Koʻmirning qorasi bir pasda tarqaladi-ya. Tushganiga qancha, boʻlsa, biron soat boʻlgandir-da, shamol yo yengilroq shabada ham yoʻq, gardi oʻtgan-qaytganning egniga ilashadimi yo oyogʻidagi kalishining tishiga kirib qoladimi, mahallaning u boshigacha boribdi. Oʻylasang, yuragingni vahm bosadi: xuddi joni bordek, tushgan joyidan hammayoqni qoraga bulgʻab, oʻzidan-oʻzi, sekin tarqalib-taralib ketaveradi… Xuddi qorongʻi elanib-sizib choʻkayotgandek. Yana, yomon gapdek…
Haqiqatan-ey, yomon gap ham shu, bir chiqmasin, keyin tamom – toʻxtamaydi, oʻzicha koʻpayib, bolalab ketaveradi. Mana, bir odamning mazasi yoʻqroq ekan, deb koʻring, shunchaki, joʻrttaga gap chiqaring, kun oʻtmay, oʻzingizni uning janozasiga aytib keladilar, bormasangiz, yana odamgarchilikdan chiqqanga yoʻyadilar. Oʻlsang, sening oʻligingni ham shu odamlar koʻtaradi-ku, deb qoʻrqitadilar yana. Oʻv birodarlar, es joyidami, oʻzim toʻqigan mish-mish bu, oqibatini oʻylamabman, deb hargiz urining, borib allaqachon uning oilasidan koʻngil soʻraganlarni shafe keltiradilar. Hay-hay demasangiz, savob uchun goʻriga yetti ketmon tuproqni zoʻrgʻa sanab tortganlar ham chiqib qoladi. Yaxshi odam edi-da, ketmon talash boʻp ketdi-ey, deb qoʻyishadi yana. Tavba, yoqangni ushlaysan! Birov toʻgʻrisida sovuq gap koʻngilni isitadimi yo?..
Aʼlam shunaqa oʻylab ishlasa, gʻayrati qoʻzib, qadamlari oʻz-oʻzidan tezlashadi. Bu laʼnati koʻmir haqiqatan ham bemaʼni ekan, torgina koʻcha halitdan xuddi surma sepganday boʻlib ketdi. Aʼlamning oʻzi ham Afrikaning Nubiyami, Namibiyami degan yurtlaridan nonga pul ishlashga kelgan koʻmirchi-mardikor boʻldi qoldi. Qizigʻ-a, qop-qora odam qop-qora koʻmir tashib yursa. Issiq oʻlkalar, koʻmirga balo bormi?..
Ammo-lekin bugun katta ishni bitirdi. Bitta qizil muqova guvohnomani koʻrsatish bilan bitar ekan, shuni qishning sovuqlarida tirishib yotmay, oldinroq qilmaydimi? Yozda, tagida TNO “Volga” bilan borganda, balki pulini ham olmas edilarmi? Yoʻq, pulini bermasa, boʻlmas-ku, ammo mashinadan tushmay, “Hoy, manavi manzilga ikki tonna toʻkib qoʻyinglar-chi, mana, puli”, deb oʻzi qaytib kelaversa ham boʻlar ekan. Ha, mayli, xoʻjaning ham aqli tushdan keyin kiradi. Siyosat qilishni ham boplash kerak. Buni ham bugun borib koʻrgandan keyin bildi-ku.
Avval katta-katta boʻlaklarini kiritib olgani yaxshi boʻldi. Tushgacha tugatar, a?
– Eh-he, doʻstim, bu qanaqasi? Shaharning qoq oʻrtasi, gaz yoʻqmi? E-e, toza… Yigʻishtiring bu ishni! Tez boʻling!
Aʼlam qarasa, besh-olti odim narida Turdiali, yomgʻirpoʻshining barini ham koʻtarib olgan, oʻzlarini koʻmirdan tortyaptilar. Bu endi qiliq ham emas, qichiq! Xuddi koʻmir nima, uning qorasi nima, bilmaydigandek; tumshugʻini ham jiyirgan, ozoda.
– Salomlashaylik. Yaxshimisiz?
– Salom, salom! Men koʻchaning boshidan salom berib kelyapman. Qani, doʻstim, moshinga! Abduzafar akamning xizmat moshinlari.
– Shu ahvolda-ya?
– Ahvolning kattasi u yoqda, doʻstim! Boʻling, boʻling!
– Turdiali, kelsangiz, men yoʻq ekanman.
– Iy-e. Nega yoʻq boʻlasiz? Mana, turibsiz-ku. Meni yolgʻonga undamang.
– Xoʻp, boʻlmasa, koʻrdim, koʻmir tashiyapti ekan, deng.
– E-e, koʻrgan boʻlsang, a nima, gaping oʻtmadimi, deydilar. Oʻzi, doʻstim, nega koʻmir sizga kelib, men qiynalaman? Abduzafar akam tez, dedilar. Hozir yurasiz, tamom!
– Shunday, a?
– Hali hammomga tushaman, desangiz edi!
– Ha-da, koʻmirning qorasi sovuq suvga ketadimi?
Hamkasb hamxonalar bir oz manjashib, janjaldan beriroqda murosaga toʻxtadilar. Bu orada Aʼlam uch qatnab, olti chelak kirgizib oldi, Turdiali olayib koʻrdi, boshini sarak-sarak qildi, tilini choʻqillatdi, lekin ancha oʻziga kelib, boyagi yonishi bosildi, oxiri yalinishga ham oʻtdi.
– Doʻstim, voqeaning avzoi yomon. To ustimni kiygunimcha, Abduzafar akam ikki marta kirdilar, hali ham ketmadingmi, deb. Tinchlik boʻlsa, xizmat moshinlarini bermasdilar, doʻstim. Ha, meni aytdi, dersiz.
– Joʻra, nima boʻlgan boʻlsa, boʻlib boʻlgan, boʻyogʻi singan. Endi zudlik bilan boramizmi, pudlik bilanmi, farqi yoʻq. Undan koʻra, qarashib yuboring, kechgacha shunday tursa, eh-he…
– Turadi, doʻstim, jin ham urmaydi koʻmiringizni.
– Kechgacha-ya? Butun mahalla qorayib ketadi. Anjelani kelin qilib tushirsa boʻladi.
– E doʻstim, qoʻying, botib ketmaydimi! Oʻzi toʻrt-besh yilda buziladigan joylar. Abduzafar akam menga ishondilar. Endi siz yuzimni yerga qaratmang. Birga ishlaymiz, nima, koʻmirchalik ham qadrim… koʻmir oʻrnida ham koʻrmayman, deng, mayli. Yoz boʻyi oʻrningizga ishlab berdim-a. Xoʻp, men qarab turaman, siz tez chayinib oling. Bir koʻrinib kelsangiz, boʻldi. Meni yer qilmang. Keyin… hay, balki birgalasharmiz. Hammomni ham, boshqasini ham.
– Bari bir tozalanib, pokiza kiyinib borish kerak. Jangga ham tuzanib kiradilar. Rasmi shunaqa. Bu ham mayli-yu, lekin… siz…
– Ey-y, boʻling…
– Oʻshanaqasi olib ketsa, siz ushlab bergan boʻlib qolasiz deyman-da?
– E-e, shu gaplarni!.. Hazilga ham aytmang. Men-ku, doʻstingizman, bitta-yarimta qora koʻngilda yetkazsa, haqiqatan ham… Hozir odam oʻziga ishonmaydi. Rost, men doʻstingizman deyapman, lekin oʻshanaqa kunga tushganim yoʻq, tushsam, qaydan bilaman, chidaymanmi yo aytib qoʻyamanmi? E-e, toʻgʻrisi-da.
– Boʻlmasa, joʻra, koʻp qoʻrqavermang, hamma uxlaganda yo saharda formada kelib olib ketmay, sizni yuborishdimi, demak, ja unaqa emas… hali yashab tursa boʻladi. Undan koʻra, joʻra, yechining, ishkiyim bor, ikkovlashsak, birpasli ish! Keyin yuvinib, Usmon moʻylovning lagʻmonidan bittadan uramiz-da, tushdan keyin uzun-qisqa salom berib boramiz oʻsha sassiq dargohingizga…
Turdiali Aʼlamning shunaqa qaltis hazillaridan qoʻrqdimi yo qoraga belanib koʻmir tashishdan choʻchidimi, yoki uni hozir olib keta olmasligiga aniq koʻzi yetganidanmi, ishqilib, “Buni alli-belli kiriting-da, darrov boring. Men Abduzafar akamning koʻngillarini tinchitib turaman”, dedi-da, ur-a qochdi.
U toʻgʻri borib, koʻcha ogʻzida qarab turgan “Volga GAZ – 21”ning orqa oʻrindigʻiga havasli bir jiddiyat bilan oʻtirdi, Irismat akaga “Haydang, aka!”, dedi.
Abduzafar aka shu paytgacha biror marta Aʼlamni bunaqa atoqlab soʻrattirmagan. Yana odam joʻnatib, xizmat mashinasini berib! U odam koʻp odamga boshliq, Aʼlam bir muharrir. U Aʼlamga vazifa buyursa ham, toʻgʻri oʻziga aytmaydi, bosh muharrirga topshiradi, bosh muharrir oʻrinbosariga yo boʻlim boshligʻiga tayinlaydi, ular Aʼlamga yetkazadi. Direktor kotibasi orqali ham ayttirishi mumkin, lekin bu ham istisno – shunday rahbarning oʻzi bir xodimga alohida ish topshiradimi, demak, yaqin oladi, bu ham hammaga nasib emas. Lekin bugun…
Xoʻ-oʻsh, keyingi paytlarda Aʼlam direktor buncha soʻrattirgan nima ham qildi ekan? Hech narsa yoʻqdir, bor boʻlsa ham, arzimagan bir ish boʻlib chiqadi, lekin padarlaʼnati gʻashlik… koʻngilga bir tuxum qoʻygandan keyin qurtlab, hamma yogʻini teshib-kavlab kirib ketaveradi.
Ablah, buning ikki tonnasi nechta ikki chelak chiqar ekan-a? Oʻzim bir pasda kiritib olaman, deb oʻylabdi-ya. Bironta qoʻshni gʻaltagini berib tursa edi. Bular ham “Hormang! Iy-e, oʻzingizga qopti-da”, deyishdan nariga oʻtmaydi.
Oʻzi xodimlar orasida Abduzafar aka bilan tortinmay gaplashadigani shu, Aʼlamning oʻzi, chunki dolonda kuniga ikki-uch marta, gohi kunlari koʻproq ham koʻrishadi. Turdiali chekmaydi, Xosiyat yukli, Irina, chekilsa, darrov qoʻli bilan burunchasini yelpib qoladi, ichkari hovlida qalashgan bochkalardan oqqan boʻyoq shunaqa yomon qoʻlansaki, taqa-taq yopiq derazalarning tirqishidan kirgan achchiq hidi ham burunni yulib olay deydi! Shuning uchun Aʼlam har soatda dolonga chiqishga majbur, bu yerda esa Abduzafar aka qoʻlini orqaga qilgancha, koʻzoynagini yiltillatib yo u yoqqa, yo bu yoqqa borib kelayotgan boʻladi. Yana sayriga “hu-ush-sh” degan pastgina hushtagi ham joʻr. Juda gʻalati lekin, toʻqqizda ishga keladi, kechikmaydi – qoida, kabinetida yarim soat-qirq daqiqa oʻtiradi, bu qachon qanday, keyin sekin chiqadi, qoʻlini orqaga qilib, bir oz qarab turadi, keyin “hu-ush-sh” deb, uzun dolonning bu boshidan u boshigacha borib kelaveradi, zaril telefonga Vazira chaqiradi, bir tushlikka boradi, uyida ovqatlansa ehtimol, tushdan keyin ham, agar raykom yo goskompechatda biron yigʻilishga ketmasa, ahvol yana shu. Ammo-lekin nashriyotda ish bir maromda mildirab qaynaydi, direktor dolonda yurgandan keyin xonama xona salanglashga yo koʻcha-poʻchani aylanib kelishga kimda yurak bor? Xonalarda shaxmat-paxmat degan gaplar ham yoʻq, behojat hech kim chiqmaydi, Ha-da, Abduzafar aka xayol surib yurgani bilan albatta “Hu-ush-sh, qayoqqa?”, deydi, haligi, anuv joyni imo qilganga, ruxsat bergandek, qoshini “Ha-a” deb parishonxotir koʻtarib qoʻyadi, dabdurustdan uchragan eshikka kirib, hushillagancha xodimning ustidan uning stoliga qarab turaverishi ham bor.
Lekin oʻzining yomonlikka hushi yoʻq. Yomon ishni, yomon gapni, umuman yomon tomonga sal aloqasi bor narsani eshitsa, ranjiydi. Xodimlarning aytishib qolganlari, tartibsizlik yo kechikishlarini, iloji boʻlsa, koʻrib koʻrmaslikka oladi, ustidan chiqib qolsa, noiloj, astoydil kuyinadi: “Tartib yaxshi-ku, nima qilamiz buzib, a?”, “Oʻn besh daqiqa barvaqt uygʻonish yaxshi-ku, nima qilamiz koʻp uxlab, a?” yo “Tinchgina ishlab yurganimiz yaxshi-ku, urish-janjaldan baraka toparmidik, a?” deydi bunaqa paytlari.
Abduzafar aka yaxshilikni yaxshi koʻradi.
Uning koʻngliga juda ogʻir oladigani – xodimlari haqida tashqaridan keladigan noxush gaplar. Masalan, qarang, kechqurunlari koʻcha toʻla qalangʻi-qasangʻi piyonista, siqqanicha olib borib tiq hushyorxonangga, planingni bajar, yoʻq! – mablagʻ plani toʻlmas emish, ularga tuppa-tuzuk kiyingan, maoshi yonchigʻida yuradigan odamlar kerak! Ana shunaqa paytlari Abduzafar akaning diqqati oshib, koʻp gapiradi: “Yo, nima kerak shu, a, koʻchada ichishimiz? Kechqurun, ishdan keyin, uyginada, bola-chaqaning oldida, shoʻrvaginani osdirib qoʻyib, rafiqaga ikki ogʻiz shirin gap bilan qilsak, a, shu ishni? Achchiqqina gazak, piyolani shishaga jiring urishtirib… A? Rafiqa xursand, bolalar shod-xurram, oʻzimiz yayragan, sarimsoq piyoz yesak ham boʻladi. Endi buni qarang, majlis, muhokama, chora koʻr, hayfsan ber, shaxsiy varaqasiga yoz, uchinchisi boʻlsa, boʻshat… E-e… yaxshi hayot kechirsak boʻlmaydimi, a?” U kishi “E-e, xudoyim, tavba!” demoqchi boʻladi-yu, eshitgan quloqqa yaxshi emas, oʻzi shu keyingi gapni ham bironta odam hayotimizni yomonlayapti deb tushunsa…
Aʼlam chekishga chiqqan paytlari baʼzan-baʼzan Abduzafar aka uning yonida toʻxtab, undan-bundan gaplashib qoladilar. Bir-ikkita xodim Aʼlamning Abduzafar akadek rahbarning oldida kulishib turishiga gʻashiqadi, lekin Aʼlamning oʻzi: “Shu bechora zerikadi-ey. Oʻzi yaratgan tartiblardan oʻzi siqiladi. Boʻlmasa, kap-katta, rahbar odamga kun boʻyi dolonda pishirib qoʻyibdimi?”, deydi. Bu gap endi xudbinligidan, chunki chekish bemalol emas emish. Boshda buni xayoliga ham keltirmagan edi, lekin Turdiali “Doʻstim, dolonda chekishingiz yaxshi emas. Abduzafar akam “Shu bola koʻp chekadi-ya”, dedilar. Men Abduzafar akamni bilaman, bekorga aytmadilar”, deb qoldi. “Qayerda chekay? – dedi Aʼlam. – Har soatda anuv joyga bormayman-ku. Hidi ham bor.” “Tashlang, – dedi Turdiali. – Abduzafar akam hurmatimni qilibdi, deb xursand boʻladilar. Oʻzim ham aytib qoʻyaman.” “Bekorlarning beshini aytibsiz. Oʻzi kamroq chiqsin. Nashriyotga direktormi yo dolonga qorovulmi?”, dedi Aʼlam. Bunaqa gap koʻp oʻtdi, lekin, bari bir, dolonda chekishdan maza qochdi. Noqulay-da. Tutunni ichingga tortishga-ku tortasan, lekin qayoqqa puflaysan? Pastga puflasang – bepisandlikdek, yonboshga – oliftalik, tepaga – sira iloji yoʻq, toʻgʻriga – odamning yuziga tutun qaytarmaysan-ku.
Bugun ertalabdan bu tartib buzildi. Toʻgʻri Markazkomdan qoʻngʻiroq boʻlib, dilni namozshom qildi. Nimadir horiqulodda bir gapki, Gulimoh Yulduzovnaning oʻzi goskompechatni bosib tushib, toʻgʻridan-toʻgʻri bir nashriyot direktoriga sim qoqyapti! Salomlashdi, lekin oʻylashga imkon bermay, “Kamolov Aʼlam hali ham sizda ishlayaptimi?”, deb soʻradi. Abduzafar aka shoshganidan “Ha!” deb, borini aytib yuboribdi! Shu asnoda Gulimoh Yulduzovnaning boshqa telefoni jiringlab qoldi, u goʻshakni olib, Abduzafar akaga: “Keyin gaplashamiz”, dedi-da, bu goʻshakni qoʻyib qoʻydi. Noaniqlikni qarang-da endi, nimaga Markazkomdan kelib-kelib bir bola soʻraladi, yana familiyasi bilan?! “Hali ham”mi degani nimani bildiradi? “Nima uchun haligacha ishlayapti?” demoqchi edimi? Lekin bu bola haqida yuqoridan yo tegishli joylardan hech bir ishora tushgani yoʻq, nashriyot direktori tush biladimi yo bir maxsus boʻlimi boʻlsa ekan, muayyan xodimnining bosgan qadamini kuzatib, biron ish qilib qoʻyishining azmoyishini olib, oldindan boʻshatib tursa! Oʻzi hozir Gulimoh Yulduzovna aytmasa, dabdurustdan uning familiyasini ham eslolmas edi. Ha, shu doim dolonda tutatib turadigan bola-da. Lekin nima qilib qoʻygan boʻlsa?
Oʻzi, Abduzafar aka shu ayolni koʻrsa, ruhi tushib ketadi, nimagadir tortinib, oʻngʻaysizlanib, hatto betidagi goʻshtlari soʻlishib, gavdasi shalvirab qolgandek boʻladi. Qomat hali ham sambittoldek, qosh doim chimirilgan, shunaqa tanlab, bir did bilan kiyinadiki, unga qaragan odam yanglish tasodif bilan shunaqaga uylanib qolmaganiga shukrlar qiladi. Bir umr kibru nazokat bilan yashab boʻladimi, axir. Qoʻlimni notoʻgʻri ushlading, deb bir turilsa! Siqilib oʻlib ketasan-u. Rafiqa kishi ming chiroyli boʻlmasin, muzeyga qoʻymaysan, uni ham quchoqlash kerak, axir, ey, yashash kerak u bilan!
Nimaga Aʼlam bilan uning oʻzi shugʻullanib qoldi? Tinch yursa oʻlib qoladimi, a? Nima qilgani va buning yuqoriga qanday boʻyoqlarda yetganini endi bilib boʻlmaydi, buni hech kim aytmaydi ham, agar ham Aʼlamning oʻzidan bir gap chiqmasa…
Abduzafar aka Vazirani yugurtirdi.
Hali kelmabdi! Ishga rahbardan keyin kelishni qanday tushunish mumkin?
Abduzafar akaning diqqati oshib, telefonga Vazirani qoʻyib, Aʼlamlarning xonasiga oʻzi bordi. Goʻyo oʻziga Aʼlam “Uzr, taysallab qoldim”, deya peshvoz otiladigandek. Dolonda bosh muharrir oʻrinbosari Karim Umarov uning hushtak chalmayotganidan sergak tortib, darrov ergashdi.
Turdiali esnagancha jurnal varaqlab, Xosiyat tirnogʻini, Irina labini boʻyab oʻtirgan ekan, Umarov Abduzafar akaning orqasidan koʻzining paxtasini chiqargan edi, qizlar patarot boʻlib ketdi, Turdiali qapchib turdi.
– Aʼlamni topib keling. Irismat akangizga meni aytdi, deb ayting.
– Yerga kirgan boʻlsa qulogʻidan, osmonga chiqqan boʻlsa oyogʻidan! Bosh borib, oyoq kelsin! Tez! – dedi Umarov ham.
Turdiali pitirlab qoldi. Dolonga uchib chiqdi, qaytib kirdi, keyin peshanasiga shapatilab, telefonga yopishdi. Umarov unga senlab:
– Nimaga kalovlanasan? – deb baqirib berdi.
Dolonda Abduzafar aka Umarovga ham ogʻrinib, ham hayron qaragan edi, u darrov bosilib, qoʻlini koʻksiga qoʻydi-da:
– Boʻldi, tushundim, hozir hammasi yest boʻladi, – dedi.
Abduzafar akaning oʻzi uning nimalarning hammasini tayyor qilishini tushunmadi, kecha biron topshiriq aytgandirman degan xayolga bordi.
Hozirgi yoshlarni juda tushunish qiyin-da. Ish bor, oylik tayin, yozgan narsalari gazeta-jurnallarda bosiladi, toʻplamcha boʻlib chiqadi, qalam haqi naqd, non butun, tinchgina ishlab yurmaydimi, a? Gulimoh Yulduzovna “Aʼlam”ga “jon” qoʻshmadi?.. Boshqa biron ilgak yoʻq, qisqa gapdan nimani ham anglaysan?
– Mana, yozganman. Mana! – deb eshikdan otilib Umarov kirdi. – Birinchi nusxani Shohidga berganman, ikkinchisini boʻlimga, bir nusxa oʻzimga olib qoʻyganman. Shohid oʻshanda chora koʻrganda shu gaplar yoʻq edi. Yoʻq, quloq qoqmadi. Tortmaga tashlab qoʻygan. Mana, birinchi, “Qabr ustida nutq”, tragediya!
Abduzafar akaning yuragi shuv etdi, lekin gap nimadaligini aniq bilmay, Umarovga qarab turaverdi.
– Ikkinchi, koʻz yosh – yigirma uchta sheʼrda! Uchinchi, kuz – toʻqqizta sheʼrda! Oltita sheʼr qish haqida. Bitta eshak haqida satira-yumor ham bor! Navvoyi gʻazaliga ikkita, Lutpi gʻazaliga bitta muxammas. Uchchovida ham davrdan nolish. Mayli, nolish feodal kilirkal adabiyotning mohiyati, lekin bugungi yosh avlodga nima daxli bor?
– Rostdan, nima daxli bor? – deb chindan ajablandi Abduzafar aka. – Oʻxshatma qilib yozgandir-da.
– Heh-he, hamma gap shu oʻxshatmasida-da! – dedi Umarov oʻzini orqaga tashlab. – Goʻyo Navvoyi, Lutpi tilidan oʻxshatma qilib, tagiga bugungi davrdan norozilikni tiqib yuborishadi. Bunaqalar mendan qutulib boʻpti! Oʻqib beraymi oʻshanaqa… topgan joylarimni?
– Yoʻ-oʻ, yoʻ-oʻq, – dedi Abduzafar aka choʻchinqirab. – Xulosa?
Buning ham tiliga tersak chiqqan. Navvoyi!
– Oʻtkazmayman dedim! Sʼyezdga bagʻishlangan sonning ichi toʻla koʻzyosh, kuz, sovuq qish, oʻtkazib boʻpman!. Qadimgi greklarning tragediyasi shu songa nimaga kerak? Bahor haqida sheʼrlar bor, hushyor turmasang, shunga ham yomgʻirni tabiatning yigʻisi deb tiqib yuborishadi-da.
– Maqsad? – dedi Abduzafar aka oʻsmoqchilab, u hali ham nima gapligini tushunmayotgan edi. – Nima aloqasi bor?
– Bor-da aloqasi. Toʻplamga redaktor qilib Shohid shu bolani qoʻygan! Yotigʻi bilan tushuntirsam, meni savodsizga chiqardi. Bola! Yoʻq, betimga aytmadi, munaqa tirjayib qaraydi! Haydash kerak. Xulosa shu! Yaʼni mening fikrim, – dedi Umarov.
– Siz nima… biron gapdan xabaringiz bormi? – deb umid bilan soʻradi Abduzafar aka.
Umarov pishillab nafas oldi, yelkalari koʻtarilib tushdi.
– Nihoyat-e! Xabarim boʻlmasa ham aniq bilardim. Koʻnglim sezgandi-da beishkal yurmasligini. Siz ham bir nazarkarda odamsiz, hu yozda aytuvdingiz, shu boladan ehtiyot boʻl, dunyoqarashi buzuqroq deb…
– Shunaqa degan ekanmanmi? – deb hayron boʻldi Abduzafar aka.
Shunaqa hushyorlik qilgan boʻlsa, yaxshi lekin… Asli bu gapni, Karimning oʻzi aytgan, Abduzafar aka oʻshanda ham “Shunaqami”, deb qoʻygandir…
– Degansiz! – deb xursand boʻldi Umarov. – Shunday zoʻr-zoʻr koʻrsatmalarni berasiz-da, keyin eslamaysiz. Men yozib yuraman. Xoʻ-oʻsh, kadrlarga aytgan edim…
Abduzafar aka yana hayron boʻlib qaradi, indamadi.
Umarov ovozini pasaytirdi:
– Bitta zasepka bor – prapiskasi Yangiyoʻlda! Oppa-oson, hammasi qonuniy boʻladi. Oʻttiz kilometr radiusdan tashqarida ekan, deyiladi, tamom! Birov metrlab oʻlchab chiqibdimi?
Qarang-ey, odam past ovozda ham qattiq gapirishi mumkin ekan!
– Hali hech kim hech narsa degani yoʻq, Karim! – dedi Abduzafar aka.
– Shartmi? Oldini olib qoʻyaylik. Surayyoga aytgan edim, qabulxonada, kiraversinmi?
Abduzafar akaning bosh irgʻashdan boshqa iloji qolmagan edi.
Umarov boʻshashibroq chiqdi, qoʻlida dastroʻmoli bilan burnini chimdilab, qoʻltigʻida teztikkich, Surayyo eshikni ochdi. Kirishi bilan aksirdi, dastroʻmoli bilan burni, koʻzlarini artdi-da, salom berib, oʻsha yerda turib qoldi.
Abduzafar akaning ichi achidi:
– Hali ham oʻtmadimi? Sanatoriy naf qildi, degan eding-ku?
– Yaxshi boʻluvdim, yana boshlandi-da. Odamlarning sogʻligʻiga zarari yomon, bosmaxonasini sudga beraylik, yutar edik.
– Hozir SES shugʻullanyapti, – dedi Abduzafar aka. – Bu yoqqa kel, yuqmaydi-ku, oʻtir. Ha?
Surayyo kelib oʻtirishdan oldin, qoʻltigʻidagi teztikkichni, ichidan bir varaq qogʻozni uning yuzasiga olib, Abduzafar akaning oldiga qoʻydi.
– Menda hali Kamolov haqida hech narsa yoʻq. Lekin Umarov tayyorla deyapti.
Abduzafar aka Surayyoga savol nazari bilan qaradi. Surayyoning yuziga toshgan tangadek qizgʻish dogʻlar husnini buza olmagan, u bari bir koʻhlik juvon edi.
– Bunaqa topshiriqni menga faqat siz berishingiz mumkin. Boshqa hech kimning haqqi yoʻq.
Surayyoning bu gapi “Faqat siznikiman”, degandek tuyulib, Abduzafar aka mamnun boʻldi:
– Juda toʻgʻri. Men jimman. Hayronman Karimga.
– Men boraymi? – dedi Surayyo oʻrnidan turib.
– Yoʻq, yoʻq, oʻtirib tur. Qani, koʻraylik-chi, – deb Abduzafar aka qogʻozni oʻqishga tutindi. – Xoʻsh, kolxozchi-dehqon oilasidan, imtiyozli diplom, oʻqituvchi-filolog, harbiy xizmat… Artilleriya… E-ha, bir gaplashuvdik. Bu ham bir yuz yigirma ikki millimetrli gaubitsa otgan ekan. Urushdan qolgan. Zoʻr pushka lekin. – Abduzafar aka qoʻlini musht qilgancha tirsaklab koʻrsatdi. – Boʻmp etib otilganda stvoli mana bunaqa orqaga borib keladi…
Surayyo Abduzafar akaga toʻgʻri qaragan edi, u koʻzini olib qochib darrov qogʻozga tikildi.
– Tak. Oilasiz? Iy-e, nega?
– Nega boʻlardi, uylanmagan.
– – I-i-y-y, bechora! – deb yubordi Abduzafar aka. – Ey, shoʻrlik, hali uylanmagan ham ekanmi?
Abduzafar akaning gapidan Surayyo allanechuk boʻldi, boʻydoqlik degan juda yomon, endi hech ham arimaydigan kasal, shu kasalga uchraganidan koʻzlarini moʻltiratib, yutoqib-yutoqib chekayotgan Aʼlam koʻz oldiga kelib, ichi ezilib ketdi.
– Ey, hayot! – dedi Abduzafar aka. – Bu, nima, Yangiyoʻldan qatnaydimi, yo?..
– Yoʻq, eski shaharda, ijarada turadi.
– E-e, hali boshga pana joyi ham yoʻq, – deb Abduzafar aka yana xafalandi. – Biz ham boʻshatsak, qayoqqa boradi? Oila yoʻq, uy yoʻq, ishxona ham… Nimaga suyanib kelgan oʻzi, a?
– Talant shekilli, – deb bilagʻonlik qildi Surayyo. – Kallasini zoʻr deyishadi-ku.
– Ey-y, – deb qoʻl siltadi Abduzafar aka. – Talantga osh pishirib boʻlsa ekan… Xoʻ-oʻsh, jonim, nima qildik, a? Yuragim ham sanchib ketyapti.
Surayyo Abzuzafar akaga suzilib qaradi-da, burnini tortdi. Shayton, mazam yoʻq, deyapti-da.
– Nega hammaning yukini siz tortishingiz kerak? Yuragingizga ogʻir tushadi-da keyin. Iloji yoʻqning iloji yoʻq. Oʻzingizni ham oʻylang. Men hali kirarman.
– Ha, shu bilan qochding-da, a? – dedi Abduzafar aka zoʻrgʻa iljayib.
– Yoʻq, kelaman, – deb Surayyo Abduzafar akaning orqasidagi eshikka qarab qoʻydi. – Hali buyruqlar ham bor. Oʻzi nima gap, Zafar aka?
Abduzafar aka yolgʻondakam xomuza tortdi.
– Hech gap yoʻq, jonim! Yosh kadrlar – bu kelajagimiz. Shtatni ham yosh kadrlar bilan toʻldirib borishimiz kerak. Aʼlam yana, aytyapsan-ku, talant ekan. Talantga oʻzingning ham koʻngling sust ketyapti. Qayerda turishini ham bilasan. Lekin bu yoqqa kirganda burningni tortasan…
Surayyo qizardi, qizarganiga yuzidagi qizil dogʻlari rangiga qoʻshilib, chiroyi ochilib ketdi.
– Zafarjon aka!
– Boʻldi, hazil. Allergiya! – deb ikki qoʻlini koʻtardi Abduzafar aka. – Lekin har ehtimolga degan gap ham bor. Karimga oʻxshaganlar, vaqtida aytgan edik, direktor quloq solmadi, deb yurmasin. Maʼqulmi?
– Tayyorlab turaman. Lekin Umarov aytgandan hech narsa chiqmaydi, – dedi Surayyo.
– Koʻr-da… Mana, shu paytgacha ham yoʻq… Ha, qara-chi, anavi Hakka kelmabdimi.
– Hakkangiz kim?
– Turdiali.
Surayyo piqirlab, shosha-pisha burnini dastroʻmol bilan bekitdi.
– Voy, kuldirmang! – dedi. – Kim qoʻydi bu otni, Zafarjon aka! Sizmi? Voy, oʻxshaganini!
Abduzafar aka indamay kuldi.
Jim-ku, a? Esidan chiqib ketdimikan? Aʼlam yoʻq, unga ketgan Hakkani ham yer yutdi. Aʼlam aniq boʻlguncha, soʻramay turgani ham yaxshi. Yo Aʼlamni uyidan chaqirib oldilarmi ekan? Hech gap emas, Markazkomning haydovchilari yerning tagidan ham gʻirra topib keladi. Gulimoh Yulduzovnaning “Keyin gaplashamiz”, deb yana indamay qolgani shungadir.
Abduzafar akaning ichi shuvillab ketdi: “Xoʻsh, Kamolov uka, qani, nashriyotda nima gaplar? Kitob, broshyuralar vaqtida chiqyapti, reja bajarilyapti, demak, jamoa yaxshi ishlayapti, lekin direktor… direktorning oʻzi ham ish qiladimi yo faqat dolonda hushtak chalib yuradimi?” deb soʻraydilar, ayniqsa Gulimoh Yulduzovna, qoshlarini chimirib, nozik boʻyinlaridagi Iskandariyadan kelgan chigʻanoq shodasini shildiratib; “Voy, ukajon, qoʻrqmang. Men borman, toʻgʻrisini aytavering”, deydi, Aʼlam: “Men qoʻrqmayman, lekin…” Yoʻgʻ-yo, Aʼlam unaqa bolaga oʻxshamaydi. Ammo oʻzi yoʻqning koʻzi yoʻq, keyin, Gulimoh Yulduzovna non yemaganga oʻxshab ingichka koʻringani bilan, chovuti yomon, gapirtirmay qoʻymaydi.
Abduzafar aka hozir Gulimoh Yulduzovnaning sim qoqishiga mahtal boʻlib, chiqolmay turganigami, dolonda kezishni juda yaxshi koʻrishini tuydi.
Surayyo derazadan koʻrib turgan edi: Abduzafar akaning kulrang “Volga”si pastga kelib toʻxtagandan keyin, uning orqa eshigi ochildi-da, Turdiali faqat oyoqlarini tushirib, Irismat aka bilan bir pas gaplashib oʻtirdi, orada uch-toʻrt kishi bilan bosh irgʻashib salomlashdi, keyin mashinadan chiqib, nashriyotga tomon vazmin odimladi. Ajoyib odam, nima ish qilsa, odamlarning koʻrishi, havasi uygʻonishi, undan ham koʻra jinday hasadi kelishi kerak.
Surayyo dolondan chaqirib olarman deb bemalol oʻtirgan edi, Turdiali zipillab oʻtib ketdi, yoʻlida tutib, u-bu soʻramoqchi boʻlgan Umarov ham kabineti eshigini ochganicha qolaverdi.
Qabulxonada Vazira gapirishga ogʻzini oʻnglab ulgurmay, Turdiali Abduzafar akaning huzuriga uchib kirdi.
Nima uchun Aʼlam koʻmir tashiydi, nega qora koʻmir, koʻmirning qora emasi ham boʻladimi, keyin, nimaga koʻchaga toʻkiladi – Turdialining kalta-kulta gapidan Abduzafar akaning miyasi gʻovlab, biron narsani tushunishi qiyin boʻldi.
– Ha-a, hamma yogʻi qop-qora boʻlib ketgan! Men aytdim, shuni, bozor bir qadam, piyonistadan koʻpi yoʻq, yarim shisha vinoga oʻlib ham beradi, shularga tashitsang boʻlmaydimi, deb…
Abduzafar aka bir xayoli Aʼlamni biron maktab-paktabning qozonxonasiga otaliqqa tashib beryapti ekan, deb ham oʻyladi.
– Iy-e, hali kelmadi deng?
– Yoʻq-da… sudraganim bilan, moshiningizni qop-qora qiladi. Oʻzim qaytaverdim. Siz qarab qolmang, topshirigʻingizni oʻzim qilib qoʻyay, deb. Oʻn marta yaxshi qilib beraman undan.
– Qanaqa topshiriq? Men sizga nima degan edim?
– Men ham shu gaplarni aytdim. Masala juda qattiq qoʻyilgan, kallang ketadi lekin, dedim. Koʻmirimni tashiyman, keyin boraman, deydi! Hali qishga ikki oy bor, bu yil qattiq boʻladimi, yoʻqmi, xudo biladi, direktorimiz juda xavotirdalar, u kishining jahllarini chiqarma, bir jahllari chiqsa, desam…
– Nega ichingizdan toʻqiysiz? – deb Abduzafar aka sal xunob boʻldi. – Qanaqa masala, kim xavotirda? Miyangizni yeb qoʻyganmisiz?!
Turdiali koʻzlarini dum-dumaloq qilib, oʻzini tildan qolganga soldi.
Joʻrttaga qoʻrqadi! Ana endi qochib choʻqiyveradi.
– Biljir-biljir qilasiz! Gapingizning tuzi bormi? – Abduzafar aka qattiq gapirganini goʻyo sezib, sal yumshagandek boʻldi. – Shataloq otmay, aniq gapiring.
– Kechirasiz,.. Abduzafar aka, haqqattan hovliqib ketibman. Boshqa qaytarilmaydi, – dedi Turdiali koʻzlarini gʻiltillatib.
Abduzafar aka qoʻlini siltadi:
– Kechirim soʻramang, mayli. Pishiq boʻling deyman-da. Oʻsadigan vaqtlaring ham kelyapti. Mana, biz ham pensiya yoshiga boryapmiz, xoʻsh, ishni kimlarga qoldiramiz, a?
Turdialining odamga shunaqa qarashi nimaga oʻxshaydi, a? Tumshugʻini silab qoʻyging keladi.
– Oldinmi, keyinmi, bari bir, shunday bir kun keladi. Turdialiboy! Gap estafeta tayoqchasini kimga berishimizda. Anavi, familiyasi nima edi?
Turdiali hayajondan Abduzafar akaning kimni nazarda tutayotganini anglamay qoldi:
– Kimning, Abduzafar Abdusafarovich?
Sal manfaatning hidi tegsa, “vich”ga oʻtib oladi-ya!
– Shu, Moʻrini aytyapman.
Turdiali tumshugʻini choʻzib, koʻzlarini pirpiratdi – unga yana yetib bormadi.
– Doʻstingiz… koʻmirchi shoir, – dedi Abduzafar aka.
– E-ha, umi? Topasiz lekin, – Turdiali bir yayradi-da, darrov oʻzini bosdi. – Familiyasi Kamolov, Kamolov. Lekin doʻst emasmiz, yoʻq.
– Iy-e, nega? Yoshlaring teng, bir boʻlimda ishlaysizlar, bir xonada oʻtirasizlar…
– Tushlikni ham birga qilamiz, – dedi Turdiali shosha-pisha. – Lekin doʻst emasmiz, yoʻq, yoʻq. Ular boshqa, men boshqa, Abduzafar Abdusafarovich.
– Ular… kim?
– Ular boshqa, boshqa davra. Tushunmayman ularni, tushungim ham kelmaydi. Men ustozlarning yoʻlidan boraman, Ha, men, mana, sizning etagingizdan ushlaganman. Ursangiz ham, soʻksangiz ham qoʻyvormayman.
Abduzafar aka qiziqib qoldi: bundan ancha gaplar chiqadiganga oʻxshaydi.
– Ular-chi?
– Qanaqadir tanka, Takabuka… hokku… Men tan olmayman.
Abduzafar aka ajablandi;
– – Tankani tan olmaysiz?
Jinnimi bu, tankni ham tan olmay boʻladimi? Tank bundan soʻrab oʻtiradimi? Yanchib oʻtib ketaveradi! Yo… tavba, tilining tutumi yoʻgʻ-ey.
– Besh satrligi tanka, uch satrligi hokku ekan. “Qor yogʻyapti, hamma yoq oppoq, daraxtda qora qargʻa qoʻnib turibdi”. Shu sheʼr boʻldimi? Janrini tanka deydimi, hokkumi, pokkumi, sheʼr emas-da endi bu.
Abduzafar akaning hafsalasi pir boʻldi: qanaqadir tortishuv ekan; bular ish qilishning oʻrniga nima balo bahslar bilan ovora-ya.
– Bular oʻqiydigan adabiyot… yoʻq, men chet el shoirlariga qoyil emasman… Ular oʻzlariga shoirdir. Aʼlamga shuni koʻp aytaman. Qoʻy, shu Lorka-porkangni ham deyman. Bizga ulardan foyda yoʻq, zarari tegishi mumkin lekin.
– Ha, qarab yurish kerak.
– Shu-da, bizga bari bir yot, begona. Tarbiyaviy ahamiyati ham teskari… Mana, qarang: “Men nega yozaman – negaki!”. Boʻldi, shu sheʼr emish! “Men nega yozaman” – sarlavha, “negaki” – sheʼrning hammasi. Sheʼr emas, oddiy gap-ku bu. Aʼlamga ham shunaqa narsalarga berilma, deyman. Mana, bayozga ham tragediya tarjimasini kiritdi. Men aytdim. Yevripid buyuk shoir, lekin u antik adabiyot vakili, tragediyasining bugungi kunga nima aloqasi bor, dedim. Yoʻq, bari bir, kiritdi…
– Sal gʻoʻdayganga oʻxshaydi lekin…
Turdiali nimadandir hushyor tortdi.
– E-e, oʻzi… ichidan unaqa emas. Lekin toʻgʻri, tarbiyalash kerak. Taʼsirlarga berilmasa, yaxshi yigit. Mana, yozda TNO “Volga”da yurib qoldi. Voy-boʻ-oʻ!
Bugun angrayadigan kun shekilli.
– Aʼlamda TNO nima qiladi?
– Shuni aytaman-da. Yozda yubordingiz-ku jurnalistlarning seminariga, atkritka-patkritka chiqarishga dastyorlik qilsin deb?
– Ha, xoʻsh?
– Bunga nima qilib moshin tegib qoldi oʻzi? Endi, Markazkomda hamma moshinlar shunaqa TNO “Volga”da, a? Boʻlmasa, oʻzi invalidlarning pat-patigachalik ham ish qilgani yoʻq.
E-e, bu yoshlar-ey! Bularni eshitishning ham bir gashti bor lekin!
– Men oʻshanda ham, ey, haqqing yoʻq, yoshsan, oʻzlari min, desa ham, minma, doʻstu dushman bor, dedim. Yoʻq! – Turdiali juda kuyib ketdi. – Hatto talabalar shaharchasiga ham TNOda borib yurdi-da.
– Universitet bosmaxonasigami?
– Qayoqda! Ijodiy uchrashuv, deydi, yoshlar bilan. Yaxshi emas, besh kunlik obroʻ uchun hammani aldash, deb qattiq gapirganman… Oʻzi yaxshi yigit-u, yosh, adashadi-da. Shu boʻyoqlar ham oʻsha vaqti kelgan edimi, Abduzafar aka?
Abduzafar aka hech narsa demay qaradi, bugun bularga bir gap boʻlgan!
– Fotoalbomda rangi ming yil oʻchmay turadi shekilli, hididan aytaman, – deb izohladi Turdiali.
Qora koʻmir – ketolmay, kunduzga qolib, qotib qolgan qorongʻu tun. Qora koʻmir – qorongʻu tun parchalari. Tun boʻlaklari. Tun maydalari. Qorongʻulikning tuproq-gardi. Koʻmir – yonadi, qorongʻu – qora – yongʻu. “Yongʻu” degan soʻz bormi-yoʻqmi? Boʻlsa kerak. “Cholgʻu”, “ayolgʻu”, “burgʻi”, “yoqilgʻi”, “yonilgʻi”… Yoʻq, bu yogʻiga bachkanalashdik. Lekin nimadir bor.! “Qora”, “qorongʻu” – bir-biriga bogʻliq-ku. Shunday-da. Qorongʻu – qora – yongʻu, qora yonuvchi, qora nur. Qorongʻu qora nur boʻlib tarqaladi. Kunduz kuni ham taralib-tarqalib ketaveradi oʻz-oʻzicha… Bunaqa oʻxshatishlar kurakda turmaydi-yu, lekin qora koʻmir bilan qorongʻulik oʻrtasida nimadir bogʻlanish bor… Lekin hozir faqat tishining oqligi qolgan boʻlsa kerak.
Koʻmirning qorasi tirnoqlarining tagigacha kirib ketibdi-ya.
Koʻmirni ortgan traktorchiga ham qoyil: yuklaganda ham, agʻdarganda ham katta-kattasi ustiga tushib, maydasi tashigandan keyin chiqar ekan. Unga jinday qistirish kerak edi, lekin haligi korafta odam: “Oʻtmang! Sizga toʻgʻri kelmaydi. Oʻzlari biladi”, desa, xoʻp depti. Agʻdarma mashina ketgandan keyin Hamid aka degan qoʻshni kishi “Karavotning prujina setkasi bilan elab oling”, desa, kechagi kayfi tarqalmagan, kinoya qilyapti deb oʻylabdi, shunga ekan-da.
Ammo-lekin qishda shu maydasi joniga ora kirdi. Koʻchib kelgan kuni, qaydan bilibdi, koʻrpaga oʻranib, bir uyquni ursam, tong otadi, ertaga xudo poshsho, deb oʻylagan ekan, uch-toʻrt yildan beri odam turmay, zaxlab ketgan uy, yana qishning oʻrtasi, yarim oqshom shunaqangi sovqotib uygʻondiki! Oʻzi misoli koʻrpaga oʻralgan tirik muz, uy sovuq emas, sovuq oʻzidan chiqayotgandek! Hatto hovli ham oy yorugʻida ilib turgandek koʻrindi. Chiqib bir oz yurdi ham. Lekin hovli taraqlagan ekan, chidamadi. Kechasi bilan gʻira-shirada lokini yiltiratib, shiftga tiralgan “kontramarka” pechkaga termilib, uni qanday yoqishni oʻylab, jiyda qoqib chiqdi. Shunchalar istab, shunday zoʻr berib oʻyladiki, pechka oʻtinsiz ham yonib ketadigandek edi. Sahar dildirab turib hamma yoqni tit-pit qildi, qoʻliga yoqqulik narsa ilinmadi. Pechka ham pechka emas, yuhoning oʻzi, oʻtin-poʻtinni yamlamay yutadi, issiq bermaydi, unga faqat koʻmir kor qilar ekan. Koʻmirxona esa ship-shiydon, tagi shibbalangan tep-tekis yer. U nimadir umid bilan shu yerni tirmalab koʻrdi. Qarasa, yarim qarichcha qora tuproq. Koʻmirning tagiga tushgan xokasi shibbalanib bosilaverib, yer boʻlib ketgan ekan. Keyin oʻziga yana bir qoyil qoldi: danakdek, hatto moshdek mayda koʻmirni donalab terib, jindaygina tutantiriq oʻtinchaning ustidan qaladi, keyin shu qora tuproqni suvlab bosib, havo yurishi uchun xuddi hammompishdek teshib-teshib qoʻydi. Avval nimjon tutun chiqib, ilashdi, oxiri choʻgʻlanib yondi! Xuddi birov oʻrgatib turgandek, boʻlmasa, koʻmirning tuprogʻini loy qilib qorsa, yonishi tushiga kiribdimi? Devonaning ishini xudoning oʻzi oʻnglabdi degani shu boʻlsa kerak-da.
Hozir tashiyotgani huzuri jon-ku. Lekin chelaklab tashigandan keyin, ming gʻayrat qilma, ishning unishi qiyin ekan. Bu odamlar ham jim oʻtib ketavermaydi, albatta bir narsa deyishi kerak. Birovi uning oʻz narxiga olganiga ishonmay, hozir usti qancha, qor tushgandan keyin qanchaga koʻtarilishini uqtirsa, boshqa birovi tashib tugatgandan keyin koʻchani supurib, albatta oqizib yuvishni tayinlaydi. “Bay-bay-bay, buncha qora-ey”, deb oʻtadilar yana, xuddi oʻzlari gaz yoqadigandek. Har xil odam-da, lekin aksariyati koʻmirni Aʼlamning oʻzi kiritayotganiga ajabsinadi. Doim poʻrimgina yuradigan yigitning qoʻlini koʻmirga urishi yarashmagan bir ish, qanaqadir maqtanchoqlikka ham oʻxshar edi. “Mana, koʻrib qoʻyinglar, men qanaqa kamtarman. Koʻmirni ham oʻzim tashiyveraman”, deyayotgandek. Shokir posadkachi hatto: “Odamlar hurmat qilgandan keyin odamlarning ham hurmatini qilish kerak, shoir. Bizlar sizni, vaqtini olmaylik deb, choyxonaga chaqirmaymiz-u, siz boʻlsangiz…”, dedi. Odam oʻzining koʻmirini oʻzi tashib olsa, bularga hurmatsizlik boʻlar emish.
Shunday lekin, choyxonadan vaqti-vaqti bilan kosada ustiga non bostirilgan osh, qozon kabob, baʼzan dimlama chiqib turadi. Aʼlamning oʻzi choyxonaga chiqmaydi hisob, chunki qovushimi yoʻq; shaxmatga oshno emas, qartadan uzoq, boshqa narsalarning koʻchasidan oʻtmagan. Choyxonadagilarga ham shu maʼqul, undan nima ulfat chiqardi, sheʼr oʻqitmaysan-ku. Choyxona bozorga yaqin, bozorniki desa ham boʻladi, har xil odam bor, aralashib nima zaril, oʻtirib maqolasimi, sheʼrinimi yozaversin. Oʻzi umuman bozorning barakoti butun atrofiga yoyiladi, mana, shu mahallada ham tirikchilikning yoʻq kasbining oʻzi yoʻq, endi yozuvchi ham shu yerdan oʻsib chiqsa, bu ham bir fayz-da.
Lekin oʻzi gʻalatiroq, bir unday, bir bunday. Bugun koʻmir tashiyapti. Yozda esa besh-oʻn kun qora “Volga”da ham yurib qoldi. Orqasi pardali, oʻrindiqlariga ham oq tortilgan, haydovchisi ham Aʼlamga bir yarimta keladigan jiddiy odam. Oʻzi bir bosh, bir quloq, ijarada turadi, yana koʻchaning ogʻzida bu kishimga “Volga” muntazir, tomosha, zerikmaysan.
TNO “Volga” minish boshida juda yoqdi. Odam kirasini beradigan taksiga oʻtirganda qancha havo oladi-yu, oʻziga birkitilgan mashinadan taʼsirlanmaydimi! Aʼlam birinchi kuni tushgachayoq ishlarni bitirib tashladi, Markazkomdan bosmaxonaga bordi, uyushmaga kirdi, yana bosmaxonaga qaytdi, nashriyotiga keldi, hali tushlikka vaqt bor edi, Turdiali bilan bir oz laqillashdi ham. Gap orasida ogʻzining bir chekkasidan mashinada kelgani chiqib ketgan edi, Turdiali irgʻib turib, koʻrib ham keldi. Yoʻlda, dolonda bir-ikki-odamga sal boshqacharoq shipshigan shekilli, Aʼlam buni hamkasblarning boshqacha soʻrashishlari, tagdor gaplaridan oʻsha yoqqa ishga oʻtayotgani haqida mish-mishga aylanganini albatta keyinroq bildi. “Besh kunlik xalifaligini” Aʼlamning oʻzi kulgiga olgan boʻlsa-da, Turdiali ancha choʻkdi, “Shunday katta odam sizning xizmatingizda-da, – dedi mungʻayib. – Olib boradi, olib keladi. E-e, qoyil! Endi biz bilan ovqatlanmaysiz-da, a? Markazkomning ovqati yangi soʻyilgan goʻshtdan, ham arzon. Hech gap emas, shunaqasi oʻsib ketaversangiz. Mayli, bizga ham sizning yoʻlingizni bersin”. “Toʻgʻri, – deb kuldi Aʼlam, – yangi soʻyilgan goʻshtdan odam oʻsadi lekin”. U bunaqa narsalarni xayoliga ham keltirmagan edi, lekin boshqa tomondan boshi qotdi: endi buyogʻiga mashinani nima qilsa? Bugunga ish tamom, ertaga ham yoʻq hisobi, bosmaxonaga borsa ham, bormasa ham boʻladi, boshqa kunlari ham shunday. Qiziq lekin: ixtiyorida mashina, haydovchisi bilan, faqat mashinada boradigan joy, qiladigan ish yoʻq.
Oʻzi ish koʻp emas, nashriyotu bosmaxonalar Markazkomdan bir qadam, yigit odamning tovoni yeyilib qolmaydi. Qaytangga, mashinasiz yaxshi edi, erkin, Markazkomga deb quyonni sursa ham, botinib soʻraydigan mard yoʻq. Mashina boʻlsa, toʻqqizdan qoʻnqayib turadi. Haydovchisi Ergash aka otasi tengi odam, kuttirish noqulay. Keyin ham shunday savlatli mashina nimaga ovora deb birov surishtirmaydi-yu, lekin, bari bir, koʻngil alagʻda, mashinalik ish qilish kerakdek. Kechqurun ham oltini kutib oʻtirishni aytmaysizmi? E xullas, mashina birovga havas qilsang, yaxshi-yu, lekin oʻzingga… oyoqqa tushovdek boʻlib, bemalolchilik yoʻqolib qolar ekan.
Hammasiga Shamsiddin Solihboyev sababchi, shu odamning gʻalati feʼli boʻlmaganda, Aʼlam ham bu boshogʻriqqa uchramas edi. Oʻzi shunaqa qoʻrqoqmi yo joʻrttaga qiladimi, nimani soʻramang, yoʻq, deydi, qirq yildan beri matbuotning nonini yeb kelayotgani, portfeli bitta ekanini pesh qilib, oyoq tirab turib oladi. “Eson-omon pensiyaga yetib olishim kerak”, deydi.
Brejnevning nutqi ingliz, nemis tillarida broshyura boʻlib chiqar ekan, Aʼlam bosmaxonadan korrekturalarni olib, “Vneshtorgizdat”ga berishi, orada jurnalistlar uyushmasiga, shunda ham albatta uning raisi Shamsiddin Solihboyevga oʻzi olib kirib, tasdiqlatishi kerak edi. U Solihboyevni shunda koʻrdi. Solihboyev uni ancha xush qabul qildi, korrekturalarni ehtirom bilan qoʻliga oldi-da, birdan koʻzi olayib, yuzi koʻkarib qoldi. Aʼlam bu odamdagi bir nafasda boʻlgan oʻzgarishdan oshqozon-poshqozoni tutib qoldimi, deb choʻchib ketdi.
– Qani, qani… Ilichlari? – deb Solihboyev galdiraklab tilga kirdi.
Aʼlam tushunmadi.
– Kim qani? Qanaqa Ilichlari?
– Ilichlari!? Ilichlari qani, deyapman?! – Nihoyat nafas yoʻllari ochildi shekilli, Solihboyev baqirib yubordi. – Kim olib tashladi!? Kim qildi bu pravakatsiyani?! Sizmi? Nega kulasiz?
Aʼlam ichidan kelgan shayton kulgini zoʻrgʻa bosdi, lekin yuziga iljayish qalqqan shekilli, Solihboyev unga odamyovvoyini koʻrgandek oʻqrayib qarab qoldi.
– Birinchidan men qilganim yoʻq. Ikkinchidan, bu tillarda nisba berilmaydi. Uchinchidan, menga baqirmang.
– Nega baqirmayman? Ilichlarini olib tashlaysizlar-u, baqirmaymanmi?
– Aytyapman-ku sizga, ularning tilida Ilich-pilich boʻlmaydi, deb. Leonid Brejnev, boʻldi, tamom!
Solihboyev bunaqa behurmatlikni kutmagan edi, battar tutaqqanini boshini orqaga tashlab, puflab bildirdi, lekin birdan past ham tushdi.
– Bilgan odamlar qilgandir, axir, – deb murosa qildi Aʼlam. – Har bir tilning oʻz tartib-qoidasi bor.
– Seminar chet elda emas, oʻzimizda, Oʻzbekistonda, Toshkentda boʻlyapti! Foyaviy dushmanlarning tartib-qoidasi bilan necha pullik ishimiz bor? – dedi Solihboyev sal yumshagan boʻlib. – Biz oʻrtoq Brejnevning hurmatlarini joyiga qoʻyib, Leonid Ilich deb aytishimiz kerak. Keyin, uka, bunaqa pichinglarni qilmang.
Aʼlam hayron boʻldi.
– Qanaqa piching?
– Anavi… Ilich-pilich, dedingiz. Uka, men bir oqkoʻngil odamman, otangiz qatori. Sinib qolmang… Chet tili boʻlgandan keyin, doʻst emas-da. Ularning koʻngliga qarab, Ilichlarini olib tashlash – xato. Buni yuqori instansiyada gaplashamiz.
Keyingi mashmasha yana shu korrekturalar ustida boʻldi. Konsertga taklifnoma bilan dasturidagi imlo xatolari asl matnda ham oʻtib ketgan ekan, Aʼlam toʻgʻrilab chiqdi, ikki joyda besoʻnaqay jumlani tahrir qildi. Keyin, albatta, bularni ham Solihboyevga tasdiqqa olib kirdi. Oʻsha ahvol qaytaladi: Solihboyev koʻkardi, sakrab tushdi, nafas yoʻllari ochilgandan keyin yana baqirdi:
– Oʻv, uka, sizni mening jonimni olgani yuborishganmi? Nima haqqingiz bor Markazkom tasdiqlagan matnni oʻzgartirishga?! Qayerda tugʻilgansiz oʻzi, a?
Bu gal Aʼlamning ham jahli chiqib ketdi:
– E-e, baqirmang menga-e! Oddiy imlo xatosini ham Markazkom tasdiqlaydimi? Koʻzmi, poʻstakning yirtigʻimi, deyishmaydimi?
Solihboyev stoli tortmasidan matnlarni olib, muhrini koʻrsatdi, keyin boshiga koʻtarib silkitdi:
– Rasmiy tarjima! OʻzTAG qilgan! Oʻlgingiz kelyaptimi? Nega aralashasiz?
– Nega aralashmay? “Qahramon Kenjayev” “K. Kenjayev”, “Qaro koʻzim” kuyi “Qora koʻzim” deb yozilgan. “Saqli navo” “Saqili navo” boʻlishi kerak. “Oʻroq” ham, “Yoʻldosh” ham ham qisqartmada “U” “Yu” boʻlib ketgan, “Chutboyev”emas, “Choʻtboyev”.
Solihboyev qoʻlidagi qogʻozlarni Aʼlamning burniga ishqalagudek boʻldi:
– “Chitboyev” boʻlmaydimi?! Oʻzlari javob beradi! Mana! Muhrini koʻryapsizmi? Gursillatib urgan! Bitta ham harfini oʻzgartirishga haqqimiz yoʻq.
– Bu oʻzgartirish emas, axir, Shamsiddin aka! – dedi Aʼlam xunobi oshib. – Oddiy tuzatish.
– Oʻzlari buzgan, oʻzlari tuzatadi! Mening qoʻlimdagi matn tasdiq qilingan, bir harfiga ham teginmaysiz! Portfelim bitta!
– Kim oʻzlari? – deb soʻradi Aʼlam.
Solihboyev qoʻlini tepaga nuqidi:
– Markazkom!
– Kim? Gulimoh opami?
Solihboyev Aʼlamga sherning moʻylovini tortqilayotgan bolani koʻrayotgandek achchiq hayrat bilan qaradi.
– Hali sizga opa boʻldimi? Oʻrtoq Islombekova-ya?!
Aʼlam indamay, stol ustidagi telefonga choʻzilgan edi, Solihboyev apparatni chaqqon tortib qoldi.
– Nima qilmoqchisiz? – dedi boshini qiyshaytirib.
– Soʻrayman.
– Shu yerdan-a? – Solihboyev telefonni ikki qoʻli bilan ushlab oldi. – Uka, sizni tushunmayapman. Toʻgʻri gaplashmoqchimisiz?
– Ha.
– Heh-he, qoyil! Yana qayerda tugʻilgansiz desam, achchigʻingiz keladi. Men, jurnalistlar uyushmasining raisi, juda yonib ketmasa Gulimoh Yulduzovnaning tinchini buzolmayman. Haddim yoʻq! Siz yosh bola, shunday telefonni koʻtarib, bemalol gaplashaverasiz-a? Kimsiz oʻzi?
– Odam, – deb ajablandi Aʼlam.
Namuncha bu odam vahima qiladi? Gulimoh opa ham hech qoʻrqinchli emas, yaxshi bir ayol, odamga mehribon. “Uka, bu yerga yengil kelmang, – dedi Aʼlamni birinchi qabul qilgan kuni. – Kostyum kiyib oling.” Aʼlam: “Galstuk ham taqaymi, – dedi-yu lekin opaning toʻgʻri tikilgan koʻzlariga toʻqnash kelib, olifta gapidan oʻzi oʻngʻaysizandi. – Shu saratonda-ya. Odam boʻgʻilib ketadi-ku”. Opa undan koʻzini olib, horgʻin izoh berdi. “Ha, tashqarida saraton. Bu yerda havo yigigma-yigirma besh gradus past. Qattiq shamollash mumkin.” Opaning nigohlari shunaqa tiniq ediki, uning oldida ortiqcha gapirishning oʻzi ortiqcha, lekin muomalasida qandaydir erkinlik bor edi. Aʼlam ukasinib hazillashdi: “Qancha yuqori boʻlsa, havosi shuncha past boʻladi. Bu sovuqda qanday oʻtirasiz?”, dedi. Opa yana kulimsirab qaradi-da, qoshlarini chimirdi, “Ijod qilmang”, dedi. Aʼlam bu gapni ancha keyin tushundi, opa ruscha oʻqigan, ruscha fikrlar, shundan oʻzbekcha shevasi juda shirin edi. “Ijod qilmang” degani “Haddingizdan oshmang”, “Oʻzingizcha toʻqimang” degani ekan. Suhbat avjida Aʼlamning otashinligi meʼyoridan sal oshsa, opa: “Boʻldi, ijod qilmang”, deb toʻxtatib qoʻyar, lekin qoshlarini chiroyli chimirishidan shunday qilganiga afsuslanayotgani bilinib turar edi.
Aʼlam Solihboyevning oldidan chiqdi-da, bari bir, uning qabulxonasidan Gulimoh opasiga sim qoqdi, opa tez yetib kelishni soʻradi. Aʼlam borganda opa shay turgan ekan, korrekturalarga bir qur koʻz yugurtirdi-da, shartta imzo chekdi. Hammasini shap-shup taxlab, Aʼlamga uzatdi.
– Bosmaxonaga! Boʻldi, hech kimga koʻrsatib yurmang! Shuncha odamdan oʻtib ketavergan ekan-da. Lekin “qaro”sini men “qora” qilgan edim. Qayoqdan bilay, ruscha oʻqiganman-da. Bundan keyin hammasini oʻzingiz koʻrib, oʻzingiz javob berasiz. Ishonaman. Tasdiqqa – menga. Tushunarlimi? Ertadan sizga mashina chiqadi. Piyoda yurmaysiz. Bu yogʻiga endi ish operativ ketadi. Ha? Solihboyev yana tomosha koʻrsatdimi? Endi koʻrsatmaydi. Toʻgʻri men bilan ishlaysiz. Ishlamayman degan gap yoʻq. Oldinda hayot bor.
Shu bilan Aʼlam TNO minib qoldi, ish ham yurishdi, Solihboyev “jangi”dan ham, ungacha boʻladigan imzo toʻplashlardan ham qutuldi. Yoʻq esa, seminarga chiqariladigan oʻttiz sakkizta narsaga Solihboyevga qoʻl qoʻydirguncha, pensiyaga u emas, oʻzi, shunda ham invalidlikka tayyor boʻlib qolishi hech gap emas edi. Aʼlam qolgan ishlarni oʻynab bajardi, qiynalmagani, azob chekmagani uchun, keyin nimalar qilgani esidan ham chiqib ketdi. Faqat har zamonda TNO “Volga” minganini sogʻinib qoladi, xolos, mashina koʻchma hibsxonadek boʻlsa-da, har qalay, martaba edi-da.
Belkurakni xuddi jonli bir narsa pastga siltab tortgandek tuyulib, zalvori birdan qoʻlga tushdi. Aʼlamning koʻngli gʻalati boʻlib ketdi. Belkurakni azot koʻtarish ancha ogʻir edi, shuning uchun tortib chiqardi. Shapaloqdan kattaroq, toʻrt enlidan qalin bir narsa yilt-yilt koʻzga tovlandi. Aʼlam uni qoʻliga oldi, rostdan ham xiyla vazmin, nimadir katta palaxsa jinsning singani, yaxlit boʻlak. Nima boʻlsa? Kumushmikin? Yombi kumush! Xudo Aʼlamjonni ol qulim deb siylab yuborgan boʻlsa! Qora koʻmirning ichida uch-toʻrt kilolik kumush yombi egasini kutib yotsa-ya!
Aʼlam boʻlakni kafti bilan artdi, pufladi, ichida oʻzidan kulgan boʻlsa-da, erinmay ishqalab yuvdi, boʻlak oynaday yaltillab, ochilib ketdi. Ha, bu hech shubhasiz, nimadir ogʻir metall edi, Oʻzi kumush ogʻir boʻladimi, yoʻqmi? Aʼlam kumushning ham uncha farqiga bormaydi. Bezak kumush tangani muzeyda oyna tagida koʻrgan, doʻkonlarda kumush qoshiqqa koʻzi tushgandir, qizlarning kumush taqinchoqlariga uncha ham eʼtibor bermaydi, har holda kumush deb bilganlari bunaqa tovlanmaydi shekilli. Yana ham kim biladi, kumush yombi koʻmirning ichida yotavermasa kerak. Uyiga koʻmir tushirganlar uch-toʻrt kilolab topib olaversa, kumushning kumushligi qoladimi? Balki uning yombisi hech narsa turmas. Lekin charaqlaydi, nihoyatda qattiq, singan joyining qirralari qoʻlga olmosdek oʻtkir botadi.
Dolonning ikki tomonidagi qator-qator xonalardagilarning hammasi Abduzafar akaning odamlari, Abduzafar aka bularning barini oʻtirgʻizib-turgʻizadi, hatto yoshi oʻzidan kattalariga ham u ota maqomida. Hech mubolagʻasi yoʻq, Abduzafar aka kulsa, bular ham kuladi, xonalardan hazil-huzul eshitiladi, buxgalteriya bilan reja boʻlimining yonma-yon xonalaridan, Muxlisa bilan Elmira chatoq-da, balandroq qiyqiriqlar ham chiqib qoladi, Abduzafar aka qovoq solsa… jimlik hukm suradi, yoʻq, jimlik emas, chitir-shitir qilib mashinka tovushi bostirib kelaveradi.
Ha, birdek chitir-shitir tovush, hamma yoqqa birdek singib ketgan boʻyoq isi, oʻzingga olsang, eʼtiborda tutsang – ikkalasi ham bor, sira qutulmaysan, parvo qilmasang – yoʻq, payqamaysan ham.
Abduzafar aka qabulxonaga qaytib kirib, Vaziraga Umarovni chaqirishni buyurdi-da, kabinetiga oʻtib ketdi.
Koʻp oʻtmay Umarov pishillab yetib keldi-da, kabinet eshigi tutqichini ushlab, Vaziraga “Qandaylar?”, deb im qoqdi, Vazira indamay burnini jiyirdi. Umarovning yuziga Vaziraning “Karim akamning jonini olib qoʻygansiz-da, Abzuzafar aka”, deb aytishiga qaratilgan yasama xavotir yoyildi.
– Chaqirgan ekansiz, Abduzafar aka?
Abduzafar aka ogʻir nazar bilan Umarovning oyogʻidan boshlab yuzigacha sekin qarab chiqdi, keyin koʻziga koʻzini qadab indamay turaverdi. Umarov uning nigohiga dosh berolmay, koʻzini olib qochdi, deraza tomonda bir narsani koʻrgan boʻldi, devorda ming marta koʻrgan dohiy portretiga alangladi, oxiri stol ustidagi juda xira dogʻga tikilganicha, bu yerga tasodifan kirib qolgan gʻirt notanish, yetti yot begona bir gunohkorga aylanib qotdi.
– Qani boyagi… koʻtarib yurgan qogʻozingiz? – dedi nihoyat Abduzafar aka.
Umarov shosha-pisha qoʻyin choʻntagiga qoʻl soldi.
– Mana! Mana, olib yuribman!
Toʻrt buklangan ikki varaq qogʻoz qandaydir irkit, sargʻaygan, uch-toʻrt joyida yogʻ dogʻi ham edi. Abduzafar aka ijirgʻandi. Boʻyoq hidi shu qogʻozdan ham biliqsib kelayotgandek boʻldi.
– Nima bu?
– Boya aytdim-ku, sʼyezdga bagʻishlangan sonni shunaqa siyosiy toʻgʻri kelmaydigan…
– Men nima bu deb soʻrayapman! Yigirma uchta koʻzyosh, oltita qish, toʻqqizta koʻzyosh… Nima bu sanoq, Karim? Maqsad qani, maqsad?
– Maqsadi shu, zamonamizni qoralash…
– Yoʻq, sizning maqsadingizni soʻrayapman?
– Ularning maqsadini ochganman-da, Abduzafar Abdusafarovich!
– Ha, yozing-da shuni, Karim. Bu qogʻozingizdan odam nimani tushunadi? Uchta muxammas, bitta eshak toʻgʻrisida hajviya deb, soʻroq qoʻygansiz? Nima u?
– Aytdim-ku, Navvoyi, Lutpi gʻazallariga muxammaslar…
– E-e, tilingizga tersak chiqqanmi? Navvoyi, Lutpi! Toʻgʻrilab ayting-ey! Axir, raykomda insruktor emas, nashriyotda bosh muharrir oʻrinbosarisiz!
– Lekin yozganda bexato yozaman, Abduzafar Abdusafarovich! Navvoyida bitta “ve”. Lutpi fabrikadagi “fe” bilan. Yozib koʻrsataymi?
– Menga koʻrsatmang, tilingizni toʻgʻrilang. – Abduzafar aka qoʻlini qogʻozga paxsa qildi. – Qarang, bu nima latta? Somsa yeb ogʻzingizni artganmisiz? Yo ketingizning tagiga qoʻyib oʻtirasizmi? Na boshi bor, na oxiri. Rasmiy qilib yozilmaydimi? Falonchi falonchiga, falonchi falonchidan, falon masala yuzasidan ariza yo raport, yo maʼlumotnoma, yo talabnoma… Oltita qish, toʻqqizta koʻzyosh, bitta tragediya emish! Bitta esh-shak!
Umarovning ogʻzi kappa-kappa ochilib, nima deyishini bilmay baqrayib qoldi. Abduzafar aka sal insof qildi:
– Buni, Karimjon, bir hujjat holiga keltiring-da. Mening nomimga yozing. Bayoz qoʻlyozmasi haqida eʼtirozlaringizni, kimlarga, qanaqa tartibda yetkazganingigizni, qanday munosabatda boʻlishganini. Keyin bosilib chiqqan bayozni oling-da, solishtiring, eʼtirozlaringiz hisobga olinganmi, yoʻqmi, olingan boʻlsa – nimaga, olinmagan boʻlsa – nimaga? Hammasini batafsil yozib, siyosiy xatolarga yoʻl qoʻyilgan joylarni, misollari bilan aniq koʻrsatib, Vaziradan roʻyxatdan oʻtkazib, menga topshiring. Tushgacha tayyor boʻlsin. Maʼqulmi? Yo yana oʻrgataymi? Vaziraga aytib keting, kadrlarni chaqirsin.
Umarov ancha ruhlanib, pishqirgandek chiqib ketdi.
– Hm, xonim, nima bilan bandlar? – dedi Abduzafar aka qovogʻini uyib. – Ish ham qilyaptilarmi?
Surayyo birdan hushyor tortib, Abduzafar akaga choʻchinqirab qaradi.
Abduzafar aka iyagini qoqdi:
– Hm?
Surayyo indamay koʻzlarini moʻltiratib, Abduzafar akaning gapi qayoqqa burilishini kutdi.
– Bugun nechta xodim ishda? Nechtasi kechikib keldi?
– Borlarning hammasi ishda, – dedi Surayyo oʻsmoqchilab. – Abduzafar aka? Biron narsadan xafa qildimmi?
– Yoʻq, – dedi Abduzafar aka. – Oddiy tartib boʻyicha ishni soʻrayapman. Aniq nechta xodim ishda, shundan nechtasi kechikib keldi, kechikkanlar yo kelmay qolganlar rasmiylashtirilganmi? Boʻlsa, qani hujjat? Shularni soʻrayapman. Xafa boʻlish-boʻlmaslikning nima aloqasi bor?
Surayyoning xoʻrligi keldi:
– Bir ogʻiz ham indaganingiz yoʻq edi-ku?
– Iy-e, indab turishim kerakmi? Kadrlar boʻlimi kundalik ishini oʻzi bilib qilavermaydimi? Ana shu-da! Odamlar xohlagan payti keladi, xohlagan payti ketadi, hisobga olinmaydi, kun boʻyi yoʻq boʻlishi ham mumkin, men soʻramasam, hech kimning ishi yoʻq. Hammaga oʻzining tinchligi kerak.
– Abduzafar aka, ayb menda, – dedi Surayyo koʻzlari yoshga toʻlib. – Ertaga ertalabdan oʻtirib, hammasini yozib boraman. Kechiring.
– Hozir! – dedi Abduzafar aka keskin ohangda. – Hozir profsoyuz Sojidani ol-da, xonama-xona tekshirib chiq: kim qayerda, nima ish qilyapti. Yarim soatdan keyin hisobot, mana, stolimda tursin. Mehnat intizomiga umuman qaramay qoʻydinglar. Qattiq chora koʻrmasam boʻlmaydi shekilli.
Surayyo kirganidan beri biron marta ham aksirmadi, burnini bir-ikki chimdiladi, xolos. Chiqib ketayotib, nimadir ilinjda Abduzafar akaga javdiragan edi. Abduzafar aka derazaga qarab oldi.
Abduzafar aka shu oʻtirgan joyida, indamay, hech kimga hech narsa demay ham butun nashriyotni oʻz hukmiga olganini jisman his qildi. Hozir jamoa bir qalqib tushadi, u-bu ish bilan chiqqanlar shoshilinch qaytadi, hamma oʻz joyini egallab, ishga yopishadi, hangomalar bosiladi, hatto Aʼlamning bugun kelmay, ijarasiga koʻmir tashib yotgani haqida gap-soʻzlar ham oʻchib, dolon huvillaydi-da, mashinkalarning chitir-chitir, shitir-shitirlab toshib chiqayotgan tovushigina qoladi. Surayyo bilan miqtiligidan boshi orqaga ketib, ogʻzi doim yarim ochiq yuradigan Sojida Abduzafar akaning irodasini xonama-xona bir-bir oʻtkazib boraveradi.
Bu maromni bir kuch – Abduzafar akaning oʻzi buza oladi, Abduzafar akaning maromini esa qizil telefon qutichasi. Jiring etsa, olam guliston! Yo urdi xudo!
Tushlikdan bironta odam kechikmadi. Aksincha, lagʻmoni yo somsasini yigirma daqiqa yo yarim soat oldin yeb olib, keyin koʻcha yoqasidagi yoʻlka boʻylab har kungi sayru suhbatini kanda qilmaydiganlar ham ertaroq qaytdi. Aksariyat xonalarning eshigi ochiq, Aʼlamni, toʻgʻrirogʻi, Aʼlam kelsa, nima boʻlishini kutib hammaning qulogʻi ding. Tinch, hayot bir maromda kechadigan ishxonalarda odamlarning koʻngli doim yangi gapga, hatto yomonlikka boʻlsa-da, nimadir oʻzgarishga tashna turadi. Aʼlam kelsa ham bu dolonda favqulodda bir tomosha qoʻyiladigandek, hamma unga allanechik bosiq intizor edi.
Mana, Aʼlam ham kirib keldi. Lekin hamishagidek poʻrimgina, tartibli kiyingan, sira koʻmir tashiganga oʻxshamaydi. Goʻyo tushgacha ham shu yerda ishlab, keyin tushlikka borgan, ovqatlanib, yaxshilab dam olib, yana koʻngilxotirjam ishga kelgan, goʻyo hech gap oʻtmagan, goʻyo hech narsadan xabari yoʻq. Doimgidek boshini silkib salom berib qoʻyadi. Yana indamay boshini qimirlatadi, soʻrashgani shu. Xudoyim odamni ham yaratgan-da lekin! Balki kavushi toʻgʻrilanayotganidan rostdan ham gʻofildir. Bu yoqda Surayyoning Sojida bilan tentagi chiqib yotibdi. Axir, bir joyda ishlab, birga qaymoqlashib oʻtiradigan odamlarni qachon ishga keldingu hozir nima qilyapsan, deb savolga tutib chiqishning oʻzi boʻladimi?
– Aʼlam!
Surayyo chinqirib yuborganini oʻzi bilmay qoldi. Unga Sojida ham joʻr boʻlib doʻrilladi, lekin uning tovushi vazmin, oʻz qadrini biladigan pisandali edi:
– Kamolov! Bu yoqqa kiring!
Aʼlam kadrlar boʻlimining eshigi oldida taqqa toʻxtadi, u albatta Turdialining dolonda betoqat qarab turishini yo Vaziraning chopib kelishini kutgan, lekin oʻzining Surayyo bilan Sojida ikkalasiga ham birdan kerak boʻlib qolishini oʻylamagan, buning uncha xosiyati ham yoʻq edi.
– Salom berdik, goʻzal xonimlar! Kasaba bekasi, shtatlar malikasi, yaxshimisizlar? – dedi u shoʻxchan ohangda.
Surayyo “Hm” deb boshini silkidiyu Sojidaga qaradi, Sojidaning ogʻzi yarim ochilib, koʻzlari shiftga bir boqdi, keyin ikkalasi ham baravar Aʼlamga yuz burdi. Ha, hech ham hazilning vaqti emas edi.
– Qayerda yuribsiz? – deb sachradi Surayyo.
Surayyoning alami tagida erkalikning ham achchiqchasi bor edi, Sojida unga yelkasi bilan burilib qarab qoʻydi.
– Sizni deb hamma yoqni ostin-ustin qilib yubordik-ku. Ertalab kelib aytib, keyin borib qilavermaysizmi ishingizni?
Nimaga kelmagani, nima qilgani – hammasi bularga maʼlum, Turdiali aytmay qoʻymagan, endi Aʼlam nima ham desin?
– Surayyo, mening ishim zaril. Asosiy gapni aytaylik, – dedi Sojida. – Xoʻsh, ukam, hammayoq tekshir-tekshir, mehnat intizomini nazorat qilib chiqdik. Faqat siz yoʻq ekansiz. Bitta tushuntirish xati yozasiz. Nimaga yarim kun ishga kelmadingiz, sababi uzrlimi, uzrsizmi – koʻrsating.
– Koʻmir tashish uzrga kiradimi, uzrsizgami? – deb soʻradi Aʼlam.
– Men sizning hazilkashingiz emasman, – dedi Sojida. – E-e, nima boʻlgan boʻlsa, shuni yozing. Oʻzingizni goʻllikka solmang. Oʻn besh daqiqa uzrsiz kechikkan odamni boʻshatishga haqqimiz bor. Tushundingizmi?
Aʼlam angraydi, uning jim turishini Sojida oʻzicha tushunib, gapini unga yozdiradigan arizaga toʻgʻriladi, Surayyoning qora koʻzlari mungli chaqnadi, u bir Sojidaga, bir Aʼlamga qarab, bir narsa demoqchi boʻldi, ammo Sojida gal bermadi.
– Ijarada yashayman, oʻz uyim yoʻq, gaz yoʻq, oʻtin yoʻq, tez-tez kasal boʻlaman, shuning uchun koʻmir tushirgan edim, shuni tashiyman deb kechikib qoldim. Bu yerda qarovchim yoʻq, moddiy ahvolim juda ogʻir, deb sal oʻzingizdan ham qoʻshing-da. Sizlar shoir-ku, oʻqigan odamning sal rahmi keladigan boʻlsin… Oilaviy ahvolimni, sharoitim qiyinligini inobatga olib, gunohimdan oʻtishingizni soʻrayman va oʻzim ham oʻz navbatida bu xatoni takrorlamaslikka soʻz beraman, deb oʻz qoʻlingizni qoʻying.
– Rostdanmi? – dedi Aʼlam ajablanib. – Koʻmir tashidim deb yozamanmi?
– Ha, – dedi Sojida. – Koʻmir tashigandan keyin koʻmir tashidim deb yozadi-da.
Surayyo Aʼlamga bir qarab oldi, uning nigohini tuta olmagach, Sojidaga oʻgirildi.
Aʼlam jilmaygan edi, peshonasi tirishib ketdi.
– Mahallani bulgʻab yotmasin, oʻzim joylab qoʻyaman deb… Endi shuni yozib yurmay. Boshqa yoʻli yoʻqmi?
– Voy, qiziq ekansiz-ku, Kamolov? Koʻmirni sizga men tashittirdimmi yo mening uyimga tashidingizmi? – Sojida burnini koʻtarib gapirsa, xuddi orqaga agʻnab ketayotgandek koʻrinar edi.
Surayyo ularni murosaga chorladi:
– Kasal edim deb yoza qolsin.
– Gapini qarang, koʻmir tashiysizmi, tezakmi, vaqtida keling-da ishga, keyin gapiring.
Surayyo Aʼlamning qoʻliga turtdi.
– Aʼlamjon! Siz kelguncha Sojida opa ikkalamiz bittadan Aʼlam tugʻib oʻtiribmiz. Nima boʻldi oʻzi, deb bunday soʻrang!
– Yo tavba! Turdiali aytib kelgani borsa, koʻmir tashiyotgan ekan-siz-ku! Yana nimaga tonasiz?
– Men… tonyapti deganingiz nimasi? Koʻmir tashish boshqa, koʻmir tashigani uchun rahm shafqat tilash boshqa.
– Voy! – Sojidaning boshi yana orqaga ketib, koʻzi shiftga qadaldi, oʻsha yoqdan yana Aʼlamga qaytdi. – Men notoʻgʻri gapirdimmi? Qaytangga sizga yaxshilik qilay deb, oʻrgatib oʻtiribman-ku. Mana, Surayyo aytsin. Surayyo, bunga ayting.
Aʼlam Surayyoga maʼnisiz qaradi.
– Aʼlamjon! Gapga quloq soling, – dedi Surayyo, lekin endi nima gap aytishni bilmadi.
– Maʼqul, – dedi Aʼlam. – Ikkovlaringga bitta tushuntirish xati yetar, a?
Sojida yon berib toʻrsaydi, “Buning gapiga ishonaveraymi?”, degan maʼnoda Surayyoga qaradi, Surayyoning rangi oʻchdi.
– Aʼlamjon!
Aʼlam burilib chiqib ketdi.
– Qoʻrs! – dedi Surayyo.
Uning bu gapi Aʼlamga emas, Sojidaning eshitishiga qaratilgan edi.
– Siz ogʻzidan ushlang, oʻzi yozaman, dedimi – boʻldi, – dedi Sojida jonlanib – Tavba! Qizlarni ham xudo urib ketganmi? Yoz boʻyi bir sakkiztasi shuning oldiga qatnadi-ya! Tuppa-tuzuk, andazasi kelishgan, oʻrta qoʻlday, erga tegsa bir roʻzgʻorni obod qiladigan qizlar-a, shuning nimasiga uchadilar? Odamlik siyohi yoʻq-ku.
– Anuv… yoshlarning yozganlarini chiqarishdi-ku, – dedi Surayyo. – Shuni Aʼlam chiqardi-da. Oʻsha qizlar sheʼr olib kelar edi.
Sojida bir gapni boshlasa to uni tugatmagunicha boshqa gap, ayniqsa birovning gapi qulogʻiga kirmas edi.
– Bu deng, odammisan deb qogʻozdan boshini koʻtarmaydi. Qiz bechoralar esa qatorlashib unga termilib oʻtiradi! Munday qilib bir qarasa bormi, haligi qizginalar oʻtirgan joyidan irgʻib turadi. Voy, ularning jonini olib qoʻyganini! Yomon koʻraman shunaqa mirquruqlarni! Oʻsha shoʻrliklar ham buning kimligini bilib qoldilar shekilli, qadamlarini uzib ketishdi.
– Kitob, ha, bayozlari chiqdi-ku, boʻldi, nima qiladi kelib, – dedi Surayyo.
– Ey-y, yaxshi yigit boʻlsa, qizlar keyin ham kelaveradi. Hozirgi zamonning qizlari yomon, uyi yoʻq, joyi yoʻqni oʻzining uyiga olib borib, novcha qiladimi? E-e, boʻpti, yozganini oling, yana bir bahona topmasidan. Keyin gaplashamiz. Ishim koʻp.
Xonaning ikki derazasi ham ichkari hovliga qaragani uchun boʻyoq hidi ham yopiq oynalardan yorugʻlik bilan birga sizib kiradigandek tuyular edi.
Turdiali Aʼlamni koʻrishi bilan qapchib turdi.
– Keling-da-e!
– Vas sprashival Karim Sagdullayevich. Pro kakogo-to biyaza, – dedi Irina.
– Chevo? – deb tajang boʻldi Aʼlam.
– Bayoz, bayoz, – deb gapga qoʻshildi Xosiyat. – Sizga bir nimalar yozib bergan ekan, shuni qilganmi, yoʻqmi, deb soʻradilar.
– Chego on biyaz, biyaz? – deb ajablandi Irina. – Mog biʼ skazat bayaz.
– E-e, meni ham chaqirdi, – dedi Turdiali. – Eʼtirozlarimni qilganmi yoʻqmi, solishtirib berasiz deydi. Abduzafar akam vazifa topshirganlar, deb qutuldim.
Aʼlam oʻtirgan joyida qoʻl siltab qoʻya qoldi. Keyin tortmasidan bir taxlam toza qogʻoz oldi, avtoruchkasini ochib, uchini artdi-da, qogʻoz yoniga qoʻydi. Sigaret qutichasidan bittasini oldi-da, qoʻlida ezgʻilagancha, Xosiyatga qaradi. Xosiyat u bilan muloyim koʻz urishtirdi. Irina koʻzini bilinar bilinmas pirpiratib qoʻydi, “Ladno, kurite” degandek.
Turdiali Aʼlamning shu yerda chekish yo chekmasligi juda jiddiy masaladek, diqqat bilan tikilib turaverdi.
Uchinchi qavatning derazasidan koʻrinayotgan osmon maʼnisiz keng edi.
– Doʻstim, kirib chiqdingizmi?
– Yoʻq. Kirib, nima deyman? Koʻmir tushirganimni aytgansiz.
– Endi, doʻstim, boshqa nima deyishim kerak edi? Oʻzingiz toʻgʻrisini aytavering, dedingiz-ku.
– Yoʻq, toʻgʻri, faqat menga aytishga gap qolmabdi-da.
Shu vaqti eshikni gʻirt ochib, Umarov boʻgʻriqib kirdi.
– Ah-ha, bu qatorlar qayoqdan? Qovogʻi coliq bu bulut, maysaga doʻq urar bu bulut! Nega bulutning qovogʻi soliq?
Aʼlam oʻtirgan joyida Umarovga burilib qaradi.
– Nima? Qovogʻini koʻtarib qoʻyishim kerak edimi?
Umarov boʻgʻilib ketdi.
– Men koʻrgan qoʻlyozmada yoʻq edi-ku, axir! Kim ruxsat berdi? Bulut ham maysaga doʻq uradimi? Nega bu sheʼrni tiqqansiz?
Aʼlam Umarovga qarab indamay oʻtiraverdi. Umarovning figʻoni koʻtarildi:
– Siz qanaqa… bu nima hurmatsizlik?! Vazifasi katta odam oldingizga kelganda turing oʻrningizdan!
– Turmasam, qulogʻim eshitmaydimi?
Umarovning tili tutilib qoldi, qoʻllarini ikki yoniga kerib, boshqalarga baqraydi. Tudiali stolidagi qoʻlyozmaga boshi bilan yotib oldi hisob, Irina bir Umarovga, bir Aʼlamga choʻchinqirab koʻz tashladi, Xosiyat tortmasidan nimadir izlashga tushdi.
– Men buni shunday qoʻyib qoʻymayman, – dedi nihoyat Umarov yelkasi bilan nafas olib.
– Qoʻymang, ob-havo byurosiga arz qiling, – dedi Aʼlam befarq ovozda. – Yogʻdirib yuboring shu bulutni.
Umarov yana guvlab ketdi:
– Nima?
– Hey, hey, doʻstim! – dedi Turdiali.
Shu vaqti eshik yana ochildi-da, Vazira boshini suqdi:
– Aʼlam aka! Tez! Chaqiryaptilar. Nimaga imillaysiz? Choping!
Bir boshlandimi, tamom, ulanib ketaveradi. Endi bularning Abduzafar akasi burov soladi. “Mehnat jabhasida javlon urdingizmi? Hasharga chaqirmabsiz-da, a? Lekin Staxanov bir smenada oʻttiz toʻrtta norma bajargan, siz ikki tonna koʻmirni yarim kun tashibsiz”, deydi. Avval yana nima balolar deb ezmalanadi, kinoyani bopladim deb oʻylaydi-da, keyin muloyimgina hamla qiladi. Hamlani haqiqatan boplaydi, paryostiqdek bosib boʻgʻadi.
Lekin bu safar Abduzafar akaning oʻzi boʻgʻilib oʻtirgan ekan. Shalvirab, gastugi boʻshatilgan, yuzlari solinib, ikki yonogʻi jonoqi olmadek oqi oqqa, qizili qizilga ajralib turgan edi. Aʼlam salom berdi, salomini oʻzi eshitdi, Abduzafar aka jim alik oldi-da, koʻzoynagini yechib, mijjalarini siqdi. Keyini oldidagi telefonga iyak qoqdi-da, boʻshashgan tovushda:
– Gulimoh Yulduzovna… – dedi.
Aʼlamning yuragi tushib ketdi. Boyadan beri, Sojidani siltab tashlab, Umarovga sanchib olganida ham, hozir bu yerga Abduzafar akani yanib kirayotganida ham Gulimoh opasiga orqa qilganini, anchadan beri unga suyanib kelayotganini va hozir endi birdan yolgʻizlanib qolganini angladi. Nogahonda-ya?! Telefondan xabar qilibdilar-da. Shoʻrlik, “Oldinda hali hayot bor”, deb yurar edi-ya!
Abduzafar akaning bir oz hurmat aralash choʻchinqirab qarab turgani ham hamdardlik bildirayotgandek tuyuldi.
Abduzafar esa Aʼlamning rangidan qon qochganiga oʻzicha taskin berdi:
– Koʻngilni koʻtaring. Balki topshiriqlari bordir.
– A? Topshiriqlari? – Aʼlam boshqa gapirolmadi.
Gulimoh opa! Uning koʻkragida allambalo shodiyonalar boʻlib ketdi. He, asablarning ham padariga laʼnat!
Abduzafar aka koʻzoynagini qayta taqib, telefonni Aʼlamga tomon surdi:
– Shu yerda gaplashavering. Xonalaringda har kim bor.
Aʼlam raqam terish barobarida oʻzini ancha bosib oldi.
Opaning ovozi derazadan koʻrinib turgan osmon qaʼrida kumushdek ohista sado berib keldi.
– Qandaysiz? Yozyapsizmi yo olishib yuribsizmi?
– Rahmat, opa! Rahmat!
Aʼlam hozirgi quvonchi uchun rahmat aytayotgan, uning quvonganidan Abduzafar akaning ham yuzi yorishib ketgan edi.
– Ishlar qanday? Nima yordam kerak?
– Rahmat! – dedi yana Aʼlam. – Hech narsa kerak emas.
Abduzafar aka Aʼlamning har bir gapiga bosh irgʻab turardi: juda yaxshi, rahbariyat bilan ha-a ana shunday gaplashish kerak!
– Yozda juda yaxshi ishlab berdingiz, qanday taqdirlasam deb yurgan edim. Oʻylab-oʻylab, bitta sovgʻa topdim.
– Sovgʻa?
– Ha, – dedi Gulimoh Yulduzovna qiz boladay erkalanib. – Bu yigit uchun eng yaxshi sovgʻa – obuna, dedim. Qanday? Toʻgʻri topibmanmi?
– Albatta! – dedi Aʼlam ham ochilib. – Bunaqa sovgʻani bermasangiz, tortib ham olaman. Kimning tomligi?
Abduzafar qoʻlini silkib, boshini chayqab qoldi. Aʼlam eʼtibor qilmadi.
– Tomlik emas, “Literaturnaya gazeta”.
– E-e, bu doim kiosklarda bor, – deb tushuntirib ketdi Aʼlam. – Tanish kioskachi menga olib ham qoʻyadi.
– Voy, shunaqami?
– Ha, hozir juda bemalol.
– Men buni defitsit deb yurar ekanman. Sizga bir syurpriz boʻlsin degan edim-da.
Aʼlam Gulimoh Yulduzovnaning birdan koʻngli choʻkkanini sezdi, lekin endi tuzatishning iloji yoʻq, haqiqatan ham “Literaturnaya gazeta” kiosklarning oynasida kun boʻyi osigʻliq turadi, bitta-ikkita maqolasi uchun falon pulga obuna boʻlish hayf edi.
– Gulimoh opa, qani edi menga “Inostrannaya literatura” boʻlsa.
– “Inostrannaya literatura?” – Opaning ovozi uzoqqa ketib qoldi.
– Menga orzu-da bu. Dahshat boʻlardi lekin!
Abduzafar aka yana qoʻl silkib, oʻrnidan turib ketdi. Aʼlamga qarab boshini chayqadi, unsiz allanimalar dedi.
– Bu jurnal bizda ham qiyin masala, – dedi Gulimoh opa oʻychan ohangda. – Men boʻlimga zoʻrgʻa undirganman. Yana bitta topishim juda ogʻir boʻlsa kerak.
– Markazkomda-ya? Unda, opa, qoʻyavering, – dedi Aʼlam.
Abduzafar aka koʻkragiga urib, oʻziga ishora qildi, Aʼlam unga bir qarab qoʻydi-da, tushunmaganga oldi.
– Yoʻq, umidni uzmaylik, – dedi Gulimoh opa. – Harakat qilaman. Boʻlib qolar.
– Siz harakat qilsangiz – boʻladi, opa! – dedi Aʼlam ishonch bilan.
– Menga-chi, biron soatlardan keyin telefon qiling. Topsam, kelib pulini toʻlab ketasiz.
– I-ya, Markazkom bir yosh ijodkor uchun yigirma toʻrt soʻm sadaqa qilolmaydimi?
– Ijod qilmang, – dedi Gulimoh opa. – Nima, shuncha ham pulingiz yoʻqmi?
– Topaman, opa. Hazillashdim.
Aʼlam xonaga kirar-kirmas choʻntagini namoyishga kavladi.
– Turdiali, xoʻsh, boʻlsa, joʻra, oʻn beshni biz tomonga safarbar qilsangiz. Oʻzimizda oʻn bor ekan.
– Topamiz. – dedi Turdiali yengil tortib – Koʻmirning qorasini yuvar ekanmiz-da. Xayriyat, yumshabdilar-da?
– Ey… obuna ekan. “Inostrannaya literatura” undirdim.
Turdiali ishonmadi:
– Abduzafar akam-a? Shunga shunchamidi?
– Gulimoh opa izlattirgan ekan. “Literaturnaya gazeta”ga obuna qildiray deb. Men kerak emas, kiosklarda ochiq sotiladi, menga “Inostrannaya literatura” topib bering dedim.
Aʼlamning gapi barobarida Turdiali hayratlanib oʻrnidan turib ketdi.
– Vo-o! Gulimoh Yulduzovna opamning oʻzlarimi? Sekin aytasizmi, doʻstim! Nima dedilar?
– Nimani? – deb tushunmadi Aʼlam.
– Anavi… “Drujba narodov” edimi…
– “Drujba”ni boshimga uramanmi? “Inostranka”! Borib pulini toʻlash kerak.
– Voh! Lekin doʻstim, bekor qilibsiz. Bekor! “Muxbir”ga demaydilarmi, qulluq qilib olaverish kerak edi. Eslaganlarining oʻzi har qanday mukofotdan yuqori-ku. Bu yoqdagilar jinni-ey! Nimalar qilamiz deb yotishibdi-ya! Tovuqmiyalar! Siz oʻtirib turing. Pulni oʻylamang, topamiz. Men jarayonni toʻxtatib kelay. Bu yogʻi endi zoʻr boʻladi.
– Qanaqa jarayon? – dedi Aʼlam.
Turdiali qatʼiyatli tus bilan eshikka yoʻl oldi. Irina unga hayron boʻlib qaradi, Xosiyat oy-kuni yaqinlashib qolgan kelinlarga xos maʼyus, rahmli jilmayib qoʻydi.
Bir xil vaqtlari yuqorining ham ishlarini tushunmay qolasan. Masʼul joylarga shunaqalar koʻtarilib ketgan! E tavba! Jurnalga obuna-ya! Fahmingdan oʻrgildim. Yurgan bir darbadarga. Och qoringa sassiq sarimsoq! Talant emish. Bu ham dudama tigʻdek bir narsa-da, qancha oʻtkir boʻlsa, shuncha oʻzingni kesadi, solinib turadigan qini boʻlmagandan keyin. A shuni, mana, bari bir telefon qilar ekansan, “Abduzafar Abdusafarovich, sizda bir bola ishlaydi, Kamolov Aʼlam degan, shuni nazoratga olib qoʻying. Hozir bilasiz-ku partiyamizning yosh kadrlarga eʼtiborini”, de, boʻldi! Aqlli odam, oʻzi tushunib oladi. Uyga navbatga tirkamaymanmi, partiyaga nomzodlikka ilintirmaymanmi, bulbulning qanotidek boʻlsa ham toʻplamchasini rejaga kiritmaymanmi? Ana oʻsdirish, mana eʼtibor! Obunang chikora! Jurnalingdan boshpanasiz yigit oʻziga kapa qurib olsa ekan. Shunga u yoqdan azza-bazza telefon, bu yoqda bunisining irgʻishlashini! Pastdagilarni ahmoq deb oʻylaydi-ey bular!
Endi oʻylaysan-da odam, shu, xudoning turavergani ham yaxshi edimi deb. Yoʻq, mayli, oʻrtadagi popu mullalarni yoʻqotishimiz toʻgʻridir, lekin xudoning oʻzining uncha zarari yoʻq edi shekilli. Bizlarniki, rasmsizining. Sen koʻrmaysan, lekin u seni koʻrib turadi, undan hech bir narsani yashira olmaysan, koʻp organlarning ishi kerak ham boʻlmas edi-da lekin. Rosa oylik pullar tejalar edi-da. Bu rafiqa oʻrtoqlar ham tepaga chiqib ketmas, har qalay, joyini bilib, uyida bolasini boqib oʻtirar edimi? Endi, buni qarang, koʻkragim choʻziladi, koʻrinishim buziladi deb, tuqqanini oʻzi emizmasa, “malyutka”mi, “malish”mi degan narsa bilan boqsa! Oʻzing nimani emib katta boʻlding, deydigan odam yoʻq. Indamasang, erkaklarning oʻzi ham tugʻsin, deydi bular! Katta-katta mansablarga chiqib olganlar, TNO “Volga”larni minib yuradilar, hukumat telefonlaridan qanaqa ichkiyim kiyishni maslahat qiladilar. Davlat ishlari turib, bir yosh bolaga jurnal topib berish uchun yugurib yuradilarmi-ey! Bu yoqda esa Abduzafardek yukkashlar yigirma yildan beri bir nashriyotda qolib ketgan. Mayli, gullatib oʻtiribdi, yetkazgan kuniga shukr, lekin koʻtarilish ham kerakmi? Ogʻu ichganni ichi biladi, deydilar, shuncha vaqt bir joyda oʻtirishning oʻzi boʻladimi? Dardingni kimga aytishni bilmaysan. Xudoyim boʻlganda, tepadan koʻrib turib, hammasini joy-joyiga qoʻyib qoʻygan boʻlar edimi…
Abduzafar aka ana shunday astoydil oʻylagani sayin xudoning kerak ekanini tuyar, uni qaytarishsa, avvalo oʻzi yordam olishiga ishonar, shuning uchun koʻngli muhtoj paytlari qulayini topishi bilan orqadagi xosxonasiga oʻtib, diniy kalima yo oyatlarni bilmasa-da, ogʻziga kelgan gaplar bilan tavba qilar, takror-takror “astahfirulloh” deb gunohlarini yengillatib oʻtirar edi. Rostdan ham, agar tepadan tanlash ixtiyoriy, kim xohlasa, ishonsin, xohlamagan – oʻzi biladi, degan koʻrsatma tushganda edi, Abduzafar aka birinchilar qatori xudoga ishonib, oʻzini uning ixtiyoriga topshirgan boʻlur edi.
Mana, hech gap yoʻq ekan, bitta xotinning oʻysiz telefonidan shuncha bezovtalik. Rahbar notinch boʻlgandan keyin, jamoaning ham paytavasiga qurt tushadi. Shoxiga ursang, tuyogʻi zirqiraydi, degani shu-da. Ha, mayli, oʻziga shukr, bu boshga nimalar tushmagan, hali nimalarni koʻrmaydi ham, noshukr boʻlish kerak emas.
Abduzafar aka xosxonasiga oʻtishga chogʻlanib, shkafning eshigiga qoʻl uzatgan payti qabulxona tomondagi eshik shaxt bilan ochilib, gavdasi chorpahil Umarov yengil parvoz qilib kirdi.
– Abduzafar aka! Sizdan ishni, yoʻq, yashashni oʻrganishimiz kerak-da.
Abduzafar aka qoʻlini tutqichdan olmay:
– Nima yashay olmay qoldingizmi? – deb xushlamaganini bildirdi.
Ammo Umarov xayolchan, bechorasinibroq turgan ekan, Abduzafar akaning kayfiyatini payqamadi.
– E-e, bizlarniki yashash emas, quyun ichida uchib yurish. Ha. Misoli bir xasmiz, ixtiyorimiz yoʻq, oʻzimizga bersa ham nima qilishni bilmaymiz.
Yoʻq, farosatni ham bilmaydi bular! Chiq, demasa, oʻtiraveradi, oʻzicha bilib chiqib ketmaydi.
– Nimani bersa, nima qilasiz?
– Ixtiyorni-da. Oʻzi xasga ixtiyor nimaga kerak?
He toʻnka! Shulardan anavi Aʼlam ming marta yaxshi. Oʻzini uzoq tutadi. Takallufdan uzoq boʻlsa ham, oʻrnini biladi.
– Karim, sizga bir gap boʻldimi? Gaplaringiz chiston. Xas? Shu gavda bilan, a?
– Xay, gavda desa, yoʻgʻonroq, lekin bari bir xas-da. Vaznimiz yoʻq, u yoqqa aylantirib uchirsa – u yoqqa, bu yoqqa uchirsa – bu yoqqa ketib boryapmiz! Siz, mana, yerda mahkam turasiz, nima ish boʻlsa, avval orqa-oldini oʻylab keyin qoʻl urasiz. Bizlar ishni gʻarra-sharra qilamiz deb, chatogʻini chiqarib qoʻyamiz-da, keyin toʻgʻrilashga esimiz ketadi. Siz boʻlsangiz shoshmaysiz, chuqur qaraysiz, masalaning tubini koʻrib turasiz…
– Obbo, otangiz temirchimi, buncha uzib-ulaysiz?
– A? – Umarov bir dovdiradi-yu, ammo gapini bermadi. – Ha, mana, bugungi, Kamolov masalasini olaylik. Gap faqat bitta tushuntirish xatiga taqalib qolgan, bu ham boʻlay-boʻlay deb turgan edi.
Abduzafar aka uncha ilgʻamadi.
– Tushuntirish xati? Nimaga kerak ekan?
– Oʻz qoʻli bilan yozsa oʻtadi-da. Keyin xohlagan joyiga borib dod solaversin. Sud ham bizning foydamizga hal qiladi.
Abduzafar aka sergaklandi.
– Hm… Bir kamimiz shu edi. Nima qilyapsizlar oʻzi?
Umarov chuqur nafas olib, keyin tushuntirish berdi.
– Qilayotgan edik, ha, qilayotgan edik. Toʻxtatib qoldim! Shuni aytyapman-da, Abduzafar Abdusafarovich, sizdan oʻrganishimiz kerak deb! Surayyo bilan Sojidani chaqirib, operativ majlis oʻtkazgan, topshirigʻingizni mixlagan edim. Bolaning oʻzi ham yozishga koʻngan ekan. Turdiali, baraka topsin, ayni vaqti kirib, oʻrtoq Islombekova opa aytganlarini aytib qoldi. Oʻzim ham oʻylab yurar edim, bu bola buncha bepisand burqsitaveradi deb. Oldingizda ham bemalol, siz ham indamaysiz. Yuqoriga tegish joyi bor ekan-da. Ha, mayli endi, omadini bersin, yoshlar oʻsishi kerak, bizlar qarshi emas. Oʻzimizdan chiqqani yaxshi-da.
– Nima, Islombekova Turdialining oʻziga bir narsa deptimi? – deb oʻsmoqchiladi Abduzafar aka. – Nima degan ekan?
Umarov yelkasini ichiga tortdi.
– Yoʻgʻ-e, unga demagan… sizga shekilli. Turdialidan anigʻini soʻramabman.
– Anigʻini bilmasangiz, nimani toʻxtatdingiz?
– Shu… anigʻi… oʻrtoq Islombekova opaning gaplari aniq deb oʻyladim…
– Xoʻp, nima ekan oʻsha aniq?
– Shu… haligi… opaning nazari tushganini… mukofotga jurnal deptilar-ku. Shunga Turdiali…
– Abzuzafar akamning topshirigʻi bekor dedimi?
Umarov moʻltirab qaradi.
– Yoʻq, unaqa demadi, oʻrtoq Islombekova opaning aytganlarini aytdi.
– Menga qarang, ogʻayni, sizga kim oʻzi direktor? Turdialimi?
Umarov qoʻrqib ketdi:
– Yoʻgʻ-e, Abduzafar Abzusafarovich, nima deyapsiz, siz direktor. Siz!
– Unda nimaga aytganimni qilmadingiz? A?
– Men… men… oʻrtoq Islombekova opa qoʻllab turgan kadrni jazolasak, xijolatchilik boʻladimi deb…
– A, qani haligi sanoqlar, axir? Koʻzyosh, sovuq qishlar deb turgan edingiz-ku?
– Endi… Markazkomning fikriga qarshi borib qolmaylik deb…
Abduzafar akaning chakkasi tirishdi.
– Qachongi fikrga, Karim? Men tushgacha stolim ustida boʻlsin, degan edim. Opangiz esa, soatga bir qarang, yettita kam uch, yigirma daqiqa oldin telefon qildi. Yo ertalab kelishda Chorsuda loʻlilarga fol ochdirgan edingizmi, a?
Umarov devordagi soatga itoat bilan qarab qoʻydi-yu, pastga tikilib soʻlish oldi.
– Keyin, namuncha opa-opa? Sizdan bir oʻn yoshlar kichkina shekilli?
– Ha, endi… yoʻl koʻrsatib turadilar, vazifalari katta. Lekin yoshlikka yoshlar, toʻgʻri.
Turdialining gapidan Surayyoning chehrasi ancha yorishdi. “Jazolash ham odamga yuk-da. Umarovga aytib yaxshi qilibsiz. Darrov oʻzgargandir? Sojida opamga ham bir ogʻiz shipshib qoʻying. Aʼlam ham feʼlini kelib-kelib shunga koʻrsatadimi? Xoʻp, opajon, desa-ku, olam guliston”, dedi. “Ey-y, – deb qoʻl siltadi Turdiali. – Kim boʻlibdi Sojidalar? Gulimoh opam puf desalar, uchib ketadi, uchib!” Surayyo “Kim u opa?”, deb soʻradi, Turdiali qoʻlini tepaga bigiz qildi: “Gulimoh Yulduzovna! Vo-o!” “Sojida opam bilsinlar. Juda otashin lekin”, deb yana tayinladi Surayyo.
Sojida Turdialini juda tund qarshiladi. Turdiali shuning uchun bugun nechanchi koʻrishishlari boʻlsa-da, beixtiyor salomini yangiladi.
– Hm? Valeykum. Kelsinlar.
Oʻrtada bir zum ikkalasining ham koʻngliga botmagan unsiz dod-muomala boʻlib oʻtdi.
– Oʻzlarining boʻyinlari egilmaydi, – dedi Sojida. – Oʻrgildim! Koʻmir tashishdan or qilmaydi, tashidim deb yozishdan or qiladi! Qiziq odamlar bor-ey! Oʻzi koʻmir tashib yuribdi, yana katta ketganiga oʻlaymi.
– Shunday, shunday, Sojidaxon opa, yosh-da hali, poʻkonidan yel oʻtmagan. Siz u bilan teng boʻlib yurmang endi, oʻzim joyiga solib qoʻyaman.
– Voy koʻnglimning koʻchasi-ey. Men oʻzimga teng koʻrar ekanmanmi? Shuni-ya?
– Teng koʻrmang, sira teng koʻrmang, Sojidaxon opa. Yoʻ-oʻq, sizdek boʻlguncha koʻp qovun pishigʻi bor. Sizning tajribangiz katta, hayotni koʻrgansiz…
Turdialining daromad qilishiga oʻrganib qolgan Sojida darrov chimirilgan edi, ikki qoshining oʻrtasi boʻrtib chiqdi.
– Hm, gapga oʻting. Nima deb yubordi?
– Yoʻ-oʻq, oʻzim keldim. Meni bilasiz-ku. Suv koʻrmasam, etik yechmayman. – dedi Turdiali gapiga sirli tus berib. – Men Karim akamga ham aytdim. Unaqa boʻlsa, tamom, hammasini toʻxtatamiz, dedilar. Surayyoxonga ham tushuntirdim. Surayyoxon sizning oldingizda hech narsa emas-u, bari bir, shunda ham, aytib qoʻyay dedim-da. Bu yogʻini endi oʻzingiz silliqlab yuborsangiz.
– Nima? – deb Sojida shunday qilsa yaxshiroq tushunadigandek ikki belini ushladi. – Nimani silliqlayman?
Turdiali koʻrsatgich barmogʻi bilan shiftni nuqib, tovushini bir parda pasaytirdi.
– Sekin! Sojida opa, sekin.
– Nimaga sekin ekan? “Dom”da qissaxonlik qilyapmanmi? – dedi Sojida. – Nimadan qoʻrqaman? Ish bu, davlatning talabi, men shuni soʻrayapman.
Turdiali Sojidaning gapidan goʻyo qoʻrqib ketgandek boʻldi.
– Shunday, shunday, Sojida opa. Lekin shu davlatning yuqorisidan telefon boʻlib qoldi-da.
– Menga hech kim hech narsa degani yoʻq, – dedi Sojida qatʼiy qilib.
– Sizga emas, – deb Turdiali oʻtirgan joyidan direktor qabulxonasi tomonga ishora qildi, – bu yoqqa! Aʼlamni jazolash emas, mukofotlash haqida gaplar boʻlyapti.
– Menda ham telefon bor, oʻzimga aytishsin, keyin gaplashamiz, – dedi Sojida. – Hozir boshimni qotirmang. Kim kimni mukofotlasa – ixtiyori, men ham oʻz ishimni qilyapman. Tushunarlimi?
Turdiali qartani ochishga majbur boʻldi.
– Sojidaxon opa, aytmasa qoʻymayapsiz… Gulimoh Yulduzovna! Opamning oʻzlari telefon qildilar!
– Gulimoy Qunduzovna? Kim u?
Turdialining rangi oʻzgardi.
– Siz nima? Toʻgʻrilab ayting! Nima, bilmaysizmi?
– Voy, – deb hayron boʻldi Sojida. – Nimaga vahima qilasiz? Bilmaganni bilmaydi-da. Kim? Gulixon Qunduzov… kim, kim?
– Gulimoh Yulduzovna! – deb shivirladi Turdiali alami kelib.
– Bilmayman, – shunday deb turib, Sojidaning birdan achchigʻi keldi. – Bilishni ham istamayman! Nima, bostirib oʻtib ketaveradimi? Bu yerdagilar odam emasmi? Mening qoʻrqadigan joyim yoʻq. Yarim kun progulmi – tamom! Davlatning ishini talab qilyapman, davlatning qonunlarini esa oʻzim chiqarmaganman. Oʻsha Gulimoymi, Gulixonmi, u ham shu qonunlar bilan ishlaydi, ha. Men sizga soyasidan qoʻrqadigan Karim akangiz yo koʻzini suzib oʻtiradigan Surayyo emasman.
– Iy-e?
– Ha? Nima desam laqqa tushadi, deb oʻylagan edingizmi? Bu sizga “Xoʻroz qu-quladi, tovuq qoqogʻladi” deb, shuni ham ikkiga boʻlib yozib, qatoriga boʻlak-boʻlak pul olish emas.
Turdiali angrayib qoldi.
– Kim pul olibdi? E-e, qanaqa xoʻroz?
– Shunaqa-da, – dedi Sojida toʻrsayib. – Xoʻroz boʻlmasa, boshqasi. Bultur ikki ming uch yuzu yetmish ikki soʻmni qurtday sanab oldingiz-ku?
– Ha, oldim, – dedi Turdiali. – Kitobimga.
– Kitobimga? – deb zaharxanda qildi Sojida. – Shapaloqday ham kelmaydi-yu, kitob emish. Toʻrt qatori – bir bet. Odamlarni aldab pulini olish. Bu yoqdagilar esa sakson soʻm uchun bir oy ikki bukilib, koʻzining nurini ketkizadi. Bular “Tong otdi, kun chiqdi”, deydi, har qatori pul tugʻib turibdi. Yana osmondan keladilar, opachalarini oʻrtaga soladilar! – Sojida boshini orqaga tashladi. – E-e, chiqib, oʻsha gʻoʻdayganga ayting, yuqoriga chopavermay, pastga tushib, egilishni ham oʻrgansin. Bu yerdagilar oyoqning tagida yotgani yoʻq. Davlatning qonuni oldida hamma bir.
Turdiali Sojidaning tirsillagan ikki beti oʻrtasidan buqib kelayotgan qoʻshogʻiz miltiqdek burni, uning ustidan oʻqdek qadalgan koʻzlariga koʻzi tushib, galdiraklab qoldi.
Umarov ziyrakligini koʻrsataman deb kirgan edi, lekin yoʻq yerdan oʻzini oʻzi tutib berganini anglab, endi nima qilishga hayron turib qoldi. Abduzafar aka qoʻlini orqaga qilib, kabinet oʻrtasiga chiqdi-da, Umarovga bosim bilan qaradi. Umarov itoatning quyma haykali boʻlib qotdi.
– Xoʻp, deylik, yarim kun ishga kelmadi. Ijarasiga koʻmir kelib qolibdi, shaxsiy ish, uzrsiz sabab, lekin sharoitini tushunib, kechirish mumkin. Ana, Islombekovaning aytganini ham oldik. Oʻzi aloqasi yoʻq, lekin, xoʻp, mayli endi. Lekin bayozni nima qilamiz? Jonivorning tiraji qancha, oltmish ming edimi? Haligi hisobingizdagi siyosiy xatolarni choʻtga qoqsak, respublika boʻyicha qancha tarqalgan chiqadi? Oqqan koʻzyosh, sovuq qishlar, goʻr ustida mitingmi, nima edi? Xoʻsh, nima qilamiz? Yo Islombekova buni ham aytdimi? Oʻzingizga sim qoqqandir? Yopigʻlik qozon yopigʻligicha turaversin, dedimi? A?.. Yoʻ-oʻq, oʻrtoq opangiz bundan bexabar, bilsa bormi, osadi! Oyogʻimizdan!
Umarov avval telefonga, keyin Abduzafar akaga moʻltiradi-da, boshini yana quyi soldi.
– Ana oʻshanda koʻrasiz tushuntirish xatini! Oʻligingizni Surayyo yo Sojidaga orta olmaysiz, siyosiy xatolarni koʻra-bila turib qanday oʻtkazganingizni tushuntiri-ib yozasiz! Ha, oʻzginangiz yozasiz. Betimga kulib qaraydi, aytganimni qilmaydi emish. Ey, nimaga bu gavdani koʻtarib yuribsiz, bitta bolaga gapingiz oʻtmasa? Xasman, deysiz. A rahbar-ku siz ham! Eshagingizni men loydan chiqarib beraymi? Men qaysi bir ishga boʻlay? Nashriyotni yurgizaymi yo bir yosh boladan alamingizni olib beraymi?
Endi bu yogʻiga chidab berish kerak. Abduzafar aka “men”ga oʻtdimi, ezib yuboradi. Kabinet oʻrtasida u yoqdan bu yoqqa yurib, nutq irod qiladi. Shu bilan ochiladi, maddasi yoriladi, ichidagini toʻkadi, bir tomoni yaxshi, bu ham ochilgisi, yorilgisi kelganidan, har kimga ham bunday qilavermaydi, axir, bu ham Umarovni oʻziga yaqin olganidan.
– Gapiring. Mening gapim sizga gap boʻlmay qoldi shekilli. Buysungingiz kelmayotganga oʻxshaydi. Boʻshlik qilyapman-da, a? Men bilaman sizlarni, pensiyamga kun sanab yurasizlar. – Abduzafar akaning oʻziga oʻzining rahmi kelib, ichdan ezilib ketdi. – Boshimga chiqib olmoqchi boʻlasizlar. Qanaqadir tankami, pushkami degan narsalarni tumshugʻimga tiqib, sinab koʻrasizlar, oq qorning ustida qora qargʻa deb. Men hammasini bilaman, ha, bilaman, lekin indamayman, chidayman. Chunki bitta oʻzimman. – Abduzafar akaning koʻkragini siqib turgan nimadir qoʻyib yuborib, ovozi balandlashdi. – Ha, shunday! Talant koʻp, hozir har daraxtni tepsang, toʻpillab talant toʻkiladi. Lekin direktor tushmaydi. Chunki talant yuzta, direktor bitta. Direktorlikka talant emas, – Abduzafar aka qoʻlini uchlik musht qilib, oʻz boshiga ishora qildi, – kalla kerak mana bunday! Bu sizga Shohidga oʻxshab, Peredelkinoda oldiga bir yashchik aroqni qoʻ-yib olib, oʻzi bormagan tayga toʻgʻrisida “Tayshet, Urengoy, BAM, BAM” deb doston yozish emas, har kungi ogʻir ish, qora mehnat bu!
Umarovning vujudi quloqqa aylandi, bu taʼna – dashnomlar faqat uning oʻziga emas, balki kabinetga kirishga haddi sigʻmay, tashqarida intizor qarab turgan mustar hamkasabalarga aytilayotgan, Umarov esa ular ishonib kiritgan vakolatli odam, bironta ham soʻzni tushirib qoldirmay, oqizmay-tomizmay egalariga yetkazishi kerak edi. Aybni ham Umarov qilgani yoʻq, butun gunoh jamoada, Umarov esa hamma uchun mardlarcha boʻynini egib oʻtirar edi.
– A oʻpkani bosinglar. Hali partiya pensiyaga javob beradimi, yoʻqmi? Abduzafar akangizdek direktor koʻchada yotmasa kerak. Keyin, keladigan odam sizlar bilan ishlar ekanmikan, shuni oʻylab koʻrasizlarmi hech? Yangi direktorning komandasi ham yangi boʻlmaydimi?
Umarovning yuragi orqaga tortib, vahima ichida qoʻllarini toʻlgʻashidan Abduzafar akaning oʻzi taʼsirlandi. Pensiyaga uzatilib, oʻrniga boshqa odam tayin boʻlishi xayoliga kelib, ichi shuvillab ketdi. Yigirma bir yillik umri shu yerda oʻtdi, axir. Ikki yil direktor oʻrinbosari, oʻn toʻqqiz yil direktor. Bu yerdagi hamma narsa oʻziniki. Anavi poʻlat seyf, ustiga koʻk movut sirilgan stol Mirrahmat akadan qolgan, lekin bular ham oʻziniki boʻlib ketgan. Faqat narsalar emas, odamlar ham. Eskilardan kim bor? Toʻra Qurdosh, Meliboy, Marhamat, qorovul Sulton, Bolqonoy Begimqulova, xoʻp, yigirmatacha chiqar, oshiqroqdir, qolganlarining hammasini Abduzafar akaning oʻzi ishga olgan, oldindan ishlab kelganlarini ham shunday qoldirmagan, yo amalini, yo toifasini oshirgan.
– Albatta, partiya nomunosib odamni qoʻymaydi. Oʻrtoqlar kimni qoʻyishda oʻzimdan maslahat oladilar. Lekin yana bitta Abduzafar topilarmikan? Keladigan odamning oʻrniga bir oʻzingizni qoʻyib koʻring. Bosh muharrir oʻrinbosari kirsa, hoʻkiznikiday gavdasi bilan. Koʻz yosh qilsa, bir yosh bola gapimga kirmadi, toshingni ter, dedi, endi oʻzingiz kalla-pocha qilib bering, desa? Tur-e, yoʻqol, a, sen oʻzi kimsan, mahallada samovarchimisan yo bosh muharrir oʻrinbosarimi, demaysizmi? Toʻgʻrimi? Ana, shunaqa, payti, Karimjon, Abduzafar akangizning qadri oʻtadi, lekin kech boʻladi. Hozir esa bilmaysizlar. Hozir Abduzafar akangiz kim? Sizlarga bir xizmatkordek gap. Sizlar uchun ertayu kech oʻpkasi ogʻziga tiqilib yuguradi, telefon oldida jonini hovuchlab oʻtiradi.
Turdiali Sojidaning oldidan chiqib, Umarovning eshigini tortib koʻrdi, yopiq ekan, toʻxtamay kadrlar boʻlimiga kirib keldi. Surayyo qoʻlida chinni choynak, bir nimalarni xirgoyi qilib, tokchadagi gullarga suv quyayotgan edi. Boshqa mahallari “Gullarga suv berar gul, guldan uyalar gullar” deya gapini bir xil hazildan boshlaydigan Turdiali bu gal juda kuyib ketayotganini bayon qildi.
– Sovuq choy yoʻqmi, a? Hozir ichimga gurgut chaqsa, pov etib yonib ketaman lekin! I-i, toʻkmang, bering menga.
– Tinchlikmi? Namuncha?
Turdiali choynakni olib, bir koʻzi Surayyoda, joʻmrakdan yutoqqan boʻlib koʻtardi. Surayyo uning gapini eshitishga hozirlandi.
– Ey, nashriyotimiz kimning qoʻlida oʻzi? Bitta xotin hammani oʻtirgʻizib-turgʻizsa, qanday kunga qoldik?
– Nima boʻldi oʻzi, Turdiali aka? Sojida opammi?
– E-e, opa demang shuni. Opaligi yoʻq uning. Fiybatchi! Yoʻq, men uni gapirmayman. Ogʻzimni ogʻritib nima qildim. Gapirishga arzisa ekan. Agar hayot shu Sojidalar tarafida boʻlsa, hayotdan ham noroziman. Men Abduzafar akamga ham shu gapni aytaman.
– Turdiali aka, ayting endi, nima, urishib qoldingizmi?
Turdiali choynakni Surayyoga uzatdi.
– E-e, shu xotin bilan urishamanmi? Arzimaydi deyapman-ku. Lekin oʻzimni tutolmayapman. Shu tuhmat gapga tobim yoʻq, bir malohatli, goʻzal juvon haqida boʻlsa, qonim qaynab ketadi, chidamayman, Surayyoxon
Surayyo beixtiyor Turdialiga talpinib, yalingannamo soʻradi:
– Ayting, Turdiali aka, nima dedi? Menimi? Hay, ayting!
Turdiali oʻzini orqaga tashladi.
– Yoʻq, aytmayman! Oralaringni buzib nima qilaman. Doim birga choy ichasizlar. Yaxshi gapni jon deb aytar edim. Lekin yomon gapni tashib yurish, yoʻq!
Ayyor Surayyo Turdialini gapirtirishni juda yaxshi bilar edi.
– Sojida opam men haqimda sira yomon gap aytmaydilar.
Turdiali laqqa tushdi:
– Aytmaydilar?! Shu xotin, a? Aytmaydi emish! Hammaga koʻzini suzadi, degani yaxshi gap ekan-da, a?
Bu gap Surayyoga Turdiali kutganchalik taʼsir qilmadi. Surayyo achchiq iljaydi, gʻamza bilan kulib ham quydi.
– Ajab boʻpti, u ham suzsin-chi koʻzini. Biron it qarar ekanmi?
Turdiali Surayyoning kayfiyatini ilib oldi.
– Suziladigan koʻz qolmagan, Surayyoxon.
– Birovlarning gʻiybatini qilguncha, sal oriqlasin. Qarang, toʻlishib ketganini.
– Kechirasiz-u, Surayyoxon, keng koʻylagiga sigʻmay qolibdi. Yana kechirasiz, tilim yomon, shu, oʻzi ham choʻchqaday semiribdi lekin.
Surayyo ijirgʻanib yoqasini ushladi.
– Voy. Turdiali aka, har kuni beshta buyurtma somsa yeydi, har kuni! Yeyishiga qarab turib, koʻngillarim aynib ketadi. Beshta-ya!
– Beshta? Yana buyurtma! Voy-boʻ! – Turdiali Surayyoning oshirayotganini bilib tursa ham, juda hayratlandi. – Men, erkak odam, uchtani zoʻrgʻa yeyman. Beshta somsaga necha choynak choy ichish kerak? Odamning ichi hovuz boʻlib ketadiyu.
Surayyoning zavqi keldi.
– Bochka deng. Oʻxshaydi-ku. Dumaloq.
Surayyo sharaqlab, Turdiali, alami tarqalmagan edi, asabiy kuldi.
– Bu bochkaxon opangiz gonorarlarimizni ham hisoblab yurar ekan.
– Voy, unga nima? Yonidan beryaptimi?
– Bitta sheʼrga nechta somsa yesa boʻladi deb sanasa kerak-da. Yoʻq, men buni shunday qoʻyib qoʻymayman.
– Qoʻymang. Turdiali aka, nima haqqi bor?
Bu qurilmalar oʻramini, turli yillari uch, toʻrt, besh qavatli qilib, bir-biriga matab qurib tashlanavergan, yana oʻrtalaridagi betartib imoratlari havozaga oʻxshagan koʻpriklar bilan tutashtirilgan, achchiq ichakdek oʻralib-buralib katta bir hududni qoplab yotgan bu binolar toʻdasini, yana nima deb atashga ham odam hayron. Matbuot qoʻmitasi, bir oʻntacha nashriyot, koʻp nashrlar, qanchadir bosmaxona, shularga tegishli katta-kichik muassasalar, qanaqadir “lit-pit”u “jek-mek” degan mahkamalardan otini hech kim eshitmagan idoralargacha shu yerda bor edi. Tashqaridan kelganlar bu yerdagilarning ish joylariga adashmay kirib chiqishlariga qoyil qolar, Aʼlamga oʻxshagan parishonxayollar osti yo ustidagi qavatda qaysi tashkilot joylashganini bilmas, bilishga qiziqmas ham edi. Mana, ichkari hovlining gird-aylanasida gursillab, shiyqillab, tirsaklarini oʻynatib bosma mashinalar ishlab yotadi, taxlam-taxlam kitoblar, yana qanaqadir nashrlar togʻ-togʻ uyuladi, yana bir pasda tashib ketiladi. Lekin ne vaqtlardan beri oʻrta devorga tirab ustma-ust qalangan koʻk temir bochkalar qimirlamay turadi. Turgani mayli, lekin joylayotganda avtokranning panjasi teshib yubordimi, yo bochkalarning ichida qanaqadir kimyoviy koʻpirish boʻlib, yorildimi, tagidan boʻyoq oqib chiqdi. Koʻki, qizili, sarigʻi qoramtir asfaltning ustiga yoyilib, yana u yer-bu yeri tutashib-aralashib, shunday bir ajoyib manzara beradiki, tomosha! Ayniqsa koʻki, xuddi osmonni asfaltning ustiga quyiltirib qoʻygandek jilolanib, odamning koʻzini quvnatadi. Lekin hidi! Gapirmang. Oʻshandan beri oqqan boʻyoqning ustidan chilpillatib qancha mashina oʻtdi, odam yurdi, bir-ikki marta havo yogʻdi, boshqa paytlari doim oftobning tigʻida, lekin hidi oʻsha birdek oʻtkir. Ha-ya, chalgʻib ketdik, bu yerda ega shunchalar koʻpki, mana shu boʻyoqlarni kim nimaga olib kelganiyu nimaga shuncha vaqtdan beri dunyoni sasitib yotganini hech kim bilmaydi. Oʻylab qarasangiz, juda qiziq, shuncha bochka bor, ichi toʻla boʻyoq, boʻyoq boʻlganda ham aʼlo navli, juda zoʻr boʻyoq, hazilakam pulga kelmagan, lekin egasi yoʻq. Egasi topilsa, odamlar kirib: “Jon aka, umringizdan baraka toping, ishlating buni, nafas ololmayapmiz, axir”, deb aytib koʻrar edilar. Yana ham kim biladi, kimniki ekani haqidagi bahsu munozaralar ham ayni shu egasi nomaʼlumligi uchundir, maʼlum boʻlgani zahoti qizigʻi ham qolmasa kerak. Ey, keyin, egasi topilmasligi aniq, aks holda shu vaqtgacha boʻyoq shunday turar edimi.
Agar shu atrofdagi hammani bezovta qiladigan shu hidni aytmasa, bu yerda birov bilan birovning ishi yoʻq. Uchinchi qavat ham dolondan havoda oʻzicha muallaq osilib, dunyoga faqat telefon simlari bilangina bogʻlanib turgandek tuyuladi.
Dolonning ikki tomonidagi tuynukcha oʻrniga kimlar oʻtirgani yozib qoʻyilgan qator-qator eshiklarning ichkarilarida qoʻlyozma tahririga hukm etilgan erkagu ayol aralash mahbuslar, ijod mahkumlari qamalgan. Dolon boʻylab mirgʻazab Abduzafar aka. Mahkumlar xudoning har bir yorugʻ kuni oʻz ixtiyorlari bilan kelib, ertalab toʻqqizdan, kechqurun oltigacha oldilaridagi qogʻozlarga, derazadan koʻrinayotgan osmonga, toʻyib ketgan boʻlsalar-da, yana bir-birlariga termilib oʻtiradilar. Dolonda Abduzafar aka hushtagini chalib, har bir erksizning qanday xomuza tortganiyu nima zaruratga chiqqanini nazorat qilib yuradi.
Hozir Abduzafar aka koʻrinmayotgani uchun dolonda hayot bordek. Yozuv mashinkalarining chitir-chitir, shitir-shitiri aralash bosinqi gʻovur eshitilib, dolon anchadan beri toʻxtab turgan, lekin hozir, mana, hozir bir silkinib, pishqirib harakatga keladigan allaqanday bir mahluqqa ham oʻxshar, qimirlasa, havosi ham yurishib ketadigandek tuyular edi.
“Ishdagi odamlar uchun erkin bir joy boʻlishi kerak, – deb oʻylab, Aʼlam kutilmaganda xayoliga kelgan fikrdan oʻzi ham taʼsirlandi. – Mana, mahallada koʻcha, istagan odam chiqadi, aylanadi, birov qoʻy, demaydi, chunki hammaniki-da, nima ishing bor, oʻzing ham yuraver, boshqalarga xalal bermasang boʻldi-da. Koʻchaga bir kishi xoʻjayin emas, bu aqlga ham sigʻmaydi. Bu yerda esa bir odam butun boshli dolonni oʻziniki qilib olgan, lekin birov yurak yutib gʻing demaydi. “Biz ham odam, balki bizning ham dolonda qoʻlimizni belga qoʻymasak ham, tahrirdan toliqib qotgan barmoqlarimizni qirsillatib, hushtak chalmasak ham, mingʻirlab xirgoyi qilib yurgimiz kelar”, deb ayta oladigan til yoʻq. Hamma oʻzini ichkariga olib, bir-biriga “Yuribdilarmi?” – “Yoʻq, koʻrinmayaptilar. Chiqsangiz boʻladi.” – “E-e, xudo asrasin. Chiqib qolishlari mumkin.” – “Ha, och qornim – tinch qulogʻim” – “Ey, xudoyim. Hushtagini kabinetida chalsa boʻlmaydimi, a?” – “Shuni ayting, oyogʻining chigilini ham yozsin kabinetida. Hatto koptok tepsa ham boʻladi-ku” – deb unsiz hasratlashib oʻtiradi.
Mana, hozir Abduzafar aka kabinetida, lekin dolonga chiqqan odamning koʻzi olma-kesak teradi, qulogʻi ovda, har bosgan qadami ish bilan yurganini pesh qiladi, hatto anov yoqqa borayotganini ham, ishoralab yo bir yerini ushlab, atay bildirib oʻtadi. Chunki istagan payti hushtak chalinib qolishi mumkin-da.
Bunaqada dolonda chekkan odam ham yoqmaydi-da. Xuddi boshqalarning erki hisobiga erkalik qilayotgandek. Oʻzi, umuman, dolonning havosini buzish ham yaxshi emas.
Aʼlam Turdialining kadrlar boʻlimiga kirib ketayotganini koʻrgan edi, hali chiqqanicha yoʻq. Sojida xonasining eshigini ochib bir qaradiyu yana yopib oldi. Choynagini koʻtarib Mahkamboy aka Shoakbar akaning xonasidan chiqdi, Aʼlamga “Ha, koʻmir kepti-da, yaxshi qilibsiz. Endi uch oy qish, gʻam nima, bilmaysiz. Faqat boxabar boʻling. Ishqilib, Sibirning pista koʻmiri emasmi? O-o, ana shuni yoqmang. Koʻp odamning uyi shundan yongan. Tunuka pechkalarni kuydirib qoʻyadi. Keyin anavinaqa, yongʻoqqa oʻxshagani ham bor, u ham qimmat-u, yaxshi emas. Eng yaxshisi – shu oʻzimizning Ohangaronniki. Ham arzon. Pechkaginaga toʻrtta tashlab qoʻyib, kun boʻyi maza qilib oʻtirasiz. Lekin havo yuradigan joyini yopmang. Birovlar yonib boʻldi, endi issigʻi chiqib ketmasin, deb yopib qoʻyadi. Koʻp odam shundan nobud boʻlgan. Ha, isdan ehtiyot boʻlish kerak. Is deymiz-u, oʻzi bu zaharli gaz, is gazi. Anavi joyini bekitib, uxlab qolsangiz, tamom, kalima qaytarmay ketib boryapsiz. Omon boʻling”, deb oʻzining xonasiga kirib ketdi. Bir ogʻiz gapirmasa ham, hamma tomoni oh-vohdan iborat, qoʻltigʻida bir dasta qoʻlyozma bilan Eʼtiborxon opa oʻtdi.
Irina bilan Xosiyat Aʼlamga maʼnoli qarab qoʻyib anovi yoqqa oʻtgan edilar, ancha noqulay boʻldi. U xonasiga kirib ketmoqchi edi, Sojidaning eshigi yana ochilib, uni chaqirib qoldi.
– Hey, uka! Bu yoqqa bir kiring.
Aʼlam garangsib qaradi.
– Ha, Kamolov. Siz! Keling, yeb qoʻymayman. qoʻrqmang.
Aʼlam qoʻrqmadiyu nima deb oʻylashni ham bilmadi. Sojidaning xonasi tor, bir tomoniga, faollar uchun shekilli, qator har xil eski tuski kursi, bu tomoniga ustiga guldor mato yopilgan, otam zamonidan qolgan ikkita yumshoqkursi yonma-yon qoʻyilgan edi. Sojida, oʻzi toʻrga oʻtib, Aʼlamga bitta yumshoqkursidan joy koʻrsatdi. Yumshoqkursi choʻkkan, oʻrindigʻi chuqur, oʻtirgan odam keti bilan tushib ketar edi.
Sojida oʻtirgan joyida egilib, boshmogʻini shippakka alishtirdi-da, oyogʻini bu yoqqa chiqardi.
Xonaning hovliga qaragan derazasini Sojida Aʼlamni chaqirishdan oldin ataylab ochgandek edi.
– Bunaqa emas-da, ukam. Kelganingizga qancha, hali ikki yil ham boʻlgani yoʻq-da, a? Halitdan burningiz koʻtarilib ketgan. Men oʻn sakkiz yildan beri shu yerdaman. Qizligimda kelganman. Ha, qiz edim, – dedi Sojida endi qizligi oʻtib ketgani, buning sababchisi xuddi Aʼlamdek iddao bilan. – Farroshlikka kirib olib, mashinistkalikni oʻrgandim, korrektor boʻldim, tinim bilmadim. Eh-he, bu nashriyotni nashriyot qilguncha nimalarni koʻrmadim. Necha yil paxtalar terdim! Lekin, mana, xudoga shukr, kam boʻlmadim. Oʻsib, shu darajagacha keldim. Ayol boshim bilan. Lekin oʻzim ham shuncha yildan beri biron marta bulitin qilganim yoʻq, ha biron marta ham. Sira davlatni aldamayman. Shunday ekan, alam qilmaydimi, kecha kelgan odamning burni koʻtarilib, odamni odam oʻrnida koʻrmasa?
Ochiq derazadan boʻyoq hidi gupillab kirdi.
– Uzr, – dedi Aʼlam burni achishib. – Qanday oʻtiribsiz?
Sojida oʻzining oyogʻiga qarab oldi-da, birdan hurpaydi.
– Qanday oʻtiribman? Qanaqa oʻtiribman ekan? Ha, oʻtiribman-da, nima ishingiz bor?
Aʼlamning nazarida Sojida ham bulutdek burqsiyotgandek edi.
– Yoʻq, opa, tushunmadingiz…
– Nimani tushunmayman? Men tushunmas ekanman, siz aqlli qilib gapiring.
Ichkari hovlida yo bochkalardan biri yorildi, yo shabada turib, bor boʻyoq hidini bu yoqqa haydadi, ishqilib, xonada nafas olib boʻlmay qoldi.
– Bu… qanday chidab oʻtiribsiz? Dimoqni yorib yuboray deydiyu!
– Nima?
– Bu sassiqni aytyapman.
Sojida nihoyat tushundi, lekin past tushmadi.
– Nima sassiq? Boʻyoq-da, ha, isi bor. Nima qipti? Sassiq emish! Bilsangiz, shu sassiq boqadi hammamizni. Shunga bosilgan kitoblaringga olasizlar jaraq-jaraq pullarni. Sassigʻ-a! Mehnatning isi bu! – Topgan gapidan Sojidaning oʻzi joʻshdi. – Ha, ishlagandan keyin odamning ham isi boʻladi. Nimaga burningizni jiyirasiz? Men yaxshi koʻraman, ish-da bu. Ishning isi boʻladi, kiri boʻladi. Ishlash kerak, ukam. Kim-kimlarni oʻrtaga solib, yonida yurganlarni oyoqosti qilib, valaki salang yurguncha.
Aʼlam Sojidani har kuni dolonda uchratib, bosh irgʻab salomlashib yurgan boʻlsa-da, hech bunday baqamti gaplashmagan, birga ishlab kelgani bilan, uni mutlaqo bilmas, bilishga qiziqib ham koʻrmagan, hozir ham bu notanish xotin toʻrda oʻtirib olib, yalang oyoqlarini olinga choʻzib, bir nima achchiq gaplarni aytayotgan, Aʼlam esa qachon uning oyogʻini bosib olganini bilolmayotgan edi.
– Opa, xoʻp. Yozib beraman. Yozayotgan edim oʻzi. Chaqirib qolishdi. Bu gap…
– Yoʻq, siz avval oʻzingizni tuzatib oling. Ha, oʻzingizni. Odam eng oldin odam boʻlishi kerak. Bildingizmi? Boshqalarni ham odam oʻrnida koʻrishi kerak. Bostirib ketavermasdan.
– Hech tushunmayapman, opa. Kimni bostirib ketibman?
– Bostirmaganingizmi shu? Tushuntirish xatini bitta men soʻradimmi? Oʻzimgami? Xonangni hidi bor deysiz. Ayol kishi oʻtiribdi demay. Kimlarni ishga solasiz.
Aʼlam boʻgʻildi, faqat boʻyoq hididan emas, Sojidaning gaplaridan ham.
– Faqat xonangiz emas, hamma yer boʻyoq isi. Sasib ketgan, – dedi u Sojidaga tik qarab – Bu ham sizniki boʻlsa, chorasini koʻring. Faqat menga, opajon, ochiq gapiring, iltimos.
– Voy, ayol kishiga ham shunaqa qoʻpol boʻlasizmi?
– Obbo, muloyimman deb urib oʻldirasiz shekilli?
– Nima? – Sojidaning boshi orqaga ketib, oʻtirgan joyida agʻnab tushay dedi. – Voy, men sizni odam deb. Gaplashib olay deb chaqirgan edim-ku. Bu nima muomala?…
“Ha, bu Aʼlam degani juda tarbiyasiz ekan, u hozir Sojidani tushunishi, tushunganda ham odob saqlab, ayollik hurmatini eʼzozlab muomala qilishi kerak edi. Juda goj ekan bu Aʼlam. Qayerda tarbiya koʻrgan boʻlsa? “Ochiq gapiring” degani nimasi? Sojida shart-shurt aytib tashladi-ku. Bundan ortiq yana qanaqa ochiq boʻlishi kerak?”
– Qani, oʻtiring-chi, oʻzi nima bilan bandsiz? Mana, bugun nima ish qildingiz? Ertalabdan beri? Tushuntirish xatini olishni ham Surayyo bilan Sojida ikkoviga topshiribsiz. Birovning qoʻli bilan tikan yulish oson-da. Harifingizni xotinlar yiqitib bersa, sizga faqat ustiga chiqib tepish qolar edi.
Umarov Abduzafar akaga yalt etib qaradi-da, koʻzini olib qochdi. Ikki qoʻlini tizzalari orasiga qovushtirib, yerga tikilib oldi
– Yo menga qarashmoqchi boʻldingizmi? Menga yordamning keragi yoʻq edi. Dastpanjam hali uzun, yoz deyman, yozmasa, ketiga bir tepaman, uchib ketyapti. Quyunni ana oʻshanda koʻrasiz. Qanaqa sud? Sud-pud yoʻq! Abduzafar akangizni sudga tortadigani hali onasidan tugʻilmagan. Shunday! Bilib qoʻying buni. Men sheʼrda nechta eshshak borligini sanab oʻtirmayman. U – sizning ishingiz. Hisoblang, choʻtga uring, kesing, qaychilang, qiymalang, ixtiyor sizniki – menga siyosiy xatosi topilmaydigan kitob boʻlsin! Mendan plan soʻrang, vagon-vagon qogʻoz soʻrang, ofset soʻrang. Allaqanday pushkami, tankami, shunga oʻxshagan provokatsion bahslaringni koʻtarib oldimga kirmanglar! Nimaga yozaman emish! Men qayoqdan bilaman nimaga yozishlaringni? Yozgingiz kelibdimi, yozing, yozavering, tortishinglar, bahslashinglar, quloqchoʻzma qilinglar. Bir-birlaringning goʻshtlaringni yenglar. Haqiqatlaring shunaqa tugʻiladimi, bahslashmasa tugʻilmaydimi, tugʻilsin-ey, men chop qilib beraman. Lekin men tomonga oʻtib ketmanglar. Bitta bayozni eplay olmay, menga koʻzyosh toʻkasiz. Yozib ber desa, Markazkomdan kelasiz. Sizga men direktorman, bilib qoʻying! Oʻrtaga oʻrtoq Islombekova opangizni ham, Markazkomni ham qoʻymang. Oʻrtoq opangiz bilan men gaplashganman, sizga Markazkom men boʻlaman, tushunarlimi? Chunki, – deya tovushini pasaytirib izoh berdi Abduzafar aka. – Markazkomning hamma topshiriqlari men orqali bajariladi. Markazkomning bu yerdagi irodasi – men, oʻzimman.
Tiliga kelgan bu gaplar Abduzafar akaning oʻziga ham favqulodda taʼsir qildi. Kabinet yanada kengayib, boshini quyi solib mungʻaygan Umarovning gavdasi birdan kichrayib qolgandek boʻlib, Abduzafar akaning unga ichi achidi. Karim oʻzi sal toʻqimtabiat-ku, lekin yomon yigit emas. Shu bugungi ishlari ham yaxshi koʻrinaman deb urinishidan. Ertami bir kun Abduzafar aka pensiyaga chiqib ketadigan boʻlsa, bayram arafalarida xabar olgani ikkita nonni qoʻltiqlab boradigan ham oʻzi shu Karim. Vagʻir-vugʻur qilgani bilan bechora odam, kamsavod, urilib-surilib, nashriyotga kelib qolgan, Abduzafar aka qoʻllab yuribdi-da. Yangi odam buni bir kun ham amalda qoʻymas. Abduzafar akaning oʻzi ham mana hozirgidek paytlari juda piypalab tashlaydi. Lekin turgʻizib, qoqib-suqib, yana suyib ketaveradi.
– Ey, Karimjon, – deb Abduzafar aka Umarovga bir muddat tikilib qoldi.
Umarov boshini bir koʻtardiyu koʻz urishtirishga botinmadi. qoʻlini qovushtirib, yana quyi egilib oldi.
– Nimalarni oʻylab yurasiz. Mana, bugun. Ha, Islombekova telefon qildi. Lekin sizlar oʻylaganday, Aʼlam masalasida emas. Aʼlamni men qoʻshdim. Hozir aytaman qanday qoʻshganimni. Yozda oʻtgan seminar natijalari koʻrilgan ekan, mening bundan xabarim bor, oʻrtoqlar aytgan edi, Islombekova nashriyotingiz yaxshi qatnashdi, bosib bergan materiallaringiz yuqori baholandi, dedi, rahmat aytdi. Ha, rahmat aytdi. Albatta, norasmiy. Chunki doʻst bor, dushman bor, shuncha tashkilotlar turib, Markazkom nomidan faqat bizga rasmiy minnatdorchilik bildirsa, seminar xalqaro edi, bosgan materiallarimiz chet ellarga ham ketgan, keyin borib bir gap chiqsa ham… xullas, nokamtarlik boʻladi. Lekin biz buni minnatdorchilikdan ham yuqori koʻramiz. Keyin, Gulya, ha, u bilan raykomsomolda birga ishlaganimizdan beri menga u Gulya, oʻzimizning Gulichka-da, maslahat soʻradi, yana nima qilsak deb, men, keling, xodimlarimizdan birontasiga shaxsan nomingizdan rahmat aytib qoʻyaylik, dedim, Bu gap unga maʼqul tushdi. Kel, Gulichka, quruq boʻlmasin, esdalikka ham biron narsa beraylik, desam, aqlingizga qoyil, oʻzimning haqiqiy akamsiz-da, dedi u ham. Aka-singil telefonda chaqchaqlashib oʻtirib, kimga beramiz desa, shu, deng, nima xayol bilan Kamolov tilimga kelib qolsa. Bekor aytib yuboribman. Gulichkaning esida ham yoʻq ekan. Aʼlam deyman, Kamolov deyman, shoir deyman, yozda qoʻlida ishlaganini aytdim, oʻzining TNOsiga mindirib qoʻyganini ham bilmadi. Qarang-ey, rosa chekadi, desam, keyin esladi. Ayol-da, didi nozik, oldida bir-ikki tutatgan boʻlsa kerak-da.
Abduzafar akaning ovozidagi tovlanishlar oʻzgarishi bilan Umarov qaddini tiklab, boshini koʻtarib olgan, hozir mahliyo boʻlib, uning har bir gapini bosh irgʻab maʼqullab oʻtirar, shu payti jiringlab, suhbatning beliga tepmasin deb, telefonlarga alanglab ham qoʻyar edi.
– E-e, xullas, Gulichkaga shu bola bir bechora, hech kimi yoʻq, musofir, xotin-bola-chaqasi ham, uyi-joyi ham kitob, lekin talantli, kel, shuni nomiga bir eslab qoʻy, bironta jurnal-purnalga obuna ber, dimogʻi chogʻ boʻlib, bir umr eslab yuradi, dedim. Gulichka bir minnatdor boʻldi-ey, hali ham oʻzimning akamsiz-da, esingizdami, raykomsomolda sochimdan tortar edingiz, xafa emas, xursand boʻlardim, dedi. Qarang, mening esimda yoʻq, u unutmagan, esimga soldi, ot dumi qilib turmaklaganda tortib qoʻygan ekanman. Xay, shu… hozir chaqiray, oʻzi bilan ham gaplash, bolaning bir koʻngli koʻtarilib, hammayoqni tutunga bostirib yuborsin desam, bu Moʻri yoʻq, koʻmir tushirib yotgan ekan. Baxti chopmaganini.
– Obbo, bechora-ey, – dedi Umarov qaddini orqaga tashlab. – Omad kelmasa shu-da. Lekin katta yaxshilik qilibsiz. Ishqilib, biladimi oʻzi. Bilib qoʻysin-da axir. Men hali oʻzini koʻrmadim. Bola xursanddir?
Abduzafar aka kengfeʼllik bilan qoʻlini siltadi.
– Yaxshilik qil suvga ot, bilsa – baliq, bilmasa, xoliq. Yoshlarni oʻstirish – vazifamiz. Bilsa, bilmasa – oʻstirishimiz kerak.
– Men ham yosh kadrni sindirib qoʻymaylik, degan edim-da, – deb ilib ketdi Umarov.
Endi hammasi oʻtdi, Abduzafar aka bilan Umarov yana aka-uka, Abduzafar aka bemalol oʻzini qoʻyib yuborsa, Umarov yastanib oʻtirsa boʻladi.
– Yoʻ-oʻq, – deb salmoqladi Abduzafar aka. – Karimjon, sizlar sindirmaymiz deb sinadigan qilib qoʻyasizlar. Xatosini koʻrsatib, toʻgʻri yoʻlga solish oʻrniga. Ertaga bu kadrni oʻstirishga toʻgʻri kelsa, oʻrtoqlar sizu bizdan boshqa narsani soʻraydilar. Xarakteristika emas, u hammaga yaxshi deb yoziladi. Bu tomonlaridan biz nega bexabar, bayoz bunday chiqqan ekan, yigitcha bunday xatolarga yoʻl qoʻygan ekan, qani, hech bir joyda aytilmabdi-ku, xarakteristikangizga oʻzingiz osh pishirib yeyavering, bizga aniq maʼlumotlar kerak, deydilar. Tushunarlimi, Karimjon? Mayli, hozir, bugun emas, lekin bir-ikki kunning ichida puxta qilib, tayyorlab qoʻying, maʼqulmi? Men aytgan gap yerda qolmasin.
Umarov oʻrnidan chaqqon turib, qoʻlini koʻksiga qoʻydi. Tez-tez bosh irgʻadi.
– Xoʻp, boʻladi, xoʻp boʻladi. Shu oʻzim ham hayronman, Abduzafar Abdusafarovich, nima topadi shu chet el adabiyotidan? Nazarga tushib turgan yigit, bir kuni pand yeydi-da.
– Endi, Karimjon, bu bir kasal, yoshlarga hozir moxov kelsa ham, chetniki boʻlsa boʻldi. Yoshlar shuni bir yuqtirmasa, koʻngli joyiga tushmaydi. Oʻlmaydimi, qoʻyavering. Bularning hammasi bir goʻr. Aytgancha, shu Gulya, Gulichkaning ham eri musiqachi edimi?
Umarov Gulimoh Yulduzovnaning erini bilmas ekan, astoydil xijolat boʻldi, oʻngʻaysizlanib, derazaga qaradi.
– Ha, musiqachi – deb savoliga oʻzi javob berdi Abduzafar aka. – Musiqachi boʻlganda ham gʻalati narsa chaladi, sira oti esimda turmaydi. Staryomi, drevniymi, qiziq, shu… qariyani eslatadi-da. Tirsakday narsa. Puflanadi. Nima bor edi shunaqa?
Umarov xuddi qattiq tikilsa, topib oladigandek, koʻzlarini loʻq qildi, bilmadi, jim turmaslik uchun:
– Saksofon? – dedi.
– Yoʻq, – dedi Abduzafar aka. – Aytilishi oʻxshaydi. Keksa, nuroniy, yoʻq, otaxon, yoshi oʻtgan, munkillagan, chol…
– Tak, chol, boboyga oʻxshagan nima boʻlishi mumkin? – deb Umarov ham ovozini chiqarib oʻylandi.
– E-e, yashang, – dedi Abduzafar aka birdan zavqlanib. – Boboyga oʻxshagan! Goboy! Goboy chaladi! Goboy! Topgan asbobini qarang. Sen yevropalashib dutor-tanburni pisandga ilmasang, hech boʻlmasa, pianino chal. Ey, er basamon bir kaltakni puflab yurgandan keyin, rafiqaning nimasidan xafa boʻlasan. Ha, mayli, bu gaplarni qoʻyib turaylik. Oʻtiring, – deb yana xushhol qoʻl siltadi Abduzafar aka. – Bu Vulqonimiz qachon qaytadi? Doston emas, sheʼriy roʻmon boʻlib ketdi-ku. Taygada ham ayiqqa joy qolmagandir. Siz oʻtiring, oʻtiring, gap bor.
Umarov oʻtirdi.
– Kelishidan darak bormi?
– Biron hafta bor-ov. Koʻp soʻramadi-ku.
– Nimani?
– Shu. Haligi… uch yashchik.
– Uch yashchik? Hovuzi bormi? Nima qilyapsiz? U yoqda sharmandamizni chiqarib yurmasin.
– Yoʻq, Abduzafar aka, jigari kasal. Tarjimoni, Todorkovskiyga. E, u yoqda oʻzimizning “Soyaki” juda ketadi-da. Shohid ham Todorkovskiyni “Soyaki”parast deydi.
– Samolyotdan berib yuboryapsizmi?
– Yoʻq, provodnik ukalar bor. Abduzafar aka, qarang. Mana shu klizma, surgi qiladigan yelim xalta bor-u?
Abduzafar aka ijirgʻanib, aftini burishtirdi.
– Ha?
Umarov hiringladi.
– Shuning yangisidan olib, ichini aroqqami, vinogami toʻldirib, ogʻzini yaxshilab burab, Moskvagami. Vladivostokkami, posilka qilaverasiz, it ham bilmas ekan.
– Qarang-a.
– Qoyilmisiz?
– Qoyil. Hidi chiqmaydimi?
– Yangisini olasiz deyapman-ku. Xoʻp, hidi boʻlsa ham, rezinkaniki-da. Vinoning oʻziniki deb urib yuboraveradi.
– Odamlar nimalarni oʻylab topmaydi. Aroqning oʻzi bilan klizma qilganini eshitgan edim, lekin klizmaning idishida aroq ichishni endi eshityapman. Xoʻsh, Karim, yaxshi esga soldingiz, bayram ham yaqinlashyapti, juda taqab bormasak-da, hozirdan, a… Shohidga yuboradigan narsalarni ham provodnik-mrovodnik qilib yurmaysiz. Turdialini joʻnatamiz, oyoq-qoʻli chaqqon, hafta-oʻn kun tajriba almashib kelsin. Moskvadagi oʻrtoqlarni shunday kunda yoʻqlab qoʻyganimiz yaxshi-da. Xoʻsh, siz davot-qalamni oling. Men aytib turaman. Yozib olasiz.
Turdiali choynakka umid bilan qaradi.
– Siz boring, – dedi Surayyo. – Hozir u keladi. Bu yerda choy ichib oʻtirsangiz, bundan ham bir gap chiqaradi. Oʻzi bu yoqqa kirganingizni bular menga qarshi bir reja tuzyapti, deb oʻylaydi.
Turdiali bu gapga uncha hayron boʻlmadi, shunchaki yoʻliga:
– Yoʻgʻ-e? – dedi-da, oʻrnidan turdi.
– Undan har baloni kutish mumkin, – dedi Surayyo. – Bir yoʻlini topish kerak.
Turdiali ajablandi:
– Boʻldi, qoldi-ku bu gap?
Surayyo siniq jilmaydi.
– Sojida opam bormi, hali qolmaydi. Bilaman-da.
– Falati-yu. Kasabaning haqqi bormi shunaqa?
– Haqqi yoʻq, lekin boshqa gaplar bor, – dedi Surayyo dudmol qilib. – Ularni siz bilishingiz shart emas.
Turdiali burnini koʻtarib havoni hidladi.
– Surayyoxon, xonanizda hid yoʻqroqmi? Bor-u, juda bilinar-bilinmas. Hozir eʼtibor qilibman.
– Koʻrmayapsizmi, biron teshik-tirqish qolmagan, erinmay paxta tiqqanman. Lekin bari bir, eshikni ochib-yopganda dolondan kiradi.
– Kam lekin. Odamning chiqqisi kelmaydi.
– Yoʻq. Boʻldi, endi sizga ham suzilmay, boring endi. Hozir keladi, nima boʻldi, deb.
– Sizni odamga oʻxshab gaplashasiz deb chaqirgan edim, xato qilibman. Tayoqday oʻsib ketavergan ekansiz-da, a? Ayol demasangiz, yoshi katta demasangiz. A men kimni urib oʻldiribman? Ukam deb jonim achib chaqirsam, menga shu gapni aytishingiz lozimmi? Tilim bor deb gapiraverasizmi? Hamma gapning javobi bor. Ha!
Juda pangvosh bola ekan bu Aʼlam, jahl qilishni ham, xafa boʻlishni ham bilmaysan. Firt devor, ha, devorning oʻzi, aytgan gaping urilib oʻzingga qaytib keladi. Yana koʻzlarini pirpiratib, oʻzini tushunmaganga solib turaverar ekan. “Tushunmayapman” ham deydi. Yo tavba, shular birovlarning yozgan kitobini tekshirib beradi, hali oʻzi ham yozadi!
– Bu derazani yoping. Boʻyoq, oqqani mayli-yu, lekin hidi oʻpkani teshib yuboryapti-ku. Jilla qursa, oʻzingizga rahm qiling. Men bu yerda oʻtira olmayapman.
Sojidaning koʻzlari ola-kula boʻldi.
– Voy, odamlarni mayna qilishni ja bilar ekansiz.
– Opajon…
– Yana opajon deydi-ya. E-e, sizlarga bekorga yigʻlagan soʻqir koʻzim. Boring ishingizga-ye. Siz bilan boshqacha gaplashamiz.
Aʼlam oʻrnidan turib yelkasini qisdi. Oldida oʻtirgan odam emas, ilgari koʻrmagan bir narsasi turgandek, qiziqsinib qarab turdi-da, indamay burilib, chiqib ketdi.
Xosiyat qoʻrqib qolgan, koʻzlari najot soʻrab alang-jalang qilar edi.
– Naverno, – dedi Irina. – Eto tochno vredno. Poymi, u tebya toje chelovek, on vse chuvstvuyet.
– Shunaqami? – deb Xosiyat Aʼlamga umid bilan qaradi. – Allergiya qilib tugʻasan deyapti. Hali bu nafas olmaydi-ku. Toʻgʻrimi?
– No tiʼ je diʼshish, – dedi Irina.
– Shunaqami? – dedi Xosiyat.
– Bilmasam. Menga qarang, sizlarga taʼtil beradi-ku. Surib yuboring. Shuni ham oʻylab oʻtiradimi? Uyda toza havo olib yurmaydimi odam, – dedi Aʼlam.
– Konechno, – dedi Irina. – On pravilno govorit.
Xosiyat maʼyus iljaydi.
– Kelin boʻlib koʻrmagansiz-da.
Aʼlam kulib yubordi.
– Shunaqa ham boʻlishimiz kerakmi?
– Boshingizda qaynona vishillab turganda, bilar edingiz: uy yaxshimi, ishmi. Koshki ogʻiroyoq ekan deb tinim berishsa. Bu yoqqa kelib ozgina dam olaman-ku.
– No etot zapax tebe sovershenno vredno, toksichno, – dedi Irina kuyinib. – Tak tiʼ iskalechish svoy plod. Mojet davno toksikomanom stal.
– Olasan-da sen ham, – dedi Xosiyat xavotir bilan. – Ogʻzingdan chiqib yoqangga yopishsin. Koʻngliga keladi demaydi bular.
– Nu, tak i xodi togda, – dedi Irina.
Sojida bir-bir bosib kadrlar boʻlimiga kirdi. Surayyo oldiga besh-oltita qogʻoz jildni qoʻyib olib, goʻyo ishga qattiq berilgan edi, unga manzirat qilib, boshini qimirlatib qoʻydi, xolos. Sojida oʻtirdi, Surayyo qogʻozlardan boshini koʻtarmadi, u tomonidagi jilddan bir qogʻozni olib, bu tomonidagi jildga solishtirdi-da, nimadir jiddiy tafovutlarni topdi shekilli, derazaga qarab oʻylanib qoldi, keyin “Hm” deb yana qogʻozlariga tikildi. Surayyo juda band, nafaqat gaplashishga, berilgan savolga “ha” yoki “yoʻq” deb qoʻyishga ham imkon topa olmas edi.
Qogʻoz ishiga Sojidaning tobi yoʻq. Oʻzi Surayyoning xonasiga kirsa, boshi ogʻrib ketadi. Odamning jonini burab gʻiyqillaydigan temir eshik, yopilganda toʻqillab uriladi, qulfi ham uchta, yana har kuni soʻrgʻichlanadi, ichkari shiftgacha qator temir shkaf. Ha, yana Surayyo hamma yoqqa gultuvak qoʻyib tashlagan, bu gul degani nozik boʻlgani bilan sharoit tanlamas ekan, deraza tokchasida ham, shkaflarning orasida ham barg yozib, oʻsib yotibdi. Surayyoning oʻzi boʻgʻilib ketmaganini. Shuncha gul, qogʻozning ichida. Shkaflar ham toʻla qogʻoz jild. Shu yerda kim ishlaydi, ishi qanaqa, oilasi qanday, oldin qayerlarda ish qilgan – hammasi yozilgan, raqamlanib, shkafga terib qoʻyilgan. Abduzafar aka kimni soʻrasa, Surayyo oʻsha vaqti topib beradi. Zoʻr ish-da, hammaning joni qoʻlida, shuning uchun Abduzafar aka bilan sozi yaxshi. Shu, Abduzafar akaning oʻziga ham jild bor: Surayyo xohlasa, hech kim yoʻgʻida shu jildni ochib, Abduzafar aka qayerda tugʻilgan, qayerda oʻqigan, qachon bitirgan, qachon ishga kirgan, qachon kasbini oʻzgartirgan, hammaginasini bilib olaveradi. Kim biladi balki boshqa narsalar ham yozilgandir. Xoʻp oʻrnashib olgan-da.
Hozir ham Sojida oʻtiradi, oʻtiradi, shum Surayyo ishdan boʻshamaydi. Goʻyo gaplashishga vaqti yoʻq. Sojida “Surayyo, ishim zaril, mening gapimga javob bering: nima, hali ham yozib bermayaptimi?”, deb soʻrasa, Surayyo boshini koʻtarmay, “Hm”, deydi, Sojida: “Nima, hm, yozdimi yo endi yozadimi?”, deydi, Surayyo unga bir qarab qoʻyadi-da, yana “Hm”, deydi. Bir gap aytmaydi, chunki ishi boshidan oshib yotibdi, vaqti yoʻq. E-e. hammasi joʻrttaga! Bir gap oʻtgan, nimaligini oʻzi bildirmaydi, mana shunaqa dim-dim oʻynab, joningdan toʻydiradi endi.
Sojida oʻrnidan shart turib dolonga burilgan edi, Surayyo gapirib qoldi.
– Siz ham sal bunday harakat qilsangiz-chi?
– Voy, men harakat qilmayapmanmi? Oʻzingiz-ku, yarim soatdan beri oldingizda oʻtiribman, odam keldi ham demaysiz. Qani, yozdirdingizmi?
Surayyo dastroʻmolini olib, burnini koʻzlarini artib oldi-da, bamaylixotir:
– Men bu sassiqni aytyapman. Odamlarning sogʻligʻiga taʼsir qilyapti.
Sojidaning achchigʻi keldi:
– Menga nima? Sasisa sasibdi. Menga, masalan, bilinmaydi, soppa-sogʻ yuribman. Hatto chuchkirganim ham yoʻq. Kimga taʼsir qilgan boʻlsa, oʻsha yugursin. Oh-ho, shuncha odam turib, ayol boshim bilan men bochka koʻtaramanmi?
Surayyo istehzoli jilmaydi.
– Siz bochka koʻtarmang, vazifangizni qiling, – dedi.
– Qanaqa vazifa?
– Mehnatkashlarning haq-huquqlarini himoya qilish kimning vazifasi, Sojida opa? Kasabaning raisi sifatida siz allaqachon rasman murojaat qilgan boʻlishingiz kerak edi. Oʻz ishingizni bilmaysizmi?
– Kasaba tashkilotining boʻyoqning hidiga qarshi chiqishi kerakligini birinchi eshitishim, – dedi Sojida qahri kelib.
– Ustavni olib keling, qayerga yozib qoʻyganini koʻrsataman, – dedi Surayyo ishonch bilan.
Sojidaning koʻngliga xavotir tushdi. U ustavni ochib koʻrmagan, ochgani bilan tushunmas, chunki rus tilida, oʻzi umuman uning bor-yoʻqligini ham bilmas, ustav degani ham ishda sira kerak boʻlmagan edi. Lekin unda kasaba tashkilotining raisi boʻyoq hidiga qarshi kurashishi kerak, deb yozib qoʻyilmagani aniq, bu yerda boshqa gap bor, bular bir narsani oʻylagan. Qildan qiyiq axtarayotgani bekorga emas. Sojida shunday qoʻyib qoʻymaydi. Hali bular Sojidaning sovuniga kir yuvmadi.
Aʼlamlarning xonasiga Surayyoning oʻzi bordi.
– Irochka. Salom! Xosiy, yaxshimisan? Shu yerda tugʻib, otini Noshirboy qoʻyasanmi-da oxiri. Siz, oʻrtoq progulchi Kamolov, bir qoshiq qonimizdan keching, qachon olamiz? Qani, bu yoqqa, bir qarang-chi, bularga xalal bermaylik. Ha, tezroq qimirlang.
Aʼlam istar-istamay ergashib chiqdi. Surayyo aksirdi, ovozini baland qoʻyib:
– Men bilan elakishmang, – dedi.
Aʼlam javob qaytarishga ulgurmay tim qora koʻzlarini qisib qoʻydi-da:
– Hech narsa yozmang, – deb tez-tez shivirladi. – Tushundingizmi? Hech narsa! Yozsangiz chora koʻrish kerak. Nashriyot katta, bitta odamga chora koʻrmasa ham ishlayveradi. Lekin yozsangiz, direktor “chora koʻrilsin”, deb rezolyusiya qoʻyadi, biz buyruq chiqarib tasdiqqa olib kirishimiz kerak. Shuning uchun yozmang! – Surayyoning ovozi yana balandladi. – Meni bunaqa qiynamanglar. Bitta qogʻozni olish shuncha qiyinmi? Orqangizdan chopib yurishim kerakmi?
Umarov Abduzafar akaning oldidan juda xush kayfiyatda chiqdi. Eshikni yopayotib Vaziraga ikki qoshini ham uchirib qoʻydi. Vazira ham juda yengil tortdi shekilli, qoʻlini koʻtarib xoʻshlashdi.
Xonasi oldida uni Turdiali poylab turgan ekan. Ha, shu oyoq-qoʻli chaqqon, Abduzafar aka yaxshi koʻradigan Turdiali.
– Keling, Turdiali polvon. Xizmat? – dedi Umarov ichkari kirib, joylashib olganlaridan keyin.
Turdiali siniq kuldi.
– Polvonlik qolmadi, aka. Xotinlar koʻtarib uryaptiyu.
– Siz chil bering-da, chil bering, – deb askiyasidan oʻzi zavq qildi Umarov. – Xoʻsh, nima gap? Bu dunyoda xotin koʻp, qaysisi yiqitdi?
– E-e, hayronman, – dedi Turdiali. – Bu nashriyot kimning qoʻlida oʻzi? Bu yerda ishlaydigan odamning qadri bormi, yoʻqmi? Ijodkor kimligini birov bilarmikan?
– Xoʻp, xoʻp, – deb sabrsizlandi Umarov. – Tezroq boʻling. Nima gap oʻzi?
– Gulimoh Yulduzovnalaring menga telefon qilsin, boʻlmasa, gaplashmayman, boshqalar menga bir tiyin, deydi. Oʻzi ismlarini toʻgʻri ayta olmaydi, bir Gulimoy deydi, bir Gulixon. Opam eshitib qolsalar.
Umarov oʻzini orqaga tashlab, bemalol yastanib kuldi.
– Shunaqa deydimi? Gulimoy, Gulixon deng.
– Savodsiz, oʻqimagan.
– Endi, oʻqimagandan keyin savodsiz boʻladi-da, – dedi Umarov soddalik bilan. – Siz ham darrov suyunchiga chopasiz-da. Ha, bozor koʻrgan echkidan qoʻrq, degani shu oʻzi.
– E quturib ketibdi lekin, Karim aka. Sizni, bilasizmi, nima deydi?
– Bilaman, bilaman, – deb oʻngʻaysizlandi Umarov.
– Yoʻq eshiting-da, balki bilmassiz, – dedi Turdiali. – Kim boʻpti Umarovlaring, chumchuq pir-r etsa, yuragi shir etadi, chuqurroq nafas olishga ham qoʻrqadi, deydi. Siz unaqalardan emassiz-ku, Karim aka?
Umarov qizardi.
– Nachora, Turdiali, xotinlardan qoʻrqish kerak, qoʻrqamiz ham… Ayniqsa savodi yoʻgʻidan. Bunaqalari chatoq. Nashriyotda ishlagandan keyin savod puxta boʻlishi kerak. Ha, savodi.
Turdiali Umarovga hayron boʻlib qaradi. Umarovning xayoli uncha joyida emasdek tuyuldi.
– Sizni bir Moskvaga yuborsak, savodingizni oshirib kelsangiz.
– Mening savodimga nima qilibdi? Moskvaga, mayli, jon deb boraman, lekin savoding deganingiz?
Umarov oʻz peshanasiga shapatiladi.
– Savod emas, tajriba oshirishga! Bu boshqa gap. Hafta-oʻn kun oʻynab kelasiz.
– E-e, unda rahmat, aka, rahmat! Savoding deb qoʻrqitib yubordingiz. Qachon, aka?
– Shu yaqin kunlarda. Lekin bu gap oʻrtamizda. Xoʻsh, nima deydi bu savodsiz?
– E-e, qoʻymayapti-da. Qanaqa xotin oʻzi, hech gapga koʻnmaydi. Unga Markazkom ham bir pul. Karim aka, Moskva naqd gapmi? Bu yaxshiligingizni unutmayman lekin. Abduzafar akam aytdilarmi?
Umarov koʻrsatgich barmogʻini labiga bosdi.
– Hozircha, jim, Turdiali. Dilbar yigit boʻlib yuravering. Anavi bolaga ham nasihat qiling, Gulimoh Yulduzovna opa meni biladi, deb oʻzidan ketavermasin. Bari bir biz bilan ishlaydi.
– Boʻldi, Karim aka. Oʻzim joyiga solaman. Yosh-da hali. Siz u yogʻini toʻgʻrilang, bu yogʻi – menga! Bu yogʻi menga.
– Ha, Turdiali, aytgancha, siz bexato yozasiz-a. Chiroyli qilib “empirikritizm” deb yozing. Mana, qogʻoz.
Turdiali Umarovga bir qarab qoʻydi-da, egilib, shartta yozdi.
– Mana, nimaga kerak boʻlib qoldi. Yo rostdan ham savodimni tekshiryapsizmi?
– Toʻppa-toʻgʻri, bitta ham xatosi yoʻq. Kerak-da, – dedi Umarov. – Hozircha sir. Obbo Sojida-ey, kim boʻpti Umarov deydimi? Oʻzi fahmi Xadragacha bormaydi, siz unga oʻrtoq Islombekova opani gapiribsiz.
Sojida otashin edi. Umarov koʻzining paxtasini chiqarib koʻrdi, olaydi, tikilib qaradi, bir tiyin, taʼsir qilmadi.
– Nima, bu siz, – dedi qoʻlini beliga qoʻyib. – Bir narsaning mazasiga tushunmadim. Ertalab raftoringiz boshqa edi, hozir teskari. Men aytganday boʻlsin, dedingiz, siz aytganday qildim. Endi qoʻy, deyapsiz, lekin qoʻyib boʻlmaydi. Progul qildimi, javob berishi shart.
– Xoʻp, Sojida, men aytgan edim, gapimni qaytib olyapman – tamom. Keyin hali bu masalaga qaytamiz. Hozir mavridi emas.
– Yoʻq! – dedi Sojida. – Tuflagan tufugimni qaytib ogʻzimga olmayman. Haqorat qilganday chiqib ketdi. Kechirim soʻrasa ham kechirmayman. Oʻsha, kim, Gulimoy opasi telefon qilsa ham.
– Sizgami, – deb iljaydi Umarov.
– Ha, nima boʻpti? Men odam emasmi? Kimovna edi, Qunduzovnami, undan oʻzimni kam koʻrmayman.
– Kam koʻrmang. Opa Yulduzovna boʻlsa, siz Quyoshovna-ku. Demak, qaytmaysiz, qoʻymaysiz?
– Yoʻq.
– Ah-ha. Hm, – deb Umarov oʻylanib qoldi. Keyin oʻzining oʻng qoʻlini silashga tushdi. – Shu… qayirib olibman, qalam ushlab boʻlmayapti. Ikkita soʻzni yozish kerak. Bir soatdan beri qoʻyib yubormaydi-ya ogʻriq.
Sojida uning qoʻliga rahm bilan qaradi.
– Bosmaxonaga berish kerak edi. Siz yozib yuboring. – Umarov Sojidaning oldiga bir varaq qogʻoz qoʻydi. – E-e rahmat. Yozing. “Vilellin”. “Vi-le-lin”. “Im-prokratizm nashnomasi” Yozyapsizmi? Mana, yana qaytaraman.
Umarov hozir aytganini oʻziday qilib, boʻgʻin-boʻgʻin takrorladi. Sojida hafsala bilan yozdi.
– Borakallo, – deb Umarov varaqni Sojidaning oldidan chaqqon olib qaradiyu qoshi peshanasiga koʻtarildi. – Eh-he! Bu yogʻi necha puldan tushdi? Shpion ham buncha diversiya qilolmaydi-yu. Bir-ikki-uch-toʻrt-besh… sakkiz… oʻn ikki, bu yoqda toʻrtta xato voy-boʻ, savodni rosa xudo urib gʻovlab ketgan ekan-ku, Sojidaxon? Bu qanaqasi? Ulugʻ dohiyni qanday yozishni ham bilmaysizmi?
Sojida angrayib qolgan edi.
– Qanaqa dohiy? Hech qanaqa dohiyni aytganingiz yoʻq.
– Bu-chi? – deb varaqqa nuqidi Umarov. – “Vilelin” emish. “V. I. Lenin” deb yozish kerak edi.
– Oʻzingiz shunaqa dedingiz-ku.
– Men-a? Hali meni gunohkor qilsangiz edi. Men dohiymizning ism-shariflarini bilmas ekanmanmi? Qanday aytganim bilan nima ishingiz bor? Dohiy-ku bu!
– Oʻzingiz…
– Nima oʻzim? A bu-chi? – Umarov xijjalab aytdi. – “Em-pi-ri-o-kri-ti-si-zm!” Nechta xato? Sanoqda adashib ketyapman. Oddiy “nashʼu namo” degan soʻzda toʻrtta, yoʻq, beshta xatoga boribsiz. “Nashnoma” emish! Uyat-e!
Hali Sojida koʻp narsani tushungani yoʻq edi, shuning uchun:
– Oʻzingiz odamning aqlini shoshirib qoʻydingiz, – dedi.
Umarov kinoyali iljaydi.
– Aqlingizni shoshirdimmi? Xoʻp, yaxshi. Unda, boʻpti. Keling, oʻzingiz boshqattan yozing shu soʻzlarni.
Sojida Umarovga qaradi, Umarov unga boshqa varaq uzatdi.
– Men indamay turaman. Qani, yozing.
Sojida oldidagi qogʻozga qaradi, peshanasini boʻrttirdi, yana boshini koʻtarib Umarovga koʻz tashladi. Umarovning tikilib oʻtirishidan koʻngli seskandi.
– Ha? – dedi Umarov. – Nimaga yozmayapsiz? Oʻzim aytaymi, nimaga yozmayotganingizni? Chunki qanday yozilishini bilmaysiz. Lekin bilmasangiz ham tilingizni bermaysiz, aytganga yurmaysiz.
– Men oʻzim uchun emas-ku, – dedi Sojida sal xomsirab.
Umarov orqaga yaslanib, qoʻllarini qorni ustiga chalkashtirdi.
– Siz bizda kim boʻlib ishlaysiz?
– Kasabaning raisi, – dedi Sojida shuni ham bilmaysizmi degan ohangda.
– Yoʻq, – dedi Umarov. – Kasaba – jamoatchilik-ku. Shtatda nima ishdasiz, deyapman. Oylikni nimaga olasiz? Korrektor shekilli, a?
– Katta korrektor.
– Katta korrektormi? E bu xatolar shunga katta ekan-da, a? Mana, ahvolimiz! Katta korrektor bitta soʻzni oʻn beshta xato bilan yozadi! Dohiyning ism-pamiylasini yoza olmaydi. Toza xudo urib ketgan ekan-da bizni. Yana bu opamiz kasabaning raisi. Quyoshovna!
Sojidaga endi borib yetdi shekilli, Umarovning oldidagi varaqqa intildi. Umarov esa oʻrnidan turdi, shu varaqni orqasidagi seyfga qoʻyib, sharaq-shuruq qulfladi-da, kalitlarni choʻntagiga soldi.
– Ana shunaqa, opam, xatga tushding, oʻtga tushding, – dedi u senlab. – Savodingga daliliy ashyo boʻlib turadi bizda. Maʼqulmi?
Sojidaning iyagi pastga tushib, ogʻzi ochilgan, yuzi soʻlib, oʻzi ham ancha oriqlab qolgandek edi.
– Yaxshi emas, odamni bunaqa toptash, – dedi u qiynalib. – Yana ayol kishini.
– Ey, menga qara, nima, belingdan quchoqlab, bagʻrimga bosyapmanmi seni? Ayolman, deysan. Menga ayolliging oʻtmaydi. Men uchun korrektorsan, tamom, xat-savodingni soʻrayapman, tushunarlimi? Oʻzingning oʻrningni bilib, aytilgan ishni qilib yurgin, maʼqulmi? Osmonga chiqib ketma. Boʻlmasa, – Umarov orqasidagi seyfga ishora qildi, – joning mening qoʻlimda. Endi, bor, bugun bu yerda arillab yurma, boshim ogʻriyapti deysanmi, qon bosimimi, bir-ikki kun qorangni oʻchir-da, bulitin qil, keyin hech narsa boʻlmaganday yana yuraver. Boʻldimi? Joʻna!
Surayyo nozikkina koʻringani bilan zanjirday pishiq, muloyim qoʻllarida yashirin bir kuch bor edi.
– Boʻyningiz qotib ketibdi oʻzi ham. Bir alpozda oʻtiravergandan keyin…
– Ish shu-da, – dedi Abduzafar aka.
Oʻylab qarasa, shunday-ey: ishga keladi, oʻtiradi, majlisga boradi, oʻtiradi, uyga boradi, oʻtiradi, qayerga bormasin, oʻtiradi, uyquga yotmaguncha, kunni oʻtirib oʻtkazadi. Butun umrini oʻtirib oʻtkazadi shekilli. Boshqa nima ham qilsin?
– Boshingizning tepasi ancha ochilib qolibdi, – dedi Surayyo yana.
– Tepakalingiz demoqchimisan?
– Endi-da…
– Aytaver. Endi yigit boʻlar edikmi? Yosh qaytgandan keyin soch oqaradi, tepakal ochiladi.
Surayyo indamadi, odatdagidek “Yoʻq, Zafarjon aka, hali yoshsiz”, demadi, Abduzafar akaning oʻziga oʻzi oʻqigan hukmiga sukut bilan rozilik bildirdi.
– Nima choy ichgan eding?
Surayyo birdan hushyor tortdi.
– Nima edi, Zafarjon aka? Joʻn, hind choyi, popuk bilan.
– Nafasingdan gul isi kelyapti. – Abduzafar aka koʻzini yumib hidladi, yana Surayyoga qaradi. – Ha, bir gulning isi.
Surayyoning yuzi zumda gul-gul ochilib, koʻzlari porlab ketdi. Boshqalardan uncha ajralib turmaydigan bu oddiy juvon baʼzan bir zumda yumuq gʻunchadan shunday chiroyli gulga aylanib ketar ediki, unga qarab oʻtirgan odam hayratdan yoqa ushlardi. Abduzafar aka uning bunday oʻzgarishlarini koʻp koʻrgan, lekin hozir Surayyo faqat chiroyli emas, qanaqadir balandlab ham ketgandek edi.
– Sheʼrni shunaqa yozadilar-da, a? – deb soʻradi yana Surayyo.
Abduzafar aka tushunmadi.
– Qanaqa sheʼrni? Nima deyapsan?
Surayyo Abduzafar akaga xayolchan qaradi, keyin derazaga tomon tikildi.
– Shoirlarni aytaman-da. Gapni odamga yoqadigan, chiroyli aytish uchun sheʼrga solishadi-da. Mana, sendan gul isi kelyapti, dedingiz. Men rosa quvonib ketdim. Shu sheʼr boʻlsa kerak-da. Boʻlmasa, nimaga yozishadi.
Abduzafar aka hayron boʻldi. Bugun Turdiali birovining shunaqa sheʼrini aytgan edimi, “Men nega yozaman?” degan.
– Ha, rostdan, nega sheʼr qilib yozadi? Shuni toʻgʻri aytib qoʻya qolsa boʻlmaydimi? Shap-shap deguncha shaftoli de-da, qoʻy.
– Chiroyli qilib aytish kerak-da, – dedi Surayyo xayolchan. – Hamma narsaning ham faqat oʻzini aytaversa, qizigʻi qolmaydi. Mana, yaxshi koʻraman, deydi. Gul ham beradi-ku, boʻlmasa gul nimaga kerak?
– Ha, – dedi Abduzafar aka ham oʻylanib – Gul… qiziq lekin.
Bugun umuman yoshlardan gʻalati-gʻalati gaplar chiqayapti.
Surayyoning bidir-bidir gapirgisi kelayotgan edi.
– Gulni hech narsaga ishlatib boʻlmaydi, faqat chiroyli. Yaxshi koʻrganining qoʻlidan tortib olib ketaversa ham boʻladi, lekin gul beradi, gul bilan koʻnglini oladi. Sheʼr ham shu-da, Zafarjon aka?
Abduzafar aka kiftini qisdi.
– Shunaqa… boʻlsa kerak, – dedi u boshqa nima deyishni bilmay.
– Bizlarning erlarga oʻxshab: “Xotin, boʻldi, oʻchir chiroqni, yot oldimga kelib”, deb boʻkirmasdan, “jonim, gulim” deb qofiya qiladi, koʻngilni ovlaydi. Ana shunga yozadi. Toʻgʻrimi, Zafarjon aka?
Abduzafar aka indamay kuldi.
– Shunday, – dedi Surayyo oʻziga ishonch bilan.
– Ha, Vatan, partiya, dohiy mavzulari bor, ular muqaddas, – deb qoʻydi Abduzafar aka.
– Men u tomonini tushunmayman, – dedi Surayyo. – Karpat togʻlaridan Kamchatkagacha deb yozishadi, bizlar oʻzimizning Samarqandni ham koʻrganimiz yoʻq. Men odamga nima kerakligini aytyapman.
– Mayli, bu gapni qoʻy. Nima, senga yozib berishsinmi? Aytaman, – dedi Abduzafar aka. – Otingni qofiya qilib yo ichiga qoʻyib, zoʻr yozib berishadi.
– Kim?
– Mana, Turdiali bor.
– Yoʻq, koʻp gapi bachkana. Sheʼri ham shunaqadir-da.
– Boʻlmasa, kim? Aʼlammi?
Surayyo oʻylanib qoldi. Abduzafar akaning rashki uygʻondi.
– Yoʻq, – dedi Surayyo. – Aytib yozdirganning nima foydasi bor. Oʻzining koʻnglidan chiqarib, siz aytmay atab yozsa ekan, unda boshqa gap.
– Siz unaqa chuqur nafas olmang-da, mana, sekin havo yuting, xuddi nafas olmayotganday, – deb Turdiali nafasni qanday olishni koʻrsatib berdi.
Irinaning qimirlamay qarab turishidan shunday qilayotgani koʻrinib turar edi. Xosiyat Aʼlamga tikildi. Aʼlam kuldi.
– Balki umuman nafas olmaslik kerakdir?
– Yoʻq, nafas olmasa boʻlmaydi, – dedi Turdiali soddalik bilan. – Lekin men aytganday qiling, koʻrasiz, foydasi bor. Aytyapman-ku, qarab turgan odam ham nafas olyapsizmi, yoʻqmi, bilmasin. Keyin oʻzingizga ham bilinmay ketadi.
– Turdiali, oʻzingiz ishonasizmi shunga?
– Juda qiziq odamsiz-ey. Nimaga ishonmayman? Mana, oldingiz-da oʻtiribman-ku, sizga oʻxshab qiynalmayman, yashab yuribman. Yo dod solganimni koʻrdingizmi?
– Yoʻq, joʻra, yo hammani ahmoq qilyapsiz, yo sizda hid bilish tuygʻulari oʻlgan, – dedi Aʼlam.
– Oʻzingizda kurashchanlik yoʻq, doʻstim. Odam har qanday sharoitga koʻnikishi kerak, – dedi Turdiali.
Aʼlam birdan jahl bilan gapirishga tushdi.
– Lekin bunaqa sassiqqa emas. Bu sassiq odamni haqoratlaydi, yerga uradi. Insonlik qadrini oyogʻosti qiladi. Nima uchun hech bir aybim boʻlmagan holda, shuncha vaqtdan beri oʻpkam teshilib sassiq havodan nafas olishim kerak? Qaysi gunohimga? Oʻzi nimaga sizlarga arz qilib oʻtiribman?..
Aʼlam birdan indamay qoldi. Xosiyat biqinini ushlab bukchayib oldi, Irina uning yoniga shoshildi.
Bugun ham oʻtdi-ey. Hech bir ish qilingani yoʻq, lekin asabbozlik bir dunyo. Yoʻq yerdan yoʻq xavotir, boʻlmagʻur tashvishlar. Shunga qancha odam xafa, qanchasi bezovta. Odamning hayoti shunaqa maydami, a? Kun ketidan kun oʻtadi, tashvishing borgan sari ziyoda, qilgan ishingning tayini yoʻq, Ertalab, nima ekan, deb hovliqavermay, tinchgina kutsa, u yoqdan nimaligi maʼlum boʻlar, bu yoqdan bunisi oʻz oyogʻi bilan kelib, koʻmir tushirganini aytar ekan-ku. Tamom, vassalom. Shuncha vahima, asabbozlik bekorga. Mana, odam umrini nimaga behudaga sarflaydi.
Abduzafar akaning dolonga chiqib, oyoqlarining chigilini yozgisi keldi, u haligacha dolonga chiqmaganini, chiqqan boʻlsa ham, bemalol yurib kelmaganini esladi. Lekin shu payti qogʻoz teztikkichni koʻksiga mahkam bosib, Surayyo kirdi. Abduzafar aka nimadir yuz berganini angladi.
Surayyo teztikkichning ichidan bir varaq qogʻozni yuzaga olib, teztikkichni Abduzafar akaning oldiga qoʻydi.
– Mana, arizasi.
Abduzafar akaning yuragi shuvillab ketdi.
– Kim? – dedi u kimligini oʻqib turgan boʻlsa ham.
– Aʼlam Kamolov.
– Bunaqa gap yoʻq edi-ku. Nima boʻlibdi ekan?
Surayyo yelkasini qisdi.
– Bilmadim. Men bu yerda vaqtim, Turdialiga berib qoʻyasan, deb beribdi-da, oʻzi surib yuboribdi. Narsalarini ham yigʻishtirib ketgan.
– Kim xafa qildi ekan? – deb oʻylandi Abduzafar aka.
– Oʻzini birovga xafa qildirib qoʻyadigan emas u, – dedi Surayyo.
– Qizigʻ-u. Xoʻp, Turdialini ayt, kirsin.
– Bunaqa gap yoʻq edi, Abduzafar aka. Birdan ariza yozdi-da, ketdi-bordi. E-e, rosa gapirdim, qulogʻiga kirmadi, bu yerda ishlamayman, tamom, deydi. Men avval Sojida opaga achchiq qilyapti deb oʻyladim.
– Nimaga Sojida?
– Ey-y, bu opa ham olkish desa tappa talaydi. Lekin bunga emas. Shu, chidamayman, deydi. Chidagan chidayversin, men emas, deydi. A shuncha odam ishlayapti, ulardan nimang ortiq, desam, unda men odam emas ekanman, deydi.
– Nima ekan boʻlmasa?
– Shu sassiqqa chidamas emish-da?
– Qanaqa sassiqqa?
– Mana shu, boʻyoq isiga. Hamma yoq sasib ketgan, bu havodan nafas olmayman endi, deydi. Tamakining tutuni mayli, boʻyoq isi boʻlmaydimi? Shuncha odam chidab yuribmiz, sen nima, osmondan oyogʻingni osiltirib tushdingmi, oksuyakmisan…
– Turdiali, oʻzingizdan qoʻshmang. Bor gapni ayting: kimdan norozi?
Turdiali dum-dumaloq koʻzlarini Abduzafar akaga toʻgʻri qadadi.
– Shu… koʻmir tushirishi kerak emas edi-da.
Abduzafar aka ajablandi.
– Nimaga? Koʻmir tushirasan deb biz azobladikmi? Nima deb galdiraklaysiz?
– Abduzafar aka, ertalab aytdim-ku sizga, men bularga doʻst emasman, deb. Bular, bilasizmi, qanday aytsam, dunyoni oʻylamaydigan odamlar, bir quchoq kitob, toʻrt quti sigaret boʻlsa boʻldi. Mana, Aʼlam, turgan joyini kitobga toʻldirgan, bilasiz-a, kitobning ham chayqov bozori bor, oʻsha yerda ham bu oshnalar orttirgan, qishni oʻtkazish masala boʻlib turgan edi, bugun koʻmirni tushirib oldi. Muammo yoʻq.
– Markazkomga bormadimi?
– Borib pulini toʻlab, kvitansiyasini olib keldi. Opaning oʻzlarining oldiga kirmabdi. Zaril ishim boʻlmasa, nima qilaman vaqtlarini olib deydi.
– Kirmagani ham yaxshi boʻlibdi, – deb ovozini chiqarib oʻyladi Abduzafar aka.
– Nimaga? Rahmat aytib qoʻysa boʻladi-ku?
– Arizasini qaytarib oladimi?
– Yoʻ-oʻq, – deb boshini chayqadi Turdiali… – Hech ham. Bilaman-da. Endi qaytmaydi. Endi sira qaytmaydi. Bular shunaqa.
Abduzafar akaning dolonga chiqqisi keldi. Uning kabineti koʻcha tomonda, shuvillab oʻtib turgan avtolar oqimining tepasida joylashgan boʻlsa-da, bu yerda ham boʻyoq isi qamalgan, kirib-chiqib yurganga uncha bilinmagani bilan harakatsiz oʻtirgan odamga ancha taʼsir etar, eʼtibor qilganda esa diqqatni oshirib yuborar edi. Shu vaqti yana Vaziraning gʻayrati kelib qolganini qarang, mashinkaning chiqillashi dermantin qoplangan eshikdan oʻtib kelib, quloqni teshib yuboray deydi-ya.
Abduzafar aka sekin dolonga chiqdi. Vazira u chiqqan payti mashinka qilishni bir muddat toʻxtatdi-yu, orqasidan yana chiqillatishga tushdi. Dolonda hech kim koʻrinmadi. Lekin nimagadir Abduzafar aka hozir dolonda odamlarning yurishini istayotganini angladi. Ha, oʻrtadagi anavi ustunning yonida Aʼlam tutatib turgan boʻlar edi. Hozir yoʻq. Maza-ya shularniki, xohlasa ishlaydi, xohlamasa – yoʻq. Bemalol boʻshab ketaveradi. Yuqoridan ruxsat ham soʻrab oʻtirmaydi! Ushlab turadigan hech narsasi yoʻq. Partiyasiz. Qishi bilan oʻqiydi, yozadi, yotadi, bitta qorin boʻlsa, toʻyadi-da.
Abduzafar aka qoʻlini orqaga qildi, uch-toʻrt qadam yurib sekin “hu-ush-sh” deb hushtagini boshladi, lekin oʻxshamadi, lablari qovushmay, hushtak oʻrniga qandaydir vishillagan tovush keldi, allanechuk ayanchli. Hatto Surayyoning yugurib chiqib, “Voy, Zafarjon aka. Sizga nima boʻldi, odamni izza torttirmang. Shu vishillashingizni kabinetingizda qiling”, deb yigʻlamsirab qarab turishi koʻz oldiga kelib, koʻngli bir turli boʻlib ketdi.
Xudoga shukr!
2007 y.
Ahmad AʼZAM
“Yoshlik”, 2011 yil, 1-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/hali-hayot-bor/