Azaliy muammoning yangicha tadqiqi

Muborak hadislarda: “Oʻlim moʻminga qilingan tuhfadir”, deyiladi. Dunyoga kelgan har bir insonki bor, oʻlishini bilib yashaydi. Moʻminlarning yaxshiroqlari esa munosib oʻla bilishga intilib kun kechiradi. Chunki oʻlimda vasl bor. Har qanday odam ham oʻlimning haqligini biladi, ammo bu hodisa haddan tashqari sirli va nomaʼlum boʻlgani uchun barchaning koʻngliga qoʻrquv soladi. Shu boisdan sharaf bilan munosib oʻla bilish moʻmin uchun mukofot boʻlsa, dahriy uchun yoʻqlik sari qoʻrqinchli yoʻldir. Insonning oʻta serqirra ruhiy dunyosi kutilmagan murakkab vaziyatlarda toʻlaroq ochiladi. Shuning uchun ham odamning asl qiyofasi, uning qanday yashagani oʻlimga roʻpara kelganda yaqqol namoyon boʻladi. Ushbu sabablarga koʻra badiiy adabiyotda oʻlim tasviriga bot-bot toʻxtalinadi. Zero, odamning har qancha davom etgan hayoti baribir mamotga olib boradigan yoʻlgina ekan, odam ruhiyatini tekshirishga daʼvat etilgan soʻz sanʼatining unga alohida eʼtibor qaratishi tabiiydir.

Biologik faktorning estetik hodisaga aylanishi, yaʼni oʻlim holatining badiiy adabiyotdagi tasviri muammosi oʻta muhim ilmiy masalalardandir. Aslida tanatologiyaning tekshirish obʼyekti boʻlmish bu muammoga bagʻishlangan qator ilmiy tadqiqotlar Yevropa va rus adabiyotshunosligida azaldan mavjud boʻlsa-da, oʻzbek adabiyotida mazkur masala monografik tarzda oʻrganilmagan, binobarin, oʻlim hodisasining milliy adabiyotdagi tasvir tamoyillarini tayin etish borasida muayyan kemtiklik bor edi. Yosh olima, filologiya fanlari nomzodi Xurshida Hamroqulova Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotida chop etilgan “Adabiyotda hayot-mamot muammosi” deb atalgan monografiyasi bilan oʻzbek adabiyotshunosligidagi ana shu kemtiklikni toʻldirishga urindi.

Kitob muallifi ushbu muammo ilmiy tadqiqini uning tarixiy ildizlariga nazar tashlashdan boshlaydi. Shu bois qadimiy bitiklarga tayanib, oʻlim muammosining ilk badiiy talqinlari qanday boʻlganini aniqlashga tutinadi. Mamot masalasi “Alp Er Toʻnga” marsiyasi, moniylar tavbanomasi deb qaralayotgan “Xuastuanift”, “Avesto”, Oʻrxun-Enasoy bitiklari, “Oltun yoruq” singari qadimiy manbalarda oʻziga xos tarzda talqin etilgani, Yusuf Xos Xojib, Alisher Navoiy asarlarida esa islomiy falsafaga toʻyingan holda oʻta teran tasvirlanganini misollar yordamida ishonarli koʻrsatib beradi. Ularni oʻqish asnosida tadqiqotchi taʼkidlaganidek: “Islomgacha boʻlgan dinlar taʼsiri ostidagi turkiy adabiyotni kuzatar ekanmiz, odamlarning hayot va oʻlim tushunchalaridagi evrilishlarga guvoh boʻla boramiz”.

Chindan ham oʻlimning voqe boʻlishi ham, uning mohiyati ham oʻzgarmagani holda unga yondashishning oʻzgarishi odam ruhiyatida turfaliklarni yuzaga keltiradi. Shuning uchun ham olimaning: “Mumtoz adabiyotimizda oʻlimga munosabat sof islomiy talqinlarga asoslanganidan uni abadiy dunyoga robita deb bilishadi”, degan qarashi oʻquvchini ishontiradi. Oʻzbek mumtoz adabiyoti qahramonlari boʻlmish komil shaxslar uchun oʻlim jazo ham, qoʻrqinch ham emas, balki intilinadigan saodat, najotga eltuvchi yoʻl ekanining sababi tadqiqotchi tomonidan oʻrinli izohini topgan. Uning: “…mumtoz adabiyotimizda oʻlim qoʻrqinchli emas. Maqsad − Yaratgan vasli, oʻlim esa unga vosita boʻlgan… Haqiqiy vaslni izlagan solih oʻlimni orzu qiladi va… oʻlimdan maʼno topadi” tarzidagi qanoati tekshirilgan mumtoz asarlar matniga tayanib chiqarilgani bilan eʼtiborga loyiq. Muammoning Gʻarb adabiyotidagi talqinlari va tadqiqi xususida olima bildirgan fikrlar ham oʻquvchini befarq qoldirmaydi.

Monografiyada Xurshida oʻlim muammosini koʻproq yangi oʻzbek adabiyotidagi realistik asarlar misolida oʻrgangan. Maʼlumki, realistik asarga qoʻyiladigan asosiy talab voqelik tasvirining hayot haqiqatiga mos kelishi lozimligidir. Xoʻsh, qahramonini oʻlimga roʻbaroʻ etgan realist ijodkorlar bu qoidaga qay darajada amal qildilar? Muallif bu savolga joʻyali javobni tanatolog va psixologlarning oʻlimga doir tadqiqotlaridan olingan ilmiy fikrlar bilan oʻzi tekshirgan asarlardagi mamotga doir badiiy talqinlarni solishtirgan holda berishga erishadi.

Kitobda oʻlim hodisasining milliy-islomiy yoʻsindagi badiiy tasviri borasidagi holat buyuk adib Abdulla Qodiriy romanlari misolida batafsil tekshirilgan. Tadqiqotchi Otabek va Anvarning oʻlim bilan yuzma-yuz kelgan vaziyatlar tasvirini berishda yozuvchining milliy-islomiy asoslarda shakllangan dunyoqarashi hal qiluvchi oʻrin tutganini taʼkidlaydi. Shuningdek, Abdulla Qodiriy qahramonlarini bu qadar yuksaklikka koʻtarib turuvchi jasurlik va dovyuraklik aslida adib shaxsiyatidan suv ichganiga ham diqqat qaratadi. Muallif Qodiriy qahramonlarining oʻlim oldi holatlarini Oybekning “Qutlugʻ qon” romanidagi Gulnor, Choʻlponnning “Kecha va kunduz” romanidagi Akbarali mingboshi timsollari oʻlimi tasviri bilan qiyoslab oʻrganish orqali har bir yozuvchi ijodiy niyatini roʻyobga chiqarishda turli yoʻllardan borganini, ularning mahorati ham tasvirda har bir adabiy qahramonning saʼjiyasidan kelib chiqib ish koʻrganida namoyon boʻlganini ishonarli koʻrsatadi.

Kitobda Otabek obraziga alohida ahamiyat qaratilganligi bejiz emas. Abdulla Qodiriyning qahramon kechinmalarini rangin boʻyoqlarda jilolantirish va ruhiyatini algʻov-dalgʻov qilgan poʻrtanali oʻzgarishlarni koʻrsatishda oʻlim holatlari ifodasidan qanday foydalangani ayni shu timsol tasvirida yaqqol namoyon boʻlgan. “Oʻtkan kunlar” asari davomida yozuvchi bosh qahramonni bir necha bor oʻlimga roʻpara qiladi va monografiya muallifi aytganiday: “…oʻlimga yuzma-yuz kelish har safar Otabek ruhiyatida oʻzgarish yasaydi… Kumush oʻlimidan soʻng Otabekdagi keskinlik nafaqat ota-onasining qarshiligini sindiradi, balki oʻzini qaytadan kashf qiladi. Yozuvchining maqsadi shu daqiqalarda Otabek ruhiyatiga koʻchadi… Asar davomida adib Otabekni ayni maqsad uchun tayyorlab kelgani, Otabek ham sinovlarda toblanib boʻlgani maʼlum boʻladi. Bularning bari oʻlim tufayli yuz beradi. Koʻrinadiki, hech bir kuch oʻlim insonni oʻzgartirganidek yangilik yasashga qodir emas”. Haqiqatan, betakror roman matni zamiriga yashirilgan ijtimoiy maʼno ham ayni oʻlim holatlari tasviridan kelib chiqadi.

Inson hayoti sinovlarning uzilmas zanjiridan iborat. Odamning maʼnaviy darajasi ham aynan sinovlardan qanday oʻtishi bilan belgilanadi. Shu maʼnoda shaxsiy turmushdagi omadsizliklar birovlarning irodasini toblashga xizmat qilsa, irodasiz kimsalarni xudkushlik fojiasi sari yetaklashi ham mumkin. Yangi oʻzbek adabiyotida xudkushlikning oʻziga xos va betakror tasviri Abdulla Qahhorning “Sarob” romanida berilgan. Tadqiqotda Saidiyni hayotdan bezdirgan, oʻlim sari yetaklagan kuch qayerdan paydo boʻlganini aniqlashga alohida eʼtibor qilingan. Olima Saidiyning irodasini yemiruvchi kuch katta-kichik omadsizlik va yoʻqotishlar tufayli asta-sekinlik bilan paydo boʻlgani, bunga obraz tushib qolgan ijtimoiy muhit yoki uni oʻrab turgan odamlar taʼsiridan koʻra, qahramonning oʻzi, uning tabiatidagi xudbinlik sabab boʻlganini ishonarli koʻrsatadi.

Chindan-da Saidiy singari murakkab tabiatli, hech kimga va hech qachon fidoyilik qila olmaydigan, hayotiy muammolarni bartaraf etish uchun bosh qotirishni istamaydigan, ayni vaqtda hamisha oʻziga mahliyo shaxslar har qanday zamonda ham fojelikka moyil boʻladi. Chunki bunday kimsalar oʻzlarini ochunning markazi deb biladilar va hamma bularning manfaatiga xizmat qilishni istaydilar. Odam isini yoqtirmaslik, boshqalardan chetlanish, faqat oʻzini oʻylash har qanday isteʼdodli shaxsni ham alaloqibat halokatga eltishi kitobda Saidiy timsoli tahliliga tayanib, puxta asoslab berilgan.

Insonning omadyorligi yo omadsizligi, hayotdan oʻz oʻrnini topishi yo topmasligi har doim ham ijtimoiy muhitga bogʻliq boʻlavermasligi, bunda koʻpincha shaxsning oʻzi, uning saʼjiya va tabiati yetakchi oʻrin tutishi olima tomonidan atroflicha asoslangan. Boshi berk koʻchaga kirib qolganini anglagan va bu vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmagan irodasiz va qanoatsiz inson uchun dunyoning qizigʻi qolmaydi. Oqibatda u maʼnisiz hayotdan qutulishning yagona chorasi sifatida oʻlimni tanlashi mumkin. Chunki bunday shaxs mashaqqat chekishga, muammolarni hal etishga ojiz. Saidiy ana shunday nochor, yashash uchun kurashishga yaroqsiz, hayotdan hafsalasi pir boʻlgan shaxs edi. Unga yashash − mashaqqat, oʻlim − bu mashaqqatlardan osonroq qutulish yoʻli boʻlib tuyulgani shundan. “Sarob” romani qahramonlari fojiasini tahlil qilish natijasida tadqiqotchi: “Abdulla Qahhor inson qismati fojiasi, nihoyat oʻlim oldi holatlari har qanday qobiqni yorib chiqa olishini, unga hech qanday mafkura daxl qilolmasligini, inson tabiati biror qolipga tushmasligini Saidiy misolida kitobxonga anglata oldi”, degan xulosaga keladi. Bu oʻrinda omonatga berilgan joniga xiyonat qilgan, daʼvosi katta-yu, irodasi kuchsiz kimsaning ayanch taqdiri romanda qanchalik mahorat bilan koʻrsatilgani ishonarli ilmiy izohini topgan.

Monografiya muallifi oʻlim oldi holatlarida qoʻrquv va fojiaviylikning psixoanalitik asoslari nimalardan iboratligini Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi” asari misolida tekshirgan. Oʻlim shunday kuchki, uni hech qanday vosita toʻxtata olmaydi. Aksariyat odamzot qachondir oʻlimga roʻbaroʻ boʻlishini bilsa-da, dunyo hoyu-havaslariga bandi boʻlib, nafsiga qul boʻlishdan baland turolmaydi. Oʻziga xiyonat qilib, oʻzgalarga zulm oʻtkazib yashagan inson boqiy dunyoda barcha qilmishlari uchun javob berishi kerakligini bilgani uchun oʻlimdan qoʻrqadi va uni vahima bilan qarshi oladi. Baʼzan oʻlimdan qoʻrquv tuygʻusi insonni oʻlimga tezroq yaqinlashtirishi ham mumkin.

Romandagi Ulugʻbek obrazi misolida”.. soʻnggi daqiqalarda ham oʻzligini yoʻqotmagan, taqdiriga tadbir koʻruvchi emas, unga peshvoz chiqadigan qahramon”ning oʻlimdan qoʻrqmasligi sabablari ruhiy-maʼnaviy jihatdan koʻrsatib beriladi. Abdullatifni esa hayotining soʻnggi nafasiga qadar oʻlimdan qoʻrqish tuygʻusi bir lahza ham tark etmasligi ham hayotiy nuqtai nazardan asoslanadi. Monografiyaning shu oʻrinlarida tadqiqotchi Ulugʻbek bilan Abdullatif oʻrtasidagi ziddiyatlarnining asarda tavirlanish yoʻsinini sinchkov ruhshunoslardek tadqiq etgan. U ota-bola munosabatlaridagi kelishmovchilik va ziddiyat tasodifan yoki faqat atrofdagilarning taʼsirida paydo boʻlmagani qanday tasvirlanganiga eʼtibor qaratadi. Asarda adib xolislik pozitsiyasida turgani, biror timsolni nuqul ulugʻlash, boshqasini esa faqat qoralash yoʻlidan bormagani romanning badiiy barkamolligini taʼminlagani misollar asosida koʻrsatiladi.

Kuchli qoʻrquv insonni ruhiy muvozanatdan chiqarib yuborishi mumkinligi, vijdoni xotirjam boʻlmagan shaxsni oʻlimdan qoʻrqish tuygʻusi hech qachon tark etmasligi borasida Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi” romani bilan Leonid Andreevning “Osilgan yetti kishining hikoyasi” asaridagi timsollarni qiyoslash orqali olima shunday toʻxtamga keladi: “…millati va tilidan, saviyasi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar ruhiyatida tozalik sezmagan insonga oʻlim hamisha qoʻrqinch solaveradi”.

Tadqiqotchi O. Yoqubovning “Koʻhna dunyo” romanini Maqsud Qoriyevning “Gʻaznaviylar” asari bilan oʻzaro qiyoslash asnosida murakkab ruhiyatga ega shaxs qismati dramasi tasviri yuzasidan qimmatli xulosalar chiqarishga erishgan. Maʼlumki, Mahmud Gʻaznaviy ulkan saltanat yaratgan murakkab tarixiy shaxs, u haqda turlicha qarashlar mavjud. Olima O. Yoqubovning muddaosi kitobxonni bu shaxs haqidagi tarixiy haqiqatlardan ogoh etish emas, balki “hayot va oʻlim oraligʻida tebranayotgan inson ruhiyatidagi poʻrtanalarni ochish va ilm ahli misolida oʻlimni mahv etish, hukmdor misolida esa oʻlim insonni mahv etishining badiiy talqinini berish” ekanini timsollar tasviriga tayangan holda juda bilgichlik bilan ishonarli koʻrsatib beradi. Ana shu qarashlarga asoslanib: “Qahramon xarakterining sof psixo-biologik jihatlarini ochishda yozuvchi… insonning oʻlim bilan yuzma-yuz holatini tanlaydi. Va shu orqali oʻlim jismoniy yakun emas, oʻlim – hayotning qimmatini belgilovchi mezon, oʻlim – hayot goʻzalligi kashfiyoti, oʻlim tufayli boqiy dunyoga har kim oʻz darajasida qadam qoʻyishi kabi abadiy haqiqatni uqtiradi”, degan oʻta muhim va yangicha ilmiy toʻxtamga keladi.

Monografiyada Togʻay Murod, Nazar Eshonqul, Zulfiya Qurolboy qizi kabi ijodkorlarning asarlari tahlili doirasida hayot va oʻlim muammosi mustaqillik davri adabiyotida oʻziga xos yoʻsinda tasvirlanganiga toʻxtalingan. Tadqiqotchi mustaqillik davri nasrida oʻlim muammosini tasvirlash bobida masalaning tabiiy-biologik va milliy-islomiy talqinlariga koʻproq urgʻu berilganini taʼkidlaydi. Darhaqiqat, mustaqillik davrida ijodkorlar voqealarni koʻrsatishdan koʻra, tasvirga olingan shaxsning ruhiyati, uning ichki olamini badiiy tadqiq etishga koʻproq eʼtibor qilmoqdalar. Zamonaviy oʻzbek adabiyoti taraqqiyotidagi bu ustuvor holat monografiyada “Jaziramadagi odamlar”, “Jimjitxonaga yoʻl”, “Urush odamlari”, “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” singari asarlar tahlili orqali yoritilgan.

Oʻlim muammosini yoritishda ushbu asarlarga ijtimoiy-siyosiy omillardan koʻra koʻproq odamzotga xos tabiiy tuygʻularning asos qilib olinishi qahramonlar ruhiy olamiga chuqurroq nazar tashlash imkonini berganligi olima tomonidan ishonarli koʻrsatilgan. Shu bois X. Hamroqulovaning: “…ichki olamning teran tahlili inson mohiyatini oʻrganishga tomon qadamdir. Zero, hayot va oʻlim falsafasini idrok qilish mohiyatni belgilaydi”, shaklidagi fikri oʻquvchiga maʼqul keladi.

Xurshidaning: “Zulfiya Qurolboy qizi ijodida yangi talqindagi obrazlar ham uchraydiki, bu obrazlar mohiyat eʼtibori bilan abadiylikka muhrlanadi. Ana shunday qahramonlari sirasiga “O, hayot” hikoyasidagi Nazar cholni kiritish mumkin”, yoʻsinida bir qadar keskin aytilgan fikri ham adiba yaratgan timsol mohiyatini ochishga astoydil urinilgani bilan eʼtiborni tortadi. Tadqiqotchi Nazar chol timsoli misolida vaqtida oʻla bilishning ham neʼmat ekanligini nozik ilgʻagan va shu hikoyada adibaning mahorati yorqin namoyon boʻlgan oʻrinlarni toʻgʻri koʻrsata bilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, Xurshida Hamroqulovaning “Adabiyotda hayot-mamot muammosi” kitobi adabiyotshunosligimizni tilga olish uncha yoqimli boʻlmagan, ammo har bir insonga hamishalik sherik boʻlgan bir tuygʻuning milliy adabiyotdagi ifodasi borasidagi yangi talqin bilan boyitdi.

Kitobda tuzatilishi lozim boʻlgan kamchiliklar ham yoʻq emas. Xususan, ayrim oʻrinlarda maromiga yetmagan ifodalar borligi, baʼzi jumlalardagi uslubiy gʻalizlik, qator imloviy xatolar mavjudligi yaxshi yozilgan ilmiy asarga bir qadar soya tashlaydi. Tadqiqotchi ayrim asarlarni tahlil etayotganda tekshirayotgan muammoning badiiy ifodasi qanday boʻlganini aniqlashdan koʻra, masalaning qoʻyilishiga koʻproq eʼtibor qaratadi. Koʻrsatilgan kamchiliklarga qaramay, ushbu monografiya oʻta qaltis azaliy muammoni badiiy ifodalashdagi ilmiy tamoyillarni yangilangan sogʻlom tafakkurga muvofiq yoʻsinda belgilab berganligi bilan katta qimmat kasb etadi.

 

 

Qozoqboy YOʻLDOSH,

Shahnoza ERGASHYeVA

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 12-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/azaliy-muammoning-yangicha-tadqiqi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x