Bir asrning ikki dahosi

Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos olim

Vahob RAHMONOV bilan suhbat

 

Sir emaski, bugungi globallashuv davrida yoshlarni goh koʻngilochar kompyuter oʻyinlari, goh qiziqarli multfilmlar yoki sarguzashtnamo kitoblar shaklida kirib kelayotgan boʻhronlardan, dinu diyonatimiz, yashash tarzimiz, qarashlarimizga zid boʻlgan vahshiy gʻoyalardan asrash masalasi kun tartibida turgan muhim mavzulardan biridir. Inson ongini asrash esa qalbni asrashdan boshlanadi. Buyuklardan biri aytganidek, qalb aynigan joyda butun vujud xastalikka yuz tutishi tabiiy. Xoʻsh, qalbni qanday asrash mumkin? U koʻzga koʻrinmasa, shoirlar tasvirlab bergan mavhum suratlaridan boshqa shaklu shamoyili boʻlmasa?

Bu oʻrinda bizga boy adabiyotimiz, uning umrboqiy mavzulari, inson kamolotiga doir oʻlmas asarlar yordamga keladi. Xususan, oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixidagi ikki buyuk siymo – Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini oʻrganish orqali chinakam inson hayoti qanday boʻlishi kerakligi haqida yetarlicha tasavvurga ega boʻlish mumkin. Navoiy va Bobur asarlarining tub mohiyatiga yetish uchun ularni tushunib oʻqish kerak boʻladi. Koʻrinib turibdiki, jarayon oʻz-oʻzidan mumtoz adabiyotni oʻqitish masalasiga borib taqaladi. Taassufki, haligacha maktab oʻquvchilarining Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi haqidagi tasavvurlari “Gʻurbatda gʻarib” yoki “Toleʼ yoʻq” deb boshlanuvchi ruboiylardan yoxud “Sher bilan Durroj” hikoyatidan nariga oʻtgani yoʻq. Aminmanki, qorakoʻz farzandlarimizga adabiyot fanidan saboq berayotgan muallimlarning mumtoz adabiyot borasidagi bilimlari ham talab darajasida emas. Holbuki, adabiyot muallimi mumtoz adabiyotimizda mavjud vaznlar, sheʼriy sanʼatlar haqida yetarlicha maʼlumotga ega boʻlishi, maktab darsligiga kiritilgan sheʼriy matnlar va rivoyatlarni tahlil qila olishi zarur. Bu borada sizning fikrlaringiz qanday?

“Qalbni qanday asrash mumkin?” Bu juda jiddiy savol. Ruhshunoslik nuqtai nazaridan yondashsak, yosh kitobxonlar qalbini asrash yoki aniqrogʻi, egallash uchun ularni mumtoz adabiyot namunalariga qiziqtirish kerak. Mening jahon adabiyoti haqidagi telekoʻrsatuvlarimiz ancha qiziqarli ekanligiga havasim keladi. Biz navoiyshunos va boburshunoslar ham chiqishlarimizda qiziqarlilik bilan muhimlikni qorishtira olsak, bunga erishamiz. Quyidagi misol qiziqtirishga ikki asos beradi: birinchisi, hikoyaning oʻzi qiziq, ikkinchisi, chala bilim xavfli ekanligidan ogohlantiradi. Mirzo Abdulqodir Bedil “Chala bilim bilimsizlikdan yomon”, degan. Maktabda aʼlo oʻqish, bilimlarni asosli, har tomonlama teran egallash lozim. Alisher Navoiy “Lison ut-tayr” dostonida “Koʻrlar va fil” hikoyasini keltirgan. Sanoiyning “Hadiqatul haqiqa va shariat ul-tariqa” (“Haqiqat bogʻlari…”) va Jaloliddin Rumiyning “Maʼnaviy masnaviy”larida mazmuni keltirilgan bu hikoyatni daho shoirimiz oʻz dostoni orqali oʻzbek adabiyotiga olib kirdi.

Mazmuni: bir guruh koʻrlar taqdir taqozosi bilan Hindistonga borib qoladilar. Soʻngra oʻz vatanlariga qaytganlarida, bir kishi ulardan: “Filni koʻrdilaringmi?” deb soʻraydi. “Ha” deyishadi ular. Savol bergan kishi: “Dalil keltiring-chi” deydi. Ular ayta boshlaydilar: Filning oldingi oyoqlarini ushlab koʻrgan basir: “Ustun” deydi. Qornini paypaslagani: “Ustunsiz” deydi. Xartumini ushlagani: “Ajdaho” desa, tishlarini tutib koʻrgani: “Ikki suyak” deydi. Quyrugʻidan tutgani: “Bir ilon osilib turibdi” desa, filning boshiga qoʻl urgani: “Bir qoyaning tumshugʻi” deydi. Qulogʻini ushlab koʻrgan basir esa: “Qimirlab turgan ikki yelpugʻich!” deydi. Bu soʻzlarni tinglab turgan hindistonlik filbon elga qarab: “Bular filni oʻz koʻzlari bilan koʻrmaganlar, lekin hammalari toʻgʻri aytayaptilar. Ana shu aytilganlarning hammasi yigʻilsa, fil haqida toʻgʻri tasavvur hosil boʻladi” deydi. Bu hikoya haqidagi xulosalar:

– filbon basirlarni xijolat qilmadi. Andisha qildi. Komil odam oʻzgani mulzam qilmaydi.

– ularning gaplarini tasdiqlab, fil haqidagi haqiqatni aytdi.

– shuncha koʻrlar, yaʼni bilimi chalalardan koʻra, bitta filbon-bilimdon odam haqiqatni bilar ekan, bilimi mukammal ekan. Shuning uchun koʻp oʻqish va oʻqiganini uqish kerak ekan.

Endi xuddi shu voqeani eslatadigan ikkinchi bir qiziqarli holatga murojaat etaylik. Hatto ilmning eng murakkab sohasi – matnshunoslikka ham oʻquvchini qiziqtirish mumkin. Chunonchi, men “Ruboiy ichidan odam chiqdi!” desam, balki sizning ensangiz qotar… Biroq men matnshunoslik – sehrgarlik va donishmandlikdir deya gap boshlasam siz balki qiziqarsiz.

Boburning yarim asr davomida kitobdan kitobga oʻtib kelayotgan quyidagi ruboiysi, (balki bunisi oʻninchi marotaba takror nashridir) toʻgʻri oʻqilmagan, bunda na sogʻlom mazmun bor va na qofiya, deb daʼvo qilsam-chi?

 

Gar ruh dam etsa ohangi na gʻam,

Majlista ne huzn qolur erdiyu ne gʻam,

To borgʻali ruh dam bering majlisdin,

Majlis eliga ne ruh qoldiyu, ne dam.

 

(“Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur” “Sharq”, 1996,93–bet)

 

Birinchi misra mazmuni: Arvoh musiqa chalsa na gʻam?! Ie, arvoh musiqa chaladimi? Qofiyalar: gʻam – gʻam-dam… Ruboiyning biror misrasi Bobur asliyatiga mos emas. Demak, olimlarimiz Bobur matnini toʻgʻri oʻqiy olmadilar. Holbuki, ular Navoiyga nisbatan Boburni tushunish oson deb daʼvo qiladilar.

Men shoir asliyati – arab yozuvidagi Bobur qoʻlyozmasiga qaramasdan bu ruboiy tahririga kirishaman va epaqaga keltirolmagan joyda asliyatga qarab olaman. Bunda menga Bobur va uning muhitidagi kishilar haqida bilishim va lugʻat sohasidagi tajribam asqotadi.

“Boburnoma”da uch-toʻrt oʻrinda Bobur bazmlarining guli – xushovoz hofiz Ruhdam haqida soʻz boradi. Bu haqda men “Bobur majlislarining Masihosi” nomli maqola ham yozganman. Tahrirga kirishdim; nagʻam – nagʻma, kuy, ashula; ohang – boshlamoq.

 

Gar Ruhdam etsa ohangi nagʻam,

Majlista na huzn qolur erdiyu na gʻam.

 

Mazmuni: bazmda Ruhdam ashula boshlasa, bazmdagilarda gʻamu hazinlik degan narsa qolmaydi.

Ana shunaqa sehrli ovoz sohibi boʻlgan Ruhdam! Balki bu ism ham emas, laqabdir, kim bilsin… Ruhdam nafasi jon bagʻishlovchi demakdir. Bu soʻz (Ruhdam) Iso alayhissalomga nisbatan qoʻllanilar edi, xolos.

Uchinchi misraga intuitsiyam kuchi yetmaydi: “bering” soʻzi xato! Buni tuzatolmayman. Nochor Shafiqa Yorqin va Bilol Yujel tuzgan Bobur “Devon”laridan shu ruboiyni topaman. Mana, gap qayoqda: “bering” emas, “bizing” ekan! Bizing – bizning demakdir. Mana bu masala ham hal boʻldi hisob.

 

To borgʻali Ruhdam bizing majlisdin,

Majlis eliga na ruh qoldiyu, na dam.

 

Mazmuni: bazmimizdan Ruhdam chiqib ketgach, bazm ahlining halovati buzildi. Eʼtibor beryapsizmi? Men sehrgarlik qilib Bobur ruboiysi ichidan Ruhdam ismli mashhur hofizni tortib chiqardim-a! Endi xulosa: bu hikoyada olimlik zakosi tantanasi va sharafi bor! Balki oʻquvchi shu bir misol kashfidan olimlikka biroz qiziqa boshlar. Axir men oʻnlab olimlar hal qilmagan matn muammosini hal qildim-a?! Axir, Ruhdam masalasini jahon olimlari, hatto Bilol Yujel ham toʻgʻri hal qilolmagan. Birgina “Bobur “Devon”ida (1994 yil, “Fan”) bunday matn nuqsonlari yuzlab topilishini aytsak, millatimiz chinakam sinchkov olimlarga muhtoj ekanligi maʼlum boʻladi. Buni ham yoshlar bilishlari lozim.

Qiziqtirishning ikkinchi usuli: yoshlarni jiddiy ravishda komillikka chorlashdir. Aytish mumkinki, mumtoz adabiyot javohirlar koni. Bu xazinaga tushganlar axloq-odob jannatiga tushadilar va haqiqiy adabiy-estetik lazzat tuyadilar, his-tuygʻulari, mushohadalari barkamol Shaxs boʻladilar. Buning uchun ular avvalo oʻz oldilariga yuksak orzu qoʻyib olmoqlari kerak. Yuksak orzusiz bola – odam emas! Odam hayvondan orzulari bilan ajralib, farq qilib turadi. Vatanga Shaxslar kerak! Shaxs boʻlish uchun har tomonlama mukammal bilim kerak. Shaxs – insoniyat gultoji! Ey farzand, kelajakning masʼuliyatli fuqarosisan, deb eslatib turaylik yoshlarga!

“Navoiy va Bobur asarlarining tub mohiyatiga yetish uchun ularni tushunib oʻqish kerak”. Bu – haq gap. Biroq buning hozircha iloji, imkoni juda oz. Buning uchun Navoiy va Bobur asarlarining asosiy qismi hozirgi oʻzbek adabiy tiliga tabdil qilinishi kerak. “Xamsa” dostonlari, “Lison ut-tayr”, “Mahbub ul-qulub” va “Boburnoma” tabdili bor, xolos. Mumtoz adabiyotni kitobxonga yetkazishning koʻplab usullarini oʻylab topmogʻimiz lozim. Professor Anvar Hojiahmedovning “Xamsa” dostonlarini hikoya qilish asosidagi yangi talqinlarini men tabriklayman. Bu “Xamsa” “Yangi asr avlodi” nashriyotida 4-5 marotaba qayta nashr etildi. Endi bu estafetani “Sharq” ham davom ettira boshlagani juda yaxshi ish boʻldi.

Endi dadillik bilan “Xamsa” dostonlarining janrini saqlagan holda hozirgi tilga oʻgirish masalasi ham dolzarb boʻlib qoldi. Muammo shundaki, olimlarimiz xalqdan Navoiy va Bobur asarlari asliyatini tushunishni talab qilmoqdalar. Tabdilga yuzlab ayb qoʻymoqdalar. Toʻgʻri, buyuk ijodkorlarning yirik hajmdagi asarlarini hozirgi oʻzbek tiliga oʻgirish asnosida xatoliklarga ham yoʻl qoʻyilishi mumkin. Shuning uchun tabdilni mukammallashtiraylik, saralaylik! Holbuki, oʻzlari olim boʻlaturib, asl matnni toʻgʻri oʻqiyolmayaptilar-u, malakasiz, lugʻat bilmaydigan kitobxonga daholarni asliyatdan tushunib olinglar, demoqdalar. Ana xolos! Bilim bosqichma-bosqich erishiladigan jarayon boʻladi. Kitobxon avval asarning hozirgi tildagi tabdilini oʻqisin, qiziqsa, asliyatga intiladi…

“Adabiyot” fanidan saboq berayotgan muallimlarning mumtoz adabiyot borasidagi bilimlari talab darajasida emas”ligi qanchalik achchiq boʻlmasin – bu haqiqat. Bunga ham biz, tabdil dushmani boʻlgan olimlar aybdormiz. Navoiy va Boburni ularga ham avval tabdilda tushuntirish lozim. Ming taʼna qilmaylik, ular asliyat nashrini oʻqimaydilar. Bu sohada yuz yilni zoye qildik, desam mubolagʻa boʻlmas. Agar biz olimlar, Navoiy va Bobur doʻsti, xalq doʻsti boʻlsak, birinchi navbatda Navoiy va Bobur asarlarining janrini saqlab, hozirgi tilga toʻla tabdil qilmogʻimiz kerak. Shundagina oʻqituvchi oʻqiydi, oʻquvchi oʻqiydi, millat oʻqiydi.

Respublika maktab, kollej va litseylaridagi til va adabiyot oʻqituvchilarining teng yarmini men haydovchiga oʻxshataman. Ular diplom olgach, badiiy asar oʻqish va yodlashni yigʻishtirib qoʻyib, faqat tirikchilik koʻyida kuymalanadilar. Lekin ularni ham gʻalvirga solish payti yaqinligini qayd etgim keladi. Oʻziga talabchan boʻlmagan adabiyot oʻqituvchisiga kuni qolgan millatga rahmim keladi.

Ustozlar, oʻz-oʻzimizga talabchan boʻlaylik! Bu oʻrindagi talabchanlik Navoiy va Bobur asarlarini lugʻat orqali mukammal oʻqib chiqish va yuzlab sheʼrlarni yod bilish demakdir. Buning ustiga, ustozga taʼmagirlik emas, talabchanlik fazilat!

Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzbek mumtoz adabiyotini yoritib turgan ikki yorugʻ yulduzdir. Ularning zamondosh boʻlishi, bitta asrda yashashi Yaratganning buyuk hikmati boʻlsa ajab emas. Ijodining ilk bosqichlarida Navoiy Bobur uchun uning oʻz taʼbiricha aytganda, “naziri yoʻq ustod” vazifasini bajargan. Tarixiy kitoblar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzaro maktub yozishganlari haqida maʼlumot beradi. Boburning oʻzi ham “Boburnoma” asarida Navoiydan maktub olgani haqida yozar ekan, “Bu ikkinchi navbat Samarqandni olgʻonda Alisher tirik edi. Bir navbat manga kitobati ham kelib edi. Men ham bir kitobat yiborib edim, orqasida turkiy bayt aytib, bitib yiborib edim. Javob kelguncha tafriqa va gʻavgʻo boʻldi”, degan soʻzlarni keltiradi. Mazkur asarida Alisher Navoiy ijodi va shaxsiyati haqidagi fikrlarini ochiq-oydin yozgani, Navoiyning turkiy tilda bitgan gʻazallariga yuksak baho bergani ham uning Navoiyga boʻlgan chuqur ehtiromidan dalolatdir. Lekin ayni paytda Bobur rostgoʻy tanqidchi hamdir. Chunonchi u Navoiy ruboiylarining vaznlari haqida fikr bildirar ekan, ayrim oʻrinlarda xatolar borligini taʼkidlaydi. Shuningdek, buyuk shoirning forsiy devonidagi gʻazallar ancha boʻsh ekanini aytadi: “Yana “Mezon ul avzon” nomli aruz kitobini bitgan, ancha mulohazatalab: yigirma toʻrt ruboiy vaznining toʻrt vaznida xato qilgan. Baʼzi bahrlarning vaznlarida ham yanglishgan. Bu aruzdan xabardor odamga maʼlum boʻladi. Forsiy devon ham tartib bergan. Forsiy nazmda “Foniy” taxallusini qoʻllagan. Baʼzi baytlari yomon emasdur. Biroq aksari sust va boʻshtobdir”. Umuman olganda, Boburni Alisher Navoiy asarlari haqida tanqidiy fikr bildirgan kam sonli ijodkorlardan biri deyish ham mumkin.

Boburning Alisher Navoiyga nisbatan tanqidiy munosabati siri hozirgacha keng ommaga maʼlum emasligida biz olimlar ham aybdormiz. Maʼlum bir asarni baholashda ikki xil fikr boʻladi. Birinchisi, umum ilm ahli fikri. Ikkinchisi, shaxsiy fikr.

Avvalo, Boburning ruboiy vaznidagi Navoiy xatolari haqidagi fikri bir jihatdan andishatalab. Kotib xatosini Bobur Navoiy xatosi deb hisoblagan. Aruzshunoslarimiz bu masalaga qiziqib, obdon tekshirib koʻrganlar va Bobur xulosasiga qoʻshilmaganlar. Navoiy kotiblarining koʻpchiligi forsiyzabon kishilar boʻlganini hisobga olsak, buni tushunish qiyin emas.

Boburning “Devoni Foniy” haqidagi tanqidiy fikriga kelsak, bunda ham ikki jihatni hisobga olmoq joiz. Birinchidan, bu tanqid Boburning shaxsiy fikri. Bu – umum ilm fikri emas. Navoiy zamondoshlari, ustoz va shogirdlari, keyingi asrlardagi forsiyzabon olimlar, eron olimi Said Nafisiy va akademik Abdulgʻani Mirzoyevlar “Devoni Foniy” haqidagi tadqiqotlarida Navoiy sheʼrlarini Hofiz va Saʼdiy sheʼrlari darajasida mahorat bilan yozilganligini qayd etganlar. Ulardan biror kishi Bobur fikrini yoqlamagan.

Ikkinchi bir jihatni mulohaza qilaylik. “Xazoyin ul-maoniy” barcha temuriy hukmdorlarga sovgʻa tariqasida elchilar orqali yuborilgan. Bobur Navoiyning ona tilidagi sheʼrlari bolidan bahramand boʻlib kamol topgan shoir. Aftidan u 1506 yili Hirotga kelgandan soʻng “Devoni Foniy” bilan tanishgan va ikkinchi tildan Bobur avvalgi asalni topa olmagan. Asal yeb yurgan odam shakarni pisand qilmaydi. Qolaversa, jahon Boburday ikkinchi bir qattiqqoʻl adabiyotshunosni bilmasa kerak. Uning biror shoir haqidagi “Yomon yozmaydur” degan bahosini oliy darajadagi maqtov tarzida qabul qilmoq kerak. Masalan, Muhammad Solihning “Shayboniynoma” dostoniga nihoyatda salbiy baho beradi. Uni oʻqigan kishining Muhammad Solih sheʼriyatidan koʻngli soviydi, deydi. Shuningdek, dostondan birgina tuzuk bayt topadi:

 

Boʻldi Tanbalga vatan Fargʻona,

Qildi Fargʻonani tanbalxona.

 

Holbuki, men Muhammad Solihni Muhammad Shayboniyxon maddohi sifatida qanchalik yomon koʻrmayin, uning dostonini maqtagim keladi. U oʻn yetti yoshli Boburni ilk marotaba oʻz dostoniga qahramon qilib oldi va uning haqqoniy, toʻlaqonli ijobiy obrazini yaratdi. Biroq dostonni dashtli oʻzbak oʻquvchisi didiga moslab yozganini ham inobatga olmoq kerak boʻladi. Muhammad Solihni umrida bir marotaba koʻrgan Bobur esa uni yaramas, zolim deb baho beradi. Alisher Navoiyning Muhammad Solihga bergan bahosi ham ijodi, ham shaxsiga nisbatan ijobiydir.

Demak, Bobur fikri bilan umum fikri keskin farq qilmoqda…

Maqsud Shayxzodaning Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur munosabatlariga doir soʻzlari koʻpchilikka yod boʻlib ketgan: “Albatta, Navoiy Bobursiz Navoiy boʻlib qoldi, lekin Boburni Navoiysiz tasavvur qilish qiyin”. Zahiriddin Muhammad Bobur Navoiy yaratgan adabiy va sheʼriy anʼanalarning davomchisi sanaladi. Aytaylik, Navoiy sheʼriy vaznlar xususida “Mezon ul-avzon” asarini yozgan boʻlsa, Bobur aruz qoidalari haqida “Mufassal” nomli bebaho asarni bitdi. Maʼlumki, Navoiy ijodida hayot mohiyatini anglashga urinish istagi ustunlik qiladi. Shoirning qator dostonlari, “Tarixi hukamo va anbiyo” nomli tarixiy asari, ayniqsa falsafiy mazmundagi “Lison ut-tayr” dostoni shundan darak beradi. Ayni xususiyatdan Bobur ijodi ham holi emas. Chunonchi, u islomiy aqidalar, shariat qonunlari haqida “Mubayyin” nomli asarni yaratdi. Temuriylar saltanatida katta obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan Xoja Ubaydulloh Ahrorning “Volidiya” asarini katta qunt bilan tarjima qildi.

“Boburnoma”da u hatto mana shu asar xosiyati tufayli ogʻir xastalikdan tez kunda oyoqqa turganini bayon qilgan. Navoiy va Bobur ijodi oʻrtasida mushtarak jihatlar borligi koʻpchilikka maʼlum. Lekin ayni paytda bu ikki muhtasham ijod olami oʻrtasida bir-biridan farq qiladigan holatlar ham mavjud. Misol uchun, garchi ular oʻrtasida davr nuqtai nazaridan katta farq boʻlmasa-da, “nazmiy tillari” turlicha. Navoiyni tushunishimiz qiyin-u, Boburni osonroq tushunamiz. Gʻazallarining vaznlari esa bir-biridan keskin farq qiladi. Navoiy ijodida toʻqqiz baytdan kam gʻazallarni deyarli uchratmaysiz. Bobur gʻazallari esa olti yoki yetti baytli, besh baytlilari ham bor. Bu tafovutning sababi nimada?

Bobur va Navoiyning din, din arboblari va ahkomlariga munosabatlarida ham yaqqol sezilarli farqlar bor. Bobur – musulmoni komil, fiqh olimi, din va pirlarni ikki olam xaloskorlari, najotkorlari deb biladigan, din amaliyotiga katta ahamiyat beradigan shoh. Din uni koʻproq amaliy faoliyat jihatidan qiziqtiradi. Bobur dinga chuqur kirmoqchi emas, Navoiy singari soʻfiy va tasavvuf arbobi ham emas. Shu jihatdan ularning qarashlari bir-biridan farqlanadi. Agar Bobur tasavvufga qiziqqanida edi, Badriddin Hiloliyning “Shohu darvesh” dostoniga (jinsdosh oshiqlar masalasi) tanqidiy yondashmagan boʻlardi. (Kompozitsiya haqidagi fikrida Bobur haq, albatta) Kishilar haqida kelajak odamlariga maʼlumot berishda Boburni dunyoviylik, Navoiyni soʻfiyona sehrlilik band etadi. Buni muhtasib Shayx Husaynning Bobur va Navoiy talqinidagi keskin farqi koʻrsatib turadi.

“Boburnoma”dan: “Yana Mavlono Husayn Shayx edi… Hikmat ilmini, aqliy ilmlar va kalom (“Qurʼon”) ilmini yaxshi bilardi. Oz soʻzdan koʻp maʼno topib, diqqat bilan nozik fikr yuritmoq uning ixtirosidir… Muhtasiblikni (diniy va dunyoviy tartib nazorati) ham hech kim undan yaxshi bajargan emas. Sulton Abusaid mirzoga yaqin boʻlgani tufayli Sulton Husayn mirzoning zamonida shunday mislsiz kishini tahqirladilar”.

“Nasoyim ul-muhabbat”dan: “Husayn Shayx Ismoil ota farzandlaridindur. Mustahsam muomalaliq kishi ermish. Xalq aning atvoriga mahliyo boʻlubturlar. Dunyo asbobi sari mayl qilmaydur. Bovujudi faxr oʻzni ul navʼ gʻaniy koʻrguzur ermishki, xalq rioyat yoʻlin topmaslar ermish. Olamdin oʻtgan zamonida (naql qiladilarki) eldin gʻoyib boʻlgʻondur. Hozir boʻlgʻoch boshi ustida bir qush qoʻngʻon ermishki, hech kim ul naqshu ranglik qush koʻrmagan ermish. Elni koʻrgach uchubtur, vallohu aʼlam (Alloh eng koʻp bilguchidir)”.

Bobur Husayn Shayxni jamiyatning eng faol shaxsi sifatida, soʻz sanʼatida sohir kishi tarzida talqin etmoqda. Saltanat oʻzgarishi tufayli tahqirlanganini bayon etmoqda. Navoiy esa uni faqr (darvish) ahliga mansubligi va vafotiga doir afsonaviy tafsilotlar bilan shugʻullanmoqda…

Ana shu birgina tarixiy shaxsga nisbatan Bobur va Navoiy qarashlaridanoq Boburning dinga faqat amaliyot tarzida yondashgani, Navoiyning dinga chuqur kirib ketgani, hatto shaxsni ilohiylashtirishga moyilligi sezilmoqda. Chunki Navoiy – soʻfiy, Bobur – podshohdir!

Bobur va Navoiyning “nazmiy tillari” turlichaligi ham toʻgʻri. Buning sababini men bunday mushohada etaman: hamma zamonlarda ham podshoh shoirlar kitobxonni keng xalq ommasi deb tasavvur etgan va omma tushunsin degan andishada tilning soddaligiga ahamiyat berishgan. Bu masalaning bir jihati. Lekin bu bilan Bobur oʻz mahoratini pasaytirgan emas. Navoiy nazarida, aftidan, kitobxonlar ommasining idrok darajasini yuksaltirish niyati ham boʻlgan. Navoiyona baytlarning mazmun qamrovi benihoyat kengligi, soʻz gavhariga maʼnolar dengizini joylash kabi maʼnaviy jasoratlar shoir dahosigagina xos. Hatto oʻzining bu mislsiz ulugʻvorligini Alisher Navoiy loʻnda qilib aytib ham qoʻygan:

 

Dur boʻlur bahr ichra pinhon nazmidin shah madhida

Bahr yoshurmish Navoiy har durri maknun aro.

 

Shoh madhidagi Navoiy nazmidan xijolat tortib gavhar dengizga yashirinadi. Chunki u (Navoiy) har bebaho gavhar (soʻz)ga maʼnolar dengizini joylagandir.

Boburda bunday ulkan daʼvo yoʻq. U shoh va shoir. Yaʼni, uning asl orzusi – davlat, hokimiyat. Lekin koʻngil xushi – mashqiy ijodi bilan ham Navoiy yonida turishi uning beqiyos mahoratidan xushxabardir.

Bobur hayotidagi doimiy harbiy safarlar, qoʻnimsizlik, vaqt imkoni bilan bogʻliq holatlarga koʻra Bobur gʻazallarining baytlari – 5-7 baytli boʻlgan boʻlsa ajabmas. Navoiy bu tomondan hamma imkoniyatga ega edi. Hatto devonni barcha harflarga tegishli qofiyali qilish gʻamini ham yer edi u…

Men Navoiy va Boburni qayta-qayta sinchiklab oʻqib, shogirdning ustozdan ikki marotaba oʻzganini koʻrdim. Birinchisi, aruz vaznlari talqinida. Navoiy “Mezon ul-avzon”da 130 vazn atrofida fikr yuritgan boʻlsa, Bobur aruz risolasida 537 vaznni kashf etgan. Hatto harfiy sanʼatlarni qoʻllashda ham bir marotaba moʻjiza koʻrsatgan desak boʻladi. Sanoyiʼ ilmida istixroj (keltirib chiqarmoq) sanʼati bor. Shoir aytilgan harflardan yoki sirli (nazarda tutilgan-u, aytilmagan) harflardan soʻz yaratadi. Ayniqsa, quyidagi baytlarda narsalar aytilgan-u, ularning oʻxshash harflari aytilmay “Olloh” soʻzining yaratilgani istixroj sanʼatidagi Bobur ixtirosi, “sehri haloli”dir.

 

Qaddi bila ikki zulfu ogʻzi

Jonimgʻa balo boʻlubtur “Olloh”.

 

Qad – alif, ikki zulf – ikki lom, ogʻzi “h”dir. Shu harflar yigʻilsa Olloh soʻzi hosil boʻladiki, Navoiy tirik boʻlsa-yu, bu baytni oʻqisa, qoyil qolib “Olloh-Olloh!” deb hayrat izhor qilishi mumkin edi!

Alisher Navoiy “Muhokamatul – lugʻatayn” asarini yozib, turkiy tilning tarixiy nufuzini tiklab berdi. Mazkur bebaho asarda u turkiy til fenomeni borasida toʻxtalib, turkiy folklor va etnografiyaning boyligi haqida soʻz yuritdi, turkiy tilning ichki imkoniyatlarini, afzalliklarini koʻrsatib berdi. Xoʻsh, ona tiliga munosabat masalasi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodida, hayot tarzida qay shaklda namoyon boʻlgan? Maʼlumki, bir safar Bobur oʻgʻli Humoyunga maktub yoʻllab, uni yozish uslubining balandparvozligi, ortiqcha takalluflari uchun koyiydi. Bundan keyin tushunarli va ravon yozishga undaydi. Holbuki, Humoyun mirzo Boburiylar saltanatining vorisi edi. Uning uchun ravon jumla tuzishdan ham muhimroq ishlar, aytaylik, siyosat ilmi va harbiy sanʼatlarni puxta egallash kabi masalalar ham boʻlganligi shubhasiz. Lekin podshoh otaning voris oʻgʻliga yozgan maktubi uni til va yozuv masalasiga jiddiy yondashuvga daʼvat etishdan boshlanadi.

Garchi Bobur Navoiy kabi til haqida maxsus asar yozmagan boʻlsa-da, qomusiy “Boburnoma”da til va tilshunoslikka oid oʻz mulohazalarini bayon etgan. Hatto bu sohada kashfiyot ham qilgan. Uchta turli tillar oilasiga mansub tillarni qiyosiy oʻrganish jahon tilshunosligida Boburdan boshlangan desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Boburni koʻproq etimologiya soʻzlarning kelib chiqish tarixi qiziqtiradi va bu sohada oʻrnak boʻlarli yangi ilmiy xulosalarni oʻrtaga tashlaydi. Bundan tashqari soʻzlardagi assimilyasiya va dissimilyasiya hodisalarining turli tillardagi amaliyotiga ham qiziqadi.

Yangi yozuv ixtiro qilgani esa Boburning novator tilshunos sifatidagi oʻktam qiyofasini namoyon etadi. Bobur nazdida mahorat sheʼrni ortiqcha bejash va murakkab yozishda emas. Bobur mahoratli tilshunos boʻlganligi bois sodda va aniq fikr nazoratida mahorat koʻrsatishni muhimroq deb biladi.

Mumtoz adabiyotni oʻrganish jarayoni tadqiqotchidan chuqur bilim, sabr-toqat va mustahkam irodani talab etadi. Chunki arabiy imlodagi qoʻlyozma asarlarini oʻqish oson yumush emas. Yaxshi adabiyotshunos boʻlishni maqsad qilgan, mumtoz shoirlarimiz asarlarini nashr etish chogʻida yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatishga bel bogʻlagan inson esa matnshunoslikdan ham yaxshi xabardor boʻlishi zarur. Soʻramoqchi boʻlganim shuki, bugungi yosh tadqiqotchilardan koʻnglingiz toʻlyaptimi?

– Yoʻq. Matn yaratish sohasida 1970 yilgi holat bilan hozirgi nashrlar (mumtoz adabiyot va tarixiy manbalar nazarda tutilsa) orasida nuqsonlarga boylik jihatidan aytarli farq koʻrmaganimdan gʻoyat afsusdaman. Bunda keksayu yoshni ajratmayapman. Biroq noumid shayton. Bizdan keyingilar bizdan aqlliroq, donishmandroq boʻlishlari, bizdek chalalik balosidan qutilishlariga ishonaman.

Istiqlol yillarida barcha sohalar kabi adabiyotga munosabat borasida ham yangiliklar roʻy berdi. Mumtoz shoirlar ijodini oʻrganish, ularning asarlarini toʻliq shaklda nashr etish ishlari yoʻlga qoʻyildi. Alisher Navoiyning “Mukammal asarlar toʻplami” qaytadan nashr etildi.

Muazzam “Boburnoma”ning siz va Karomat Mullaxoʻjayeva tomonidan hozirgi oʻzbek tiliga tabdil qilingan yangi nashri amalga oshirildi. Aytish mumkinki, bu asarning barchaga birdek tushunarli boʻlgan shaklda nashr etilishi Bobur ijodi, shoir yashagan murakkab tarixiy sharoit haqida yetarlicha tasavvurga ega boʻlish uchun imkon yaratdi. Umuman olganda, bunday ishlar davomli boʻlishi kerak. Zahmatkash olimlarimizdan ekanligingiz koʻpchilikka maʼlum. Sir boʻlmasa, ayni kunlarda qanday rejalarni amalga oshiryapsiz?

Istiqlol yillarida oʻzbek mumtoz adabiyoti namoyondalari asarlarining toʻliq nashrlari chop etilgani yuzaki qaraganda xushxabar va kishini xotirjam qilgudek voqea boʻlib koʻrinadi. Ammo Alisher Navoiyning yigirma jildlik va oʻn jildlik kulliyotlari mening matnshunoslik nuqtai nazarimda, yaʼni shaxsiy fikrimcha, yaroqsiz nashrlardir.

Men yigirma tomlik haqida “Maʼrifat” gazetasidagi (9 fevral, 2005 yil) maqolamda, tomlikka ikki jild tuzatish ilova qilish kerak, deb daʼvo qilgan edim. Oʻsha tuzatishlarning asosiy qismini men keyingi oʻn jildlikka kiritsam ham nashr baribir epaqaga kelmadi. Har bir jildda yuzlab nuqsonlar sodir etilgan, yuzlab soʻzlar 2,3, 4,5, 8 xil yozilgan nashr haqida men ijobiy gap aytolmayman.

Kuni kecha “Boburnoma”ning hozirgi oʻzbek adabiy tilidagi tabdili ikkinchi marotaba nashr etildi. “Oʻqituvchi” nashriyoti bizni ogohlantirmay takror nashrni amalga oshirgan. Men ham, olima Karomat Mullaxoʻjayeva ham barmoq tishlab qolaverdik. Besh yil burun yoʻl qoʻygan nuqsonlarimizni bu nashrda tuzatish imkoni bizga berilmadi.

Chunonchi Boburning mashhur toshbitigi Bobur qoʻli bilan toshga oʻyib yozilgan-u, men buyurib yozdirgan, deganman. Shunda yana bir jiddiy nuqsonim bor: matnni “Guliston”dan deb koʻrsatganman, holbuki “Boburnoma”da zikr etilgan uch bayt sheʼr “Boʻston” asaridan ekan…

Karomatxon ham asar asliyatiga ishonib, Bobur Ibrohim Loʻdiyning otasiga yer-mulk berganligini aytganlar. Holbuki, uning otasi allaqachonlar oʻlgan, yer-mulk uning onasi Buʼaga berilgan edi…

Bunday jiddiy nuqsonlarni bartaraf etishni uchinchi nashrga saqlab qoʻyishimizga toʻgʻri keldi. Uzr va afsus!

Suhbatimiz yakunida “Yoshlik” jurnali muxlislariga tilaklaringiz…

Men “Yoshlik” jurnali muxlislariga – Siz buyuk imkoniyatlar zamonida yashayapsiz, oʻz oldingizga kasb maʼnosida ulugʻ orzuni qoʻying va umrbod unga intilib, yetib, kasbingizni sanʼat darajasiga yetkazib jahon ilm-faniga yangiliklar kiriting, hayot-mamot masalasi – axloq-odob ekanligini biling, axloq jannatiga shu dunyoda kiring, deyman. Axloqsiz odam milliarder boʻlishi mumkindir, ammo baxtli boʻlolmaydi.

Keng maʼnoda maʼrifatli boʻling, maʼrifatsiz odam oʻzini johillikka mubtalo qilgan shoʻrlikdir.

 

Suhbatdosh: Gulnoz MOʻMINOVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 2-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/bir-asrning-ikki-dahosi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x