AZOT OKSIDLARI

AZOT OKSIDLARI — azotning kislorod bilan hosil qilgan birikmalari. Azot oksidlari azot va kislorod molekulalarining birikishidan hosil boʻlib, reaksiya issiqlik yutilishi bilan boradi. Baʼzilari termodinamik jihatdan beqaror. Azotning quyidagi oksidlari maʼlum: azot (I)-oksid N2O, azot (II)-oksid NO, azot (III)-oksid N2O3, azot (IV)-oksid NO2, azot qoʻsh oksid N2O4 va azot (V)oksid N2O5. Azot (I)-oksid N2O — rangsiz, xushboʻy shirinroq gaz, suvda oz miqdorda eriydi; kislota, ishqor va suv b-n birikmalar hosil qilmaydi; yuqori (900°) t-rada azot bilan kislorodga ajraladi, havo bilan aralashmasi tibbiyotda narkoz sifatida ishlatiladi. Azot (II)oksid NO — rangsiz gaz, suvda kam eriydi, havodagi kislorod bilan oksidlanib, azot (IV)-oksidga aylanadi; birikish reaksiyalariga kirishadi; nitrat kislota ishlab chiqarishda asosiy oraliq mahsulot hisoblanadi. Azot (II)-oksid ammiakni katalitik oksidlash yoki azot b-n kislorod aralashmasini Volta yoyidan oʻtkazish orqali olinadi. Azot (III)oksid N2O3 — qoʻngʻir tusli gaz, kondensatlanganida koʻk tusli suyuqlikka aylanadi; suv bilan birikib, nitrit kislota (HNO2) hosil qiladi. Azot (II) – va (IV)-oksidlar aralashmasini sovitish natijasida hosil boʻla-di; beqaror modda. Azot (IV)-oksid NO2 — qoʻngʻir rangli gaz, suv bilan birikib, nitrat kislota (HNO3) va nitrit kislota hosil qiladi. U kuchli oksidlovchi, raketaning suyuq yonilgʻisini oksidlash, organik moddalarni nitrolash uchun ishlatiladi. Azot qoʻsh oksid N2O4 va azot (V)-oksid N2O5 — rangsiz kristall modda. Amalda deyarli ishlatilmaydi. Azot oksidlari fiziologik faol moddalardir.

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x