Adabiyot mamlakati

Jahon adabiyotining daholaridan biri Lev Tolstoy tugʻilgan kunga 185 yil toʻldi. Uning bayram sanalari hamisha muxlislari va, umuman, jamoatchilik tomonidan tantanalar bilan munosib nishonlangan, yangi tadqiqotlar, tarjimalar, kashfiyotlar eʼlon qilingan. Har kun, hatto har soatda yer yuzining qaysidir puchmogʻida kimdir uning asarlarini mutolaa qiladi, asarlari asos boʻlgan filmlarni koʻradi yoki shunchaki xayolida uning siymosini jonlantiradi. Lev Tolstoy yuksak badiiy salohiyat bilan tarannum etgan umuminsoniy gʻoyalari orqali bashariyatning ardoqli farzandiga aylanib qolgan. Agar adabiyot odamzotning mangu makoni boʻlmish Yer kurrasi bilan qiyoslanadigan boʻlsa, soʻz mulkining ham togʻlari, daryolari, choʻqqilari, jilgʻalari – oʻz tabiat qiyofasi bor. Lev Tolstoy esa olam ichida alohida olamni tashkil etuvchi, oʻz tabiiy qiyofasiga ega bir qitʼadir. Qaysidir bir rassom hazil surat chizgan ekan. Unda Lev Tolstoy yonboshlab yotibdi, uning azamat gavdasida – yelkasida, koʻkragida, soqoli orasida, burnining ustida, qoʻl-oyogʻida dunyoning boshqa shoir-yozuvchilari xuddi chumolidek gʻimirlab yurishibdi. Uni ana shunday mahobatli tasavvur etadilar va u shunga loyiq.

Lev Nikolayevich Tolstoy 18 yoshli talabalik paytidan taassurotlarini qogʻozga tushira boshladi va kundalik yozishni doimiy mashgʻulotiga aylantirib, uni soʻnggi nafasigacha davom ettirdi. Bu mashgʻulot uning yozuvchiligiga turtki boʻldi, deb aytish mumkin. Oradan toʻrt yil oʻtib, “Sovremennik” jurnalida eʼlon qilingan va uning katta Adabiyotda tan olinishini taʼminlagan “Bolalik” qissasi ham sof avtobiografik shamoyilga ega edi. Shunday qilib, Tolstoy qalami 60 yil davomida qogʻoz uzra sayrini toʻxtatmadi va juda ulkan koʻlam kasb etib, dunyoda sanoqli soʻz ustalarigina erisha oladigan natijaga erishdi. Keyinchalik uning vatanida adabiyot bilimdonlari mavzu jihatdan bepoyon, mazmuniga koʻra beqiyos ijod namunalarini oʻttiz yil davomida satrma-satr toʻpladilar. 1958 yilda poyoniga yetgan bu yumush tufayli Lev Tolstoyning 90 jildlik Toʻla asarlar toʻplami yuzaga keldi. Bu boshqa bir rus soʻz sanʼatkori faxr ila vasf etgan “Aleksandr qubbasidan ham baland” oltin minora edi. Oʻn ming nusxada chop etilgan Toʻla asarlar toʻplami qariyb 3 ming bosma toboqdan iborat boʻlib, uning 2,5 mingi Tolstoy qoʻli bilan yozilgan matnlar, 500 tobogʻi esa izohlardan iboratdir. Mutaxassislar bu nodir xazinani muxlislarga toʻla holda yetib borishini koʻzlab, chuqur hurmat va iftixor bilan Tolstoy bitiklariga sharhlar yozganlar, asarlarining, undagi ismlar, joy nomlarining alifbo tartibini tuzib chiqib, zarurat darajasida eskartishlar havola qilganlar. Oʻz vatandoshlarining ijodini ardoqlab, uni yetarlicha adabiy-ilmiy izohlar bilan boyitganlar. Keyinchalik ham Lev Tolstoyning Tanlangan asarlari qayta-qayta nashr etilgan. Bu benazir ijod mahsuli hozirgacha dunyoning yuzdan ortiq tiliga tarjima boʻlib, umumiy adadi qariyb 250 million nusxadan oshib ketgan.

Tolstoy ijodi badiiy janrlarga koʻra rang-barang – romanlar, qissalar, hikoyalar, pyesalar, sanʼat haqidagi risolalar, koʻplab publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar, minglab xatlar, jildlab kundaliklar…

“Sergiy ota” qissasi ana shu nodir xazinaning bir namunasi. Dalillarning guvohlik berishicha, yozuvchida asarni yaratish fikri 1889–1890 yillar atrofida paydo boʻlgan. Maʼlumki, bu davrda Lev Tolstoy ijodining choʻqqisi hisoblangan “Urush va tinchlik” epopeyasi, “Anna Karenina” romani singari shoh asarlari eʼlon qilinib, ular yozuvchiga shon-shuhrat olib kelgandi. XIX asrning 90-yillarida Rossiyaning eng taniqli shaxslaridan biriga aylangan Tolstoy badiiy ijod qatorida koʻplab jamoatchilik yumushlari bilan ham band edi. Shundanmi yoki ijodiy muvozanat talabi bilanmi, “Sergiy ota” borasidagi ishlar ancha choʻzilgan. Dastlab hammasi jadal ketgan: oʻzining yaqin doʻsti va noshiri Vladimir Chertkovga yozgan xatlarida (qissani ham unga bagʻishlamoqchi edi), kundaligidagi qaydlarida Sergiy otani bot-bot eslab turgan. 1990 yilning 6 iyunida Kundaligida “Sergiy ota” ni boshladim, uning ifodasi haqida chuqur oʻylab oldim, barcha eʼtibor – u kechiradigan ruhiy holatlar tadrijida” degan qayd uchrasa, sentyabrda Chertkovga yozgan xatida ijodiy ish, xususan, syujet rivoji unga yoqayotganligi, barcha oʻylaganlarini toʻla aks ettirishga urinayotganligini bildirgan. Shuningdek, zimmasida xayriya ishlari bilan bogʻliq bir rasmiy hujjatni tezda tayyorlash koʻndalang turganini maʼlum qilgan. Kutilmaganda, 1891 yil 16 fevraldagi xatida esa oʻziga qadrli boʻlgan bu mavzu haqida bosh qotirish malol kelayotganini, undagi bosh gʻoya sifatida shahvoniy hirsga yoki takabburlikka qarshi kurashni talqin etishda oʻylanib qolganini aytgan. Xullas, qissa ustidagi ishni shu yil yozgacha davom ettirgan va keyin butunlay tashlab qoʻygan. Toʻgʻri, kundaligida (1895 yil 18 martdagi yozuv) “Sergiy ota”ni bir oz yozdim, lekin yaxshi chiqmadi” degan qayd uchraydi, lekin baribir, asarni 1898 yil yozida uzil-kesil qogʻozga tushiradi. Keyinchalik, 1900 yil 8 oktyabrda Yasnaya Polyanaga tashrif buyurgan M. Gorkiyga asar mazmunini soʻzlab berganda, suhbatdoshi undan juda taʼsirlanganini, ifodasi sodda va goʻzal, biroq gʻoyasi dovdiratib qoʻyadigan darajadagi hikoya tinglaganini eʼtirof etgan.

“Sergiy ota” yozuvchining vafotidan keyin – 1911 yilda V. Chertkov tomonidan nashr etilgan.

Lev Tolstoy qissasida, boshqa koʻplab asarlarida boʻlgani kabi, ideal tanlashdagi xatolikning kasrini juda ishonchli ochib bergan. Bosh qahramon qismati orqali oʻz ichki mayllarini yenga olmaslik, imkoniyatlariga ortiqcha baho berish, hayot zarbalariga qasdma-qasd unga qarshi zarba berishga urinish odamni qanday koʻyga solishi oʻz badiiy ifodasini topgan. Shuningdek, voqealar intihosida “Insonni oʻldirish mumkin, biroq uni yengib boʻlmaydi” (E. Xeminguey) degan fikrning tasdigʻi ham bor.

Buyuk yozuvchining asarlarida olmos qirralaridek jilva koʻzga tashlanadi. Ularning hammasi ezgulikka xizmat qiladi.

 

Hakim SATTORIY

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–11

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adabiyot-mamlakati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x