AGROMETEOROLOGIK XIZMAT KOʻRSATISH

AGROMETEOROLOGIK XIZMAT KOʻRSATISH — q. x. ishlab chiqarishining barcha boʻgʻinlarini turli gidro va agrometeorologik axborotlar b-n tezkor taʼminlash. Agrometeorologik xizmat koʻrsatish majmuiga oldindan turli muddat uchun beriladigan ob-havo (bir oylik, 10, 7, 3 kunlik, sutkalik) prognozlari, ob-havoning xatarli hodisalari haqida ogohlantirish, ob-havo sharoitlari hamda ularning q. x. oʻsimliklari rivojlanishiga va hosilning shakllanishiga, oʻtkaziladigan agrotexnik tadbirlarga taʼsiri va b. haqidagi agrometeorologik maʼlumotlar va h. k. kiradi. Axborotlar kundalik, besh kunlik, haftalik va oʻn kunlik sharh (byulleten)larda, shuningdek muhim yilnomalar shaklida, i. ch. ahamiyatiga ega boʻlgan davr yoki ob-havo sharoiti noqulay keladigan davr uchun agrometeorologik maʼlumotlar umumlashtirilgan maxsus maʼlumotnomalar tarzida hamda agrometeorologik omillarning koʻp yillik rejimi haqida maʼlumotlar boʻlgan rejimli yoki agroiqlimiy axborotlar shaklida boʻladi. Q. x. mutaxassislari va rahbarlari bu maʼlumotlardan mavjud va kutilayotgan agrometeorologik sharoitni hisobga olgan holda ekish, sugʻorish, oziqlantirish, qator oralariga ishlov berish, yigʻim-terim ishlari va b. tadbirlarning muddatlarini rejalashtirishda foydalanadilar. Agrometeorologik xizmat koʻrsatish mijozlarning joylashgan joyi, axborotning koʻlami va uni yetkazib berish muddatlari koʻrsatilgan rejaga muvofiq amalga oshiriladi. Oʻzbekistonda q. x. ga Agrometeorologik xizmat koʻrsatish 1921-y. Toshkentda Turkiston meteorologiya in-ti (Turkmet) tashkil etilishidan boshlangan. 1925-y. dan bu in-t Oʻrta Osiyo meteorologiya in-ti (Sredazmet) deb atalgan. In-tining asosiy vazifasi q. x. ni ekinlarning holati va rivojlanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlash, hududning mavjud ob-havo sharoitlari va iqlim resurslaridan ratsional foydalanish, ob-havoning xatarli hodisalaridan q. x. obyektlarini muhofaza qilish tadbirlari va b. boʻldi. Oʻzbekistonda Agrometeorologik xizmat koʻrsatish Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi («Boshgidromet») va agrometeorologiya postlari tomonidan olib boriladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x