Badiiy asarda buyuk inson siymosi

Oʻzbek adabiyotining tarixi, buguni va kelajagi xususida soʻz yuritar ekanmiz, koʻz oldimizda beixtiyor buyuk Alisher Navoiy siymosi gavdalanadi. Nafaqat adabiyot, balki butun bir millat qiyofasi Alisher Navoiy dahosi orqali namoyon boʻladi. Shu sababdan ham Navoiyni anglash, uning adabiy-badiiy merosidan bahramand boʻlish har bir insonning ham koʻngil orzusi, ham maʼnaviy ehtiyojiga aylangan. Shu bilan birga buyuk shoir, mutafakkir ijodini oʻrganish, tadqiq etish orqali oʻzbek adabiyotining taraqqiyot tamoyillari, uning sarchashmalari, oʻziga xos xususiyatlarini ochib beriladi. Boz taʼkidlash oʻrinliki, bu masala bugungi kunda ham adabiyotshunoslikning dolzarb masalalaridan boʻlib turibdi. Alhol, nafaqat Respublikamiz adabiyotshunoslari, balki butun dunyoning yetuk mutaxassislari badiiy soʻz buyukligini anglash, eʼtirof etish maqsadida Navoiy dahosiga, uning oʻlmas ijodiga qayta va qayta murojaat etishmoqda. “Navoiyshunos olimlar,” degan eʼtirof yuzaga kelishining oʻzi ham mutafakkir shoirimizning nechogʻlik koʻlamli ekanligini anglatadi.

Shu bilan birga koʻplab adiblar buyuk Navoiy siymosini oʻz asarlarida badiiy talqin etganlar. Alisher Navoiydek daho shaxsiyatining badiiy talqiniga bagʻishlab adabiyotda turli xil janrlarda koʻplab asarlar yaratildi. Alisher Navoiy shoir, mutafakkir, davlat arbobi sifatida yorqin ranglar bilan tasvirlandi. Oybekning “Navoiy” romani, Uygʻun va I. Sultonning “Alisher Navoiy” dramasi bunga misol boʻla oladi. Navoiyning badiiy siymosi yozuvchi Omon Muxtor qalamiga mansub “Ishq ahli” romanida ham oʻz aksini topgan.

Omon Muxtor Navoiy haqida oʻzigacha yaratilgan asarlardan farqli shoir obrazini badiiy-ilmiy mujassamlantiradi. Bunda, tabiiyki, adib ustoz ijodkorlar uslubini takrorlamaslik, ularga taqlid qilmaslikka intilgan. Yozuvchi Navoiy ijodidan goʻzal maʼnolar topgan.

“Ishq ahli” romaniga xos xususiyat – uning daftardagi bitiklar tarzida besh daftardan iborat Navoiy hayotiga oid bitiklari hamda Barno va Odil munosabatlarini oʻz ichiga olgan xatlar majmuidir. Bitiklar muallif-roviyning bilvosita bayoni va tahlili hamda badiiy qahramonlarning bilvosita namoyon boʻlishi, hamda nutqidan tashkil topgan. Qahramonlarning xatlari orqali muloqoti esa adabiyotda zuhur boʻlgan epistolyar janr imkoniyatlarini namoyon qilgan.

Roman Odilning Barnoga yoʻllagan maktubi bilan boshlanadi. Unda rassom Abulxayr Navoiy siymosini mujassamlashtirmoqchi boʻlganiga turtki beriladi va rassomning daftarlaridagi bitiklar ilova qilinadi.

Birinchi daftarning ilk satrlarida yoziladi:

“Bolaligimda, sandalda yonma-yon oʻtirib, buvim menga Mir Alisher gʻazallarini oʻqib bergan, ajib rivoyatlar soʻzlagan edi. Shundan buyon Hazratning boʻy-bastini koʻrgim keladi. Izlanaman. Lekin, bundan qachondir biron natija chiqadimi, yoʻqmi, bilmayman.

Yoshim oltmishga yaqinlashdi.

Shoirning butun umri!

Oʻzimni togʻ etagidagi chumolidek sezmoqdaman.”

Romanning nihoyasi, yaʼni beshinchi daftarda bitiladi:

“Xudoga shukr! Izlanishlarim nihoyasiga yetgandek.

Men uni tasvirlayman, albatta. Lekin…

Cheksiz Osmonni koʻrgandek boʻldim.

Cheksiz Ummon yoqasiga borib qoldim.

Bu “yuk” bilan dunyoda endi qanday yashayman”.

Eʼtibor bersak, “Ishq ahli”da Odil tomonidan Barnoga joʻnatilgan Abulxayrning daftarlari bilan bogʻliq tafsilotlar oʻziga xos qoliplovchi hikoya. Barno – fikr-mulohazali qiz. Ayni paytda, u shu xislatlarga ega har bir kitobxonga murojaat qilish vositasi hamdir. Muallif va kitobxon oʻrtasidagi jonli muloqotni taʼminlab turadi. Odil kundaliklarni joʻnatayotgan Barno nosrning badiiy tafakkuridagi har kuni bir qirrasi ochilib, yangidan kashf etilayotgan muhabbatning timsoli. Mushkullarni yenga olishida unga qalbida yashayotgan muhabbat tayanch boʻlganligiga ishora, ezgu insonlar bilan ruhiy yaqinlik timsoli. Oʻtgan yillar davomida oʻz yoʻlini qidirib, izlanib, oʻzgarib, oʻzlikni anglab borishi uchun koʻmakdosh. Shu maʼnoda Abulxayrning daftarlari ham aslida Omon Muxtorning badiiy tafakkuri hosilasidir.

Romanda Husayn Boyqaroning qishda Navoiy qabrini ziyorat qilishi kabi yorqin manzaralar chizilgan boʻlib, bu tasvirlar asar badiiy ranglarini yanada oydinlashtiradi, shu bilan birga adibning ayrim mulohazalariyu mushohadalariga xos teran mazmundorlik asarga falsafiy-psixologik ruh bagʻishlaydi, voqealar tasviri va psixologik tahlil mutanosib holda uygʻun qoʻllanilgani ham yozuvchining badiiy mahoratini koʻrsatadi. Romanda Sulton Husaynning Alisher qabrini ziyorat qilishi, bizningcha, rivoyat adabiyotdagi gʻoyatda noziklikni his etish kerakligini alohida taʼkidlash uchun keltirilgan. Husayn xotiralaridagi bolalikka talpinib, Dehlaviy nazokatini, Lutfiy hayratini, Navoiy xushholligining boisini eʼtirof etadi. Ruhiy holatlarni ilgʻay oladi. Muallif Abulxayrni “kuchga toʻlib, yashargan” holatda koʻrmoqni istaydi. Zero, buyuk ajdodlar ruhi madadkor kuchga ega deb biladi. Akademik M. Qoʻshjonov “Ishq ahli” asarini Omon Muxtorning Navoiyga bagʻishlangan romani faqat navoiyshunoslik, navoiyxonlik olamida oʻziga xos badiiy tajriba boʻlmay, balki oʻzbek adabiyotining taraqqiyotida koʻzga tashlanadigan muhim yangilikdir”, – deb baholar ekan, tabiiyki birinchi navbatda romanning poetik mohiyatini nazarda tutgan.

“Ishq ahli”dagi Odil va Abulxayrga taalluqli tafsilotlar asarda muallif asarga olib kirgan asosiy gʻoya – Navoiy nazmi, shoirning shaxs, inson sifatida talqin etilishiga qoliplovchi va yoʻllovchi vosita vazifasini taʼminlaydi. Voqealar va xarakterlar tasviri sinkretik uslubda berilgan boʻlib ularning asardagi mutanosibligini taʼminlaydi. Shu bilan birga asar Navoiyning ijod psixologiyasini ochib berishga bagʻishlangandir. Bu esa asarning syujetida ham namoyon boʻlgan. “Ishq ahli”da ham hozirgi asarlar syujetida koʻzga tashlanib turadigan bir muhim xususiyat – assotsiativlik mavjuddir. Asarda subʼyektiv omillarning kuchayishi shaxsning ichki olami, fikr-oʻylari dunyosiga eʼtiborni kuchaytirgan, asosiy diqkat uning qalb dialektikasiga qaratilib, anʼanaviy tamoyilga xos hayot hodisalarini zamonda sababiy ketma-ketlikda joylashtirish oʻrniga qahramon xotiralarida jonlangan voqealar egallagan. Boshqacha aytganda, epik voqealar ichki hissiy jarayonlar hisobiga yanada boyigan.

Alisher Navoiydek shaxs siymosini yaratish yozuvchi Omon Muxtorning ruhiy ehtiyojiga aylangan. U ongu tasavvuri, idrok hayratdanishidan tugʻilgan oʻta nozik, yorqin mayllarni oʻz tabiati, isteʼdod yoʻnalishiga mos, xayolotini toʻlaroq namoyon etadigan uslubda tasvirlashga uringan. “Ishq ahli”da oʻziga xos ifoda. ohang, tuygʻu va ranglar tovlanishi muallifning epik bayon tarzi, xarakter yorqinligi bilan ajralib turadi. Tasvir his-tuygʻular olamidan tasavvurlar tomon yoʻnaltirilar ekan, Sharq hayoti, madaniyati va odob-andisha doirasida fikrlash oddiy holatlarda ham teran hayotiy maʼno kasb etgan. Tafakkurida yashab kelayotgan ruhiy voqelikni soʻzlab berishga uringan. Omon Muxtor talqini yangicha tafakkur – tadqiqot va tahlil orqali kechadi. Inson hayoti va kechmishi asarda ong va ruhiyati orqali tasvirlanadi.

“Ishq ahli”da yozuvchi tasavvuridagi Navoiyni anglashi shoir gʻazallari quyidagi tartibda berilgan: Ishq va Zuhd ahli orasida parishon yoki ezgin turishlik; shunchaki bir jaydari odam sifatida yashashni istab qolish; dunyo tashvishlarini unutishni ixtiyor etish; ovunish ilinjida boʻlish; gʻoyatda toliqqan, ruhan ezilish; oʻz-oʻzidan xijolat chekish; ogʻrinish va hamdardlik; yolgʻizlik, hijron, sogʻinch va umidvorlik; javobgarlik, ishonch; oʻn sakkiz ming olam hayrati; ogohliqdan maqsadlariga kuch, faoliyatiga shiddat olish; shukronalik, qismatga rizolik va sabr-qanoatlilik; mehr-shafqatlilik, gʻamgusorlik; samimiy doʻstlik va sadoqat; insonparvarlik va xalqchillik.

Asarda Navoiyning oʻy-xotiralari, muhokama-mulohazalari, tugʻyonlari orqali borliq va inson, moddiy va maʼnaviy qimmatlar tahlil etiladi va baholanadi. Zuhd va Ishq ahli haqidagi qarashlar esa adabiy-falsafiy konsepsiyani ifodalashning shartli vositasi bajargan, desak toʻgʻri boʻladi. Insonning ruhi va tafakkurida kechgan jarayonlar Navoiy obrazi orqali inkishof etiladi. Romanda inson takdiri va qismati orqali uning botiniy olamini aks ettirish orqali jamiyat qiyofasi hamda ruhini namoyon etish, insonda masʼullik tushunchasini kuchaytirishga intilish kuzatiladi. Badiiy-siyosiy gʻoyani falsafiy idrok etish, talqin qilish asarning asosiy gʻoyasi – jamiyat ruhiyati, tarix va qismat talqini buyuk inson, shoir va mutafakkir Navoiy obrazi orqali yuzaga chiqarilgan.

 

Shahribonu DAVRONOVA,

Jizzax Davlat pedagogika instituti talabasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 7–8-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/badiiy-asarda-buyuk-inson-siymosi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x