Elning egalari

Bilasizmi, birodar, shu yoshga kelib kaminaning asosiy mavzularidan biriga aylanayotgan bu gap chindan ham juda muhim. Ha, har elga bosh kerak. “Ming ishchiga bir boshchi” deganlari singari. Mazkur fikrni, ehtimol bir parda koʻtaribon aytmoq zarur.

Esingizda albatta, bultur qish ancha zabtiga oluvdi. Ikki haftalab qor erimay, shahar yoʻllarida ham yurishda noqulaylik paydo boʻluvdi. Yoʻllarda mashina tagidan tushgan palaxsa-palaxsa muz, aylanib oʻtasiz, qiyaliklar ham yaltirab muzlab ketgan. Qisqasi sovuq va qor odamlarni keragicha bezdirib qoʻygan.

“Kuniga bir matal” der edi rahmatli otam. Qirq yildan ziyod davlatning molini boqqan sodda odamning topib olgan muhim falsafalaridan edi bu. Endi oʻylasam va magʻzini chaqsam: har kunning oʻz matali bor, bugun kechagiga oʻxshamaydi, degani ekan. Misol, dovdir-shovdir suron solib yurgan kechagi odam bugun yoʻq. Otam chuqur xoʻrsinib, ichida bir narsalar deb, soʻng baralla: kuniga bir matalda-e, deb yuborar edi.

Qish-qirovli kunlarda qishloqdan uch-toʻrtta taʼziya xabarini eshitdim. Hammasi ham qarindosh – borish kerak. Ammo havo bunday: oʻzingni xatarga qoʻyib hayyo-huyt deb tavakkal qilolmaysan.

Nihoyat eruv boshlandi. Togʻam yangam bilan chamasi ikki oydan beri Toshkentda edi. Yetmishdan oshib boboy boʻlganda poytaxtdagi oʻgʻlinikida qishni ilim-issiq oʻtkazgisi keladi-da. Qishloqda boʻlsa oʻt yoqiladigan birgina pechka atrofida nevaralari bilan talashib yotar edi. Yoshligida qor-yomgʻirda qoʻra-qoʻton kezaverib oyoqni sovuqqa oldirgan. Keyin ham bir palakat boʻlib oyogʻi sinib ikki oy gipsda yotgan, yillar oʻtgani bilan joyi simillab turadi. Muhimi, olti bolaning tashvishidan qutulgan. Yanayam men uchun keragi – umri moldoʻxtir, zootexniklikda kechgan bu odam oʻta ziyoli, oʻqigan, adabiyotning shaydosi, tagʻin tabobatga, tarixga, diniy yoʻriqlarga qiziqib oʻzicha kashfiyotlar ham qilib yuradi. Mingʻirlamaydi, shikoyat qilmaydi, aniq gapni yaxshi koʻradi.

Otiniyam aytmabman: Xudoyqul Tinibekov. Qoʻshrabotda taqdiri chorva bilan bogʻlanib oʻsganning bari biladi.

Shu odam menga Husan Hakimov haqida koʻp hikoyalar soʻzlagan. Men unda yosh edim va shundan kelib chiqilgan boʻlsa kerak, oʻsha insonga ixlos qoʻymaganman. Togʻam boʻlsa gapiraveradi: nihoyatda kallali odam, ju-uda kamgap, siyosati chatoq, indamay turib joningni oladi.

Hay endi shu odamning nimasi yaxshi ekan. Birinchi kursni bitiruvdimmi, ishqilib qishloqda salanglab yurgan edim, togʻam oʻgʻlidan xabar joʻnatibdi: Sobir tez kiyinib kelsin, Qoʻshrabotga, Hakimovning toʻyiga borib kelamiz. Eski “Moskvich”ga oʻtirib tirillab joʻnadik. Toshkentni koʻrib qoʻygan yigit Qoʻshrabotga oʻxshagan qishloqni pisand qiladimi? Biroq Samarqanddan Qoʻshrabotga qarab oshuvda juda katta bogʻ koʻrdim. Oʻziyam uchi-quyrugʻi yoʻq. Aniq hajmini aytolmayman, lekin narigi yogʻi Saksonchel qishlogʻiga tutashib ketgan, bu yogʻi qoʻrgʻon boshlanmasdan to u tugaguncha – oʻng bet yashnab yotibdi. Choʻl edi, dasht edi, suv yoʻq edi, e qaddingdan akang!

Xudoyqul togʻam gidlik maqomida, kaminaga hafsala bilan tushuntirish bermoqda: Husan akaning ishi, ikki yilda shu ishni qildi, artezian chiqardi, tosh yoʻl yotqizdi, atrofini oʻradi.

U paytlar bu ishlar davlatning puli hisobidan qilinardi, tushunaman. Lekin koʻchatniyam davlat oʻstirarmidi, yaydoq dashtni ham oʻzlashtir, dermidi yoxud oʻzi kelib ekib berarmidi – shunisi qiziq. Qiziqki… bir on oʻylanib turib qoldim.

Toʻy oʻtganiga ikki-uch kun boʻlgan, biz qutlugʻ boʻlsinga kirgan ekanmiz. Togʻam bilan oqsoqol birga ishlagan – xabarim bor, ammo oʻzini tanimayman. Qanaqadir chala bitgan, poli bor-u, eshik-romlari qoʻyilmagan bir uyga boshlab kirishdi. Oʻn-oʻn besh yigit gʻimirlab yurganidan bilsa boʻladiki, hali toʻyning tafti oʻtmagan, hovlidagi oʻchoq tagida ham oʻtin tutab turibdi. Bizni alohida stolga boshlashdi. Narigi stolda toʻrt-besh chogʻli bir-biridan semiz zotlar xursand, bir-birining gapini eshityaptimi, eshitmayaptimi, mastona-mastona suzilib nuqul kuladi. Oxirida “obbo akam-yey” deydi. Kim akasi ekan? Men – hushyorman-da.

Biz oʻtirmoqchi boʻlgan stolning boshida bir katta gʻoʻla turibdi. Moʻla desa ham boʻladi. Uning nimaligini siz bilmaysiz, bizdan soʻrang: bu tomonda qir koʻp, togʻ, adir koʻp, hammasining ham nomi bor deb oʻylaysizmi – yoʻ-oʻq. Shu sabab, choʻpon-choʻliqlar mol ortidan yurib, bekorchilikda, ermakka atrofidagi toshlardan uyib moʻla yasashadi – odam boʻyidir, past yo balanddir, ishqilib bir belgi-da. Ertasiga qarabsizki, anov Salim choʻponning moʻlasi, oqmoʻla, qoramoʻla, Abdullaning soyi, Solining soyi, Tokli soy, Oq zov, Qora zov – bir belgi xullas.

“Moʻla” picha bosh koʻtargan boʻlib, xiyol bosh chayqadi. Yonidagi stolga ishora qilganday boʻldi. Togʻam pildirab borib “moʻla”ning qoʻlidan tutmoqchi edi, u qoʻllar iltifotni sezmagan kabi fotihaga yoyildi. Togʻam tamom dovdirab, “yoshlar baxtli boʻlsin, yoshlar baxtli boʻlsin!” deb ikki marta omin qilib yubordi. Bizga esa baribir – begonaman. Togʻam boʻlsa tizzamga bir turtdi: xapa, deb qoʻydi. Soʻng iltijoli bir suratda “moʻla”ga termuldi.

– Koʻrinmaydilar, – dedi “moʻla”. Ammo koʻzi yumuq.

– A-a, Husan aka, endi bizam katta davralarga yaramayapmiz. Toʻy kuni izdihom katta deb tortindik, aka. Obkom kelgan toʻyga bizga yoʻl boʻlsin.

– Shunday deng, unchalik emasdir. Obkom bova dov-doska qipkepti, qoʻying desam qoʻymadi.

– Eshitdim-eshitdim, “Volga” qulluq boʻlsin, aka.

Togʻam shunday deb, qanchaligi esimda emas, kissasidan kamtarona toʻyona chiqardi.

Yarim qarich keladigan ikki qosh bir koʻtarilib tushdi. Qora-qizil rangdagi sergoʻsht burun tagidagi ogʻiz harakatga kelib:

– Borya! – deb baqirdi.

Novcha bir yigit kelib qoʻl qovushtirdi.

– Qolgan vino-pinolaringdan opkel-da.

Novcha gʻoyib boʻldi. “Moʻla” oʻsha-oʻsha holatda: na tebranadi, na choy ichadi, na boshqa gapiradi. Moʻla-da!

E, qaddingdan, e, usta Xudoyim!

Togʻam qulogʻimga shipshidi:

– Toʻyonayam yoqmadi. Vino-pino deganini koʻrding, aroq demadi. Biz otdan tushgan boʻlsak.

Shunday dediyu togʻam kulib yubordi. Aftidan bu siyosatni koʻp koʻrib yurgani uchun oʻzini tutolmadi. Bu odamning qoʻlida ishlamayotgan boʻlsa – endi baribir emasmi?

Stolda yegulik serob, kalla-pocha ham bor. Toʻydan keyin ham qoʻylar soʻyilayotganining belgisi bu. Biroq bu narsalar hali mening mijozimga botmas edi. Uyda onam tayyorlagan qatiqqa non toʻgʻrab yesam podshoday yuraveraman. Bu dov-doskalar, bu hashamatlar… Qabul qilolmas edim-da. Yoshlik qilardim chogʻi. Ha, darvoqe, bundan ham yoshroq vaqtim – sakkizinchi sinfda bir sinfdoshim bilan taʼtilda “Qoʻshrabot” sovxozining gʻalla xirmoniga ishlashga kelganmiz. Bir yarim oy kechayu kunduz ishlaganmiz. Oxiri bezor boʻlib qochib ketganmiz. Xirmon mudiri Begmat Usmonov ortimizdan bir oz choy-chaqa va xirmondan kafsan joʻnatib yuborgan.

Ertalab ham, kechqurun ham shildir shoʻrva ichamiz. Tegirmoni non. Oxiri yoqmaylar ketgan. Bizdan kattaroq Abdurayim akaning tashabbusi bilan bir kuni kechasi boqqa oʻgʻirlikka kirdik. Uzum ayni pishgan payt. Ikkita katta it vovillab kelib qoldi-ku. Qochib-surinib, kim tikonli simga kiyimini ildirib, kim tuproqqa dumalab, ishqilib xirmonjoyga halloslab kelib koʻrpaga burkanganmiz. Orqamizdan birov quvganini koʻrmadik. Biroq ertasi kuni oshpazimiz Eshboy akaga bir ayol ikki chelak uzum tashlab ketibdi.

– Yosh bolalar bor ekan, uyidan olisda ochirqanib yurgandir, bering, yesin, – debdi.

Ana xolos. Kim boʻldi ekan bu vallomat. Yoʻq, aslida bilar edik, Hakimovning chorbogʻi, uyi shu yerda, bogʻi katta, koʻrib yurardik, bolalik-da – kunduzi oq, qora kishmish, toyfi, olamantoʻydi degan uzum boshlarining simlarda osilib xor boʻlib yotganini koʻrib, kechasi bir dodini bermaylikmi, degan rejalar boʻlgan. Ne tongki, sarguzashtimiz boyagiday nihoya topgan. Bu Hakimovning ishimidi yoki kampirining shaxsan homiyligi edimi – shu topda xayol opqochdi.

Bunga sari togʻam:

– Husan aka, bu jiyanim boʻladi. Jurnalist boʻlmoqchi, oʻqiyapti, maqolalar yozadi, – dedi.

Oqsoqol bir yoʻla ikki koʻzini ham ochib menga oʻqdek qaradi. Ahamiyat bergani meni sarosimaga soldi. “Oʻsha oʻgʻirlik qilib yurgan sen bola endi jurnalist boʻlmoqchimisan?” degan kabi taʼqib qilayotganday tuyuldi. Lekin oqsoqol:

– Quying, ichinglar, – dedi-da qoʻydi. Koʻzlari hamon yumuq.

Oqsoqol (endi “moʻla” demayman) togʻam aytgani singari har baloni bilsa, demak, meni ham biladi degan xavotir ich-etimni tirnadi.

– Hamro kep-ketdi, – dedi Husan aka.

– Togʻa kepti-da, bu yigit Hamro togʻaning nevarasi-da, ukasining oʻgʻli.

– Hamzaning, – deb qoʻydi, oqsoqol. Shu holatida u bizdan boshqa kimningdir suhbatini olib, ichida maʼqul koʻrib oʻtirganga oʻxshardi.

Men hayron qoldim: otamni bilar ekan, Hamro bobom-ku, qoʻlida yilqichi. Qoyil.

– Hamro qochib-pusib ketdi. Kalonov uni tuzlayman deyapti. Tuzlamaydi. Qishloqqa borganda ayting, Ismoilning traktorini akt qilib ketsin.

Ana endi bu yoqlari boshqa gaplar. Biz sizga “moʻla”dan ibratli oqsoqol yasab beramiz.

Togʻam mudom tildan qoʻymay maqtaydigan odam shu – Husan Hakimov. U zamonlarda, bilasiz, bir tumanda oʻntaga yaqin sovxoz boʻlardi. Hakimovning xoʻjaligi esa “Biopunkt” deyilardi. “Pangat” xoʻjaligi ham shuning ichida, yilqichilik, qoʻychilik, gʻallachilik tarmoqlari bor, boz ustiga Poyariqning Koʻltoʻsin, Gʻallaorolning Lalmikor degan joylarini ham xoʻjalik hisobiga kiritgan, yaʼnikim yuzlab emas, balki minglab ishchilari bor edi. Mustaqillik yillarida yilqichilikni xususiylashtirishga jon-jahdi bilan qarshi turgani bois hozir ham saqlanib qolgan. Bilmadim, tagʻin qayerda bor – Jizzaxda “Konniy zavod” – ot xoʻjaligi bor deb eshitardim, hozir ham bormikan, biroq mana, men aytyapman – Qoʻshrabotda bor.

Pangatning oʻzini tokzor bogʻ qilib yubordi. Suv chiqmaydigan qir-adirlar ham tokzor boʻldi. Ochigʻi bu ishlarni bir odam qoʻli bilan bunyod etolmaydi-ku. Odamlarning boshini qoʻshgan, ishlatgan, haq bergan. Natijada “bu dunyoda Pangat, u dunyoda – jannat” degan maqol paydo boʻldi. Obodonchilik ishini puxta qilar edi. Togʻam, u odam deyarli uxlamas edi, kechayu kunduz yurar edi, boshqalarniyam tindirmas edi, deydi. Viloyatga borsayam, obroʻsi katta, xoʻjalik uchun bir katta narsa undirmay qaytmas edi, deydi.

Hozir tirik boʻlganida balki judayam katta bir fermerlik xoʻjaligiga bosh boʻlardi. Lekin oqsoqolchiligining zoʻr belgisi – ishchilaridan birontasining burni qonashiga yoʻl qoʻymagan. Chetdan birovlarni aralashtirmagan. Boya Hamro bobom va Ismoil traktorchi haqida gap boʻldi.

Bobom Hakimovning yilqi-biyachilik xoʻjaligining bir fermasida bosh choʻpon edi. Avval oʻzimizning qishloqda, soʻng Lolahovuz qishlogʻida. Choʻpon deganiyam bola-chaqali, yeyarmon-icharmon degani-da. Xashak, arpadan uyiga opketishi bor, yilqiga jondor (boʻri) tegsa yo kasallansa halollab soʻyib olsayam zootexnik (Joʻraqul Kalonov – hozir 90 yoshni qoralab qoldi, tarix bilimdoni, zoʻr odam)ka molning kallasini koʻrsatib harom oʻldi deb turaveradi. Albatta, haddidan oshsa, Hakimov ham, Kalonov ham qarab turmaydi. Ishning mashaqqati ayon. Shu bois Hamroni Kalonovga tuzlatib qoʻymayman, deyapti. Bu – rahbarning ishga insof koʻzi bilan qarayotganining belgisi.

Endi, Ismoil aka dedik. U kishi ham bizga amaki. Oʻzi zoʻr, juda oqkoʻngil odam. Ichishni bir yil tashlab, ikkinchi yili meʼyoridan ham oshirib ichib yuradigan odati bor edi. Shu holda pat-patining ruliga oʻtirib ketaverar edi. Yetmishni qoralayapti, umring uzun boʻlgur, haliyam odati shu: bir yil tashlaydi, bir yil obdon hissasini chiqaradi.

Kunlarning birida… E, bu qiziq voqea juda. Unda otasi Obloqul bobom – Oʻnar bobomning ukasi, urush qatnashchisi, chars, vallomat odam – tirik edi. Oʻsha kuni boʻlim kassiri maosh tarqatgan ekan. Akam sheriklari bilan poʻla boʻlguncha ichgan. Yana Zarmitandanmi, qayerdandir bir yashik pivo ham olgan. Traktor kabinasiga ortvolib, kayf zoʻr, qoʻshiqni vang qoʻyib kelavergan. Qishloq yoʻli tik, qiyaliklardan iborat, oʻnqir-choʻnqir, tor.

Opasi Salomat ammam Qoʻrgʻontepaning pastida turadi, traktorining ovozidan tanib Ismoiljon bilan koʻrishib-soʻrashib qolayin deb yoʻlga chiqsa, tepada traktor tarr-tarr qilib turganmishu, akam rulda yotib olib uyquni urayotganmish. Bir mahal traktor sekin orqaga tisarilibdi. Ammam voy-voy, hoy-hoy, kim bor degancha qolaveribdi, transport orqaga tisarila-tisarila boshqaruv yoʻqolgach, pastga qarab qulab ketibdi. Bir dumalabdi, ikki dumalabdi, nihoyat masofasi bir chaqirimcha keladigan sayhonlikka tik qiyadan sochilib-parchalanib dumalab ketibdi.

Oʻrtada Omon muallimning uyi bor, uyiga zarar qilmay chorbogʻining devorlarini buzib oʻtib ketibdi. Soydagi suvga ikkita ballon yetib boribdi, traktorning qolgan qismi yoʻlda sochilib ado boʻlgan.

Xudoning saqlaganini qarang: traktor birinchi qulagan zahotiyoq akam kabina eshigi ochilib tushib qolgan ekan. Yana qizigʻi, oʻsha bir yashik pivosi ham quchogʻida emish. Ammam buni koʻrmagan ekan, oy-hoy, Ismoiljonim nima boʻldi, qaranglar, deb ayyuhannos solib baqirarmish. Qarashsa, akam bir yashik pivo qoʻynida, yetib kelgan odamlarga hiring-hiring kulib yotganmish. Biror joyi lat yemagan.

Ha, yaratgan Egam saqlayman desa qirq yillik qirgʻindayam saqlayverarkan. Akaning omon qolgani yaxshi – Xudo qaytarib berdi axir. Aybi ham oʻzi bilan. Lekin men boshqa narsani aytaman: Hakimov bu voqeani eshitib xursand boʻlmagani aniq, jazavasi qoʻzigandir balki, shunga qaramasdan akamni kechirganini qarang!

Kal boʻlsam ham tarogʻim tillodan deganlari singari amakim oriyatli odam, Hakimov qancha soʻrattirsayam bormay yurdi. Hamro otam ikkita ballonni otiga xurjun qilib Qoʻshrabotga oborsa, direktor: boʻldi, hisob, Ismoiljonga ayt, qochib yurmay bir kelsin, depti. Ismoil akam bari bir bormadi: yuzi chidamadi shekilli. Oxiri orqasidan bir yangi “Belarus” joʻnatibdi oqsoqol. Akam shuniyam minolmay bir muddat qiyshanglab yurdi. Otasidan dakkimi, tayoqmi yegach rulga oʻtirdi. “Belarus”ni minib pensiyaga chiqdi. Ammo oqsoqolning vafotigacha uning koʻzidan qochib yurdi.

Ismoil akamning mehnatkashligi, oqkoʻngilligi, balki oriyati yoqqandir, ehtimol joʻjabirday jon – shuni oʻylagandir, har nechuk kechirgani bor gap.

Oʻzi katta qalbli odamlarning mehriyam katta boʻladi shekilli.

Ha, Hakimov Qoʻshrabotning oqsoqoli edi. Odamlarning boshini qoʻshishni yaxshi eplardi. Necha raykom, necha obkom bilan ishladi – hurmat-obroʻyini yoʻqotmadi. Qoʻl ostidagilarga qoʻrs, qoʻpol muomalali boʻlib tuyuldi, ammo birortasiga zugʻum qilmadi. Shuning uchun togʻam u kishini tildan qoʻymaydi.

Mana, u odam dunyodan oʻtgandan keyin ham tumanga uch-toʻrt rahbar kelib ketdi. Lekin birortasi “e, bu oqsoqolning bogʻ-rogʻlari qarovsiz qopti-ku” deb saʼy qilmadi. Endi, ularning ichida ham fidoyilari boʻlgandir-ku, ammo aytamanki, yurt oqsoqoli boʻlolmadilar chogʻi. Boʻlmasa Husan Hakimov shu bogʻlarni Qoʻshrabot xalqi yesin, toʻysin, daromad qilsin, soyasida soyalasin deb qilgan-ku, oʻtin boʻlsin, kesib pechiga yoqsin demagandir-ku. Gapning oʻroliyam shu-da.

Endi hikoyamizning boshidagi hangomaga qaytamiz.

Eruv boshlangach togʻam bilan qishloqqa ketyapmiz. Qir-adirlarda anchadan beri muz qotgan qorlar gʻalati tarzda, yangi jilgʻalar yasab pastlikka oqib tushadi. Yoʻllar cheti loyqa-boʻtana suvga toʻlgan, asfalt yoʻl tagidagi quvurlardan suv toʻlib oqib chiqayotir. Hayron boʻlaman: lalmikor bugʻdoy, mahsar ekilgan shudgor yerlarning oqib tushayotgan loylari keyin qayerga toʻplanarkin?

Oxiri baxayr boʻlsin ishqilib. Shu kuni togʻam bilan ikkita joyga kirib fotiha qildik. Hammayoq bilch-bilch boʻlib yotibdi. Ismoil akamning kampiri Oysara chechayam yaqinda qaytish qilgan. Maʼrakasi oʻtdi, endiyam bormasam toza uyat. Biroq yuqoriga mashina chiqolmadi. Togʻamni pastda, mashinada qoldirib oʻzim piyoda chiqib keldim. Oʻziyam tizzamgacha jiqqa hoʻl boʻldi. Lekin qarzimdan qutuldim. Ertasi kuni tagʻin ikki joyga kirib “qoʻl qaytarib” chiqib ortga joʻnadik.

Kechasiyam ilmiliq havo boʻlgani uchun eruv kuchayib tekis joylardayam sharqirab boʻtana oqib yotibdi. Koʻltoʻsinga yetganimizda koʻprik tagiga suv sigʻmay sel asfalt ustidan oqayotganining ustidan chiqdik. Bir toʻda odamlar chiqib tomosha qilayotir. Biz oʻtsak boʻladimi deb soʻradik. Oʻtavering, deb qoʻydi biri. Qoʻrqa-pisa oʻtib oldik. Shu koʻyi Gʻallaorol tumaniga qarashli Gulchambar, Oqtosh qishloqlaridan ham oʻtdik. Ertasi kuni oʻsha biz oʻtgan qishloqlardan birini sel yuvib ketgani haqida shumxabar tarqaldi. Yaxshi gapdan koʻra yomoni tez yoyiladi. Hartugul qurbonlar boʻlmapti. Keyingi kun ukam telefon qilib qoldiki, Koʻltoʻsindagi kecha sizlar oʻtgan koʻprikni bir soatdan keyin sel buzib, undan boshqa yoʻlning bir qisminiyam katta jar qilib oʻyib tashlabdi. Shukrki, odam oqmagan.

Ana endi shu talofatgayam rosa bir yil boʻldi. Koʻklamdan yozgacha Koʻltoʻsin orqali yuruvchi transport vositalari bir necha chaqirim naridagi Dovtepa qishlogʻi orqali chang-loy koʻchadan aylanib oʻtadigan boʻlishdi. Yozda Gʻallaorolning Oqtosh, Koʻcharbuloq qishloqlari koʻpriklari yangilandi. Ayniqsa, Koʻcharbuloqda bunday sel-toshqinlarga bemalol dosh beruvchi katta koʻprik qurildi. Lekin Koʻltoʻsinda… yozda huv yoʻlni jar qilib buzib ketgan joyga odamlar shaxsiy tashabbus bilan ikkita kattakon quvur yotqizib, ustidan shagʻal-tosh toʻkib chiqishibdi. Yengil mashina, mikroavtobuslar amallab oʻtsa boʻladigan qoʻlbola koʻprik. Biroq katta hajmga ega yuk transportlari, avtobuslar oʻtolmaydi. Bu yoʻldan har kuni turli yumush bilan yuzlab emas, minglab odamlar oʻtadi. Toshkent, Jizzax, Sirdaryodan Koʻltoʻsin, Nakurt, Quduqcha va Qoʻshrabotning oʻnlab qishloqlariga Zarkent, Zarmitan qoʻrgʻonlariga, jumladan, bizning Tumanovul, Mayintepa, Kamarovul, Boytoʻp, Jabutay, Qurisoy, Quvkalla qishloqlariga ham shu yoʻl orqali oʻtiladi. Ilgari odamlar yoʻlning oʻydim-chuqurligidan nolishardi. Endi shu yoʻl ham gʻanimat boʻlib qoldi. Boyagi qoʻlbola koʻprik bahorning ilk seli kelgandayoq oqib ketadi. Shunday katta va serqatnov yoʻlga munosib koʻprik solish nima uchun boshqalarni qiziqtirmaydi – hayron qolasan kishi.

Bir oydan oshdi, togʻam yangam bilan yana Toshkentga kelgan. Qish-qirovli kunlarda qishloqdan birin-ketin ikki janoza xabarini eshitdik. Orada bir haftacha iliqroq, yogʻin-sochinsiz kunlar ham boʻldi. Bari bir yoʻlni oʻylaymiz. Kechagi gaplashganimizda togʻam Koʻltoʻsinda koʻprikning yoʻqligi, bir yildan beri rahbarlar eʼtibor bermayotganini aytib nolidi.

– Sobir-ey, – dedi soʻng, – burun yuz qoʻyli odamni katta boy der edik. Shu aybi uchun ular quloq ham boʻlib ketishdi. Hozir qishloqlarning oʻzida burungi boylardan yuz karra boylar bor. Mashinaning zoʻridan minadi, uyini qavat-qavat qilib quradi, toʻyiga falon ming dollar sarflab, nomdor artistni chaqirib keriladi. Inomarka mashinalari xarob yoʻllardan yursa, bu yoʻllarni erta-indin kelib davlat qurib, sozlab berishi kerakday hammaga qoʻshilib nolib yuraverishadi. Qanaqa yuragi qotib ketgan odamlar bular?

– Togʻa, bular asli davlatdan yulib boy boʻlishni fazilat deb bilishadi. Xalq farovonligi deb pul sarflashga or qilishadi. Shunaqa pishiq boylar bular.

– Eh, Husan Hakimov yashamadi-da shu kunlarda. Barisini uyidan quvib chiqib tikka qilmasmidi! Oʻ, noinsof, puling bor ekan, moling bor ekan, uyingning ichini yaltiratguncha bu yoqqayam qara, koʻr boʻlgur, derdi. Ha, aytardi shu gaplarni. Yoki koʻpriklar uchun mutasaddi boʻlganning eshigi oldida itday yotib olardi. Hay, attang, qadri oʻtdi-da bachchagʻarning.

Yaqinda dunyodan oʻtgan birinchi adabiyot ustozim Omon aka Qoʻchqorov togʻamning tengquri edi. Maʼrakasi ham oʻtibdi. Yoʻlni oʻylaymiz. Qoʻshiqdagi “yoʻllar olis, otim oriq, yetolmayman-yey” degan satrlar esga tushadi. Holbuki bu yoʻllarga polvon otlar ham dosh berishi qiyin endi. Qishlogʻimiz uzun soyning ikki betida joylashgani uchun orada 4-5 ta koʻprik qurilgan. Bulturgi sel ularniyam omon qoldirmagan. Bir epini qilish odamlarning oʻziga havola. Hokimga yozadimi, u kelib koʻrib yordam beramiz deydimi, lekin oxir oqibat, baribir gap oʻzlarida qoladi. Bir tashabbuskor oqsoqol jon kuydirmasa qiyin.

Mana, yoʻlga chiqdik ham deylik. Gʻallaorol, Marjonbuloq yoʻli bilan endi yurib boʻlmaydi. Chunki Koʻltoʻsinning bulturgi koʻprigi oʻrnida bugun hayhotday jarlik bor. Jarlik tagiga qilingan omonat koʻprikni kichkina sel ham chalpak qilib tashlabdi. Shu bois Samarqand yoki boʻlmasa Jomboy, undan Poyariqning Eshimoqsoq qishlogʻi orqali Chelak, Mitan, Qoʻshrabotni aylanib borish kerak. Unda kamida 70 chaqirim ortiqcha yoʻl bosishga toʻgʻri keladi.

Togʻamga aytdim:

– Hadeb Hakimov deyavermang. U odam endi ketdi. Hozirgilar juda zakunchi. Birovga bir narsa deyish qiyin. Bor yoʻldan yurib turaveramiz. Shunisigayam shukr. Bizdan koʻra koʻltoʻsinliklarga qiyin, chunki jarlik bir qishloqni qoq ikkiga ajratib qoʻydi, bizlar boʻlsa… shu qishloqdan oʻtib-qaytuvchi yoʻlovchilarmiz, xolos. Shunday emasmi? Ertaga otlanavering, yoʻlga tushamiz!

Yoʻlga tusharmiz, borib ham kelarmiz.

Tasavvur qilaman: choʻqqisoqol, chorpaxil, yuzni qoralagan oqsoqol Hakimov 600 ta yilqisi bor yangi zamon boyi Abdurahmonning darvozasini uryapti. Abdurahmon chiqib cholni jerkiyapti. Taxminan bunday deydi: “Nu i chto! Transport nalogini benzinga qoʻshib toʻlayapmanmi – toʻlayapman. Fermer xoʻjaligidan yoʻl soligʻini qurtday undirib olishyaptimi – olishyapti shovvozlar! Olib qayoqqa bekitishyapti? A, qayoqqa bekitishyapti? Ana, oʻshalar qurib berishsin koʻprikni! Sizning zamoningiz oʻtdi, boboy!”

“Boboy” mulzam tortib qolar edi, ehtimol.

Ehtimol chindan ham zamoni oʻtganiga afsus chekardi. Lekin oʻziboʻlarchilikka chiday olmas edi.

Oqsoqolchilik shunda kerak!

Ha, har elga bosh kerak!

 

Sobir OʻNAR

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 2-son

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/elning-egalari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x