Adabiy hodisalarni anglash mashaqqati

Adabiy hodisalarning oʻziga xos tabiati Aflotun, Arastu, Gegel zamonlaridayoq qayta-qayta taʼkidlangan boʻlsa-da, oʻtgan asr boshlarida oʻsha azaliy haqiqatni tasdiqlash anchagina fikriy ziddiyatlar, mafkuraviy-siyosiy boʻhronlar bilan kechdi. Biz ushbu jajji tadqiqotda Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek tomonidan 30 yillarning birinchi yarmida bitilgan ikkita maqola misolida mazkur muammoning ayrim jihatlarini kuzatishni niyat qildik.

Maʼlumki, professor Abdurahmon Saʼdiy “Kitob va inqilob” jurnalining 1933 yil 1-sonida “Toʻrt sheʼrlar toʻplami toʻgʻrisida” degan sarlavha ostida Hamid Olimjonning 1926-1932 yillarda bosilib chiqqan “Koʻklam”, “Olov sochlar”, “Poyga”, “Nima bizga Amerika” toʻplamlariga munosabat bildiradi. Olim H.Olimjon ijodini tekshirish va baholashda oʻsha davr tanqidchiligida kuzatiluvchi vulgar sotsiologizm illati bilan bogʻliq jiddiy chalkashliklarga yoʻl qoʻyadi. Unga qarshi mazkur jurnalning 7-8-sonlarida Oybekning “Tanqid sohasida savodsizlik va ur-yiqitchilikka qarshi oʻt ochaylik” sarlavhali tanqidiy maqolasi chop etilgan.

Prof. A.Saʼdiy bilan mubohasaga kirishgan Oybek H.Olimjonning dastlabki toʻrtta toʻplamini tahlil etgan hamkasbini shoir ijodini muayyan bosqichlarga ajratib tahlil qilmaslik, har bir bosqichning oʻziga xos jihatlarini yoritmaslik tufayli uning ijodiy yoʻlini toʻgʻri belgilay olmaslikda ayblaydi. U H.Olimjon ijodini oʻsish-oʻzgarish jarayonida olib qaraydi. Tahlil qilish asnosida jumlalarni uzib olish emas, balki butun sheʼrni yoki uning maʼlum fikr-tuygʻu ifoda qiladigan qismini tahlilga tortish lozim deb biladi.

Oybek H.Olimjon ijodining sifat jihatidan oʻzgarishini shoir dunyoqarashi bilan bogʻlab tahlil etar ekan:“…dunyoqarash asarni belgilaydi, quradi, tashkil etadi.”, deb yozadi. Muhimi shundaki, tadqiqotchi:  “Adabiyotning spetsifik xususiyati obrazlarda fikr yuritishdir. Obrazli formadan tashqarida sanʼat yoʻq.” degan fikrni ilgari surish orqali adabiyotni obrazlar orqali fikr qilish deb biladi, sanʼatni gʻoyaviylikka keskin bogʻlab qoʻymaslikka urinadi.

A.Saʼdiy H.Olimjon sheʼriyatida uchrovchi romantik koʻtarinkilik va ramziylikka asoslanib, uni “burjuaziya romantizmi va idealizmi taʼsiridagi shoir” sifatida ayblaydi. Munaqqid poeziyaning qoni va joni boʻlgan peyzaj tasvirlari, ramziy-majoziy ifodalar, rangdor obrazlilik, intim tuygʻular, lirizm kabi muhim belgilarni vulgarlashtirib tushunadi. Poeziyani sxolastik ravishda anglagan olim ularni burjua va mayda burjua shoirlari qoʻllagan vositalar deb topadi. Binobarin, badiiy adabiyotni real hayotiy mazmunni tasdiqlashga daʼvat eta turib, H.Olimjonni oʻsha davrda “millatchilik va soʻfizm”- da ayblangan Choʻlpon va uning avlodiga bogʻlab qoʻyadi.

Oybek H.Olimjon lirikasidagi tasvir aniqligi, mazmun teranligi, badiiy kompozitsiya mukammalligi, obrazlar ravshanligini maʼqullaydi. Biroq u ham sheʼrda intim lirik haroratdan koʻra, hayotiy voqelik aks etishi zarurligini talab etadi. Demak, shaxsiy tuygʻu-kechinmalar ifodasi yetakchi mavqeda turishini u ham maʼqullamaydi.

Oybek H.Olimjonni yangi hayotni tipik sharoitda, tipik voqealar orqali koʻrsatib, jonli kartinalar yarata olganligi jihatidan qadrlaydi. U shoirning voqelikni badiiy idrok etish prinsiplariga diqqat qaratadi. Binobarin, masala mohiyatiga realizm nuqtai nazaridan yondoshishga urinadi. Bizning nazarimizda, Oybek eʼtiroflarini oʻsha davrdagi badiiy ijodning bosh qonuniyatlaridan biri sifatida emas, balki ijod amaliyoti bilan bogʻliq tarzda tushungan maʼquldir. Chunki oʻtgan asrning 30-yillari adabiyotida nazariya va amaliyot oʻrtasida keskin farqlanish kuzatildi. Bu davr adabiyotida voqelikning mafkura nuqtai nazaridan xarakterli sanalgan xususiyatlarigina umumlashtirildi. Buning natijasida nazariy tushuncha boʻlgan tipiklashtirish oʻrnini sxematizm egalladi. Muhimi shundaki, ulkan sanʼatkor Oybek sxematizm va tipiklashtirishni bir-biridan farqlay oldi. Tipiklashtirish realizmning asosiy prinsipi sifatida amal qilishini talab darajasiga koʻtarishga urindi. Xususiylik va umumiylikning birligi muhim ekanligini anglab yetdi. Bu bilan adabiyotning bilish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga intildi.

Oybek poeziyada muraqabaviylik, gʻayrishuuriy idrok orqali ham goʻzal dunyolar kashf etish mumkinligini inkor etadi. Demakki, keng maʼnoda olib qaralsa, u adabiyotning sinfiy xarakterini tasdiqlaydi. Shuning uchun ham: “fikriy mazmunga ega boʻlmagan sezgi yoʻqdir”, deya taʼkidlaydi. Uningcha, poeziya koʻngil toʻlqinlari bilan bir qatorda, fikriy mazmun ham tashiydi. Koʻrinadiki, Oybek uchun fikr va tuygʻu bir-birini taqozo etuvchi tushunchalardir. Binobarin, sanʼat asari ham fikrga, ham tuygʻuga taʼsir qilish qudratiga ega.

Biroq Oybek fikricha, poeziya ijtimoiy gʻoyalar, hayotiy muammolarni ifoda etish orqali xalqni jipslashtirish, davrga xizmat qilish ruhida tarbiyalashga koʻmaklashadi. Bu talab, umuman, oʻsha davr tanqidchiligi uchun xarakterli boʻlib, badiiy adabiyotni hayotni dinamik oʻsishda koʻrsatish, gʻoyaviy pishiq, konkret va moddiy xarakterdagi obrazlar yaratish sari yoʻnaltirdi. Muhimi shundaki, Oybek oʻsha davr adabiyotida kuzatilgan bir tendensioz holatning oldini olishga intiladi. U texnik va texnologik jarayonlarni emas, balki oʻz iroda qudrati bilan oʻsha narsalarni idora etayotgan bunyodkor insonni tasvirlash muhimligiga eʼtibor qaratadi.

Oybekning lirikada shoir qoʻllashi mumkin boʻlgan qator priyomlar, shuningdek muayyan lirik asarning tarkibiy qismlarga ajralishi haqidagi quyidagi konsepsiyasi ayniqsa diqqatga loyiqdir: “Lirikada shoir solishtiruv, kontrast, tuygʻu parallelizmi, allegoriyalar, bir-biriga qarshi yoki yaqin kartinalar, teskari alishtiruv va boshqa priyomlardan foydalanadi. Har bir lirik asarni uch qismga boʻlish mumkin. Birinchi qismda bosh fikr, bosh motiv ifodalanadi, ikkinchi qismda yordamchi yangi motivlar ila mavzu ochilar, uchinchi qismda fikr va tuygʻular doirasi bekiladi. Buni xotima deb atalar. Xotimada fikr­lar, tuygʻular aniqlanib, oʻtkirlanib, bir fokusga toʻplanar” . Anglashiladiki, lirik asar fabulaga oid motivlarni butkul inkor etmaydi. Biroq unda aksar hollarda ifodalangan kartina va motivlar turgʻun (statik) xarakter kasb etadi. Lirik asar qismlari emotsional oʻxshashlik yoxud tazod prinsipiga muvofiq birikadi. Uning oʻziga xos kompozitsion tabiati, istifoda usullari, hatto qatorlanishi, bogʻlanishi mavjudki, bunday xarakter-xususiyatlar lirikani drama va rivoyatdan farqlaydi.

Koʻrinadiki, Oybek badiiy adabiyotning uchta asosiy turidan biri boʻlgan lirikada voqelikning lirik qahramon his-tuygʻulari orqali akslanishi, uning uchun badiiy nutq obʼyekti emas, balki subʼyekti birlamchi mavqeʼda turishi lozimligini yaxshi anglaydi. Oybekning lirikada obʼyekt va subʼyekt muallif shaxsida uygʻunlashishi, uning tasvir prinsipini his-tuygʻu va kechinma belgilashi, adabiy tur sifatidagi emotsional toʻyinganligi haqidagi qarashlari bugungi kunda ham oʻz qimmatini toʻla saqlab kelmoqda. Zotan, epos va dramadan farqli oʻlaroq, lirika voqelikni tasvirlamaydi, balki voqelik unda lirik subʼyekt kechinmalarining asosi, ularga turtki beradigan muhim omil vazifasini oʻtaydi. Boshqacharoq aytganda, lirik asarda voqelik lirik qahramon qalb prizmasi orqali ifodalanadi.

Oybek uchun lirika ritmik jihatdan tartibga solingan, his-tuygʻuga muvofiq ohang topadigan sheʼriy nutq shakli:  “Lirikada soʻz ritmli, ohangdosh qatorlar tashkil etadi. Soʻz yolgʻiz mazmunni ifoda qilish vositasi emas, balki maʼlum tovush, ohang kompleksi kabi, badiiy element boʻlib xizmat etadi. Sheʼr, lirika tilining musiqiyligi, soʻzlarning qoʻyilishi, sifatga molik tovush tiplarining tartiblanishi, ularning maxsus birikishi, umuman tovush qonuniga boʻysundirish ila vujudga keladi.”

Shubhasiz, Oybek oʻz davrining farzandi. Shuning uchun u sinfiylik tamoyilini butkul chetlab oʻta olmaydi. “Proletar shoiri”ning tili yangi fikr-tuygʻular ifodasiga yoʻnaltirilganligi bois oʻziga xos shakl, kompozitsiya, ifoda yoʻllarini qidirish asosida takomillashmogʻi lozim deb biladi. Lirikadan tashqi obʼyektiv reallikka asoslanishni, uni inʼikos ettirishni talab qiladi. Chunki sinfiylik tamoyilining mantigʻiga koʻra proletar shoiri shaxsiy intim tuygʻularni ifoda etishi emas, balki ijtimoiy-falsafiy muammolar targʻibi va tashviqiga koʻproq eʼtibor qaratmogʻi lozim. Aynan oʻsha mantiqdan kelib chiqqan Oybek lirikani ikki guruhga ajratadigina emas, balki birini inkor etib, ikkinchisini tasdiqlaydi:

  1. Umidsizlik ruhidagi badbin va diniy tuygʻular lirikasi.
  2. Inqilobiy-siyosiy lirika.

Oybekning fikricha, lirika kitobxon koʻnglida ona tabiatga, yerga, real hayotga muhabbat uygʻotmogʻi, uning fikriga kuch, ruhiga tetiklik bagʻishlamogʻi, kurashlarga undamogʻi lozim. Koʻrinadiki, u lirikaning mavzu doirasini sevgi-muhabbat tuygʻulari ifodasi bilangina cheklamoqchi emas. Chunki muhabbat ifodalarining bir qismida irratsional va mistik motivlar ham aks etishi, ular kitobxon diqqatini koinot kengliklariga yetaklashi mumkinligini yaxshi biladi. Biroq shoir individualizm va mistitsizm rasman inkor etilgan bir davrda, klassik lirikani oshkora yoqlashi mumkin emasdi. Demak, bunday lirika mavzusi va ruhining oʻziyoq uni inkor etish uchun yetarli asos vazifasini oʻtaydi. Shuning uchun ham Oybek:“Intim va shaxsiy mavzulardan keng, chuqur ijtimoiy prob­lemalarga koʻchgandagina lirika oʻzining butun porloqligi, butun yuksakligi, butun kuchiga ega boʻla oladi”, deya proletarcha mafkuraviy-adabiy siyosatni tasdiqlashga majbur boʻladi. Eʼtiborga molik jihati shundaki, munaqqid oʻzi tasdiqlayotgan ikkinchi yoʻnalishning muhim kamchiliklarini ham yaxshi anglaydi. Inqilobiy-tashviqiy sheʼrlarda fikr-tuygʻu samimiyati, voqealarni dildan kechinish orqali taminlanmogʻi, shablon jumlalar hamda quruq ritorikadan tiyilmoq lozim, deya uqtiradi.

Maʼlumki, falsafaning eng muhim kategoriyalaridan biri boʻlgan dunyoqarash olam va odam haqidagi bir butun qarashlar va gʻoyalar tizimini yaratadi. Insonning olamga munosabati, dunyodagi oʻrni, mohiyati, hayotiy yoʻnalishi va oʻzligini anglashini dunyoqarashdan tashqarida anglash mushkul. Biroq ijtimoiy dunyoqarash insonning sogʻlom aql-tafakkuri rivojiga mos kelmogʻi lozim. Afsuski, ijtimoiy reallik haqidagi tushunchalarga dunyo manzarasini sinfiylik asosida izohlash singdirilgan shoʻro davrida adabiy hodisani real hayotga keskin bogʻlashga intilish kuzatildi. Bu hol dunyoqarash muammosiga sinfiy yondashuv bilan bogʻliq tarzda kechdi.

Demak, voqelikning ijtimoiy-tarixiy izohlari notoʻgʻri oʻzanga tushdi. Oybekning maqolasi yozilgan davr rasmiy mafkurasi mehnat va mehnat kishisini ulugʻlashni maqsad qilgani holda, uning oʻz-oʻzini anglashi, milliy gʻururi va milliy ongi qay tarzda shakllanishini oldindan belgilab bergan edi. Unga koʻra, bosib oʻtilgan milliy taraqqiyot yoʻli ham anʼanaviy shakllangan qadriyatlar tizimi negizida emas, balki sinfiylik tamoyili asosida baholanar edi. Binobarin, 30-yillardayoq rasmiy yakkahokim mafkura maʼnaviyatni milliy zaminga tashqaridan eksport qilish yoʻli orqali ilgari surayotgan gʻoyalarini amaliy asosda tasdiqlashga urindi. Insonni oʻz oʻtmishidan sunʼiy ravishda mahrum etdi. Uning huquqlarini toʻla himoya qilmadi va  ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirmadi. U ayni damdagi hayotni ulugʻlab, mavhum kelajakni vaʼda etdi. Bularning barchasi yuksak insoniylik oʻrnini tor sinfiylik egallaganligi oqibati edi.

Bu hol umuman ijodkorlar, xususan esa Oybek ilmiy-nazariy, adabiy-estetik moʻljallarini qanday belgilab olishiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasligi mumkin emasdi. “Bizning sanʼat, adabiyotimiz (proletar sanʼati va adabiyoti nazarda tutilmoqda – O.Yo.) ham dunyoni oʻzgartirishga xizmat qiluvchi, kurashga chaqiruvchi, turmushga sogʻlom boquvchi adabiyotdir. Bizning lirika ham qaygʻu, alamga sigʻinuvchi, sukunat hayotdan lazzatlanuvchi, “on”ni tutishga, egoizmga moyil, kishini uxlatuvchi, elituvchi lirika emas. Bizning lirika hayotning, ulugʻ davrimizning, kurashning qaynoq tuygʻularini, toshqinliklarini, yangi turmush goʻzalliklarini kuylash va oʻquvchiga gʻayrat, zavq yaratish, ishlash tuygʻularini bagʻishlovi lozim.” Agar diqqat qilinsa, Oybek lirik asar oniy kechinmani tasvirlashi, ayni damda koʻngilda kechayotgan tuygʻularni aks ettirishi, goʻzallik va nafosat tuygʻusini oʻstirishini yaxshi biladi. Biroq bu holni mumtoz adabiyotga nisbat beradi va inkor etadi. Shu orqali davr adabiy siyosatini tasdiqlashga majbur boʻlar ekan, aksincha yoʻl tutilsa, oʻzi ham davrning kurashchan intilishlariga “yot unsur” sifatida ayblanishini teran anglaydi.

 Adabiyot hayotni jonli va umumlashgan obrazlarda tasvirlasa, badiiy teran, fikr-hisga toʻyingan boʻlsagina, kitobxon fikr va tuygʻulariga taʼsir qilishi, uning maʼnaviy-ruhiy olami hamda badiiy didini yuksaltirishi mumkin. Buni yaxshi anglagan Oybek adabiyotga estetik tarbiya quroli deb qaraydi: “Adabiy asarlar turmushni jonli koʻrsatib, odamlarning fikr va tuygʻulariga kuchli taʼsir qiladi. Badiiy chuqur, fikr-his jihatidan toʻla adabiy asarlar oʻquvchini uzoq vaqt oʻziga bogʻlab, asir qilib oladi. Adabiyot turmushni abstrakt tushuntirmay, konkret badiiy umumlashtirib, jonli anglatadi.

Adabiy asarlar ila maʼlum bir yoʻnalishda ommani tarbiya qilish, madaniy saviyasini, zavqini koʻtarish mumkin.” Shubhasiz, olim fikr-qarashlari mafkuraviylikdan butkul xoli emas. Ammo Oybek badiiy adabiyotning estetik funksiyasini anglashda zamonasiga nisbatan ancha ilgʻor pozitsiyada boʻlgan. Chunki u proletar adabiyotida aks etishi lozim topilgan eskilikning “emirilishi” va yangi turmushning “gʻalaba”si, mehnat zarbdorlari ifodasida boʻy koʻrsatgan sxematizm illatidan qutulish lozimligi haqida qaygʻurmoqda. Oybek lirikani inson ongini gʻoyaviy-mafkuraviy yangilash, ijtimoiy muammolarni aks ettirish quroli deb bilsa-da, undan emotsional kuch-qudrat, mukammal shakl, teran mazmun, musiqiy ritm-ohangdorlikni talab etadi.

Oybek nazdida lirik nafislikni taʼminlash soddalik, samimiyat, yorqinlik, jozibadorlik, obrazlilik bilan chambarchas bogʻliq tarzda yuzaga chiqadi. Sheʼriyat nafaqat mukammal shakl va teran mazmun jihatidan yangi, balki lirizmga boy, kitobxon madaniy va adabiy saviyasiga mos, taʼsirchan, zavqli boʻlmogʻi lozim. Aks holda u quruq soʻzlar yigʻindisi va ritorikadangina iborat boʻlib qoladi va lirik haroratdan mahrum boʻladi. Illo,chinakam lirik asar badiiy-estetik tajriba maktabini oʻtagan isteʼdodlar tomonidangina yaratiladi.

 

Odil Yoqubov,

Urganch Davlat universiteti aspiranti

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 1-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adabiy-hodisalarni-anglash-mashaqqati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x