Bir oʻlkaki, tuprogʻida oltin gullaydi!..

Mustaqillik har bir yurtdoshimiz hayotida oʻzgacha oʻrin tutadi. Istalgan kishi bilan suhbatlashib koʻring, u oʻz hayoti misolida shunday taʼriflab beradiki, mustaqillik hammadan koʻra shu inson uchun qadrli ekan-da, degan xulosaga kelasiz.

“Oʻzbekiston” teleradiokanali “Ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy dasturlar” bosh muharririyati rejissyori Joʻrabek Hamroyev bilan suhbatlashib, biz ham shunday fikrga bordik. Keling, doimo kadr ortida mehnat qiladigan rejissyor akamizga “mikrofon”ni tutqazsak-da, u kishini “efir”ga olib chiqsak. Nima deysiz?..

 

“Charli Chaplin” men boʻlganman…

– Qarshi shahridagi Arabxona mahallasida tugʻilib katta boʻlganman. Otam parrandachilik fabrikasida qorovul edi. Onam uy bekasi, koʻrib turganingidek, uyimizda hech kimning sanʼatga aloqasi yoʻq. Shunday oiladan ashulachi chiqishi odamlar uchun qiziq koʻringan boʻlsa kerak. Lekin men iloji boricha ularni qoyil qoldirgim kelardi. Bolalik-da. U-bu narsalarni xirgoyi qilishimni eshitgan ota-onam meni shahardagi 1-musiqa maktabiga berishgan. Shu tariqa sanʼat olamiga kirib keldim, – hikoyasini boshlaydi Joʻrabek Hamroyev. Qiziq, u kishini rejissyor sifatida bilardik. U boʻlsa soʻzni qoʻshiqchilikdan boshladi. Aslida-ku, bugun kimdir: “Men ham qoʻshiq kuylayman, asli qoʻshiqchiman” desa ajablanadigan zamon emas. Zero, bu sohada oʻzini sinab koʻrmagan kasb egalari kam hozir. Hayratlanganimizni payqagan rejissyor shunday davom etdi: – Sanʼat dargohi keng, unda istagan odam oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrishi mumkin. Lekin menda chindan ham xonandalikka iqtidor bor edi, deb oʻylayman. 1988 yili Samarqandda va bir yildan soʻng Surxondaryoda boʻlib oʻtgan “Sanʼat gʻunchalari” respublika tanlovlarida birinchi oʻrinni olishim meni bu sohaga yanada bogʻlab qoʻygan. Ammo oradan yillar oʻtib, televideniye meni oʻziga jalb etdi. Toshkent davlat madaniyat instituti ommaviy bayramlar rejissyorligi fakultetida tahsil olish mobaynida “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi”, “Talabalik yillarim”, “Maslahat” kabi koʻplab koʻrsatuvlarda turli rollarni ijro etib yurdim. Ha, aytganday, oʻsha yillari Yangi yil bayram dasturlarida chiqadigan “Charli Chaplin” esingizdami? Oʻsha men edim. Oz emas, koʻp emas, yetti yil shu obrazda chiqish qilganman. Lekin aktyorlikka daʼvo qilmasdim. Bu ishning ham haqiqiy ustalari borligiga aqlim yetardi.

 

Shahrimga ketaman…

– 1997 yil oʻqishni tamomlash arafasida institut rahbarlari bitiruvchilar bilan alohida-alohida gaplashib chiqdi. Menga kelganda soʻrashdi: “Yigit, qayerda ishlamoqchisiz?” Yashirmayman, talabalikning ilk yillarida koʻrgan qiyinchiliklarim haliyam esimda edi va oʻqishni bitira solib, uyimga ketaman, deb oʻzimga soʻz bergan edim. Yotoqxonalar bir ahvolda, oshxonada oʻnlab talabalar ovqat qilish uchun navbatda turishardi desam, hozir farzandlarimga erish tuyuladi. Ularning tengdoshlari ming shukrki, hamma sharoitlarga ega talabalar turarjoylarida yashashadi. Non, oziq-ovqat mahsulotlari taqchil, ogʻir sharoitlarda tahsil olgan avlodni bilaman. Biz ham oʻshanday holatlar oʻzining soʻnggi umrini yashayotgan davrda oʻqishga kirganmiz… Xullas, mendan kelajagim haqida soʻrashdi va men oʻylanib oʻtirmay, Qarshiga ketaman, bu yerda qolmayman, deb javob berdim. Shunda ustozlarimiz biroz oʻylanib qolishdi va seni respublika televideniyesiga tavsiya qilmoqchi edik, deyishdi. Bu gap meni oʻylantirib qoʻydi. Axir, shunday imkoniyatni boy bersam, bu men uchun katta armon boʻlib qolishini ham bilardim-da…

Yosh rejissyorni “Oʻzbekiston” telekanalida yomon kutib olishmaydi-yu, har joyning tosh-tarozisi bor, deganlaridek, “yigitcha”ni sinovdan oʻtkazishga qaror qilishadi. “Imtihon” yarim yil davom etib, nihoyat, J. Hamroyev rejissyor assistenti vazifasiga ishga qabul qilinadi. Oʻsha vaqtlarda (1997–1998 yillarda) ancha mashhur boʻlgan “Somon yoʻli”, “Bokira tuygʻular” kabi koʻrsatuvlar, “Sayqal” telejurnalida rejissyor assistenti boʻlib ishlagan vaqtlarini eslar ekan, Joʻrabek aka oʻziga ustozlik qilgan Roʻziboy Qoʻldoshev, Fozil Tilovatov nomini minnatdorlik bilan tilga oladi.

 

Unutilmas kunim…

– Ish jarayonida bilimimni mustahkamlab bordim. Bunda albatta, texnik xodimlar uchun maxsus kurs menga yordam bergan. Unda oddiy va murakkab montaj, tasvirchilikni oʻzlashtirdim. Oradan koʻp oʻtmay, har bir redaksiyaga “Panasonic – 9500” super VHS kamerasiniberishdi va bizga berilgan kamera menga topshirildi.

2000 yilning 3 sentyabr kuni rejissyorlikka tayinlandim. Bu hayotimdagi eng quvonchli kunlardan biri boʻlib qoldi.

 

“Bir oʻlkaki…” tufayli el kezdim…

Bu koʻrsatuv rejissyori boʻlish qahramonimiz faoliyatidagi oldinga tashlangan katta qadam boʻldi.

1996 yil tashkil etilgan ushbu koʻrsatuvni bir marta koʻrgan tomoshabin qayta-qayta koʻrgisi keladi. Sababi oddiy: u bir joyda oʻtirib, internetdan yo boshqa kanallardan “koʻchirib” tayyorlanadigan koʻrsatuvlar sirasiga kirmaydi. Uning ijodkorlari yurt kezishadi. Odamlar ichiga kirib borishadi, ularni tinglashadi va efirga olib chiqishadi. Dasturning gʻoyasi, maqsad-muddaosi ham aniq: jonajon vatanimizning moʻjizakor joylarini tasmaga muhrlash va namoyish etish. Inja qadriyatlarimizni koʻz-koʻz qilish, yoshlar ongida vatanparvarlik hissini oshirish, umuman, aytaversak, uning taʼrifi uzun. Oddiy qilib aytganda, nihoyatda tabiiy va diltortar koʻrsatuv.

– Ustozimiz Farhod Bobojonov muallifligidagi ushbu koʻrsatuvga vaqtida Jahongir Qosimov, Murod Rajabov, Qahramon Ashurov, Qodir Saʼdullayev singari ustozlar rejissyorlik qilgan. 2003 yildan ularning ishini davom ettirish mening chekimga tushdi. Masʼuliyatini bilsam-da, shu koʻrsatuvda ishlash menga maʼqul kelgan. Shu paytgacha yurtimizning eh-he, qancha ajoyibu gʻaroyib goʻshalarida boʻlmadik, deysiz! Ishonasizmi, suratga olish uchun 98 marta safarga chiqdik, 400 ga yaqin koʻrsatuv tayyorladik, ammo oʻsha yoritgan 400 ga yaqin joyning 400 ga yaqin turfa urf-odatlari, qadriyatlari, anʼanalari bor! Har bir qishloq va mahalla oʻziga xos. Har bir viloyat, tuman, qishloqlarimiz oʻziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Masalan, oʻijduvon tandirlarini koʻrib, juda hayratlanganman. Novvoy tandirning ichiga kirib non yopganini qayerda koʻrgansiz? Men oʻijduvonda koʻrganman. 500 tagacha non sigʻadigan “gigant” tandirlari bor, eng kichkinasiga 70 ta non yopilar ekan. Sʼyomka qilayapmiz, novvoy ichkarida turib, kiring-kiring, deydi. Tasavvur qiling, tandir ichiga kamera bilan qanday kirib boʻladi?!. Yoki Navoiy viloyatining Zarmitan qishlogʻi qatigʻining taʼrifini koʻpchilik eshitgan. Men uni oʻzim koʻrganman. Bir kosasini olib kelishdi. Kosani teskari tutsa toʻkilmaydi, deyishdi. Ishonmadik. Shunday qilib koʻrsatdi. Aytishlaricha, shundoqqina qoʻshni qishloqda ham bunaqa qatiq uyutolmas ekanlar. Gap tuproqdami, havodami, mahoratdami, hech kim aniq bilmaydi.

Odamlarimiz ham oʻzgacha.

– E, boʻldi-yay, turakinglar, ovqat yaxlab qoladi! – deydi surxondaryolik mezbon sʼyomka oʻrtasiga kelganda. Fargʻonalik mezbon manzirat bilan, sekin ovozda dasturxonga taklif qiladi. Qarang-a, ikkoviyam sizga yoqadi. Ikkoviyam qadrdon, ikkoviyam siz uchun aziz. Bunday xalqni dunyoda topib boʻlmaydi.

 

“Oltin qalam” – jamoamizniki!

Joʻrabek Hamroyev 2008 yilda “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan, bu yil esa “Oltin qalam” mukofoti bilan taqdirlandi.

– Biror koʻrsatuvni suratga olishdan oldin, uni avval xayolan suratga olaman. Sʼyomkadan keyin xayolan montaj qilaman. Umuman, rejissyorlik qilgan koʻrsatuvlarimning birinchi tomoshabini va tanqidisi oʻzimman. Xalqqa sayoz narsani tutqazgandan koʻra, boshqa ish qilgan maʼqulroq, deyman oʻzimga oʻzim. Muallif, rejissyor, operator va texnik muhandis bir-birini tushunmasa, yaxshi koʻrsatuv yaralmaydi. Mening baxtim shundaki, hamisha yaxshi mualliflarga duch keldim. Farhod Bobojonov (muallif), Rustam Xoliqnazarov (tasvirchi) va Farhod Musayev (texnik muhandis) bilan birga mana necha yillardan buyon ushbu koʻrsatuvni tayyorlab kelayapmiz. Oʻquvchilardan agar dasturimiz kimgadir yoqsa, tomoshabin olqishlasa, buni Farhod aka, qolaversa, butun ijodiy guruh, teleradiokanalimizning mehnatidan deb bilishlarini soʻrardim. Qoʻlga kiritgan mukofotlarim aslida ularniki.

 

Mana, aziz oʻquvchi, bir yurtdoshimizning yigirma yil ichida bosib oʻtgan yoʻlini “qisqa metrajli” shaklda boʻlsa-da kuzatdingiz. Umuman, Joʻrabek aka emas, oʻsmirlik va dastlabki yoshlik onlari ozodlik nasimi yaqinlashayotgan davrda oʻtgan aksariyat aka-opalarimiz bugungi hurriyat zamonimiz haqida shukronalik bilan gapiradilar.

– Eng katta tilagim, bagʻrikeng, samimiy va tanti xalqimiz omon boʻlsin, – dedi J. Hamroyev. – Mustaqillik bayrami hammamizga muborak boʻlsin.

Sizgayam qutlugʻ boʻlsin, dedik…

 

Elmurod NISHONOV,

“Turkiston” muxbiri

https://saviya.uz/hayot/suhbat/bir-olkaki-tuprogida-oltin-gullaydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x