Oila qurmay, hayotini faqat qarindosh urug’lar diydori, do’stlar, ijodkorlar davrasi, saltanat, ijodu ilm tashvishlari ila o’tkazgan yuksak tafakkur sohibining hajga borishdek buyuk orzusi amalga oshmadi. Shuningdek, ul zotning Xorazmga borish orzusi ham armon bo’lib qoldi.
1469 yilda Xuroson taxtiga chiqqan Husayn Boyqaroning toju taxt uchun kurashga kirgan davrlari xavf-xatarga to’la kechgan. Negaki, u 1465 yildan boshlab hukmdorlikka erishish maqsadida kurash maydoniga qo’shilgan, ammo omadsizliklar, mag’lubiyatlar sababli ko’p vaqtini qochqinlikda, turkman cho’llari va Xorazmda o’tkazgan edi. Boyqaro Xorazmning Vazir, Urganch, Adoq va Tirsak shaharlarida bo’lib, o’ziga sodiq navkarlar to’pladi hamda 31 yoshida Abu Saidni taxtdan qulatib, Xuroson hukmdori darajasiga erishdi.
Xorazmda ko’p vaqtini o’tkazgan Husayn Boyqaro u erdagi vaziyat, qishloq, shaharlar holati, urushlar tufayli xonavayron bo’lgan voha ahlining kayfiyatidan yaxshigina xabardor bo’lgan. O’sha vaqtda Xurosonga qarashli bo’lgan Xorazmda tiklanish ishlarini olib borish uchun o’ziga sodiq, qat’iyatli, tashabbuskor insonni u erga hokim qilib yuborish zarur edi.
Boyqaro ana shunday fazilatlarga ega inson sifatida do’sti Alisherbekning akasi — saroy devonida xizmat qilayotgan Bahlulbekni tanladi. Shu tariqa islomiy ilmlarni mukammal bilganidan shayx darajasini olgan Bahlulbek Xorazm hokimi qilib tayinlandi.
Xuroson davlatining vaziri bo’lib ishlayotgan Navoiy hazratlariga ham bu voqea xushnudlik baxsh etdi. Zero, u bu maftunkor o’lkaga borishni yoshlikdan orzu qilar, endi davlat ishlari bilan yoxud qarindoshchilik rishtalari sababli orzusi ushalishiga ishonardi. 1465-69 yillarda Alisherbek Samarqandda tahsil olib, hayot kechirganida, ta’til paytlari Xorazmga bormoqchi bo’lgan, ammo buning qulay payti, iloji topilmagandi. Samarqandda ilm olayotgan Xorazmlik talabalar bilan Xorazm to’g’risida, u erga borish to’g’risida suhbatlashaverib, Alisherbek bir kuni tush ko’radi. Xondamirning yozishiga ko’ra, tushida Navoiy hazratlari Mirzo Muhammad Xorazmshoh bilan toqqa chiqibdi. Xorazmshoh bir katta tosh ustiga qadam qo’yib, Navoiyning qo’lidan ushlab, uning o’sha baland tosh ustiga chiqishiga ko’maklashgan ekan.
Oradan yillar o’tdi. Saltanat ishlari ko’payib, Navoiy hazratlari ijodu ilm bilan shug’ullanay deya, 1476 yilda vazirlik lavozimidan iste’foga chiqdi. Bu paytda u akasi Bahlulbekning nevarasi Mir Ibrohimni, oila qurmagani tufayli o’ziga o’g’il qilib olgandi. Keyin Mir Ibrohimning otasi — Hirotdagi podsho saroyida xizmatda bo’lgan Kamoliddin Xorazmga — otasi Bahlulbek yoniga ishga yuboriladi. Shundan so’ng Navoiy hazratlari Mir Ibrohimni onasining iltimosiga binoang bobosi Bahlulbek yoniga jo’natadi. Navoiy she’rlar bitayotgan jiyani Mir Ibrohimni, akasi Bahlulbekni ko’rish niyatida keyin ham Xorazmga bormoqchi bo’ldi. Ammo…
1476-1486 yillar orasida u tinmay ijod qilgani tufayli bunga vaqt topa olmadi. Negaki, Navoiy bu davrda «Navodir-un-nihoya» devonini, besh dostondan iborat «Xamsa»sini, ko’plab g’azallarini yozdi. Qolaversa, davlat vazifasidan bo’shaganiga qaramay, do’sti Boyqaroning iltimosiga ko’ra, saltanatdagi va shahzodalar o’rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etish bilan mashg’ul bo’ldi. Bundan tashqari, ukasi Darveshalibek Balxga hokim bo’lib ketgani bois, Navoiy Hirotdagi otasidan yodgor bo’lib qolgan uyning chirog’ini yoqib o’tirdi. Uchala aka-ukaga G’iyosiddin Kichkinadan meros bo’lib qolgan mol-mulkidan xabar olish hamda o’zining Hirotdagi ko’plab bog’u-rog’, er, savdo rastalariga qarab turish ham kerak edi. Shuningdek, Navoiy Xurosonning ko’plab joylarida me’moriy obidalar, masjid, madrasalar qurdirish ishlari bilan bandligi tufayli ham, Xorazmdagi akasi hamda jiyanlarining yoniga borishga vaqt topa olmadi. negaki, Xorazm viloyati Hirotdan ancha uzoq bo’lib, borib kelishga bir necha oylab vaqt ketardi. Poytaxtdagi bunyodkorlik ishlarini esa kechiktirib bo’lmasdi.
Shunga qaramay, Navoiy hazratlari Xorazmga alohida mehr bilan qaradi. Jiyanlari Kamoliddin, Mir Ibrohim Hirotga kelganlarida ularni xushnudlik bilan kutib oldi, ularning Xorazmdan olib kelgan sovg’alarini quvonch bilan qabul qildi. U vohadagi hayot, urf-odatlar, madaniy vaziyat, akasi Bahlulbek qilayotgan ishlarni surishtirar, gohida davlat ishlari bois, Bahlulbek Hirotga kelganida maslahatlar berib turardi.
Shu tariqa Bahlulbek ukasi Alisherbekning Hirotda amalga oshirayotgan bunyodkorlik ishlarini Xorazmda ham qilib, ko’plab inshootlar barpo ettirdi, suv yo’llari, yop (ariq)lar qazdirgan. Navoiy hazratlari esa akasi va jiyanlaridan eshitganlaridan ta’sirlanib, nazmiy asarlarida Xorazm, Jayxun haqida fikr yuritadi:
Zavroq ichra ul quyosh sayr aylamas — Jayxun aro,
Axtari sa’da halok ichra kezar gardun aro,
Anglamoq Jayxunda ul oy kema birla sayr etar,
Yo hilolu mehr aksin el ko’rar Jayxun aro..
Bundan tashqari, «Sab’ai sayyor» dostonida Dilorom bilan bog’liq voqealar Xorazmda ro’y berganini tasvirlaydi. Xorazmliklarning musiqaga qiziqishlarini, Diloromning san’atkorlarga, ilmu ijod ahliga e’tibor berishi haqidagi ta’sirchan voqealar bayonida, go’yo Alisherbekning kelinoyisi — akasi Bahlulbekning rafiqasi haqida so’z yuritilgandek tuyuladi, kishiga. Zero, Navoiyning kelini — ukasi Darveshalibekning xotini Ofoq begim Balxda aynan «Sab’ai sayyor»dagi Dilorom singari ijodu ilm ahlining homiysi edi. Bunday ishlarni, tabiiyki, Xorazmdagi kelinoyisi ham amalga oshirayotgandi.
Shuningdek, Navoiy hazratlari «Majolis-un nafois», «Nasoyim-ul muhabbat», «Tarixi anbiyo va hukamo» asarlarida Xorazm adabiy muhiti, ijodkorlari haqida ham so’z yuritiladi. Xoja Abdul Vafoiy Xorazmiy, Mavlono Husayn Xorazmiy, Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud, Sulaymon Boqirg’oniy, Rabg’uziy singari xorazmlik ijodkorlarga Navoiy hazratlari alohida mehr qo’ygan edi.
Xondamirning «Makorimul axloq» asarida yozilishicha, «Bir vaqtda Sulton (Husayn Boyqaro) Xorazm viloyatini obod qilish va unga binolar qurish xayoliga tushib, binokorlik va dehqonchilik ishlariga yaxshi ahamiyat berib harakat qilishlari va joylanib turishlari uchun Xurosondan uch ming xonadonni Xorazmga ko’chirish haqida majburiy buyruq chiqardi».
Tabiiyki, uch ming xonadonni Vatanidan judo qilish yaxshi emasligini anglagan Navoiy do’sti Husaynga bunday ishning noto’g’riligi haqida to’qqiz bor arz qildi. O’ninchi bor arz qilganida Boyqaro faqat ming xonadonnigina Xorazmga ko’chirishga amr qildi. Navoiy o’troqlashgan xurosonliklarni Xorazmga majburiy ko’chirgandan ko’ra, XIV asrning 80-yillarida Hazorasp va Xivadan Hirotga ko’chirtirib kelingan naqqosh, me’mor, hunarmandlarni o’z ellari — Xorazmga yuborish zarurligini uqtirib, do’sti Boyqarodan bu haqda farmon chiqartirib oldi.
Xullas, Navoiy hazratlari xorazmliklarga mehr bilan qarab, ular haqida qayg’urdi, asarlarida maftunkor o’lkani maroq bilan tasvirladi. Negaki, Xorazmda akasi, jiyanlari yashar, qarindoshlik rishtalari uzoqdagi voha bilan bog’langan edi. U Hirotdagi ijod, davlat ishlari, tadbirkorligu bunyodkorlik faoliyati sababli Xorazmga bora olmas, ammo doimo akasi, jiyanlari yoniga borishni orzu qilib yurardi. Afsuski, bu orzular armon bo’lib qoldi.
Umid Bekmuhammad