Oʻtkir Hoshimov uchun qadrli ikki asar

“JannatMakon” jurnali muxbiri

Mavluda Toshpoʻlatova bilan suhbatdan

 

“Bahor qaytmaydi”, “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar”… Bizni allaqachon oʻziga asir etgan bu tanish nomlar zamirida ne-ne insonlar taqdiri, baxt va fojiasi mujassam. Ularning har biri hayajon va zavq bilan oʻqishga loyiq. Ularning har biri Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov isteʼdodining yorqin ifodasidir. Biz adibning koʻplab qahramonlarini yoddan bilamiz. Lekin ularning dunyoga kelishi nechogʻli mashaqqatli ekanligini, umuman, yozuvchi dunyosiyu injiq tabiatini hammadan koʻproq biladiganlar – uning yaqinlaridir…

 

Yozuvchi bilan yashash masʼuliyatini qachon tushunib yetgansiz? Bunga biror voqea sabab boʻlganmi?

Oʻlmasxon Hoshimova: Yozuvchi bilan yashash masʼuliyatini oldindan bilardim. Kishida ijod jarayoni boshlangan payt olamdan uzilish sodir boʻlishini birga oʻqib yurganimizdayoq his qilardim. Oʻzi bilan oʻzi band boʻlib qolardi. Xayolparast, injiq, tajang odamga aylanardi – buni bilardim, lekin birga yashash davomida bu ancha chuqur ekanini his qildim. Universitetni bitirganimdan keyin meni aspiranturaga tavsiya etishdi. Aspiranturada oʻqib yurgan paytimda, ilmiy ishimni tugallash oldidan farzandli boʻldim. Ham farzandga qarardim, ham Oʻtkir akaga. Bu kishining oʻzi oʻnta bolaga tatiydigan odam…

Oʻtkir Hoshimovni ota sifatidagi eʼtiborli tomonlarini nimalarda koʻrasiz?

Oʻlmasxon Hoshimova: Ochigʻi, men hamma otalarni shunday boʻlishini istardim. Chunki Oʻtkir aka bolalarga oʻta mehribon, eʼtiborli, kerak paytida talabchan boʻlib, oʻta qattiqqoʻllik qiladilar. Bizda ham koʻpchilik oʻzbek oilalari kabi ota shaxsi, ota mavqeini birinchi oʻrinda tutish anʼana boʻlib qolgan. Qaynonam bolalarga “Dadangni narsalariga tegmagin”, deb oʻrgatganlar. Men ham ijod jarayonida, dadangiz ishlayaptilar, desam, ular oyoq uchida yurishadi…

Qayerga borsalar, hech boʻlmaganda bitta daftar koʻtarib keladilar, bundan bolalar xursand, demak, ota ularni qayerda boʻlsa ham unutmagan… Oila boshligʻi sifatida juda sezgirlar. Roʻzgʻorning nima taqchil joyi boʻlsa, kechasi shundoq bir aylanib chiqadilar, ertasiga hamma narsa badastir boʻlib toʻlib qoladi.

Yozuvchining asarini birinchi boʻlib kim oʻqiydi?

Yulduz Hoshimova: Asarni yozib tamom qilganlaridan soʻng hammamizga oʻqib beradilar. Lekin oʻzlariga yoqsagina koʻrsatadilar. Yoqmasa, yo yirtiladi, yo yoqiladi… Ungacha hech kimning nazari tushishi mumkin emas. Bizning tanqidiy fikrlarimizni esa ogʻriqsiz qabul qiladilar. Fikrlarimiz inobatga olinganini keyingi tahrirdan sezamiz. Hali kichkina paytimizda ham oddiy, aqlimiz yetgan oʻrinlarda, masalan, bolalar oʻyini tasvirlangan joyi boʻlsa, unday emas, bolalar bunday gapirishadi, derdik, shu bilan asarga tuzatishlar kiritilardi…

Farrux Hoshimov: Faqat oʻquvchi sifatida qabul qilsak, yaxshi boʻlardi-ku-ya, lekin biz ijod jarayonidagi bevosita ishtirokchi sifatida qolganimiz uchun har bir asar qancha mashaqqat bilan yaratilgan, qancha mehnat sarflangan, uni baʼzan tarang asablar evaziga yozilganini ham juda yaxshi bilamiz.

Otangiz bilan koʻproq qaysi biringiz til topisha olasiz?

Yulduz Hoshimova: Dadam bilan gaplasha olish mahorati akamda koʻproq boʻlsa kerak. Akam oʻta vazmin, oʻta yumshoq va qachon qanaqa muomala qilib, qaysi gapni gapirish kerakligini yaxshi biladi. Koʻpincha dadam uning gapiga quloq soladilar. Men ozgina hissiyotga berilganim uchun baʼzan mavridi boʻlmagan paytda ham qaysidir gaplarni aytib qoʻyaman. Oʻsha paytda bu dadamga yoqmasligi mumkin (kulib), maʼlum bir vaqt oʻtgandan keyin baribir haqligimni tan oladilar…

Otangizning ragʻbati va jazolari haqida gapirib bera olasizmi?..

Farrux Hoshimov: Ota-ona oʻz farzandini qanday jazolay olishi mumkin? Otam bizni har qanday sharoitda ham tushunib kelganlar. Jazolashga kelsak, agar biz ota-onamizni bilib-bilmay ranjitgan boʻlsak, shuning oʻzi biz uchun eng katta jazo. Dadam har doim bizga mehr bilan, hatto, ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlganlar. Agar men farzandlarimga dadam bizga bergan oʻgitlarni yetkaza olsam, dunyodagi eng baxtli ota boʻldim, deya olaman.

Yulduz Hoshimova: Dadamning oʻzlarini tutishlariyu, biz bilan gaplashish ohanglarining oʻzi bizlarni juda tartibga solib qoʻyardi. Dadam bizga baqirganlarini eslay olmayman. Qoʻl koʻtargan holatlari umuman boʻlmagan, lekin kichkinaligimizda dadamga yoqmaydigan ish qilib qoʻysak, bitta qarashlarining oʻzi bizni tamom qilardi. Harholda ancha-muncha qattiqqoʻl odamlar… (quvnoq ohangda). Bolaligimizda dadam asar ustida ishlayotgan paytlarda oyoq uchida yurardik, hatto radio, televizor – hech narsa qoʻymas edik, nevaralari esa uxlab yotganlarida ham qiy-chuv qilib tepalariga yugurib kirib, ustlarigacha chiqib, “ertak aytib bering”, deyishsa, uyqudan uygʻonib ularning istagini bajaradilar. “Yomon toʻpalonchisizlar-da”, deb urishganday boʻladilar-u, yana hazil qilib, kulib qoʻya qoladilar. Uyda hech kim bolalarning erkaligu shoʻxligini dadamchalik koʻtarmasa kerak!

Otangizdagi Sizni hayratga soladigan uchta sifat haqida aytib bering.

Farrux Hoshimov: Eng birinchisi – rostgoʻyliklari. Bu hislatlari dadamga qanchalik qimmatga tushishini, baʼzan qiyinchiliklar tugʻdirishini ich-ichimdan his etaman. Ikkinchisi – kamtarlik. Dadamning bu xislatlarini juda hurmat qilaman. Uchinchisi – sabr-toqatli ekanliklari. Hayotning pastu balandidan qanday oʻtish kerakligini dadamdan oʻrgansam boʻladi.

Oʻtkir Hoshimovning oʻquvchilari bilmagan tomonlari haqida ham gapirib bera olasizmi?

Yulduz Hoshimova: Dadamni koʻpchilik ogʻir-bosiq, vazmin, har qanday holatda hisiyotlariga erk bermaydigan odam, deb oʻylasa kerak. Bu toʻgʻri, lekin jahllari chiqsa bormi… Bunga faqat nohaqlik va adolatsizlik sabab boʻlishi mumkin. Nafaqat oʻzlariga nisbatan, balki qayerdadir, kimgadir nisbatan adolatsizlik qilinganini eshitib qolsalar, judayam jigʻibiyron boʻladilar. Biz ularning asablarini tinchlantirishga urinamiz. Keyin, dadamning sezgilari juda kuchli. Mabodo oila-aʼzolaridan biroviga nimadir boʻlsa, buni hatto uzoq masofadan turib sezadilar, xavotirga tushadilar. Baʼzan jizzakilik qilib, kimnidir hafa qilib qoʻysalar, oʻsha odamdan ham koʻproq oʻzlari qiynaladilar. Yaxshi gapirib, uning koʻnglini oladilar. Dadamda andisha kuchli.

Otangiz ishonchini qay darajada oqlay olgansiz?

OʻTKIR HOSHIMOV: – Ruxsatingiz bilan bu savolga men javob berganim maʼqul. Koʻp uchrashuvlarda: “Oʻzingiz uchun eng sevimli asaringiz qaysi?” deb soʻrashadi. Bu savolga yarim hazil bilan mening ikkita qadrli asarim bor: biri – Farrux, biri – Yulduz, deb javob beraman. Aslida ham shunday. Dunyoga kelib topgan eng katta boyligim – Xudo bergan farzandlarim. Har kim ham shunday desa, ajabmas. Ularga bolaligidanoq noningni yoʻqotsang, yoʻqot, nomingni yoʻqotma, deb oʻrgatganimiz toʻgʻri boʻlgan ekan. “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobida “Farzandlarimga oʻtitlar” degan alohida turkum bor. Mana shulardan biri: “Qush boʻlib osmonda uchma, toshbaqa boʻlib yerda sudralma. Daraxt boʻl! Boshing osmonda, oyogʻing yerda boʻlsin!” Oʻgʻlimning kamtar va mehnatkashligi, ota-onaga mehribonligi, bir ishga kirishsa, sabot bilan harakat qilishi, qizimning bilimli, tirishqoq, oʻta izchilligidan xursandman. Besh nevaram esa qalbimning eng nurli mitti yulduzlari!..

 

2003 yil

https://saviya.uz/hayot/suhbat/otkir-hoshimov-uchun-qadrli-ikki-asar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x