Baxt nima?

Odam bolasi hamisha harakat maydonida yashaydi. Uning yuragi, tafakkuri, idroki hamisha yoʻlda. Orzu qiladi, intiladi, qoqiladi, yoʻqotadi, topadi… Ayriladi, kuyadi, sogʻinadi, kutadi, yetishadi… Inson umri ana shunday bir-biriga oʻxshagan va oʻxshamagan lahzalar marjoni. Baxt esa ana shu lahzalardan bittasining ismi. Yaʼni inson mutloq baxtiyor boʻlishi (mutloq chempion deganday) mumkin emas. U hayotning baʼzi soatlari, baʼzi kunlari, baʼzi oylaridagina baxtli yashashi mumkin. Lekin oʻsha daqiqalar uning qalbidan shunchaki oʻtib ketmaydi. Baxtning hatto, xotirasi ham totli. Shuningdek, baxtni biror qiyofa yo shaklga solib, «mana shu!», deb hammaga taqdim etib, barchani ishontirib boʻlmaydi. Bu hissiyotning suvrati, koʻrinishi, mezonlari har kimning oʻz koʻngil kenglik­lariga, tafakkur balandligi, idrok teranliklariga teng.

Oʻzimga kelsak… Dadam uch yashar paytimda qamalib qolganlar. Xoʻjalik raisi boʻlganlar. Kuzda hosil koʻtarilganda qaytarish sharti bilan xoʻjalik aʼzolariga (muhtoj boʻlgan aʼzolariga) urugʻlik bugʻdoy berganlar. Bu ishni qonundan tashqari, odamgarchilik yuzasidan qilganlar va «doʻst»lari chaquvidan soʻng qamalganlar. Toʻqqiz yilga qamalib, besh yilda qaytdilar va toʻrt yarim oydan soʻng yurak xastaligi bilan vafot etdilar. Bir umr ota sogʻinchi bilan yashadim.

Oʻquvchiligimda haq talashadigan, sarkashgina qiz boʻlganman. Darsdan soʻng doim qishloq xoʻjalik ishlariga chiqardik. Yer tekislash, oʻtoq, yagana, qatqaloq, chekanka, terim – tayyor tekin xizmatchi edik. Baʼzan oʻzimcha isyon qilib, dars­dan soʻng uch-toʻrt nafar sinfdoshimni ergashtirib, uyga qaytardim. Shunday kunlarning birida sinf rahbarimiz: “Sen maktabni yiqitmoqchimisan? Bu feʼling boʻlsa, sendaqalarni institut ostonasidan qoʻltigʻingdan ushlab irgʻitib yuboradi!” deganlar.

Institutga 3 ta fandan (u paytlar imtihon topshirilar edi) «5» baho olib, 15 ball bilan kirganimda, osmonlarga uchganman. «Fikrim bor-u, chiroyli ifoda topolmayman», deya oʻzimga ishonmay yurganimda – 1976 yil «Saodat» jurnalining 11-sonida jannatmakon ustozimiz Zulfiyaning «Oq yoʻl»i  bilan  sheʼriy  turkumim  eʼlon  qilingan.

Ilk  kitobchamga onamga dastxat yozib joʻnatganim, qi­zim, oʻgʻ­limning dun­­yoga kel­gan onlari, oʻn yildan soʻng hamkurslar bilan uchrashuv, xullas, oʻtgan kunlarimni birrov va­raq­lasam, saodatli onlarim koʻp ekan. Oʻzga­larning baxtidan baxtli boʻlgan daqiqalarimni bunga qoʻshsam, ehtimol, baxtimning yoʻllari, yillari yana ham uzayar. Chunki odam yolgʻiz oʻzi baxtiyor boʻlib yashay olmaydi. Unga, albatta, zamondosh, zamindoshlarining kayfiyati, ruhiyati taʼsir qiladi. Demoqchimanki, oʻz saodatingni oʻzgalar saodati mukammallashtiradi.

Bu – oddiy bir insonning yurak yoʻlidagi nurli bekatlar… Lekin oʻzini yurt taqdiri, millat qismati bilan bogʻlab yashaydigan insonlarning, «men shu yurt, shu millat uchun javobgarman» deb yashashga maʼnaviy huquqi boʻlgan insonlarning baxt haqidagi tushunchalari menikidan koʻp bora ulkanroq boʻladi.

Harna boʻlgandayam, baxt insondan tashqaridagi hodisa emas. U inson koʻnglining eng chiroyli mulki. Bir soatlikmi, bir haftalikmi, insonni oddiy yer kishisidan yuqorilarga olib chiqadi, kunlariga koʻrk bagʻishlaydi, atrofni, atrofda yashayotganlarni koʻziga chiroyli koʻrsatadi, sevdiradi. Shu nuqtai nazardan, baxt – maʼnaviy ehtiyoj ham. Baxt boʻlmasa, baxt orzusi boʻlmasa, odam maʼnan qashshoq, sust boʻladi.

Saodat  istagi  kishining  harakatlarini  tezlashtiradi,  qatʼiyat bagʻishlaydi. Shu mavzu atrofida yozilgan bir sheʼr esimga keldi:

 

Tuygʻu, tugʻyonlarga yupqamiz gʻoyat,

Gulmi yo maysaning adashlarimiz.

Koʻngilga qandaydir tushsa bir soya,

Oqib ketaverar koʻz yoshlarimiz.

 

Yigʻlaymiz, ayozmi yo qishlarida,

Koʻkarsa, yashnasa sohir boychechak.

Qorga aylanmay qor ogʻushlarida,

Gul boʻlib yashasa botir boychechak.

 

Yigʻlaymiz, qaldirgʻoch – koʻzi surmalar,

Ketgan bahorlarni olib qaytganda.

Ogʻzibir elatday zichsaf turnalar,

Osmonga argʻimchoq solib qaytganda.

 

Qullik, Erk orasi yaqinmas asli,

Evrilib yotibdi davru davronlar.

Dukchi eshonlarning dordagi rasmin –

Koʻrganda hozir ham qovrilar jonlar.

 

Zaharlangan ishqi Kumushoyimning,

Hanuz ogʻriq berar, beradi ozor.

Gohida suyunib, gohi koyinib,

Behol yashamaymiz, yashaymiz bedor.

 

Yuragin yashirib yurarmi shoir,

Yomgʻirmi, oftobga yerday ochiqmiz.

Shu millat, shu yurtga boʻlsa gar doir,

Quvonch, hasratiga birday oshiqmiz.

 

Yigʻlasak, yigʻlabmiz, koʻngillarda nur,

Kunduzlar quyoshli, kechalar oyli.

Sevinchimiz dengiz, koʻz yoshimiz dur,

Bizga kelgach, baxt ham, dard ham chiroyli.

 

 

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 1-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/baxt-nima/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x