Asl ijodni anglash baxti

Jurnalning oʻtgan yilgi sonlarida “Yangi avlod ovozi”, bu yil esa “Muallif oʻlimi”ga ciz ham ovoz berasizmi? (yoki asl ijod sogʻinchi)” mavzuida davom etgan bahs keng adabiy jamoatchilik orasida katta qiziqish uygʻotdi. Kuzatishlar shundan dalolat berayotirki, kitobxonlar jurnalning galdagi har bir yangi sonini qoʻlga olganda ayni shu rukndagi bir-biridan joʻshqin xilma-xil talqinlar bilan yoʻgʻrilgan maqolalarni oʻqishdan boshlayotganlarini koʻrib adabiy tanqidchiligimizda yangi bir jonlanish, oʻzgacha tamoyillar yuz berayotganidan ogoh boʻlib chin dildan quvonasan kishi. Eng muhimi, har ikki bahs ham shunchaki galdagi bir adabiy-tanqidiy tortishuv emas, balki milliy adabiy jarayon, badiiy tafakkurda kechayotgan yangicha tamoyillar, ular bilan bogʻliq muammolar, yechimini kutayotgan jumboqlar ustida ketayotir. Bu borada bir vaqtlar boʻlganidek “kosa tagida nimkosa” qidirish, bor gapni dangal aytishdan choʻchib, aylanma yoʻllar qidirish, murosayu madora usulini tutish yoʻq, chinakam oshkoralik, koʻngilda borini toʻkib solish tajribasi qaror topmoqda.

Kaminani quvontiradigan yana bir jihat qizgʻin bahs-munozaralar chogʻida bir vaqtlar boʻlganiday munaqqidlar bir taraf-u, ijodkor – yozuvchi-shoirlar ikkinchi taraf boʻlib bir-birlariga tosh otish udumidan bu gal asar ham yoʻq. Har ikki tarafning adabiy-tanqidiy saviya-darajasidagi, eʼtiqod, maslak, maqsad yoʻlidagi mushtarakligi kishini quvontiradi. Yana bir ijobiy hol: mazkur bahslar, shuningdek, yozuvchiyu munaqqidlarning aksar adabiy-tanqidiy chiqishlari biz allaqachon “koʻpmillatli sovet adabiyoti” doirasidan chiqib, ilgʻor jahon adabiy tafakkuri oqimiga tushib olganligimizni koʻrsatayotir, har ikkala bahs ruhi va matbuotdagi qator maqola, tadqiqotlar ham buni yana bir karra tasdiqlayotir. Soʻnggi yillarda jahon modern adabiyotining koʻplab bahs-munozaralariga asos boʻlgan ikkita noyob namunasi – J. Joysning “Uliss” va Semyuel Bekketning “Godoni kutish” asarlari ona tilimizga mohirona oʻgirildi. “Godoni kutish” tarjimasi soʻnggida Nazar Eshonqulning mazkur qissa haqidagi “Oʻzini oʻrganayotgan odam” sarlavhali teran mazmundor maqolasi ilova qilingan. Gapning ochigʻi, shu paytga qadar mazkur asar haqida rus tilida chiqqan koʻplab maqolalar bilan tanishganman, ammo ushbu maqola mutolaasi chogʻi bu nodir asarning asl mohiyatini anglab yetganday boʻldim. Aminmanki, fan doktori Jabbor Eshonqulov “Godoni kutish” tarjimasi chogʻida u haqidagi koʻplab ilmiy tadqiqotlar bilan tanishgan, bu oʻta murakkab, noanʼanaviy asar mohiyati xususida koʻpdan beri modern adabiyot dunyosi ichida yashab, qalam tebratib kelayotgan mohir adib Nazar Eshonqul bilan jiddiy bahs-muloqotlar olib borgani ayon haqiqat. Mazkur tarjima shunchaki pyesaning soʻzma-soʻz tarjimasi emas, bu benazir asar mohiyati ustidagi uzoq davom etgan izlanish, surishtiruv, ilmiy tadqiqotlarning ham hosilidir. Yaqin oʻtmish tarixidan maʼlumki, shoʻro zamonida “Uliss”ga nisbatan taqiq, tahdid, johilona haqoratlar oʻtgan asr oxiriga qadar davom etdi, asarning yangi tarjimasi “Inostrannaya literatura”da toʻla holda eʼlon etilgandan keyin ham uning tevaragida bahs-munozaralar toʻxtagani yoʻq, ammo endi uni qoralovchilar bilan birga himoya qiluvchilar ovozi ham baralla yangray boshladi. Shunisi quvonarliki, 90-yillar boshlarida istiqlol sharofati bilan ona tilimizda “Uliss” haqida jiddiy tadqiqot paydo boʻldi, taniqli adabiyotshunos S. Mamajonov rahbarligida ingliz tili va adabiyoti bilimdoni yozuvchi Tilavoldi Joʻrayev mazkur roman boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan himoya qildi, mavzuga oid roman maʼno-mundarijasi haqida yorqin tasavvur beruvchi tadqiqot oʻzbek tilida risola holida chop etildi. Afsus, shundan keyin ham “Uliss” va uning muallifi ustidagi bahs-munozara toʻxtagani yoʻq; nihoyat, mohir tarjimon Ibrohim Gʻafurov tarjimasidan keyin, qolaversa, hozirda fanda jahon adabiyotida “Uliss”ning yuzlab izdoshlari borligi eʼtirof etilgan bir paytda ham qator ijobiy ruhdagi chiqishlar bilan barobar, “Uliss” va uning muallifi shaʼniga malomatlar yogʻdirish davom etmoqda.

Gʻarbu Sharq adabiyoti tarixi bilimdoni, ustoz yozuvchi, adabiyotshunos Mahkam Mahmudovning mazkur munozara chogʻida “Uliss” bilan “Odisseya” orasidagi mushtaraklik xususida aytilgan ayrim mulohazalarga keskin eʼtirozlarini oʻqib hayron boʻlib qoldim. Axir, bundan yigirma yil burun chop etilgan Tilavoldining risolasida “Odisseya” bilan “Uliss” strukturasi bobma-bob qiyosiy tahlil etilib, ulkan adib anʼanaviy zaminda turib buyuk kashfiyot qilgani, “Uliss” qahramonlari “Odisseya” qahramonlaridan farqli oʻlaroq, zamondoshlarining amaliyotda emas, ruhiy olamidagi gʻaroyib sarguzashti silsilalari oʻquvchini lol qoldiradigan tarzda butun tafsilotlari bilan tahlil va tadqiq etilganligi ilmiy kashf etib berilgan edi-ku. Gapning ochigʻi, men ilk bor J. Joysning shu xil beqiyos badiiy kashfiyotlarini, “Odisseya” bilan “Uliss” orasidagi mushtaraklik va farqli jihatlarni Tilavoldining oʻsha risolasi orqali anglab yetganman. Oradan shuncha yillar oʻtib, Mahkamjon qalamiga mansub mana bu tanqidiy mulohazalarni oʻqib yoqa ushlab qolasan kishi:

“Gomer “Odisseya”sida baʼzi xayolot manzaralari fonida jasur insonning haqiqiy sarguzashtlari, kutilmagan falokat, ofatlarni yengib oʻtgan, tabiat qudrati, hatto samoviy qudrat bilan bahslashgan, aql quvvati bilan siklop-devni ham dogʻda qoldirgan yetuk qahramon faoliyati mantiqan asosli, tabiiy realistik tasvirlangan boʻlsa, Joysning uch qahramoni Leopold Blum, Stiven Dedalus, Molli hech qayerga bormagani holda, besh yuz sahifa davomida tinimsiz gap sotadilar, soʻkinadilar, hech qanday falokatga uchramaydilar ham. Odisseyning dolgʻali ummon va dengizu orollarda olamning yarmini kezib chiqishini Joys qahramonlarining u xonadan bu xonaga oʻtishi, Dublin shahrining bir necha koʻchasini aylanib kezishiga qiyoslab boʻladimi? Aslo! Dublin koʻchalarida kezish qayoqdayu, Oʻrta Yer, Egey dengizlari, Bahri muhitda dolgʻali toʻlqinlarda suzish qayoqda?” (“Sharq yulduzi”, 2014 3-son, 164-bet).

Mahkamjon bu gaplar bilan cheklanib qolmay, oʻnlab, yuzlab tadqiqotchilarning yangicha fikr-qarashlariga zid oʻlaroq mana bu gaplarni yozadi: “Aslida esa, chindan ham sitatalar toʻplamiga oʻxshash bu salmoqli va quroq-yamoqli asarni “Odisseya”ga oʻxshatishni men Gomerning ham, uning asarini ham haqoratlash, deb bilaman. Joysning “Uliss” romanida “Odisseya”ga oʻxshashlikni izlash tikanzorda sayroqi bulbulu, anvoyi gullarni izlashday gap” (164-bet).

Oʻn yil “Uliss” olamida yashagan tarjimonning “Uliss” pala-partish yozilgan”, degan munaqqid daʼvosiga bergan javobi oddiy va mardona: “Uliss”da hech qanday pala-partishlik, chalkashlik yoʻq. Bu romanda har bir soʻz, ibora, ifoda, badiiy figuraning oʻz maqsadga yoʻnaltirilgan vazifasi, oʻrni, taʼsir doirasi, bajaradigan estetik maʼnolari benazir zargarona ado etilgan”. Bu – birinchi raddiya. Ikkinchisi esa mana bunday: “Odisseya”ga mutobiqan uning qoʻshiqlarida aks etgan mifologik voqea-hodisalarga joʻr va maʼnodosh boʻlishni badiiy niyat qilgan. Asarni yozayotganda boblarni shunday nisbiy nomlar bilan atagan. Asar bitganda ulardan voz kechgan…” Uchinchi jihat: “Joys inson kechinmalari, oʻy-xayollari, koʻzi bilan koʻrishi, qulogʻi bilan eshitishi, nafas olishi, rang-barang hissiyotlarini, tashqi olam, vaziyat tasvirlarini bir vaqt birligi ichiga sigʻdirgan, ayni tasvirlanayotgan damda bular bari qanday kechsa va bu vaqt ichida ichki va tashqi olamda qanchalar odmi, joʻn holatlar, hayratomuz harakatlar yuz bersa, hammasini shu muayyan vaqt birligi, makon va holat birligida tasvirda gavdalantirishni niyat qilgan va favqulodda amalga oshirishning iloji yoʻqday koʻringan badiiy natijalarga erishgan.” Bundan ham muhimi, “Psixika, ruhiy jarayonlarning benihoya murakkab hodisalarini soʻz bilan ifodalash fenomenini yaratgan va usuli qudrat kashf etgan. Bularni zamondosh adiblar va tadqiqotchilar “montaj usuli”, “ong oqimi” deganga oʻxshash tushunchalar bilan ataganlar”. Tarjimon ijodiy izlanishlar jarayonida oʻzicha kashf etgan yana bir muhim jihat shuki, “romanda voqelar badiiy farosat bilan qurilgan juda nozik badiiy assotsiatsiyalarda xalqa-xalqa oʻzaro bogʻlanib boradi. Zamonlar Blum, Stiven, Molli singari qahramonlar xayolida quyun kabi olis tarixlarga, olis tarixlar esa Irlandiya milliy ozodlik harakatining juda murakkab kolliziyalariga tinimsiz ulanib turadi. Leopold Blum Odissey emas. Joys yangi zamon Odisseyi qanday qiyofaga kirganligini, uning sarguzashtlari endi nimfalaru turli asotiriy hodisalar ichida emas, XX asrning milliy ozodlik kurashlari, oddiy odamning oddiy kundalik tashvishlari, ogʻriqlari, alamlari, umid-umidsizliklari, hayotdan, qismatdan tinmay maʼno qidirishda kechayotganida koʻrsatadi. Stiven ham Hamlet emas. Ammo hamletchilik uni qanchalar oʻrtayotgani har damda seziladi”.

Nihoyat, munaqqid-tarjimon shunday xulosaga keladi: “Joys gʻalati fikrlovchi intellektual odamlar qiyofalarini kashf etadi. Blum va Stivenning cheksiz kechinmalarida axboriy majozlar silsilasi oqib yotadi. Avangardga past nazar bilan boquvchilar va osongina tushunolmadik, deb yuruvchilar oʻzlari bilmagan holda zamondan orqada qolib ketadilar”. Nihoyat, xulosalarning xulosasi, undan kelib chiqadigan bosh saboq mana bu:

“Eski klassik mezonlar izidan yangi estektik mezonlar sanʼatga kirib kelganligi, yangi sanʼat dunyosini bino qilayotganidan bexabar qoladilar. Adabiyotchi uchun orqada qolish xayrli boʻlolmaydi”.

Biz istaymizmi, yoʻqmi Joys, Bekket va ularning jahon adabiyotidagi yuzlab safdosh-izdoshlari tajribalari allaqachon milliy adabiyotimizga oʻziga xos koʻrinishda, turli-tuman shakllarda kirib kelgan, ular oʻzgacha milliy qiyofada namoyon boʻlayotir. Ibrohimjon shulardan bir nechasini katta quvonch bilan eslatib oʻtadi. Afsuski, keyingi chorak asr davomida adabiyotimizda, aniqrogʻi, sheʼriyat va nasrda modern yoʻnalishdagi jarayonlar, ularning yutuq va kamchiliklari bor holicha keng koʻlamda teran ilmiy tahlil etilgani yoʻq; bahslar chogʻi oʻta biryoqlama ketish, har qanday modern koʻrinishlarini milliy adabiyotimiz uchun begona, yot hodisa atab qoralash, inkor etish yoki, aksincha, bu yoʻldagi izlanishlarda yoʻl qoʻyilgan kam-koʻstlardan koʻz yumib, har bob bilan bu yoʻlni himoya qilish jarayoni hamon davom etmoqda. Himoya, oqlov ham, tanqid, qoralov ham teran ilmiy tahlil, ishonchli dalil-isbotlarga asoslansagina qadr topadi. Birgina misol. Yoʻldosh Solijonovning “Goʻroʻgʻli” romani qahramoni nomi uning bosh harfi bilan atalishi, mavhumot girdobida qolgan shaxsning najot izlab sar-sari kezishi jihatidan Kafka asarini eslatishini dalil qilib, asarni “Jarayon”ga taqlid, deya chiqargan xulosasiga toʻla qoʻshilib boʻlmaydi. Har ikki asarda muayyan mushtarakliklar mavjud esa-da, ularda aks etgan davr, voqea-hodisalar mohiyati, personajlar qismati, ifoda tarzi, ohangi oʻzgacha-ku! Shu oʻrinda beixtiyor “Oʻtkan kunlar”ga oid Sotti Husayn bilan muallif orasida boʻlib oʻtgan bahs chogʻidagi bir holat yodga tushadi. Munaqqid “Oʻtkan kunlar”ga oid risolasida romanning “ancha yeri Joʻrji Zaydonning “Armanusa”, “Oʻn yettinchi ramazon” romanlariga oʻxshab ketishini tanqid qiladi. Ammo munaqqid bu xususda aniq dalil keltirish oʻrniga mujmal gaplar aytish bilan cheklanadi. Qodiriy munaqqid daʼvolarini rad etar ekan “oqilon payravi nuqat nakunad” (oqillar nuqtaga ahamiyat qilmaydilar), degan forsiy matalni keltirish bilan kifoyalanadi. Nazarimda, “Goʻroʻgʻli”ni taqlidda ayblash uchun keltirilgan dalillar yetarli emas. Bu xususda biz ham ustoz keltirgan oʻsha matalni eslatish bilan cheklanamiz: “oqilon payravi nuqat nakunad”.

Ulugʻbek maqolasida koʻtarilgan taqlid, koʻchirmachilik, analogiya, taʼsir, oʻxshashlik, sayyor syujet kabi muammolar orasida birgina “koʻchirmachilik” (yoxud “adabiy oʻgʻrilik”)ni aslo kechirib boʻlmaydi, koʻchirmachilik, adabiy oʻgʻrilik oʻz nomi bilan oʻgʻrilik, gunohi azim. Biroq taqlid, analogiya, oʻxshashlik, sayyor syujet masalalariga biroz ehtiyotkorlik bilan yondashmoq kerak.

Oʻtgan asrning 60-yillari Milliy universitetda shoir, dramaturg Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek” tragediyasi muhokamasi chogʻi talabalardan birining asar haqidagi bir eʼtirozi va unga adib bergan javob sira esimdan chiqmaydi. Oʻsha muhokamada talabalardan biri tragediyaning final qismi sxematik chiqqan, asar koʻplab tragediyalar qatori bosh qahramonning oʻlimi bilan tugaydi, deya eʼtiroz bildirdi. Bu eʼtirozga javoban adib shunday degan edi: “Adabiyotdagi, badiiy asardagi sxematizm illatiga men ham qarshiman. Biroq borliq-tabiat, hayotning oʻzi shunday sxemalar asosiga qurilganki, uni oʻzgartirish odam bolasining qoʻlidan kelmaydi. Masalan, kun bilan tunning, yil fasllarining almashuvi, odamzod umri; odam bolasi tugʻiladi, Olloh bergan umrini yashaydi, soʻng oʻladi. Ukajon, Odam Atodan beri davom etayotgan shu “sxema”ni, qani, ozgina oʻzgartirib bering-chi, men bunday “oʻzgarish”ni bajonidil asarga olib kirgan boʻlardim”.

Yana bir hayotda yuz bergan saboq boʻlarli hodisa. Bir vaqtlar “Guliston”da chiqqan “Adabiy oʻxshashliklar xususida” maqolam ancha shov-shuvlarga asos boʻlgan edi. Unda ikki – ustoz va shogird adiblarimizning (har ikkisi ham olamdan oʻtgan, ular ruhini bezovta qilmaslik uchun ismi shariflarini tilga olmadim) bir mavzudagi ikki qissasi voqelari, mavzu, muammolari, personajlar qismati hayron qolarli darajda bir-biriga oʻxshash edi. Men shu xususda ancha keskin tanqidiy mulohazalar aytgan edim. Keyinchalik surishtiruvlardan ayon boʻldiki, bir-biriga bu qadar oʻxshash voqelar chindan ham hayotda aynan shu tarzda yuz bergan ekan, har ikki muallif undan taʼsirlanib, bir-birlaridan mutlaqo bexabar holda bir paytda ayni shu mavzuda asar yozganlar, ular oldinma-keyin matbuotda chiqqach, har ikki muallif bir-birlarining asarlari bilan tanishib oradagi bu qadar yaqinlik, oʻxshashlikdan ogoh boʻlib lol qolganlar. Kaminaning tanqidiy mulohazalaridan soʻng koʻnglimga yaqin har ikki adibimiz bu qadar oʻxshashlik uchun mendan uzr soʻradilar, keyinchalik bu asarlarini qayta nashr etmadilar… Qarang, hayotda shunaqasi ham boʻlar ekan-da…

Adabiyot dunyosi shunday bepoyon, beqiyos, gʻaroyibotlarga boyki, bir mavzu, bir muammo, bir tarixiy voqea, tarixiy shaxs haqida oʻnlab, yuzlab mualliflar bir-birini mutlaqo takrorlamaydigan original asarlar yarataverishlari mumkin. Keyingi yuz yillikda oʻzimizda, xorijda bitilgan, bitilayotgan Amir Temur, Navoiy, Bobur haqidagi son-sanoqsiz asarlarni bir koʻz oldimizga keltiraylik-a. Toʻgʻri, badiiy saviya-darajasi har xil, ammo ularning birortasi ikkinchisini deyarli takrorlamaydi. Menimcha, bugungi adabiyotda taqlid, muayyan oʻxshashlik, oʻzaro taʼsir, boringki, sayyor syujet holatlari adabiyotdagi, adabiy jarayondagi u qadar xavfli illat, fojia emas. Koʻchirmachilik, taqlid, oʻxshashlikka qarshi oʻt ochib, uni fosh etish, dumini kesish bemalol mumkin. Biroq barcha qalamkashni Olloh bergan qobiliyat, saviya-darajasidan yuqori koʻtarishning esa aslo iloji yoʻq. Har kim oʻz imkoni doirasida ijod qiladi. Buni unutmaylik, azizlar. Eng muhimi, har kim ijod bobida oʻz darajasiga loyiq yaratgan asari uchun oʻziga yarasha bahosini olmogʻi lozim. Oʻz imkoniyati, darajasini anglash ham ijodkor uchun fazilat, baxt! Afsus, ming afsus, bunga erishish, aslida adabiy hayotdagi, jarayondagi eng mushkul jumboq. Adabiy muhitning sogʻlomligi koʻp jihatdan ayni shu adolatning qay tarzda roʻyobga chiqishi, chiqayotganligiga bogʻliq. Oʻrtacha asar bilan qalamkash oʻquvchini oʻz ortidan ergashtira olmaydi, oʻrtacha asar bilan adabiy jarayon hech qachon olgʻa siljimaydi. Benazir, betinim izlanuvchi noyob isteʼdod, yoniq ilhom, qalblarni larzaga soladigan ichki dard, kishini oʻy-mushohadalarga toldiradigan, hodisalarga yangi tomondan qarashga undaydigan beqiyos tafakkur, yangicha talqinlar, ifoda usullari bilan odamlarni lol qoldiradigan, ularni yangi bir ezgulik olamiga olib kiradigan isteʼdod sohibigina chin ijodkor nomiga munosibdir. Orzu qilingan asl ijod namunalarini ana shunday chin, noyob asl isteʼdod sohiblarigina yaratadi. Asl ijod sohibi esa hech qachon soʻnmaydi, oʻlmaydi, muallifi tani jonidan mahrum boʻlsa-da, asarlari orqali yashayveradi. Buning isboti uchun uzoqqa borishga hojat yoʻq. Shundoq atrofimizda, qolaversa, tarixda misollar toʻlib-toshib yotibdi.

 

* * *

R. Bartning “Muallif oʻlimi” maqolasi tevaragida salkam yarim asrdan beri davom etayotgan qizgʻin bahslarga munosabat tarzida uning bugungi milliy adabiyotimizdagi asoratlariga oid qizgʻin munozaralardan, ochigʻi, umidimiz katta edi. Afsus, Ulugʻbek, Zuhriddin, Mahkamjon, Ibrohimjon chiqishlarida oʻrtaga tashlangan nozik kuzatish, oʻtkir hayotiy, ilmiy-adabiy muammo-jumboqlar bu yoqda qolib, gap-soʻz oqimi adabiyotshunoslikdagi, adabiy taʼlim, ilmiy daraja olish jabhasidagi qallobliklar, jinoiy harakatlar, ayni shu xil qilmish-qidirmishlar oqibati oʻlaroq “ilmiy tadqiqotlardagi muallifning oʻlimi” tomon burilib ketdi.

Bahs boshidayoq Zuhriddin Isomiddinov keltirgan taʼlim, fan, ilmiy daraja uchun yoziladigan dissertatsiyalar bilan bogʻliq oʻta oshkora behayolarcha taʼmagirlik, qalloblikka oid dalil-isbot, hayotiy lavhalar tavsifini oʻqib, rosti hayratdan yoqa ushlab qoldim. Nahotki, bir azamat tolibi ilm Zuhriddindek talabchan, haqiqatgoʻy taniqli olim, masʼul lavozimlarda xizmat qiladigan obroʻli siymo huzuriga kelib, uyalmay-netmay, “dissertatsiya yasash” xususida oshkora arzi-dodini toʻkib solsa?! Yotigʻi bilan izhor etilgan rad javobidan soʻng ham taniqli olimning izidan qolmay yaltoqlikni davom ettiraversa, fanning bir darajasiga erishib, endi ikkinchi pogʻonasiga koʻtarilish payiga tushib, yana oʻsha yaltoqlikni davom ettiraversa… Nahotki shunday sharmandali jinoiy harakatga keskin raddiya bildirish chorasi topilmasa?!

Azizlar, ochigʻini aytay, men yarim asr Milliy universitet dargohida dotsent, professor, 26 yil kafedra mudiri lavozimlarida, chorak asrdan moʻlroq filologiya boʻyicha ilmiy daraja beradigan kengash aʼzosi sifatida xizmat qilib, biror marta ham bunaqangi oshkora sharmandali hodisaga duch kelgan emasman. Shu yillar davomida 20 dan ortiq fan nomzodi, doktorligi ilmiy darajasi ustida ish olib borgan shogirdlarga rahbarlik, 50 dan ortiq fan nomzodi, doktori ishlariga opponent – taqrizchilik qilib hech qachon bu jabhada bu xildagi oshkora taʼmagirlik yoki koʻchirmachilik holatini koʻrgan emasman. Toʻgʻri, shu yillar davomida men aʼzosi boʻlgan ilmiy kengashda yoqlangan 4 yoki 5 dissertatsiya ekspertlar tomonidan ularda koʻchirmachilik holatlari borligi aniqlangach, mualliflari ilmiy darajasidan mahrum etilgani, ularning ilmiy rahbarlari esa muayyan muddat dissertatsiyalarga rahbarlik qilish huquqidan chetlatilganligini bilaman. Shu voqeaning oʻzi qanchalar shov-shuvlarga sabab boʻlgan, mazkur ishlar mualliflari, qolaversa, rahbarlari ilmiy doiralarda bunday qilmish-qidirmishlari uchun hamkasblari yuziga qarolmaydigan holga tushgan edi.

Endi talabalarning yozma ishlari, ilmiy tadqiqotlar, diplom ishlari, hozirda esa malakaviy bitiruv ishlari, magistrlik dissertatsiyalari masalasiga kelsak, boshqa oʻquv dargohlaridagi vaziyatdan bexabarman, ammo kamina bevosita dahldor Milliy universitet oʻzbek filologiyasi fakultetida yuksak talabchanlik, oshkoralik, halollik hamisha barqaror boʻlgan. Gʻ. Karimov, A. Gʻulomov, Sh. Rahmatullayev, S. Dolimov, M. Qoʻshjonov, O. Sharafiddinov, L. Qayumov, B. Qosimovdek yetuk olim, talabchan ustozlar yaratgan ilmiy muhitda hech qachon qallobliklarga yoʻl qoʻyilmagan. Oʻz tajribamdan kelib chiqib aytay: yarim asr davomida men xizmat qilgan dargohda kaminaning boʻlgʻusi adabiyotshunos talabalarga, Sh. Rahmatullayev esa tilshunoslarga “Ilmiy tadqiqot asoslari” kursidan mashgʻulotlar olib borganmiz. Mazkur kurs dasturida fandagi plagiatlik – koʻchirmachilik mavzusiga oid maxsus soat ajratilgan edi. Birinchi kursdayoq plagiatorlik ilm-fanda gʻirt sharmandalik – oʻgʻrilik, jinoyat ekani talabalarning qulogʻiga quyilar, bilib-bilmay bu ishga qoʻl urgan talaba kursdoshlari oldida sharmandayu sharmisor etilar edi. Mabodo, diplom ishlarida shunday hol yuz bergudek boʻlsa, diplom ishi bekor qilinar, rahbar besh yil diplom ishiga rahbarlik qilishdan mahrum etilardi. Bu masalada biror kimsa oʻsha “jabrdiyda”larni himoya qilib oʻrtaga tushganini koʻrgan, eshitgan emasman. Muvaffaqiyat bilan yozilgan, fanda yangilik deya baholangan diplom ishlari maqola, kitob holda nashr etishga, moʻtabar toʻplamlarga kiritishga tavsiya etilar edi. Birgina misol – kaminaning Ozod Sharafiddinov rahbarligida yozgan “Gʻafur Gʻulom poeziyasining estetik prinsiplari” mavzusidagi diplom ishim fakultet ilmiy kengashining tavsiyasi bilan 1959 yili Davlat nashriyotida chop etilgan moʻtabar kitob “Oʻzbek adabiyoti masalalari” toʻplamiga kiritilgan edi. Qarang, universitetdagi mening eng soʻnggi shogirdim Saʼdulla Quronovning muvaffaqiyat bilan himoya qilgan magistrlik dissertatsiyasi “Ifoda va ifodaviylik” nomi ostida 2013 yili “Akademnashr” tomonidan kitob holida chop etildi, adabiy jamoatchilik orasida qiziqish uygʻotdi…

Demak, universitetimizda yarim asr burun mavjud moʻtabar anʼana bugun davom etyapti…

Kamina ana shunday kayfiyatda yurgan pallada “Asl ijod sogʻinchi” bahsi chogʻi hamkasblarimiz tomonidan kuyunchaklik bilan aytilgan talablar doirasidagi bugungi ilmiy muhitga oid gap-soʻzlar, ochigʻi, meni ajab bir holatga soldi. Dilimga eng yaqin doʻstim Yoʻldosh Solijonovning koʻpdan buyon koʻnglida yigʻilib qolgan bu boradagi dard-alamlari vulqondek otilib chiqib, norozilik uchqunlari alanga olganini koʻrib dil-dildan achindim. Uningcha, “muallif oʻlimi”ga sabab boʻladigan masalalar ichida eng xavflisi, hozirgi paytda nihoyatda ommaviylashib ketayotgani bu koʻchirmakashlik bilan taqlidchilikdir… keyingi yillarda koʻchirmakashlik, taqlidchilik, tayyor ilmiy, ijodiy materiallarni oʻziniki qilib olish odat tusiga kirdi. Ajablanarli tomoni shundaki, shu kabi illatlarni xaspoʻshtlaydigan, uni qoʻllab-quvvatlaydiganlar ham topilmoqda… Bu ish bilan shugʻullanadigan kimsalar (aslida, koʻchirmakash va taqlidchilar) oʻzlarini goʻyo tadbirkor deb sanamoqdalar… Bunday tadbirkorlik esa adabiyot, fan va sanʼatga katta zarar keltiryapti”. Uningcha, “Ularning ayrimlari oʻzlari oʻqigan chet el kitoblari yoki koʻrgan kinolaridagi voqealarni xuddi karta chiylagandek aralashtirib, qayta hikoya qilishga usta boʻlib ketdilar”. Doʻstimiz, yana oliy oʻquv yurtlaridagi bugungi holatga qaytib nadomatlar bilan shularni qayd etadi: “… bitiruvchilarning ayrimlari tayyor luqmani yamlamay yutib, hech narsa koʻrmagandek semirib yashash yoʻlini qidirayotgan kimsaga oʻxshaydilar… Hozirga kelib, avvalo, mavzular nihoyatda maydalashib, bachkanalashib ketdi. Ikkinchidan, ularning mazmun-mohiyatida bir xillik paydo boʻldi… Uchinchidan, koʻchirmakashlik avjiga chiqdi. Bitiruv malakaviy ishlar hamda magistrlik dissertatsiyalari bilan tanishsangiz, darsliklar va qoʻllanmalardan, internet maʼlumotlaridan tayyor koʻchirilganligining guvohi boʻlasiz. Toʻrtinchidan, oliy oʻquv yurtlarida bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyalarini yozib beradigan ishbilarmon mutaxassislar otryadi shakllandi…” va h. k.

Eng achinarlisi, maqola muallifi boshdayoq oʻzgalardan, shaxsan oʻz ishidan koʻchirilgan magistrlik ishi xususida gap ochganida, uning gaplari na dissertantga va na uning ilmiy rahbariga pashsha chaqqanchalik ham taʼsir qilmaydi…

Bunga chidash mumkinmi?! Bu gʻirt sharmandalik, qolaversa, jinoyatning oʻzi-ku! Biz adolatsizliklarga duch kelsak nola chekamiz, lekin haqiqat yoʻlidagi kurashni oxiriga yetkazishga kelganda sustkashlik, murosayu madora yoʻlini tutamiz. Qonun, haqiqat muallif-doʻstimiz tomonida ekani ayon koʻrinib turibdi. Ammo adolatni roʻyobga chiqarishga kelganda xiyla jangari, jasur doʻstimiz ham sustkashlikka, murosaga boryapti. Hamma balo ana shunda. Shunday vaziyatlarga duch kelganda beixtiyor kamina yarim asr hamkorlik qilgan – Gʻ. Karimov, Sh. Rahmatullayev kabi ustozlar koʻz oldimda gavdalanadi. Ular qonun, haqiqat, adolat yoʻlidagi kurashlarda goho vaziyatga qarab ehtiyotkorlik yoʻlini tutgan, ammo ahdidan hech qachon chekingan emas, har bob bilan haqiqat tantanasi uchun kurashgan va aksar hollarda ahdiga erishgan. Birgina misol. Ustoz Ozod aka bir yosh isteʼdodli yozuvchining oʻz davrida qaltis tuyulgan romani qoʻlyozmasini “Jahon adabiyoti”da chiqishi uchun hamma choralarni koʻrdi, ammo toʻsiqlar ustiga toʻsiqlarga duch kelaverdi: oxiri, shu asar bosilib chiqsa-yu, meni ishdan olishsa bajonidil rozi boʻlardim, degan ahdi paymon bilan uni nashr etishga jurʼat etdi. Qarangki, asar jurnalda chiqqach, ustoz malomat emas, tahsinlarga sazovor boʻldi.

Hozir biz oʻzga zamonlarda, adolat uchun yoʻllar ochiq demokratiya, qonun ustuvorligi zamonida yashayotganimizni unutmaylik. Iymonim komilki, oʻsha qaltis vaziyatda doʻstim Yoʻldoshali barcha noxushlik va qiyinchiliklarni zimmaga olib adolat uchun kurashni poyoniga yetkazganida, aminmanki, gʻalaba bayrogʻi uning qoʻlida boʻlardi, vaziyat butunlay oʻzgarib ketardi. Qolaversa, internet, kompyuter orqali badiiy ijod va adabiyot ilmi sohasida avj olgan qallobliklar ustida gap borganda, ayni shu jabhadagi gʻirromlik, oʻgʻriliklarni aniqlash, fosh etishda ayni oʻsha internet va kompyuterning beqiyos imkoniyatlari borligini, ulardan adolatni barqaror etishida foydalanish zarurligini unutmaylik.

Qaltis vaziyatlarda qatʼiyat, dadillik, shijoat, amaliy xatti-harakatlar kerak, azizlar. Shikoyatlar, oh-vohlar, nolishlar zamoni oʻtdi, amaliy ishlar zamonida yashayotganimizni unutmaylik. Kurashganga zavol yoʻq. Qabohatlar, jinoyatlar bilan murosayu madora hukm surgan muhitda esa murosa yoʻlini tanlagan inson ham noshud-notavon mahluq bilan barobar, doʻstlar. Bu borada hushyor boʻlaylik, insonligimizni unutmaylik.

Shu oʻrinda Hamidulla Boltaboyevning maqolasida keltirilgan informatika olamidagi oʻta murakkab chalkashliklar girdobida adolat yoʻlidagi dadil amaliy harakatlar, najot yoʻlini qidirishga urinishlarni ibrat qilib koʻrsatishni istardim. Noshir ukamizning naqd foydadan, allaqachon karmonga tushgan chervonlardan voz kechib, tayyor holga kelib turgan nochor kitob nashridan dadil voz kechishi boshqa noshirlar uchun ham ibrat – ijobiy namuna! Shunday qilsa ham boʻlar ekan-ku, axir! Aslida, noshirning bosh vazifasi muallif uchun kim ekanini bilib boʻlmaydigan, chalasavodlarcha bitilgan, mujmal, soxta, yasama, qurama asarlar bilan muallifi yarq etib koʻrinib turadigan asl asarlarning farqiga yetish, oʻshanday asl asarlarni qadrlash, vaqtida asl egalariga yetkazishdir.

Hamidulla ukamiz mulohazalariga shularni ilova qilishni istardim, kitob boshiga “masʼul muharrir” falonchi deb yozib qoʻyilar ekan, u chindan ham kitob uchun masʼul javobgar boʻlishi darkor. Hozirgi kunda nomigagina emas, Vahob Roʻzmatov, Mahmud Saʼdiy kabi har bir satr, soʻz ustida muallif bilan jang olib boradigan, qolaversa, butun boshli adabiy jarayonlardan xabardor chin maʼnodagi masʼul muharrirlarga ehtiyoj nihoyatda katta. Chin masʼul muharrirlarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish kerak, ishdagi masʼuliyatsiz muharrir esa oʻz “tahriri”dan oʻtgan nochor asar uchun moddiy va maʼnaviy javobgarlikni oʻz zimmasiga, yelkasiga oladigan boʻlishi darkor. “Asl asar”ni qadrlash, himoya qilishning yoʻli ana shunday!

 

Umarali NORMATOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/asl-ijodni-anglash-baxti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x