Azoblidir oʻzlik sari yoʻl

Oʻzbek adabiyotida biografik va avtobiografik yoʻnalishda bir qator asarlar yaratilayotgani xarakterli holdir. Alohida bir odam va uning hayot yoʻliga qiziqishning ortgani millat ahlining shaxslashayotgani va ularda alohida odam taqdiriga chinakam qiziqish uygʻonayotganidan belgidir. Shuningdek, biror adabiyotda biografik yoʻnalishdagi bitiklarning koʻpayishi oʻsha yerda odam shaxsiga eʼtibor orta boshlaganidan dalolatdir.

Mashhur yozuvchi Anvar Obidjonning “Ajinasi bor yoʻllar” romani bu janrda keyingi yillarda yaratilgan asarlar orasida bir qator jihatlari bilan ajralib turadi. Bu asarda koʻzga yaqqol tashlanuvchi asosiy fazilat sifatida tasvirda yozuvchining imkon qadar rostgoʻy va samimiy boʻlishga intilganini koʻrsatish oʻrinlidir. Muallif bilan bosh qahramon bitta shaxs boʻlgan bu xil asarlarda xolis boʻlish, asosiy timsol va uning yaqinlari tabiatidagi kamchiliklarni koʻrsatish ancha qiyin kechadi. Shuningdek, muallifdan birgina oʻzining shaxsiga tegishli xarakter, tutum hamda voqealarni oʻzgalarga-da qiziqarli qilib tasvirlash mahorati ham talab etiladi. Anvar Obidjon bu ikki jihatni ham bekam-koʻst uddalagan deyish mumkin. Muallifga xos yumor nafaqat boshqalar, balki oʻz shaxsiyatiga doir holatlar tasvirida ham asarni bir zum boʻlsin tark etmagan. Romanda hayotdan oʻz oʻrnini topishga, “men”ligini koʻrsatishga, boshqalarni yetovida yurgizishga ishqiboz bolakay Anvarga xos shaxslik qirralari gʻoyat tabiiy tasvirlangan.

Anchagina toʻkis oilada tugʻilib oʻsayotgan Anvarning kambagʻal koʻrinishga intilgani, boshqa bolalarga oʻxshab yupunroq boʻlishni yaxshi koʻrgani, oʻzidagi toʻkislikdan uyalgani, ayni vaqtda, tengdoshlari orasida oʻz kuchi bilan obroʻ qozonishga, ularga hukmini oʻtkazishga intilgani, buning uchun, vaqti kelsa, oʻztengilar qolib, kattaroqlar bilan ham mushtlashavergani ishonarli koʻrsatilgan. Roman qahramonining: “Barchadek boʻlishni istardim, oʻzgalardan farqlanib,… ajralib turishni yoqtirmasdim” kabi iqrorida odamsuyarlik unga bolalikdan eshligini koʻrsatadi. Uning, oʻrni kelganda, quvliklar qilib vaziyatdan chiqib ketishga urinishi, qizlarga yopishqoqligi, teshik tufli kiyib yurgani holda qizlarga toʻkis koʻrinmoqchi boʻlgani holatlari aks etgan oʻrinlar asardagi tasvirning tabiiy va oʻqishli chiqishini taʼminlagan. Oʻz qiyofasi, oʻz oʻrni va oʻzligiga ega boʻlishning ezguroq, yoqimliroq yoʻlini bilmagan bolakayning oʻz niyatiga jangarilik va qaysarlik bilan erishmoqchi boʻlgandagi holati: “…har qanday toʻqnashuvdan oldin yuragim poʻkillab turardi, olishuvga kirgach esa… birdaniga boshqacha odamga aylanardim, kaltak taʼsir qilmay qoʻyar, oxirigacha olishardim” shaklida berilishi Anvar tabiatiga xos jihatlarni haqqoniy koʻrsatishi bilan ahamiyatlidir. Bolalik chogʻini eslab: “Rahmdilligim bois qoʻrqoqmidim, qoʻrqoqligim bois rahmdilmidim?” yoʻsinidagi hayrati orqali jangari va qaytmas boʻlib koʻrinishga qanchalik urinmasin, rahmdillik va koʻngilchanlik bolaning asl sifatlari ekanini koʻrsatadi.

Dehqon togʻa bilan Bozor togʻa degan katta odamlar qutqusiga uchib, yangi kiyimbosh bilan oʻzini suvga otib, choʻkib ketay degani, ustaning gapiga kirib, qishloqdagi vilosipedlarning kamerasiga igna tiqib teshgani, doʻkondan kitob oʻgʻirlagani, ayni vaqtda olijanoblik haqida sheʼrlar ham yozgani holatlari tasvirida shaxsiyati shakllanayotgan bola tabiatidagi chigal maʼnaviy labirintlar bor murakkabligi bilan tasvirlangan. Oʻspirin yoshidagi qahramonning: “…yozayotganimda daftarimning varagʻidan tutun koʻtarilayotgandek, sal oʻtmay, lov etib yonib ketadigandek tuyulardi” tarzidagi iqrori samimiy va chin ekani bilan kitobxonni oʻziga jalb etadi.

Sal ulgʻayib, kinomexanik, traktorchi, konchi, kutubxonachi, talaba, askar, tabelchi singari turli yumushlarda ishlab, biroz pul topgach, hatto, otasiga-da tepadan kelib muomala qila boshlagandagi holatining “shunisi chatoq ediki, roʻzgʻorning asosiy tayanchiga aylanayotganimni qancha koʻp his qilsam, burnim shuncha koʻtarilib, oiladagilarga muomalam dagʻallashib borayotgandi. Menga salgina nasihat qilmoqchi boʻlishsa ham goh ayamni, goh hatto dadamni jerkib beradigan odat chiqardim” tarzidagi tasviri har bir odam uchun kibrdan, minnatdan tozalanish qanchalar qiyin ekani Anvar tabiati misolida koʻrsatilgani diqqatga loyiqdir.

Oʻzbek, ehtimol, oʻzi haqida ham unchalik qiynalmay rostni yoza olar, lekin onalar toʻgʻrisida oʻzgalarga unchalar yoqimli koʻrinmaydigan narsalarni yozishi juda qiyin. Chunki bizning tabiatimizda minglab yillar davomida onaga ilohiy ehtirom, uni muhokama qilmaslik, unga min taqmaslik odati shakllangan. Anvar Obidjon asarida shu anʼanaga ham bir qadar oʻzgarish kiritganday boʻladi. Muallif onaning ham xom sut emgan banda ekanini, unda ham muayyan nuqsonlar boʻlishi mumkinligini ochiq tasvirlaydi: “…jahli juda tez edi, oʻzgalar chetda pichirlashib gaplashib turganini koʻrsa ham birdan gezarib qolardi, sal narsaga janjallashib ketardi, bor tovushda sannashga tushsa, birov bas kelolmasdi. Birgina dadamdan hayiqardi, lekin paytini topib, oilada hukmronlikni qoʻlga olishga bot-bot urinib koʻraverardi, baribir bunga erisholmasdi”. Ushbu haqqoniy ifodalar asarga hayotbaxshlik beradi.

Xudojoʻy va taqvodor bobosining azbaroyi savob uchun bir koʻzi koʻr qizga uylanganini tasvirlar ekan, uni oʻzi bilan solishtiradi va: “…oʻzimni qanchalar maʼrifatli deb bilmayin, oʻzimni nechogʻlik odamparvarlikka solmayin, qaysidir yaydoq koʻngilga quvonch urugʻini sepmoqchun bu qadar ulkan qurbonlik berishga men hech qachon qodir boʻlolmasdim” tarzidagi iqrorida muallif shaxsiyatiga xos mardona halollik namoyon boʻlgan. Bosh qahramon tabiatidagi bunday ojizlik uning odamiylik xususiyatlariga joziba baxsh etgan.

Bu avtobiografik romanga xos muhim jihat shundaki, muallif biror oʻrinda oʻziga mahliyo boʻlib qolmaydi, xato qilgan joylarida oʻzi haqidagi tasvirning ham tanqidiy darajasini pasaytirmaydi. Chunonchi, oʻlim toʻshagida yotgan otasiga uning doʻkonidan kamomad chiqqanini bemavrid aytgani toʻgʻrisidagi: “Oʻshanda yigitdek vazmin turolmaganim, doʻkonning qarzidan qutulish masalasida dadamga injiqlanib gap ochganim, dadam meni tinchlantirishga tirishib, qoʻrqma, tirik qolsam, javobini beraman, oʻlib ketsam, senga yopishib olishmaydi, deb iztiroblangani esimga tushsa, birovlarga qamchi tutqazib, oʻzimni ayovsiz savalatgim keladi hanuz” tasviri ham haqqoniyligi, ham taʼsirchan ifoda etilgani bilan diqqatga sazavordir.

Ayniqsa, roman qahramonining otasi oʻlib, uni tuproqqa qoʻyib kelgan kundagi ixtiyorsiz bir holati tasviri dahshatli haqqoniyati bilan kishini hayratga soladi: “Dadam uzilgan kuni tumanimizdagi “Paxta uchun” gazetasida bir nechta toʻrtliklarim chiqqan ekan, buni kechki payt qoʻshnimiz Oʻrinboy akadan eshitib, entikib ketdim, motam butkul esimdan chiqdi, ularnikiga kirib, gazetani oʻqishga tushdim,… huzurga chulgʻanib-chulgʻanib oʻqidim. Bu damda balki dadamning goʻrdagi tanasi hali butkul sovib ulgurmagandir ham. Mening esa ichim charogʻon…”. Bu tasvirlar oʻqirmanni odamning naqadar mubham, murakkab, tushunilishi qiyin yaratiq ekani haqida oʻylashga, uning xatti-harakatlariga shoshma-shosharlik bilan uchib-qoʻnib baho bermaslikka undaydi. Yoqimsiz va uyatday koʻringan bu holatlar zamiridagi iqror tasvir mardonaligi sabab oʻqirmanda gʻijinish uygʻotmaydi.

Roman muallifi tasvirga olingan odam tabiatidagi yetakchi xususiyatni bir chizgi bilan yaqqol koʻrsata olish salohiyatiga ega. Asarda machitdan kelayotgan ustoz Miraziz Aʼzam haqidagi: “Ortga qaytayotganimizda, kommunist odam boʻlsangiz, birortasi boshliqlaringizga aytib qoʻysa, gap tegmaydimi, desam, qandaydir aygʻoqchidan qoʻrqsam-u, Xudodan qoʻrqmasam, shu toʻgʻri boʻladimi deb kulimsiradi” degan jumlada Anvar Obidjon tasvir mahoratidagi shu jihat yorqin namoyon boʻladi.

Romanda muallif oʻzga tillardan kirib kelgan koʻplab soʻz va atamalarning oʻzbekcha muqobilini beradiki, bu ona tilimizning ifoda imkoniyatini kengaytirish borasida katta ahamiyat kasb etadi. Chunonchi, batareyaning “kuchalatosh”, instinktning “sezgikuch”, meteoritning “oʻqtosh”, propiskaninig “qoʻnimdor” yoʻsinida berilishi, shubhasiz, milliy tilni boyitishga xizmat qiladi. Shuningdek, muallif mansub boʻlgan elat shevasida qoʻllangan “chikitish”, “jaybillosi qoʻzib”, “chuchcha” kabi soʻzlar adabiy tilimiz rivojiga qoʻshilgan oʻziga xos hissa ekani bilan ham eʼtiborga loyiqdir.

Taniqli yozuvchining romanida muayyan kamchiliklar ham borligidan koʻz yumib boʻlmaydi. Ayniqsa, asarning “Qut-barakalar qalʼasi” nomli butun bir qismi ancha zerikarli va umumiy ruhga mos emas, “Tugallov” qismida ham ortiqcha tasvirlar anchagina. Shunga qaramay, muallif hayotining oʻzlik sari yoʻl izlayotgan bolalik, oʻsmirlik, oʻspirinlik va yoshlik yillari jonli va esda qoladigan yoʻsinda aks ettirilgan bu asar oʻzbek adabiyoti taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi.

 

Qozoqboy YOʻLDOSH,

professor

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/azoblidir-ozlik-sari-yol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x