Attorshunos olmon olimi

Hamisha afsonaviy boʻlib kelgan Sharq tafakkuri, jumladan badiiy adabiyoti Yevropa xalqlarini maftun etib kelgani sir emas. Sharq adabiyoti daholarining yuksak adabiy-ilmiy merosi Gʻarb olimlarini gʻaroyib tadqiqot materiallari bilan taʼminlab turgani, shoir va yozuvchilarni esa goʻzal badiiy gʻoyalari bilan ilhomlantirib kelgani ham ayni haqiqatdir. Ulugʻ mutaffakir, yirik mutasavvif shoir Fariduddin Abduhomid Muhammad Ibn Abu Bakr Ibrohim Attorning nomi va maʼnaviy merosi ham yevropaliklarda katta qiziqish uygʻotgan. Attorning hayoti, ijodi va qarashlarini tahlil hamda tadqiq etish yoʻlida Yevropada koʻplab ilmiy izlanishlar amalga oshirildi. Ular orasida Attor ijodini birinchilardan boʻlib oʻrgangan va jiddiy shugʻullangan olmon olimi Helmut Ritter (1892-1971 ) faoliyati alohida oʻrin tutadi. U Fariduddin Attorning “Ilohiynoma” asari qoʻlyozma nusxalarini katta zahmatlar bilan yigʻdi hamda tadqiqotchilar uchun oʻziga xos yoʻl va keng imkoniyatlar ochib berdi. Jumladan, olim asar qoʻlyozmalari orasida eng moʻtabar besh nusxasini aniqlab berdi, ulardagi xatoliklar va nuqsonlarni tasʼhih etib asarning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash ustida eʼtirofga loyiq tadqiqot olib bordi.

“Ilohiynoma”ning Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih kutubxonasida 3674 raqami ostida saqlanuvchi qulyozma “F” harfi bilan belgilab olinadi. U hijriy 729 yili yozib Muhammad Ibn Muhammad Al-Kamol tomonidan nasx xatida koʻchirilgan. Qoʻlyozma betlari notoʻgʻri tartibda raqamlangan. 195 raqamidan 2 marta foydalanilgan. Har bir beti 16 misrani oʻz ichiga oladi. Unchalik chiroyli boʻlmagan Sharqiy nasxda yozilgan. 131- va 139-betlari almashtirilgani uchun biroz sifati yomonlashgan.

 Asarning Londondagi India office qoʻlyozmalar xazinasida saqlanayotgan 2684 raqamli nusxasi “I” harfi bilan belgilab olinadi. Bu nusxa majmua tarkibida boʻlib, Muhammad Hoji Ibn Bobo Hoji tomonidan 807 hijriy yilda koʻchirilgan kitobning 196-b va 278-a varaqlarini ishgʻol qilgan. Uch ustunli. Misralar tashqi tomondan ramkaga olingan. U ham Sharqiy nasx xatida yozilgan boʻlib, baʼzi harflarning istifodasida farqlar bor. Xususan, p harfi forscha “pe” orqali, ch harfi esa forscha “jim” orqali ifodalanilishini, shuningdek, “dol” harfining nuqtasiz shaklidan foydalanilishi Ritter tomonidan taʼkidlanadi.

British muzeum kutubxonasida saqlanayotgan 27261 raqamli nusxa “B” harfi bilan belgilanadi. Qoʻlyozma Temuriy Jaloliddin Iskandar Ibn Umar Shayxning kutubxonasi uchun 813 hijriy yilda koʻchirilgan. Bu qoʻlyozma ham majmua tarkibida boʻlib, nusxaning 3-b – 112-a betlarida keltirilgan. Ritter Nizomiyning “Haft paykar” dostoni tanqidiy matnini ham ana shu nusxa asosida tayyorlagan edi. U ham kichik latif nasx xatida oʻsha davrning anʼanalariga mos did bilan koʻchirilgan. Unda “dol” harfi unlilardan soʻng nuqtali kelishi aniqlangan. Uning muqovalari notoʻgʻri tartibda biriktirilgan. Masalan, 98-betdagi jumlalar 108-betda davom ettirilgan. Qoʻlyozmani yozgan kotib oʻzining yozganlariga koʻp marta qaytadan eʼtibor qaratgan. Dostonning butun bir qismini ikki martta qayta koʻchirgan, ammo u tezda oʻzining xatosini sezgan. Misralar hamma tomondan ramkaga olingan. Yozuvi kichkina chiroyli nasxda yozilgan.

Ayo Sofiya kutubxonasida 4792 raqami ostida saqlanuvchi nusxa hijriy 816 yili Sherozda Asad Ibn Muhammad Al-Kotib tomonidan koʻchirilgan. U “A”harfi bilan belgilanadi. Nafis majmua tarkibidan oʻrin olgan. “Ilohiynoma” 209-a – 555-a sahifalarda koʻchirilgan. Unda ham “dol” harfining unlilardan soʻng nuqtali kelishi koʻrsatib oʻtilgan. Bu qoʻlyozma Temuriy Iskandar kutubxonasiga tegishli boʻlgan boʻlishi ham mumkin. Chunki ikkala qoʻlyozma yozuvlari bir biriga oʻxshash. Bu qoʻlyozmada ham p harfi forscha “pe” orqali “ch” harfi forscha “jim” orqali ifodalangan. Ikkala qoʻlyozma misralari oʻxshash boʻlsa-da, u bu qoʻlyozma ramkaga olinmagan.

Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih kutubxonasida 3673 raqam bilan saqlanuvchi yana bir nusxasi “M” harfi bilan belgilanadi. U 227 varaq nastaliq xatida hijriy 863 yilda koʻchirildi. “Ilohiynoma”ning ilmiy-tanqidiy matni 1940 yili Istanbulda nashr etildi. Nashr olmoncha va forscha kattagina soʻzboshi va boshqa ilmiy koʻrsatkichlar bilan taʼminlangan. Olim Helmut Ritter “Gʻ” 3674 sonli qoʻl­yozma haqida mulohaza yuritib, quyidagilarni bildirib oʻtgan: qoʻlyozmaning 1 – 21-betlari nisbatan yangiroq koʻchirma. Asarning kirish qismi Abu Bakrning maqtovi bilan bosh­lanadi, buni asarning oxirida ham kuzatish mumkin. Bu qoʻlyozma kirish qismi ancha kengroq, “V” Britaniyada saqlanayotgan qoʻlyozmada esa kirish qismi ancha qisqa. Shuningdek, izohlar oʻrin olgan. Helmut Ritter qoʻlyozmalarning har bir sahifasidagi farqlarni bir-biri bilan solishtirib chiqdi. U “Ilohiynoma” asari mazmuni olmon oʻquvchilariga tushunarli boʻlishi uchun uning titul varagʻiga “Xalifaning olti oʻgʻli bilan suhbati” deb yozib qoʻyadi.

“Ilohiynoma” shoirning tasavvufiy qarashlarini sharhlashga bagʻishlangan asar. Helmut Ritter asar ustida fikr yuritib, Attor sheʼriyatning barcha sirlarini yaxshi biladigan sanʼatkor ustoz, uning asarlaridagi kichik hajmli rivoyatlarga tasavvufga xos maʼno va mazmunlarni juda katta mahorat bilan singdira olganini taʼkidlaydi.

Ritter oʻz ilmiy faoliyatida ingliz olimi Rinald Nikolsonning tajribalariga tayanganini taʼkidlaydi. Rinald Nikolson ham sharq adabiyoti bilan juda qiziqib qolgan olimlardan. Ayniqsa, u amalga oshirgan ishlar orasida Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy” asari tarjimasi va sharhi alohida oʻrin tutadi. Olim umrining katta qismini “Masnaviy” asari ilmiy-tanqidiy matnini yaratishga sarflagan. Nikolson Rumiy vafotidan soʻng “Masnaviy”­ning uzoq yillar davomida koʻchirilgan va muzeylarda saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalarini solishtirib, bu asarning ilmiy-tanqidiy matnini yaratdi. Shuningdek, u Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asari ustida amalga oshirgan tekstologik ishlarini ham nashr ettirgan edi. Helmut Ritter Nikolsonning bu ilmiy-tanqidiy matnlar ustida ulkan saʼy-harakatlar olib borganini, oʻziga xos matnshunoslik namunalarini joriy qilganini va ulardan oʻzi ham foydalanganini alohida taʼkidlaydi.

Albatta, Shayx Attor tasavvuf ilmi tarixida shubhasiz katta oʻrin tutgan va uning keng yoyilishiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk siymolardan biridir. Uning serqirra va boy ijodi ilohiy maʼrifat gʻoyalarning nodir xazinasi boʻlib xizmat qiladi. Olmon sharqshunos olimi Helmut Ritterning izlanishlari, haqiqatan, tahsinga sazovordir. Bu izlanishlar koʻplab olimlarni ham qiziqtirib qoʻydi. Attorning maʼnaviy merosini buyuk bir ummon sifatida baholab, unga chuqur shoʻngʻish juda koʻp qimmatli javohirotlarni topish mumkinligini Retterga izdosh olimlar isbot qildilar. Ular Attor asarlaridagi sabr-toqat orqali haqqa, haqiqatga yetish gʻoyasi bilan bogʻliq koʻpgina falsafiy mulohazalar va ibratli hikoyatlarni ham tadqiq etganlar.  Bir necha Yevropa olimlari sharq mutafakkirlari asarlarining oʻquvchilar qoʻliga yetib borishida qilgan xizmatlari tahsinga loyiq. Helmut Ritterning mazkur tadqiqoti ham katta fundamental ish sifatida matnshunoslik va manbashunoslik ilmiga ulkan hissa qoʻshdi, desak xato qilmaymiz. Bu ishni oʻrganish oʻzbek matnshunosligiga ham maktab vazifasini oʻtaydi.

 

Dilshodjon Tangriyev

1992 yili tugʻilgan.

Qarshi davlat universitetining xorijiy tillar fakulteti talabasi.

 

“Yoshlik”, 2018/4

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/attorshunos-olmon-olimi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x