Kichkintoylarning katta shoiri

Bolalar adabiyoti – adabiyotning balogʻati

 

Alla – adabiyotning beshigi, butun insoniyatning murgʻakligi adabiyoti. Lekin oʻzi murgʻak emas, yombi adabiyot. Alla qachon paydo boʻlgan? Hech kim bilmaydi, u nihoyatda qadimiy.

Bolalar adabiyoti adabiyotning bolaligi emas, barkamol adabiyotning qaymogʻi, komil mahsulidir. Balogʻatga yetmagan adabiyotda, millatda bolalar adabiyoti alohida shakllanib rivojlanmaydi. Dunyoda shunday nochor adabiyotlar, millatlar hozir ham mavjud. Mustahkam poydevor boʻlmasa, bino barpo qilib boʻlarmidi?

Bolalar shoiri boʻlish mushkul. Buning uchun bolaqalb, bolafeʼl, bolatabiat boʻlish kerak. Ayniqsa, eng kichik yoshdagi bolakayga moslab sheʼr yozib koʻring-chi, uning dilini toping-chi, tilini toping-chi…

Odam jismonan baquvvat, bilimli, har ishda chaqqon, epchil boʻlishi mumkin. Ammo oqkoʻngil, iymon-eʼtiqodli, insonparvar, yurtparvar boʻlmasa, hayotda oʻzidan yaxshi nom, yaxshi iz qoldirolmaydi. Adabiyot va sanʼat bolaning ana shunday goʻzal tuygʻular, fazilatlar sohibi boʻlib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda, ayniqsa, bolalar adabiyoti va uning jonkuyarlarining xizmati kattadir.

Bolalar adabiyotida Quddus Muhammadiy, Qudrat Hikmat, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Anvar Obidjon, Kavsar Turdiyeva, Abdurahmon Akbar, Dilshod Rajab kabi shoir va yozuvchilarning bolajonlarga tuhfa etgan asarlari adabiyotimizda salmoqli oʻrin tutadi. Bu roʻyxatni bugun Tursunboy Adashboyevning nomisiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Oʻspirinlik paytimizda Tursunboy Adashboyevning sheʼrlarini koʻp oʻqiganmiz, yod olganmiz. Negadir sheʼrlardagi satrlar xotiramizga tez oʻrnashib qolardi. Keyinchalik uning sheʼrlari bolalar yaxshi koʻradigan shirinlikdek totli ekanligi, shu bois yodlash, maʼnosiga yetish osonligining siridan voqif boʻldik.

Shoir sinchkov kuzatuvchi, bolalarni jondan sevuvchi ijodkor ham. Shu bois quvnoq yumor, samimiy hazil moʻl sheʼrlarida bola tabiati koʻzgudagidek koʻrinadi: sheʼrlarda bola oʻz ichki olami aksini koʻradi, goho harakatlarini shoirbobo koʻrib turganidan xijolat tortadi, bilib qolibdilar-da, deb oʻylasa, ehtimol. Ha, shoirbobo bolalarni, ularning feʼl-atvorini, orzu-maqsadlarini bilib turadigan bolaqalb shoir.

Tursunboy Adashboyev asarlarida bolalar psixologlari oʻz mutaxassisliklarida qoʻllashlari mumkin boʻlgan nozik kuzatishlar, xulosalar mavjud. Bu esa bolalar psixologiyasi bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar uchun tayyor ish dasturi boʻla oladi.

 

Sakkiz satr

 

Bolaning xayol osmoni bepoyon, ufqlarga sigʻmaydi. Uningcha, mushuk bekordan-bekor ham oftobga chiqaveradi. Kattalar xayoli esa, ularning oʻzi kabi bepoyon kengliklarda behuda suzmaydi.

Bolalar shoiri mohir sehrgar kabi bolaning yengidan, yoqasidan sheʼr oladi va bunga bolani ishontiradi. Ishontira olmasa, bola ham sheʼrga ishonmaydi.

 

– Qargʻa qaqimchi ekan,

Chumchuq chaqimchi ekan,

Gʻoz karnaychi ekan,

Oʻrdak surnaychi ekan.

– Gʻoz karnaychi boʻlmasin,

Oʻrdak surnay chalmasin.

Karnaychi Shokir togʻam

Xafa boʻlib qolmasin.

 

Tursunboy Adashboyevning “Gʻoz karnaychi boʻlmasin” sheʼridan olingan ushbu iqtibos qatida shoir ijodining oʻziga xos xususiyatlari, individual xarakteri, betakror badiiy boʻyogʻi aks etgan, deyish mumkin. Qargʻa, chumchuq, gʻoz, oʻrdak – bolalar badiiy olamining doimiy personajlari, bolalarning sevimli qahramonlari. Qahramonlargina emas, bolalarning ajoyib doʻstlari, oʻrtoqlari. Gʻaroyib qahramonlar yetovida bolalar tasavvur olamiga, oʻsuvchan hayotga kirish qulay va oʻngʻay. Shaffof va mayin chegaradan bolalik, xayol, orzu hududiga oʻtish mumkin. T. Adashboyev shu begʻubor maydonga oʻta olgan.

Yuqorida keltirilgan sheʼriy parcha dialog shaklida qurilgan. Bu esa sheʼr oʻqiyotganda bolaning sezgi va tafakkuri hushyor boʻlishini, idrok oqimi monotonlik (bir xillik)dan zerikmasligini, yaʼni fikriy va hissiy qabullovi faol harakatda boʻlishini, obʼyekt bilan uzluksiz munosabatga kirishishini taʼminlaydi. Sheʼrning eng muhim jihati esa, “karnaychi” soʻzining koʻpqatlamli maʼno kasb etishidadir. Gʻoz karnaychi, nega oʻrdak emas? Chunki oʻrdak tabiatan anqovroq, fahmsizroq, yon-atrofda kechayotgan voqealarga gʻozchalik hushyor emas. Shu bois karnaychi boʻlish oʻrdakka yarashmaydi. Bu mashgʻulot rosa gʻozbop-da! Nega? Avvalo, gʻozning oʻzida “gʻoz”lik odati – bodilik, hovliqmalik, shoshqaloqlik, shu bilan birga, oʻrdakka nisbatan ortiqcha ziyraklik, sezgirlik, voqealar mohiyatini tezroq va aniqroq ilgʻash kabi xususiyatlar mujassam. Yoʻq, biz emas, bu feʼl-atvorni oʻrdakka ham, gʻozga ham xalq ijodi – folklor, ertaklar, afsonalar timsol etib bergan. Shu maʼnoda, gʻoz karnaychi boʻlishga juda mos-da. Karnayning oʻzi ham koʻpincha “suvni koʻrmay etik yechadi”, elburutdan shovqin koʻtaradi, gʻalogʻul qiladi, voqea-hodisa, narsa-ashyoning hali “qora”si koʻrinmay, mohiyatga yetmay, moyaga kirmay turib elga jar soladi. Odatiy sokin muhitni bezovta qiladi. Shu mantiqqa koʻra, gʻoz karnayga, karnay gʻozga rosa mos va munosib. Yuzaki qaraganda, shoir ming yillardan buyon yashab kelayotgan ertaklar ritmi va ohangini yengil taftalogiyaga tortgandek tuyuladi. Ammo bu – aldamchi tasavvur: Gʻoz karnaychi boʻlsa, karnaychi Shokir togʻa xafa boʻlib qoladi. Shu shtrix, yaʼni gʻoz va karnay orasida Shokir togʻa, yaʼni inson sheʼrga ijtimoiy maʼno yuklaydi.

 

Ertakdan chiqqan quyosh

 

XXI asr bolasiga ertak kerakmi? Bola ertakni hayot deb, ertak qahramonini oʻzi bilan yonma-yon yashayotgan oʻrtoq, deb oʻylaydi. Bola ertakdagi ijobiy qahramonlaru salbiy qahramonlar ham hayotda mavjudligiga astoydil ishonadi. Ertaklar bolaga taʼsir oʻtkazadi, ertak qahramoni kulsa, bola ham kuladi, yigʻlasa, bola ham yigʻlaydi. Ertakdagi voqealarda bola oʻzicha ishtirok etadi. Bola Zumrad, Kenja Botir, Toʻgʻrivoy bilan doʻst, oʻrtoq boʻladi. Bolaning begʻubor qalbi ertak qahramonlari singari ezgulik tarafdori, u shu qahramonlar singari yaxshi odam boʻlishni orzu qiladi. Bolalar hayotni ertak orqali bilib, ertak vositasida oq-qorani ajratadilar.

Bolalarning ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlikni anglashida, ularning bir-biridan farqini ilgʻashi va mantiqini tushunishida ertaklar muhim ahamiyat kasb etadi. Ertaklar bolalar hissiyotini oʻstiradi, tuygʻu, tushunchasini rivojlantiradi. Olamni idrok etishni oʻrgatsa, odamga tuygʻudosh, qaygʻudosh boʻlishni maʼsum va begʻubor tabiatga – bola sajiyasiga yuqtiradi. Ertaklarning shunday farahbaxsh va sururli taʼsirida ulgʻaygan insonlargina madaniyatli, maʼnaviyatli boʻladilar. Vatanparvar, millatparvar, mehnatsevar, insonparvar boʻladiganlar ham shular. Bunday bolalar olamni ota-onalari, bobo-momolari soʻzlagan ertaklar, hayotiy hikoyalar orqali taniydilar. Bugungi bolaning ertaga qanday feʼl-atvor, odatlar egasi boʻlib kamol topishi bugun tinglayotgan ertaklariga judayam aloqador.

Qanday bola kelajakda komil inson boʻlib yetishadi?

Orzulari bisyor, xayol dunyosi bepoyon bola, albatta! Orzular yoshu qari – hamma-hammaga birday kuch-quvvat bagʻishlaydi, yuksaklarga chorlaydi.

Ertagu afsonalarni, allayu dostonlarni tinglab ulgʻaygan bola hech qachon yomon odam boʻlmaydi, undan buyuk sanʼatkor, jasur fazogir, mashhur rassom, naziri yoʻq inson, hech boʻlmasa, oddiygina yaxshi odam chiqishi isbotlangan haqiqat.

Mashhur rus yozuvchisi Valentin Rasputin allaning bola ruhiyatiga, tarbiyasiga ijobiy taʼsiri xususida shunday degan edi: “Pushkin enagasi Irina Radionovnaning mungli allalarini emas, bugungi estradani tinglab ulgʻayganida edi, undan Pushkin emas, Dantes chiqardi”.

Afsuski, keyingi paytlarda televizor va kompyuter ertaklarni bolalar hayotidan tobora koʻproq siqib chiqarmokda. Bu esa bolalarning tarbiyasiga, axloqiga oʻziga xos tarzda taʼsir oʻtkazadi. Bugungi bolalar yana yigirma yildan keyin tamomila yangi dunyoqarash, yangi axloq, yangi maʼnaviyat, turmushning yangi mezonlari bilan munosabatga kirishgan avlod sifatida hayotga kirib keladilar, siz bilan bizning oʻrnimizni toʻldiradilar. Bu avlodning toʻqlari ochlariga, ochlari esa toʻqlariga, poʻrimlari yupunlariga, yupunlari esa poʻrimlariga qanday munosabatda, muomalada boʻlisharkin? Oʻrta mezonni topishga muvaffaq boʻladilarmi?

Ha, bolalar internetga, mobil telefon va zamonaviy texnologiyalarga tobora berilmoqdalar. Ommaviy madaniyat – olomonchilik madaniyati bilan balo-qazodek kelayotgan madaniyatsizlik, maʼnaviyatsizlik boʻroni hatto aqlini tanib ulgurmagan bolalarga moʻljallangan zoʻravonlik, shafqatsizlik, soxtalik, xudbinlik illatlarini olib kirmoqda. Bunday sharoitda murgʻak qalb va murgʻak ongni adabiyotga, sheʼrga bogʻlab turadigan soʻzni topish, adabiyotga qiziqtirish bolalar shoirining zimmasiga dolzarb masʼuliyat yuklaydi. T. Adashboyevning sheʼriy ertaklari bolalarga oq-qorani ajratishda, mustaqil fikr sari siljishda, bolalik pallasidan balogʻat fasliga oʻtishda ruhiy koʻprik, ruhiy quvvat boʻladi.

Turli elektron vositalar orqali hayotimizga kirib kelayotgan bolalar oʻyinlari ertaklar oʻrnini, ayniqsa, ota-onalar, bobo-momolar hikoya qilib beradigan afsonayu rivoyatlar oʻrnini bosa oladimi? Bu savolga loʻnda tarzda shunday javob berish mumkin: Agar yana yigirma, oʻttiz, qirq yildan keyin zoʻravonlikka, betizgin raqobatga, oʻzboshimchalikka, uzoqni koʻra olmaslik holatlariga, yo ostidan, yo ustidan deydigan tavakkalchilarga, “gibrid” odatlar egalariga, xudbinlarga, “oʻzim boʻlay” tushunchasini hayotiy shioriga aylantirganlarga roʻbaroʻ kelsangiz, ular oʻz paytida zamonaviy oʻyinlarga mukkasidan ketgan bolalar boʻlganiga ishonavering. Bundaylar oʻz kaltabinliklari bilan katta maʼnaviy oʻpirishlarni, ijtimoiy fojialarni boshlashi mumkin.

Ertak bolaning fantaziyasini tarbiyalaydi, unga orzu, xayol, qanot bagʻishlaydi. Bolaning nazdida, kundalik turmushni koʻprangli va serjilo, goʻzal hayotga aylantiradi. Bola ertak tufayli dunyodan hayratlanishni oʻrganadi. Ertak bergan rang-barang xayollar butun umr insonga ruh, kuch va zavq bagʻishlaydi, gʻayrat, ilhom va quvvat beradi. Ertak bola tasavvurida ezgulik va yovuzlik chegarasini belgilab beradi. Qahramonlaru botirlar, yomonlaru shotirlar bola nazdida, ertaklardan chiqib, hayotga kirib keladi. Hayot ertakning, ertak hayotning davomi boʻlib tuyuladi. Bola nazdida, quyosh ham ertakdan chiqib, ertakka botadi…

Ha, XXI asr bolasiga ertak kerak!

 

Parodiyalar – quvnoq diydiyolar

 

Rostini aytganda, kitobga mehri tushgan biror xonadon yoʻqki, Tursunboy Adashboyevning, hech qursa, bitta kitobi kirib bormagan boʻlsa. Aytish joizki, shoirning jahon bolalar adabiyotidan tarjimalari yosh muxlislar va adabiy jamoatchilikning mehrini qozongan.

Korney Chukovskiyning “Doʻxtir Voyjonim”, Jovanni Rabonining “Mushuk kotangensning arifmetika daftari”, Samuil Marshakning “Tentak ovchi” kabi dunyo bolalari qoʻldan qoʻymay oʻqiydigan kitoblar va boshqa bir qancha chet el adiblarining bir-biridan qiziqarli asarlari T. Adashboyev tarjimasida oʻzbek bolalarining ham sevimli kitoblariga aylandi. Bundan tashqari, tilimizga oʻgirilgan ushbu asarlar bolalar adabiyotida yangi qamrov, keng ufq ochganini, bolalar adabiyoti rivojiga quvvat berganini alohida taʼkidlash joiz.

T. Adashboyev shoir va tarjimonlikdan tashqari, parodiyanavislik ham qiladi. Parodiyani maromiga yetkazib mohir muqallid-shoir darajasini olib, shubhasiz, oʻzbek adabiyotida parodiya janrining “qiroli”ga aylandi. Uchrashuvlarda koʻp shohidi boʻlganmiz – ustozdan yangi parodiyalardan oʻqib berishni muxlislar koʻp soʻrashadi.

Har xil oldi-qochdi, sayoz sheʼrlarni yumor va satira bilan qalamga olar ekan, shoir parodiyalarni muallifning ustidan kulish uchun emas, adabiyotga, maʼnaviyatga chin yurakdan qaygʻurib yozadi. Parodiya muayyan asarga berilgan hazil baho yoki baholarning hazilidir, deyish mumkin. Zero, uning qatida jindekkina haqiqat ham zohir boʻladi. Bu bilan shoir adabiyotda tanqidchi-mutaxassisning ishini ham oʻziga xos tarzda uddalamoqda, deyish mumkin.

Bugun ustozni nuroniy yoshda, deyolmaysiz. Ijodda sermahsul, hayotda sergʻayrat. Saksonga salobat bilan borayotgan piri badavlat bu insonning feʼli hali-hamon bola atvoridek begard, bolalarcha quvnoq. Ha, chindan koʻnglida kiri yoʻq inson qarimaydi.

Biz havas qilamiz, xolos.

 

Salim ASHUR

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kichkintoylarning-katta-shoiri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x