Ijara ijodxona

Bir kuni oqshom koʻylakka dazmol bosayotgan chogʻim hayotimga oʻzgarish kiritgan muhim voqea sodir boʻldi. Toʻgʻri, dabdurust­dan xayolimga kelib qolgan fikr oddiy edi, ammo juda boshqacha, kishini oʻziga tortardi. Erim mehmonxonada televizor tomosha qilib oʻtirardi. Men uning oldiga bordim va xayolimga kelgan gapni aytdim:

– Ijaraga ofis olmasam, boʻlmaydiganga oʻxshaydi?!

Erimga shunday deyishga dedim-u, bu gap oʻzimga erish tuyuldi. Menga ofis nima uchun kerak, oʻzi? Uyimiz bor, tagʻin keng va shinam, yana deng, derazadan dengiz ham koʻrinib turadi. Unda barcha sharoit muhayyo: alohida yemakxona, yotoq, hammom va, bordi-yu, doʻstlaring kelib qolsa, chaqchaqlashib oʻtiradigan xona ham bor. Yana-tagʻin, uyim atrofi bogʻ. Xullas, joy degani tanqis emas.

Lekin hozir bu yerda meni qiynayotgan narsa butunlay boshqa edi: men yozuvchiman. Yoʻq, bunday desam, oʻzimga bino qoʻygan boʻlaman, toʻgʻrirogʻi, goʻyo bu rasmiyatchilik uchun, ishonchsizlik bilan aytilganga oʻxshaydi. Yaxshisi, mana bunday deya qolay: men yozishni mashq qilib turaman. Menimcha, shunisi maʼqul. Xullas, men yozuvchi boʻlishga harakat qilyapman. Hozir aytayotganim oldingilaridan ham oʻtib tushdi. Xuddi men oʻzimni oʻzim kamtar qilib koʻrsatayotgandayman. Xoʻp, nima dey boʻlmasa?!

Umuman, hozir gap bular haqida emas, balki yozuvchining ijod qilish jarayoni toʻgʻrisida ketyapti. Voqealarni birma-bir bayon qilarkansan, ana shu ajib jarayonda soʻzlar sokinlikdan chiqib, dunyoni koʻradi. Kishilar ana shu “soʻz”larni samimiyat va mehr bilan qabul qiladi, kimlardir qaygʻuli “soʻz”lardan koʻzyosh toʻkadi. Yana kimlardir sen toʻqigan baxtli yakundan quvonadi. Shuning oʻzi qanday ajoyib! Bu ijodkor uchun juda yoqimli va qiziqarli jarayon. Aynan nimani yozishingiz masalasi esa qalb amridir. Ijod menga oʻzimni bogʻlab turgan chegaralarning yoʻqolishi, koʻnglimni chogʻ etish va yana… yana koʻnglimdagi dard-alamlarimni sokin bir ovoz bilan chiqarish imkoniyatidir. Ana shu ovoz yupatishdan tolsa-da, baribir sira sizdan nolimaydi, taʼna ham qilmaydi, faqatgina “O, bechoragina!” deydi, xolos.

Endi menga nima uchun ofis kerakligini bilib olgandirsiz. Ha, ijod qilish uchun. Erimga ham shunday dedim. Bu gap “chunki” degan izohini eshitish oson boʻlmagan mavzu ekanini, tagʻin koʻng­limning koʻchasiga “qani, marhamat” deya erk bergandek yangraganini oʻzim ham fahmladim. Hamma ham yozish uchun yozuv mashinkasi yoki hech boʻlmasa qalam, qogʻoz, stol-stul kerak boʻlishini yaxshi biladi. Umuman olganda, bu jihozlar yotogʻimning bir burchagida turibdi ham. Lekin shunday boʻlsa-da, hozir men ofisga ehtiyoj sez­yapman.

Garchi ijaraga olgan xonamni ijodxona qilgan taqdirimda ham u yerda biror narsani doʻndirishimga ishonchim komil boʻlmasa-da, ahdim qatʼiy edi. Ehtimol, u yerda oʻtirib olganimcha, mayli, menga yoqmasa ham devorlarga tikilib oʻtirarman. Ijodxona – men uchun tom maʼnoda oʻzligimni anglatuvchi goʻsha. Ijodxonaga erishish – mening oʻz oldimga qoʻygan behad jiddiy maqsadim. Oʻz-­oʻzidan maʼlumki, erimga bunday balandparvoz gaplarni aytib, izoh berib oʻtirmadim. Umuman, bunday gaplarni aytish niyatim ham yoʻq edi, shu tufayli tushuntirish yoʻli oʻzgartirildi.

Har qalay, uyda erkak kishining ishlashi uchun sharoit yaratilgan boʻladi. Ishxonasida bitirolmay qolgan yozuv-chizuvlarini uyga olib kelsa, unga barcha zarur sharoit muhayyo etiladi. Uydagilar uning ishi muhimligini yaxshi tushunadi va xalaqit qilishmaydi. “Jiring-jiring” qilgan telefonga javob bermaydi, uyda nima qayerda ekani undan soʻralmaydi, yana janjallashayotgan bolalariga qozilik qilishi yoki mushugiga ovqat berishi ham shart boʻlmaydi. U eshigini ichidan berkitib oladi-da, bemalol ishlayveradi. Ana endi ayni shu holatga onani qoʻyib koʻraylik: u ishlash uchun xonasining eshigini ichkaridan qulflab oladi. Onasining ichkarida ekanini bilib turgan bolalar bundan vahimaga tushishi aniq-ku. Eri va farzandlarining risoladagiday yashashiga masʼul boʻlgan ayol shu harakatlari bilan ularni qiynab qoʻymaydimi, bu axir hayotning ming yillik anʼanayu odatlarini buzish boʻlmaydimi? Zero, oilada ayolning burch va majburiyatlari erkak kishinikidan tubdan farq qiladi. Axir, ayol oilada ertalab yuvib dazmollangan kiyimlarni egniga ilib ishga ketadigan va oqshom kelib, tayyor ovqatni yeb, joyiga borib uxlaydigan erkak bilan teng emas-ku. Uyni uy qilib ushlab turgan ayol barini qoʻyib, hech narsaga chalgʻimay, butun fikri yodi bilan uyda ijod qilib oʻtira olarmidi?!

(Mening bir odatim bor: nimadir ustida tortishayotgan mahal munosib javob qaytara olmaslikdan choʻchib, fikrimni obrazli va taʼsirchan iboralar bilan ifodalashga tutinaman. Endigina zamin yuzini koʻrgan yam-yashil maysalar uzra yomgʻir shivalagan, xuddi vaqt toʻxtab qolgandek tuyulgan mana shu bahor oqshomida koʻnglimdagi gaplarni erimga toʻkib soldim-da, dengiz uzra hadsiz mehr bilan yiltirab, oʻziga chorlayotgan shuʼlalarga termulib derazalarni asta ochdim. Nazarimda, uy goʻyo kichrayib, qaytadan yogʻochu gʻishtlarga aylanib qolgandek, ular ham mana-mana qulab tushadigandek tuyuldi. Goʻyo men bu uydagi turmushimni shafqatsizlarcha tashlab ketayotgandek, ichim boʻm-boʻsh boʻlib qoldi. Hozir erimga bildirgan fikrlarim bemaʼnilik hisob­lanib, rad etilishiga ichimda tayyor tursam-da, erkinlik deya bosh koʻtarganimdan qaltirab turgan boʻlsam-da, ammo baribir hayotimda qatʼiy qadam tashlaganimdan oʻzimni kuchli, kishanlardan xalos boʻlgandek his etdim. Birozdan soʻng vujudimdagi bu bezovtalik barham topdi: menga rozilik berildi.)

 – Agar birorta arzonroq joy topsang, marhamat, – bari aytgan soʻzlarimga erimdan bor-yoʻgʻi shu bir jumla javob boʻldi.

 Koʻrinib turibdiki, erimga bu niyatim yoqmadi, shu on mening ohu zorimni eshitib oʻtirishga toqati yoʻq edi. Nima ham derdim, bu qalbi kitobga oshno boʻlmagan insonning munosabati-da. Ijaraga ijodxona olganimdan keyin yozuvchilik faoliyatim qanday davom etadi, davom etadimi oʻzi – unga bularning qizigʻi ham yoʻq edi.

 Hatto mening oʻzim ham vaqt oʻtib, yozuvchi sifatida nom chiqaraman deb oʻylamasdim. Balki oʻsha paytda bu menga erishib boʻlmas orzudek tuyulgandir. Men, qaniydi, moʻynali paltom, olmosli zanjirim boʻlsa, deb oʻylay olaman-ku. Balki, bu taqinchoqlar ayol kishi erishsa boʻladigan buyumlar boʻlgani uchun bemalol orzu qilgandirman. Bolalarim bu qarorimni amalga oshishi mushkul gapdek eʼtiborsizlik bilan qabul qilishdi. Oila aʼzolarimning ishonchsiz munosabatiga qaramay ishga kirishdim: uyimizdan ikki uy naridagi savdo-sotiq markaziga yoʻl oldim. Bir necha oydan buyon u yerdagi dorixona va pardozxona joylashgan binoning yuqori qavati derazalariga ilingan “Ijaraga beriladi” degan eʼlonning menga qanday bogʻliq joyi borligini tushunolmay, negadir oʻsha joyni doimo kuzatib yurar edim. Hozir shu binoning birinchi qavatidan yuqoriga chiqib borar ekanman, nazarimda, bu ishni hech qachon amalga oshirib boʻlmaydigandek tuyuldi. Shubhasiz, ijara oldi-berdisi, tagʻin ofislar masalasida moʻmay daromad degani edi. Tagʻin bu – shunday eʼlonga koʻzingiz tushgach, u yerning eshigini qoqqaningizda “Mana, marhamat, shu joy sizni kutib turgan edi” qabilidagi javobni eshitasiz, degani emas. Ijaraga joy olishni niyat qilgan odamning aniq bir rejasi boʻlishi kerak-da. Ijaraga berayotganlar ham anoyi emas, maqsadlari pul ishlash boʻlsa.

Shunday qilib, eshigini taqillatishim kerak boʻlgan xonodonga kelganimda bunga hojat ham qolmadi. Boʻsh ofislardan birining eshigi ochilib, qoʻlidagi changyutgichini oyogʻiga suyab bir ayol chiqib keldi-da, xolldan oʻtib kiriladigan, binoning orqa tomoniga qaragan eshigi ochiq katta xona tomon ketdi. Ayol eri bilan shu uyda yashar ekan. Ular binoning egalari edilar. Mollilar oilasi binodagi xonalarni ijaraga berish bilan shugʻullanardilar. Men ayolga ijaraga xona olmoqchiman, dedim. U hozirgina tozalab chiqqan xonalar tish doʻxtirlari uchun moʻljallanganini aytgach, u yerga kirib oʻtirmadim. Soʻng ayol menga boshqa xonani koʻrsatadigan boʻldi. Missis Molli meni koʻrib, toʻxtab qoldi, changyutgichini hali xonasiga olib kirishga ham ulgurmagandi. Changyutgichni joyi­ga olib kirib qoʻyay, boʻsh xonaning kalitini olib chiqaman, dedi, meni ham ichkariga taklif qildi va bemalol kiraverishimni, bezovta qilishim mumkin boʻlgan hech kim yoʻqligini qoʻshib qoʻydi.

Qora sochli bu missis Molli, ehtimol, qirq yoshlarida jozibali ayol boʻlgandir. Uning ayolligini eslatib turuvchi nomiga surilgan qip-qizil lab boʻyogʻi, pushtirang jun shippak, nazokat bilan oʻzini magʻrur tutishi – shu jihatlari bilan kishini haliyam biroz oʻziga jalb qilardi. Ruhi siniq, hayotning achchiq-chuchugini koʻp totgan, jonsarak koʻrinardi. Bu esa sal narsaga kaltaklayveradigan, badjahl va ichkilikboz odam bilan umrini oʻtkazganidan dalolat berib turardi. Men dastlab koʻrganimdayoq ayolning qanday kunlarni boshidan kechirganini sezgan boʻlsam-da, oʻzimni hech bir narsadan xabari yoʻq odamdek tutdim, albatta. Shunday er bilan yashab, yana qoʻshimcha tashvish orttirmay deb bola koʻrishni ham istamagan boʻlsa kerak, degan xayolga ham bordim. Ha, yanglishmab­man, chindan ham, uning farzandi yoʻq ekan.

Menga koʻrsatilgan xona mehmonxona bilan ofis­ning qorishmasi ekani shundoq koʻrinib turardi. Ichkari kirishim bilan dastlab koʻzimga tashlangan narsalar – XV–XVII asrlarga mansub katta ispan dengiz kemasi va yana sal moʻjazroq qadimiy kema maketlari, stol ustida qirolicha Mariya byusti, enli deraza rafi va televizor boʻldi. Kema maketlaridan ortgan joylarga gulli gultuvaklar qoʻyilgan, qolgan joylarda esa xitoycha uslubda yasalgan bugʻu kallasi, birinj otlar va katta-katta yaltiroq tamakidonlar qalashib yotardi. Devorga suratlar va allaqanday diplomlar ilib tashlangan edi. Suratlardan biridan jingala jaydari it bilan buldog erkak va ayol libosida qarab turardi (itlarga bunday ortiqcha mehr-oqibat odamning ensasini qotirar ekan). Surat ostida shunday bitik bitilibdi: “Qadrdon doʻstlar”. Ana shu aralash-quralash ashyolar orasida zarhal ramkaga solingan bir portret yarq etib ajralib turar edi. Bu yozuv stolida oʻtirgan, qora kostyum-shimli, aftidan, avji ish faoliyati gullab-yashnagan, oʻrta yoshlardagi, oq-sariqdan kelgan, sargʻish soch, istarasi issiq odamning portreti edi. Menga portretning bu xona devoriga ilinishi nomutanosib tuyuldi. Oʻzi notanish odam boʻlsa, oʻzicha kimgadir nimanidir isbotlash uchun ijaraga beriladigan joyga portretini osib oʻtirsa… bu hol portret egasiga begona kishi uchun gʻalati koʻrinishi aniq. “Xoʻsh, nima qipti, men oʻzi shunaqaman” qabilida ish tutish, faqat oʻzinikini toʻgʻri hisoblab, koʻngliga kelganini qilish – borib turgan tentaklikdir.

Menga nima, bu Mollilarning ishi boʻlsa. Garchi bu joy shifokorlar uchun moʻljallanib ikkiga ajratilgan va menga keragidan ham kattalik qilsa-da, baribir, kirganimga hech qancha oʻtmay xona menga yoqib qoldi.

– Bir vaqtlar bu yerni xiropraktor[1] ijaraga olgan edi, – dedi missis Molli negadir afsus bilan, – biroq u ketgan, – qoʻshib qoʻydi bu mavzuda ortiq gapirgisi kelmay.

Devorlar koʻzni qamashtirib yuboradigan kulrang aralash oq tusda edi. Ayni vaqtda bu xonaga talabgor birorta shifokor chiqmagani va missis Mollining oʻzi bir qancha vaqtdan buyon xona boʻsh turganini yashirmaganini inobatga olib, men bir oyga yigirma besh dollar ijara haqini taklif qildim. Missis Molli buni eri hal qilishini aytdi.

Kelgusi safar kelganimda ularga taklifim maʼqul tushganini bildim, shunda men mister Molli bilan yuzma-yuz koʻrishdim. Oʻtgan safar xotiniga aytganimdek, unga ham men ofis sifatida ijaraga olayotgan xonada doimo boʻlmasligimni, balki dam olish kunlari, ora-sira oqshom paytlari kelishimni tushuntirdim. Mister Molli xonani asli nima maqsadda ijaraga olayotganim bilan qiziqdi, garchi uning bu savoliga javob bergim kelmasa-da, lekin javob qaytarishga majburligimdan, stenografiya bilan shugʻullanaman, deb qoʻya qoldim. Mister Molli javobimdan xursand boʻldi, qiziqib, yana meni soʻroqqa tutdi:

– E, siz hali yozuvchimisiz?

– Ha, shunday.

 – Unday boʻlsa, sizga qoʻlimizdan kelgan barcha sharoitni muhayyo qilib beramiz, – dedi u ochiq chehra bilan. – Men oʻzim hobbilarga mukkasidan ketgan odamman. Mana shu kema maketlarini ham oʻzim yasaganman. Oʻzingga yoqadigan mashgʻulot bilan shugʻullanish toliqqan asablarga huzur bagʻish­laydi. Odamlar asablarini asrash uchun birorta narsa bilan mashgʻul boʻlganlari durust. Mana, siz ham hobbi ketidan quvadiganlardan ekansiz.

– Xuddi shunday, – deb javob berdim uning gaplarini maʼqullab. Mening shuncha harakatlarimni shunchaki hobbi deb tushunganidan yengil tortdim.

“Bolalaringizga kim qaraydi, mabodo bunga eringiz qarshilik qilmaydimi?” deya soʻraydimi, deb kutgandim, yoʻq, xayriyat, indamadi. Koʻz oldimda turgan mister Molli portretdagi mister Mollidan ancha farq qilar edi. Oradan oʻtgan oʻn, ehtimol, oʻn besh yil bu odamni ancha muloyim­lashtirib qoʻygani koʻrinib turardi. Mister Mollining oyoq va boʻksalari shu qadar beoʻxshov semirib ketganidan hansirar, qorni shishib turgan par yostiqdek qappaygan, homilador ayollarga oʻxshash harakatlari ham sust edi. Endi uning sochlariga oq oralagan, koʻzlari xiralashgan, yuziga ajin tushgan, yoshlikdagi choʻrtkesarligi ezmalikka aylangan edi. Men unga ortiq eʼtibor qilmadim. Zotan, bu xonani odamlarning tabiatini oʻrganish uchun ijaraga olayotganim yoʻq.

Shunday qilib, hafta oxirida menga rozilik bergan oilamning yordamisiz ofisimga koʻchdim. Bu yerga yozuv mashinkamni, gʻildirakli stolini, stul, yana ixchamgina yogʻochli stolcha ham olib keldim; bu stolchaga plita, chovgum, bir shisha qahva, qoshiqcha va sariq finjon qoʻyishni moʻljalladim. Bor budim shulargina edi. Xonam devorlariga hech nima qoqilmaganidan, keltirgan arzimas buyumlarimdan butunlay qoniqqan edim: bular tinimsiz chang artib, yigʻishtiraverishga zarurat tugʻdirmas edi.

Bunday kamtarona manzara mister Molliga maʼqul kelmadi. Men narsalarimni joylab boʻlganimdan hech qancha oʻtmay, u eshikni taqillatdi. Ayrim narsalarga oydinlik kiritib olish niyatida ekan. Xona qorongʻilik qilmayaptimi, tashqaridan yetarlicha yorugʻlik tushayaptimi, xonaning harorati moʻtadilmi, derazalar ustidagi jajji soyabon tomlar quyoshdan yaxshi pana qilyaptimi – meni mutlaqo qiziqtirmaydigan mana shunaqa mayda-chuydalarni oydinlashtirib olmoqchi ekan. Yana buyam kamlik qilganday, barcha narsalarga oʻychan qarab chiqdi-da, fikrini aytdi: bunday sharoit mendayin lediga munosib emasmish.

– Aksincha, bu joy menga juda maʼqul, – dedim unga. Shu javobim bilan uni tinchlantirdim, deb oʻyladim va endi xonadan chiqib ketar deb umid qildim.

Men, albatta, unga koʻnglimdagi gapni aytmadim. Oʻzi, shunday noqulay vaziyatlarga duch kelib qolsam, jinim suymagan odamlar bilan gapni qisqa qilish uchun hamisha shunday yoʻl tutaman. Baʼzida xushmuomalalik bilan izzatini joyiga qoʻysam, bundaylardan tezroq qutulaman, degan anoyilarcha umidga ham berilaman.

– Ilhom kelishini poylab turganingizda, yumshoqqina kresloda oʻtirishga nima deysiz? Birinchi qavatda oʻtgan yil onam vafot etganidan keyin qolgan kreslolar yotibdi, istaganingizni tanlab olsangiz boʻladi. Uyning bir burchagida hech kimga nafi tegmay qancha gilamlar ham uyilib yotibdi. Biz xonangizga gilamlardan bittasini olib chiqib, toʻshab qoʻysak ham boʻladi, shunda oʻzingizni uyingizda yurgandek his etasiz.

– Ovora boʻlmang, – dedim, – bu joy menga qanday boʻlsa, shundayligicha yoqyapti, gapim rost.

– Agar siz derazalarga parda ilaylik, desangiz, mayli, olib beraman. Bu xona uchun yorqin ranglar kerak, bunday diqqinafas xonada oʻtiraverib siqilib ketasizmi, deb qoʻrqayapman.

– O, aslo, – dedim men kulib, – ishonchim komil, bunday boʻlmaydi.

– Agar siz erkak kishi boʻlganingizdayam bosh­qa gap edi, lekin siz ayolsiz. Ayollar qulaylikni yaxshi koʻradi.

Axiyri oʻrnimdan turib, deraza oldiga bordim. Derazaning tashqi tomonidan tutilgan gorizontal qavatli ochilib-yopiladigan yelim panjaradan pastga, shanba kunidagi boʻm-boʻsh koʻchalarga termildim. Xayolimda uning loʻppi yuziga qarab zahar sochishdan oʻzimni tiyib, qanday qilib vazminlik bilan javob bersamikin, deb tursam-da, tilim qursin, ichimdagini sirtimga chiqarib yubordi:

– Mister Molli, iltimos, bunday narsalar bilan meni boshqa bezovta qilmasangiz. Bu sharoit meni qoniqtiradi, deb sizga aytdim-ku, axir. Menga nimaiki zarur boʻlsa, bari yetarli. Yorugʻlik haqida qaygʻurganingiz uchun rahmat.

Lekin natija men kutganimday boʻlib chiqmadi, u meni yaxshigina uyaltirdi:

– Tabiiy, sizga xalal berishni xayolimga ham keltirganim yoʻq, – javob qaytardi mister Molli dangal, ovozida xafagarchilikdan asar ham yoʻq edi. – Bu gaplarni faqat sizning foydangizni koʻzlab gapirdim, xolos. Oʻrningizda boʻlganimda, axir menga qulaylik yaratib berish­yapti-ku, deb indamay xonadan chiqib turgan boʻlardim.

Mister Molli chiqib ketgandan soʻng oʻzimni ancha yaxshi his qildim. U gapning indallosini aytib, meni uyaltirganiga qaramay, erishgan gʻalabamdan xursand edim. “Hozir u bilan chaqchaqlashib oʻtirib, keyin ertaga undan qutulolmay, boshimga balo orttirganimdan koʻra hozirdanoq vaqtimni olishlarini suymasligini bildirib qoʻyganim maʼqul”, dedim oʻzimga oʻzim.

Kelgusi hafta eshigim tagʻin taqilladi. Ochsam, ostonada yana mister Molli turibdi. Xuddi meni mazax qilayotgandek, oʻzini bechoraga solib olibdi; ehtimol, rol oʻynamayotgandir, lekin endi bunga ishonarmidim.

– Tashvish chekmang, men sira vaqtingizni olmoqchi emasman, – dedi. – Aslida sizga qiyinchilik tugʻdirish niyatim yoʻq edi. Oʻtgan safar sizni ranjitib qoʻyganim uchun uzr soʻray deb keldim, xolos. Meni kechiring. Qabul qilsangiz, aybimni yuvish uchun sizga arzimas bir sovgʻa olib kelgandim.

U xonaga men nomini ham bilmaydigan allaqanday gul koʻtarib kirdi. Pushti va oq zar qogʻozlar bilan qalin qilib oʻralgan tuvakdagi gulning zich oʻsgan barglari yaltirab turar edi.

– Manavi yerga qoʻyib qoʻyamiz, – dedi u gulni xona burchagiga olib borib. Menga ham gul uchun shu joy maʼqul koʻrindi. – Oramizda hech qanday dilgirlik boʻlishi kerak emas. Toʻgʻri, oʻsha kuni ayb mendan oʻtdi. Mayli, xona jihozlanishini xohlamasa-xohlamas, keyin oʻyladim oʻzimcha, biroq gul noqulaylik tugʻdirmas. Aksincha, gul ilhom bagʻishlaydi.

Qaniydi, shu dam yurak yutib: “Menga gul mutlaqo kerak emas!” deya olsam. Chunki negadir xonaki gullarni xushlamayman. U menga gulni qanday parvarish qilish, necha kunda suv quyish, xullas, shularni oʻrgatdi. Tabiiyki, men unga tashakkurimni aytdim. Ha, ayni vaziyatda uning hadyasi, ezmalangan uzrxohligidan koʻnglim ozib, bazoʻr tingladim va rahmat aytdim. Nima qilay,­­ boshqa ilojim ham qolmagandi-da. Mister Molli yana boshqatdan, meni maʼzur tuting, qalbingizga ozor berdim, kabi ezma gaplari bilan suhbatni ulashga tushdi. Biroq men darhol hayotimda oʻtgan xoh yaxshi, xoh yomon voqealarni hadeb eslayvermasligimni aytib, uning ogʻziga urdim. Toʻgʻri-da, men unga kim boʻlibmanki, u mening “qalbimga ozor bergan” boʻlsa. Shunday xayol qilib oʻtirarkanman, yuragim siqildi: endi xirapashsha mana shu mister Mollidan qanday qilib qutularkinman-a.

– Ishlaringiz siljib qolgandir? – soʻradi u oʻrtadagi koʻngilsizlikni unutib.

– Ha, ketyapti.

– Shunday deng, mayli… Ha-ya, mabodo yozay deganingizda gʻoya tugab qolsa, menga murojaat qilavering. Menda gʻoya deganingiz gʻij-gʻij. – U jim boʻlib qoldi. – Qarang-a, sizning vaqtingizni olyapman, – dedi yasama achinish bilan.

Bu gapni shunchaki oʻsmoqchilab aytdi va men­dan kutgan javobini ololmadi. Burchakni butunlay egallab olgan gulga qarab miyigʻimda kuldim, bu – uning oxirgi jumlasini tasdiqlaganim edi.

Hozir bu xonani sizdan oldin ijaraga olgan xiropraktor yigit xayolimga keldi. U haqda kitob yozsangiz ham boʻladi.

Qoʻlimdagi kalitni oʻynashdan toʻxtab, uning gaplarini tinglashga tutindim. Jurʼatsizlik tabiatimdagi katta qusurlardan edi. Qiziquvchanlikka kelsak, bu endi mutlaqo boshqa masala.

– Oʻsha yigitning qoʻli gul ekan deng, mana shu xonada katta ishlar qildi. Javonga bilimini oshiradigan kitoblarni taxlashdan koʻra bu joyni oʻzicha oʻzgartirishni maʼqul koʻrdi. Oʻzgartirganda ham oʻng-chapiga qaramay oʻzgartirgan. Men u joylashgandan ancha keyin kirdim. Oʻshanda qanday manzaraning ustidan chiqqanman, bilasizmi? Xonaning ovoz oʻtkazmaydigan qoplama bilan oʻrab chiqilganiga hayratda qolganman! Butun devor ovoz oʻtkazmaydigan qoplama bilan oʻrab chiqilibdi-ya. Tagʻin buni hech kimning yordamisiz, yolgʻiz oʻzi uddalaganini aytmaysizmi. Siz hikoyalaringizni yozib oʻtirgan mana shu xonani-ya. Biz buni qanday bilib qoldik, deng. Bir kuni notanish xonim eshigimni taqillatdi. Xonim mening kalitim bilan xiropraktor eshigini ochib berishimni soʻradi. Soʻrasam, u eshigini ochmayapti, deydi. Men boʻlsam vaqtida xiropraktorimiz bu xonimni davolagandir, ayol qayta davolanmoqchidir, deb taxmin qilib oʻtiribman. Xonimning ayni yetilgan, durkun vaqti deng, shifokor yigitimizning ham ayni qirchillama payti. Gap qayoqqa borayotganini oʻzingiz ilgʻagandirsiz. Tagʻin, u yigitning yoshgina ajo­yib xotini, koʻrsangiz suqingiz kiradigan ikki farzandi bor-a. Nafsi buzuq odamlar bu dunyoda ayshini ana shunday surib yuraverar ekan-da.

Menga, mister Molli bu voqeani shunchaki gʻiybat uchun emas, balki yozuvchi bunday gaplarni eshitishga juda ishtiyoqmand, deya oʻylab aytib berganini birmuncha vaqtdan soʻng angladim. Yozuvchilik deganda erkak bilan ayol oʻrtasidagi nozik munosabatlarni tasavvur qiladi, shekilli. Garchi bu hatto eʼtibor berishga ham arzimaydigan oʻta joʻn fikr boʻlsa-da, yana bunda yoshlikni qoʻmsash sezilib tursa-da, baribir bu hol menga, hozir zoye ketayotgan vaqtlaring uchun isyon qilsang-chi, degandek boʻlardi. Lekin hozirdan koʻra ertani oʻylab tilni tiyish zarurligini yaxshi tushunar edim. Bir achchiq gap bilan manavi misterning tanobini tortib qoʻyaman, deb yoʻl tutishim ayni damda katta xatolikka yoʻl qoʻyganim boʻlar edi.

 Bu hafta menga choynak hadya qilindi. Ishlayotganimda faqat qahva ichishimni, yaxshisi, buni missis Molli olgani maʼqul, deb turib oldim. Gapni qarang, asabiy odamlar uchun qahvadan koʻra choy foydaliroq emish va men mister Molliga oʻxshagan asabi chatoq inson ekanman. Atirgullar rasmi chekilgan, yaltiroq zarlar bilan zeb berib ishlangan choynak juda xunukligiga qaramay, baribir qimmatbaholigi bilinib turardi. Yana noiloj qolib, choynakni oldim va uni stolim ustiga qoʻydim. Keyin nima qilarimni bilmay, xonamning burchagini egallab yotgan gulning barglari changini tozalashga tushdim. Yoʻq, u xonamda boʻlsa, qanday qilib yozaman? Yana hotamtoy mister Molli mayda-chuyda yengil chiqindilarni tashlash uchun ichi va sirtiga xitoycha bitiklar bitilgan ajoyib idish berdi. Tagʻin kreslom uchun teshik-teshik yumshoq rezina yostiqcha ham olib keldi. Mana shu saxovat orqasidan unga meni ishlagani qoʻying, deb shartta gapirolmayotganim uchun oʻzimdan oʻzim nafratlanib ketdim. Bu sermulozamat kushandaning yuziga eshikni yopib qoʻya olmayotganim uchun, ijodxonamga kirishiga yoʻl qoʻyayotganim uchun bezovta boʻlardim, uni koʻrishga koʻzim, otishga oʻqim yoʻq edi. Oʻz navbatida, mister Mollidek odam ham mana shu shaqir-shuqurlari bilan mening toqatimga tovon toʻlayotgani va faqatgina gaplarini tinglab oʻtirishim uchun shuncha ter toʻkayotganidan ham mendan nafratlanayotgani turgan gap edi.

Mana, endi u menga oʻz hayotini hikoya qila bosh­ladi va, qarabsizki, shu bilan yana xonamda qoldi. Bundan maqsadi aytib berganlarimni axiri bir kun kitob qilar, degan ilinjda boʻlgani ravshan edi. Ehtimol, huda-behudaga yuzlab odamlarga oʻz hayot qissasini gapirib chiqqandir. Mayli, bularni yozishimga koʻzi yetmas, ammo bu safargi bayon oʻzgacha ruh bilan badiiy talqin etildi. Aksariyat insonlardan farqli oʻlaroq uning peshonasiga musibatlar izma-iz bitilgan ekan. Omad yuz oʻgirib, ishlari orqaga ketganda birodarlari uni tashlab ketgan ekan. U sidqidildan yordam qoʻlini choʻzgan, hamisha qoʻllab-quvvatlab kelgan doʻstlari boʻlsa, eh, ular unga xiyonat qilgan ekan. Boshida tegirmon toshi yurgizilgan oʻsha ogʻir damlarda kimlar deng, oʻzi biror marta boʻlsin, koʻrmagan, tagʻin uni mutlaqo tanimagan odamlar koriga yaragan ekan. Mana shu jabru sitamlar tufayli ham uning umri ming bir qiyinchiliklar ichida oʻtgan ekan. Yana deng, bu musibatlar uning jufti haloliga oʻz asoratlarini qoldirmay qoʻymabdi: sogʻligʻidan putur ketibdi, asablari tamom boʻlibdi. Xoʻsh, u qanday qilib shunday koʻrgiliklarni ortda qoldirib, mana shunday dorilamon kunlariga yetib kelibdi?

– Bu jumboqning yechimiga siz oʻz koʻzlaringiz bilan shohid boʻlib turibsiz, – dedi va qoʻllarini tepaga koʻtarib ishora qildi. – Ha, nimaiki boʻlmasin, men hayotning shafqatsiz sinovlaridan oʻta oldim.

Mister Molli zoʻr umid bilan oʻzini tasdiqlashimni kutib, menga qarab turardi, afsus­ki, bunday boʻlmadi.

Bu hafta kelganimda zinalardan oyogʻimning uchida, ohista yurib chiqdim, eshikni ochayotganda ham kalitni avaylab buradim. Xoʻp, endi, yozuv mashinkang chiqillab, egam keldi, deb ovozini chiqarib tursa, kimdir shu tobda bu ehtiyotkorliging kimga kerak desa-chi?! Mashinkada emas, qoʻlda yozsammikan, deb bosh qotirdim, anovi xiropraktordek devorlarga ovoz oʻtkazmaydigan qoplama qop­lasammikan, deb xayol qildim. Oʻzimni boshi berk koʻchaga kirib qolgandek his etib, axir biror fikr chiqar, deya erimga yorildim. “Shu ham muammo boʻldi-yu”, degandek, erim shunday yechim taklif etdi:

– Kechirasiz, hozir band edim, de, boʻldi, – aql oʻrgatdi.

– Hamma gap ham shunda-da! Doim qoʻlida biror sovgʻa boʻladi. Yo boʻlmasam, allaqanday bahona bilan kelib, eshigimni taqillatadi, keyin hol-ahvol soʻraydi. Men unga gapni qisqa qilib, hozir vaqtim yoʻq, yozayotgan edim, deb suhbatlashish mavridi emasligini oshkora bildiraman. Qani endi, oʻsha Molliga gap taʼsir qilsa. Figʻonimni chiqarib, xonangizga birrov kirsam degandim, uncha vaqtingizni olmayman, deydi bezbetlarcha. U hamisha xayolimdan oʻtayotgan gaplarni, tagʻin ijodxonamga kirib kelmasin-da, ishiqilib, deb qoʻrqib turishimni ham biladi. Bilib turadi-yu, baribir yuzingda koʻzing bormi, demay bostirib kelaveradi.

Bir kuni qorongʻi boʻlguncha ishlab, uyga qayt­dim. Qarasam, pochtadan joʻnataman, deb yozib qoʻygan xatimni ofisda qoldiribman, uni olib kelish uchun ortimga qaytdim. Mollilar koʻchasiga yetib borganimda, derazadan ijodxonam chirogʻi yoniq turganiga koʻzim tushdi. Yana deng, mister Molli mashinkam ustiga egilib olgan edi. Demak, u kechalari kirib, yozganlarimni doim mana shunaqa qilib oʻqib yurgan! U oyoq tovushlarimdan kelayotganimni bildi, chunki men xonaga kirganimda u oʻzi bergan savatchaning ichini boʻshatayotgan edi. Qaranglar-a, bu kishim xonani men uchun saranjomlab qoʻyayotgan ekan. Oʻsha safar boshimni qotirmay, darhol chiqib ketdi. Unga hech narsa demadim. Unga biror nima demadim-u, ammo gʻazabdan titrab ketdim. Lekin shu chogʻ ichimda mamnuniyat his qildim. Axir, bu mister Molli deganlarini shunday voqea ustida ushlash – shu qilmishi tufayli yuziga eshikni tars yopib qoʻyishim uchun zoʻr imkoniyat paydo boʻlgan edi.

Shunday qilib, kelgusi hafta eshik ichidan qulflab oldim. Biroz oʻtib, mister Mollining oyoq tovushlari, soʻngra eshikning ohista, taqillashi eshitildi. Men hech narsa eshitmayotgandek, mashinkamda chiqillatib yozib oʻtiraverdim, ora-sira toʻxtab ham qoʻyardim. Shuning uchun mister Molli men eshik taqillaganini eshitganimni bildi. Eshik ochilavermagach, oxiri meni chaqirdi. Biroq men javob bermasdan indamay oʻtiraverdim. Aslida bunday bezbetlikka chiday olmasdim, nima qilay, joyimdan jilmay oʻtiraverdim. Shu kuni, xayriyat-e, dunyoda quyoshning issiq tafti ham bor ekan-ku, dedim: nihoyat ijodxonamda asabim buzilmay, bamaylixotir ishlashga muyassar boʻldim.

Ammo buning oqibati keyin qanday boʻlishini oʻylab koʻrmagan ekanman. Ishlarimni yakunlab, endi eshikni qulflamoqchi edim, shunda eshikka yopishtirilgan, mister Molliga bir uchrashib ketsam, boshi koʻkka yetishi yozilgan qogʻozga koʻzim tushdi. Mayli, boʻlar ish boʻldi, shu bilan bunga nuqta qoʻya qolay, deb uning xonasiga yoʻl oldim. Borsam, u stol yonida, oʻzi maxsus almashtirgan chiroqning xira nurida oʻtirgan ekan. Eshikdan kirmasimdanoq, goʻyo men uning arpasini xom oʻrgandek, qovogʻini uyib, chimirildi, soʻng gapini yozuvchiligimni bilib, meni ijaraga qoʻyganidan boshladi.

– Sizga aytsam, yozuvchi va sanʼatkorlar qanday toifa odamlar boʻlishini koʻp va xoʻp eshitganman. Albatta, bunday odamlarga aslo ragʻbatim boʻlmagan. Lekin men shunga qaramay, Molli, hamma bir xil emas-ku, deb sizga xona berdim. Ha-ya, ularning qandayligini oʻzingiz ham bilasiz.

Ochigʻi, gap nima haqida ketayotganini anglolmay qoldim.

– Oʻzingiz mening huzurimga kelib, mister Molli, ijod qilishim uchun ijaraga xona olmoqchiman, dedingiz. Men esa soʻzlaringizga ishonib, mana sizga xona, mana barcha sharoit, dedim. Mana, men ana shunday odamman. Biroq siz shunga munosib yoʻl tutmadingiz. Hozir meni qattiq oʻylantirayotgan, aniqrogʻi, lol qoldirayotgan ishni oʻzingiz ham sezib turibsiz.

– Nima lol qoldiryapti? – soʻradim men.

– Meni sizning xatti-harakatlaringiz hayron qoldiryapti. Eshikni ichidan qulflab olib, taqillatishsa, ochmasligingiz, bir oʻylab koʻring-chi, oʻziga toʻgʻri odamning ishimikan? Agar ichkarida yashiradigan holat boʻlmasa, albatta. Erim, bolalarim bor, degan xurlik ayol ijaraga ofis olib, mashinka chiqillatib oʻtirishi toʻgʻrimi?

– Siz mening xayolimga ham kelmagan…

U qoʻlini koʻtarib, toʻxtang-toʻxtang, deya ishora qildi.

– Endi asosiy gapga yetib keldik, sizdan soʻralayotgan birgina iltimosim, men bilan toʻgʻrisoʻz boʻlib, hech narsani yashirmasangiz. Menimcha, kamina bunday ishonchga ancha-muncha munosibman. Siz ofisdan oʻzga bir maqsadda foydalanayapsizmi yoki bu boshqalardan sir tutilishi kerakmi, doʻstlaringiz yoki, umuman, kim boʻlishidan qatʼi nazar, birortasi sizni koʻrishga kelayaptimi?! Men shulardan voqif boʻlib turay, maʼqulmi?

– Tushunmadim, siz nimani nazarda tutyapsiz?

– Sizning yozuvchiman, degan daʼvongiz esa keyingi masala. Men gazeta jurnallarni koʻp oʻqiyman, lekin buni qarangki, sizning ismi-sharifingizga koʻzim tushmagan ekan. Balki, hikoyalaringizni boshqa nomda chiqararsiz?

– Yoʻq, – javob berdim men.

– Toʻgʻri, men hali nomini ham eshitmagan yozuvchilar bor, albatta, – dedi muloyimlashib. – Mayli, buni qoʻyaylik. Hozir siz menga boshqa firib bermaslikka, egallab turgan ofisingizda ayol kishining shaʼniga nomunosib ishlar bilan shugʻullanmaslikka vijdonan soʻz bersangiz.

Nimalar deb aljirayapti bu odam? Yoʻq, qandayligi peshonasiga yozib qoʻyilgan shu odamdan ahmoq boʻlib, qanaqa aqlli gap kutib oʻtirdim oʻzi? Yoʻq, endi bunisi hammasidan ham oshib tushdi. Uning quyushqondan chiqib, gapirgan gapi qonimni qaynatib yubordi. Hoziroq oʻrnimdan turib, bu yerdan chiqib ketmasam boʻlmaydi!

 Xolldan yurib oʻtarkanman, u ortimdan vaysaganicha qoldi. Men uning oldidan jahldan boʻgʻilib, ofisi boshida qolsin, ketaman, deb chiqib ketdim. Biroq mana, hozir ijodxonamda oʻtirib, oldimda sevimli ishimni koʻrib, bu xona men uchun qanchalik qadrli ekanini, bu yerda ilhom bilan ishlaganimni anglab yetdim. Angladim-u, endi yutqazmaslikka ahd qildim. Nihoyat, oʻrtamizda nizodan boshqa narsa qolmadi. Men bemalol eshikni qulfladim, uning eshikka yopishtirib ketgan “xat”lariga eʼtibor bermaslikni ham epladim hamda yuzma-yuz kelganda begonaday indamay oʻtib ketish ham qoʻlimdan keldi. Ijara haqini boʻlsa ortiqcha toʻladim va menga agar oyning oxiriga yetmay chiqib ketadigan boʻlsam, toʻlagan pulimdan bir sent ham qaytarib berilmasligi aytildi. Bunga qarshilik qilmadim. Endi mister Molli oʻqimasin deb har kuni qoʻl­yozmalarimni uyga olib ketadigan boʻldim. Ana shu ehtiyotkorligim menga pand berganga oʻxshaydi. Mayli, shu oʻqisa oʻqiyversin edi, qorongʻida timirskilanib yurgan sichqon bilan nimadir oʻzgarib qolarmidi?

Bundan soʻng eshigimga yopishtirilgan qaydlarga bir necha bor koʻzim tushdi. Men oʻqimayman deb ahd qilardim-u, lekin baribir oʻqishga majbur edim. Mening ayblarim salmogʻi kundan-kunga ogʻirlashib bormoqda edi. Xatlarda yozilishicha, xonamdan erkak kishining ovozini eshitibdi, azbaroyi shovqindan rafiqasi kunduzlari dam ololmayotgan emish (tavba, dam olish kunlarini aytmaganda hech qachon kunduzi (?) bu yerga kelmaganman-ku). Yana u axlat chelakdan vis­kining shishasini topibdi.

Anavi xiropraktorga havasim keldi. Ha, bu yerda mister Mollining dahmazalariga bardosh berib oʻtirish oson emas ekan.

Garchi uning “xat”lari orqali oʻrtadagi adovat ortib borayotgan boʻlsa-da, yuzma-yuz toʻqnashuvlarimiz barham topgan edi. Ahyon-ahyonda xollga kirib kelayotganimda koʻrib qolmasin deb mendan berkinib engashganicha orqasiga qaytib ketayotganiga koʻzim tushib qolardi. Asta-sekin­ oʻrtamizdagi bu munosabatlar gʻaroyib tus oldi. Endi mister Molli eshigimga yopishtirib ketayotgan xatlarida meni “Nyumero-Sink” xoʻrandalari bilan “apoq-chapoq” boʻlayotganimda ayblay boshladi. “Nyumero-Sink” shu atrofdagi qahvaxona boʻlib, nazarimda, azbaroyi kimni topishni bilmaganidan shu joydagi xoʻrandalarni roʻkach qilgan. Boʻldi, mister Molli men uchun asrab qoʻygan gaplarini mana shunday yozaveradi, yozgan sari bu xatlarning menga taʼsiri yoʻqolib boraveradi, xullas, bu mashmasha shundan u yogʻiga oʻtmaydi, deb oʻyladim.

Yakshanba kuni soat oʻn birlar chamasi mister Molli eshigimni taqillatdi. Men endigina kelib paltomni yechib, elektr plitasidagi chovgumga suv quyayotgan edim.

Eshikni ochdim. Bu safar uning yuzi oʻzgacha qiyofa kasb etgan edi: meni ayblaydigan dalil topgandek yuzi xursandchilikdan porlab, sovuq irshayib turardi.

– Sizga malol kelmasa, – dedi u hayajon bilan, – hozir men bilan yursangiz degandim.

Yana nimani oʻylab topdi ekan, deya ortidan ergashdim. U meni hojatxona oldiga boshlab bordi, u yerning chirogʻi yoniq edi. Bu hojatxona men ijaraga olgan xonaga tegishli boʻlib, u yerga mendan boshqa hech kimsa kirmasdi. Biroq menda hojatxona kaliti yoʻq boʻlib, doimo ochiq turar edi. Mister Molli hojatxona eshigi oldida toʻxtadi-da, eshikni itardi va indamay, xoʻmra­yib turib qoldi.

– Xoʻsh, manavi kimning ishi? – soʻradi u ranjigan ovoz bilan.

Hojatxona va qoʻl yuvish xonasining devorlari aji-buji rasmlar chizilib, har xil yozuvlar yozib tashlangandi. Odatda plyaj yoki men voyaga yetgan moʻjaz va koʻrimsiz shaharlar aksariyat jamoat joylaridagi umumiy hojatxonalarida shunday manzarani kuzatish mumkin edi. Aksar devorga lolab bilan yozilgan boʻladi. Odatda shanba kunlari tuni bilan doʻkonlar atrofida sanqib yuradigan biror daydi kirgan boʻlsa bordir, deb oʻyladim oʻzimcha.

– Hojatxona doim ochiq turadi, aslida kech kirgandan keyin qulflab qoʻyish kerak, – tezroq shu vaziyatdan qutulish uchun qatʼiy ohangda sovuqqonlik bilan dedim men. – Biror daydi bezori tunda kirib, devorlarni bezab chiqibdi, koʻrinib turibdi-ku.

– Bu, shubhasiz, bezorilik. Balki, siz doʻstlaringizga atab hazil qilgandirsiz. Ammo mening nuqtai nazarimda, bu juda qabih ish. Ertalab oʻzingga tegishli mulkning eshigini ochsang-u, shunday manzarani koʻrsang… Agar bilsangiz, bu juda yoqimsiz, albatta.

– Lab boʻyogʻi ekan, yuvsa, ketadi.

– Rafiqam bunga guvoh boʻlmaganidan astoydil quvondim. Yaxshi tarbiya koʻrgan pokiza ayol bunday holdan ranjishi turgan gap. Xoʻsh, doʻstlaringizni chelak-lattasi bilan bu yerga bir vaqtichogʻlik qilishga taklif etsangiz qanday boʻlarkin? Men bunday odamlarning oʻyin-kulgisini koʻrishga qarshi emasman.

Endi xonamga qaytaman deb bir qadam tashlaganimni bilaman, u halloslab oldimga chiqdi va yoʻlimni toʻsib oldi.

– Devorda bunday manzaraning shu tarzda namoyish etilishi menga kundek maʼlum.

– Mabodo buni siz qildingiz, demoqchi boʻlsangiz, – dedim men juda vazmin ohangda, – u holda siz oʻtaketgan loʻttiboz ekansiz.

– Hojatxonaga begonalar qanday qilib kiradi? Bu yerga sizdan boshqa kim kiradi, ayting? A, kim?

– Hojatxona doim ochiq turgan. Shunday ekan, koʻchadagi duch kelgan oʻtkinchilar ham kirib ketaveradi. Ehtimol, kecha men ketganimdan keyin birorta bola kirib qilgandir. Men buni qayoqdan bilay?

– Kattalarning oʻzlari bolalarni shunday axloqsiz qilib tarbiyalab, yana hamma aybni ularga toʻnkashlarining oʻzi oʻtaketgan axloqsizlik. Avvalo, bunaqa gaplarni bir mushohada qilib koʻrish kerak. Bizda qonun bor. Bilasizmi, siz hozir qonunni oyoqosti qilyapsiz. Badiiy adabiyotda ham shunday talablar bor, bunga ishonchim komil.

Umrimda birinchi marta muvozanatimni yoʻqotib qoʻymaslik uchun indamadim, faqat chuqur-chuqur nafas oldim, xolos. Chini bilan hozir uni boʻgʻib oʻldirishga tayyor edim. Shu turishda uning basharasi insonnikidan farq qilar edi, qarasang, koʻngling ozar edi: u goʻyoki oʻz qoʻllari bilan adolat oʻrnatdi. U goʻyoki havodan emas, faqat erishgan intiqomi gʻalabasidan nafas olayotgandek, burun kataklari kerib ochilgan, koʻzlari suzilgan edi. Agar mana shu laʼnati devorlar bejalmaganda edi, u hech qachon, ha, hech qachon gʻolib boʻlmagan boʻlardi. Ha, men yengildim. Mister Molli gʻalaba nashidasini surib turgan ayni damda qalbimda toʻlib-toshgan nafrat yuzimda aks etdi, shekilli, u beixtiyor chetga tisarilib, menga yoʻl berdi. Menga yoʻl bersa-da, baribir yana vaysaqiligini boshladi. Balki, devordagi rasmlar men kelmasimdanoq oldin paydo boʻlgandir. Uning nazdida, goʻyoki doʻstlarimdan birortasi qilgandir. Men churq etmay, xonamga kirdim-da, eshikni berkitdim.

Plitadagi chovgumdan dahshatli ovoz chiqar edi: qaynayverib suvi qurib qolibdi. Darrov uni plitadan oldim va plitani ham oʻchirdim. Bir muddat gʻazabdan boʻgʻilib, nafas ololmay turib qoldim. Soʻng sekin bu ogʻriq oʻtdi. Men endi nima qilishim kerakligini yaxshi bilardim: yozuv mashinkamni, undagi qogʻozlarimni olib, stulga qoʻydim, ular turgan stolimni esa eshik oldiga koʻtarib keldim. Bu yerga koʻchib kirganimda narsalarimni solib kelgan sumkamni shkafdan oldim va unga ogʻzini mahkamlab burab, shishadagi qahvamni, sariqrang finjonimni va kichkina qoshiqchamni soldim. Yana bolaga oʻxshab, burchakda turgan tuvakdagi gulni, chiqindi savatchasini, gulli choynakni, yostiqchani, ha-ya, unutibman, yelim qalam chiqargichni olib ketib, mister Mollidan oʻch olgim ham keldi.

Narsalarimni mashinaga ortayotganimda missis Molli yetib keldi. Men uni avval bir koʻrganimdan buyon deyarli koʻrishmagan ham edim. U, aftidan, orada boʻlib oʻtgan voqealarni toʻgʻri qabul qilgan va hojatxona devorlaridagi manzaradan xafa ham emas edi.

– Mister Molli qilgan ishidan pushaymon boʻlyapti, – dedi missis Molli. – U bundan oʻzini yoʻqotib qoʻydi.

U menga yordamlashib, qahva va finjonli sumkamni olib chiqib berdi. Bu ayol uni ilk bor koʻrganimda qanday holatda boʻlsa, hozir ham shunday tushkun kayfiyatda edi. Toʻgʻrisi, ayolning afti-angorini koʻrib, gʻazabim oʻz-oʻzidan tarqab ketdi.

Shunday qilib, u yerdan ketganimdan buyon hali oʻzimga ofis topganimcha yoʻq. Kim biladi, biror kun izlab koʻrarman, ammo hozir emas. Koʻz oʻngimda mister Molli bir qoʻlida sovunli chelak, bir qoʻlida latta bilan gavdalandi, mabodo xayolimdagi fikrlarni yozadigan boʻlsam, unga bu ikki dunyoda ham maʼqul kelmaydi: uning ishonchiga xoinlik bilan javob berajak boʻlajak qissani tinimsiz oʻylamoqda edim. Ha, men hozir mister Molli oʻqtin-oʻqtin nafas olganicha hojatxona devorlarini besoʻnaqay gavdasi bilan inqillab-sinqillab tozalayotganini, xayriyatki, koʻzim bilan koʻrmayapman. Sodir boʻlgan bu voqealar oʻz taʼsirini yoʻqotib, ongim avvalgi holatiga kelgunga qadar oʻzimga ijod qilish uchun ofis olishni bir chetga surib turishim kerak boʻladi. Soʻz mening doimiy hamrohim. Oʻylaymanki, soʻzlarim mister Molli degan odamdan qutulish uchun ijaraga olgan ijodxonamdan ketishga majbur boʻlganimni toʻgʻri tushunadi.

 

Elis Manro

1931 yili Kanadaning Ontario shahrida tugʻilgan. Ilk hikoyalar toʻplami – “Baxtiyor soyalar raqsi” (1968) qizgʻin shov-shuvlarga sabab boʻlgan.

2013 yili Elis Manro adabiyot sohasida “Zamonaviy hikoya ustasi” deya eʼtirof etilib, Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.

 

Ingliz tilidan

Gulhayo MAHAMADALIYEVA

tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2018/4

 


[1] X i r o p r a k t o r – ishlamay qolgan tana aʼzolari, ogʻriqlarni umurtqa pogʻonasi nuqtalariga urib, qoʻl-oyoqlarni harakatlantirib davolovchi tabib.

https://saviya.uz/ijod/nasr/ijara-ijodxona/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x