ALIMQUL (toʻliq ismi Mulla Alimqul Husaynboy oʻgʻli) (1831/32— 1865) — Qoʻqon xonligining muvaqqat xoni (regenti), mingboshisi, amiri lashkari (1863—65). Mallaxon hukmronligi davri (1858—62)da Alimqul xonlikni idora etishda faol qatnashib, eshik ogʻaboshi va vazir darajasiga koʻtarildi, Mallaxonning eng ishonchli va yaqin kishilaridan biri boʻlib qoldi. Bu davrda Alimqul qipchoklarning xonlikdagi siyosiy mavqeini tiklashga va mustahkamlashga harakat qildi. Mallaxon oʻldirilgach (1862), uning oʻrniga Sarimsoqxonning 17 yoshli oʻgʻli Shohmurod xon deb eʼlon qilindi. U taxtga oʻtirgach, otasining qotillarini topib oʻldirtira boshladi. Qotillikda qoʻli bor Toshkent hokimi Qanoatning buyrugʻi bilan Shohmurodni oʻgʻirlab ketadilar. Soʻng Qanoat Xudoyorxonni xon deb eʼlon qiladi. Alimqul esa taxtga uning birodari Sulton Murodni oʻtqazmoqchi boʻlib, Xudoyorxonga qarshi kurash boshlaydi. Nihoyat, 1863-y. 9-iyulda A. Mallaxonning oʻgʻli Sulton Sayyidxonni Qoʻqon xoni deb eʼlon qiladi. Xudoyorxon Buxoroga ketishga majbur boʻladi. Buning evaziga Alimqul «Amiri lashkar» unvoniga sazovor boʻldi. Shunday boʻlsada, Alimqul amalda xonlikni oʻzi idora qila boshladi. Podsho Rossiyasi qoʻshinlari Qoʻqon xonligi tasarrufidagi Toshkent va boʻlak shaharlarga taxdid qila boshlagach, Alimqul va Sulton Sayyidxon qoʻshin bilan Toshkentga kelishdi (1864-y. 25 noyab.). A. 10 ming kishilik qoʻshin bilan Aris daryosi boʻylariga chiqib, Turkiston va Chimkent oraligʻidagi rus qoʻshinlari egallagan qoʻrgʻonlarni qaytarib olishga harakat qildi. Turkiston sh. yaqinidagi Iqon qishlogʻida ruslarning qoʻshinini yengib Toshkentga qaytdi (yana q. Iqon jangi). 1864-y. dek. oxirida Alimqul va Sulton Sayyidxon Toshkentni tark etib, Qoʻqonga kelishdi. Chernyayev boshliq rus qoʻshinlari Toshkentga yaqinlashganligi haqida xabar topgach, ular qoʻshin bilan Qoʻqondan chiqib, 1865-y. 7-mayda ertalab Toshkentga yetib kelishdi. Alimqul va xon qarorgohi Afrosiyob tepaligida joylashdi. Shu kuni Mingoʻrik mavzesida shahar himoyachilari ishtirokida katta mashvarat oʻtkazilib, gʻazavot eʼlon qilindi. Qashqar hokimi Valixon toʻraning qashqarliklar ham bu gʻazavotga qoʻshilajaklari haqidagi maktubini Alimqul shahar himoyachilariga shaxsan oʻzi oʻqib eshittirdi. Soʻng, Salor kanali bilan Darxon arigʻi oraligʻi (hoz. Pushkin koʻchasi) da Alimqul qoʻshinlari va shahar himoyachilari b-n rus qoʻshinlari oʻrtasida qattiq jang boʻldi. Rus qoʻshinlari yengilib, Shoʻrtepaga chekindi. 1865-y. 9-mayda Alimqul qoʻmondonligidagi qoʻqonlik askarlar va shahar himoyachilari Shoʻrtepadagi rus qoʻshinlariga qarshi hujumga oʻtdi. Nihoyatda qattiq jang boʻlib, Alimqul ogʻir yaralandi va oʻsha kuni vafot etdi. 1865-y. 10-mayda u Toshkentdagi Shayxontohur qabristoniga dafn etildi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые