Adabiyot qarimaydi

Taniqli yozuvchi Abdujalol Rahimov bilan suhbat

 

– Sizda adabiyotga ilk havas qachon uygʻongan, matbuotdagi ilk chiqishlaringiz, soʻngra birinchi kitobingiz oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan damlarni bir eslab oʻtsangiz.

Menda adabiyotdan avval kitobga havas uygʻongan. Bu 1964 yilda, toʻrtinchi sinf oʻquvchisi ekanimda sodir boʻldi. Muallimamiz Qumri opa Umarova bizni darsdan keyin sinfdan tashqari oʻqishga olib qoldilar. Chamasi, sinfdan tashqari oʻqish ham muallimamizning ish rejalarida boʻlgan.

Oʻshanda qish fasli edi. Avval jamoa xoʻjaligining bolalar bogʻchasi boʻlgan gʻaribgina binoda oʻqirdik. Eshikni ochsangiz, sinfxonaga ayvondan izgʻirin sovuq yopiriladi. Xona oʻrtasiga temir pechka oʻrnatilgan. Oʻtin tashlansa, derazaning bir koʻziga tunuka qoqib, tashqariga chiqarilgan trubalardan burqsib tutun chiqa boshlaydi. Eshikni ochib, tutunni chiqargunimizcha amal-taqal iliyotgan sinfxona yana muzdek boʻlib qoladi.

Xullas, biz bolakaylar qunishib oʻtirgan sinfga ozoda kiyingan muallimamiz hamma kitoblarimizdan ham katta va qalin, sargʻimtil muqovali kitob koʻtarib kirdi. Bu ajoyib kitobning koʻrinishi oltmish besh yoshimda ham hamon koʻz oʻngimdan ketmaydi. Opa (biz muallimamizni shunday atardik) katta kitoblarini avaylab ochdi. Bu avaylashda kitobga beadogʻ ixlos va hurmat mujassam edi. Men opaning qoʻl harakatlari va kitobga qarab sehrlanib qoldim. Shu kitobda bir sir bordek edi. Va bu sir men uchun juda-juda qiziqarli ekanini his qildim. “Qani edi, shu kitob meniki boʻlsa!”, deya oʻylardim.

Opa kitobni ochdi va bizga oʻqib bera boshladi. Bu “Uch ogʻa-ini botirlar” ertagi edi. Muallimamiz ertakni dona-dona qilib, mayin ovozda oʻqirdi. Men ertakdagi gʻaroyib voqealar olamiga kirib qoldim. Xonaning sovuqligi, qornim ochligini ham unutdim. Ustozimiz ham teatr aktyoridek ertakka berilib ketgan edi. Opa “Uch ogʻa-ini botirlar”ni berilib, kitobdan bosh koʻtarmay oʻqidi.

Shu-shu boʻldi-yu, qoʻlimga pul tushsa, kitob sotib ola boshladim. Oʻsha paytlarda ona tomonidan buvim yolgʻiz turganlari uchun ularnikida yashardim. Buvim menga kitob oʻqitib eshitishni yoqtirardi. Shunday qilib bolaligimdan kitoblar olamiga kirib qolganman.

Yana bir gap. Biz bola paytlarimizda uzoq qish tunlari otam onamga “Oʻtkan kunlar”, “Ming bir kecha” kitoblarini oʻqib berib oʻtirganlarini eslayman. Bu kitoblar aziz qilib sandiqda saqlanardi. Oʻsha, otamdan qolgan, 1958 yilda nashr etilgan Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”i, 1959 yilda chiqqan “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon”lari hozir ham menda saqlanadi. Chamasi, bu kitoblar yil oʻtgan sayin noyob nusxalar boʻlib qolmoqda.

Qarang, xotiralar naqadar shirin, ayrilging kelmaydi. Xullas, shunday qilib, kitob oʻqishga berilib ketdim.

Sakkizinchi sinfni bitirayotganimda adabiyot darsligimizdagi hamma sheʼrlarni yoddan bilardim. Biroq sheʼr yozish xayolimga ham kelmagan. Toʻqqizinchi sinfga oʻtganimizda qoʻshni sinfdagi doʻstim Kamoliddin Sharopov “Yangiyoʻl” tuman gazetasidagi adabiy toʻgarakka qatnayotganini aytib, birga borishni taklif qilib qoldi. Yangiyoʻlga bordik. Toʻgarak aʼzolari muharrir xonasida yigʻilib oʻtirishgan ekan. Ular orasida oʻquvchilar ham, otaxonlar (Yusufjon Huzuriy) ham bor. Biz ularning qatoriga qoʻshildik. Bosh muharrir Zokir Qurtnezirov (taniqli qrim tatar shoiri va adibi, marhum) hammaga birma-bir navbat berdi. Yigʻilganlar olib kelgan sheʼrlaridan oʻqishdi. Menga navbat kelganida qizarib-boʻzarib gʻalati boʻlib qoldim. Keyingi safar men ham sheʼr yozib keldim. Shunday qilib, maktab davrimda ilk sheʼrlarim “Yangiyoʻl” tuman gazetasida chop etilgan. Keyinroq hikoyalar yoza boshladim.

Adabiyotga havasim va ilk qadamim erta boshlandi-yu, keyin katta tanaffus boʻlgan… Birinchi kitobim oddiygina, “Hikoyalar” deb nomlandi. Taniqli yozuvchi Soyim Isʼhoqning soʻzboshisi bilan 2010 yilda “Ziyo” nashriyotida ming nusxada chop etilib, oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan. Qoʻlim boʻshaganda u hikoyalarni qayta ishlashim kerak.

 

Qanday ustozlarning taʼlimini olgansiz? Ular turmush tarzingizga, ijodiy faoliyatingizga qanday taʼsir etgan?

Ijodda ustozning oʻrni katta. Inson umri cheksiz emas. Ijodkor uzoq vaqt izlab topgan tajribasini ustoz maslahatlari bilan juda tez egallashi mumkin. Albatta, u isteʼdodli, iqtidorli shogird boʻlsa. Qolaversa, oʻzi bilan oʻzi boʻlib, “borim shu”, deb yuraversa bor isteʼdodi ham xassa tayanib qoladi. Ustoz kerak, juda-juda zarur! Ustozlik aʼmolining salmoqli ulushi adabiyotshunoslarimiz qoʻlida. Taʼbir joiz boʻlsa, ular ijodkorning murabbiysidir.

Biz oʻninchi sinfni bitirayotganimizda juda koʻp insholar yozardik. Insho – olgan bilimimizning asosiy mezoni edi. Insho yozishning hadisini yaxshilab olganmiz. Mavzu qilib berilgan asardan bir parcha misol qilib keltiriladi. Bu bilan yozuvchi nima demoqchiligini bayon qilasiz. Insho rejasidagi har bir jumboq savolga ana shunday tarzda javob beriladi. Ayrim adabiyotshunoslarimizning adabiy-tanqidiy maqolalarini shu inshoga oʻxshataman. Shoir yo yozuvchining asaridan bir parcha bayon qilinadi-da, muallif bu bilan nima demoqchiligi aytiladi, yo yaxshi, yo yomon deb yorliq yopishtiriladi. “Yaxshi” deyilsa yozuvchi yo shoirning ijodiy laboratoriyasiga kirilsa, “yaxshi”likka erishganining sir-asrorlari ochib berilsa nihoyatda foydali boʻlur edi. Adabiyotshunos – ijodkorni toʻgʻri yoʻlga boshlovchi alloma.

Taniqli adabiyotshunos, Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov tarjimasida 2010 yilda chop etilgan “Jahon adiblari adabiyot haqida” kitobini har bir ijodkor oʻqishi, oʻrganishi zarur deb oʻylayman. Bu toʻplamni yozuvchi uchun darslik desa ham boʻladi. Kitobdagi 14 adib asarlarini tarjima qilish Ozod Sharafiddinovdan juda katta mehnat talab qilgani aniq. Shuning barobarida, bu toʻplam ezgu niyatli olimning bizga qilgan juda-juda katta sovgʻasidir.

Men harbiy xizmatdan qaytiboq, 1975 yilning yanvaridan “Sirdaryo” gazetasida adabiy xodim boʻlib ishlaganman. Boʻron Umarov, Rahmatulla Islomov singari isteʼdodli jurnalist va ijodkorlar ustozlarim boʻlishgan. Ulardan behuda va hissiz qalam tebratmaslik kerakligini, ijodga katta masʼuliyat bilan yondashmoq zarurligini oʻrgandim.

1983–1984 yillarda Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyat boʻlimida Tohir Malik, Jonrid Abdullaxonov, Shukur Qurbonlar faoliyat yuritishdi. Tumanlarda juda koʻp muhokamalar, shoir-yozuvchilar bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Hozirgi Zomin seminariga oʻxshash Soʻqoqdagi yosh ijodkorlar seminarida ham qatnashganmiz. Bir kuni Jonrid Abdullaxonov hikoyamni tahrir qilib berdi. Matndagi oʻzgartirilgan soʻzlarni koʻrib ajablandim. Yaltiroq, jimjimadorlari xalq tilidagi oddiy soʻzlar bilan almashtirilgandi. Bundan matn jonlangan, ravonlashgan. Shundan keyin oʻzimni oʻzim tahrir qila boshladim. Soyim Isʼhoqning daldasi bilan hikoya, qissalarimni qayta-qayta ishlashga oʻrgandim. Qozoqboy Yoʻldoshev, Luqmon Boʻrixonlarning bebaho maslahatlari uchun minnatdorman.

 

Adabiyotning, ijodning, ilhomning ilohiyligi borasida fikrlaringiz qanday? Yozuvchiga ilhom qanchalik zarur?

Adabiyot, ijod, ilhom albatta ilohiy. Haq koʻngilga solmasa biror ish boʻlarmidi. Kasbim jurnalist. Shu sohada uzoq yillar ishlaganman. Tajribaligina boʻlgan davrim edi. Bir voqea tufayli nihoyatda kayfiyatim buzilib yurdi. Shu paytda oddiy axborot yozishga ham ragʻbatim yetmagan. Shundan buyon “Xudo, ilhomingdan benasib qilma”, deyman.

Umuman olganda, nasriy asar tinimsiz mehnat samarasidir. Har kuni ozgina boʻlsa ham yozaman yoki yozganimni tahrir qilaman. Hozir haftaning yetti kuni – ish kunim. Bundan judayam baxtliman!

Ijodkorga ilhom albatta zarur. Men ulugʻ adiblardan ilhom olaman. Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”i, Oybekning “Navoiy” romanini qayta-qayta oʻqiyman. Abdulla Qahhorning “Qoʻshchinor chiroqlari”dagi dinamika – shiddatdan zavqlanaman. Shukur Xolmirzayevni oʻqiganimda, adib yonimda oʻtirib hikoya qilib berayotgandek tuyuladi. Sobir Oʻnarning “Bibisora”sidagi pokiza tuygʻular beixtiyor shaydo qiladi. Stefan Sveygning tasvirlari lol qoldiradi. Charchaganimda dam olish uchun Artur Konan Doylni oʻqiyman. Hissiz yoza boshlaganimni sezib qolsam, ishimni toʻxtatib Abdulla Oripovni oʻqiyman. Umuman bu roʻyxatni davom ettirsa boʻladi. Aslida xonamdagi barcha kitoblar meni ijod yoʻliga boshlovchi doʻstlarimdir.

 

Adabiyotning jamiyatda tutgan oʻrnini siz qanday tasavvur etasiz va adabiyotimizda qanday anʼanalar davom etishini, qanday illatlar barham topishini istar edingiz (Hozirgi adabiy jurnal-gazetalar misolida)?

Adabiyotning jamiyatda tutgan oʻrni nihoyatda beqiyosdir. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 3 avgustdagi Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda qilgan maʼruzasidagi quyidagi fikrlar har birimizni oʻylantirishi va masʼuliyat yuklashi tabiiy:

“Adabiyot va sanʼatning naqadar qudratli kuchga ega ekani haqida sizdek zukko insonlar huzurida soʻz yuritishga, ochigʻini aytsam, men bir oz tortinaman. Lekin mana shunday buyuk, ilohiy kuchdan biz mamlakatimiz, el-yurtimiz ravnaqi yoʻlida oqilona va samarali foydalanyapmizmi? Yoki ulugʻ adibimiz Abdulla Qahhor aytganidek, atomning kuchini oʻtin yorishga sarflayapmizmi?”

Adabiyot xalqimizning maʼnaviy boyligini yuksaltirishga xazmat qilmogʻi lozim. Prezidentimizning shu maʼruzasida taʼkidlanganidek, havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz, havas qilsa arziydigan ulugʻ ajdodlarimiz bor. Ularning hayotlari, jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissalari, kashfiyotlari, qilgan ishlarini badiiy asarlarda yoritish ijodkorlar zimmasidadir. Adabiyot odamlarni ezgulikka chorlashi, mustaqil yurtimizda amalga oshirilayotgan ulugʻvor bunyodkorlik ishlarini ilhom bilan yozilgan asarlarda aks ettira borishi kerak.

Matbuot va internet orqali bugungi adabiy jarayonni kuzatib, imkon qadar, oʻzimga yoqqanlarini oʻqib boraman. “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarining birorta sonini nazardan qochirmayman.

“Sharq yulduzi” jurnalida eʼlon qilingan Soyim Isʼhoqning “Vafodor” qissasi yilning eng yaxshi qissalaridan biri deb eʼtirof etildi. Jurnalda yuksak badiiy isteʼdod bilan yozilgan asarlar koʻplab berib borilmoqda. 2016–2017 yil sonlarida Kengesboy Karimovning “Ogʻabiy” romani eʼlon qilindi. Men bu romanni davomini kutib oʻqidim.

“Yoshlik” ham xalqimizning eng sevimli jurnali boʻlib qolmoqda. “Saodat sohili”, “Dashtu dalalarda” singari goʻzal asarlarni ilk bor shu nashrda oʻqiganmiz. Jurnal tajribali ijodkorlar bilan birga koʻplab yoshlarning asarlarini eʼlon qilib bormoqda. 2017 yildan “Ijod olami” jurnalining chiqa boshlagani hammamiz uchun quvonchli voqea boʻldi. “Jahon adabiyoti” jurnali, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi va boshqa nashrlarda eʼlon qilinayotgan ijod namunalari yurtimizda adabiy jarayon darajasining salmoqli ekanini koʻrsatadi. Badiiy asarlar esa jamiyatimizda yashayotgan odamlar tafakkur darajasini yuksaltiradi. Shundan kelib chiqib ham adabiyotning jamiyatda tutgan oʻrni beqiyos deb oʻylayman.

 

Bugungi oʻzbek adabiyotini rivojlantirish uchun nimalar qilish zarur deb hisoblaysiz?

Bugungi oʻzbek adabiyotini rivojlantirish uchun iqtidorli ijodkorlar gʻayrat qilib ishlashlari kerak, deb oʻylayman. Uncha-muncha gaplarga eʼtibor bermasdan ishlash kerak. Bu borada oʻzim koʻp va katta xatolarga yoʻl qoʻyganman.

Iqtidor borasida oʻzbek ijodkorlarining hech kimdan kami yoʻq. Axir teran tomirlarimiz Navoiydek ulugʻ bobomizning ummondek cheksiz va yuksak badiiylikka yoʻgʻrilgan ijodidan suv ichadi.

Toʻgʻri, koʻp yozish buyuklikdan dalolat emas. Lekin… Jahon adabiyoti namoyandalariga murojaat etaylik. Jahon tillariga eng koʻp tarjima qilingan yozuvchi Agata Kristi ekan. Angliyalik bu yozuvchi xonim 60 dan ortiq detektiv roman, 6 ta psixologik roman, koʻplab hikoya va pyesalar yozgan. Eng koʻp tarjima qilinish boʻyicha ikkinchi oʻrin fransuz yozuvchisi Jyul Vernda deyishmoqda. U 66 ta roman, shuningdek anchagina hikoya va pyesalar ijod qilgan. Bu detektiv va fantast yozuvchilarga talab borki, noshirlar hanuz tinimsiz kitoblarini chop etishmoqda. Kitobxonni jalb eta olmagan yozuvchi noʻnoq yozuvchi yoki nima yozishni bilmaydi.

Bugun oʻzbek adabiyoti shiddat bilan rivojlanayotir deb oʻylayman. Vulqondek otilib chiqayotgan yoshlar juda koʻp. Bugun ularga davlatimiz tomonidan katta sharoitlar yaratilmoqda. Men ana shunday ardoqda boʻlgan ijodkor ukalarim, singillarimga havas qilaman va ularning asarlarini chanqoqlik bilan oʻqib boraman. Ijodkorlar Luqmon Boʻrixonning “Temiryoʻl” romani singari mustaqillik yillaridagi buyuk qurilishlarni aks ettiruvchi asarlarni yaratmoqlari kerak.

Adabiyot – soʻz sanʼati ekan, har bir ijodkorning ish stolida turli lugʻatlar boʻladi. Bu borada olimlarimizga Xudo quvvat bersin. 1976 yilda 65000 dan ortiq soʻzlik “Oʻzbek tilining imlo lugʻati” chiqqan edi. Keyingisi 85000 soʻzlik boʻlibdi. Bu raqamni oʻn baravarga koʻpaytirish mumkin-ku? Leksik boyligimiz 85000 ta emas. Koʻp, juda-juda koʻp. Izohli lugʻatlarning ahvoli ham yaxshi emas. 1981 yilda ikki jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” chiqdi. Hozirgi besh tomligini ham juda boy deb boʻlmaydi. Sheva soʻzlarni izohli lugʻatlardan izlab topolmaysiz. Ular ham tilimizning boyligi-ku. Sinonimlar lugʻati ham juda gʻarib ahvolda. Bosim Toʻychiboyev va Qozoqboy Qashqirlilarning “Zominning til qomusi” kitobiga oʻxshagan tadqiqotlar (Toshkent. Akademnashr, 2012) yozuvchiga bebaho koʻmak beradi.

Davr oʻtaveradi, avlodlar almashaveradi, ammo adabiyot qarimaydi. U hamisha navqiron va jozibasi bilan yangi-yangi ijodkorlarni oʻziga jalb etishdan toʻxtamaydi. Bu sohir olamga kirgan ijodkor esa bir umr unda qoladi va izlanish mashaqqati hamda zavqidan ayrilmaydi.

 

Suhbatdosh: Gʻiyosiddin

 

“Ijod olami”, 2018/1

https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyot-qarimaydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x