Amir Temur haqida qozigʻi boʻsh “haqiqat”lar

Buyuk bobokalonimiz — amir va sarkarda Amir Temurning shaxsiyati, tarixi, harbiy salohiyati, xalqlar hamda davlatlar oʻrtasida tutgan oʻrni, diplomatik aloqalar, munosabatlarni joriy etishdagi faolligi toʻgʻrisida juda koʻplab tarixiy, badiiy, ilmiy asarlar, risolalar, publitsistik maqolalar yozilgan. Shubhasizki, Temur haqida yozilgan katta asar yoki kichik maqola boʻlsin, har birida dahoning shaxsiyatiga Iskandar Zulqarnayn, Yuliy Sezar, Xorun ar-Rashid, Mamun singari tarixda oʻchmas iz qoldirgan yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan, madaniyat homiysi sifatida baho beriladi va shu nuqtai nazardan shaxsiy fikrlar bildirilgan.

Mamlakatimizda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyador­lik kompaniyasi bosh tahri­riyati tomonidan 2001 yilda “Amir Temur saboqlari” nom­li risola chop etilib, unda 1999 yil 23 dekabrda oʻtka­zil­gan “Amir Temur va uning markazlashgan davlat tuzish yoʻlidagi buyuk xizmatlari” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman materiallari eʼlon qilingan edi. Risola­ning oxirgi sahifasida Buyuk Sohibqiron haqida chop etilgan asarlarning bib­liografiyasi berilib, 1999 yilning oxirigacha bu koʻrsat­kich 8950 taga yetganligi haqi­da qiziqarli maʼlumot bor edi. Ushbu axborotga tiniq manba sifatida tayanadigan boʻlsak, oʻtgan 17 yil mobay­nida Temuriylar tarixiga oid yozilgan asarlarning so­ni mingdan ortib ketganini taxmin qilish qiyinchilik tugʻ­dirmaydi. Azaldan Amir Temur va Temuriylar shax­siya­tiga koʻplab muarrixlar, temurshunoslar, sharqshunos­lar, yozuvchi va shoirlar mu­ro­jaat qilishgan. Ular ora­si­da nafaqat turkiyzabon, forsiyzabon, balki yevropa­lik­lar ham bor edi.

Biroq guruch kurmaksiz boʻl­maganidek, keyinroq yozilgan tarixiy, badiiy, tadqiqiy asarlarda ayrim oʻquvchini ikkilantirib qoʻyadigan maʼ­lu­motlarga ham duch kelamiz. Uzoqqa bormay, boshqa tari­xiy voqeliklarni solishtir­may, bevosita Temurning sha­jarasi, yaʼni bobosidan bosh­lay qolaylik. Amir Turagʻay­ning otasi Barkul bahodir­ning ismini manbalarda Bur­qul, Berkul, Bargʻiloy shakl­larida atalganini koʻ­ramiz. Turagʻayning oʻzini esa Taragʻay bahodir, Muham­mad Taragʻay, amir Turagʻay kabi sifatlar bilan qoʻl­langaniga guvoh boʻlamiz.

Bu yerda Taragʻay atamasini temurshunoslar toponim yoki urugʻ, ulus, aymoq nomi bilan izohlagani koʻzga chalinmay­di. (Nazarimiz tushmagan boʻl­sa, gazetxonlardan maʼ­zur tutishini soʻraymiz). Tu­ra­gʻay esa otaning yolgʻiz oʻgʻli boʻlgan. Turkiylar urfiga koʻra yolgʻiz oʻgʻil farzand koʻr­ganlar soluvlik uchun (tura­qol, turagʻay, yashayqol maʼno­larida) ismlar qoʻyishgan, degan maʼlumotlar manba­lar­da qayd etilgan. (S. Tosh­kandiy, “Temurnoma”; P. Rav­shanov, “Temurning yoshligi”) kabi asarlarda. Temurning onasi Teginabegim Moh ham manbalarda turlicha: Tekina, Takina xotun, hatto Ye. Berezi­kov­ning “Temuroʻgʻlonning tugʻilishi” risolasida Nekiya deb nomlanganiga shohidmiz. Uning otasi Ubaydulloh ibn Mahmud Mahbubiyni aksa­riyat kitoblarda Buxoroda “shariat qozisi” boʻlgan deyilsa, ayrim mualliflar sadr-ash sharia(at) shahar­ning bir dahasida mullalik qilgan, deb yozadi.

Amir Temurning tugʻilishi toʻgʻrisidagi faktlarda ham bahsli maʼlumotlar mavjud. Ayrim adabiyotlarda uchray­di­gan bayonlarda ilmiylik­dan koʻra badiiy mubolagʻa­lar, rivoyatomuz fikrlar moʻl­ligini koʻramiz. “Zafar­noma”, “Temurnoma”, “Temur oʻgʻlonning tugʻilishi” kabi asarlarda Teginabegim Moh kundoshi Yoʻqun xotunning sui­qasdidan omon qolib, Joku bar­losning xonadonida far­zandli boʻladi deyilsa, Donish Nasafiy “Buyuk Te­mur” romanida Hoji Barlos­ning xiyonatidan choʻchib, qochib ketayotganda dalada — sholi­kor dehqonning ovloq kulba­sida joriyasi koʻmagida yum­shoq kul ustida koʻz yoriydi, degan fikr ilgari surila­di. H. Sattoriyning “Hazrat Sohibqiron”, F. Joʻraning “Turonlik Sohibqiron Amir Temur” singari qator asar­larda Keshdan 15 chaqirim na­ridagi Xoʻja Ilgʻor qishlo­gʻida tugʻilganligi eʼtirof etiladi. Taniqli tarixchilar Sharafuddin Ali Yazdiy: “Kashi dilkash viloyatida…” desa, Ibn Arabshoh: “Keshga qarashli Xoʻja Ilgʻor (Xoʻjai ilgʻor boʻlishi ham mumkin)da tugʻildi”, degan maʼlumotni kel­tiradi. Zahiriddin Mu­ham­mad Bo­bur esa “Temurbek­ning zodu-budu keshlik”, deya aniq nuqta qoʻyadi.

Tugʻilgan sanasida ham xilma-xillik mavjud. Rus muarrixi M. Iva­nin 1333 yil 7 may, fran­suz sharqshunosi L. Lyangle 1336 yil 7 may, “Zafarno­ma”­ni 1997 yilgi nashrida akademik R. Rax­mon­aliyev 1336 yil 8 ap­rel, akademik V. Bar­­told hamda rus profes­sori T. Gra­novskiy­­lar 1336 yil 9 aprel­da tugʻil­gan, degan maʼlumot­lar­­ni keltiradi. Mamlakati­miz­da Oʻrta Osiyo tarixining bilim­donlari hisoblangan akade­miklar: V. Bartold, I. Moʻ­mi­nov, B. Ah­medovlar kel­tir­gan dalil­lar­ga asosla­nib boʻlsa kerak, 9 aprelda Haz­rat Sohibqi­ron­ning tu­gʻilgan ku­nini nishonlash urf­ga kirgan.

Yana bir “qiziq” maʼlumot: Turagʻay bahodir dastlab Qadaq xotunga (“Zafarnoma”), Yoʻqun xotunga (“Temurnoma”. Aslida ikkisi bir ayol) uy­lan­gani rost. Lekin Turagʻay bahodir bu nikohdan far­zand koʻrmaganligi haqida manbalarda qaydlar uchray­di. Ikkinchi ayoli Teginabe­gim Mohdan Temur dunyoga ke­ladi. Biroq, baʼzi manba­larda “Teginabegim Temur 2 yoshligida, boshqalarida 22 yoshida vafot etadi”, deyi­ladi. Lekin Hofizu Abru va boshqa bir qator tarixchi-yu, adiblar Turagʻay bahodir­ning Suyurgʻatmish, Olam­shayx, Joʻgʻi ismli oʻgʻillari, Qutlugʻ Turkon oqa, Shirinbika oqa ismli qizlari boʻlgani­ni eslatishadi.

Xullas, qayd etilgani kabi maʼlumotlar Temur va Temuriylar hayoti aks etti­rilgan manbalarda yetarlicha uchraydi. Bunday “xilma-xil­lik”ning mohiyatini bizning­cha ikki xil izohlash mumkin: birinchisi, kitob muallif­la­ri Sohibqiron toʻgʻrisida­gi maʼlumotlarni tiniq man­­balarga solishtirmasdan mustaqil fikr bayon etgan boʻlishi mumkin. Ikkinchisi, yuqorida taʼkidlanganidek, asarlarni bir tildan ikkin­chisiga oʻgirishda yoʻl qoʻyil­gan eʼtiborsizlik tufayli roʻy bergan boʻlsa ajabmas, degan fikr xayolimizga kela­di.

Nima boʻlgandayam, Sohib­qiron toʻgʻrisida yozilgan son-sanoqsiz kitoblarni u shaxs­ga boʻlgan keng jamoatchilik­ning ehtiromi, deb tushunmoq kerak. Gap shundaki, bu kitob­larning aksariyati oʻquvchi­lar­ning qoʻlida. Kitoblar esa — millatning maʼnaviy boyligi hisoblanadi.

Fikrimiz intihosida rus mutafakkiri Nikolay Berd­ya­ev­ning: “Tarix tom maʼno­dagi afsonadir”, degan eʼti­­­rofini eslab, muxtasar qil­moqchimiz. Bizga qariyb yetti yuz yil naridan boʻylayotgan Hazratning surat va siyra­tiga doir chizgilar necha bor sayqallanib, necha bor “gʻi­jim”langani rost. Shu ji­hat­dan bir taskin ila ovuna­miz. Sohibqiron haqida yozilgan minglab asarlarni har qan­day aqli komil shaxs ham toʻla tahliliy mutolaa qilib chi­qishga ehtimol vaqti yetmas. Shunday ekan, boshqa ulugʻlar kabi Hazrat Amir Temurning shaxsini yorita­man, deb ay­rim mualliflar asli qozigʻi boʻsh “haqiqat”­larga tayanib ish tutganini tabiiy hol, deb qabul qila­miz, xolos. Loaqal, mamlaka­timizda Temur va Temuriy­lar tarixiga oid yozilayotgan asarlar Respub­lika Yozuvchi­lar uyushmasi yoki boshqa masʼul mahkamalar qoshida­gi badiiy kengashlar­ning na­zaridan oʻtkazilib chop etilganida, baʼzi bir gʻa­liz­liklarga barham beril­gan boʻlarmidi?..

 

betakrorbuxoro.uz

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/amir-temur-haqida-qozigi-bosh-haqiqat-lar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x