Bayron gʻozlaridan Tven kometasigacha

Yozuvchi va shoirlar, umuman, ijodkorlar – soʻz sanʼatining ustalari sanaladi. Ular qismatiyu bosib oʻtgan hayot yoʻlining oʻzi bir kitob. Bu kitobni oʻqib, baʼzan kulgingiz qistasa, baʼzan koʻzingizga yosh keladi, baʼzan chuqur oʻyga tolasiz. Quyida shular haqida.

 

***

Atoqli yozuvchi Gi de Mopassan Parijdagi mashhur Eyfel minorasi doim gʻashiga tegadigan kishilar sirasidan boʻlgan. Shunga qaramay, u har kuni oʻsha minorada joylashgan restoranda tushlik qilishni kanda qilmagan. Adib mazkur holatni yaqinlariga “Bu restoran minora koʻrinmaydigan Parijdagi yagona joy” deya tushuntirgan.

 

***

Bir kuni Fransua Rable Liondan Parijga borishga qaror qiladi, biroq safar uchun choʻntagida hemiri ham yoʻq edi. Shunda u ustiga “Qirol uchun zahar”, “Qirolicha uchun zahar” va “Shahzoda uchun zahar” deya yozilgan uchta qogʻozxalta tayyorlaydi va ularni mehmonxonadagi xonasining koʻrinarli joyida qoldiradi. Bundan xabar topgan mehmonxona xoʻjayini darhol bu haqda hukumatga maʼlum qiladi. Shu yerning oʻzida Rableni tutib olishadi va uni soqchilar nazorati ostida poytaxtga, toʻgʻri qirol Fransisk I huzuriga yetkazishadi. Rable saroyda qogʻozxaltalar ichidagi narsani bir stakan suv bilan birga ichadi. Maʼlum boʻlishicha, qogʻozxaltalarda shakar boʻlgan ekan. Keyin u oʻzi bilan avvaldan doʻst tutingan qirolga Parijga yetib kelishi uchun shunday qilganini soʻzlab beradi.

 

***

Frans Kafka hayotlik vaqtida uch-toʻrt hikoyasini nashr ettirgan, xolos. Ogʻir betob boʻlib qolganida esa u yaqin doʻsti Maks Broddan oʻlimidan soʻng uning barcha ijodiy ishlari va oʻz nihoyasiga yetmagan bir qator romanlarini ham yoqib yuborishni iltimos qiladi. Brod esa bu iltimosni bajarmaydi, aksincha, Kafkani butun jahonga tanitgan bu asarlarni nashr ettiradi.

 

***

Onore de Balzak yangi asari ustida ishlashni boshlay turib bir-ikki oyga xonasiga qulflanib olgan va yorugʻlik tushmasligi uchun derazayu har qanday darchalarni zichlab yopib tashlagan. Shundan keyin egniga xalat ilgancha sham ostida har kuni 18 soatlab ijod bilan mashgʻul boʻlgan. 

 

***

Mark Tven 1835 yili Yer sayyorasi yaqinidan Galleya kometasi uchib oʻtgan kuni  dunyoga kelgan. U vafot etganida ham mazkur kometa paydo boʻlishini bashorat qiladi. Buni qarangki, 1910 yili, yaʼni yozuvchi bu dunyoni tark etgan kuni xuddi oʻsha kometa yana koʻrinish bergan. 

 

***

Fransuz adibi Aleksandr Dyuma bir marta duelda ishtirok etgan. Duel shartiga koʻra, ishtirokchilar qurʼa tashlashadi va unda yutqazgan kishi oʻzini toʻpponcha bilan otishi kerak edi. Kutilmaganda qurʼa Dyumaning chekiga tushadi va u qoʻshni xonaga oʻtib ketadi. U yerdan otilgan oʻq ovozi eshitiladi, soʻng Dyuma ishtirokchilar yoniga qaytib shunday deydi: “Men otdim. Lekin nishonga tekkiza olmadim”.

 

***

Amerikalik yozuvchi Emili Dikenson (1830-1886) umri davomida 900 dan ortiq doston yozgan, biroq u hayotligida ulardan faqatgina toʻrttasi nashr etilgan.

 

***

Fantast va sarguzasht janrida ijod qilgan Jyul Vern Rossiya davlatida umuman boʻlmagan. Lekin shunga qaramay, uning toʻqqiz romanidagi voqealar rivoji Rossiyada (toʻliq yoki qisman) kechadi.

 

***

Lord Bayronning xonaki toʻrtta gʻozi boʻlib, ular har yerda ijodkorning izidan qolmasdi, hatto nufuzli jamoat tadbirlarida ham. Shu bilan birga, ortiqcha vazni va oʻta maymoqligiga qaramay, Bayron oʻz davrining eng gʻayratli va jozibali kishisi sanalgan.

 

***

Aleksandr Dyuma asarlarini yozishda koʻplab, ayniqsa, “adabiy negrlar” deb ataladigan yordamchilarning xizmatidan unumli foydalangan. Ular orasida eng taniqlisi Ogyust Make boʻlib, u durdona roman “Graf Monte   Kristo” hamda Dyumaga katta muvaffaqiyat olib kelgan “Uch mushketyor” asarlari syujetini oʻylab topgan.

 

***

Ispan dramaturgi Antonio Silva 1739 yilning 19 oktyabrida gulxanda yondirilgan. Aynan oʻsha kuni teatrda uning qalamiga mansub asar – “Faeton oʻlimi” pyesasi namoyish etilgan.

 

***

Maʼlumki, adib Jeyms Barri oʻz asarida hech qachon ulgʻaymaydigan bola obrazi – Piter Penni yaratgan. Bu kitob oʻz vaqtida kitobxonlar orasida qoʻlma-qoʻl boʻlib ketgandi. Obrazning yaratilishi esa oʻz-oʻzidan boʻlmagan. Bu qahramon muallifning 14 yoshga toʻlganida vafot etgan katta akasiga bagʻishlangan. U har doim onasining xotirasida yosh bola boʻlib qolgan.

 

***

Hikoyanavis Anton Pavlovich Chexov rafiqasi Olga Leonardovna Knipper bilan yozishmalarida anʼanaviy maqtov va xushomadlardan tashqari noodatiy soʻzlardan ham foydalangan. U rafiqasiga “ilon” yoki “qalbim timsohi” kabi soʻzlar orqali murojaat qilgan.

 

***

Yozuvchi Ernest Vinsent Raytning 50 mingdan ortiq soʻzdan tuzilgan “Gedsbi” nomli romani bor. Eng qizigʻi, butun romanda ingliz tilida tez-tez takrorlanib turadigan “Ye” harfi uchramaydi.

 

***

Joan Rouling ilk kitobi “Garri Potter va falsafiy tosh” romanini 1995 yili yozgan. Uni nashr ettirishni oʻz boʻyniga olgan adabiy vakil qoʻlyozmani 12 nashriyotga yuboradi. Ammo hamma yerda asarni qaytarishadi. Oradan bir yil oʻtgach, qoʻlyozma Londondagi kichkina nashriyot – “Bloomsbury” tomonidan qabul qilinadi. Nashriyot bosh muharriri hatto kitob maʼqullanganidan soʻng ham Rouling bolalar kitobi yozish faoliyatidan koʻp pul topa olmasligiga ishonchi komil edi. Oʻz navbatida, yozuvchiga   boshqa muntazam ish topishni maslahat beradi…

 

***

Yozuvchi Arkadiy Averchenko Birinchi jahon urushi davrida tahririyatlardan biriga harbiy mavzuda hikoya olib keladi. Oʻz navbatida, senzor (senzura qiluvchi shaxs) undan “osmon moviy edi” jumlasini oʻchirib tashlaydi. Maʼlum boʻlishicha, u dushman josuslari bu soʻzlar orqali janubda nima boʻlayotganini fahmlab qolishlari mumkin, deya hisoblagan ekan.

 

***

Amerikalik yozuvchi Timoti Dekster 1802 yili oʻziga xos til va uslubda kitob yozadi. Gap shundaki, asarda hech qanday tinish belgilari uchramaydi. Asarni oʻqib chiqqan kitobxonlarning noroziliklariga javoban yozuvchi kitobining ikkinchi nashriga maxsus sahifa qoʻshadi va unda tinish belgilarini yozib, oʻquvchilardan oʻz xohish hamda didlariga koʻra ularni matnda kerakli joyga qoʻyishni iltimos qiladi.

 

***

Yozuvchi va jamoat arbobi Konstantin Simonov “r” va “l” tovushlarini noaniq (chuchuk) talaffuz qilgan. Chunki u yoshligida oʻynab turib tasodifan tilini ustara bilan kesib yuborgandi. Shundan soʻng oʻz ismi – Kirillni talaffuz qilishga qiynalardi. Shu sabab 1934 yili u Konstantin taxallusini oladi.

 

Azizbek NOROV tayyorladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/bayron-gozlaridan-tven-kometasigacha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x