarid qidirib topiladi. Q. x. mamlakatning oziq-ovqatga boʻlgan extiyojini qondirmaydi.

Chetga chiqariladigan va chetdan keltiriladigan yuklar asosan dengiz orqali tashiladi. Oʻzining dengiz transporti unchalik rivojlanmagan — yuklarning aksariyati xorijiy kemalarda tashiladi. Umumiy yuk oboroti yiliga 30 mln. tonnani tashkil etadi. Eng muhim portlari: Jabel Ali, Rashid, Zaid, Fujayra, Xamriya. Havo transportida ham anchagina yuk tashiladi. Abu-Dabi, Dubay, Sharja, Raʼs ulXayma, Al-Ayna va Fujayrada xalqaro aeroportlar bor. Mamlakat ichkarisida yuklar faqat avtomobil transportida tashiladi (avtomobil yullari uz. 4,3 ming km). BAAdan chetga neft va neft mahsulotlari, suyultirilgan gaz, alyuminiy, sement, quritilgan baliq, marvarid, tamaki, xom teri, xurmo chiqariladi, chetdan keng isteʼmol mollari, oziq-ovqat, mashina va asbobuskuna, transport vositalari, harbiy texnika, binokorlik materiallari va b. keltiriladi. Asosan, Buyuk Britaniya, Yaponiya, AQSH, Fransiya, Jan. Koreya, Italiya, Xitoy bilan savdo qiladi. Pul birligi — dirham.

Madaniyati. BAA qonunlarida mamlakat fuqarolari uchun majburiy oʻrta taʼlim koʻzda tutilgan. AlAynadagi un-t BAAdagi yagona oliy oʻquv yurti hisoblanadi. Unda 5 mingga yaqin talaba taʼlim oladi. BAAda un-t kutubxonasi, Abu-Dabi va Dubayda xalq kutubxonalari, Abu-Dabida arxeologiya muzeyi bor. BAAda «Axbor. Dubay» («Dubay axboroti», 1965-y. dan), «Albayon» («Bayonot», 1980-y. dan), «Alvahda» («Birlik», 1973-y. dan), «Alittifoq» (1972-y. dan), «Al-xolij» («Koʻrfaz», 1970-y. dan) gaz. lari chiqadi. Hukumatning radioeshittirish va telekoʻrsatuv tashkiloti 1968-y. da, BAA axborot agentligi 1980-y. da tashkil etilgan. Telekoʻrsatuvlar 1968-y. dan boshlangan. Radioeshittirishlar arab, ingliz, fransuz va urdu tillarida olib boriladi.

OʻzR bilan BAA oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar, asosan, savdo-iqtisodiy va sayyohlik sohasida rivojlanib bormoqsa. Oʻzdavmakroiqtisodiyot qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, ikki mamlakat oʻrtasida tovar ayirboshlash 1995-y. da 79,2 mln. AQSH dollarini tashkil etdi, 1997-y. da taxm. 200 mln. dollarga yetdi, shundan eksport salkam 10 mln. dollar, import esa 190 mln. dollar boʻldi. Oʻzbekiston BAAga paxta, xom ipak va b. ni yetkazib bermoqda; oziq-ovqat mahsulotlari, roʻzgʻor elektronikasi, kiyim-kechak va gazlamalarni sotib olmoqda.

Dubayda OʻzRning konsulxonasi ochilgan. 1994-y. da uning maqomi Bosh konsulxona darajasiga koʻtarildi. Har oyda 1000—1500 oʻzbekistonlik sayyoh BAAga, koʻproq, Dubay va Sharja amirliklariga borib kelmoqda.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x