BARG UROVCHILAR

BARG UROVCHILAR (Tortricidae) – mayda yoki oʻrtacha kattalikdagi kapalaklar oilasi. Qalin tukli tangachalar bilan qoplangan qanotlari yozilganda 8 — 30 mm boʻladi. Oldingi qanotlari ensiz, choʻziq. Tabiiy holatda qanotlari taxlanib turadi. Tuxumlari yassi, dumaloq yoki choʻziq, yaltiroq poʻstli. Kapalaklari tuxumlarini barg ustiga, meva yoki novda poʻstloqlariga va daraxt tanasiga bir donadan yoki toʻp-toʻp qilib qoʻyadi. Qurtlari chuvalchangsimon, 3 juft koʻkrak va 5 juft qorin oyoqlari bor. B. oʻ. hayot kechirish xususiyatlariga koʻra tuxum davrida qishlovchi, 2 — 3 yoshdagi qurtlik davrida qishlovchi, katta yoshdagi qurtlik holida qishlovchi turlarga boʻlinadi. Barg urovchilar qurtlari oziqlanish tipi va yashash joylariga binoan 3 trofik guruhga: poʻstloq ostida yashab, yogʻochli qismini zararlovchi ksilofitlar; barglar bilan oziqlanib, meva sirtiga zarar yetkazuvchi fillofitlar; meva ichida hayot kechiruvchi kaprofitlar (mevaxoʻrlar)ga boʻlinadi. Barg urovchilar oʻsimliklarning kurtagi, shonasi, tojbarglari, yosh novdalari va mevalariga zarar yetkazib, mevali daraxtlar hosilini 80% gacha kamaytirishi mumkin. Turli mamlakatlarda Barg urovchilarning 5000 turi maʼlum, Oʻzbekistonda 20 turi aniqlangan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x