“Bolalikdan boshlangan tarbiya muhim…”

Xalqimizning sevimli yozuvchisi Pirimqul Qodirovning salmoqli romanlari, bir-biridan shirali qissa va hikoyalari kitobxonlarning sevimli asarlariga aylangani shubhasizdir.

Ayniqsa, yoshlarga bagʻishlangan “Uch ildiz” asariga ustoz Abdulla Qahhor yuksak baho bergan boʻlsa, ruscha tarjimasini oʻqigan buyuk qozoq adibi Muxtor Avezov Moskvada boʻlib oʻtgan “Oʻzbek adabiyoti va sanʼati kunlari”da ushbu asarni notoʻgʻri talqin qilgan va unga oʻrinsiz ayb qoʻygan Anna Karavayevaning taʼriflari xato ekanini ishonarli dalillar bilan isbotlab berganligi yozuvchining keyingi asarlarining yozilishiga turtki boʻlgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Adib shundan keyin “Qadrim”, “Erk”, “Meros”, “Botirlar va baxillar” qissalarini, “Qora koʻzlar”, “Yulduzli tunlar” romanini yaratdi. Bu asarlarda oʻz davrining yosh qahramonlari qanday shakllanganligi haqida hikoya qilib, ular hayotining ibratli jihatlarini haqqoniy tasvirlab bergan.

Pirimqul Qodirovning soʻnggi oʻn yil ichida yozgan “Ona lochin vidosi” romanida Amir Temurning suyukli oʻgʻli Shohruh va kelini Gavharshodbegim bilan bogʻliq voqealar qalamga olingan. Asardagi Ulugʻbek Mirzo, Husayn Boyqaro va Alisher Navoiylarning yoshlik davridagi jasorat va matonati ham oʻquvchida yorqin taassurot qoldiradi.

Qirq besh yildan beri samarali ijod qilib kelgan yozuvchining ijodxonasiga tashrif buyurar ekanmiz, xastaligiga qaramay yangi asarlari va esdaliklarini toʻplab nashrga tayyorlayotgan adib ustozni suhbatga tortdik.

 

Pirimqul aka, elimizning ardoqli adibi sifatida ayting-chi, baʼzilar taʼkidlaganidek, yozuvchi boʻlish uchun, albatta, baxtsiz bolalikni boshdan kechirish shartmi?

– Mening tasavvurimda, bizga berilgan umr tonggi jim-jit bir tezlik bilan uchib oʻtmoqda. Oʻylab qarasangiz, har bir kishining taqdiri tugʻilmasidan oldingi asrlarga ham ildiz otgan boʻladi. Turkiy ajdodlarimiz yetti pushtini yaxshi bilmagan odamni uyat qilishgan. Toʻqson ikki qabilali oʻzbeklar oʻz ajdodlari qaysi urugʻdan ekanini yoddan chiqarmaganlar. Ammo Shoʻro davrida urugʻ surishtirish “urugʻ-aymoqchilikka olib boradi” deb ayb qilindi. Bu hamma odamlarni tarixiy ildizlaridan uzib tashlashga xizmat qiladigan aqida edi.

Aslida esa, har birimizning oʻtmishimiz ota-bobolarimiz mansub boʻlgan qabila va urugʻlar orqali xalqimiz boshidan kechirgan katta tarixiy voqealarga uzviy bogʻlangan boʻladi. Deylik, Amir Temur va uning avlodlariga mansub boʻlgan barlos qabilasi Shayboniyxon va uning avlodlari davrida qattiq quvgʻinga uchraydi. Barloslarning ulkan bir qismi Bobur bilan birga Afgʻoniston va Hindistonga ketadi. Bizning yurtda qolganlari esa togʻ oraliqlariga, xon navkarlari kam boradigan pana qishloqlarda joylashadi.

Otamizning bobokalonlari orasida Hasan Jibachi degan kishi oʻtgan ekan. Jiba – jang paytida kiyiladigan zirhli kiyim. Jibachi – hukmfarmo bekning “oftobachi” deganga oʻxshash bir mulozimi. Hasan Jibachi oʻsha davrdagi hukmron doiralariga yaqin turgan qirq urugʻining Quyonquloq shoxasidan boʻladi.

Ota-onalar bizni oyoqqa turgʻazguncha nechogʻli mashaqqat chekkanlarini farzand oʻstirganlar yaxshi biladi. Otamiz boy boʻlib badargʻa qilinganligi uchun hukmron mafkura yoshlikda bizni ruhan ezib, undan bezdirgudek boʻlardi. Holbuki, otam mehnat qilib charchamaydigan, besh vaqt namozini kanda qilmaydigan, umrida aroq ichmagan, muloyim tabiat, moʻmin-qobil odam edi. Hayotda juda koʻp ogʻir, asabbuzar hodisalarni boshdan kechirgan boʻlsa ham, rahmatli biz bolalarni urib-soʻkkanini eslayolmayman. Lekin onamiz bizni zir yugurtirib ishlatar, xato qilsak, ayamay jazo berar, intizomni juda qattiq tutar edilar. Otamiz “bizning xotin amaldor momosiga tortgan” deb qoʻyar edi. Keyin bilsak, onamizning momolari Oʻgʻiljon dodxoh Fargʻona vodiysining Oʻsh tomonlarida shuhrat qozongan Qurbonjon dodxohning izdoshlaridan boʻlgan ekan. U kishi olamdan oʻtgan kezlarida tugʻilgan bizning onamizga oʻsha momosining ismini berib, “Oʻgʻiljon” deb ot qoʻygan ekanlar. Shuning uchun ham iteʼdodning gurkirab oʻsishida baxtsiz bolalik emas, bolalikdan boshlangan tarbiya muhim, deb hisoblayman.

Bola ekanimizda onamizning siyosatidan hayiqar edik, bizni qattiqqoʻl hokimday tergashlaridan ranjib, yosh aka-ukalar bir-birimizga hasrat ham qilar edik. Endi bilsam, qattiq intizom bilan tarbiyalaganliklari bizning foydamizga boʻlgan ekan.

 

Asarlaringiz ichida sizga dovrugʻ keltirgan “Yulduzli tunlar” romanini hayajon bilan oʻqimagan kitobxon topilmasa kerak. Aynan Bobur Mirzo hayotiga murojaat qilishingizga nima sababchi boʻlgan?

Boburdan boshlaganim toʻgʻri boʻlgan ekan, deb oʻylayman. Chunki Amir Temur tajribasini eng chuqur oʻrgangan va davom ettirgan temuriyzoda, menimcha, Boburdir. Mirzo Bobur “Temur tuzuklari”ni chuqur oʻrgangan hamda vafotidan oldin oʻgʻli Humoyunga yozgan maxfiy vasiyatnomasida “Hazrat Sohibqiron Amir Temurning ish yuritishlari doim yodingda boʻlsin. Shunda davlating maʼmur va puxta boʻladi”, deb tayinlaydi. Haqiqatan Boburning oʻzi butun hayoti davomida Amir Temurning tuzuklaridagi purmaʼno soʻzlardan juda koʻp ibrat olgan. Daho darajasidagi isteʼdod nuqtai nazaridan qaraganda, Amir Temurga irsiy voris va yaqin avlod Bobur Mirzo deb aytish mumkin. Shuning uchun Bobur Mirzo Hindistonda boshlab bergan boburiylar sulolasi 332 yil umr koʻrgan.

 

“Amir Temur siymosi” nomli ilmiy-tarixiy asaringiz esa Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 16 yilligi arafasida oʻtkazilgan “Eng ulugʻ, eng aziz” tanlovida birinchi oʻringa sazovor boʻlganligi adabiyot ahlini quvontirdi. Siz ushbu asaringiz orqali oldingizga qoʻygan maqsadlaringizga erishdingizmi?

Qanchalik erishganimni kitobxonlar aytsinlar. Men oʻzim shu asarni katta qiziqish va mehr bilan yozdim. Agar shu mehrni kitobxonlar qalbiga yetkazib bera olgan boʻlsam, oʻz maqsadimga maʼlum darajada erishdim, deb oʻylayman.

 

Biroq Sohibqiron Amir Temur haqida yozilgan asarlarda turli xil faktlarga duch kelamiz. Jumladan, ayrim badiiy asarlarda, 1370 yil Balxda Hinduvan qalʼasini zabt etishda Jahongir Mirzoni yetakchi qahramon qilib tasvirlangan boʻlsa, Nizomiddin Shomiy va Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida bu jasoratni Amir Temurning ikkinchi oʻgʻli Umarshayx Mirzoga xos, deb qayd etilgan. Bu badiiy toʻqimami yoki anglashilmovchilik?

Badiiy toʻqima shunday oʻzgarishlar qilishi mumkin. Ammo men Umarshayx Mirzoni aslidek qilib, yarador paytida oʻzini bardam tutganini tarixiy manbalarda qanday boʻlsa, shunday koʻrsatganman. Umuman, Temuriylar haqida shu qadar toʻqima gaplar koʻpki, ularni men mumkin qadar chetlab oʻtdim. Va manbalarda koʻrsatilgan faktlarga asoslandim. Oʻylaymanki, bunda xolislik juda ham zarur.

 

Asarlaringizni mutolaa qilar ekanmiz, undagi qahramonlar hayoti muallif hayotining bir parchasiga oʻxshab ketadi. Bolaligingiz qanday kechganligi haqidagi oʻy-kechinmalaringiz bilan ham oʻrtoqlashsak degandim…

Bolaligim, yoshligim… O, qancha yillar oʻtdi. Ammo rosti, xuddi kechagi kundek. Bundan oltmish besh yil muqaddam yettinchi sinfni bitirayotgan paytlarimda “Qutlugʻ qon” romanini qanchalik taʼsirlanib oʻqiganim haligacha yodimdan chiqmaydi. Kitobdan olgan yorqin taassurotlarim uni oʻqigan joyning manzaralari bilan birga hamon koʻz oʻngimda turibdi.

Biz bir bogʻot joyning qoʻrgʻonchasida turardik. May oyining oxirlari, bogʻdagi toklar qiygʻos gullagan payt. Qoʻrgʻonchada sigir va echkilar bor, ularga oʻt oʻrish, ancha uzoqdan chelakda suv tashib kelish biz kabi dastyorlarning zimmasida edi. Lekin kitob oʻqishimga xalaqit bermasliklari uchun, tokzorning narigi chetidagi pana bir joyga yashirinib olar edim. Onam bir necha marta qoʻrgʻonchadan chiqib meni chaqirar, lekin oʻzimni eshitmaganga solib kitob oʻqishda davom etardim. Shaxsan men Yoʻlchining tuprogʻi toʻpiqqa chiqadigan koʻchalardan yalangoyoq yurib, qishloqdan shaharga kelishini ham aynan oʻz hayotimga oʻxshatardim. Chunki bolalik paytimizda otamiz boy boʻlgani uchun bor mol-mulkimizni shoʻrolar tortib olgan, qish kunida bizning issiq uyimizdan quvib chiqarib badargʻa qilgandi.

Yoshlik yillarimizda Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat kabi yozuvchilarning asarlarini oʻqishdan butunlay mahrum etilgan edik. Mabodo baʼzi ixlosmandlar “Oʻtkan kunlar” yoki “Kecha va kunduz” romanlarini yashirincha oʻqiyotgan paytda qoʻlga tushsa, qatagʻonga uchrardi.

Oʻsha yillarda biz talabalar suyukli ustozlarimizga nohaq otilgan malomat toshlaridan qattiq iztirob chekkanmiz. Bu iztiroblarimni “Uch ildiz” romanida Mahkam va Ochil kabi yoshlar navqiron, suyukli domlalari professor Abdurahmon Toshev va dotsent Temur Akbarovlar tomonida turgani, ularga tuhmat qilgan baxillarga qarshi kurashgan lavhalar orqali koʻrsatishga harakat qilganman. Oʻrni kelganda aytish joiz: talabalar sevadigan professor Toshev obrazida men Oybekni nazarda tutgan edim. Otasi temirchi boʻlgan Temur Akbarovni tasvir etganda ustoz Abdulla Qahhor koʻz oldimda turgan edi.

 

Hayotingizdagi eng baxtli chogʻlaringizni eslasangiz…

Bundan ellik besh yil avval men 19 yoshda talaba boʻlgan kezlarimda gazetalarga lavhalar yozib turardim. Oʻsha yilning avgust oyida yoshlar gazetasi menga bir topshiriq berdi.

Samarqandda yettinchi sinfni bitirgan oʻquvchi qiz Moskvadagi gimnastika musobaqalariga qatnashib, yaxshi baho olibdi. Hozir shu qiz Chirchiqdagi sport maktabida oʻqiydi, tez borib u bilan suhbat uyushtirib keling, deyishdi. Yurib charchamaydigan yigitlik paytimiz. Oʻsha kuniyoq aytilgan joyni topib bordim. Oʻquvchi qizni chaqirib berishdi. Suhbatlashdik. Gaplari maʼnili, oʻzini kattalardek vazmin tutadi. Jussasi kichikroq, ammo pishiq. Suhbatimiz paytida maktabni bitirsam, balki Toshkentga oʻqishga borarman degani yodimda qoldi. 1951 yili men universitetning 5-kursida oʻqiy boshlagan kunlarim Sharqshunoslik fakultetining 1-kursiga oltin medal bilan imtihonsiz kirgan yoshlar davrasida oʻsha qizni koʻrib qoldim.

Oʻsha yili kuzda mening “Studentlar” degan birinchi kitobim nashr etilgan edi. Bu kitobning taqdimotida sirli tilaklarga sababchi boʻlgan oʻsha Sofiya ismli qiz ham ishtirok etdi.

Taqdir taqozosi deganlari shumi, balki tasodifdir, qarangki, kelgusi 1952 yilning yangi yil kechasini boʻlajak umr yoʻldoshim Sofiya bilan bir dasturxon atrofida kutib oldik.

 

Ustoz, 2010 yil – “Barkamol avlod yili” boʻldi. Ushbu yilda kitobxonlarga, xususan, yoshlarga qanday tuhfa tayyorladingiz?

Yoshlar aksariyat asarlarimning bosh qahramoniga aylangani tasodif emas. Chunki kelajagimiz yoshlar qoʻlida. Ularni qoʻllab-quvvatlaganimiz porloq istiqbol yaratishning eng sinalgan vositasidir. Shu fikrlardan kelib chiqib, Shoʻro davrida yozilgan “Qadrim” degan qissani qaytadan ishlab chiqdim. Afsonani eslatadigan asardagi shiddatli voqealar jarayonida qishloqdan gaz konlariga kelib ishlayotgan ikki qalb – Iskandar va Zulayhoning maktabda birga oʻqigan paytlaridan boshlangan muhabbatlari xaloskor bir kuchga aylanadi. “Qadrim” qissasining yangi nashri bugungi yoshlarga ham ibrat boʻladi, deb umid qilaman.

 

Suhbatdosh: Adiba UMIROVA

 

Tahririyat: Afsuski, ushbu suhbatni jurnal sahifalarida koʻrish ustoz yozuvchi Pirimqul akaga nasib etmadi…

Pirimqul aka el suygan ijodkor edi. U kishining asarlari qoʻlma-qoʻl oʻqilardi. Ayniqsa, Mustaqillik davriga kelib P. Qodirov ijodi yanada yuksak pogʻonaga koʻtarildi. Ustoz «Ona lochin vidosi» risolasida, «Til va el» kitobida oʻz isteʼdodining yangi qirralarini namoyon etdi.

Bu atoqli adib, jamoat arbobi Pirimqul Qodirovning soʻnggi suhbati… Ammo yozuvchi oʻz asarlarida yaratgan qahramonlari bilan hamisha qalbimizda yashaydi.

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 1-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/bolalikdan-boshlangan-tarbiya-muhim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x