Yozuvchilik mashaqqati

Jahon adabiyotining yirik namoyandasi, Nobel mukofoti sovrindori (1958), “Alvido, qurol!”, “Chol va dengiz” singari oʻlmas asarlar muallifi Ernest Xeminguey(1899–1961)ning hayot yoʻli, qizgʻin ijodiy faoliyati hozirgi kunga qadar yosh ijodkorlarning bir necha avlodi uchun eskirmaydigan ulkan tajriba va ibrat maktabi boʻlib kelmoqda. “Yozuvchi kishi, – degandi ulugʻ adib, – insoniyatning goʻzal va dorilomon kelajagi uchun nainki oʻz badiiy asarlari, balki ijtimoiy masʼul shaxs sifatidagi ezgu ishlari va amallari, qizgʻin fuqarolik pozitsiyasi bilan ham faol ishtirok etishi kerak.”

Ulugʻ yozuvchidan bebaho adabiy meros yodgorlik qoldi. Uning eng katta romandan tortib qissa va hikoyalarigacha, esdaliklar yo safarnoma deysizmi, oddiy reportaj yo gazeta xabarigacha – buyuk adibning beorom qalbi, uygʻoq va bezovta vijdonidan dalolat beradi.

Aziz oʻquvchilarimiz hukmiga havola etilayotgan “Yozuvchilik mashaqqati” – adibning Amerikaning Aydaxo shtati maʼmuriy markazi hisoblanmish Xeyli shahri yoshlari bilan boʻlgan jonli suhbatidir. Mazkur suhbatning toʻliq matni 1960 yilda – yozuvchining fojiali oʻlimidan bir yil oldin “Zis uik” gazetasida chop etilgan.

 

Savol: – Janob Xeminguey, Siz qanday qilib yozishni boshlagansiz?

Javob: – Men hamisha yozishga harakat qilganman. Bu ishni maktab gazetasida mayda xabarlardan boshlaganman. Mening birinchi mustaqil ishim ham jurnalistika bilan bogʻliq edi. Oʻrta maktabni bitirganimdan keyin Kanzas-Sitiga borib, “Star” gazetasiga xodim boʻlib ishga kirdim. Bu oddiy muxbirlik ishi edi. Kim kimni otib oʻldirdi? Kim va aynan qayerda oʻgʻirlik qildiyu nimani oʻmardi? Qachon? Qayerda? Qanday holatda? Bu voqealarni keltirib chiqargan sabablar nimada – bular haqda biz hech qachon hech nima yozmaganmiz.

Savol: – “Bong kimni yoʻqlaydi” romaningiz haqida soʻramoqchi edim. Ispaniyada boʻlganingizdan xabarimiz bor. U yerda nima qilgansiz? Nimalar bilan shugʻullangansiz?

Javob: – Men u yerga Shimoliy Amerika gazetachilik birlashmasining muxbiri sifatida grajdanlar urushini oʻz koʻzim bilan koʻrib yozish uchun borganman. Bundan tashqari respublikachilar uchun bir nechta sanitar mashinalarini yetkazib berish ishiga ham bosh-qosh boʻlganman.

Savol: – Biror kitobni, deylik “Chol va dengiz”ni yozmoqqa kirishganingizda, uning gʻoyasi Sizda qay tarzda paydo boʻladi?

Javob: – Men dengizda ulkan nahangbaliq bilan shunaqa sarguzashtga duchor boʻlgan kishi haqida eshitgan edim. U dengizda baliq bilan olishayotgan chogʻida kemada roʻy bergan voqealar haqida menga gapirib berishuvdi. Va men oʻzim yaxshi biladigan, yigirma yillardan buyon taniydiganim – shunday odamni timsol qilib oldim-da, oʻsha baliqchining oʻrniga ayni shu odamni qoʻyib koʻrdim.

Savol: – Siz oʻz yoʻlingiz, oʻzingizga xos uslubingizni qanday yaratgansiz? Tijoriy muvaffaqiyat, yaʼni asarlaringizning koʻpmillionli kitobxonlar oʻrtasida bozori chaqqon boʻlishi haqda ham hech oʻylaganmisiz?

Javob: – Men hayotni oʻz boricha, qanday boʻlsa shundayligicha, bor boʻy-basti bilan imkoni boricha toʻliq-tugal ifodalashga harakat qilganman. Ayrim hollarda bu juda ham qiyin kechdi. Rosti gap, men toʻgʻri ham yozmaganman, qingʻir-qiyshiq, poyintar-soyintar deganday. Qiziq-da, mana shu pala-partish sernuqson bitiklarimni keyin mening oʻzimga xos takrorlanmas uslubim deb atashdi. Mening butun xatolarimu notoʻkis yozuvlarimni darhol, juda oson ilgʻash mumkin. Biroq nima deysiz, xuddi shu kam-koʻstlarimni mening uslubim deya eʼtirof etishsa qiziq tuyularkan.

Savol: – Bir kitobni yozib bitkazish uchun Sizga qancha vaqt kerak boʻladi?

Javob: – Bu – kitobning qandayligiyu ishning qanday borishiga bogʻliq. Yaxshi kitob taxminan bir yarim yilcha muddatda yoziladi.

Savol: – Bir kunda Siz yozuv-chizuv uchun qancha vaqt sarflaysiz?

Javob: – Men ertalab oltida turib ishga oʻtiraman, soat oʻn ikkigacha ishlab, undan soʻng boshqa yumushlar bilan shugʻullanaman.

Savol: – Soat tungi oʻn ikkigachami?

Javob: – Yoʻq, kunduzgi oʻn ikkigacha.

Savol: – Ishingiz yurishmagan, omadsizlikka uchragan paytlaringiz ham koʻp boʻlganmi?

Javob: – Qalam qogʻoz uzra qitirlamas ekan, yozuvchi odam omadsizlikka har kuni duch kelishi mumkin. Ilk marotaba yozishni boshlagan chogʻlaringdagina, faqat shu holatdagina omadsizlik boʻlmasligi mumkin. Shunday paytdagina barcha yozganlaring koʻzingga juda goʻzal tuyulib, oʻzingga oʻzing juda zoʻr koʻrinib ketasan. Yozish, xuddiki juda yengil, joʻn ishday va bu yumushni qoyilmaqom qilib bajarayotganingdan astoydil rohatlanib yurasan. Biroq bundoq holatda oʻquvchini emas, oʻzingni oʻylaysan. Unga, oʻquvchiga sening yozganlaring taʼsir etdimi, oʻquvchi yozgan asaringdan biror qoniqish hosil qildimi – bu bilan ishing boʻlmaydi. Keyinroq oʻquvchi uchun, aynan kitobxonni oʻylab yoza boshlaganingdan soʻngra yozuvchilik ishi naqadar ogʻirligini, uning bor mehnatu mashaqqatini astoydil anglab yetasan. Alal oxir, qogʻozga tushgan har bir narsangdan qalb va xotiringda bu asarni yozish naqadar ogʻir kechganini eslatib turuvchi birgina horgʻin tuygʻu qoladi.

Savol: – Endi yozishni boshlagan yoshlik chogʻlaringizda tanqiddan qoʻrqqanmisiz?

Javob: – Qoʻrqadigan joyim yoʻq edi. Avvaliga men oʻz yozganlarimdan sariq chaqa ham foyda koʻrmaganman. Bor-yoʻgʻi eplaganimcha, qoʻlimdan kelgancha yozganman, xolos. Qanday yozish kerak boʻlsa, shunday yozayotganimdan koʻnglim toʻq, ishonchim qatʼiy edi. Mabodo kimgadir mening asarlarim yoqmayotgan boʻlsa, menga buning daxli ham, ahamiyati ham yoʻq edi. Mening kitoblarim vaqti-soati kelib oʻz munosib baholovchilarini ham, bahosini ham topishiga ishonchim komil edi. Kim nima deydi, tanqid va munaqqidlar meni umuman qiziqtirmas, men ular bilan deyarli toʻqnash kelmasdim. Adabiyot dargohiga ilk qadamlaringni tashlar ekansan, senga eʼtibor berishmaydi, borligingni sezishmaydi ham. Boshlovchi adiblarning baxtu tolei ham shunda.

Savol: – Omadingiz yurishmasligini, asaringiz muvaffaqiyatsizlikka uchrashini oʻzingiz ham hech oldindan sezgan holatlar boʻlganmi?

Javob: – Buni oldindan sezadigan boʻlsangiz, omadsizlikka uchrashingiz muqarrar. Albatta, bunga ham tayyor turishing, asaring kasodga uchragan taqdirda nima boʻlishi xususida ham oʻylab koʻrmogʻing kerak boʻladi. Shunday qilgandagina omadsizlikni chetlab oʻtish mumkin. Biroq har qanday ishda ham, uni bajarmoqqa kirisharkansan, odatda ishim yurishmaydi, deya bemahal xulosa chiqarish yaramaydi.

Savol: – Siz yozgan yoki yozmoqchi boʻlgan asarlar uchun har xil tahdid yoinki qoʻrqitishlar ham boʻlganmi?

Javob: – Sekin aytasizmi, albatta-da, kitoblarim chiqqandan keyin bir necha marotaba meni oʻldirib ketamiz degan doʻq-poʻpisalar boʻlgan.

Savol: – Yozilajak kitobingizning toʻliq rejasini avvaldan tuzib olasizmi yoki ayrim chizgilar bilan cheklanasizmi?

Javob: – Unisiyam, bunisiyam emas, men toʻppadan toʻgʻri yoza boshlayman. Bor gap shu. Badiiy asar – bu sendagi bor bilimlar asosida vujudga keladigan fantaziyadir. Yaxshilab oʻylab, pishitib, maromiga yetkazib yozsang – xotirangdagi gaplarni tiklab, qoʻshib-chatganingdan koʻra ishonchliroq chiqadi. Agarda oldi-qochdi ishqibozlari boʻlmish voqeanavislar oʻz vaqtida badiiy adabiyot bilan shugʻullanmaganida edi, ulardan aʼlo darajadagi lofchilar chiqqan boʻlardi.

Savol: – Shu paytgacha nechta kitob yozdingiz?

Javob: – Oʻn uchta boʻlsa kerak. Bu uncha ham koʻp emas. Biroq men har bir kitob ustida uzoq muddat ishlashga oʻrganganman. Boz ustiga, men uzluksiz, muttasil yozuv-chizuv bilangina band boʻlmay, ishni kelgan joyida shartta toʻxtataman-da, jonimning rohati uchun ham boshqa biror yoqimliroq yumush bilan mashgʻul boʻlaman.

Bundan tashqari, urush juda koʻp boʻldi, harbu zarblar choʻzilib ketdi, shu sababdan uzoq vaqt adabiy mashgʻulotlardan kechishimga toʻgʻri keldi…

Savol: – Endi siz yozgan “Alvido, qurol!” kitobingiz haqida. Ushbu asarni yozishingiz uchun oymi, yilmi – qancha vaqt sarfladingiz?

Javob: – Men bu kitobni qish pallasi Parijda yoza boshlab, erta bahor kirganda Kubada, keyin Floridaning Ki-Ueste shahrida, undan soʻng Arkanzas shtatining Pigota kentida davom ettirganman. Qaynonam bilan qaynotam oʻsha paytda shu yerda istiqomat qilishardi. Keyinroq biz Kanzas-Sitiga koʻchib oʻtdik. Oʻgʻillarimdan biri ham shu yerda dunyoga keldi. Romanni ayni kuz pallasi Vayoming shtatining Bigxorn shahrida nihoyasiga yetkazdim. Uning birinchi nusxasini qogʻozga tushirishga sakkiz oy vaqtim ketdi, yana besh oyni qaytadan koʻrib, tahrir qilib yangitdan koʻchirishga sarfladim. Hammasi boʻlib oʻn uch oy deganda soʻnggi nuqtani qoʻydim.

Savol: – Yozgan narsangizdan hafsalangiz pir boʻlib, boshlagan asaringizu yozuv-chizuvning bahridan kechgan paytlaringiz ham boʻlganmi?

Javob: – Baʼzi-baʼzida shunday boʻlgan. Qilayotgan ishimdan koʻnglim toʻlmasa-da, lekin hech qachon yozuv-chizuvni toʻxtatmaganman. Toʻxtatgan taqdirda ham, qochib qayoqqa ham borardim! Ehtimol, ishdan qochish mumkindir, biroq undan hech qayerga berkinib-yashirinib boʻlmaydi.

Savol: – Siz oʻz qahramonlaringizni nochor, ilojsiz holatlarga ham duchor qilasizmi?

Javob: – Iloji boricha shundan qochishga harakat qilaman, aks holda oʻzim noiloj ahvolda qolishim mumkin.

Savol: – Afrika haqida koʻp hikoyalar yozgansiz. Nima uchun Siz bu mintaqani buncha yaxshi koʻrasiz?

Javob: – Dunyoda shunday mamlakatlar borki sevmaslik, yaxshi koʻrmaslik aslo mumkin emas. Baʼzilariga esa umuman toqat qilolmaysan. Afrika menga juda yoqadi. Bu yerda, Aydaxo shtatida Afrika bilan Ispaniyani yodga soluvchi gʻaroyib joylar bor. Shuning uchun ham bu manzilu makonlarda juda koʻp bask qavmlari muqim oʻrnashib olgan.

Savol: – Mutolaa haqida ham gapirib bersangiz. Siz koʻp kitob oʻqiysizmi?

Javob: – Ha, oʻqiyman. Men hamisha, hamma vaqt nimanidir mutolaa qilaman. Ijodiy ish kunidan keyin yozganlarim haqida umuman oʻylagim kelmaydi. Shunday paytlarda kitob oʻqishga shoʻngʻib ketaman.

Savol: – Yozilajak asarlaringizga qahramon qilib olmoq uchun oʻzingiz toʻqnash kelgan odamlarni kuzatib oʻrganasizmi?

Javob: – Aynan shu maqsad uchungina odamlarni maxsus izlab, oʻrganishga harakat qilmayman. Qoida boʻyicha, hayot meni qayerga tashlasa, taqdir qayerni ravo koʻrsa – men oʻsha yerda hoziru nozir boʻlaman. Shunday ishlar borki, oʻzing astoydil shuni istab xohlaganing uchun bajarasan, shunaqa yumushlar ham boʻladiki, zarur-kerakligi uchungina bajarmogʻingga toʻgʻri keladi. Ikkala holatda ham hayot seni turfa odamlarga duch keltiradi. Bu insonlar keyin sening qahramonlaringga aylanadi.

Savol: – Kitoblaringiz asosida suratga olingan filmlar haqida ham fikringizni bilmoqchi edik…

Javob: – Hamisha boʻlganiday, bu filmlar kishining koʻnglini aynitadigan darajada yomon. Gollivudda yaratilgan, menga maʼqul kelgan yakkayu yagona film deb “Qotillar”ni koʻrsatishim mumkin. Suratga olish jarayonida oʻzim boshida turganim “Chol va dengiz”ni mustasno qilib aytganda, qolganlarini oxirigacha koʻrishga toqatim yetmadi.

Savol: – “Alvido, qurol!”ni yozishga Sizga nima sababchi boʻldi, qanday fikr turtki berdi?

Javob: – Italiyaga borib qolganimda men hali yosh bola edim, aynan oʻsha pallada tasira-tusur urush, harbu zarblar boshlanib ketdi. Men buning barcha dahshatlarini oʻz koʻzim bilan koʻrganman.

Savol: – Kinoga ham borib turasizmi?

Javob: – Ha, men juda koʻp kinolarni tomosha qilganman. Keyingi yilda chiqqanlaridan “Kvay daryosi koʻprigi” bilan “Dunyo boʻylab 80 kun” filmlari menga juda ham maʼqul boʻldi. “Dunyo boʻylab…” filmining voqealari avval boshda sekin va zerikarli rivojlansa-da, tomosha jarayonida bu kinoasarning kishini hayratga soladigan eng muhim jihatini yurak-yurakdan his qila boshlaysan. Yaʼni tomosha davomida bora-bora film goʻzal orzuga aylanib qolishi bilan kishini mahliyo etadi. Bunday goʻzal, betakror taassurotlarni faqatgina yaxshi filmlar uygʻotishi mumkin.

Savol: – “Alvido, qurol!” filmini ham koʻrdingizmi?

Javob: – Oxirgisinimi?

Savol: – Ha, oʻsha, Rok Xadson oʻynagan keyingi filmni-da.

Javob: – Yoʻq, koʻrmadim. Ammo menga aytishlaricha, kinochilar romanning toza rasvosini chiqarishibdi.

Savol: – Muallif sifatida Siz ularga romanni ekranlashtirish huquqi boʻyicha rozilik berganmidingiz?

Javob: – Mendan bu film boʻyicha hech kim rozilik ham, ijozat ham soʻragan emas. Qolaversa, buning uchun men hech qanaqa qalam haqi ham olgan emasman.

Savol: – Kitob yozib boʻlingandan keyin Siz uni qayta boshdan yana bir karra oʻqib chiqasizmi yo yoʻqmi?

Javob: – Xuddi shunday. Misol uchun, bugun men toʻrt bobni takroran oʻqib, qaytadan yozib-koʻchirib chiqdim. Boshida xuddi qizgʻin bahsu tortishuvda boʻlgani kabi bir jazava bilan yozib tashlaysan-da, keyin oʻzingni bosib, tinchlanib olganingdan soʻng esa bir boshdan kerakli tahrir-oʻzgartishlarni kiritib borasan.

Savol: – Ijod jarayonida, Siz odatda qancha vaqtni ish ustida oʻtkazasiz?

Javob: – Olti soatdan koʻp emas. Shuncha muddatdan keyin juda ham toliqib qolasan va tabiiyki, yomon yoza boshlaysan. Men bir kitobni yozishga kirishganimda, yakshanbadan tashqari, har kuni muttasil ishning maromini buzmaslikka harakat qilaman. Yakshanba kuni hech narsa yozmayman. Yakshanba kuni yozganlarim, yaxshi bir nima chiqaraman deb uringanlarim, baribir, foyda bermaydi. Shu boisdan yakshanba kunlari yozmay qoʻya qolaman.

1960

Ruschadan tarjima.

 

“OʻzAS”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/yozuvchilik-mashaqqati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x