Adabiyot — yoʻl izlash, demak…

Akademnashr” nashriyoti rahbari Sanjar NAZAR bilan suhbat

 

“Sharq yulduzi” jurnali tahririyati savollari:

 

  1. Badiiy asar tarbiya vositasimi? Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni yovuzlikka yetaklashiga ishonasizmi?

 

  1. Eng katta adabiyot yuragimizda yashaydi. Demak, adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda. Lekin adabiyotga “yaqin” boʻlganimiz holda nega dunyoda zulm bor? Nega bugun insoniyat yangi yoʻl qidirmoqda? “Yoʻlini yoʻqotgan dunyo”da adabiyotning oʻrni va roli bormi? Nega u, yaʼni adabiyot dunyoning yoʻlini yoʻqotishiga jim qarab tur(a)di? Endi-chi, adabiyot dunyoning ravishiga taʼsir etib, uning yangi, munosib yoʻl topishiga ilhomlantiruvchi kuch boʻla oladimi-yoʻqmi?..

 

  1. Bitta asar jamiyatga ikki xil taʼsir koʻrsatadimi? Nima uchun?..

 

  1. Xos va omma didi hamda adabiyoti haqida siz nima degan boʻlardingiz? Hammaga “hamma narsa”ni taqdim qilish qanday oqibatlarga olib keladi? Maʼnaviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladiyu qandaylari yoʻq?

 

  1. Umidbaxsh va tushkun adabiyotning oʻquvchi va jamiyatga taʼsiri masalasida nimalar deya olasiz? Zamonaviy dunyoning bugun qanday adabiyotga ehtiyoji bor?

 

  1. Oʻtmish merosni har bir zamon oʻz mezonlari chigʻirigʻidan oʻtkazib turishi kerakmi? Nima uchun?

 

  1. Inson tirik ekan, har doim tanlov qarshisida turadi. Xuddi uch yoʻl boshidan chiqib qolgan ertak qahramoni kabi. Har qanaqa mulozamatni bir chetga surib qoʻyib aytganda, toʻgʻri tanlov qilishda adabiyotning roli bormi-yoʻqmi, boʻlsa, qay darajada?

 

  1. Savolga savol bilan kimlar javob berishini yaxshi bilsam-da, oʻzimni tiya olmadim: “Shu savol boshqa bir jamiyatda ham berilishi mumkinmidi?” Oʻzi bilan oʻzi gaplashayotgan odamlarga oʻxshab qolish orqali oʻquvchi koʻz oʻngida allaqachon gavdalangan timsolni yanada tiniqlashtirgan holda aytaman: “Qiyinov”. Chunki adabiyot nima, uning jamiyatdagi roli qanday ekanligi allaqachonlar aniqlab olingandek. Ammo nega unda siz oʻrtaga tashlayotgan savollar bizda bu qadar dolzarb, tabiiy hamda oʻrinli? Ushbu savolning javobiga uzoqdan kelishga majburman.

Bundan 3-4 yil avval ijodkor ayollarimizdan biri kitobini nashr qildirish maqsadida keldi. Ingrashga oʻxshash ohang berilgan nutqida “biz soʻz mulozimlari”, “soʻzga xizmat”, “baland (toza) bir soʻz izlayotgan bizlar” kabi iboralarni shunchalik koʻp ishlatdiki, axiyri sabrim chidamay portladim: “Opa, shu nima degani?” Opaga bu savol shu qadar shakkoklik boʻlib tuyuldiki, tili kalimaga kelmay qoldi. Balki shunchaki javobi yoʻq edi bu savolning. Zotan, bu chiroyli ibora va jumlalarda maʼno yoʻq hisobi. Jimjima va oliftalikdan boshqa hech vaqo yoʻq edi, chamamda. Voqeadan bir necha kun oʻtib opaning oʻrtamiyona sheʼrlarini tahrir qilish uchun koʻzdan kechirar ekanman, bir haqiqatga guvoh boʻldim: bu – adabiyot emas edi. Balki muallif koʻp taʼkidlaganidek, soʻz edi. Shunchaki soʻzlar. Bor-yoʻgʻi, soʻzlar yigʻindisi. Opa adabiyot nimaligidan umuman bexabar edi. U oʻzining adabiyotga aloqasi boʻlmagan qoralamalari uchun alohida nom oʻylab topgan ekan. Keyinchalik koʻplab ahli qalamlarning turli-tuman jimjimali “yolgʻon”lariga bot-bot toʻqnash keldim. Yozganlariga “koʻngil tovlanishi”, “ruh jilvasi” va yana bir nimalar deb nom bergan, adabiyotni “koʻngil ishi”ga yoʻyganlarning aksariyati oʻz ijodi asl adabiyot emasligini ich-ichidan his qilib, shuurorti anglamlarida tan olgan boʻlsalar, ne ajab!

Zamonaviy oʻzbek adabiyotidagi “modern” hodisasining izohi ham aksariyat hollarda zikr etilganlarga juda yaqin. Rassom Shokir Zokirov suhbatlarimizdan biridan shunday degandi: “Musavvir oʻz kamolotining maʼlum bir pogʻonasida reallikka “sigʻmay” qoladi. Mavjud shakllar va ularga mutanosib tabiiy ranglar orqali fikrlarini yetkazishi imkonsiz boʻlib qoladi. Shunda u reallikni “sindira” boshlaydi”. Bizdagi modernizm reallikka yetolmaganlarning yoʻnalishiga aylandi. Demak, har bir modernist vazn, turoq va qofiyadan yuksalib, ushbu vositalarni tark etishi kerak edi, ammo ularning aksariyati yozganlarini vaznga sololmay, satrlariga qofiya topolmay modernistga aylanishdi.

Adabiyotshunoslikda ham shunga yaqin holatlar hukmron boʻldi. Har kim xayoliga kelganini gapirdi, isbot talab qilsangiz, “Bu mening subʼyektiv qarashim”, degan “dalil”ga duch kelardingiz. Buyurtma maqolalar paydo boʻldi. Tahliliy maqolalarning koʻpchiligini oʻqishdan oldin: “Qayerlik bu munaqqid, kimlar bilan ulfatchilik qiladi?” – degan savollar tugʻilishi tabiiy holatga aylandi.

Ungacha qariyb bir asr davomida adabiyot shunchaki targʻibot quroli boʻlib xizmat qilganligini va shu nuqtai nazardan turib oʻrganilganligini eʼtiborga olsak, bugun “Adabiyot nima?” – degan savolga javob izlayotganligimiz aslo gʻayritabiiy holat emas.

Aslida, adabiyot tarbiyaning oʻzidir. Ezgulikka muhabbat, yovuzlikka nafratni, haqiqat, adolat, goʻzallik hissini, didni, insoniyatga, hayotga muhabbatni, Yaratganga bandalik tuygʻusini badiiy asar vositasidagina qiyomiga yetkazib tarbiyalash mumkinligiga ishonaman. Badiiy adabiyotsiz zoʻr fizik, matematik, kimyogar, doktor boʻlish mumkin, ammo bu sohalarning dahosiga aylanish imkonsiz, deb oʻylayman. Adabiyot – mafkura, gʻoya, dunyoqarashlarni yoyish va oʻzgalarga singdirishning goʻzal shakli.

Mening nazarimda, bugun insoniyat oʻz insoniyligining eng yuqori choʻqqisida turibdi. Bu choʻqqiga olib chiqadigan pillapoyalar Gomerdan Bodlergacha, Sofokldan Zyuskindgacha, Bedildan Abdulla Orifgacha meros boʻlib kelayotgan badiiy tafakkurning olmos tigʻlari yordamida yoʻnilgan. Biz bugungi yovuzlik va nohaqliklarga bahoni mislsiz ezgulik hamda adolatning bulogʻidan qonib suv ichgan bir holatda berayotganligimizni ham unutmasligimiz zarurdir, balki. Kechagi, tubanlikdaligimizdagi mezonlarda oʻlchanganda bugungi ahvolimiz orzu emasmidi?! Bu orzuga yetishda badiiy asarlar yoʻlchi yulduzu poʻlat qanot boʻlmadimi?!

Buzuq kishi uchun yaxshi kitobdagi ezgu gʻoyalar masxaralashgagina yaraganidek, pokiza fikratli inson ham yomon kitobdan yovuzlikni yaxshiroq tanib, oʻz yoʻlining toʻgʻriligiga koʻproq amin boʻlishni oʻrganishi mumkin. Masalan, G. G. Markesning “Mustabidning kuzi” asarini men koʻpchilikka tavsiya qilaman. Nazarimda, bu asar Hitler, Mussolini, Pinochet kabilarni tanib olishda yaxshi yordamchi boʻlishi mumkin. Ammo asarni oʻqiganlardan aksariyat hollarda qarama-qarshi fikrlarni eshitaman. Markes oʻz badiiy haqiqatini ochishda qoʻllagan dastaklari hammaga ham maʼqul kelavermaydi. Ayrimlar yozuvchining maqsadga yetish uchun qoʻllagan tasvir-tafsilotlarini hazm qilmasdan, asar qaʼriga berkitilgan xazinadan yoʻl boshidayoq voz kechib qoʻya qoladilar. Boshqalar qora va chirkin boʻyoqlarni emas, ular vositasida shakllangan haqiqatnigina koʻrishadi.

Xos oʻquvchi uchun yaxshi kitob, yomon kitob, degan tushuncha yoʻq boʻlsa kerak. Did va eʼtiqod maʼlum darajaga yetgach, ularni buzish mumkin emas. Ammo hali shakllanmagan did, dunyoqarash uchun asar tanlash oʻta muhim. Shakllanish jarayoni esa yanada muhimroq. Menga qolsa, maktablarda kichkina sinflardanoq mutolaa darslarini kiritish zarur. Kitob tanlash, asarni tushunish hijjalab oʻrgatilishi kerak.

 

  1. Oldingi savolingizga javob bera turib, bu masalaga toʻxtalib ulgurgan ekanmiz. Dunyoda zulm butkul yoʻq boʻlishini shaxsan men tasavvur qila olmayman. E. Fromm “Inson boʻrimi yoki qoʻy?” asarida inson bir paytning oʻzida ham qoʻy, ham boʻri ekanligini atroflicha tahlil qilgan edi. Zolimlik va mazlumlik har birimizda yashaydi. Baʼzida qoʻy boʻlib boʻri suvratida yuramiz, boshqa payt esa qoʻy terisini yopingan boʻriga aylanamiz.

Zulm mavjudligi emas, uning hukmron boʻlishi muammo. Chamamda, hozir insoniyat oʻz tarixining zulm eng oz boʻlgan bir davrida yashayotir. Menga maʼlum tarixda odamzod hozirgidan koʻra biofil – hayotni, tiriklikni sevuvchiroq va qadrlovchiroq boʻlmagan. Jumladan, adolatni ham. Bunda koʻproq insoniyatning eng ilgʻor vakillari yetib borgan nuqta, kasb etgan kamolot nazarda tutilmoqda. Bugun zulm hukmron boʻlgan nuqtalar, jamiyatlar ham mavjud, ammo ularning oldida mayoq yangligʻ zabt etilgan marralar yogʻdusi turibdi. Bu marralarga esa ilm, maʼrifat va, albatta, badiiy tafakkur qanotlarida yetib borilgan.

Men anchadan buyon qiziq bir formulani ilgʻagandek boʻlib yuraman. Adabiyot sohasida aksariyat klassiklar “tugʻilish”idan oldin jiddiy bir falsafiy qarash dunyo yuzini koʻrgan boʻladi. Bu qarashni bagʻrida yetiltirgan jamiyat isloh etiladi va shu islohotlar poʻrtanasida buyuk ijodkorlar yuzaga qalqib chiqadi. Navoiy naqshbandiylik va temuriylar davlatining islohotlari mahsuli edi. Choʻlponu Usmon Nosirlar jadidchilik, Sartr, Kamyular ekzistensializmning mahsuli boʻlgan. Har qachon va hammada ham shunday emas. Lekin bu koʻp takrorlanadigan bir holatni eʼtiborsiz ham qoldirib boʻlmaydi. Nima demoqchiman? Yoʻl izlash, aslida, adabiyotning vazifalaridan biridir. Har bir paydo boʻlgan ulkan fikr adabiyotga aylanar ekan, jamiyatga taʼsir qilar ekan, mayli, doimo emas, koʻpincha, buni yana boshqa qanday tushunish mumkin?

Ortiqcha nekbinlik, qirmizi koʻzoynakchilik boʻlib tuyulmasin-u, ammo men gumanizmning tanazzul va inqirozini koʻra olmayapman hech. Aksincha…

Insoniyat yoʻl qidirayotganligi bor gap. Ammo oʻz yoʻlini izlayotgan odam yoʻlsiz emas-ku, hatto u toʻgʻri yoʻldagi odam-ku.

Adabiyotning yakka oʻzi dunyoni oʻzgartirib yubora olmas, ammo adabiyotsiz ham dunyoni oʻzgartirish qiyin kechadi. Yuqorida yozganlarimda shuni isbotlashga harakat qildim.

 

  1. Bitta asar ikki xil emas, ming xil taʼsir koʻrsatadi. Faqat bir shart bor: yaxshi asar boʻlsa. Yaxshi asar nima? Matn. Agar matn baquvvat boʻlsa, universal ham boʻladi, unga cheksiz maʼnolar yuklanishi mumkin. Navoiy va Mashrabdan qanday qilib ateist yasashgani hali unut boʻlib ulgurmadi-ku. Qolaversa, bugun isteʼdodli shoir borki, hammasidan tasavvufiy maʼnolar topish urf boʻlganligi ham bunga misol.

Markiz de Sadni yoki Jovanni Bokachchoni oʻqiganlarning hammasi ham yomon odam boʻlib qolmagan deyman-u, talabalikdagi bir doʻstimning gapi esimga tushadi. U baʼzi asarlarni bir varaqlab koʻrardi-da, “Men uchun emas bu kitob, ichimdagi yomon jinimni semirtirar ekan”, – derdi.

Nazarimda, oʻquvchining aqidasini butlab, dunyoni qabul qilish yoʻsini toʻgʻri yoʻnalishga burib qoʻyilsa kifoya. Masalan, 17 yoshimgacha menga shaxsiy kutubxonamizda mavjud boʻlgan “Ming bir kecha”, Mopassanning “Azizim”i oʻqish uchun taqiqlangan edi. Albatta, men ularni birinchi imkoniyat tugʻilishi bilanoq olib, yashirincha oʻqib chiqqanman. Ammo bu kitoblar nima uchun taqiqlanganligini tushunolmaganman. Hozir tushunaman. Oʻzim ham bolam uchun bu kitoblarni taqiqlagan boʻlar edim. Ammo bu shunchaki keksarayotgan odamning qarashlariga chang solayotgan konservatizmdan boshqa narsa emasmikan, deb ikkilanishdan hamon toʻxtaganim yoʻq.

Timoti Raybakning “Hitlerning shaxsiy kutubxonasi” asarini oʻqib lol qolganman. Yovuzlikning mutlaq timsoli boʻlgan fashistlar dohiysi “Don Kixot”, “Robinzon Kruzo”, “Tom togʻaning kulbasi”,”Gulliverning sayohatlari”ni, Gyote va Shillerni oʻqigan. Demak, bitta asardan asli buzuq odam buzuqligiga, asli tuzuk odam esa tuzukligiga quvvat olaverar ekan-da.

 

  1. Omma adabiyoti deganlarini saqichga oʻxshataman. Ovora boʻlib chaynaysiz-ku, taningizga biron-bir naf yoʻq. Voqealarning ketidan quvib-quvib bironta foydali xulosaga boshingizni urib olmaysiz. Omma adabiyoti boʻlmaganida koʻp yaxshi boʻlardi, ammo, afsuski, bor. Keraksiz tosh sifatida u doimo ogʻirlik qilaveradi. Bu hammaga maʼlum gaplar. Mening qarashim esa quyidagicha. Mayli, omma adabiyoti boʻladimi, sariq adabiyotmi, oʻz oʻrnida, oʻz yoʻlida mavjud boʻlaversin. Faqat boshqa mavqega daʼvo qilmasa bas. Faqat bu ham asl adabiyot deb uqtirilmasa kifoya. P. Koelo, X. Murakami yoki B. Akunin bilan boʻlgani kabi.

Bir paytlar “sanʼat – sanʼat uchun” qabilida yozilgan “Uliss”sifat murakkab asarlarni xoslar adabiyoti, deb tushunar edim. Bugun unday oʻylamayapman. Masalan, Xolid Husayniy degan yozuvchining “Shamol ovchisi” (“The Kite Runner”) asari oʻta sodda va ravon tilda, hamma tushunadigan uslubda, katta haqiqatlar haqida yozilgan. Patrik Zyuskindning “Parfyumer” asari kimgadir detektiv, kim uchundir koʻpqatlamli chuqur ramziy asar. Aslida, bu Navoiy bobolarning uslubi. “Layli va Majnun”ni oling. Avom ham, xos ham mazza qilib oʻqimaydimi bu asarni?!

Badbaxt Hitlerning oʻqigan kitoblarini sanaganimizdan keyin “Maʼnaviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladi-yu, qandaylari yoʻq?” – degan savolga javob berish ham qiyin. Demak, adabiyotdan oldin “maʼnaviy immunitet”ni shakllantirib olish kerak ekan-da. “Maʼnaviy immunitet” men eslab oʻtgan butlangan aqidaning oʻzi, aslida. Odam bu sinov dunyosidan kim boʻlib yashab oʻtishini aniqlab olsa, maqsadni topib toʻgʻri yoʻl tutsa, asar tanlab oʻtirmaydi.

 

  1. Oʻspirinlik davrlarimda koʻproq sheʼrlar oʻqib qaygʻuga botganimni eslayman. Lekin bu qaygʻu tushkunlik bilan bir narsa emas. Bu dardning koʻchishi edi, chamamda. Sheʼrdagi dardni yuqtirib olarmidim?! Hozir oʻsha holatimni koʻp sogʻinaman. Nimagadir yana oʻsha paytlardagi kabi kitob oʻqib dardga choʻmsam, yulduzlar bilan, shamol bilan va oʻz-oʻzim gaplashsam tozarib qolaman, deb oʻylayman. Aytmoqchimanki, adabiyotdagi nekbinlik va tushkunlik oʻta shartli tushuncha boʻlsa kerak. Masalan, Kafkaning “Evrilish”i vositasida oʻquvchi inson qalbining, shuurining qorongʻi puchmoqlariga nazar tashlash imkoniyatiga ega boʻladi. Goʻyoki odamzodning yoqimsiz “asli”ni koʻrib qolgandek bir holatga tushgan odamning ahvoli qanday boʻladi? Tushkunmi? Menimcha, yoʻq. U endi oʻzini yaxshiroq tanigan, oʻz ojizliklarini biladigan mavjudot sifatida biroz boʻlsa-da komillashadi, degan xulosa toʻgʻriroqdek. Kareninaning oʻlimi muhabbatning oʻlimi emas, oshiqning oʻlimi, xolos. Muhabbatning esa tantanasi. Hammasi yana oʻsha “toʻgʻri aqida”ga borib taqalyapti. Umidbaxsh va tushkun adabiyot emas, nekbinlik va tushkunlikka yoʻnalgan odamlar birlamchiroq. Yarim toʻlgʻazilgan piyolaga nekbin va tushkunning munosabati hammaga maʼlum. Adabiyot ham yarim piyola suv misoli, u hali toʻlatilmaganmi yoki yarmigacha boʻshatib qoʻyilganmi, buni oʻquvchi dunyoqarashi, tafakkur tarzi hal qiladi.

Asar oʻquvchiga taʼsir qilish orqaligina jamiyatga taʼsir oʻtkazishi mumkin. Oʻquvchiga taʼsir haqida esa gaplashdik.

Odamlarni, hayotni yanada yaxshiroq, chiroyliroq, mehribonroq qiladigan adabiyotga ehtiyoj bor. Bagʻrikenglikni tarbiyalaydigan asarlarga ehtiyoj bor.

 

  1. Avvalo, har bir zamonning oʻz mezoni boʻlishi, zamonlar osha mezonlar oʻzgarishi notabiiy holat. Hamma zamonlarga xos mezonlar koʻpayishi kerak. Yaqin oʻtgan zamonamizning chigʻirigʻidan butun boshli kapitalistik Gʻarb dunyosining maʼnaviy boyliklari, Soʻfi Olloyor va Choʻlponlar oʻtolmagan. Aksincha, oʻsha zamonning chigʻirigʻigagina moslangan koʻplab asarlar bugunga kelib bir necha oʻn yildayoq unut boʻlib ulgurdi. Akutagava aytganidek: “Bizning baxtimiz klassiklarning borligida”. Klassiklar zamonasoz chigʻiriqlardan butun oʻtgan, asl adabiyot haqida darak berib turadigan manbaga oʻxshashadi.

 

  1. Agar toʻgʻri tanlov qilishda adabiyotning roli katta ekanligiga ishonmaganimda, har qanaqa mulozamatni bir chetga surib qoʻyib, shuncha vaqt sarflab savollarga javob yozmasdim. Bu rolning darajasi ahamiyatli ekanligiga ishonmaganimda ham.

Bironta oilada ota-ona bolasiga: “Yomon odam boʻl, oʻgʻri-qallob boʻl”, – demaydi, hatto oʻzlari oʻgʻri-qallob boʻlishsa ham. Har bitta ota-ona bolasiga: “Yaxshi boʻl, toʻgʻri yur, odobli boʻl”, – deb nasihat qiladi. Shunday ekan, yomon odamlar qayerdan paydo boʻlishadi? Keyinchalik yomon odamning ota-onalari: “Men yomon boʻlma deganman, yaxshi boʻl deganman”, – deya yozgʻirishadi. Nega bolalari yaxshi boʻlmagan? Nazarimda, qalb va shuurga hikmat, ezgulik oʻrnashishi uchun, sodda qilib aytganda, bola “yaxshi boʻl” degan nasihatni olishi uchun qalb tayyor, zehn ochiq boʻlishi kerak. Toshga sochilgan dondan bugʻdoy maysasi koʻkarib chiqmaganidek, yumshatilmagan qalbdan, hozirlanmagan shuurdan nasihat oʻrin egallab, ezgulik ildiz otmaydi. Qalbni yumshatishning, shuurni hikmatga hozirlashning yoʻllaridan biri, ehtimol, birinchisi adabiyotdir. Hozir bu jarayonning qanday kechishini tahlil qilish mavridi emas. Mavridi boʻlganda ham bunga aqlim yetishiga gumon qilaman. Ammo adabiyot vositasida millat, mamlakat tarbiya topishini aniq bilaman. Badiiy asar oʻqir ekanmiz, buyuklar fikri bilan fikrlaymiz, mazlumlar koʻngli bilan oh chekamiz, qahramon hayotini yashab, kurashib haqni botildan ajratishga koʻnikamiz. Hech kompyuterda oʻynayotgan bolangizni kuzatganmisiz? Oʻyin qahramoni sakraganda, u ham sapchib tushganiga, qahramonga oʻq otilganda, u ham chap berib oʻzini olib qochganiga eʼtibor qilganmisiz? Oʻyindan soʻng koʻzini yumganida, kompyuterdagi tasvirlar qaytadan jonlanayotganini zavq bilan soʻzlab berganmi bolangiz? Badiiy asar oʻqiyotgan odamning holati ham juda boshqacha boʻlmas?! Nahotki, bolangiz kitob oʻqir ekan, Don Kixot yangligʻ xayoliy tegirmonlarga qarshi jangga otlanmaydi, deb oʻylasangiz, Mishkin boʻlib telba dunyoga sogʻlom nazar bilan boqmaydi, Alpomish boʻlib oʻz elining ori uchun qalqib ketmaydi, deb ishonsangiz?! Gʻafur Gʻulomning “Shum bola”si bilan “miyasining qatigʻi” chiqib turgan bolaga oʻgʻirlik qilmaslik haqida nasihat bering-chi.

Suhbatning boshida adabiyot tarbiyaning oʻzidir, degan edik. Tarbiya esa “yo hayot, yo mamot” masalasidir. Bu yogʻi oddiy mantiqiy sillogizm uslubida oydinlashadi: adabiyot – “yo hayot, yo mamot” masalasidir.

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyot-yol-izlash-demak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x